Ja’far Xolmo‘minov. Jaloliddin Rumiy va g‘arb adabiyoti

http://n.ziyouz.com/images/rumiy1.jpgHamisha afsonaviy bo‘lib kelgan Sharq o‘z adabiyoti va san’ati bilan ham Yevropa xalqlarini maftun etganligi sir emas. Sharq adabiyotining daholari – Rudakiy, Firdavsiy, Ibn Sino, Xayyom, Nizomiy, Attor, Rumiy, Sa’diy, Hofiz, Jomiy, Navoiy, Bobur va Bedilning insonparvar va hayotsevarlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan adabiy-ilmiy merosi G‘arb shoir va yozuvchilarini ilhomlantirib kelgan. Ammo ana shu ulug‘ mutafakkirlarimiz orasidan buyuk shoir, mutafakkir, “Mavlaviya” tariqatining asoschisi Mavlono Jaloliddin Rumiy (Balxiy) nomi va ma’naviy merosi yevropaliklarga ko‘proq tanish. Mashhur rumiyshunos olima Annemariye Shimmel ta’biri bilan aytganda, “G‘arbda islom oriflaridan hech kim Jaloliddin Rumiy darajasida tanilgan emas». Xo‘sh, ulug‘ olmon faylasufi Gegelning dialektika haqidagi nazariyasi uchun sarchashma bo‘lib xizmat qilgan Rumiy tafakkuri Yevropa adabiyoti, falsafasi va umuman, ma’naviy hayotida qanday o‘rin tutadi?

Rumiy va Angliya

Rumiy hayoti, ijodi va qarashlarini tahlil va tadqiq etish yo‘lida AQSh va G‘arbiy Yevropada ko‘zga ko‘rinarli jiddiy ilmiy ishlar amalga oshirildi. Rumiyshunoslik bilan jiddiy shug‘ullangan ingliz olimlaridan birinchi bo‘lib Rinald Nikolsonni (1868-1945) eslash joiz. U aslida yunon va turk tillari bo‘yicha mutaxassis edi, biroq fors tiliga jiddiy mehr qo‘yganligi, qat’iy va tinib-tinchimas sa’y-harakati bois fors tilini, so‘ng arab tilini o‘rganib oldi. O‘ttiz yoshlik paytidayoq Mavlono Jaloliddin Rumiyning “Masnaviyi ma’naviy” va “Devoni Kabir”ini mutolaa qildi. Shu mutolaa natijasi o‘laroq, uning she’rlaridan tanlab bir to‘plam nashr ettirdi. Nikolson shoir devonlaridan tanlab olgan g‘azallarni falsafiy ma’nosi va xususiyatiga qarab tasnifladi hamda 1898 yilda “Jonning joni” nomli to‘plam shaklida nashrdan chiqardi. Mazkur majmua 1977 yilda qayta chop etildi. U 1924 yilda “Osiyo saltanati jamiyati” jurnalida Rumiyning “Fihi mo fihi” (“Ichindagi ichingdadir”) asarini tanishtirib, uning ba’zi qismlarini tarjima qildi. Nikolson amalga oshirgan ishlarning eng muhimi “Masnaviy” tarjimasi va sharhidir. U yozadi: “Masnaviy” Jaloliddinning she’riyatdagi hayratga soluvchi iste’dodi kengliklarini “Devoni Shamsi Tabriz”dan ko‘ra to‘laroq namoyon etadi. Mavlono g‘azallari haqiqat, zavq-shavq va jozibaga undovchi she’riyatning eng baland cho‘qqilarida parvoz etib, uni irfon mulkining malik ush-shuarosiga aylantirdi. Ammo bu g‘azallar shunday bir olamda sayr qiladiki, hayotning oddiy mushohadalari bilan uning orasida ancha masofa mavjud. G‘ayb va ahlidan boshqa hech kim bundan ogoh emas. Gap shundaki, “Masnaviy” birinchi navbatda ana shunday masala va tushunchalarga nazar soladi, inson hayotining mazmun-mohiyati hamda turmush tarzi bilan aloqa o‘rnatadi”.

