Koreyaga Islomning kirib kelishi (tarixiy sanalarga muhrlangan voqealar)

Arab musulmonlarining Koreya yarimoroliga kirib kelishi 9 asrning o‘rtalariga to‘g‘ri keladi.Ular janubiy dengiz yo‘llari orqali Xitoy va unga chegaradosh xududlarga savdo qilish uchun kirib kelishgan. Garchi bu davrda ularning Islom dini targ‘ibot qilishlari hech qanday ta’sir kuchiga ega bo‘lmagan esa-da,shu davrga oid arab buyumlari Koreya yarimorolidan topilganligi ko‘p narsaga oydinlik kiritib turibdi. 13-14 asrlarga kelib, Koreya yarimoroliga arab savdogarlarining kirib kelishi faollashgani bilan yodda qoladi.

Hatto Koreya tarixida madaniyat va san’atga xomiyligi bilan mislsiz nom qoldirgan Qirol Se Jong davrida Islom bilimdonlari qirol saroyiga taklif etilib, Qur’on mutolaalari ham tashkil etilganligi haqida ishonarli tarixiy ma’lumotlar bor. Bu albatta Koreya soxillariga qadar yetib kelgan arab savdogarlarining xizmarlari natijasi edi. Bu davrda Islom madaniyati Koreyani qamrab ola boshladiki, bu o‘sha davrga doir minniatyura va kulolchilik buyumlarida o‘z aksini topgan. 15 asrlarga kelib, Koreyada Konfutsiylik ta’siri ostida Islom madaniyati ancha sustlashdi. Bu 20 asrga qadar davom etdi.Musulmonlarning Koreyaga qayta tashrifi 1920 yillarga to‘g‘ri keldi. Bularning deyarli hammasi turklar edi. Shuningdek, 50-yillarda Koreya urushi davrida mamlakatda turk armiyasi ham faoliyat yuritdi. BMT Tinchlikparvar kuchlari tarkibida Koreya urushida qatnashgan turk zobiti Imom Abdul G‘afur Qora Ismoil o‘g‘li Koreyada Islomning dastlabki targ‘ibotchisi edi.

Vaqtinchalik masjid oldidagi koreys musulmonlari

1955.09. O‘sha yili Islomni qabul qilgan Kim Jin Kyu va Kim Yu Dolar dastlabki musulmon koreyslar edilar. Islomni qabul qilgan koreyslar xavas bilan o‘zlariga musulmonlarga xos ismlarni ham o‘zlashtira boshladilar. Xuddi o‘sha yili “Umar” nomini olgan Kim Jin Kyu kabi dastlabki musulmonlar “Koreya Islom Assosiatsiyasi”ni tashkil etishdi.

1955.10. Turk Armiyasi Boshqarmasi xomiyligida dastlabki vaqtinchalik masjid va boshqarma idorasini qurishdi. Har hafta vaqtinchalik masjidda Abdul G‘afur Qora Ismoil o‘g‘lining Islomga oid ma’ruzalari va turfa yig‘inlar tashkil etila boshlandi. Bu yig‘inlarda asosan Islomiy bilimlar yuzasidan fikr-mulohazalar yuritilar va bu yig‘inlarda turk musulmonlari bilan bir qatorda barmoq bilan sanarli mahalliy koreys musulmonlari ham ishtirok etishar edi.

1956.04. Vaqtinchalik idora qoshida o‘smirlar va maktab o‘quvchilari uchun Islom diniga oid og‘zaki bilimlar beradigan kurslar ochildi. Bu kurslarda o‘smirlar uchun Islomiy dastlabki tushunchalar berilardi. Dastlab bu kurslarda 3 guruhda 80 nafar o‘smirlar ta’lim olishgan.

1956.07. Imom Abdul G‘afur Qora Ismoil o‘g‘lining o‘rnini Zubayr Kochi egalladi va Turk Armiyasi xomiyligida Limundong tumanida vaqtinchalik masjid ochildi. Yosh bo‘lishiga qaramasdan Zubayr Kochi imomlik vazifasini sharaf bilan uddalay boshladi. Aynan shu davrga kelib Islom dinini qabul qilgan mahalliy koreyslar soni 208 nafardan iborat edi.

