Vafo Fayzulloh. Azaliy hikmatni izlab…

Qo‘ng‘iroq bo‘ldi.
– Erkin aka borayaptilar…
“Erkin aka, qaysi Erkin aka?
Erkin Malikmi, Erkin A’zam, Erkin Usmon, Erkin Abdurahmondir?”
– Vohidov! – “Sharq”qa, – shiddatli aniqlik kiritiladi.
Birdan ruhiyatim o‘zgaradi. Ko‘nglim oyoqqa turadi. Ruhiyatim ajib bir shoirona nasimdan parvozlanib, borlig‘imga buyuradi: “Uyg‘on! Sharqqa shoir tashrif buyuryapti”. Beixtiyor aytaman:
 – O‘zim kutib olaman, Mirzo aka!
Mujdani yetkazganimda tahririyatdagi hammaning shoirlik armoni esiga tushib, shu cho‘qqiga chiqqan, yuksak bir zotni ziyorat qilish imkonidan ko‘ngillar masrur bo‘ladi.
Zinalardan tushib borar ekanman, she’r toqiga ko‘tarilgan shoir “Nido”lari xotiram osmonida jaranglaydi.

 Bekorga XX asr o‘zbek she’riyatining ulug‘ vakili havaslanib shunday yozmagan-da:

“Ufqlarda yoniq afsona,
Olgin Erkin Vohid she’rlarin.” (Rauf Parfi)

Mustamlaka davrida, Cho‘lpon, Fitrat, Usmon Nosirlar qatag‘onga uchraganida zulmdan qochib, xorijda jon saqlagan vatandoshlar keyinchalik shoir sifatida Erkin Vohidni e’tirof etishgan ekan. Haqli e’tirof. Zero, yetmishinchi yillar boshidagi “O‘zbegim” qasidasi shoirningina emas, o‘zbek she’riyatining yutug‘i ekanini, millatning o‘zligini baralla tarona qilganini, o‘zbekona ko‘ngilni ko‘targanini unutib bo‘ladimi?! O‘shanda hofiz bu she’rga kuy topib, yonib kuylaganda, katta-yu kichik yurakdan unga jo‘r bo‘lib yurganmiz.

Erkin Vohidov uzilgan badiiy an’analarimizni baholi qudrat kelajakka uladi. Mukammal she’riy ilm – aruzda yozishga, tengdoshlari orasida mavlono Lutfiy, hazrat Navoiy an’analarini davom ettirishga jur’at topdi. “Yoshlik” devoni mayli havas, izlanish pillapoyasida tursa ham, “Inson qasidasi” kabi ham fikri, ham ifodasi go‘zal g‘azallar yaratilishiga sabab bo‘ldi. Mumtoz she’riy uslub zamonning eng murakkab ruhiy jarayonlarini yuksak badiiy tarzda ko‘rsata olishga yaroqli ekanini isbotlab, she’riyatimiz sarhadlarini himoya qildi. San’atning, iste’dodning hamma qalamkashga ham nasib qilmaydigan avj maqomi bor ekanligini ko‘rsatdi. Shuning uchun ham “Inson qasidasi” dehqondan tortib ziyolilarimizgacha, milliy ruhiyatni yolqinlashtirib, tafakkurga boshlaydigan qo‘shiq sifatida mehrimiz ufqida hilpiradi.

Erkin Vohidov she’riyati sharqona, shu bilan birga dunyo nazmining eng yangi poetik tafakkuridan suv ichgan uzoq umr ko‘radigan so‘zlardan tiklangan qasrdir. “Ruhlar isyoni” o‘tgan asrning yetmishinchi yillarigacha bo‘lgan dostonchiligimizning favqulodda yangi, chuqur psixologik namunasi. Qizig‘i, Erkin Vohidovda uch-to‘rt yo‘nalish, bir-biriga o‘xshamas shoirona botiniy fe’l o‘quvchini hayratga soladi. “Donishqishloq latifalari”dagi o‘tkir hajv, samimiy kulgi, afandiyona keskir aqlni “Ruhlar isyoni”dagi chuqur ruhiy talqinga solishtirib bo‘ladimi? “O‘zbegim”dagi na’ra bilan “Yoshlik devoni”dagi dilbar lirikani-chi? Bir shoir olamida qanday qilib yeru osmonday uzoq ruhiy uslublar: fojia va ko‘tarinkilik muhiti uyg‘un bo‘lishi mumkin? Shoir qismati, dunyoning o‘zgaruvchan jarayonini o‘z borlig‘ida yashaydigan aktyor. Uning botini hayot sahnasi… Bu sahna shunchalik keng va har xilki, shoir iqtidori qadar mas’uliyatni his qilib, navbatdagi asarida avvalgisini qaytarmaydi, yangilanadi. Mavzu va uslub jihatidan ham boshqa olamda, boshqa she’riy qiyofada namoyon bo‘ladi…

