Hoji Abdurazzoq Yunus. Islom va musiqa

O‘zbek xalqining benazir ilmi bilan dunyoga mashhur namoyandalari hamma zamonlarda ham bo‘lgan. Ulug‘larimiz sirasiga, hech ikkilanmay, serqirra ijod sohibi zamondoshimiz, ulamoyu olimlar “tirik qomus” deb nom bergan shayx Abdulg‘ani Abdullohni kiritsa bo‘ladi. Ustoz O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi (hozirgi O‘zbekiston musulmonlari idorasi)da o‘ttiz yildan ortiq vaqt turli lavozimlarda mehnat qilganlar. Men u kishi bilan qariyb chorak asrdan ortiq vaqt birga ishlaganman.

Abdulg‘ani akaning yoshligi din, milliy urf-odatlar va qadriyatlarga qarshi ayovsiz kurash avj olgan davrga to‘g‘ri keldi. Din peshvolarining ko‘pchiligi omon qolmadi: otildi, qatag‘on qilindi, surgunga jo‘natildi, qamaldi. Arab harfidagi har qanday adabiyot yoqildi, oqizildi, ko‘mib tashlandi. Oxir-oqibat ahvol shu darajaga yetdiki, kiyinishi milliy bo‘lsa, yevropaliklarga taqlid qilmasa yoki so‘zlashganda diniy iboralar ishlatsa, jamiyat uchun yot kishi sanaldi. Men ustoz bilan birga ishlab juda ko‘p narsalarni o‘rgandim. Doimo biz yoshlarga nasihat qilib shunday der edilar: “Hech qachon bekor o‘tirib, vaqtingizni ketkazmang. Kitob o‘qing. Bilganlaringizni takrorlang, hech bo‘lmasa radio eshiting. Rahbaringiz kim bo‘lishidan qat’i nazar unga itoat qiling. U sizga ishonib topshirgan vazifani o‘z vaqtida ado eting”.

Kunlardan birida ustoz Shayx Abdulg‘ani Abdullohdan islomda musiqaga munosabat haqida so‘raganimda bunday degan edilar:

“Ko‘pchilik ulamolar musiqani “muboh” deb ko‘rsatadilar, ya’ni, ularning fikricha, musiqa halol ham, harom ham emas. Imom G‘azzoliy aytadilarki: “Alloh taolo bandalariga ko‘rish uchun ko‘z berdi, hid bilish uchun burun ato qildi, qo‘l berdi, oyoq berdi. Ko‘z ham, quloq ham dunyodagi ne’matlardan foydalanadi, quloqning rohati esa, go‘zal ohanglarni, yaxshi suhbatlarni eshitishdadir, quloqning ne’mati yaxshi nag‘malar, yaxshi ashulalardir, shunday ekan, nima uchun biz musiqani harom deb hisoblaymiz?” (“Ihyou ulumiddin-din” kitobi, II jild, 162-bet). Ulug‘ allomaning ushbu so‘zlari ham musiqani haromga chiqarish asossiz ekanini ko‘rsatib turibdi”.

Endi fikr qilib ko‘rsam, ustozning bu javoblari musiqa haqidagi ulamolarning uzundan-uzoq bahslari xulosasi, mutlaq ko‘pchilik ulamoning bu borada bergan hukmlari qaymog‘i ekan. Ammo muhtaram o‘quvchilarni mavzu bilan kengroq tanishtirish, musiqaning islomdagi o‘rni haqida to‘liqroq tasavvur berish uchun ushbu maqolada bu haqida atroflicha so‘z yuritishga jazm qildik.

Qur’oni karimda “musiqa” ma’nosini bildiradigan, uning hukmlarini bayon etadigan so‘z yoki tushuncha yo‘q. Ammo ba’zi bir oyatlar borki, tafsir olimlari ulardan murod musiqa ekanini aytganlar va o‘zlarining musiqa haqidagi qarashlariga dalil sifatida keltirganlar.

Hadisi shariflarda musiqa haqida turli xil rivoyatlar bor. Ulardan bir qismi sahih, bir qismi zaifdir. Sahih hadislarda payg‘ambarimiz (s.a.v.) musiqani diniy jihatdan yomon tomoni yo‘qligini aytib, unga ruxsat berganlar, hatto o‘zlari tinglab, sahobalarini ham unga tashviq etganlari rivoyat etilgan.

Musulmon olimlar musiqa haqida turli qarashlarini ilgari surganlar. Ularning ko‘pchiligi o‘z asarlarida musiqaning umumiy ma’noda halolligini ta’kidlashgan va bu fikrlarini dalillar bilan isbotlashgan.

Qur’oni karimdan:

“Bas, imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlargina ravza (jannat)da shodlanurlar” (Rum surasi, 15-oyat).