Nikolson 1925-1940 yillar davomida “Masnaviyi ma’naviy”ning ilmiy-tanqidiy matnini tayyorlash va baytlarini sharhlash bilan shug‘ullandi. Nihoyat, jiddiy sa’y-harakat va bir dunyo mehr-muhabbat bilan ko‘ngliga tugib qo‘ygan niyatini amalga oshirib, sakkiz jildlik kitobni jahon ilmiy va adabiy jamoatchiligiga taqdim etdi.

R.Nikolson taxminan umrining qirq yetti yilini “Masnaviyi ma’naviy” asari tanqidiy matnini yaratishga sarfladi. Bu davr davomida u Rumiy vafotidan so‘ng yuz yil ichida ko‘chirilgan va hozirgi kunda turli kutubxona va muzeylarda saqlanayotgan qo‘lyozma nusxalarni solishtirib, “Masnaviy”ning ilmiy-tanqidiy matnini yaratdi, Mavlono hayoti, ijodi va qarashlariga doir “Mavlono Rumiy: shoir va orif” (London, 1950) nomli kitob yozdi.

Nikolson boshlab bergan ingliz rumiyshunoslik maktabini uning harakatchan va faol shogirdlaridan Artur Jon Arberri (1905-1959) davom ettirdi. U “Masnaviy”ni mutolaa qilib, o‘zi uchun yangi bir xazina topdi. Uning 1927 yilda Nikolson bilan uchrashuvi hayotida katta burilish yasadi. U boshida Mavlaviyning bir necha ruboiysini ingliz tiliga tarjima qildi, so‘ng “Fihi mo fihi”ni o‘rganishga kirishdi. Bu paytga kelib, Arberri sharq tillaridan tarjima qilish sohasida katta tajriba orttirib bo‘lgan edi. Jumladan, “Qur’oni karim”ning ingliz tiliga tarjimasi ham u amalga oshirgan eng jiddiy ishlar sirasiga kirardi. Shu bilan birga “Masnaviy”dagi ikki yuz hikoyatni ham ommabop tilda tarjima qilib, Rumiyni anglash va tanishtirishga katta hissa qo‘shdi.

Arberri amalga oshirgan ishlardan “Maorifi Baho Valad” asari nashrini ham qayd etib o‘tish zarur. Bu asar “Asl matndan tuzilgan islom tamadduni yo‘nalishlari” kitobiga ham kiritilgan.

1963 yilda “Forsiy meros” nashriyoti va “Doirat ul-maorif” jurnalining bosh muharriri Ehson Yorshotir Arberridan Nikolsonning ishlarini davom ettirishni so‘radi. Chunki Nikolson undan oltmish yil oldin Shams devonidan 48 ta g‘azalni tarjima qilgan edi. Muxlislar qo‘lida faqat o‘sha tarjimalar mavjud edi. Arberri ana shunday bir ulkan va murakkab ishga qo‘l urdi va bu sa’y-harakatlar natijasi o‘laroq, irfoniy g‘azallardan iborat ikki jildlik kitob dunyo yuzini ko‘rdi. Ushbu kitobda u Rumiyning 400 ta g‘azalini ingliz adabiy tiliga, muxlislar uchun tushunarli tarzda tarjima qilishga erishdi (Rumiyning mistik poemalari, Chikago universiteti nash-riyoti, 1979). Darhaqiqat, zikr qilingan bu ikki kitob Yevropa xalqlarining Jaloliddin Rumiy va uning irfoniy merosiga bo‘lgan qiziqishlarini yanada orttirdi.