…Birinchi qavatning ostonasida hech kim ko‘rinmadi. Hovliqqanimdan bosh­yalang chiqib ketgan ekanman. Qishimiz ham o‘jar fe’llik. Charsligini bahorga yaqin ko‘rsatadi… Fevralning o‘rtasida gullab qo‘ygan shaharlik o‘riklar fevralning oxirida yopishqoq qor aralash yog‘ayotgan sovuq yomg‘ir ostida shumshayib, ezilib o‘zi bilan o‘zi ovora. Tan junjikar edi. O‘zimni panaga oldim. Tashqariga, bo‘ronli havoga qarab turibman. Nihoyat, shoir ostonaga yaqin joyda ko‘rindi. Negadir Erkin aka ichkariga kirishga shoshilmas, qor ostida nafasini rostlamoqchi, izg‘irinli shu sof havodan ko‘proq simirmoq eng zo‘r saodatday turardi. Ichkariga o‘zini urayotganlarning qay biriga bu odam yelkasidan nafas olayotganday tuyulgan bo‘lishi ham mumkin. Menda esa tiyrak nigohlari ila boqqan, kuz libosida shoshilib ko‘chaga tushgan yo‘lovchi taasurotini uyg‘otdi.

Me’roj lahzada yuz beradigan jarayon. Ruh va ko‘ngil ulg‘ayganini jism qayerdan ham sezardi? Ruh vazifasini bajarib, olamning navqiroligidan ajabtovur kuch olib, zakovatini ulg‘aytirib, shoirni ko‘ngillar bog‘boniga, bulbul va gulga aylantiradi. Nazrul Islom siymosiga chizgilarda buni his qilib, Yaratganning O‘zidan Shoirga berilgan in’om ekanligiga iqror bo‘lasiz. Shoirga shu manzildan tushish iztirob, chinakam musibat. Chin shoir hech qachon ulg‘ayish ufqidan tushmaydi. Jismi qarigan sari ruhi yana-da yuksalib, parvoz qilib boraveradi; ma’rifati, mutafakkirligi O‘ziga yaqinlashib, qurbat hosil qiladi.

“Sharq” tahririyati to‘rtinchi qavatda. Ammo, liftlarning to‘rtdan uchtasi to‘rtinchi qavatga to‘xtab o‘tolmaydi. Shuning uchun, Erkin aka bilan beshdan to‘rtga tushishga majbur bo‘lamiz. Erkin aka, go‘yo nafas rostlayotganday, aslida gurung berib jiladi:

– Bundan qariyb yarim asr ilgari Davlat badiiy nashriyoti ham“Navoiy-30” binosining to‘rtinchi qavatida joylashgan edi. Aksariyat ulug‘lar – G‘afur G‘ulom, Maqsud Shayxzoda, Habibiy domla, Quddus Muhammadiy kabi zotlar tashrif buyurishganida yugurib pastga tushardim. Ko‘tarilishda ular hech shoshilishmas, nazarimda juda imillashib olg‘a bosishardi. Mana…

– Quddus Muhammadiy lift borida ham tepa qavatga piyoda ko‘tarilarkan, – deydi Mirzo Kenjabek. Fikri oxiriga yetmagan shoirga imkon bermay, men ham “bilimdon”ligimni ko‘rsatishga shoshilaman.

– Habibiy domla to‘qsonga kirgandilar-a…

Erkin aka dumbul xabarimning ikki dami borligini shu onda fahmlab yetdi… va indamasdan hikoyasini ham, bu savolga aniqlik kiritmoqni ham nigohi bilan aytib qo‘ya qoldi…

“Sharq” nashriyotida O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning sakkiz jilddan iborat tanlangan asarlarini nashr qilish tadorigi ikki-uch yildan buyon ko‘riladi. Nihoyat, dastlabki jildlar bosmadan chiqdi. Ungacha xamir uchidan patir deganlaridek, shoirning keyingi yillarda bitilgan she’rlar to‘plami yorug‘lik yuzini ko‘rdi. “Yangi she’rlar”. Nomi meni o‘ylantirdi. “Ichi she’rlardan iborat bo‘lsa yana…” Yo‘q, bu nomning ikki yuki, ikki ta’kidi bor ekan. Harqalay, keyingi yillarda matbuotda chiqqan she’rlarining o‘zidan mutaassir yurganimdan, bu uchrashuv shunchaki bo‘lmasligini ko‘nglim sezganday edi. Shoirning tashrifi esa yurakni qizitib, ruhimni karaxtlikdan uyg‘otib, “Yangi she’rlar” sari boshladi.