1958.04. Vaqtinchalik masjid asta-sekinlik bila gavjumlasha boshladi. Xatto rasmiy rahbarlarning ham bu yerga tashrifi kuzatildi. O‘sha yili Turkiya bosh vaziri vaqtinchalik masjidga tashrif buyurdi.

1959.11. “Umar” Kim Jin Kyu va “Sabri” So Chong Kil 1 yil davomida Islom mamlakatlari (Saudiya Arabistoni va Pokiston)da bo‘ldi va Koreyadagi Islom rivoji haqida ma’ruzalar qildi. 1960 yil esa Saudiya Arabistoniga Xaj ziyoratini amalga oshirgan ilk koreys xojilari bo‘lishdi. Shu davrdan boshlab Malayziya xukumati va bu mamalakat musulmonlari Koreyalik musulmonlarga birodarlik yordamlari sezilarli darajada kuchayganligini ta’kidlash zarur.

1961.09. Ubaydullo boshchilik qilgan 14 nafar Malayziya Senati Delegatsiyasi Koreya Islom Assosiatsiyasiga tashrif buyurdi.

1962.03. Dastlabki 11 nafar musulmon koreys talabalari 6 oy davomida Malayziya Islom Universitetida Islom asoslaridan ta’lim olishdi. Ta’lim juda qisqa muddat davom etgan bo‘lsa-da, e’tiborlisi 11 talabadan 3 nafari qiz talabalar edi.

1962.11. Malayziya bosh vaziri o‘rinbosari Abdul Razzoq Koreya Islom Assosiatsiyasida bo‘ldi.

1963.10. Malayziya Parlamenti Koreya musulmonlariga xomiylik qilish to‘g‘risida qaror qildi. Noyabr oyida esa Malayziya Parlamenti raisi Xoji Noa Koreya Islom Assosiatsiyasiga keldi.

1963.11. Malayziya Bosh vaziri Abdul Rahmon Koreyada Islom masjidi qurilishi jamg‘armasiga 33,000 Malayziya dollari miqdorida pul o‘tkazdi.

Markaziy Masjid ochilish marosimida qatnashgan Koreya sobiq bosh vaziri Choy Kyu Xa

1964.10. Koreya Islom Assosiatsiyasi Seul shahri Yongdingpo tumanida masjid qurilishini boshladi. Lekin rejalar boshi berk ko‘chaga kirib qoldi. Katta rejalar uchun mablag‘ kamlik qildi va qurilish oxiriga yetmay qoldi.

1965.04. Islom Birlashmasi “Koreya Islom Markaziy Birlashmasi”ni tashkil etdi (Mudir – “Sabri” So Chong Kil, o‘rinbosari – “Sulaymon” Li Xva Sok).

1966.04. Koreya Islom Markaziy Birlashmasi Seuldan ikki qavatli binoni ijaraga olib idora va vaqtinchalik masjid sifatida foydalandi.

1966.10. Pokiston “Qur’on Uyushmasi” mudiri professor Sayid Muhammad Jamil Koreyaga keldi va 40 kun davomida ma’ruzalar qildi (Profossor shundan keyin ham 6 marta Koreyada bo‘lgan va Koreyaga Islom madaniyati kirib kelishida muhim o‘rin tutgan).

1967.01. Mahalliy koreyslar orasida Islomning keng tarqalishida “Abdulaziz” Kim Il Jo, “Sabri” xoji So Chong Kil,”Muhammad” Yun Du Yong,”Yusuf” Yun Xyong Gu,”Usmon” Kim Yong San kabi musulmonlar faol ishtirok etdilar. Aynan shu yili mudir “Sabri” xoji So Chong Kil va “Usmon” Kim Yong Son 7 oy davomida har bir Islom mamlakatida bo‘ldi va Koreyada Islom masjidi bunyod etish haqida muzokaralarda qatnashdi.

1967.03. Quvayt Diniy Ishlar Vazirligi Koreyaga masjid qurilishi uchun 14,000 AQSh dollari miqdorida yordam pulini yubordi.

