Xurshida Hamroqulova. Abdulla Qahhor va xorij

Abdulla Qahhorning chet tillarga tarjima qilingan asarlari, xorijdan kelgan maktublar, umuman, adibning dunyo xalqlari bilan aloqasi xususida yozuvchining uy-muzeyi fondida saqla­na­yotgan manbalar aniq ma’lumot beradi.

Xususan, Germaniyada (1961 y.), Bolgariyada (1961 y.), Estoniyada (1960 y.), Armanistonda (1961 y.), Ruminiyada (1963 y.), Moldaviyada (1970 y.) nashr qilingan “Sinchalak” qissasi K.Simonov tarjimasida “Znamya” jurnalining 1959 yil 2-sonida, “Roman-gazeta”ning 1959 yil 16-sonida “Ptichka-nevelichka” nomi ostida bosilib chiqqan. Asar V.Smirnova so‘zboshisi bilan e’lon qilingan.

1965 yil “Ptichka-nevelichka” kitob holida nashr qilinadi va unda adibning qissa va hikoyalari o‘rin oladi.

“Sinchalak”ning Tataristondagi nashri X.Yaxin tarjimasi “Kul jetmes keshe” nomi bilan “Sovet adabiyatы” jurnalida e’lon qilingan bo‘lsa, keyinroq Ya.Shamsutdinov tarjimasida kitob holida chop etilgan.

Shu munosabat bilan tarjimonning Abdulla Qahhorga yozgan xati bilan tanishtirmoqchimiz.

“Nihoyat sizga “Sinchalak” qissasi­ning tarjima qilingan nusxasini jo‘natishga imkoniyat tug‘ildi. Kitob mart oyida nashr qilindi. Bizning tilimiz o‘zbek tili bilan hamohang. Tarjima sizga yoqadimi-yo‘qmi, har qalay, sizga ma’qul bo‘lishini xohlar edim. Qozonda kitobingizni sevib o‘qishyapti.

Abdulla aka, Moskvada yangi pesangiz “Tobutdan tovush” ijobiy bahola­­nibdi. Malol kelmasa, pesadan bir nusxa jo‘natsangiz. Biz Tatar akademik teatri bilan birga tanishib chiqamiz. Umuman, “Sinchalak”ning tarjima­siga oid (asar) taqriz yozishingizni iltimos qilaman. Server Edhemova­ning “Ip yurekli Seide” maqo­lasining Ya.Shamsutdinov maktu­bi­ga ilova qilinganligidan qissaga doir maqolalarning matbuotda e’lon qilinganligini bilish mumkin”.

Yana bir xat sobiq GDRdan, “Kultur unid Fortshtritt” nashriyoti direktori Koshutdan kelgan. Rus alifbosida yozilgan va 1962 yil 5 yanvarda jo‘natilgan ushbu maktubda shunday fikrlar bor:

“Hurmatli o‘rtoq Qahhor! Sharafiddinovdan bildikki, siz nemis tilida chiqqan “Sekretar Saida” romanining mualliflik nusxasini olmabsiz. Ehtimol, posilka yo‘lda yo‘qolgandir. Endi kitobni kech olishingizdan afsusdamiz. Roman bir necha oy oldin nashrdan chiqqan. Bugun sizga alohida pochta orqali kitobdan 4 nusxa va nashriyot gazetasi hisoblanuvchi “Ernte” (“Jatva”)dan bir nusxa jo‘natyapmiz. Bunda siz va romaningiz haqida ma’lumot berilgan. Umid qilamizki, kitob sizga yoqadi. Biz hozirgi o‘zbek adabiyotining qiziqarli kitobini nemis kitobxon­lariga tanishtirganimizdan xursand­miz. Sizga kelgusi ijodingizda muvaffaqiyatlar tilab qolamiz”.

Shuningdek, uy-muzeyda Angliya, Hindiston, Chexoslovakiya, AQShdan kelgan, turli mavzularda yozilgan maktublar ham bor. Kaliforniya shtatidan, “Universal bilimlar tashkiloti” direktori Farmer tomonidan jo‘natilgan xatda kelajak kishisi qanday bo‘lishi kerak, bu dunyoda jannatni qanday yaratish mumkin, degan fikrlar yuritiladi. Maxsus to‘plam qilinayotganligi xususida to‘xtalib, jumladan shunday deyiladi:

“Bu to‘plam dunyoviy xarakterda bo‘lib, “Inson uchun zamonaviy bashorat” deb nomlanadi. Amerika gazetalarining ko‘pchiligida bu g‘oya ko‘rsatilgan va ularni dunyo bo‘ylab tarqatyapmiz. Kutilgan maqsad — kelajak kishisining kamolotini aniqlash. Men umid qilamanki, Siz bu g‘oyalarni o‘z dasturingizga kiritasiz”.