Dabdurustdan “Yangi she’rlar”ga o‘tmasdan shoirning bungacha ham ado etgan ulug‘ xizmatlaridan bir-ikkisini eslamoq vojib. G‘arb mumtoz namunalaridan “Faust” – Gyote ijodining gultoji, olmon adabiyotining shoh asari hisoblanadi. Odam ulg‘ayib, dovonlar oshganidek “Faust”dagi drama, ruhiyat g‘alayonlari, moddiy va ma’naviy olam, she’riy san’atlar ifodasi juda murakkab. Bunga yetarlicha tayyorgarlik ko‘rgan o‘quvchi uchun ham mutolaa jarayoni oson kechmaydi. Endi, uning tarjimasi qancha muddat va qancha zahmat, til bilish, ilm va shoirlik dahosini talab qiladi? Javobi juda ham mushkul. Chunki she’r tarjimasida asliyatga hech qachon yetib bo‘lmaydi, bu qariyb mumkin emas, faqat ilohiy mo‘jiza bilan tarjima she’rning sharpasinigina ko‘rsatadigan amal. Bu baribir bo‘lak tilda muqobilini topib, boshqa bir asarning tug‘ilishi bo‘ladi… Shuning uchun bo‘lsa kerak, Gyote o‘z yozganini emas, frantsuzchaga o‘girilgan variantini mutolaa qilishga rag‘bati ko‘proq ekan… Buning o‘ziga yarasha huzurbaxsh sabablari bo‘lgan, albatta. Shoir Erkin Vohidov esa olmonchadan emas rus tilidan tarjima qildi va bunga umrining besh-olti yilini butunlay bag‘ishladi. “Faust” tarjimasi adabiy muhitda, tarjimachilikda katta voqea bo‘lgan. Bundan tashqari, g‘arbning mumtoz asari sharq shoiri ijodiga ham ijobiy ta’sir qilib, yangi dovonga olib chiqdi.

Erkin Vohidovning xizmatlaridan yana biri rus shoiri Sergey Yesenindan qilgan tarjimalaridir. Bizning avlod bu tarjimalarni sevib, yoddan o‘qib shakllangan. Biz uchun ijodda g‘ayrimillat shoir yo‘q. “Millatingiz, madaniyatingiz, diningiz bo‘lak, shunga ko‘ra, hayot tarzingiz boshqa, – degan edi menga shoir do‘stim Vladislav Selыev. – Qanday qilib o‘ta milliy shoirimizni Islom madaniyatining vakili, o‘zbek shoiri tarjima qilishi mumkin? Axir ba’zi e’tiqodiy tushunchalarimiz bizlarniki sizlarda, sizlarniki bizlarda yo‘q-ku!” “Vladislav, – deganman men ham o‘z navbatida – tilimizni, umuman, bilmaysizlar, lekin bizda rus tilini suv qilib ichib yuborganlar bor. Shoir ruhiyatini shoirgina tarjima qila oladi, asliga mos muqobil tushunchalarni topadi. O‘zbekchaga o‘girilgan she’rni eshit!..” U so‘zlariga tushunmasa ham tarjima ruhi va ohangidan huzurlanayotgani chehrasida qalqib chiqdi.

2010 yilning to‘rtinchi oktyabri edi. Sergey Yesenin tug‘ilganiga 115 yil to‘lgan kunda rus shoirlari Yuriy Bondar va Romul Yeliseevlar hamrohligida Vaganki qabristoniga yo‘l oldik. Yesenin qabri oldida bir gala muxlislar yig‘ilgan, shoir va volidasi xoki poyida quchoq-quchoq chinnigullar, kimdir paydar-pay shoir she’rini artistdek ijro etar, kim yig‘lagan, kim shod, kim sarxush, kim hushyor huzur tuyardi. To‘lqinlanib ketib, hech kimdan so‘roqsiz o‘rtaga oshiqdim: “Dorogiye pok­lonniki poezii! Yesli razreщite, ya naizus chitayu stixi poeta “Do svidaniya drug moy, do svidaniya” na uzbekskom yazыke” deya duduqlangan tilim birdan tiniqlashdi!

Xayr endi, xayr do‘stginam,
Bag‘rimdasan ko‘ngil malhami.
Muqarrar bu ayriliqning ham,
Visoli bor oldinda hali.

Xayr, do‘stim, so‘zga ochma lab
Qo‘y, men uchun o‘rtama bag‘ir.
Bu hayotda o‘lmoq-ku bor gap,
Yashamoq ham yangimas axir.

