Qur’oni karimning Qozon bosmasi

Ba’zi manbaalarda Volga (Idil) bulg‘orlari Islomni milodiy 922 yili qabul qilishgan, deyiladi. Aslida, dinimiz bu yerlarga avvalroq kirib kelgan, bungacha ham qator masjidlar ishlab turgan.
Islom dini yoyilishi barobarida Bulg‘or mamlakatida Qur’oni karim va uning tafsirlari ham paydo bo‘la boshlaydi. O‘sha paytda Qur’onni boshqa tillarga tarjima qilish an’anasi bo‘lmagani uchun tatarlarda uni og‘zaki tafsir va ta’vil qilish avj oldi. Turkiy xalqlar orasida ma’lum Tabariy, Abu Bakr, Abdussalom Qazviniylar tafsiri juda katta — o‘ttizdan uch yuz jildgacha bo‘lgani uchun undagi mazmun va qissalarni badiiy asar qilish ham shakllana boshladi. Rabg‘uziyning “Qisas ul-anbiyo”, Mahmud Bulg‘oriyning “Jannat eshigi”, Sayfi Saroyining “Turkiy Guliston” kabi asarlari shular jumlasidandir.
O‘n to‘qqizinchi asrga kelib, tatarlar orasidan Qur’oni karim ma’nolarini tarjima va tafsir qilgan olimlar yetishib chiqdi. Bu sohadagi ilk urinishni taniqli alloma Abdunnosir Kursaviy (1776-1812) amalga oshirdi. Hozir Qozon kutubxonalarida uning qalamiga mansub “Haftiyak tafsiri”ning toshbosma nusxalari saqlanmoqda. Tatar tarixchisi va adibi Tojiddin Yolchigul (1768-1838) ham “Haftiyak”ka tafsir yozgan. Qur’oni karimning to‘laroq tafsirini tatar tarixchisi va ilohiyotchisi Husayn Amirxonov (1814-1893) amalga oshirdi. Keyinchalik, 1910-1911 yillari tatar olimi va shoiri Muhammad Sodiq Imomqulining ikki jildli “Tashil ul-bayon fit tafsir ul-Qur’on” kitobi chop etildi va aynan shu tafsir yaqinda Qatarda “Sobiq Sovet Ittifoqi musulmon turklariga sovg‘a” sifatida qayta nashr qilindi. Yigirmanchi asrda tatarlardan Shayxulislom Hamidiyning “Al-itqon fit tarjimat ul-Qur’on” tafsiri ham mashhur edi.
1907 yili Qozonda chop etilgan “Al-itqon” nusxasi keyinchalik Yaponiya, Turkiya, Qatarda qayta nashr qilindi. Abdunnosir Kursaviyning shogirdi Mulla No‘monning tafsiri ham turkiy xalqlar o‘rtasida keng tarqalgan. Shuningdek, o‘tgan asrda Burxon Sharof, Sun’atulloh Bekpo‘lat, Murod Ramziy, Muso Begiyev va boshqalarning tafsir hamda ma’no tarjimalari paydo bo‘ldi.
O‘n to‘qqizinchi asrda Qozonda bosmaxonalar paydo bo‘la boshladi. Ammo chor hukumati tatarlarga bosmaxona tutishga ijozat bermagan, tatarcha va arabcha kitoblarni nashr etish rus matbaachilari qo‘lida edi. 1856 yili Kukubin bosmaxonasida Qur’oni karim chop etildi. Afsuski, bu nashrda 356 ta imloviy xatoga yo‘l qo‘yilgan edi. Biroq tatarlarning o‘z vaqtli matbuoti bo‘lmagani uchun bu holat keng jamoatchilik e’tiboridan chetda qoldi.
O‘sha davrda Ivan Nikolayevich Xaritonov bosmaxonasi nom chiqargan edi. Tatar noshirlarining har qanday buyurtmasini uddalashga qodir bo‘lgan bu bosmaxonada ham Qur’oni karim chop etildi. Ammo ish ko‘ngildagidek bajarilmadi: ayrim oyatlar ikki-uch martadan qaytarilgan, ba’zi oyatlar esa tushib qolgan edi.
Matbuotda Xaritonovni “fosh etish”ga birinchi bo‘lib yozuvchi Fotih Amirxon jur’at qildi. Matbaachi Xaritonov bunga javoban Qur’onning “xato bosilgan” nusxalarini yangisiga almashtirib berish, “kelgusida bunday xatoga yo‘l qo‘ymaslik” haqida bayonot bilan chiqdi. U bunday kamchiliklar har qanday matbaa korxonasida sodir bo‘lishi mumkin deb hisoblab, hodisaga uncha jiddiy qaramadi. Biroq bu uning katta xatosi edi. Tatar matbuoti yakdillik bilan Xaritonovga qarshi shiddatli “hujum” boshladi. Kun tartibiga Xaritonov bosmaxonasi Qur’onni qasddan xato bosganmi yoki bu tasodifiy ishkallik edimi, degan masala qo‘yildi. Ivan Xaritonov bosmaxonada harf teruvchilarni Rizvon Sharipov va Zinnat Hismatullinlarning beparvoligi tufayli xato ketib qolgan, deya tushuntirdi. Lekin kitobda matn diniy kengash vakili Safiulloh Abdullin tomonidan tekshirib chiqilgan va tasdiqlangan, deb ko‘rsatilgan edi. Bu Xaritonovning yana bir xatosi edi, chunki Abdullin kitob xomakisini mutlaqo ko‘rmagan. To‘g‘ri, uning nomi Qur’onning avvalgi nashrlarida ham bor edi, bosmaxonada bu nashrga ham uning nomini shundoqqina ko‘chirib qo‘yaqoldi. Xaritonov nega unga xomaki nusxani ko‘rsatmay, kitobning hamma nusxasini berib yuborgani sirligicha qoldi. O‘sha paytda Qur’onga talab nihoyatda katta bo‘lgan (Rusiyada yiliga ikki yuz ming nusxa tarqalardi) sharoitda “qo‘shimcha” tiraj bosilgani haqida gumon paydo bo‘ladi. Vaholanki, chor Rusiyasida matbaachilik ishi hukumatning qattiq nazoratida bo‘lgan.
