Nosir Muhammad. Jahonshumul meros

Sharqda o‘zining o‘tli g‘azallari, falsafiy mushohadalari va ma’nolar xazinasi bo‘lgan olti kitobdan iborat “Masnaviyi ma’naviy” asari bilan shuhrat topgan, “Mavlono”, “Mavlaviy” nisbalari bilan tanilgan bu ulug‘ zotning asarlari yuzlab tillarga tarjima qilingan, bu asarlarga bag‘ishlangan behisob sharhlar, tadqiqotlar e’lon qilingan.
Yaqinda Turkiya Milliy kutubxonasi “Mavlono bibliografiyasi” nomli kompakt-disk tayyorladi. Unda Mavlono hayoti va asarlariga oid 1151 nodir qo‘lyozma asar, dunyoda nashr etilgan 5 ming 96 kitob nomi qayd etilgan. Bu raqamlar ham Jaloliddin Rumiy merosi bugungi kunda qanday qadr topgani va dunyoviy miqyos kasb etganidan yorqin dalolatdir.
Muhammad Jaloliddin Rumiy hijriy 604 yilning 6 rabi ul-avvalida (1207 yilning 30 sentyabrida) Balx shahrida tug‘ildi. Otasi Muhammad bin Husayn Xatibiy (Bahovuddin Valad) sulton ul-ulamo laqabi bilan mashhur bo‘lgan olim va voiz edi. Raziuddin Nishopuriyning yozishicha, shoirning bobosi — Husayn bin Ahmad Xatibiy ham taniqli ulamo, buvisi Malikai Jahon esa xorazmshohlar xonadonidan bo‘lgan.
1219 — 1220 yillar orasida, mo‘g‘ullar bosqini jiddiy xavfga aylangan va chegara hududlardan tashvishli xabarlar kela boshlagan bir davrda Bahovuddin Valad o‘z oila a’zolari bilan Makka ziyorati niyatida yo‘lga tushadi. Bu vaqtda Jaloliddin 12-13 yoshlarda edi. Nishopurda ular mashhur shoir Fariduddin Attor bilan uchrashadilar. Bu suhbatda yosh Jaloliddin ham ishtirok etadi. Uning burro javoblari va iste’dodidan hayratga tushgan Attor unga o‘zining “Asrornoma” kitobini hadya qiladi. “Tez orada o‘g‘ling olamning kuyganlari qalbiga o‘t qo‘yadi”, deydi Bahovuddinga. Attor tasavvufda Najmiddin Kubro va Majdiddin Bag‘dodiyning izdoshi edi. Bahovuddin ham tasavvufning shu oqimiga mansub bo‘lgan.
Bahovuddin Valad o‘z oila a’zolari bilan Ray, Hamadon, Bag‘dod shaharlaridan o‘tib, Makkani ziyorat qilgach, qaytishda Rum eli — hozirgi Turkiya hududida yashab qoladi. Saljuqiy hukmdorlar o‘zlarining ota yurtlaridan kelgan ilmli kishilarni behad qadrlar, turli lavozimlarga ishga taklif qilar edilar. Movarounnahr mo‘g‘ul bosqini tufayli alanga ichida qolgan, ilm va hunar sohiblarining bir qismi Rumdan boshpana topgan edi. Bahovuddin Valad bir yil Oqshaharda, 4 yil Malatiyada, 7 yil Lorandada yashaydi. Madrasalarda dars beradi, voizlik qiladi. Bu davrda ilm-ma’rifatni behad qadrlovchi hukmdor — Alovuddin Kayqubod saljuqiylar saltanati taxtiga chiqqan edi. Bahovuddin Valadning ilmiy davralari dovrug‘i uning qulog‘iga ham yetib boradi. U maxsus odamlarini sovg‘a-salomlar bilan bu ulug‘ zot huzuriga jo‘natib, saltanat poytaxti — Quniyaga taklif etadi. 1229 yili Bahovuddin Valad oilasi bilan Quniyoga kirib keladi va tez orada yangi qurilgan madrasaga mudarris etib tayinlanadi. Yosh Jaloliddin ham otasining va’z va darslarida ishtirok etadi. Ammo oradan uch yil o‘tib, Bahovuddin Valadning safarlarga boy jo‘shqin hayoti nihoyasiga yetadi. Bu vaqtda Jaloliddin 24 yoshda edi. Uni otasi o‘rniga mudarris qilib tayinlaydilar.