Uilyam Jons (1746 – 1794) ham forsiy matn tarjimasi bilan aloqador ishlarni amalga oshirishda ancha zahmat chekdi. Bu ko‘pchilik ingliz tadqiqotchilarining Sharq ma’naviy merosiga mehr qo‘yishlariga sabab bo‘ldi. U. Jons Mavlono Jaloliddin Rumiyning “Masnaviy” tarjimasini mutolaa qilar ekan, o‘zgacha bir kayfiyatga tushib, barcha ishlarini bir chekkaga yig‘ishtirib qo‘ydi va o‘zi ham Mavlaviy asarlari tarjimasiga kirishib ketdi.

Arberri “Masnaviy” hajviy kitob emasligi, agar mabodo qisqagina hajv ishlatilgan bo‘lsa ham u o‘ziga xos bir ma’no yukini ko‘tarishini anglamagan ko‘rinadi. Bundan tashqari, muallif Rumiyni Jeffri Xauser va Shekspir bilan qiyoslaydi, bu umuman to‘g‘ri kelmaydigan muqoyasadir, chunki ingliz she’riyatining otasi – Jeffri Xauser Hofiz Sheroziy bilan zamondoshdir. Xauserni Rudakiy bilan qiyoslasa bo‘ladi, chunki biri fors-tojik she’riyatining, ikkinchisi ingliz she’riyatining asoschisidir. Faqat ular orasidagi farq shundaki, Xauserning barcha asarlari yozib olingan, vaholanki, Rudakiyning eng kamida yuz ming baytdan iborat she’riy merosidan bor-yo‘g‘i ming baytdan ko‘proq she’r bizgacha yetib kelgan, xolos.

Umuman olganda, Arberrining tarjimalarini fors adabiyoti uchun xolis xizmat deb baholash lozim. Agar Amerika va Yevropa sharqshunoslari bizning adabiyotimizdagi teran mazmun va ma’nolarni chuqur anglab, idrok qilganlarida edi, ko‘hna Sharq adabiyoti ulug‘vorligi bilan dunyoni butunlay zabt etgan bo‘lardi.

Mavlaviya tariqatining o‘ziga xos jihatlari angliyalik sayyohlarni ham jalb etib kelmoqda. Jumladan, Reshad Fild Turkiya va uning madaniy hayoti bilan tanishib, so‘fiylar zikri haqida ma’lumotlar olgach, Qo‘nyo shahrini ziyorat qiladi. U 1976 yilda “Ogoh jon muassasasi” nomli uyushma tashkil etadi. Bu uyushma bugun ham “Mavlono asosi” nomi bilan faoliyat ko‘rsatmoqda. Reshad Fild o‘zining “Tasavvuf ta’limoti dunyosiga safar” nomli asarida Qo‘nyo safaridan olgan taassurotlarini hikoya qilgan.

Rumiy va Frantsiya

Rumiy hayoti va qarashlariga qiziqqan frantsiyalik ilk muxlis Klement Havort (1854 – 1926) edi. U frantsuz sayyohlaridan bo‘lib, bir qancha muddat Qo‘nyoda yashagan. Aynan ana shu davrda so‘fiy darveshlarning zikru samo’ majlislaridan olgan taassurotlarini “Qo‘nyo – darveshlar shahri” va “O‘rta Osiyoga safar xotiralari” nomlari bilan hisobot tarzida nashr ettirdi. Rumiy hayoti va ijodiga bo‘lgan qiziqish esa uni Aflokiyning “Manoqib ul-orifin” asarini (Rumiy haqidagi manoqib) frantsuz tiliga tarjima qilishga undadi.

Klement Havortdan keyin Mauris Borres uning asarlariga jiddiy ahamiyat beradi. Romannavis yozuvchi va siyosatchi Borres sharq xalqlari hayotiga va madaniyatiga qiziqib, 1914 yilda Turkiyaga safar qiladi va “Sharq mamlakatlarini o‘rganish” nomli safarnoma asarini yozadi. Oxir-oqibat Borres shunchalik Mavlaviy ta’siriga tushib qoldiki, umr bo‘yi uning fikri-zikri bilan yashadi. Uni hammadan ham ko‘p qiziqtirgan narsa – darveshlarning davra qurishi (aylanishi) va ularning zikr tushishi bo‘ldi.