Maktub ingliz tilida yozilgan, keyinchalik muzey xodimlari tomonidan ruschaga tarjima qilingan. Abdulla Qahhor bu xatga qanday munosabat bildirgani bizga noma’lum. Ammo shu ma’lumki, yozuvchi kelgan maktublarga bee’tibor bo‘lmagan, hatto, bir necha javob maktublari ham saqlanib qolgan.

“Hech bo‘lmagandan kech bo‘lgani ham yaxshi, deyishadi. Men “Sinchalak” qissasining chechen tilidagi tarjima­siga muharrirlik qildim. Uni chechen tilida “Kichkina Saida” deb atadik. Asar chechen kitobxonlariga manzur bo‘ldi”, — deb yozadi M.Musayev.

Bu kabi xatlarni juda ko‘p misol qilishimiz mumkin. Abdulla Qahhorning asarlarini dunyoga tani­tishda “Sovet adabiyoti” (“Sovetskaya literatura”) jurnalining o‘rni muhimligini qayd etish lozim.

Mazkur jurnalning nemis tilidagi nashrida “Das seidene sjusane” (“Shohi so‘zana”, 1958 y., 8-son), “Blunde wurden senend” (“Ko‘r ko‘zning ochilishi”, 1961 y., 11-son), ispan tilidagi nashrida “Los ciedos empiezan a vercbaro” (“Ko‘r ko‘zning ochilishi”, 1961 y., 11-son), frantsuz tilidagi nashrida “La tapis brode” (“Shohi so‘zana”, 1958 y., 8-son), ingliz tili­dagi nashrida “The girls” (“Qizlar”, 1962 y., 12-son) asarlari bosilgan.

Ingliz tilida “The shy wife” (“Mayiz yemagan xotin”) “Library of soviet Literature” rukni ostida “25 stories from the soviet repablics” (“Sovet Ittifoqi yozuvchilarining 25 hikoyasi”) nomi bilan Moskvada chop etilgan. Bu to‘plam “Abdulla Qahhor” bibliografik ko‘rsatkichda qayd etilmagan.

V.Smirnovaning “Abdulla Kakhar from the Fergana valled” (“Farg‘ona vodiyilik Abdulla Qahhor”) maqola­sining “Soviet literature” jurnalida ingliz tilida chop etilishi adabiy tanqidning Qahhor ijodiga iliq munosabatini ko‘rsatadi.

Abdulla Qahhor asarlari Osiyo xalqlari adabiyotida ham salmoqli o‘rin egallaydi. Bengal tilida chop etilgan “Mahalla” hikoyasi “Rasskazы pisateley narodov SSSR” to‘plamida Moskvada (1967 y.) nashr qilingan.

“Solntse nad barxanami” to‘plamida “Ko‘r ko‘zning ochilishi” hikoyasi arab tilida Moskvada (1967 y.) nashrdan chiqqan. To‘plamda M.Avezov, Ch.Aytmatov, B.Kerboboyev, Mir­muhsin, F.Muhammadiyev, Sh.Beyshena­liyevlar asarlaridan namunalar berilgan.

Shuni alohida qayd etish lozimki, Gretsiya adibi Kostas Frangis­katosning “Sovet Osiyosining shoir va yozuvchilari” kitobida Qahhor ijodi haqida ma’lumot va “Shohi so‘zana” pesasidan parcha berilgan. Mazkur ma’lumot adib bibliografiyasida berilmagan. Mazkur kitob muallifning xati bilan birga uy-muzeyida salanadi. Maktubda quyidagi gaplar yozilgan:

“Hurmatli hamkasb! 1959 yil 15 mayda sizga birinchi maktubimni, “Gioperiodiko mas” jurnalida bosil­gan ijodingiz haqidagi maqolani jo‘natgan edim. Shoir Ali To‘qon­boyevning menga yozishicha, bu maqola yuzasidan siz bilan suhbat o‘tkazgan ekan. Maktubda kitobingizdan va o‘zingiz haqidagi ma’lumot jo‘nati­shingizni iltimos qilgan edim. Bu ishimdagi imkoniyatlarni oshirar edi. Afsuski, javob ololmagach, Siz haqingizda bilganim ozgina ma’lumot bilan “Shohi so‘zana” pesasidan parchani kitobimga kiritib yubordim. Endigina nashrdan chiqishiga qaramay, Afina va Pireyadagi hamma gazetalarda kitobga oid taqrizlar e’lon qilindi.

Sizning Yevropa tillariga, xusu­san, frantsuz tiliga tarjima ilingan kitoblaringizni olishni xohlar edim.

Xat yo‘llarda qolib ketmasligi uchun Afina elchixonasi yoki Sovet ittifoqi Telegraf agentligi (TASS) orqali jo‘natishingizni iltimos qilaman”.

