Alisher Nazar. Hindistoniy kim edi?

http://ziyouz.com/images/uz/hindistoni.jpgXX asrning uzluksiz qatog‘onlari ne-ne olimu fozillarning umriga zomin bo‘ldi. Bu ulug‘ zotlarning o‘zlari bilan birga ilmiy meroslari ham qatog‘on qilindi. Kuydirildi, ko‘mildi, suvlarga oqizildi. Ammo bu munavvar siymolarning nomini xalqning yodidan chiqarib tashlashning iloji bo‘lmadi. Ana shunday ulug‘ zotlardan biri Mavlaviy hoji Hindistoniy hazratlari edi. Ilm ahli bu kishini «Hoji Hindistoniy», «Mavlaviy Hindistoniy», «Hoji domullo», «Hazrati Mavlaviy» singari nomlar bilan e’zozlab tilga oladilar. Zero, bu zot o‘z davrining zabardast olimi edi.

Asli ismi Muhammadjon mullo Rustam o‘g‘li bo‘lgan bu alloma 1892 yilda Qo‘qon muzofotiga qarashli Hoja Muhammad Valiy qabristoniga yaqin Chorbog‘ qishlog‘ida tug‘ilgan. Uning ota-onalari ham ilmli, ma’rifatli kishilar bo‘lib, farzandlarining yoshlikdanoq ilm olishiga jiddiy e’tibor berishgan. Shuning uchun ham Muhammadjon o‘n to‘rt yoshida hofizi Qur’on bo‘lib yetishgan. Dastlab Qo‘qon va Buxoro madrasalarida, keyinchalik Afg‘onistonning Balx va Mozori Sharif shaharlarida saboq olgan. So‘ngra ulug‘ ustozlarining tavsiyalariga binoan Hindistonga safar qiladi va Ajmir shahridagi «Usmoniya» madrasasida yana sakkiz yil ilm o‘rganadi. Uning Hindistoniy taxallusini olishi shundan boshlangan. U zot o‘z esdaliklarida qayd etadiki: “Men yigirma yil dunyo kezib ilm o‘rgandim”.

Shu o‘rinda bir gapni aytish kerak. So‘nggi yillarda har xil yaltiroq shiorlarni o‘zlariga bayroq qilib olgan chalamullalar, guruhlar, to‘dalar paydo bo‘ldi. So‘rishtirib kelsangiz, bu “ulamolar” o‘rta maktabni bazo‘r tamomlaganlar. Lekin boshqalarga din nomidan gapiradilar, kerak bo‘lsa fatvo beradilar. Vaholanki, щz davrida din nomidan minbarga chiqqan bizning ulamolarimiz yigirma yillab ilm o‘rganishgan. Muhammadjon Hindistoniy yozadilar: «Men biror kishining savoliga javob bergan bo‘lsam yoki biror rivoyatni aytgan bo‘lsam, Parvardigor oldida mas’uliyatni to‘la his etgan holda aytganman».

Darhaqiqat, Muhammadjon domla uzoq yillar ilm o‘rganish uchun xorij yurtlarni kezib chiqdi. Nihoyat, domlani 1929 yil yurt sog‘inchi, ota-ona va qarindosh-urug‘ diydori yana vatanga qaytardi. Biroq uni vatanda ma’shum taqdirning achchiq sinovlari kutib turgan edi. Chunki bu payt — yurtda “yilt” etgan nur borki, so‘ndirilayotgan rutubatli kunlar edi. Tabiiyki, Muhammadjon domla ham sho‘ro ayg‘oqchilarining e’tiboridan chetda qolmadi. Toshday qattiq kunlarning birida uni sho‘ro mahkamasiga olib borishdi. “Sen sinfiy dushmansan! Ruhoniy mullosan!», deyishdi. Ilmu irfonda benazr, jild-jild kitoblarni deyarli yoddan biladigan zot kimga “sinfiy dushman” ekanini bilmay hayron edi. Lekin nachora, Muhammadjon domlani bir yilga ozodlikdan mahrum qildilar.