Mishel Randun 1960 yilda Mavlaviy haqida “Jaloliddin Rumiy, tasavvuf, raqs” nomli kitob yozdi. O‘z asariga darveshlar guruhining zikri va zikr tushuvchilar rasmini ilova qilgan. Hozirgi zamon shoiri va yozuvchisi Titus Burkhort unga muqaddima yozgan. Taniqli teatr rejissyori Maurays Bejat esa mazkur kitobda darveshlar zikri haqida ba’zi masalalarni keltirgan. Bu asar jahon tinchlik raqslarini sahnalashtiruvchi ustoz Samuil Luisga munosib ta’sir ko‘rsatdi.

XX asrning ikkinchi yarmida G‘arb mamlakatlari yoshlari Sharqda asos solingan maktablarga o‘ziga xos bir e’tibor bilan yondasha boshladilar. Ayniqsa, sharq madaniy maktablari orasida qadimgi hind maktablari va buddaviylikdan olingan “Bhakti” va “Vedanta” kabi uyushmalar ko‘proq ularning diqqatini torta boshladi. Shu bilan birga, darveshlarning guruh zikri yoki so‘fiyona raqslar g‘arbliklarga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Bu ta’sir natijasi o‘laroq, ikki kitob, biri – Dunkanning “Rumiyning mozori Qo‘nyodadir” va ikkinchisi Jeyms Muuresning “Darveshlar zikri” nomli asarlari dunyo yuzini ko‘rdi.

Ta’kidlab aytish kerakki, XIX asrning oxirlarigacha frantsuz tadqiqot-chilari va sharqshunoslari Rumiy haqida aniq ma’lumot va tiniq tasavvurga ega emas edilar. Ular faqat darveshlarning davra qurib aylanishi va nari borsa, so‘fiylar istilohoti haqida ozmi-ko‘pmi xabardor edilar, xolos. 1970 yillardan boshlab Frantsiya adibsevarlari Mavlaviy ijodi va qarashlari bilan nisbatan yaqinroq tanishdilar, deyish mumkin. Nega? Chunki Frantsiyada o‘qib, ta’lim olgan bir rus ayoli Rumiy asarlarining tarjimasini nashr etib, ilm va adabiyot ahlining e’tiboriga havola etdi. Bu ayolning ismi Yeva Vitrau Meterovich bo‘lib, u Mavlaviy ijodining ashaddiy muxlislaridan edi, shuning uchun ham butun umrini mutafakkir asarlarining tarjimasiga bag‘ishladi. Yeva Vitrau “Jaloliddin Rumiy va Mavlaviya tariqati” va “Rumiy va tasavvuf”i nomli ikki jiddiy asar yozdi. Keyinroq bu kitoblar Simon Fattal tomonidan ingliz tiliga tarjima qilindi. Yunesko tomonidan nashr etilgan Yeva Vitrauning yana bir kitobi – “Devoni Shams” g‘azallaridan ba’zi namunalar tarjimasi edi. Yuqorida zikr etilgan asarlardan tashqari u “Fihi mo fihi”ni tarjima qildi va bu risola haqida maqolalar yozdi.

Rumiy va Olmoniya

1821 yilda Fridrix Avgust Deofidus Touluk (1799-1877) ismli bir protestant pop “Vahdati vujud” falsafasi haqida kitob yozdi. Unga Sharq shoirlarining orifona she’rlari tarjimalari ham kiritilgan edi. Touluk boshqa bir kitobida Mavlaviyni pir deb biladi va duo haqida bir qancha fikrlarini ilgari suradi. Mazkur kitobda Touluk “Masnaviyi Ma’naviy”ning uchinchi jildidan baytlar keltirib, “Mavlaviy duolari aynan ijobat bo‘ladi” degan xulosa chiqaradi. Keyinchalik dialektika maktabi nazariyotchisi va faylasufi Georg Vilgelm Fridrix Gegel (1770-1831) Touluk asarlarini mutolaa qilgach, Mavlaviy qarashlarining ta’siriga tushib qoladi va “vahdati vujud” nazariyasidan “Falsafiy fanlar qomusi”da foydalanadi.

