Zebuniso Bekmurodova. “Tavba qilmagan gunohkor” (Jan Batist Moler)

Frantsuz milliy teatrining asoschisi, yirik dramaturg-komediograf va aktyor Jan Batist Moler 1622 yilning 15 yanvarida Parijda savdogar oilasida dunyoga keldi. Uning haqiqiy familiyasi Poklen bo‘lib, Moler uning adabiy taxallusidir. Ular oilada 5 farzand: uch o‘g‘il va ikki qiz edi. Moler o‘n yoshda ekanligida onasi Mariya Krese vafot etadi, otasi Jan Poklen ikkinchi marotaba Katrina Fluretta bilan turmush quradi. Ulardan uch qiz dunyoga keladi. Ammo falakning gardishi bilan 1636 yil Katrina ham vafot etadi. Shundan so‘ng Jan Poklen qayta turmush qurmaydi, qolgan umrini bolalarining tarbiyasi va ularning o‘qishiga bag‘ishlaydi.

Moler 1639 yil Klermon kollejini tamomlab, Orlean universitetining huquqshunoslik fakultetiga hujjat topshiradi. Biroq uni na sud ishi, na savdo ishi qiziqtiradi. Yoshligidan teatrni yaxshi ko‘rgan Moler 1643 yil o‘rtoqlari bilan Parijda “Yaltiroq teatr” tashkil qiladi. Ammo bu truppaning o‘z mustaqil chiqishi, moddiy bazasi bo‘lmaganligi tufayli bir ozdan so‘ng yopilib ketadi. Shundan keyin Moler viloyat sayyor truppasiga ishga kiradi. Bu vaqtlarda u og‘ir sharoitda yashaydi, ammo qiyinchiliklar uning ruhiyatiga sira ta’sir o‘tkaza olmaydi, aksincha, uni yanada chiniqtiradi. Moler bu yillarda boy tajriba orttiradi, turli ijtimoiy tabaqa vakillarining turmush sharoitlari bilan yaqindan tanishadi, truppaning obro‘yini oshirish uchun tish-tirnog‘i bilan kurashadi. Spektakllardagi asosiy rollarni o‘zi ijro etadi. 1650 yilda Moler truppaning boshlig‘i bo‘ladi. Mamlakatdagi fuqarolar urushi, xalqning og‘ir ahvoli Moler dunyoqarashining demokratik ruhda shakllanishiga kuchli ta’sir ko‘rsatdi.

1653 yilda Lion shahrida Moler ijodining ilk namunasi bo‘lgan “Telba” pesasi sahna yuzini ko‘radi, bu esa truppaning shuhratini oshirib yuboradi. Asta-sekin Moler pesalarini poytaxtda ko‘rsatishga harakat qiladi. 1658 yilda Parijda qirol saroyida o‘zining “Oshiq doktor” spektaklini namoyish etadi, unda ham bosh rolni Molerning o‘zi ijro etadi. Bu truppaga qirol qiziqish bildirib, uni Parijda qoldirishga ruxsat beradi.

1662 yilda “Ayollar uchun saboq” pesasi sahnaga qo‘yilgandan so‘ng aristokratiya va cherkov reaktsion kuchlari yozuvchining obro‘yiga putur yetkazish maqsadida unga qarshi astoydil kurasha boshlaydi, turli bo‘htonlar uyushtirib, Molerni dahriylikda ayblab, o‘tda kuydirishni talab qilishadi. Ammo qirol Lyudovik XIV yozuvchini o‘z himoyasiga oladi.

Yozuvchi nomini ko‘pchilikka mashhur qilgan “Kulgili nozaninlar” komediyasining yaratilishi cherkov va feodal aristokratlar reaktsiyasining keskinlashuviga yana bir omil bo‘ldi. Bu kuchlar adib ijodiga qanchalik to‘sqinlik qilsa, Moler unga mutanosib ravishda shuncha tanqidiy asarlar yarataverdi. “To‘siq – bu katta kuch, undan-da katta kuch uni yengib o‘tadigan g‘ururdir”, – deya ta’kidlaydi Moler. Darhaqiqat, bu ta’sir kuchlari isyonkor Molerning irodasini bukolmadi, balki hayot-mamot kurashida tobladi. Adib mamlakatda hukm surayotgan riyokorlik, diniy jaholat, absolyut monarxiyaga tayangan ruhoniylar, fisqu fasod botqog‘iga botgan aristokratlar hayotini kulgi ostiga oluvchi “Ezmalar”, “Erlar uchun saboq”, “Tartyuf”, “Don Juan”, “Mizantrop”, “Xasis” kabi ko‘plab satirik komediyalarini yaratdi.

Adib hayotining so‘nggi yillari qizg‘in ijod bilan kechdi. Bu jo‘shqin ijod davrida yozuvchi o‘zining navbatdagi yirik asari “Zo‘raki tabib” komediyasini yozdi. Mamlakatdagi og‘ir sharoit, reaktsion kuchlar va ularning tazyiqi ostida tinimsiz ishlash Molerga oson kechmadi, albatta. Endi u ancha charchab, sog‘ligi ham zaiflashib qolgan edi. Biroq shunga qaramasdan, 1673 yilning 17 fevralida Moler o‘zining “Zo‘raki tabib” komediyasidagi bosh qahramon rolini o‘zi ijro etadi. Spektakl jarayonida sahnada o‘zini yomon his eta boshlaydi. Spektaklni bir amallab oxiriga yetkazadi. Tomosha tugagandan so‘ng uyiga qaytib kelib, jon beradi. Buni qarangki, Parij arxiyepiskopi buyuk adibni “tavba qilmagan gunohkor” deya ayblab, uni dafn qilishga ruxsat bermaydi. Biroq yaqinlari uni tunda qabristonning bir burchagiga yashirincha ko‘mishadi.

Moler frantsuz xalq an’analari hamda Rim komediyalarining eng yaxshi namunalarini tanqidiy o‘zlashtirish asosida frantsuz klassik komediyasini yaratdi. U teatrni “jamiyatning oynasi” deb ataydi. Moler komediya haqida so‘zlab, unga shunday tavsif beradi: “Komediyaning vazifasi kishilarni kuldirib turib, ulardagi nuqsonlarni tuzatishdan iboratdir”.

Adib dramaturgiyaning deyarli barcha janrlarida ijod qilgan. U aksariyat asarlarini o‘zi sahnalashtirar, xalqqa manzur bo‘lgan mavzularni izlab topardi.

Moler butun mehrini teatrga bag‘ishladi, hayoti va baxtini teatrda deb bildi. Bu haqiqiy aktyorga va haqiqiy dramaturgga xos jihatdir.

Frantsuz milliy dramaturgiyasining asoschilaridan biri bo‘lgan Molerning boy adabiy merosi barcha xalqlar uchun ham qimmatlidir. Chunki Moler o‘sha vaqtda adabiyot nazariyotchilari tomonidan “tuban” deb atalgan komediyani yuqori darajaga ko‘tarib, xalqning sevimli janriga aylantirdi.

Adib yaratgan mashhur “Tartyuf”, “Zo‘raki tabib”, “Xasis” kabi komediyalar o‘zbek tiliga ham o‘girilib, teatr sahnalarida bir necha bor namoyish etilgan, o‘zbek tomoshabinlari e’tirofiga va olqishiga sazovor bo‘lgan.

“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 1-son