Muhammadjon domla 1933 yili qamoqdan qaytgach, fitnalardan yiroq bo‘lish uchun tez-tez yashash joyini o‘zgartirib turishga majbur bo‘ldi. Domla Toshkent viloyatining Ohangaron tumaniga qarashli Ablig‘ qishlog‘iga ko‘chib keldi. Biroq sho‘ro soqchilari hamma joyda ziyrak edi. “Bunaqa dindor, xurofotchi odamlarga bizning oramizda joy yo‘q!” deyishib, mavjud partiya jonkuyarlari domlani qishloqdan chiqarib yuborishdi. Muhammadjon domla tavakkal qilib Toshkent shahar tasarrufidagi “Oq yo‘l” kolxoziga ko‘chib kelib, kassirlik qila boshladi. Ammo bu ish ham uzoqqa cho‘zilmadi. Domla ilmu salohiyati ortidan yana to‘zoqqa tushdi. Unga bu safar «xorijiy davlatlarda o‘qigan» degan ayb qo‘yildi va uch yilga ozodlikdan mahrum qilishdi. Bu safar u Rossiyaning Sverdlovsk viloyatidagi mahbuslar lagerida qarag‘ay kesishga mahkum bo‘ldi.

Bu orada Ikkinchi jahon urushi boshlandi. Navbatdagi jazo muddatini o‘tab qaytgan Muhammadjon domla endi urushga safarbar etildi. U 1942 yili urushda qattiq jarohatlangach, Rossiyaning sovuq mehnat lagerlaridan biriga yuborildi va bu ma’shum joylarda 1946 yilgacha qolib ketdi.

Urushdan keyingi yillarda diniy e’tiqod masalasida biroz yumshoq siyosat boshlangandek bo‘ldi. Unda-munda masjidlar ham ochilgandek edi. O‘sha paytlar O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi Toshkentda joylashgan bo‘lib, butun mintaqada diniy ishlar shu yerdan boshqarilardi.

Bir kuni Muhammadjon domla idoraning muftiysi Eshon Boboxonovga ish so‘rab murojaat qiladi. U kishi domlaning ilmu odobini obdon sinovdan o‘tkazgach, ish yuritish uchun Tojikistonga yuborishini aytadilar. Muhammadjon domla ikkilanmay rozi bo‘ladi. Domla Tojikistonga borgach, yashashga uy-joyi bo‘lmaganidan Mavlono Ya’qub Charxiy qabristonidagi masjidda yashay boshladilar. Ammo shum qatog‘on bu yerga ham domlani izlab kelgan edi.

Muhammadjon domlaning hayoti va ilmiy faoliyatini o‘qir ekansiz, beixtiyor yoqa ushlaysiz: nima, sho‘rolarning bu kishini ta’qib qilishdan boshqa ishi yo‘qmidi? Ammo o‘sha davr voqeligiga nazar tashlar ekansiz, ha, sho‘rolarning Muhammadjon domla va domlaga o‘xshagan zotlarni ta’qib etishdan-da muhimroq ishi yo‘q edi. Chunki millatning uyg‘onishi, milliy tarixning tilga kirishi  hukmron mafkuraning soxta qiyofasini fosh etib qo‘yishi mumkin edi. Nima bo‘lsa bo‘lsin, millat o‘z dini va tarixini bilmasa bo‘ldi. Ana shundagina bunday xalqni mutelikda ushlab tursa bo‘ladi. Aks holda… Ana shu jihati bilan mamlakatning ichidagi intelektual salohiyatli kishilar tashqi dushmandan yuz chandon xatarli edi. Shuning uchun ularni mutassil qatog‘on qilib turish kerak edi.

Shunday qilib, Muhammadjon domla 1949 yilda “mavjud siyosiy tuzumga qarshi” degan ayb bilan yigirma besh yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu safar uni Qozog‘istondagi mehnat lagerlaridan biriga jo‘natishdi. Umrining teng yarmini ilm o‘rganishga sarflagan, mumtoz adabiyot, tarix, fiqh va aqida ilmlarida tengsiz alloma yana inson zoti chidab bo‘lmas og‘ir mehnatlarga majbur etildi. Biroq bu safar domla shunchaki bo‘yin egmadi. U Moskvaga tinimsiz arizalar yozdi. Natijada domlaning barcha ilmiy, ijodiy faoliyati taftish etilib, to‘rt yilu uch oy deganda ozodlikka chiqarildi.