1967.06. Koreys musulmonlari hayoti va faoliyati haqida hikoya qiluvchi koreys va ingliz tillarida “Korea Islam Herald” jurnali chop etila boshlandi.

1967.10. Vaqtinchalik masjid va idora Seulning Yongsan Namyongdong tumaniga ko‘chirildi va shu bilan birga Assosiatsiya Pokiston,Misr kabi mamlakatlarga talabalarni o‘qishga yuborishni davom ettirishdi.

Koreya Markaziy Islom Uyushmasini tashkil etgan dastlabki musulmonlar

1970.09. Koreys musulmonlarining doimiy masjidga ega bo‘lish orzulari royobga chiqa boshladi. Koreya Prezidenti Park Chong Xi Xannam tumanidan Islom masjidi qurilishi uchun yer ajratdi. Bu o‘sha davr nuqtai nazaridan katta tarixiy voqea edi.

1970.10. Shu tariqa Namyongdong tumanidagi idora Xannamga ko‘chib o‘tdi.

1971.09. Koreya musulmonlar delegatsiyasi Yaponiyaga tashrif buyurgan saudiya Arabistoni qiroli bilan uchrashdi.

1973.03. Umuman olganda, shu yillardan koreys musulmonlarining Saudiya Arabistoni,Pokiston,Malayziya kabi mamlakatlarga tashriflari ko‘p kuzatildi. “Sabri” So Chong Kil va “Abdulaziz” Kim Il Jo masjid qurilish jamg‘armasi uchun Islom mamlakatlariga tashrif buyurdi.

1973.12. “Muhammad” Yun Du Yong imom boshchiligidagi delegatsiya Islom mamlakatlarida bo‘ldi va Islom jamg‘armasi borasida muzokara olib bordi.

1974.10. Singapurdagi Saudiya Arabistoni konsuli Dato Al Sagob va boshqa davlatlar rahbarlarining xomiyligida Seul Markaziy Masjidi va Islom Markazi ochildi.

1976.05. Butun dunyo malakatlaridan 51 nafar Islom rahbarlari qatnashgan Markaziy masjid va Islom Markazi ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ochilish marosimi yakunida “Islom malakatida faoliyat” mavzusidagi xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi. Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki shu yilgi ma’lumotlarga qaraganda Koreyada 3700 nafar koreys musulmoni bor edi.

1976.06. Seul Markaziy masjidi qoshida ilk marta “Arab tili” to‘garagi ish boshladi.

1976.06. Seul Markaziy Masjidining ta’rifi butun jahonga yetdi. Dunyoga mashhur bokschi Muhammad Ali Seul Markaziy Masjidiga tashrif buyurdi.

1976.07. Koreya Islom Assosiatsiyasi izlanishlarda tinmay davom etdi. Buning natijasi o‘laroq Islomga oid dastlabki kitob koreys tilida chop etildi. “Musulmon bo‘lish yo‘li” deb nomlangan bu risola 17 sahifadan iborat bo‘lib,Koreyadagi barcha musulmon va g‘ayridinlarga ham bepul tarqatildi. Bu boshlanishi edi, xolos.”Qur’on”ning koreys alfavitiga tarjima qilinishi,”Muslim haftanomasi“,”Al-Islam” oylik nashrlarining paydo bo‘lishi esa mantiqiy davom edi.

1976.12. Bu orada nafaqat Koreya poytaxtida balki boshqa viloyatlarda ham Islomiy bilimlarga bo‘lgan qiziqish tobora kuchaya boshladi.Azaldan Koreyaning 2-poytaxti deya yuritiladigan Busanda 300 nafar koreys musulmonlari tashabbusi bilan vaqtinchalik masjid ochildi.