Hech kim “bu nima deyapti o‘zi?” deya baqirmadi. Balki “uzbek, uzbek” degan so‘zlar ohangidan bir hurmat, tashakkur tuydim. Bu, albatta, Erkin Vohidovning ulug‘ tarjimalariga aytilgan tashakkur edi. Holbuki, ko‘pincha bunday lahzalarda she’r tarjimoni birovning esiga ham tushmaydi… Ochig‘i, biz fidoyilikni ko‘pincha qadrlashni bilmaymiz. Erkin Vohidovga o‘xshagan shoir, tarjimonlar dunyoga har kuni ham kelavermaydi, axir. Ularni yo‘qlash, har bir fikrini qadrlash bugun uchun emas, kelajak uchun ham kerak.

Yana bir xotira. Adashmasam, 2003 yilning bahorida “Yoshlik” jurnali tahririyatida ishlayotganimda serqirra ijodkor sirini bilaman, deb o‘zimcha savollar tuzib, shoirni izlashga tushdim. Erkin aka esa, Moskvada, yuragi jarrohlik amaliyotiga tayyorlanilayotgan ekan. (Balki “Amaliyotdan keyin bemor” she’ri o‘sha kunlardan keyin yozilgandir.) Savollarim hali ham javobsiz, sarg‘aygan qog‘ozlar ichida yashirinib yotibdi… Ochig‘i, aslida behuda narsaga uringanga o‘xshayman… Axir, she’r chaqmoq yanglig‘ ko‘z ochadi. Qanday olamga kelgani ko‘pincha shoirning o‘zi uchun ham sir, shunday ekan, muxlislar hech qachon bu sirni bilolmasa kerak. Faqat tug‘ilgan she’r bilan uchrashish mumkin. Ko‘ngilning latif olamida yashash haqiqiy saodat. Ayniqsa, yangisi bo‘lsa, olinadigan bahra, ruhning sururi bo‘lakcha bo‘ladi, afsuski, buning suratini chizolmaymiz.

– Shu xonaga ham bir kiring, Erkin aka. – Iltimos ohangi Vohidovni xonamga undadi. O‘tgan asr ruhidagi uch stulning biriga cho‘kdilar-da, bir aziz xotira tillariga ko‘chdi:

– O‘ttiz besh, qirq yoshlardan oshmagan edim. Said Ahmad aka meni olqishlaganday lutf qildilar: “She’ringni yozib bo‘lding Erkin, endi bemalol o‘lsang ham bo‘ladi!..” – Erkin aka jimib qoldilar. Aftidan bu gap “O‘zbegim” kabi she’rlar shov-shuv bo‘lib, el aro shoir tildan tushmay qolgandan keyin aytilgan chiqar. Balki o‘zidan besh ko‘ylak ko‘p yirtgan kattaning kichikka ogohlantirishi bo‘lgandir. Iste’dodi yarq etib, ke­yin… o‘zi tirigu ijodi ado bo‘lganlar qancha. Lekin mustamlaka zamonida shoir bir rostini aytib, ming chini ichida qolib, armon bilan yashardi. Shuning uchun bu gap , bu maqtov shoirga juda ham qattiq botadi. Hech unutolmaydi. Erkin aka qarab turganimizni ko‘rib, bugunga qaytdilar-da, davom etdilar:

– Mening yana bir o‘ttiz besh yoshim o‘tib ketdi. Said Ahmad aka sakson besh yoshga kirgan kunlar, mustaqillikda yana ham ochildilar, mumtoz hikoyalar yozildi. “Yo‘qotganlarim va topganlarim” yuzaga kelib, ziyolilarning qo‘lidan tushmay qoldi. Men o‘sha “tilak”lariga tilak bilan javob beradigan fursat yetganini tushundim: “Said Ahmad aka, – dedim, – endi haqiqiy ijod qilish zamoni keldi! O‘lmang!” – Va to‘satdan Erkin aka menga murojaat etib qoldilar:

– She’r yozaversam bo‘ladimi, Vafo?

“She’r yozaversam bo‘ladimi?” xayolimda butun xonani to‘ldirib aks-sado berganday bo‘ldi.

– Erkin aka, axir, sizning she’rlaringiz… – nimalardir deb mulohaza yuritgan bo‘laman. Erkin aka esa bu so‘zlarga parvo qilmay, vazmin, duoga qo‘l ochdilar.

– Umringiz uzoq bo‘lsin! Bolalaringiz boshiga omon bo‘ling.

Ketayotib tahririyatdagilarning hammalariga ehtirom bilan iltimos qilgan bo‘ladilar: – Shu yerda xayrlashamiz. Salomat bo‘linglar! Yana uchrashguncha!