Muhammadjon domla navbatdagi surgundan qaytib Tojikiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalar bo‘limida tarjimon bo‘lib ishlay boshladi. Domla ana shu bo‘limda ikki yil arab tilidagi kitoblarni fors va o‘zbek tillariga o‘girish bilan mashg‘ul bo‘ldi. Xususan, shu yillarda u Zamaxshariyning «Navobig‘ul kalim» hamda «Maqomoti Zamaxshariy» asarlarini arab tilidan fors tiliga, Imom Barzanjiyning «Mavludun nabiy» asarini o‘zbek tiliga, Imom Busiriyning «Qasidai Burda» asarini fors tiliga, arab shoiri Farazdaqning Imom Zaynul Obidinga bag‘ishlangan qasidasini o‘zbek tiliga tarjima qildi.

Biroq tinimsiz ta’qib va taziyqlar, mehnat lagerlaridagi og‘ir hayot, mash’um urush balolari asta-sekin o‘z asoratlarini namoyon eta boshlagan edi. Domlaning ko‘zlari xiralashib qoldi. Shifokorlar u kishiga mutassil kitob bilan shug‘ullanish zararli deb tashxis qo‘ydilar. Shundan so‘ng domla endilikda to‘plagan ilmini boshqalarga berish mavridi kelganini anglab, bir qancha kitoblar tasnif etishga muvaffaq bo‘ldi. Jumladan, domla Qur’oni karimning ma’naviy tarjimasi —  «Bayonul Furqon fi tarjimatil Qur’on» kitobini tasnif etdi. Bu muborak kitob O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi ilmiy xodimi, zahmatkash olim Sayfiddin Rafiddinov tomonidan 2006 yilda nashrga tayyorlanib “Movarounnahr” nashriyotida chop etildi. Bobomiz Imom Buxoriyning “Al-jomi’ as- sahih” hadislar to‘plamini, Burhoniddin Marg‘inoniyning “Hidoya”, Imom A’zamning «Fiqhi akbar», Abdurahmon Jomiyning “Sharhi Mullo”, Muhammad Fazlul- imom Xayriobodiyning “Mirqotul-mantiq” asarlarini sharh qildilar. «Usuli Shoshiy», «Nurul anvor» va «Muxtasari maoniy» kabi asarlarni o‘zbek va fors tillariga tarjima qildi. Ayniqsa, domlaning Abdulqodir Bedil g‘azallari sharhi tahsinga sazovor bo‘ldi. Bundan tashqari, Muhammadjon domlaning ilmiy ma’ruzalari yuzlab magnit tasmalariga shogirdlari tomonidan yozib olindi. Bu ma’ruza va suhbatlar, tafsir, hadis, fiqh, islom tarixi, tasavvuf, adabiyot va odob-axloq haqidadir.

Domla Muhammadjon Hindistoniy hazratlarining ilmu ma’rifatga qo‘shgan hissasidan tashqari, yana bir muhim xizmatlari bor. U kishi bizning bugungi davrimizda sodir bo‘layotgan ayrim muammolarni bundan 25-30 yillar avval aytgan va buning oldini olishga bel bog‘lagan zotlardan biri edi.

