Nasldan naslga o‘tuvchi genlar

yoxud DNKning tirik jonzotlar hayotidagi o‘rni xususida

O‘tgan asrda evolyutsiya jarayonini o‘rgana boshlagan olimlar tirik jonzotlarning o‘z ajdodlariga o‘xshash bo‘lib tug‘ilishi sababi haqida tushunchaga ega emasdilar. Bugungi kunda esa buning genlar va DNK bilan bog‘liq ekani barchaga ma’lum.
Mushuklardan mushuk tug‘iladi, tovuq tuxumidan esa jo‘jalar dunyoga keladi. Nima uchun yangi tug‘ilgan mavjudot o‘z ajdodiga juda o‘xshash? Va ulardagi ayrim belgilar, masalan, ko‘zlarining rangi yoki o‘xshash burunlar qanday qilib ajdoddan avlodga o‘tadi? XX asrning o‘rtalariga qadar olimlar bu savolga javob bera olmasdilar. O‘sha vaqtda rivojlanayotgan yangi organizm haqidagi to‘laqonli ma’lumotni chindan ham hech kim bilmasdi. Faqat 1953 yildagina bu hodisaning DNK tuzilmasi bilan bog‘liq ekani oydinlashdi.

DNK qanday ishlaydi?

DNK, ya’ni dezoksiribonuklein kislota odatdan tashqari modda bo‘lib, bu kimyoviy birikma o‘z tarkibida o‘sha turga xos barcha belgilarni saqlashga qodir. DNK molekulalari tirik hujayralarda, albatta, ishtirok etadi va hujayralarning bo‘linishi oldidan o‘z “sherik”larini yuzaga keltiradi.
Ko‘pgina kimyoviy moddalar molekulalari bir xil tuzilishga ega, ya’ni atomlar ularda bir xil joylashgan. Ularning “suyagi” ikkita spiralsimon ipdan tashkil topgan, ya’ni asosi azotdan iborat. Ular atigi to‘rtta — A (adenin), G (guanin), S (tsitozin), T (timin). A faqat T bilan, G esa S bilan bog‘lanishi mumkin. Barcha tirik jonzotlarda spiral iplari bir xil, ammo ular juftlikka asoslangan ketma-ketlikda joylashishi ham mumkin. DNK hujayralaridagi iplar bo‘linish oldidan sochilib ketadi va ularning har biridan o‘ziga o‘xshash nusxalar paydo bo‘ladi. Bitta DNK molekulasida minglab genlar joylashgan. Hujayraga to‘la genlar yig‘indisida esa organizmlarning rivojlanishini ta’minlaydigan ma’lumotlar bor. Bir xil genlar organizmning jismoniy belgilarini aniqlaydi, masalan, soch va ko‘zning rangi ularda aks etadi. Boshqalari esa kimyoviy jarayonning tezligini aniqlaydi, uchinchi genlar boshqalarining ishini to‘xtatib qo‘yishi mumkin. Ayrim genlar faqat favqulodda holatlarda, masalan, vayron etuvchi viruslar paydo bo‘
lsagina o‘z harakatini boshlaydi.

Organizmlarning o‘zgaruvchanligi

Ikkita bir xil tuzilishdagi gen uchrashi mumkin, biroq tabiatda bunday voqelik kam kuzatiladi. Aksariyat tirik jonzotlar esa ota-onalarinikidan farqlanuvchi genlar to‘dasiga egadir. Buning natijasida har bir organizm g‘aroyib¬ genlar va belgilarga ega bo‘ladi. Genetik xilma-xillik — o‘zgaruvchanlik tirik mavjudotga tabiiy tanlanishni amalga oshirishda, ya’ni evolyutsiya jarayonida muhim ahamiyat kasb etadi. Genetik o‘zgaruvchanlik organizmlarning jinsiy ko‘payishini ta’minlaydi. Bu usul bolalarning o‘z ota-onalaridan bir xil bo‘lmagan, ya’ni aralash genlarni qabul qilib olishiga ham imkoniyat yaratadi. Masalan, bir ota-onaga tegishli mushuk bolasi ularning biridan qora rangni, ikkinchisidan ko‘m-ko‘k ko‘zni oladi. Agar uning oyoq panjalari yoki ustki qismida oq, ola-chipor belgilar ko‘zga tashlansa, bilingki, “buvisi” yoki ”buvasi”da o‘sha belgilar bo‘lgan. Bu shuning uchun ham ro‘y beradiki, ayrim genlar boshqalariga o‘zining kuchli ta’sirini o‘tkaza oladi. Demak, belgining bir avlod o‘tib, keyingilarida nam
oyon bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.

Genlar va atrof-muhit

Garchand genlar turli tirik mavjudotlarning belgilarini aniqlab bersa ham, organizmlar tashqi ko‘rinishi yoki o‘zini tutishida atrof-muhit bilan chambarchas bog‘lanadilar. Organizmning ozuqa manbai mo‘l-ko‘l bo‘lsa, demak, u yaxshi rivojlanadi, kam bo‘lsa, aksincha, u zaiflashadi. Hayvonot olami nasl qoldirishda genlardagi instinktga asoslanadi. Ammo ayrim turlardagi bu jarayon hali o‘rganilmoqda.

Gen muhandisligi

Bu — genetika fanidir. Tabiatdagi tirik mavjudotning bir-biridan ko‘payishini tad¬qiq etuvchi bu fan mikroorganizmlar (mikroskopik bir hujayrali hayvonlar, bakteriya va achitqilar)ning tanadagi harakatini ham o‘rganmoqda. Gen muhandisligi amaliyotda qo‘llash mumkin bo‘lgan takliflarni beradi. Genetiklarga maxsus belgilari bilan yaratilgan sun’iy mavjudotlar yoqmaydi. Ular klonlashtirilgan odamning yaratilishini ham rad etdilar. Zero, genetiklarning turlar tabiiy ko‘payishi kerak, degan fikri Yaratganning azmu irodasi bilan hamohangdir.

Hulkar To‘ymanova,
“Marifat” gazetasidan