Gulnora Akbarova. G‘ururi tog‘lardan yuksak

«Tengri taoloning inoyati bilan va hazrati on Sarvari koinotning shafoati bilan va chahoryori bosafolarning himmati bilan seshanba kuni ramazon oyining beshida tarix sakkiz yuz to‘qson to‘qqizda Farg‘ona viloyatida 12 yoshda podsho bo‘ldi» u. Atigi 12 yosh. Darvoqe, bu yoshda Navoiy mavlono Lutfiy lutfiga sazovor bo‘lgan o‘sha «Orazin yopqoch, ko‘zimdin sochilur har lahza yosh…» matla’li g‘azalining qofiyalarini she’rda tizayotgan edi.

Bugungi kun muchal ko‘rgan bola-chi? Imkon tug‘ilganda unda ham Navoiydagi ta’bi nazm yoki Bobur shiddati, shijoati paydo bo‘larmikin?.. «Fe’li sajiyasiga ko‘ra Bobur Sezarga qaraganda sevishga arzigulikdir», – deydi Eduard Xolden. «Boburnoma»dagi tinimsiz jangi jadallar, «dilbar shoir» iborasi bilan aytganda, «muhosara, fatarotlar» tasviri bilan yaxshi tanish bo‘lgan kitobxon unga bundan kam baho bera olmas.

Temuriylar orasida nazmga moyilligi (tab’i nazm) bo‘lmagan, ijod bilan shug‘ullanmagan sultonlar barmoq bilan sanarli. Amir Temurdan tortib so‘nggi temuriylar vakili Husayn Boyqarogacha, Mirzo Ulug‘bekdan Xisravshohgacha o‘ziga xos ijod bilan mashg‘ul bo‘lgan. Ammo bu qatorda Boburning o‘rni ulug‘roqdir. Ehtimol, ota dog‘idan ko‘z yoshi qurimay otiga mingan shahzodada peshma-pesh boshga tushayotgan taqdirning nohaq o‘yinlariyu adolatsizliklaridan ko‘ra bolalarcha, shoirona hayrat ustun kelgandir.

O‘z raqibiga nisbatan ham jo‘mardlik bilan baho berish uchun Boburdek shoir qalbiga ega bo‘lish kerak, nazarimizda.

Samarqandning ikkinchi bor qo‘lga kiritilishini Sulton Husaynning Hirot taxtiga o‘tirishi bilan qiyoslab, o‘zi va uning imkoniyatlarini ko‘rsatib beradi: «Sulton Husayn mirzo ham Hiriy (Hirot)ni ushbu yo‘sunliq g‘ofillikta olibtur. Vale bu ish bila ul ish orasida ko‘p farq bordur. Avval bukim, Sulton Husayn mirzo ko‘p ishlar ko‘rgan, bisyor tajribalar kechirgan ulug‘ yoshli podsho edi. Ikkinchi bukim, g‘animi Yodgor Muhammad mirzo 17-18 yoshli betajriba o‘g‘lon edi. Uchinchi bukim, g‘animning ichidan kayfiyat va holatni yaxshi bilgan Mir Ali Miroxur mirzoga kishilar yuborib, g‘ofillikda g‘anim ustiga kelturdi. To‘rtinchi bukim, g‘animi qo‘rg‘onda emas edi…

Men Samarqandni olganda 19 yoshda edim: ne ko‘p ish, ne tajriba ko‘rib edim. Ikkinchi bukim, mening g‘animim Shayboqxondek purtajriba va ko‘p ish ko‘rgan, ulug‘ yoshli kishi edi. Uchinchi bukim, bizga Samarqanddin hech kishi kelmaydur edi. Garchi shahar eli menga ko‘ngullik bo‘lsa-da, Shayboqxondan qo‘rqqanidan hech kishi bunga jazm qilolmas edi. To‘rtinchi bukim, mening g‘animim qo‘rg‘onda edi.»

E’tibor bering-a, «g‘animim Shayboqxondek purtajriba va ko‘p ish ko‘rgan, ulug‘ yoshli kishi edi» – ota yurtidan abadiy badarg‘a qilgan xonga nisbatan bunday fikrlarni aytish uchun qanchalik diplomat bo‘lish kerak kishi! Dashti qipchoqdagi ko‘chmanchi o‘zbeklarni birlashtirgan Shayboniyxonning temuriylar sulolasini «sindirib», yirik imperiya tuza olgan mohir sarkarda sifatida jahon tarixida o‘z o‘rni bor. Bobur xotiralarida Shayboniyxonga nisbatan uni beobro‘ qiladigan yoki tahqirlaydigan so‘zlar qo‘llamaydi. Aksincha, uning harbiy qobiliyatiga, mahoratiga har doim tan berib keladi.