Mufassir olimlardan Yahyo ibn Kasir, Avzo’iy va Vaki’ oyatdagi “shodlanurlar” so‘zini “zavq va qo‘shiq” deb tafsir qilganlar (Imom Tabariy tafsiri). Olimlar oyatning bu tafsiridan kelib chiqib, musiqaning umumiy ma’noda muboh ekanini ta’kidlaganlar. Shunga o‘xshash oyati karima Yosin surasida ham keladi: “Albatta, jannat ahli bu Kunda (rohat va farog‘at) ish(lari) bilan shoddirlar” (55-oyat).

Muhammad Rasululloh (s.a.v)ning muborak hadislariga murojaat qiladigan bo‘lsak, ularning ko‘pchiligida musiqa, kuy, ohanglarning halol ekanligi tasdiqlanganligini ko‘ramiz. Jumladan, hazrati Muhammad ibn Ismoil Buxoriy tuzgan hadislar to‘plamining ikkinchi jildidagi (Toshkent, 2008) “Nikoh kitobi” qismining 5162-hadisida shunday rivoyat keltiriladi. “Hishom ibn Urva rivoyat qiladilar: “Oysha roziyallohu anho bir kelinni bir ansoriy kuyov huzuriga kuzatib qo‘ydilar. Janob Rasululloh: “Ey Oysha, musiqa chalib, o‘yin-kulgi bilan kuzatib qo‘ydingizlarmi? Ansorlar musiqa chalib, o‘yin-kulgi qilishni xush ko‘radilar”, dedilar”.

Yana bir misol. Imom Buxoriyda, shuningdek, Imom Muslimda ham kelgan bir hadisda shunday naql qilinadi: “Hazrat Abu Bakr Siddiq Oysha onamizning uylariga kelgan ekanlar, qarasalar, hazrati Oyshaning huzurlarida ikki joriya ashula aytib o‘tirgan ekan. Qo‘llarida soz ham bor. Abu Bakr Siddiq aytibdilarki: “Bu qanaqasi bo‘ldi, hazrati Rasulullohning uylarida bu xil shaytonning asbobi yangrab turadimi?” Shu payt uyga Rasululloh (s.a.v) kirib qoldilar. Ul zot aytdilarki: “Qo‘ying, ashula aytaversinlar, chunki bugun hayit – bayram!” Kitoblarda aytilishicha, Abu Bakr Siddiq shundan keyin biron joyda ham ashulani harom deb aytmagan ekanlar. Demak, hayit, bayram, shodiyona kunlari yaxshilikka da’vat qiluvchi ashulalar aytilsa, hech qanday zarari yo‘q ekan. Shuning uchun ham azaldan islom olamida musiqa san’ati taraqqiy etib kelgan. Hadislar musiqa san’atining bir joyda to‘xtalib qolmay, taraqqiy etishiga va uni sog‘lomlashtirishga da’vat etib turgan.

Sahobai kiromlardan juda ko‘plari muboh qo‘shiq tarafdori bo‘lishgan. Bunday sahobalar orasida hazrati Umar, Usmon, Abdurahmon ibn Avf, Abu Ubayda ibn Jarroh, Sa’d ibn Abu Vaqqos, Abdulloh ibn Ja’far, Abdulloh ibn Zubayr, Mug‘iyra ibn Sho‘ba, Muoviya, Ibn Oss, Usoma ibn Zayd, Imron ibn Xusoyn, Bilol ibn Raboh, Hasson ibn Sobit, Hamza ibn Abdulmuttalib, No‘mon ibn Bashir, Ubaydulloh ibn Amr, Oysha onamiz va boshqalar (roziyallohu anhum) bor.

Tobeinlardan Sa’yid ibn Musayyab, Solim ibn Abdulloh, Xorija ibn Zayd, Qozi Shurayx, Sa’id ibn Jubayr, Omir Sha’biy, Ibn Abi Atiq, Ato bin Abu Raboh, Umar ibn Abdulaziz, Sa’d ibn Ibrohim va boshqalar muboh qo‘shiq va musiqani ma’qullashgan.

Mazhabimiz imomlaridan Abu Hanifa (r.h.)ning qo‘shiq aytadigan qo‘shnilari borligi, har kecha musiqa chalib, qo‘shiq aytishi va u aytmay qo‘yganida xavotir bo‘lib izlaganlari hamda qamoqdaligini bilib qutqarib olganlarini hammamiz eshitganmiz. Agar musiqa va qo‘shiq batamom ta’qiqlangan bo‘lganida Imom Abu Hanifa qo‘shnini qo‘shiqdan qaytarar edilar.

“Tazkiratul hamduniya” kitobida Abu Hanifa va Savriydan qo‘shiq haqida so‘ralganida “Kaboirdan ham, yomon sag‘oirdan ham emas”, deganlari keltirilgan.

Imom Abu Yusufning Xorun ar-Rashid majlisida qo‘shiq eshitganlari ma’lum va mashhur haqiqat.