O‘sha kunlari Bahovuddin Valadning ashobi va muridlaridan Sayyid Burhoniddin Muhaqqiq Termiziy ustozining vafotini eshitib, Quniyaga yetib keladi. U Jaloliddin tarbiyasi bilan jiddiy shug‘ullanadi. Mavlono 9 yil davomida uning yordamida tasavvuf maqomotlarini bosib o‘tadi, turli sohalardagi bilimini chuqurlashtiradi.
Bir necha yil davomida Halab madrasalarida tahsil ko‘radi. Faqat diniy bilimlarnigina emas, yunon falsafasi, mantiq, she’riyat ilmini puxta egallaydi. O‘zining va’zlari va ilmiy muloqotlari bilan faqatgina Rum elida emas, balki butun islom dunyosida shuhrat topadi. Saljuqiylar saltanatidagi kattayu kichik uni din va adolat homiysi, faqiru fuqarolarning himoyachisi sifatida hurmat qilardi.
1244 yilning 26 noyabrida Mavlono hayotida katta burilish yuz beradi. U tasodifan ko‘chada Shamsiddin Tabriziy nomli darvesh bilan uchrashib qoladi. O‘zaro savol-javoblardan keyin ular bir-birlarining ilmiy va ruhoniy darajalaridagi yaqinlikni his etadilar, o‘zaro muloqotga ehtiyoj sezadilar. Ikki yil davomida ular Quniyada hamsuhbat bo‘ladilar. Zohiriy va botiniy ilmlardan boxabar Shams Tabriziy Mavlono qalbidan abadiy joy oladi. Ularning bir-birlariga do‘stona mehri ilohiy ishq bilan qo‘shilib ketadi. Mavlono mudarrislikni ham tashlab qo‘yadi. Uning ayrim shogird va muxoliflari Shams Tabriziyni yo‘qotish payiga tushadilar. Dastlab uni yashirincha Damashqqa olib borib tashlaydilar. Ammo Mavlono uni toptirib keladi. Shundan keyin raqiblar Shams Tabriziyni butunlay yo‘qotish rejasini tuzadilar va shum niyatlarini amalga oshiradilar. O‘z qalbi sirlarini anglaydigan samimiy suhbatdoshidan abadiy judo bo‘lgan Mavlono dard va iztirob ichida she’rlar yoza boshlaydi. U voiz va mudarrisdan jo‘shqin shoirga aylanadi. O‘z g‘azallarida Shams Tabriziy nomini qayta-qayta takrorlaydi. Shu sababli uning she’rlari jamlangan devoni “Devoni Kabir” yoki “Devoni Shams Tabriziy” deb nomlangan.
Mavlononing yirik asarlaridan yana biri — “Masnaviyi ma’naviy”dir. Abdurahmon Jomiy bu asarni pahlaviy (forsiy) tilidagi Qur’on deb ataydi. Chunki Mavlono barcha asarlarini o‘sha paytda adabiy til hisoblangan fors tilida yozgan, “Masnaviyi ma’naviy”da esa, Qur’on mohiyati va mazmuni xalq rivoyatlari vositasida bayon qilingan.
26 ming 632 baytdan iborat bu buyuk asar milodiy 1259 yili boshlanib, 1269 yili tugallangan. Mavlono uni shogirdi Nizomiddin Chalabiyga aytib yozdirardi. Noyob iste’dod sohibi bo‘lgan shoir ba’zida soatlab yozdirar, otashin baytlar to‘xtovsiz quyilib kelardi. Ammo birinchi kitob tugagach, to‘satdan Nizomiddinning rafiqasi vafot etadi. Bu voqea ijodiy jarayonni tamomila izdan chiqaradi. Orada 2 yilga yaqin tanaffus ro‘y beradi. So‘ngra yana davom etib, 6 kitob shaklida yakunlanadi…
1273 yilning sovuq qish kunlaridan birida Mavlononing jo‘shqin hayoti nihoyasiga yetadi. Butun Quniya ahli motam libosini kiyadi. Dafn marosimida barcha din va millatga mansub kishilar bor edi. Chunki u o‘z asarlarida umuminsoniy qadriyatlarni ulug‘lagan, Yakka va Yagona Yaratuvchiga bo‘lgan cheksiz muhabbatni tarannum etgandi. Shoir Quniyadagi Eram bog‘chaga, otasining qabri yoniga qo‘yiladi. Oradan 700 yildan ortiqroq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, Mavlono maqbarasi eng mashhur ziyoratgohlardan biri bo‘lib qolmoqda.