«To‘lg‘ama» – jang maydonida raqib tomonga jangchilarning yopirilib, dushman bayrog‘iga shiddat bilan o‘q-yoy otib, ularni sarosimaga solishidir. Shayboniyxonning har bir jangda to‘lg‘ama taktikasini qo‘llashi Boburning havasini keltiradi: «O‘zbekning (ya’ni Shayboniyxon nav­karlarining) urushda bir ulug‘ hunari ushbu to‘lg‘amadir, hech bir urushi to‘lg‘amasiz bo‘l­mas».

Shayboniyxonning yana bir harbiy taktikasi shunday ediki, uning armiyasi hujumda ham, hatto chekinganda ham, betartib taloto‘p bo‘lib emas, bor shiddati bilan birday yopirilib harakat qiladi. Bobur buni ham «o‘zbekning yana bir ulug‘ hunari» deb tan oladi.

Ehtimol, bu jo‘mardlik Shayboniyxonda ham o‘ziga nisbatan bir oz xayrixohlik uyg‘onishiga olib kelgandir. 1500-1501 yillarda Shayboniyxon Buxoroni olib, Sa­marqand ustiga yuradi. Sa­marqand beklaridan Sulton Ali mirzo onasi Zuhrabegimning puch xayollari ta’sirida shaharni raqibiga topshiradi. Zuhrabegim o‘g‘liga otasining viloyati – Samarqandni berish evaziga Shayboniyxon bilan nikoh shartnomasi tuzishni taklif qiladi. Ammo shaharga kirib olgan xon bu «aqli noqis xotun»ga kanizakchalik ham parvo qilmaydi, Sulton Ali mirzo esa Temur Sulton (Shayboniyning o‘g‘li) bilan to‘qnashuvda o‘ldiriladi. Endi uning Boburga munosabatini eslab ko‘ring: uch-to‘rt oy davom etgan Samarqand qamalida Bobur tang ahvolda qoladi. Xalq tanqislikdan it va eshak go‘shtini yeyishgacha boradi. Tevarak-atrofga jo‘natilgan hech bir elchi umidvor etguday xabar bilan kelmaydi. Shu vaziyatda Shayboniyxon sulh tuzishni taklif etadi. 3-4 minglik navkarli purtajriba bir xon 200-300 askari qolgan, buning ustiga yosh, tajribasiz bir sarkardaga-ya? Yoki chindan ham Muhammad Solih yozganidek u – «imom-uz-zamon g‘oyibona oshiq bo‘lib, ishq bila ma’shuqini» – Boburning jonday egachisi Xonzoda begimni qo‘lga olish maqsadida edimi? Bu fikr haqiqatdan ancha yiroq. Chunki «Boburnoma»da o‘zining har bir kamchiligini tan olgan shoir bu haqda «mening egachim Xonzoda begim shahardan chiqishda Shayboqxon iligiga tushdi» (ha, aynan «shahardan chiqishda iligiga tushdi») deydi. Muhammad Solih bergan ma’lumotga kelsak, «Shayboniynoma» badiiy asar ekanligini unutmaslik lozim.

«Boburnoma»da shoirning har bir vaziyatga xolis baho berishi, uning o‘z qarindoshlariga sadoqati, hatto ular Boburdan yuz burgan paytlarda ham xiyonat qilmaganini qanday baholash mumkin?

Samarqand qo‘ldan ketib, bir qancha fursat ona urug‘i – xon dodasi (Yunusxon) qoshida yurgan Bobur Xo‘jand daryosining janubidagi Andijon yerlarini ishg‘ol qiladi. Ammo xon dodasi bu yerlarni o‘z o‘g‘liga berib, shoirga: «Shayboniyxon Samarqandni egallab, yuksalib bormoqda. Shuning uchun kichik xonni qancha uzoq yerdan chaqirdik, bu yerda yeri (mulki) yo‘q, o‘z viloyatlari yiroqda, boshqarib tursin», – degan vaj ko‘rsatiladi. Shayboniyxon mustahkam o‘rnashib olgan Samarqand qo‘lga kiritilsa (!), uni Boburga berishni va’da qilishadi. Xon dodasining hiylasini Bobur yaxshi tushunardi: «Bu so‘zlar menga firib ekandur. Chora yo‘q erdi, xohi-noxohi rozi bo‘ldim…»

Qarindoshlaridan foyda yo‘qligini aytib, Boburning yaqin beklaridan bo‘lgan Qambar Ali boshqa taklif beradi: «O‘sh, Marg‘ilon, O‘zgand va qo‘lga kiritilgan viloyatlar sizning qo‘lingizda. O‘shga borib, qo‘rg‘onni berkitib oling-da, Sulton Ahmad Tanbal bilan yarashib, mo‘g‘ulni chiqarib tashlang. So‘ng viloyatlarni ikkovingiz bo‘lishib oling». Bobur qat’iy bosh tortadi: «Xon – tug‘ishg‘onlarim. Tanbalga podshohlik qilgandan bularga navkarlik qilganim ortiqroqdur!» Imkoniyatlari qo‘ldan ketgan ojiz bir kishining emas, sodiq, vatanparvar va ertaga Shayboniyxon xavfining muqarrar ekanligini ko‘rib turgan bir tadbirkor sarkardaning so‘zlari bu.