Men esa shoirning chinakam tashrifi “Yangi she’rlar”ga yuzlanaman.

“Do‘stim!
Sen o‘zni ko‘p xokisor tutma,
Ojiz bandaman deb egib yurma bosh.
Yurtning egasisan, zinhor unutma!
Sen o‘zing davlatsan, aziz vatandosh”.

Inson katta maqsadlar bilan yashasagina, ortidan gullar unadi. Qaybir ulug‘ zot aytganidek, o‘zini bir joyga jamlagan odamning bir o‘zi, yengilmas saltanat bo‘ladi. Buning moziydagi misoli Amir Temur hazratlari! Yetti to‘rtlik, 28 qatordan iborat she’rning har birida zarb bilan aytilgan shoir fikrlarining qaysi birlari ila bahslashish mumkindir, ammo ozod yurtning bo‘z bolasi bu olov nidolarni anglab yashamog‘i kerak:

“G‘ayratsiz zotlarga zamonlar yomon,
Jasorat yo‘q yerda yomonlar omon,
Davlat ne, mardona bo‘lmasang qalqon,
Sen o‘zing davlatsan, aziz vatandosh”.

Tilakning yoniq, orzuning juda yuksakligini qarang:

“Yurt farzandi asli o‘zi yurt bo‘lar,
Ko‘zi chaqnoq bo‘lar, qalbi o‘t bo‘lar
Qatorda nori bor Vatan but bo‘lar,
Sen o‘zing davlatsan, aziz vatandosh”.

Chin shoir avvalo devonavor oshiqdir. Erkin Vohidov bu martabani “Yoshlik devoni” kitobi bilan qo‘lga kiritgan. Yangi she’rlardagi “Shoir­ga maktub”, “Qiz bolaning sevgisi”, “Birovning qizi” shu javohir qutichasidagi yangi durlar, huzurbaxsh sirlar bo‘libdi. “Shoirga maktub” samimiy bitilgan qismat hikoyasidir. Oshiqqa ko‘ngil izhori uchun yoniq tilli, yurakning qoniga bo‘yalgan so‘z kerak, she’r kerak. Holbuki, shunday she’r yaratgan shoir qismatining aksariyat tarjimasi yorga yetolmagan armonli oshiq ma’nosini bildiradi… Lirik iqror – shoirning tug‘ilish tarixi ham…

“Bir bevafo ishqida men ham
Poyoni yo‘q dardga to‘lganman.
Shu dard menga tutqazgan qalam,
Kuya-kuya shoir bo‘lganman”.

“Qiz bolaning sevgisi” faqat o‘zbek shoiri his qilib, or-nomusini o‘rtaga qo‘yib bitishi mumkin bo‘lgan she’r. U navrasta qizlarimizga ota­larning o‘giti hamdir. Adibimiz Tog‘ay Murod “Muhabbat ko‘ngilda bo‘ladi, tilga chiqsa yolg‘on bo‘ladi”, degan edi. “Birovning qizi” o‘zbek xulqi va taqdir bitigi haqidagi zamonaviy rivoyatdir. U “Mehrobdan chayon” qahramoni Anvarning Ra’noga aytgan hayotga chorlovining davomiga o‘xshaydi. Haqiqat juda talx (achchiq) keladi, uni faqat shoirning yorug‘ tasviri tushunadigan qiladi. “O‘lmas edi balki odamzot” she’rida insonning noqis fe’l-atvori qaltis pallalarda ochilgan. Har bir to‘rtlikdan bir nomukammallikning niqoblangan basharasini tanib olamiz. Bu haqda G‘azzoliy hazratlari buyuk dasturga asoslanib jild-jild kitoblar yozgan. Nafs xohishiga yuradigan kimsa belgilaridan xabar bergan. She’rning nomi-yu naqorati, albatta, ramziy. Haqdan berilgan umr zimdan halokat chohiga tashlanishi kinoya va istehzo, iztirob bilan ko‘rsatiladi. Bu aslida o‘ziga xos nahiy munkar. Qur’oni karimning “Niso” surasida Olloh taolo shunday ogohlantiradi: “O‘zlaringizni va bir-biringizni nohaq o‘ldirmang!”

“Tahqir zahru xanjar ila teng,
Tuhmat ortiq o‘qdan va dordan.
Inson o‘lmas biri birining
O‘lishiga bermasa yordam”.

Shoir topgan ramziy ifoda haqiqatlar ko‘zini ocharkan, insonning ojizligi, xudbinligi hushyor aqlni dahshatga soladi:

Inson o‘lmas o‘ldirmasa g‘am,
Makon qilmas qora turbatni.
Ko‘rsa agar tirigida ham
O‘ligida topgan hurmatni.