Malayziyada tahsil olgan dastlabki koreys musulmon talabalari

1977.05. Endilikdan koreyalik musulmonlar Islom dini bilimlarini yanada kengaytirish maqsadida keng ko‘lamli ishlarga qo‘l ura boshlashdi. Bunga Islom universitetini ochish orqali erishish mumkinligini ular tezda anglab yetishdi. Koreyada Islom universiteti ochish g‘oyasini amalga tatbiq etish uchun shu yili Quvaytning “Xorijiy yordam fondi” rahbari, biznesmen Abdulla Ali Al-Mutva Koreyaga keldi va Koreya Islom universitetini barpo etish yuzasidan muzokaralar olib bordi.

1977.09. Koreyalik talaba musulmonlar ham o‘z qarashlarini erkin bayon eta boshladilar va Markaziy Assoiatsiya qoshida Talabalarning Islom uyushmasi tuzildi.Muslim Talabalar Uyushmasi haftada 3 martadan yig‘inlar o‘tkazar edi. Uyushma tomonidan eng e’tiborli tadbirlardan biri “Islom Madaniyati Ko‘rgazmasi” o‘ziga ko‘plab koreys talabalarini yig‘a olgan.

1977.10. Bu davrga kelib musulmon bolalarga dastlabki Islomiy bilimlarni o‘qitadigan maktab ham ochildiki, bu Koreya Islom Assosiatsiyasi tarixida muhim o‘rin tutadi.

1977.11. Koreys musulmonlari har tomonlama faol bo‘lishga harakat qilishdi. Jumladan, o‘smir musulmonlar uchun ilk marta “Muslim taekvondo” sport to‘garagi ish boshladi.

1978.04. “Yusuf” Yun Xyong Gu,”Muhammad” Kim Mu Changlar boshchiligidagi Koreya Musulmonlar delegatsiyasi Islom Universiteti tashkil etilishi uchun Saudiya Arabistoniga yetib kelishdi. Ularning sa’y-harakatlariga yuqori baho bergan Saudiya Arabistoni xukumati koreys musulmonlariga yordam qo‘lini cho‘zishga va’da berdi.

1978.11. “Yusuf” Yun Xyong Gu boshchilik qilgan Koreya delegatsiyasi Saudiya Arabistonida Xaj ziyoratida bo‘lishdi.

1978.12. Kyonggido viloyati Gvangju shahriga ham Islom kirib keldi: dastlabki vaqtinchalik masjid sifatida sabzavot issiqxonasi (parnik) dan foydalanishdi.

1979.03. Ma’lumki, 70-yillarda Koreya aholisining ko‘pchilik qismi ish o‘rinlari izlab Yaqin Sharq malakatlariga ko‘chib ketgan. Aynan Saudiya Arabistonidagi bir qancha sohalarda ishlayotgan koreyalik muhojirlar uchun Saudiya Arabistonilik biznesmen Shayx Umar xomiyligida Jidda shahrida Islom markazi qurildi. Markaz o‘sha davrda 8000 nafar koreyalik muhojir musulmonlarga xizmat qildi.

1979.03. Koreya Islom Uyushmasining tamal toshini qo‘yganlardan biri “Umar” Kim Jin Kyu vafot etdi va Koreya tarixida ilk marta koreysga janoza o‘qilib, musulmoncha dafn bo‘ldi .

1979.07. Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri Koreyaga tashrif buyurdi va Koreya hukumatiga Islom Universiteti qurilishi uchun 30,000 AQSh dollari miqdorida yordam pulini taqdim etdi.

1979.09. Boshqa tomondan Liviya sobiq Moliya vaziri Ali Xellakning ko‘magida Busan shahrida masjid qurildi.

1979.10. “Sulaymon” Li Xva Sok tashabbusi bilan 104 nafar koreys musulmonidan iborat guruh Saudiya Arabistoniga ziyoratga yuborildi.

1979.11. “Sabri” So Chong Kil, “Abdulaziz” Kim Il Jo, “Abu Bakr” Kim Jong Sunlar Islom mamalakatlarida bo‘ldi.

1980.02. “Sulaymon” Li Xva Sok boshchiligidagi koreys musulmonlar delegatsiyasi Eron Inqilobi 1 yillik tantanasida ishtirok etish uchun Eronga kelishdi.

