Ma’suma Ahmedova. Yozuvchi va noshir: turli manfaatli hamkorlik

Mana, oradan yuz yildan ziyod vaqt o‘tibdiki, buyuk frantsuz fantast yozuvchisi Jyul Vern yaratgan ajoyib, betakror asarlar butun jahon bo‘ylab kitobxonlarning yangi-yangi avlodini jalb qilgan holda dovrug‘ qozonib kelmoqda. Adib ijodi inson tafakkuri va qo‘li yaratayotgan olamshumul ulkan ishlarni oldindan bashorat qilganday, uning aqlu zakovatiga madhiya o‘qiganday bo‘ladi. Jyul Vern o‘z ijodida mehr-muhabbat, ishonch, do‘stlik kabi umrboqiy insoniy tuyg‘ularni tarannum etadi.

Adib romanlarining qahramonlari singari o‘zi ham ana shu tuyg‘ularga sidqidildan ishonadi. Ammo asarlarida g‘olib kelgan ana shu hissiyot voqelikka hamisha ham to‘g‘ri kelavermaydi. Yozuvchi va kitoblarining noshiri o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar bu fikrimizga dalil bo‘la oladi.

Quyida e’tiboringizga havola etilayotgan maqola mashhur yozuvchi hayoti, asarlarining taqdiri bilan yaqindan tanishuvimizga, katta ijodkor shaxsini ang­lashimizga, noshir hamda qat’iy bozor qonuniyatlariga ko‘p-da mutanosib kelmagan ijodiy jarayon haqida to‘laqonli tasavvur hosil qilishimizga yordam beradi. Noshir bilan yozuvchi o‘rtasidagi bir-biriga uyg‘un bo‘lmagan munosabatlar, ya’ni ijodkor qalbi va real hayotda yashaydigan shaxs – noshir o‘rtasidagi aloqalar adabiyotning qiziquvchan muxlislarini befarq qoldirmaydi, degan umiddamiz.
(Mark Soriano,
“Ekspress” gazetasidan olindi, Parij)

“Ilmiy roman” yaratish g‘oyasi Jyul Vernda 1851-1852 yillarda paydo bo‘lgan edi. Jyul o‘sha davrda endi-endi adabiy mashqlar qila boshlagandi. Ko‘p o‘tmay, u bu fikridan qaytadi. Lekin 1859-1862 yillarda tobora ilgarilab borayotgan ilmiy texnika taraqqiyoti va bunga omma qiziqishining ortib borishi Jyul Vern muvaffaqiyat kalitini xuddi ana shu yo‘ldan izlashi kerakligiga ishora bo‘ldi.

G‘oyaning tug‘ilishi

Jyul Vern o‘zi uchun osoyishtalik, sukunat qidirish, bilim olish, izlanish umidida ko‘p vaqtini kutubxonada o‘tkazar, ommabop jurnallar, broshyuralarni chanqoqlik bilan o‘qir, gazeta-jurnallar sahifalarini to‘ldirgan yangi mashinalar tafsiloti, tadqiqot va safarlar haqidagi xabarlarni butun vujudi bilan miyasiga sing­dirib olardi.

Kunlarning birida u Ilmiy matbuot klubida hamma narsaga qiziquvchan Nadar degan yigit bilan tanishib qoldi. Yangi tanishning xayolot olami kengligi uni bir zumda o‘ziga rom qilib oldi. Bu paytda Nadar aerosuratga olish bilan qiziqib qolgan, aerostat ostida qalqib, mavjlanib turgan manzaralarni tasvirlashga imkon beruvchi mexanizmni ixtiro qilgandi. Ana shu fotokamerani to‘laqonli ishlata olish uchun kishi yetuk mutaxassis bo‘lmog‘i lozim edi. Nadar bu masalani Jyul bilan qizg‘in muhokama qildi va hattoki, 6 ming kubometr hajmdagi ulkan havo sharini yasash uchun xayr-ehson yig‘ish “kampaniya”sini ham boshlab yubordi.

Jyul Vern bu paytda amerikalik mashhur yozuvchi Edgar Po asarlarining yangi tarjimasini mukkasidan ketib o‘qimoqda edi. 1862 yilda u otasiga yo‘llagan maktubida Edgar Poning mashhur “Havo sharida uchayotgan o‘rdak” hikoyasini eslaydi va quyidagilarni xabar qiladi: “Men o‘z sharimda o‘rdakni ham, kurkani ham olib uchmoqchi emasman – bular hazil uchun yaraydi, xolos. Sharda odamlar uchishi kerak. Ana shu aerostat mexanikasi benuqson bo‘lmog‘i darkor”.

