Matluba Mahkamova. Yusufbek hoji bo‘lib… (Abbos Bakirov)

Atoqli adibimiz Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanini kim o‘qimagan, shu roman asosida yaratilgan dastlabki badiiy filmni kim sevib tomosha qilmagan, deysiz? Asarda bosh qahramon Otabekning otasi obrazi qanday tasvirlangan bo‘lsa, ekranda ham aynan shunday nihoyatda aqlli, mulohazakor, o‘ychan, har bir gapini o‘ylab gapiradigan bosiq, vazmin Yusufbek Hojining siymosi gavdalanadi. 1969 yilda ekran yuzini ko‘rgan ushbu film rejissyori o‘z teg­rasiga umuman, juda iste’dodli aktyorlarni to‘plaganki, yozuvchi o‘z qahramonlarini asarda qanday tasvirlagan bo‘lsa, o‘sha qiyofalarga to‘la mos tushadigan aktyorlarni ko‘ramiz. Filmda “o‘ziga yarashmaydigan”, ya’ni roliga mos tushmaydigan bironta aktyorni uchratmaymiz. Bu, albatta, rejissyorning yuksak didi, fikru dunyosi, savqi tabiiysining kuchliligidan darak beradi. Asarda eng yorqin obrazlardan biri – bu Yusufbek Hoji obrazidir. Uning sokin, o‘ychan ko‘zlarida allaqanday chuqur bir dard, iztirob muhrlangandek, dard ko‘zlarining ich-ichiga singib ketgandek. U hech qachon ovozini balandlatmaydi, jizzakilik qilmaydi, har qanday vaziyatda ham o‘z e’tiqodiga, vijdoniga tayanadi. Aql-oqillik ko‘chasidan yuradi…

Ana shu Yusufbek Hoji obrazini O‘zbekiston xalq artisti, xalqimiz ardog‘idagi san’atkor Abbos Bakirov yaratgan. Taniqli teatr va kino aktyori Abbos Bakirov asli Andijon shahrida tug‘ilgan. 1928 – 1929 yillarda kasb-hunar bilim yurtini tamomlagach, Uchqo‘rg‘on temiryo‘l ko‘prigi qurilishida beton quyuvchi bo‘lib ishlagan. 1931 yildan esa ijodiy faoliyatini Andijon viloyat musiqali komediya va drama teatrida boshlagan. 1952 yilda Moskvadagi Lunacharskiy nomli davlat teatr san’ati institutining rejissyorlik fakultetini tamomlaydi. “Qurilishda ishlab yurgan paytlarimda, – deydi A.Bakirov o‘z xotiralarida, – Andijon teatriga kirmagan vaqtim kamdan kam bo‘lar edi. San’atga qiziqishim shu darajaga yetdiki, aktyor bo‘lishga qasd qildim. 1931 yilda teatr direktori M.Qoriyoqubov meni aktyorlikka qabul qildi. Mening aktyor bo‘lib yetishishimda ustozlarim Muhiddin Qoriyoqubov, Isoq Qori Karimov, Asad Ismatov, Abduvahob Azimov, Lutfixonim Sarimoqovalarning xizmatlari katta bo‘ldi. Men shu davrda Rahimovning “Xoin” pesasida Qosim, Sobir Abdullaning “Bog‘bon qiz” asarida Mahkam rollarini ijro etdim. Spektakllarning premerasi O‘sh shahrida bo‘lib o‘tdi. Spektakllar tamom bo‘lgach, M.Qoriyoqubov meni tomoshabinlar huzuriga olib chiqib, aktyorlik mahoratim haqida gapirdilar. 1933 yilda ikkinchi laborant rejissyor etib tayinlandim. Mening ijodiy ishimga Hamza teatrining bosh rejissyori Yetim Bobojonov katta yordam berdi”.