1980.05. Koreya sobiq Prezidenti Choy Kyu Xaning Saudiya Arabistoniga rasmiy tashrifi mobaynida Saudiya Arabistoni rasmiylari Koreya Islom Universitetiga xomiylik qilishga va’da berishdi. Bu rasmiy doiradagi xomiylik kelishuvi edi.

1980.07. Koreya xukumati Kyongido viloyati Yong-in shahridan 430,000metr kvadrat maydonni Islom Universiteti qurish uchun ajratdi.

1980.08. “Muhammad” Yun Du Yong imom boshchiligidagi Koreya musulmon delegatsiyasi Liviyada tashkillashtrilgan Islom konferentsiyasida qatnashdi.

1980.09. Butun dunyodan 80 nafar musulmon rahbarlar qatnashgan ochilish marosimida Busan shahrida masjid va Islom universiteti ochildi.

1981.06. Bu safargi ochilish marosimida jahondangi 21 nafar musulmon rahbarlar Kyongido viloyatidagi Gvangju shahrida Islom Masjidi ochilish marosimida ishtirok etishdi.

Yapon mustamlakasi ostidagi Koreayada yashagan turk musulmonlari

1982.03. Koreya Islom Universiteti ohcish yuzasidan Koreya-Saudiya Arabistoni ikki tomonlama qo‘mitasi tashkil etildi.

1982.06. Seul Markaziy masjidi Islom Markazida koreyalik va xorijlik muslimlar uchun “Halol” ovqatlanish majmuasi ochildi. Bu yerda asosan musulmonlar iste’moli uchun go‘sht maxsulotlaridan tayyorlangan oziq-ovqatlar taqdim etiladi.

1983.04. Kyongido viloyati Yong-in shahrida “Muslim Umma” konkurs o‘tkazildi.

1983.08. Butunjahon yosh musulmonlar birlashmasi xomiyligida Koreya,Gonkong,Taypey,Yaponiya kabi davlatlardan mahalliy 100 nafar musulmon o‘smirlar uchun Sharqiy Osiyo malakatlari Xalqaro Oromgohi ochildi.

1984.08. 1979 yildan 1984 yilgacha Islom dinini qabul qilgan mahalliy koreyslar soni 3,000 nafarga yetdi.

1985.02. Seul Markaziy Masjidi Imomi “Muhammad” Yun Du Yong vafot etdi va Islomiy rasm-rusumlar asosida dafn etildi.

1985.05. Pokiston Prezidenti Ziyo ul Haq Seul Markaziy Masjidiga keldi.

1985.06. Bangladesh prezidenti Seul Markaziy Masjidini ziyorat qildi.

1986.04. Koreyaning Anyang shahrida “Xusayn” Yu Chang Shik xristian cherkovi binosini sotib oldi va bu binoni Islom masjidiga aylantirdi. Xuddi shu yili Koreyaning turli burchaklarida joylashgan Ulsan va Jeju shaharlarida ham Islom masjidlari barcha musulmonlar uchun o‘z eshiklarini ochdi.

1986.07. Islom Konferentsiyasi Tashkiloti rahbariyati Koreyadagi Islom madaniyati va ta’limot rivoji yuzasidan Koreyada bo‘ldi.

1986.08. 1986 yil 20 sentyabrdan 5 oktyabrga qadar Seulda “Osiyo o‘yinlari” sport turniri bo‘lib o‘tdi. Shu munosabat bilan malakatga keladigan musulmon sportchi yoki tomoshabinlar uchun Seulda vaqtinchalik masjid ochildi.

1986.11. Chonju shahrida “Abu Bakr at-Siddiqiy” nomli Islom masjidi ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu marosimda Koreyada Islom rivoji uchun birinchilardan kamarbasta bo‘lgan Imom Zubayr Kochi 30 yildan so‘ng Koreyaga keldi va qatnashdi.

1988.05. Pokiston Islom Respublikasi hukumati Koreyada Islom dini rivoji uchun 20,000 AQSh dollari miqdorida yordam puli ajratdi.

1988.09. Ma’lumki, 1988 yilgi Olimpiada o‘yinlari Seulda bo‘lib o‘tgan.Shu munosabat bilan Seulda vaqtinchalik masjid ochildi.