Shu tariqa Jyul Vernning dastlabki “Havo sharida besh hafta” romani dunyoga keldi. 1862 yil yozida esa yo Nadarning taklifi yo bo‘lmasa, yozuvchining o‘z iltimosiga binoan kitob noshiri Ettsel roman qo‘lyozmasi bilan tanishib chiqadi. Roman darhol Ettsel diqqatini o‘ziga tortadi. Noshir bir zumda romanning dolzarbligi hamda undan mo‘may foyda tushishini anglab yetgani uchun asar qo‘lyozmasini olib qoladi.

1863 yilning 4 oktyabrida Nadar naq Notr-Dam shahriga teng keladigan o‘z “gigant” havo shari – aerostatida parvoz qila boshlaydi. Kuzatish maydoniga minglab tomoshabin to‘plangandi. Nadarning yonida shar gondolasidagi bitta o‘rin uchun ming frankdan haq to‘lagan o‘n uch nafar yo‘lovchi ham birga uchardi. Oradan besh soat o‘tgach, ular Mo shahriga eson-omon qo‘nadi. Biroz vaqtdan so‘ng ular havo sharida ikkinchi marta parvoz qiladilar.

Matbuotda bunga qadar misli ko‘rilmagan kampaniya avj oladi. Havoda parvoz qilish – kun, davr sadosi, da’vati bo‘ldi. Ettselning xizmati – Jyul Vernning dast­labki “g‘aroyib sayohat”ining katta zafar quchishini oldindan ko‘ra bilganida edi.

Adib ustidan nazorat

Jyul Vern va Ettsel o‘rtasidagi yozishma yigirma yildan ortiq (1863 yildan 1886 yilgacha) vaqt mobaynida davom etadi. Yozuvchi va noshir orasidagi ana shu maktublarni ba’zi o‘rinlarda taassuf qilmasdan o‘qib bo‘lmaydi. Afsuski, mazkur duetni Ettsel oilasi Milliy kutubxonaga taqdim etgan Vernning o‘z maktublari asosidagina tiklash mumkin, xolos. Noshirdan faqat ikki-uchta xatu Vern qo‘lyozmasi ho­shiyasidagi bir necha belgi hamda 1874 va 1875 yillar sanasi qo‘yilgan takliflardan parcha saqlangan. Bundan Ettselning yozuvchini har tomonlama nazorat qilganini anglash mumkin.

Ayniqsa, noshirda “Mixail Strogov” romani bo‘yicha ko‘p ikkilanishlar, shubhali fikrlar paydo bo‘ladi. Albatta, voqealar kechadigan joy sifatida Rossiya imperiyasi – absolyutizm va qatag‘onlar hukm­ron mash’um qo‘rg‘on tanlanishi shartmikan? Ettselning shub­ha-gumonlarini tarqatish uchun yozuvchi ancha-muncha ter to‘kishiga to‘g‘ri keldi. U romanni taqriz qilish uchun uning ijodini qadrlaydigan yozuvchi Turgenev hamda chor Rossiyasining Parijdagi elchisi graf Orlovga berishlariga rozi bo‘ladi. Hattoki, noshirning asardagi gaplar rus shohi shaxsiga tegib ketmasin, degan mulohazasiga ham ko‘nib, romanning dastlabki “Podsho chopari” nomini o‘zgartiradi.

Jyul Vern noshirning bunday asossiz fikrlariga mutlaqo e’tiroz bildirmaydi, hattoki undan tirnoq ostidan kir qidirishday sinchkov munosabatni talab qiladi. Ehtimol, bu uning o‘ziga, ijodiga haddan ortiq tanqidiy qarashi ta’siridir. Axir u o‘zini adabiyotning kamtarin zahmatkashlari qatoriga kiritgani ham ma’lum-ku. Lekin shunisi haqiqatki, Jyul Vern hamisha, hamma narsada ham noshirga yon beravermagan. Ayniqsa, Ettsel tuzatishlari asar g‘oyasiga putur yetkazadigan bo‘lsa, bunga sira ko‘nmagan. Bunga bir misolni keltirish mumkin. Garchand Ettsel bunday xotimaga e’tiroz qilgan bo‘lsa-da, kapitan Nemo dushman kemasini suv tubiga cho‘ktirib yuboradi.

Jyul Vernning Ettselga yo‘llagan maktublaridan xulosa chiqarib aytadigan bo‘lsak, u kishini hayron qoldiradigan darajada ko‘ngilchan, hattoki, jur’atsiz odam bo‘lgani oydinlashadi.