Abbos Bakirovni ham drama, ham tragediya, ham komediya janrida ijod qilgan ulkan san’aktor edi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. U qaysi bir rol ustida ishlamasin, o‘sha qahramonining ham tashqi ham ichki holatini g‘oyat ishonarli ochib bera olgan san’atkordir. Abbos Bakirov sahnada Xurshidning “Farhod va Shirin” asarida Xisrav, Shekspirning “Romeo va Juletta” asarida Romeo, Shillerning “Makr va Muhabbat” asarida Ferdinand, Gogolning “Revizor” asarida shahar hokimi, K.Yashinning “Nurxon” asarida Hoji, G‘ulom Zafariyning “Halima” asarida boy, Hamzaning “Boy ila xizmatchi” asarida G‘ofur va boshqa rang barang asarlardagi rollarni jo‘shqin qalb, ehtiros bilan ijro etib tomoshabinlar mehrini qozondi. U aktyorlik bilan rejissyorlik ishini baqamti olib borgan san’atkor. 1941 yildan Andijon viloyat teatrida (hozirgi Z.M.Bobur nomidagi) rejissyor sifatida faoliyat olib borib, bu sahnada qirqqa yaqin asarlarni sahnalashtirishga muvaffaq bo‘ldi. S.Abdullaning “Tohir va Zuhrasi”mi, Hamzaning “Xolisxon”iyu “Boy ila xizmatchi”simi, Xurshidning “Layli va Majnun”iyu Shillerning “Makr va muhabbat”i, Abdulla Qahhorning “Og‘riq tishlar”iyu Uyg‘un va Izzat Sultonning “Alisher Navoiy”si… xullas, bu kabi ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin.

Abbos Bakirov 1940 yildan boshlab kinoda suratga tusha boshlaydi. U dastlab “Azamat” filmida Azamat rolini ijro etadi. Keyinchalik “Amirlikning yemirilishi” filmida amir, “Maftuningman”da kinorejissyor, “Ulug‘bek yulduzi”da Abbos,“Ikki dil dostoni”da lashkarboshi va boshqalar. 1954 yilda rejissyorlar L.Fayziyev va V.Basovlarning “Amirlikning yemirilishi” badiiy filmida u Buxoro amiri rolini o‘ynaydi. Filmni suratga olishdan oldin aktyorga Buxoro amirining kiyimlarini kiydirib, pardozlab Buxoro ko‘chalari va bozorlarini izvoshda aylantirishadi. Buni ko‘rgan do‘kondorlar “Amir qaytibdi, Amir qaytibdi”, deb hayqirib yuboradilar. Ijodiy guruh bu vaziyatni yana bir sinovdan o‘tkazib ko‘radi. Amir davrida saroyda xizmat qilgan bir qulni topib kelishib, uni taxtda o‘tirgan Amir – Abbos Bakirov huzuriga olib kelishadi. Qul “Amir”ni ko‘rgach, o‘zini yerga tashlab hushidan ketadi. Hushiga kelgach, bu shu rolni ijro etgan artist deyishlariga qaramay zinhor ishonmaydi… Abbos Bakirovga qanday rol berilmasin, o‘sha rollar uning qiyofasiga “uzukka ko‘z qo‘ygandek” mos tushardi. Buxoro amiri obrazi bilan Yusufbek Hojining o‘rtasida yeru osmoncha farq bor? Gap shundaki, Abbos Bakirov turli qiyofalardagi, turli xarakterlardagi rollarni bekamu ko‘st ijro etish qobiliyatiga ega edi. Yusufbek Hoji odob va ahloqda, xushmuomalalikda tengi yo‘q, zakiy inson. Uning yoqimtoyligi, ovozidagi mayinlik minglab tomoshabinlarni o‘ziga maftun etdi va shuning barobarida xalqimiz Abbos Bakirovni Yusufbek Hoji deb tan oldi. Uning kinodagi yana bir muvaffaqiyatli obrazi bu K.Yormatovning “Osiyo ustida bo‘ron” badiiy filmidagi Qoplonbek obrazidir. Bu filmda ikki buyuk san’atkor Shukur Burhonov va Abbos Bakirovlarning yuksak iste’dodi yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Abbos Bakirov Andijon teatrida ko‘plab shogirdlar, izdoshlar yetishtirdi. Ular qatorida umr yo‘ldoshi O‘zbekiston xalq artisti Qamara Burnasheva, qizi hozirda O‘zbekiston xalq artisti Oybarchin Bakirovalarning nomlarini ham alohida tilga olish lozim. Hayotda e’tiqodini, xalqini, vatanini, kasbini, san’atini barcha narsadan ustun qo‘yib yashagan, a’moliga bir umr sadoqat ko‘rsatgan insonlar haqida so‘z ketsa, hech ikkilanmay, Abbos Bakirov nomini tilga olsak sira yanglishmaymiz.

Matluba Mahkamova tayyorladi

“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 5-son