Rumiy singari, Gegel falsafasida ham aql va tafakkur mutlaqlashtiriladi, ular inson va insoniyatga bog‘liq bo‘lmagan, tabiat, zamondan tashqaridagi absolyut mohiyat sifatida talqin etiladi. Gegelning dialektika haqidagi ta’limoti – miqdor va sifat o‘zgarishlari, ayniyat va ziddiyat haqidagi qarashlari ham Rumiy tafakkuridan sarchashma oladi. Rumiy ham, Gegel ham dunyoni harakatlantiradigan va taraqqiyotga sabab bo‘ladigan narsa ziddiyatdir, degan xulosaga keladilar.

XX asrning birinchi yarmida Yevropa donishmandlari va ulamolari Mavlono bilan tanishdilar va umuman olganda unga nisbatan ijobiy fikrda edilar. Turkiyaning Vatikandagi elchisi Xristian Karl Annemariye Shimmel bergan ma’lumotga qaraganda, Yozef fon Hammer (1774-1856) o‘zining fundamental asari – “Eronda badiiy so‘z san’ati tarixi” kitobida Olmoniyada birinchilardan bo‘lib Rumiy hayoti, ijodi va qarashlari atrofida alohida to‘xtalib o‘tadi. Uning “Devoni Shams” g‘azallaridan amalga oshirgan tarjimalarini o‘qib chiqqan shogirdi – Fridrix Rukert (1788-1866) Rumiy g‘azallari uslubida “G‘azaliyot” nomli to‘plam yaratdi. Bu g‘azal janrining olmon tilidagi ilk namunalari edi (Annemariye Shimmel. Islomning irfoniy jihatlari (fors tilida). – Tehron, 1375.-B.496-497).

Annemariye Shimmel o‘zining “Shams shukuhi” deb nomlangan tadqiqotida quyidagi masalalar xususida bahs yuritadi: 1) qadimiy tarix va sarguzashtnoma; 2) Rumiyning taxayyulot dunyosi; 3) Rumiy ilohiyoti: Yaratguvchi va yaratilgan mavjudotlar o‘rtasidagi munosabat, Rumiyning inson haqidagi qarashlari; 4) Forsiyzabon adib va olimlarning Rumiy ijodi haqidagi mulohazalari; 5) Muallifning xotiralari. Bu kitob Hasan Lohutiy tomonidan fors tiliga tarjima qilinib, 1989 yili Tehronda chop etilgan.

Annemariye Shimmel mazkur asarida Mavlaviyning irfon va ilohiyotga oid fikrlarini tadqiq qiladi. Vahiy, inson maqomi, moddiy dunyo aksi, haqiqiy ishqning asl ildizi kabi mavzularga oid falsafiy fikrlarga jiddiy e’tibor qaratadi.

Annemariye Shimmelning XIX asr romantizmi davrida Mavlono Jaloliddin Rumiyning nemis shoir va yozuvchilariga ta’siri masalasiga oid tadqiqoti ilm sohasida kam uchraydigan hodisadir. U Mavlaviyning “Fihi mo fihi” asarini ingliz tiliga tarjima qildi. Undan tashqari Shimmel Mavlaviy ta’limotiga doir ko‘pgina maqolalar yozdi.

A. Shimmel 1948 yilda “Masnaviy”dagi tasvirlar va obrazlar haqida yaratilgan chuqur va keng ilmiy tadqiqotini olmon tilida chop ettirdi. Bu kitob olimaning Rumiy ijodiy faoliyati haqida uzoq yillar olib borgan tadqiqotlari samarasidir.