Olam to‘la fitna, adovat,
Mangu qolib netar odamzot?
Bir kun charchab, izlab farog‘at
Tinch dunyoga ketar odamzot”.

“Yangi she’rlar” to‘plamidagi eng yaxshi she’r, nazarimda, “Vafo”. Uni o‘qib turib Yeseninning “It haqida doston”i xotirga keldi. Yeseninda ovchining qotilligi bois yetti bolasidan ajralgan it nolasi. Vohidovda esa inson hayotdan ketganda yaqinlari, bolalaridan ko‘ra ko‘p qayg‘u chekkan it timsoli kishi mehrini uyg‘otib, yuragini qon qiladi. Aslida bu milliy tushunchaning go‘zal va g‘amgin qo‘shig‘i.

“…Sovuq tunda qotib, diydirab,
Qabrga u qo‘yib yotdi bosh.
Erigan qor kabi mildirab,
Ko‘zlaridan tinmay oqdi yosh.

Biz insonmiz, sohibi dunyo,
Qudratlimiz, mag‘rurmiz, to‘qmiz.
Sadoqatda, mehrda ammo
Shu bechora bir itcha yo‘qmiz”.

Chin shoirning har bir misrasi bir fojia, bir drama, bir roman. Shuning uchun, she’r haqiqatlarning eng mardonasini aytib, vaqtni maksimal darajada tejashdir. Shuni nazarda tutib, mohir shoirlar fard, muammo, ruboiy kabi ixcham janrlarni ixtiro etgan. Haqiqatning go‘zal, mardona tasviri, inja ruhning dovyuraklik va kuyunchak­likka esh tabiiy surati so‘zlarga ko‘chadi. Zero, hayotning birinchi mezoni haqiqat, ijodkorning e’tiqodi esa uni anglatish. Shuning uchun ham odamni olg‘a boshlaydigan haqiqat she’riyatning, adabiyotning gultojidir. Shoirning mutafakkir darajasiga ko‘tarilganiga havasingiz keladi. Balki, har bir xalqqa asl haqiqatni pardaga o‘rab berish uchun shoirlar berilar. Shuning uchun ham haqiqat jarchisi bo‘lishga imonli shoirlar ma’naviy haqdordir.

Erkin akada tasvir, marom ko‘pincha oddiy, ammo xulosa juda zalvorli.

Baxsh etmoqni istab dillarga ziyo
Tunlar chirog‘imiz o‘chmadi biroq.
O‘chmaydigan qilib mahshargacha to,
Biz o‘z boshimizga yoqibmiz chiroq ”.
(“O‘chmas chiroqlar”)

“So‘zda sehr, she’rda esa hikmat bor” (Hadis). Bu martaba Sharq shoiri uchun talab hamdir. Hikmatda haqiqat bilan birga falsafa, orifona donolik, qaynoq aforizm so‘nmas yulduzdek jimirlab turadi. Hushyorlikning mastligi o‘quvchini mast qiladi. “Yangi she’rlar” navbatdagi ijod namunalari ekanligi bilan birga chinakamiga hikmat bo‘lgan. Balki hech qachon hikmatlarni solishtirib bo‘lmas. Lekin qiyoslarda allaqanday yuksaklarga chiqamiz. Navoiy, Bedil, Hofiz, Gyote hikmatlari…

Vohidovning “To‘kislik” she’ridagi hikmat kishi e’tiborni tortadi.

“Butlikka ne yetsin
Kamlikdan ko‘ra.
Inson to‘kis bo‘lib yurgani yaxshi.
Lekin Yaratgandan bir baxtni so‘ra,
Nimangdir yetmasdan turgani yaxshi”.

Butlik va muhtojlik – ikki qarama-qarshi qutb. Dastlabki ikki misra niyatning teran, sodda ifodasi, uchinchi qatordagi komillik orzusi fikr uchun fazilat bo‘lgani holda, hatto to‘rtinchi satr ham shu fikrning manbasi va davomi bo‘lib bosh maqsadday yangraydi. Ammo, mulohazakor shoir ziddiyatda dunyoni bir butun ko‘radi va kutilmagan g‘oyani o‘rtaga tashlaydi: “Nimangdir yetmasdan turgani yaxshi…” Aslida ham insoniyat olamini harakatga keltirib turgan mutanosiblik qonuni shu emasmi?

“Shukrona dilinga oshno bo‘lsunu
Armonim yo‘q desang xato bo‘ladi.
Dunyoning eng ko‘hna falsafasi bu
Orzu o‘lsa hayot ado bo‘ladi”.