Boshqa bir maktub — 1959 yil 15 dekabrda chex yozuvchisi xatida, esa: Sh.Rashidov bilan samolyotda uchrashdim. Unga Moskvada K.Simonov bilan “Sinchalak” haqida gaplashganim, asarning chex tiliga tarjima ilinayot­gan­ligini aytdim…

Sizga “Sinchalak” va ijodingiz haqida yozilgan gazetani jo‘natyapman…” deyiladi.

Biroq qissaning chex tilidagi tarjimasi muzeyda yo‘q va bu haqda bibliografik ko‘rsatkichda ham ko‘rsatilmagan. Xorijdan kelgan maktublar yozuvchining boshqa ellar bilan do‘stona munosabat o‘rnata olganini ko‘rsatadi.

Abdulla Qahhorning qardosh xalqlar tiliga tarjima qilingan asarlari ham ko‘p sonni tashkil qiladi.

“Asror bobo” hikoyasi “Asrarkul ata” nomi bilan qoraqalpoq tilida, “Kino” hikoyasi ozarbayjon tilida, “Otken kunlerden ertekler” (“O‘tmishdan ertaklar”) asari “Amudaryo” jurnalining 1967 yildagi qator sonlarida, “Oltin yulduz” qissasi ham shu jurnalda (1967 y., 6-7-son) bosilgan.

“Juldыz” nomli qozoq jurnalida (1960 y., 2-3-son) “Shыnamaqtay shыmshыq” (“Sinchalak”) qissasi nashr qilingan.

Juda ko‘p bahslarga sabab bo‘lgan, “Sarob” romani ilk bor rus tilda V.Smirnova tarjimasida “Miraj” nomi bilan Toshkentda nashr qilingan.

Qahhor asarini tojik kitobxon­lariga yetkazishda K.Qahhorovaning xizmati beqiyos. K.Qahhorova tomoni­dan tojik tiliga tarjima qilingan “Sarob” romanining qo‘lyozma nusxasi uy-muzeyida saqlanadi, ammo kitob nashri bibliografiyada qayd etilmagan.

“O‘tmishdan ertaklar”, “Anor”, “Bemor”, “Millatchilar”, “Boshsiz odam”, “Ko‘r ko‘zning ochilishi”, “Bashorat”, “Qabrdan tovush”, “Bek”, “Jonfig‘on”, “Adabiyot muallimi”, “Qizlar”, “Mayiz yemagan xotin”, “Munofiq” asarlari “Afsonaho az guzashta” nomi bilan “Irfon” nashriyotida (Dushanbe) nashrdan chiqqan bo‘lsa, “Sharqi surx” (1959 y., 3-son) jurnalida “Hikoyaho” nomi ostida “Anor”, “Duzd” (“O‘g‘ri”), “Bemor” hikoyalari chop etilgan.

“Sharqi surx” jurnali Abdulla Qahhorning ko‘p asarlarini nashr qilgan. Xususan, “So‘zanai shohi” (“Shohi so‘zana”), “Se hikoya” nomi ostida “Zane ki maviz naxurdaast” (“Mayiz yemagan xotin”), “G‘ami ziyodati” (“Ortiqcha tashvish”), “Mual­limi adabiyoti” (“Adabiyot muallimi”) hikoyalari chop etilgan.

Yozuvchi asarlarini rus kitobxon­lariga yetkazishda “Zvezda vostoka” jurnalining o‘rni muhim. “Ming bir jon” (“Tыsyachi odna jizn”, 1957 y., 9-son), “Og‘riq tishlar” (“Bolnыe zubы”, 1958 y., 6-son) “Zvezda Vosto­ka”da, “Shohi so‘zana” (“Shelkovoye syuzane”, 1952 y., 3-son) “Zvezda” jurnalida bosilgan.

Adibning komediyalari “Iskusstvo” (1982 y.) nashriyotida chop etilgan.

Yana bir gap. Abdulla Qahhor ijodi yuzasidan ko‘p tadqiqot olib borgan I.Borolinaning 2004 yil “Muravey” nashriyotidan chiqqan “Tyurkskiye litera­turы i folklor” kitobi K.Qahhorova­ning jiyani Xurshida Jalolova tomonidan muzeyga keltirilgan. Unda I.Borolinaning dastxati yozilib, 2004 yil 7 noyabr sanasi qo‘yilgan. Mazkur kitobda “Rasskazы Abdulla Kaxxara” deb nomlangan katta ilmiy tadqiqot­ning borligi yozuvchi ijodining alohida qimmatga egaligini ko‘rsatadi.

Abdulla Qahhor murakkab bir davrda yashashiga qaramay xorij va qardosh xalqlar bilan do‘stona munosabati o‘zbek adabiyotini dunyoga tanitishda o‘ziga xos o‘rin tutgan.

Xurshida Hamroqulova, filologiya fanlari nomzodi.

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 9-son