Musiqa joizligi haqida kitob yozgan ulamolardan ba’zilari:

  1. “Imom Ibn Qutayba – “Ar-Ruxsatu fis samo’” – “Tinglashga ruxsat”.
  2. Imom Hofiz Abu Fazl Muhammad ibn Tohir ibn Ali Maqdisiy.
  3. Imom Kamoluddin Ja’far Adfuviy – “Al-Imto’ bi ahkomus samo’”.
  4. Shayx Abul Qosim Qushayriy.
  5. Shayx Tojuddin Fizoriy.
  6. Shayx Izzuddin ibn Abdussalom.
  7. Imom Abul Futuh Ahmad G‘azzoliy – “Bavoriqul ilmo’ fiy takfiri man yuharrimu mutlaqas samo’” – “Eshitish mutlaqo harom deganlarning kofirligi haqida yarqiragan chaqmoqlar”.
  8. Hofiz Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali Shavqoniy – “Ibtoli da’val ijmo’i ala tahriymi mutlaqis samo’” – “Qo‘shiq eshitishning mutlaqo harom ekanligiga ijmo’ borligi da’vosini botil qilish”.
  9. Imom Hofiz Zahabiy – “Risolatur ruxsati fil g‘inaai vat-tarab” – “Qo‘shiq va ohangga ruxsat risolasi”.
  10. Hofiz Shayxul Islom Abu Muhammad Atiyya ibn Sa’id Andalusiy – “Kitobu tajvizis samo’” – “Eshitishning joizligi kitobi”.
  11. Imom Hujjatul Imom G‘azzoliy – “Ihyou ulumiddin”dagi “Kitobus samo’” va boshqalar.

Biz ham madaniyat egalari bo‘lishni xohlasak, musiqani taraqqiy ettirishimiz lozim. Eng yaxshi ma’naviy ozuqa beradigan musiqalarni rivojlantirsak, yomonlariga yo‘l bermasak, kuchli madaniyat sohiblari bo‘lamiz.

Yaxshi musiqa, ohanglar, kuy va o‘yinlar xalqlarni bir-biriga yaqinlashtiradi. Agar biz musiqani harom desak, uni harom deyayotgan ba’zi odamlarning gaplariga qo‘shilsak, o‘zimiz bilmagan holda madaniyatimizga zarar keltiramiz. Musiqa san’ati bizning xalqaro olamga chiqishimizga ham yordam beradi.

Islom dinining bevosita bir qismini tashkil etuvchi tasavvuf ta’limotida ham musiqaga hamma vaqt halol deb qaralgan, u insonning Allohga bo‘lgan buyuk muhabbatining o‘ziga xos bir ifodasi sanalgan. Chunki inson o‘z qalbidagi ishqi ilohiyni ko‘pincha kuy, ashula vositasida ifodalagan. Hazrat Alisher Navoiy o‘zlarining “Nasoyim ul-muhabbat” asarlarida shayx Avhaduddin Kirmoniy haqida so‘z yuritib aytadilar: “Alar der ermishlarki, rubob uni behisht eshigining sariridir, agar andin qalbimizga xushnudlik yetsa, jihat budur”. Demak, mutasavviflar musiqaning inson ma’naviy kamolotidagi ahamiyatini anglab yetganlar.

Ma’lumki, X-XII asrlarda Movarounnahrdan yetishib chiqqan Farg‘oniy, Xorazmiy, Forobiy, Ibn Sino, Beruniy singari ulug‘ allomalar faqat aniq fanlar: matematika, astronomiya, geometriya qatorida shuningdek, ijtimoiy fanlardan falsafa, huquq, tilshunoslik, adabiyotshunoslik sohasida chuqur bilimga ega bo‘lib qolmay, qomusiy olim bo‘lganlar, binobarin, ular musiqani ham nazariy, ham amaliy jihatdan yaxshi bilganlar, kuylar ijro etganlar, musiqa san’ati haqida risolalar yaratganlar. Forobiyning ta’kidlashicha, ayrim kasalliklarni musiqa yordamida davolash mumkin. Musiqa madaniyatimiz tarixidan o‘chmas o‘rin olgan “Shashmaqom”larni eslaylik. Bir necha asrlik tarixga ega bo‘lgan bu bebaho durdonalarda xalqimizning hayoti, uning ichki olami, diliga tug‘yon solgan ulug‘ tamannolari, buyuk orzulari o‘zining betakror ifodasini topgan. Ayni chog‘da ularda insonning Allohga bo‘lgan ulug‘ muhabbati va sadoqati jilolanadi. Xalqimizning mana shunday nihoyatda boy madaniy merosini, butun jahonga mashhur bo‘lgan ajoyib kuylari va ashulalarini mubohligiga ijmo’ qilganlar.

Hoji Abdurazzoq Yunusov,

O‘zbekiston musulmonlar idorasi raisining o‘rinbosari

“Jahon adabiyoti, 2014 yil, 11-son