“Orzu o‘lsa hayot ado bo‘ladi” – mana hikmat! Odamzotning butun umrlik formulasi:

“Hayot yo‘li nadir? Qabr toshida
Ikki sana aro qisqa chiziqdir”.

Shoir, asosan, avval o‘quvchini tayyorlab, so‘ng zalvorli fikrni ehson kabi havola etadi. “Keksalik iltijosi”, “Soya”, “Quduq”, “Aql topmading” kabi mutafakkirona she’rlarni yo‘lchi mayoq qilib yashasa arziydi. Shu silsiladagi ikki she’rni o‘zimcha tushunishdan o‘zimni tiyolmadim. Aslida she’rni hech qachon oxirigacha sharhlab bo‘lmaydi. Har bir satrdagi fikr yoxud jami hislar jilosi tasavvur qudug‘ining olis bir burchagidagi oydan tushgan shu’la. Botin ko‘zi bilan ko‘rib turasiz. Sharhlashga, tushuntirishga esa aql ham, til ham qiynaladi. Quyoshning zarrasini qo‘l bilan ushlab bo‘lmaydi-da.

“Bodom odamga o‘xshar
Navbahorni suyadi.
Odam bodomga o‘xshar
Erta gullab qo‘yadi”.
(“Bodom va Odam”)

Daraxtning erta uyg‘onishi ko‘ngilning tebranishiga nazira. Odam bodomga o‘xshatilarkan, to‘satdan besabrlik, toqatsizlik illatining surati beriladi. Bor-yo‘g‘i so‘zlar o‘rni almashtirilib, juda oson so‘z qatori tizilganday bo‘lgani bilan yangi ma’noning ko‘zi ochilgan. Ramzligi bois bodomga qilingan “adolatsizlik”ni ham oqlash mumkin…

Hikmat faqat moziydan misol keltirib saboq bermoqqina emas. Bugunning evrilishini ham fahmlatmoq.

“Topishmoq aytadi menga nabiram –
“K”dan boshlanadi, har uyda bor, – der, –
Sodda ish asbobi…
Men ketmon, desam
Nabiram kuladi: – Yo‘q, bu – kompyuter! ”

Ketmon va kompyuter. Bular odamzotning aqli kashf qilgan ish qu­rollari. Bugun ham ketmonsiz rizqimiz but bo‘lmaganidek, endi kompyuter murvatini o‘ynatib, chobuksuvorlik qilmasdan tirikchiligimiz oldga bosmaydi. Shu beshlikda aql tadriji, bobo va nabira oralig‘idagi masofani ham his qilasiz. Nazarimda, bu she’riy “topishmoq” zamonaviy hikmatdir. Uni faqat aql ko‘ra biladi.

“Donishqishloq latifalari” allaqachon she’rxonu hajvsevarlarga yod­ bo‘lib ketgan. Ammo, bular shunchaki, ichakuzdi rivoyatlarning she’rga solingan shakli emas. Balki unda istibdod hukmron, dahriylik mafkurasi to‘rda, milliy qadriyatlar chetga surilgan davrda ko‘ngil ko‘tarish, taqiqdagi haqiqatlarni aytish, shu bilan birga fe’l-atvorimizdagi illat va nuqsonlarni kulgi, kinoya, hajv, ishora vositasida muolaja qilish bor. Shuning uchun, dushmanni kuldirib, do‘stni yig‘latgan, ezilib ketgan qalbga nim tabassum hadya etib erkin nafas oldirilgan. “Yangi she’rlar”da ana shu motiv chuqurlashgan.

“Hazil to‘g‘risida jiddiy she’r”, “O‘g‘riga nasihat”, “Bizning motam”, “Narx-navo”, “Mushtlashganlar”, “Tangriga iltijo”, “Bizning qishloq odati” satirik yo‘nalishdagi she’rlar va Abdulla Qodiriy, Tavallolar ijodining o‘ziga xos davomi hamdir. Vohidovning zohiri hazil, botini zil she’rlari noto‘g‘ri qarashni sindirish, ichiga nazar solishga ishoralar qilishdir. Bejizga shoir shaxmatda grossmeysterlar bilan durang natijaga erishmagan. Bu o‘tkir, kuchli aql sohibi ekanligidan dalolat. Hazilning ma’nosini har kim har xil aqlining darajasiga qarab tushunadi. Mana “Dangasalar” she’rini ko‘raylik:

“G‘ayratlilar yelib-yugurib,
Mehnat bilan mudom ovora.
Dangasalar esa o‘y surib
Yotish uchun o‘ylashar chora.