Abdul G‘afur Qora Ismoil o‘glidan keyin imomlik qilgan Zubayr Kochi

1991.08. Butunjahon Islom Ittifoqi rahbari Abdulla Nasib Seul Markaziy Masjidini ziyorat qildi.

1993.06. Seul Markaziy islom Masjidi qoshida madrasa ochildi.

1994.06. Seul markaziy Islom Masjidi ochilganligiga 18 yil to‘lishi munosabati bilan “Islom,Koreya va jahon” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.

1995.11. “Islom va tinchlik” mavzusida Koreya Markaziy masjidida Islom seminari bo‘lib o‘tdi.

1995.11. “Islom va boshqa g‘oyalar” mavzusida Seul Markaziy Masjidida seminar o‘tkazildi.

1997.08. Butunjahon Islom Ittifoqi ko‘magida 20 nafar xorijlik olimlar qatnashgan “Sharqiy Osiyodagi Islom,tarix va madaniyat uyg‘unligi” mavzusida xalqaro Islom seminari o‘tkazildi.

1997.08. Koreyalik tadqiqotchilardan iborat Koreya Islom Tadqiqot Instituti tashkil etildi.

1998.04. Koreya Islom Assosiatsiyasi Koreyadagi 21 davlat elchixonalari bilan hamkorlik qo‘mitasini tashkil etdi.

2000.03. Ar-Riyod shahar hokimi shahzoda Salmon ibn Abdulaziz Seul Markaziy Masjidini ziyorat qildi.

2000.11. Saudiya Arabistoni Mudofaa vaziri shahzoda Sulton ibn Abdulaziz Markaziy Masjidni ziyorat qildi va madrasa qurilishi uchu 300,000 AQSh dollari miqdorida sarmoya ajratdi.

2001.09. Xitoy Islom Uyushmasi bilan hamkorlik bitimiga ko‘ra, Xitoy musulmonlari delegatsiyasi 5 kun davomida Koreyaga tashrif buyurdi.

2001.10. Seul Markaziy masjid Islom Markazi qoshida “Sulton Madrasasi” ochildi.

2002.02. Saudiya Arabistoni Diniy Ishlar vaziri Sali Abdul Aziz Seul markaziy Masjidi va Koreya Islom Universitetida bo‘ldi.

2002.05. Xitoy Pekin Musulmonlar Markazi taklifiga ko‘ra Koreya musulmonlar uyushmasi delegatsiyasi Xitoyga bordi.

2002.06. Endilikda Koreyaning uzoq Jeju oroliga ham Islom bilimlari kirib boradigan bo‘ldi: bu yerda Koreya Islom Jeju Markazi ochildi.

Seul Islom Masjidining hozirgi qiyofasi

2002.11. Koreyaning Ansan shahrida Islom Markazi ochildi.

2003.05. Butunjahon yosh musulmonlar birlashmasi xomiyligida muslimalar uchun oromgoh ochildi.

2004.07. Qatar xukumati xomiyligida Chungbuk viloyati Chungju shahrida musulmonlar qabristoni ochildi. (Maydoni 3800 metr kvadrat).

2005.03. Chonnam viloyatida Islom markazi ish boshladi.

2005.07. Machon shahrida Islom Markazi ochildi.

2005.10. Koreyaga Islom kirib kelganligining 50 yilligi munosabati bilan Koreya parlamenti xomiyligida Sogongdong Lotte mehmonxonasida yubiley tantanasi bo‘ldi.

2005.11. Pochon shahrida “Songuri Islom Markazi” ochildi. Umuman olganda, hozirda Koreya Respublikasida 9 ta yirik Islom masjidi va 60 ga yaqin vaqtinchalik masjidlar mavjud. Turk zobitlari tomonidan koreys zaminiga kirib kelgan Islom diniga ayni paytda 150,000 nafar musulmonlar ishonib, hayot kechirishmoqda.

Otabek Yo‘ldoshev.
Maqolada Seul Islom Masjidi internet sahifasidagi ma’lumotlardan foydalanildi.