Ma’lumki, dunyo miqyosida diniy terrorizm, ekstremizm degan atamalar o‘tgan asrning 80-yillarida paydo bo‘la boshlagan edi. Aynan shu yillarda Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika davlatlarida bir qancha qurolli xurujlar ham amalga oshirildi. Misr, Iordaniya va Suriya singari mamlakatlarda jangari diniy g‘oyalar bilan zaharlangan guruhlar turli xil iddaolar bilan chiqib, bu g‘alayonlar natijasida yuzlab begunoh insonlar nobud bo‘ldi. Eng yomoni, bunday zararli g‘oyalar muqaddas islom dini nomi bilan bog‘lanib, boshqa musulmon o‘lkalarga ham “eksport” qilina boshlandi. Ming afsuski, bu g‘oyalar bizning o‘lkalarga ham allaqachon yetib kelgan va hatto, ayrim hissiyotli kishilarni “tuzoq”qa tushirib ham bo‘lgan edi. Mana shu xavfni vaqtida sezgan Muhammadjon domla bunday oqimlarni, firqalarni keskin qoralay boshladi. Eng muhimi, bunday oqimlarning bayroq qilib olgan g‘oyalaridagi fiqihiy, aqidaviy xatolarini ilmiy asosda fosh etishga kirishdi. Natijada, Muhammadjon domlaga qarshi bo‘lgan guruhlar paydo bo‘ldi. Ular domlani goh aqldan ozganlikda, goh hukumat bilan murosasozlikda ayblay boshladilar. Hatto ular shu darajada adabsizlikka borishdiki, domlani “ustiga Qur’on ortilgan eshak” deyishdi. Butun umrini ilm ustida o‘tkazayotgan allomani “johil”, “kofir” deyishgacha bordi. Alam qiladigani shuki, Muhammadjon domlani bu qadar haqoratlayotgan va malomat qilayotgan bu kimsalarning bari bir vaqtlar domladan ilm o‘rgangan “shogirdlar” edi.

O‘sha vaqtlarda bu noqobil shogirdlar domlani tinimsiz “jihod” qilishga undardi. Dinu diyonatni o‘rtaga qo‘yib, ayrim mamlakatlardagi voqealarni domlaga o‘rnak qilib ko‘rsatardi. Uni Alloh taoloning eng muhim farzlaridan birini ado etmayotganlikda ayblardi. Vaholanki, bu tashviqotlar sirtdan qaraganda jo‘yaliroqdek ko‘rinsada, ammo uning zamirida dinni, iymonni himoya qilish emas, aksincha, ayrim guruhlarning manfaatlari yashiringan edi. Maqsad domlaning xalq ichidagi obru-e’tiboridan, nufuzidan foydalanib o‘z rejalarini amalga oshirish edi. Muhammadjon domla ana shu yaltiroq chaqiriqlarning ortidagi bu manfur rejalarni basirat ko‘zi bilan allaqachon anglab yetgandi. Shuning uchun ham domla yo‘ldan ozgan bu “shogirdlar”ning aqidasini to‘g‘rilash yo‘lida ko‘p aziyat chekdi, malomatlarga qoldi.

Muhammadjon domla ana shunday noqobil shogirdlaridan biriga maktub yo‘llab, (bu maktub hamon saqlanmoqda) unda shunday yozadilar: “Sen afg‘on mujohidlarini “ular haqiqiy jihod qilmoqdalar”, deb maqtaysan. Biroq ularning jihodi — musulmonlar masjidlarining buzilishi, namoz o‘qiydiganlarning o‘ldirilishi, odamlar mollarining  g‘orat qilinishi, ayollar va bolalarning qatl qilinishi, g‘ayridinlardan pul undirish va birodarlarini o‘ldirishdan iboratdir. Nahotki shu muqaddas jihod bo‘lsa? Aslo unda emas! Bu muqaddas qadamjolarni vayron etish va muqaddas buyumlarni yo‘q qilishdan boshqa narsa emas. Chunonchi, Qandahorda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning eski abolari, ya’ni, maxsus ust kiyimlari  saqlanardi — uni yoqib yuborishdi ular! Nahot shu muqaddas jihod? Hosho va kallo — Alloh asrasin, yo‘q-yo‘q! Agar ular musulmonlar bo‘lsalar, bu dunyoda namuna bo‘lgulik hech vaqo yo‘q ekan!”