Germaniyalik tadqiqotchi Fritts Mayer (1912-1998) tasavvufga oid asarlariga katta qiziqish bilan qaragan. Mavlaviyning otasi – Bahovuddin Valadning tarjimai holi va asarlariga bag‘ishlangan yirik asar yaratdi. Mavlaviy ta’limotidagi ilohiyot masalalari ham keng tadqiq etilgan. Mayer bu kitobda Shams maqolalari va Ahmad Sipohsolor risolasini ham batafsil tahlil qildi. Shu o‘rinda Helmut Ritter (1892-1971) nomini ham tilga olish kerak. U Mavlaviy qo‘lyozma nusxalarini katta zahmatlar bilan yig‘ib, to‘pladi va o‘zidan keyingi tadqiqotchilar uchun tekis yo‘l ochib berdi.

Ritter Mavlono hayoti xususida mukammal va mufassal maqolalar hamda “Doirat ul-ma’orifi islom” va “Doirat ul-ma’orifi turkiyi islom” kitoblariga batafsil muqaddima ham yozgan.

Rumiy Bosniya va Gertsogovinada

Usmonli turklar Bosniyani egallagan paytdan, ya’ni XV asrdan buyon Bosniya xalqi Mavlaviy nomi va asarlari bilan tanish. Chunki Usmonli turklar qayerga bormasinlar, o‘sha yerda xonaqohlar qurib, ularda zarur rasm-rusumlarni bajarar edilar.

XV asrda Isobek Ishoqovich Sarayevo shahrini bunyod etib, 1469 yilda musofirlar uchun xonaqoh quradi. Bu xonaqoh vaqfnomasida biron firqa yoki Mavlaviya tariqatining nomi keltirilmaydi, lekin bu xonaqoh Mavla-viya tariqati va uning marosimlari uchun qurilganligi o‘z-o‘zidan ma’lum.

Usmonli turklar istilosidan keyin Bosniyada “Masnaviy”asariga qiziqish kuchaydi. Bu hududda ijod qilgan ko‘pgina atoqli shoirlar Rumiy ijodiga katta qiziqish bilan qarardilar. Misol uchun Poshsho Boyazid Agich “Dor ul-masnaviy” maktabini qurdi va unda “Masnaviyi ma’naviy”ni o‘qitishga alohida e’tibor berdi. Bosniyada “Masnaviy” talqinlariga bag‘ishlab, bir qator sharhlar yozildi. Shulardan biri Favziy Mustoriy yozgan sharh bo‘lib, u xalq orasida, ayniqsa mashhur edi. Adibning “Bulbuliston” kitobi ham Bosniyada sevib o‘qilgan.

Necha asrlardan buyon Sarayevoda “Masnaviy” va masnaviyxonlik davom etib kelmoqda. Hatto bir guruh qissaxonlar hozir ham “masnaviyxonlar” nomi bilan ataladi. Ular yig‘inlarda va to‘garaklarda maxsus ohang – ovozda “Masnaviy” o‘qiydilar. Bu muzofot yozuvchilaridan Solih Trako taniqli masnaviyxonlardan Tavakkuliy Dada nomini tilga oladi.

Usmonli turklar Bosniyadan ketgandan so‘ng ham u yerda masnaviyxonlik davom etdi.

XIX asrning oxiri va XX asr boshlarida Hoji Muhammad Jaloliddin Chovushovich, Shayx Hoji Boyirichlar mavlaviyxonlikni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shib, “Masnaviy”ni sharh va bayon etuvchi yirik asar yaratdilar.

Rumiy va Amerika

Amerika ahli Rumiy ijodi va qarashlari bilan ancha kechroq tanishdi. Rumiy haqidagi ilk amerikacha tasavvur garchi Mark Tven asarlari qahramonlari tilidan yangragan bo‘lsa-da, bu ulug‘ mutafakkir ijodiga nisbatan jiddiy qiziqish XX asrning ikkinchi yarmidan so‘ng boshlandi.