1503 yilda Temurbek bino qilgan imperiyaning «so‘nayotgan yulduzi» – Sulton Husayn mirzo Xisravshoh, Badiuzzamon, shayx Arg‘un Zunnun bilan bir qatorda, harbiy salohiyatini tan olib Boburga ham xat jo‘natadi. O‘zbeklar – shayboniylar hali bosib ulgurmagan Temuriylar yurti hududlarini himoya qilish uchun ko‘rsatmalar bera boshlaydi. Bobur «Sen Kohmard va Ajar tog‘ etaklarini (hozirgi Afg‘oniston hududidagi yerlar) muhofaza qil, toki o‘zbeklar kira olmasinlar», degan mazmunda xat oladi.

Taqdirning o‘yinini ko‘ring! Bobur Samarqand qamali paytida paydar-pay jo‘natgan elchilariga hech qanday javob bermay, ko‘mak bermay, shayboniyxonga elchi yuborgan «mardona va sohib tajriba» Sulton Husayn mirzo endi Boburga o‘z yerlarini himoya qilish uchun ko‘rsatma berib turibdi. Vaholanki, «o‘zbeklar xavfi»ni Bobur ancha oldin sezgan, temuriy va ona urug‘idagi sultonlarni alanga olish xavfida turgan olov – «Shayboqxondek g‘anim paydo bo‘lgani, buning turkiyga xavfi katta ekani» haqida bir necha bor ogohlantirgan edi. Ammo bu chorlovlar o‘z paytida javobsiz qoldi. Bobur shunda ham Sulton Husayn mirzoga nisbatan adovat qilmaydi, balki Boyqarodek podshohdan «mana buncha kema yasang, mana buncha ko‘prik quring, xujumga tayyorlaning», degan xabar kelsa qani edi? Temurbek taxtida o‘tirgan Sulton Husayn mirzodek podsho g‘anim ustiga yurishni emas, yurtni berkitib, omon qolishni o‘ylab tursa, qolgan xalq o‘zini qanday tutsin, deya alam bilan muhofazaga otlanadi.

Boburdagi xavf-xatarni oldindan bilish, har qanday murakkab vaziyatlarda ham o‘z g‘ururini sindirishlariga yo‘l qo‘ymaslik uning tug‘ma harbiy salohiyatidan nishon beradi. Chunonchi, uni hiyla bilan Ahmad Tanbal qoshiga olib ketayotgan yog‘iylar Xo‘jand yoqasida tutib bog‘lash haqida maslahatlashib turgan bir paytda ularga qarata: «Qani, ko‘ray-chi, qaysi biringiz menga yaqin kela olasiz?» – deydi.

Boburning g‘urur, nafsoniyat, or-nomus kabi tuyg‘ularni hamma narsadan ustun qo‘yishini yana bir holatda kuzatishimiz mumkin: Sulton Husayn mirzo o‘limidan so‘ng Hirot taxtida o‘tirgan Badiuzzamon mirzo huzuriga ilk bor kelganda, Boburga izzat-ikrom ko‘rsatiladi. «Ikkinchi navbat kelganda Badiuzzamon mirzo burung‘idek ta’zim qilmadi». Bu holatni ham tushunish mumkin. Movaraunnahr tamom qo‘ldan ketgan, qisman Xuroson yerlari ham shayboniylar ixtiyoriga o‘tgan edi. Og‘asi Sulton Muzaffar mirzo bilan so‘nggi temuriylar saltanatini boshqarayotgan podsho Badiuzzamon 200-300 navkari bilan darbadar kezib yurgan, na hokimiyati, na davlati bor bir bekka nechuk ta’zim qilsin? Ammo «na davlat, na hokimiyati qolmagan» Boburning nafsoniyati, g‘ururi tirik va u o‘ziga nisbatan bunday munosabatni ravo ko‘rmasdi. Oqibat, oraga kishi qo‘yib, Badiuzzamonga shu xabar yetkaziladi: «Agarchi yoshim kichikdur, vale to‘rum (darajam) ulug‘dir. Ota taxtidakim (Temurbek demoqchi), Samarqand bo‘lg‘ay, ikki navbat zarbi rost olib o‘tiribdirman. Bu xonavoda uchun yot-yog‘iy bilakim muncha jang qilibdurmen, mening ta’zimimda ta’xir (ixtiyorsiz bo‘lish) bevajhdur!» Boburdan o‘zga g‘urur, shiddat egasi shohga bunday so‘zlarni yetkazish uchun o‘zida jur’at topolmasa kerak.

O‘z xalqi o‘tmishi bilan g‘ururlanish kamdan-kam millatga nasib etsa kerak. Zero, olis va afsonaviy yurt – Hindistonda 300 yildan ziyod hukmronlik qilgan boburiylar tarixi bilan faxrlanishimizda ham asos bor.

Gulnora Akbarova
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.