O‘tgan asrning oshkoralik yillariga kelib, Markaziy Osiyodagi radikal guruhlar faoliyati yana-da jonlanib ketdi. Xorijdagi ayrim siyosiy guruhlar mintaqadagi boshboshdoqlikdan unumli foydalanib qolish uchun hech narsani ayamayotgan edi. Ana shunday bir vaziyatda Muhammadjon domla tasnif etayotgan kitoblarida, ma’ruzalarida kishilarga “har qanday muvaffaqiyat sabr va shukr qilish ne’mati bilan barqaror bo‘lishini” bot-bot takrorlar edi. Bundan g‘azablangan to‘dalar domlani “shrik”da ayblab chiqishdi. Bu ayblovga qarshi Muhammadjon domla yuqoridagi maktubda shunday jumlalarni yozadi: “Bilgilki, biz masjidlarimiz dahriylar maskaniga aylangan, oshkora namoz o‘qib bo‘lmaydigan zamonlarni ko‘rdik. Bundan hatto marhumlar ham aziyat chekishdi. Chunki hech kim, hatto imom ham ularga janoza o‘qiy olmasdi. Janoza o‘qishga jur’at etgan imom ertasigayoq qamoqqa olinishi mumkin edi. Endilikda yaratgan Egam odamlarning ahvolini o‘zgartirgan. Hamma hadiksiramay masjidga boradi, jamoat bo‘lib namoz o‘qiydi. Bu Allohning marhamati emasmi? Sen esa bizning shu kunlarga yetganimiz uchun “Allohga shukr!” deyishimizni ham aybga sanaysan. Sen u zamonlarni ko‘rmagansan, tug‘ilmagan bo‘lsang ham ehtimol. Va yana behayoliging va aqlsizligingga borib, davlatga rahmat aytishni, bu kunlar uchun shukr qilishni “shirk” deb bilasan. Seningcha, bular Allohning marhamati emasmi? “Yaxshilik ham, yomonlik ham Allohdan” ekaniga ishonmaysanmi? Shuncha balolarni boshdan kechirdimki, hozirgi kunim uchun Parvardigorga har qancha shukr qilsam oz”.

Domlaning mazkur tanbehlarini o‘qir ekansiz, beixtiyor bu gaplar bizning davrimiz uchun aytib ketilgandek tuyuladi. Zero, hozirda ham bilib-bilmay kimlarningdir “tegrmoniga suv quyib” yurgan kishilar yo‘q emas. O‘zlarini “allomai zamon” chog‘lab, boshqalarni yoppasiga kufrda, kofirlikda ayblab yurganlardan ham ko‘z yumolmaymiz. Ammo bunday kimsalarga bir haqiqatni aytishimiz mumkin: Muhammadjon domlaga, ya’ni, ustoziga behurmatlik qilgan, u kishini zamonasiga shukr qilgani uchun shirkda ayblagan, kuch bilan, qurol bilan mamlakatni musulmonobodga aylantirib tashlamoqchi bo‘lgan “shogirdlar”ning aksariyati hozirda yo‘q. Chunki Muhammadjon domla ularning sa’i-harakatlarini ko‘rib, bu ishlari ortidan yaqin kelajakda juvonmarg bo‘lishlarini karomat qilgan edilar. Xuddi shunday bo‘ldi. Bu achchiq tarix har birimizga ibrat bo‘lishi kerak.

Darhaqiqat, Muhammadjon Hindistoniy domla 1989 yil 97 yoshlarida olamdan ko‘z yumdilar. Domlaning sodiq shogirdlaridan biri bu kunlarni shunday eslaydi: “Domla bizni bir umrga tark etishlaridan ikki kun oldin aytdilarki, “Shu oqshom Mavlono Ya’qubi Charxiyni tush ko‘ribman. Mavlono taxti ravon ustida yurib, oldimga kelib dedilar: «Ey Mavlaviyi Qo‘qandiy, taxt ustiga chiq, birga gulistonga sayrga chiqamiz. Azizlarim, xayolimda u dunyo sari safar qilayotgandayman. Agar qo‘llaringdan kelsa, mani shu buzurgvorning yonlariga dafn qilinglar va qabrim boshiga mana bu ruboiyni yozib qo‘yinglar:

Birodarlar, Xudo uchun qabrimni ziyorat eting,
Mening nochor holimga rahmat ila nazar qiling.
Yashnagan hayotning oxiri nadomatdir,
Xudoni doim eslangu g‘aflatdan hazar qiling.

Bu aziz zot o‘zi istaganidek Mavlono Ya’qubi Charxiy mozoriga dafn etildilar. O‘ylaymizki, shubhasiz 20-asrning yutuk allomalaridan biri bo‘lgan Muhammadjon Hindistoniy domlaning ilmiy-ijodiy faoliyati tadqiqotchilarimiz tomonidan hali ko‘p o‘rganiladi.