Aftidan, Xaritonov quyma matnni yana bir bor musulmon muharrirga ko‘rsatib olishga eringan ko‘rinadi. Tabiiyki, qattiq g‘azablangan Safiulloh Abdullin diniy kengashga murojaat qilib, bu ishga aloqasi yo‘qligini bildirgan. Xaritonovni sudga berish taklifi bilan chiqqanlar ham bo‘ldi. “Xaritonov ishi” asta-sekin susaysa ham, bu voqea uning korxonasi uchun halokatli bo‘ldi — 1916 yili u bosmaxonasini sotib, kitob noshirligini butunlay tark etdi.
Qur’oni karimning bosma nusxasini Xaritonovdan avval Qozondagi “Saboh” va “Umid” bosmaxonalari egasi Habibrahmon Zabirov ham ko‘p nusxada chop etgan va bu nusxalar Tataristondan tashqari Rusiya hamda O‘rta Osiyodagi boshqa musulmon o‘lkalarda ham keng tarqalgan edi. Oktyabr inqilobidan keyin esa bu bosmaxonalar berkitib tashlandi. Oradan o‘n besh yil o‘tib, 1932 yili Qozonda g‘alati jinoiy ish fosh etildi: “Qozon shahridagi burjua millatchi unsurlarni birlashtirgan Tataristondagi Sulton Galiyev tashkiloti filiali bir guruh kadrlarining aksilinqilobiy faoliyati haqidagi ish”ni tergov qilish chog‘ida “chidab bo‘lmas” jinoyat ochildi: Qozonning Komil Yoqub nomli bosmaxonasida Qur’oni karimning quyma qoliplari topildi. Bu hamma masjidlar yopilgan, diniy kitoblar yo‘q qilingan, mullalar haydalgan yoki ta’qib etilgan o‘lkada Sovet hokimiyatining o‘n besh yilligiga g‘aroyib sovg‘a edi. Ma’lum bo‘lishicha, Habibrahmon Zabirov “Saboh” va “Umid” yopilganidan keyin hukumat bir kun kelib yana Qur’onni chop etishga ijozat beradi, degan umidda Qur’oni karimning quyma qoliplarini yashirib qo‘ygan ekan. Bu ham kamlik qilganday, Maorif Xalq Komissarligi hay’atiga Qur’onni o‘z bosmaxonalarida chop etgan o‘sha qoliplar asosida qayta nashr etish taklifini ham kiritgan ekan. Zabirovning loyihasiga ko‘ra, Qur’onning bor nusxasini Tatariston va Boshqirdistonni istisno qilgan holda, asosan, xorijga va Sovet Ittifoqining milliy o‘lkalariga tarqatish mo‘ljallangan edi. Aslida, tatar noshirining bu taklifida jon bor edi. Chunki Qur’oni karimning Qozon bosmasi harflarining ochiq-oydinligi va aniqligi bilan butun musulmon olamida shuhrat topgan hamda Sovetlarga katta daromad keltirishi mumkin edi. O‘rni kelganda shuni ham aytish zarur, tatar ustasi Muhammad Idrisiy ishlab chiqqan yozuv mashinkasining arabcha harf qoliplari keyinroq Sovet davlati tomonidan arab mamalakatlariga sotilgan va Sharqda mashhur bo‘lib ketgan.
Ammo hamma yoqda “xalq dushmanlari” to‘lib-toshgan o‘ttizinchi yillarda tijorat-foyda haqida gapirish o‘rinsiz edi. Sud Habibrahmon Zabirovning intilishlarini “munosib” baholadi: u o‘zining “foydali taklifi” uchun chekka shimolda o‘tash sharti bilan besh yil qamoq jazosini oldi.
Qur’oni karimning Qozon bosmasi tarixi bu bilan tugamaydi. Hozir u dunyoning ko‘pgina musulmon o‘lkalarida qayta-qayta chop etilmoqda va minglab-milliyonlab musulmonlarning Alloh kalomi bilan oshno bo‘lishlariga imkon yaratmoqda. Rusiya diyoridagi ilk bosma kitoblardan bo‘lgan Qozon bosma Qur’onning turk-tatarlarni Islom asoslari bilan tanishtirishdagi ahamiyatini, bu sohada tatar matbaachilari va noshirlarining xizmatlarini munosib baholashga esa so‘z boyligimiz kamlik qiladi.

Ozod OXUNOV,
Tatariston respublikasi Fanlar akademiyasi
Tatar qomusi filiali katta ilmiy xodimi.
«Hidoyat» jurnalining 2006 yil mart oyi sonidan olindi.