Shunisi qiziqki, Ettsel hayotlik chog‘ida yozuvchi hech qachon unga qarshi bormagan. Biroq bu holni tasdiqlaydigan hujjatlar ham saqlanib qolmagan. Lekin ba’zi tafsilotlardan Vernning holatini, har tomonlama o‘zini nazorat qilishlaridan biroz ozod bo‘lishga intilganini tasavvur qilish mumkin. Shunday bo‘lsa-da, baribir ish ochiqdan-ochiq nizo, janjal chiqishiga yetib bormagan. Yozuvchi faqat Ettsel vafotidan so‘nggina nashr ishlariga e’tiroz bildirishga jazm qiladi. 1892 yil may oyi­da Ettselning merosxo‘riga yo‘llagan maktubida “Karpat qal’asi” (bu roman unga juda qadrli edi) asariga kiritilgan tuzatishlardan ranjib, tabiatiga xos bo‘lmagan anchayin qat’iyat bilan o‘z fikrini bildiradi.

Ehtimol, yozuvchining o‘ta kamsuqumligi hamda noshirning adib iste’dodiga ochiqdan-ochiq munosib baho bermasligi oqibatida yuzaga kelgan vaziyatda, pul, manfaat munosabatlari muhim rol o‘ynagan ayni holatda noshir o‘zini salkam hammuallif hisoblaganga o‘xshaydi. Ta’kidlashlaricha, ular bu masalada risoladagiday kelishib, ya’ni murosa qilib ishlashgan. Bundan yozuvchining noshirga haddan tash­qari kamtarona munosabatda bo‘lganini tasavvur qilish mumkin. Bu haqda Jyul Vern­ning nevarasi shunday deb yozadi: “Ettsel pixini yorgan, usta odam sifatida qarshisida xayolidagi orzuni ro‘yobga chiqara olish, ya’ni ilmni adabiyot bilan birlashtirish, uyg‘unlashtirish dasturini amalga oshirishga qodir odam turganini darhol anglab yetgan. Shunday qilib, o‘rtada shartnoma tuziladi: Jyul Vern Ettselni yiliga uchta roman bilan ta’minlash, Ettsel esa bu asarlarni o‘z mulki sifatida har bir jildi uchun 1925 frank bahosida sotib olish majburiyatini oladilar”.

Yozuvchining ko‘ngli tog‘day ko‘tariladi: umrida birinchi marta o‘z qalami bilan kun ko‘radi, mo‘maygina moyanaga ega bo‘ladi. Ya’ni endi pul haqida o‘ylamasdan faqat ijod qilishi mumkin edi. U azbaroyi xursandligidan bitta emas, biryo‘la oltita shartnomaga imzo chekib yuboradi. Vern birinchi shartnoma bo‘yicha (1862 yil 23 oktyabrdan) avans ham, foiz ham olmaydi. Bir hujjatda faqatgina “Havo sharida besh hafta” kitobi ikki ming nusxada chiqadi, muallifga 500 frank to‘lanishi kerak”, deyilgan xolos.

Roman 1863 yil 31 yanvarda sotuvga chiqadi. Jyul Vern o‘ziga tegishli 500 frank qalam haqini faqat bahordagina oladi. Foizlar ilgarigiday nazarda tutilmaydi. Xuddi shu yili Ettsel o‘z jurnalida “Kapitan Gatterasning sarguzashtlari” asarini chop etishni boshlaydi. Noyabr oyida esa “Er markaziga sayohat” kitobini sotuvga chiqaradi. Bu romanlar mutlaqo shartnoma tuzilmagan holda nashr qilinadi.

Jyul Vern hech qanday kafolatsiz butun vujudi, qalbi bilan Ettselga laqqa ishonadi. Noshir ham zimmasiga majburiyatlar olgandiki, bular og‘izda berilgan yolg‘on va’dalar edi. Holbuki, Jyul Vern Ettselning xizmatchisiga aylanadi, noshirga xizmat qiladi. Ettsel o‘sha davrdayoq dovrug‘ qozongan yozuvchining barcha asarlariga bir standart jild uchun qat’iy belgilangan 3 ming frankdan to‘lagan. Bu ijodkorning maoshi 750 frankka to‘g‘ri keladi, deganidir. Chunki yozuvchi o‘ziga muntazam ravishda gonorar to‘lanib borishini ma’qul ko‘rgan. Keyinroq ana shu ish haqi oyiga 1000 frankka oshirilgan.