Mavlono Jaloliddin Rumiyning Amerikada shuhrat qozonishiga “Mavlono Rumiy” nomli kitob yozgan Koleman Barks sababchi bo‘ldi. Bu asar qisqa fursat ichida kitobxonlar orasida katta shuhrat qozondi.

1994 yilning dekabrida “Pir publikeyshn end Sufi Buks” nashriyoti Mavlono bilan Shams o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muloqotning 750 yilligi munosabati bilan ajoyib bir tashabbusga qo‘l urdi. Unga ko‘ra, tashabbuskorlar Rilke, Lorka va Mavlaviy she’rlarini kuylash uchun bir guruh xonandalar bilan birga Koleman Barksni “Manxatten simfonik” klubiga taklif etishdi. Ular tomonidan Rumiy dostoni asosida tayyorlangan “Uch baliq” nomli lavha amerikaliklarda katta taassurot qoldirdi.

Amerikalik matbuotchilardan biri Richard Brukker Qo‘nyoda Mavlaviy maqbarasini ziyorat qilgach, butun vujudi bilan uning ta’siriga tushdi va “Islomni radikal va fundamentalist deb talqin qilish kerak emas”, degan xulosani ilgari surdi.

Turkiyaga safar qilgan ko‘pgina yevropalik va amerikalik sayohatchilar sufiy darveshlarning zikr tushishi (Mavlaviya tariqatidagi zikr va samo’ majlisi) haqida ko‘plab maqola va kitoblar yozishgan.

Eronlik mashhur rumiyshunos olim doktor Taqiy Purnomdoriyon Amerikada ingliz tilida “Masnaviy”ning saylanma matni 250 ming nusxada chop etilgani, Amerikada bozori chaqqon kitobga aylantirgani haqida ma’lumot beradi.

Bugungi kunda Amerikada Maryam Baker Bosh muharrir bo‘lgan “Mavlono muxlislari” jurnali nashr etilmoqda. Mavlono ijodini keng targ‘ib qilishni asosiy maqsad qilib olgan ushbu jurnal bu sohada ko‘zga ko‘rinarli ijodiy ishlarni amalga oshirdi va o‘z atrofiga Mavlono muxlislari, shaydolarini yig‘ishga erishdi. Amerikadagi Rumiy muxlislariga tegishli veb-sayt sohiblaridan biri “Yangi Qo‘niyo” anjumanini tuzdi. Bu guruh qoshida ta’lim-tarbiya kurslari tashkil etilgan. Ularda talabalarni islom odob-axloqi va an’analari ruhida tarbiyalashga harakat qilinadi.

Zigmund Freydning shogirdi Erix Frommning asarlari jahonda munosib shuhrat qozongan. U Mavlaviyni Haq visoli, hayot zavq-shavqi, inson ruhiyatini tushunish, borliq olamdan xabardorlik kabi sifatlari va shu bilan birga ishqni hayot gavharidir, deb bilgani uchun katta hurmat bilan tilga oladi.

* * *

Bugungi kunga kelib, iqtisodiy inqirozdan ham ko‘ra ko‘proq ma’naviy inqirozga uchragan G‘arbning najot izlayotgan nigohlari Sharqqa qadalgan. Zotan Sharq tafakkur o‘chog‘i, hikmat bulog‘i va ma’naviyat sarchashmasi sifatida mashhurdir. Ana shu sarchashmalarga qaytish va undan ko‘proq bahra olish, ya’ni Rumiy singari daholar maslagida turib inson va insoniyatni sevish va ardoqlashgina go‘zallik, ezgulik tantanasiga yo‘l ochib beradi, deb umid qilamiz.

Ja’far Xolmo‘minov, falsafa fanlari nomzodi

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2010 yil, 9-son.