Qudrat Do‘stmuhammad. Qadimgilardan qadimroq

Allohdan nozil bo‘lib, sopol parchalariga, tekis suyaklaru toshlarga, hayvon terilariga, onda-sonda qog‘ozga yozib qo‘yilgan oyatlar to‘planib, kitob holiga keltirilganiga salkam bir mingu to‘rt yuz yil bo‘libdi. Insoniyatga ma’lum bo‘lgan yozma yodgorliklar uchun bu – katta muddat, shuning o‘ziyoq Qur’oni karimni alohida e’tiborga sazovor qiladi. Lekin asosiy gap vaqtda emas.

Uch ming yil, boringki, to‘rt ming yil o‘tmishdagi bo‘lsin, allomalar yozib qoldirgan kitoblar (agar shunday kitoblar bor bo‘lsa!) qanchalik ahamiyatli va hozirgi odamlar uchun foydali bo‘lmasin, baribir, kamchiliklardan holi bo‘lmaydi: muallifga qandaydir ma’lumotlar yetishmagan yoki buzilgan holda yetib kelgan bo‘ladi, muallifning shaxsiy dunyoqarashi aralashgan yoki o‘sha davr sharoitlari o‘z muhrini bosgan bo‘lib chiqadi va hokazo.

Qur’oni karim bunday kamchiliklardan xoli, chunki Allohdan nozil bo‘lgan, mutlaq haqiqat! “Alloh rost so‘zlar” degan oyat (3:95; 4:87,122; 6:115) bekorga nozil bo‘lmagan.

Yozma yodgorliklar ichida Qur’oni karimning ustun jihatlarini sanayversak, yostiqday-yostiqday kitoblar hosil bo‘ladi. Avvalo, Qur’on – tarix. Koinot tarixi, odamzot tarixi. Nozil bo‘lganiga bir mingu besh yuz yilga yaqinlashib qolgan bo‘lsada, Koinotga tegishli million-million yillar qadimni, insoniyatga tegishli, ehtimol, yuz ming, ehtimol, million yillar o‘tmishni kamrab oladi va odamlar uchun eng kerakli axborotni beradi, chalg‘itadigan, ikkinchi darajali ma’lumotlarni bermaydi.

Shuningdek, odamzotning bu dunyodagi hayoti uchun og‘irlik qiladigan ma’lumotlarning tafsilotiga berilmaydi (masalan, mutashobih oyatlar).

Qur’oni karim faqat tarix emas, hozirgi zamon va kelasi zamon hamdir. Qaysi bir oyatni bo‘lmasin, o‘qib, hozirgi zamonga qiyoslab ko‘rsangiz, to‘g‘ri chiqaveradi va o‘z hayotingiz muammolariga tegishli javob topaverasiz. Hozirgi zamon esa, qachonlardir “kelasi zamon” edi, bizning hozirgi yurish-turishimiz ilohiy ilm bilan bashorat qilingan edi. Xuddi shu tarzda, bizdan keyingi zamonlarda va Qiyomat bo‘lganda odamlarning xatti-harakatlari qanaqa bo‘lishi ham Qur’onda bashorat qilingan. Qaysi toifa odamlar o‘zini qanday tutishi, yuz-ko‘z ifodalari, bir-biriga qanday muomala qilishi, milliardlab bandalardan tashkil topgan izdihom qanday harakatlar qilishi mumkinligi, hamma-hammasi shunchalik aniq tasvirlanganki, go‘yo ular ko‘z o‘ngingizda kechayotgandek…

Qur’on haqida tasavvur hosil qilish, bilim olish va uni chuqurlashtirish, bir vaqtlar, sanoqli odamlarga nasib qilgan bo‘lsa, hozirga davrda ommalashib ketdi. Bu, Qur’on oyatlarining ma’nosini ona tilimizga tarjima qilgan, arab yozuvi va tilini bilmaydigan o‘quvchilarga tushunarli qilib tafsir qilgan va qilayotgan ulamolarimiz mehnati tufaylidir. Shu mehnatlar samarasidan bahramand bo‘lib, Qur’ondan ilhom olgan rassom “Osmonlar va Yerdagi (bor) narsa Allohga tasbeh aytur” oyatini (57:1; 59:1; 61:1), “Bas, qasamyod etaman (kechki) shafaq bilan” (84:16) oyatini manzaralar yordamida ifodalashga unnabdi ( rasmlarga qarang). Ulardan birida oydin tun tasvirlangan. To‘lin oy ufqqa yaqinlashib qolgan, demak, bomdod namozining vaqti kirgan. Ovloq yerda, bir kulba ortidagi daraxt shoxiga qo‘ngan qush Allohga tasbeh aytayapti. Hovlidagi qo‘noqqa chiqib olgan xo‘roz qichqirib, tevarak-atrofni ibodatga chorlayapti, o‘zi ham ibodat qilayapti. Darvoqe, xo‘roz dastlab qichqirgan paytda taqvimga qarasangiz, “tong” vaqti bilan mos tushganidan yoqa ushlaysiz!

Manzarada, Alloh yaratib qo‘ygan ikki turfa jonzot tasbeh aytayaptiyu, lekin odam ko‘rinmayapti. Unga nima bo‘ldi? Nahotki, Allohni unutgan bo‘lsa?

Yo‘q. Unutmadi. U ham ibodat qilayapti. Bu haqda eshik oldidagi supachada qoldirilgan obidasta va sham yorug‘idan nimyorug‘ darcha darak berib turibdi.

Oy yog‘dusi asta so‘nib borayotgan tabiat: o‘t-o‘lan, dov-daraxt, yana minglab mavjudot birin-ketin uyg‘onib, insonning quloq pardalari ilg‘ab-ilg‘amaydigan tovushlar bilan Allohga tasbeh aytayapti, ibodat qilayapti.

Ushbu rasm Qur’onda bir necha marta marta tilga olingan kechki shafaqqa bag‘ishlangan.

2015 yil, 25 noyabr