MAVLONO SAMARQANDDA

Tarixnavislarning yozishicha, Mavlono bobosi va ota-onasi bilan bir muddat Termiz hamda Samarqand shaharlarida yashagan. Chunki bobosi ham, otasi ham mashhur voiz va mudarris sifatida turli shaharlarga xizmatga yuborilgan. 1212 yili Muhammad Xorazmshoh Samarqand hukmdori Sulton Usmon bilan jang qilib, shaharni egallaganida 5 yashar Jaloliddin oilasi bilan shu yerda edi. Uning Samarqandda qancha yashaganligini aniq bilmaymiz. Ammo bolalik xotiralarida Sharqning mashhur shahri manzaralari bir umrga muhrlanib qolganligi aniq. U o‘z asarlarida bu shahar nomini qayta-qayta tilga oladi. “Masnaviyi ma’naviy”da bir rivoyat bor. Unda bir podshoning yo‘lda bir kanizakni ko‘rib, unga oshiq bo‘lib qolganligi bayon qilingan. Podsho bu kanizakni sotib oladi. Ammo u oradan ko‘p o‘tmay og‘ir kasalga duchor bo‘lib, kundan kunga ahvoli og‘irlashadi. Chaqirilgan tabiblar uning dardiga davo topolmaydilar. Nihoyat, bir tabib qizning tomir urishidan uning oshiqi beqaror ekanligini aniqlaydi. Yana tomir urishidan qiz oshiq bo‘lgan yigit Samarqand shahrida yashaydigan bir zargar ekanligini bilib oladi. Zargar olib kelinadi va qiz shifo topadi… Samarqanddagi mahalla va ko‘cha nomining keltirilganligi shoir bu shahar haqida ancha boy ma’lumotga ega ekanligidan dalolat beradi.
Shoirning otasi — Bahovuddin Valad mo‘g‘ul bosqinidan qochib, Turkiya shaharlarida yashab qolgan movarounnahrlik hamyurtlari bilan yaqin aloqada bo‘lgan. Shu sababli u bosh farzandi Jaloliddinni 18 yoshida Loranda shahrida (hozirgi Turkiyaning Karaman shahri) Sharafiddin Samarqandiyning qizi Gavharxotunga uylantiradi. Bu bilan Jaloliddin Samarqand nafasini qayta tuygandek bo‘ladi. Shoir bu nikohdan ikki o‘g‘il ko‘radi. Ulardan biri — otasining ishini davom ettirgan Sulton Valad edi. Mavlono bu farzandini juda yaxshi ko‘rgan va otasining laqabi bilan atagan.
Mavlono vafotidan keyin uning shogirdlari Sulton Valadga otasi o‘rnida shayxlik qilishni taklif etadilar. Ammo u: “Sufiyga hirqa yarashadi, yetimga yonish va kuyish”, deya bu taklifga rozi bo‘lmaydi va Nizomiddin Chalabiyni otasi o‘rnida xalifa deb taniydi.

BIR G‘AZAL ShARHI

Jaloliddin Rumiyning “Devoni Kabir” yoki “Devoni Shamsi Tabriziy” deb nomlangan kulliyotida 3239 g‘azal, 436 ruboiy va boshqa she’rlar bor. Mazkur devonning Eronda chop etilgan nusxasini 1979 yili Tehrondan olib kelgan edim. Bo‘sh qolgan damlarimda uni mutolaa qilishni yoqtiraman. Undagi bir g‘azal ayniqsa diqqatimni jalb etadi. Bu g‘azalni qayta-qayta o‘qish jarayonida uni tarjima qilish istagi paydo bo‘ldi. Mana o‘sha tarjima:

Men sarxushu sen sarxush,
Qaydadir bizning xona?
Men necha dedim senga
Kam ich uch-to‘rt paymona1 .
Shahr ichra biror odam
Hushyorligin ko‘rmasman,
Bir-birdan badtar har kim
Sho‘ridayu devona.
Jono, kel xarobotga,
Jonning lazzatin ko‘rgil.
Zavqlanurmi jon, yo‘qsa
Gar suhbati jonona?
Har go‘shada mastlar mo‘l,
Bir-biriga bermish qo‘l,
Har vujudga soqiy Ul,
Qadah tutgay shohona.
Sen xarobot bandasi,
Ganjing mayu xarjing may,
Bu boylikdan bermagil
Hushyorlarga bir dona.
Ey lo‘liyi barbatchi2 ,
Sen mastmisan yoki men?
Mendan ko‘ra mast bo‘lsang,
Afsunlarim afsona.
Xonamdan chiqib erdim,
Mastligimga keldim duch,
Har nigohida pinhon
Yuz gulshanu koshona.
Langarsiz kema misol
Chayqalar u yon-bu yon,
Hasratidan jon chekar
Yuz oqilu farzona.
So‘rdim: Sen qayerliksan?
Tabassum-la der: Ey, jon,
Yarmim Turkistondandir,
Yarmim esa Farg‘ona.
Yarmim suvu tuproqdan,
Yarmim esa jonu dil,
Yarmim daryo sohili,
Yarmim bari durdona.
Dedimki: Do‘st bo‘laylik,
Axir men qarindoshing,
Dediki: Menga tengdur
Qarindoshu begona.
Men bedilu dastorsiz,
Mayxonada sargashta,
Qalbimda so‘zlarim mo‘l,
Sharh etolsam mardona.

Tasavvufona ramzlar bilan bitilgan ushbu g‘azal alohida sharhni talab qiladi. Shoir “mastlik” deganda nimani nazarda tutadi? “Yarmim Turkistondandir, yarmim esa Farg‘ona” degan misrasida qanday ma’no yashirin?
Albatta, buning uchun tasavvuf istilohlari va tasavvuf tarixidan xabardor bo‘lmoq kerak. Alisher Navoiy “Mahbub ul-qulub” asarining “Nazm gulistonining xushnag‘ma qushlari zikrida” deb nomlangan o‘n oltinchi faslida shoirlarni bir necha toifaga bo‘ladi. Birinchi toifa — haqiqiy (ilohiy) ishqni kuylovchilar, ikkinchi toifa esa ham haqiqiy, ham majoziy (jismoniy) ishqni madh etuvchilar, uchinchi toifa — faqat majoziy ishqni kuylovchilar. Navoiy birinchi toifa vakillarini “ishlari ma’nilar xazinasidan javhar termoq va u javharni el yaxshiligi uchun nazm ipiga tortmoq” deya ta’riflaydi. Bu toifaga Shayx Farididdin Attor va Mavlono Jaloliddin Rumiyni kiritadi. Ya’ni ular o‘z asarlarida zohiran yorning yuzi, ko‘zi, qoshlari, qomatini vasf etsa-da, ramzlar vositasida Ollohning sifatlarini madh etadilar. Yuz yillar davomida arab mamlakatlari, Eron, Ozarbayjon, Xuroson va Movarounnahr shoirlari tasavvufning bunday istilohlaridan keng foydalanganlar.
Mumtoz shoirlar ijodida bunga ko‘plab misollar bor. Masalan, Nasimiyda:

Sho‘yla mastam, to qiyomat
dahi hushyor olmazam,
Chun beni vahdat mayindan
ayladi ul yor mast.

Navoiyda:

Mastlig‘din o‘zga yo‘q
dardim iloji, soqiyo,
May keturkim, ham ichay,
bir lahza oni ham tutay.

Fuzuliyda:

O‘yla sarmastam ki, idrok
etmazam dunyo nadir,
Ben kimim, soqiy o‘lan kimdir,
mayu sahbo nedir.