Ishchan azal tinmay yer chopgan,
O‘g‘ir tuygan, sovurgan somon.
Yalqov o‘ylab charxpalak topgan,
Ijod qilgan shamol tegirmon”.

Mehnatkashni kim yozg‘irardi? Ammo quruq harakat bilan inson dovonlardan osha olmasligi borasida hamma ham o‘ylab ko‘rmaydi. Keyin tinib-tinchimagan ba’zi birovlar jabrdiydalarning nasibasini tuya qilib, sherik bo‘lib yuradi. Shoir esa fikrsiz, qotgan qarash asosida yashaydigan ommaning ustidan kinoya qilib, bugungi taraqqiyotga yo‘l ochgan “dangasalar”ni kashf qilgan. Ularning buyukligini “tanqid” niqobida e’tirof etadi.

“Parvoz etsam yuksak samoda
Zamonaviy laynerda bukun
Rahmat deyman yorug‘ dunyoda
Dangasalar borligi uchun.

Yo‘qsa yurar edik hoynahoy,
Hanuz yayov changitib tuproq.
Xo‘b yurtim bor, xayolkashga boy,
Ishchanidan o‘ychani ko‘proq”.

Fikr charxpalagini tez aylantirgan shoir qarashlar har xilligini ko‘zguga soladi. “Xo‘b yurtim bor, xayolkashga boy” bir misrada ijod va ilm ahlining siymolarini jamlaydi. Ammo “Ishchanidan o‘ychani ko‘proq” sirtqi va ichki ma’nolarga ega. Shoir o‘zidan “nolish” bahonasida goh so‘z qadri arzon bo‘lib, uning favqulodda sohiblari “dangasa”, “noshud” deb qaralishiga kinoya qiladi.

“Rost aytsam bu mening ham dardim,
Xolimasman bu kasallikdan.
G‘ayrat qilsam bir kasb topardim,
Shoir bo‘ldim dangasalikdan.

…Bizning mehnat shundoq,
Nima bor –
Dabdabayu asasalarga.
Sizlar tinmang, ishlang fidokor,
Xalal bermang dangasalarga”.

“Do‘stlik sharti”da esa riyokorlikni bilsa hazil, bilmasa chin naqliga ko‘ra, hazil pardasiga o‘rab ayovsiz fosh etadi. Illatlarni chuqur istehzo bilan yuzidan niqobini tortadi.

Shoir insonga yaxshilik sog‘inuvchilarning ilgarigi qatorida istiqomat qiladi. Vohidov ham o‘ylatib, ko‘zni teranroq ochishga o‘rgatadi, aqlni ezgulikka safarbar qiladi:

“Engil ish qidirma,
Engil ish yo‘qdir.
Jon cheksang yengish bor,
Engilish yo‘qdir”.

Inson hamisha ham oq-qorani tanishga qiynaladi. Rejalarining oxiriga yetmaydi. Holbuki, qalbi ardog‘idagi amalini mayli uni tanimasa ham, o‘sha g‘oyibdagi do‘sti borligi uchun ado etadi. Shoir shunday do‘stlikning qanchalik ulug‘vorligini biladi.

“Birkam dunyo.
Sen ham bir banda.
Mayli, kamu ko‘stlaring bo‘lsin.
Lek ko‘rganda shod, ko‘rmaganingda
Sog‘inguvchi do‘stlaring bo‘lsin”.

Do‘stlikni qadrlaganlar qadr topadi.

“Ularga dil to‘la himmating,
Mehr to‘la ko‘zlaring bo‘lsin.
“Qaydasan?”, deb buzib xilvating,
Bosib kelar do‘stlaring bo‘lsin.

Sevin, ular tegsa joningga,
Ishdan qo‘ysa kul, yayra, kuldir.
Kelmay qo‘ysa birov yoningga
Dunyo oxir bo‘lgani shuldir”.

Omon bo‘ling, Erkin aka, ko‘ngilni sharafladingiz. Sizni O‘zi sharaflasin. Bir inson, bir shoir sifatida O‘zining nazdida martabangiz ulug‘ bo‘lsin. Ustoz, mana bu tilagingizni har bir shoir o‘zining yuragi ufqida bosh maslak yanglig‘ yozib qo‘yishi kerak!

Shundoq so‘z ayt, shoir ukajon,
So‘zing qalblar tubiga borsin.      
Baxtni yozsang yayrasin jahon,
G‘amni yozsang dodlab yuborsin.

Shundoq so‘z ayt,
Ko‘kka sol jarang,
Er yuzini hayratlarga sol.
Shundoq so‘zni topa olmasang,
Ukajon,she’r yozmay qo‘yaqol”.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016 yil, 2-son