Ettsel 1875 yilning may oyidagina o‘zi tuzgan oltinchi shartnomasida “janob Vern­ning “Jahon bo‘ylab sakson kunlik sayohat” romani chop etilgandan keyingi muvaffaqiyati”ni nazarda tutgan holda har bir jild uchun muallifga 50 santimdan to‘lashga rozi bo‘ladi. Ana shu arzimas choychaqalarni, foizlarni yozuvchi faqat 1882 yildan boshlab oladi. Biroq noshir bilan yozuvchi hamkorlik qilgan o‘n ikki yil ichida yaratilgan asarlar butunlay noshir ixtiyorida qolgandi.

Ettselning “saxovat”i haqida ko‘p yozilgan. Biroq Jyul Vernning biografi Sharl Marten noshir yozuvchidan sakkiz barobar ko‘proq daromad qilganini hisoblab chiqqan. Shunisi ahamiyatga sazovorki, 1905 yili Vern vafotidan so‘ng uning o‘g‘li nashr ishlaridagi firibgarlik, aldovning tagiga yetish, haqiqatni yuzaga chiqarish maqsadida nashriyotni sudga bermoqchi bo‘ladi. Shunda noshir uzundan-uzun ro‘yxat tuzib chiqadi. Ro‘yxatda muallifning chop etilgan barcha kitoblariga ketgan sarf-xarajatlar ipidan-ignasigacha keltirilgan edi. Ushbu dalillar orasida “adabiy tuzatishlar” asosiy o‘rinni egallaydiki, go‘yoki Jyul Vern Ettsel uchun haddan tashqari “qimmatga tushgan”.

Ijodning ochko‘z katalizatori

Noshir davr ruhiga mos ravishda ish ko‘rgan, mualliflik huquqi to‘g‘risida unchalik ham bosh qotirib o‘tirmagan. Ettsel o‘z davrida katta ish olib borgan: jurnal, standart va bir necha jildli kitoblar, bolalar uchun kollektsiyalar va albomlar chop etgan. U daromad keltirish mumkin bo‘lgan muallifni o‘ziga jalb qilib, shunga qarab sarf-xarajat belgilagan. Jyul Vern garchand adliya sohasini sabot bilan o‘rgangan bo‘lsa-da, ishning ko‘zini umuman bilmagan. Chunki aksariyat katta ijodkorlar singari uning ham moliyaviy ishlarga tishi o‘tmagan, bu borada no‘noq bo‘lgan. Shunisi qiziqki, u do‘stona munosabatlarni pul hisob-kitobidan ajrata olmagan, do‘stlik nima, moddiy manfaatdorlik nima – farqiga bormagan. Ettsel tomonidan o‘zining nazorat qilinishini esa u, aftidan, ijodiga do‘stona xayrixohlik, asarlarini o‘rtoqlashish, deb tushungan, noshir qiyofasida do‘stni, xolis maslahat beradigan ustozni ko‘rgan. Bu fikrga yozuvchining noshirga yozgan maktublari dalil bo‘la oladi. Ana shu do‘stona ohang yozuvchi xatlarida tez-tez uchrab turadi. “Siz kashf etgan kamtarin qulingiz Vern”, deya imzo chekadi u 1868 yili Ettselga yo‘llagan maktubi so‘ngida.

Bundan kelib chiqadiki, yozuvchining noshirga yozgan maktublarida o‘zi uqtirganidek, bu fikrni ba’zilar hozir ham ta’kidlashadi, aynan Ettsel Jyul Vern romanlari asoschisimikan? Axir, adib aksariyat asarlarini Ettsel bilan tanishgunga qadar yozgani kunday ravshan-ku. Yana “G‘aroyib sayo­hatlar” ham to‘laqonli ravishda, hatto turli tahrirlarda bo‘lsa-da, mashhur yozuvchi Jyul Vern qalamiga mansub bo‘lib qolaveradi.

Ettsel yozuvchi xayoloti, fantaziyasini iliq qarshi oladi, yangi asar dunyoga kelishida yuragini berib, chin dildan ishtirok etadi. Va, darhol ana shu noyob xayolotni pulga chaqib, o‘zi uchun muayyan adabiy formulani ishlab chiqadi. Ettsel yozuvchi Jyul Vern zakovati, ulug‘ iste’dodining o‘ziga xos katalizatori bo‘lib xizmat qiladi va bundan katta daromad oladi.

Bugun o‘sha noshirning nomini kim eslaydi? Ettselning nomi allaqachon unut bo‘lgan. Bu – haqiqat. Jyul Vern asarlari esa (shuningdek, yozuvchi nomi ham) asrlar osha yashashda davom etmoqda. Bu kitoblar adadi bo‘yicha jahonda chop etilayotgan nashrlar orasida yetakchi o‘rinlarni egallab turibdi.

Ma’suma Ahmedova
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.