Bu misollarda “yor”, “soqiy” istilohlari Xudoni, “mastlik” atamasi Xudoning ishqi bilan mast bo‘lishni anglatadi.
Yuqorida keltirilgan g‘azalda Mavlono o‘z ilohiy ishqi manbalari haqida gapirmoqda, tasavvuf ta’limotida o‘ziga ustoz deb bilgan zotlarni tilga olmoqda. Ya’ni uni ilohiy ishq yo‘liga yo‘llaganlarning yarmi Turkistondan — Ahmad Yassaviy va uning izdoshlari, yarmi esa — Farg‘onadan. Ahmad Yassaviygacha va undan keyin ham Farg‘onada mashhur tasavvuf shayxlari yashab o‘tgan. Abdulkarim as-Sam’oniy o‘zining “Al-Ansob…” asarida V — X asrlarda Farg‘ona vohasida yashagan 33 olim va mashoyix haqida ma’lumot beradi. Mana ulardan ba’zilari: Abu Hafs Umar ibn Muhammad al-Andukoniy al-Farg‘oniy — olim va tasavvuf shayxi, 1151 yili vafot etgan; Abu Ja’far Muhammad ibn Abdulloh al-Farg‘oniy as-Sufiy — mashhur tasavvuf olimi, Bag‘dodda Junayd Bag‘dodiydan ta’lim olgan; Abul Abbos Hojib ibn Molik al-Farg‘oniy (910 yili vafot etgan), ko‘p qirrali olim va hadisshunos, yuz ming hadisni yoddan bilgan.
Abdurahmon Jomiyning “Nafahot ul-uns”, Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois” tazkiralarida hazrat Bob Farg‘oniyning ismi zikr etilgan. X asrda hozirgi Pop shahrida yashagan bu mashhur ulamo va tasavvuf shayxining asl ismi Umar bo‘lgan. U uzoq umr ko‘rib, shu shaharda vafot etgan.
Mashhur turk adabiyotshunos olimi Fuod Ko‘pruluzoda o‘zining “Turk adabiyotida ilk mutasavviflar” nomli asarida shunday yozadi: “Islomiyatdan keyingi turk adabiyotida milliy ruhni va milliy zavqni anglamoq uchun eng ko‘p tadqiqqa loyiq bo‘lgan davr — xalq tili va xalq vaznidan istifoda etish bilan keng ommaga tushunarli bo‘lgan va asarlari asrlar bo‘yi yashab kelayotgan buyuk mutasavviflar davridir… Hirot, Nishopur, Marvda hijriy uchinchi asrda qay tariqa mutasavviflar ko‘paygan bo‘lsa, to‘rtinchi asrda Buxoroda, Farg‘onada ham shayxlar e’tibor topa boshladilar. Farg‘onada turklar o‘z shayxlarini “bob”, ya’ni “bobo” deb atardilar… Muhammad Ma’shuq Tusiy va Amir Ali Abu Xolis turk edilar… Ahmad Yassaviy paydo bo‘lgan davrda turk olami ancha vaqtdan buyon — har holda, to‘rtinchi (hijriy) asrdan beri tasavvuf ta’limoti bilan oshno bo‘lgan, mutasavviflarning g‘oyalari va karomatlari yolg‘iz shaharlarda emas, ko‘chmanchi turklar orasida ham ozmi-ko‘pmi yoyilgan edi”.
Tabiiyki, Jaloliddin Rumiy yashagan davrda tasavvuf ta’limoti butun Sharq mamlakatlarida keng tarqalgan, oddiy xalq qatori hukmdorlar ham nufuzli tasavvuf shayxlarini hurmat qilar, ular bilan hisoblashishga majbur edilar. Jaloliddin yoshligidanoq bobosi va otasi yordamida turk mutasavviflarining boy merosidan bahramand bo‘lgan, Shom, Halab, Damashq, Qaysariya singari yirik ilm markazlarida o‘zining bilimini yanada mustahkamlagan edi. U o‘z umrini tasavvuf ta’limotining eng ilg‘or jihatlarini — bag‘rikenglik, insonparvarlik, adolat, mehr-muruvvat g‘oyalarini targ‘ib qilishga baxshida etdi.
________
1 Qadah.
2 Qadimiy soz.

Nosir MUHAMMAD
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 39-sonidan olindi.