Ulug‘bek Saidov. Fridrix Dyurrenmattning evrilishlar olami

Taniqli yozuvchi, dramaturg va rassom Fridrix Dyurrenmatt 1921 yil 5 yanvarda Shvetsariyaning Konolfingli qishlog‘ida ruhoniy oilada tug‘ildi. U avval Bern Erkin gimnaziyasida tahsil oldi, dastlabki ijodiy faoliyatini esa rassomchilikdan boshladi. Garchi uning chizgan suratlari shuhrat qozonib, bir qancha xalqaro ko‘rgazmaga qo‘yilgan bo‘lsa-da, u yozuvchilik bilan shug‘ullanishni afzal ko‘radi. Ijodini hikoyanavislikdan boshlagan Dyurrenmatt nasr va dramaturgiya sohasida ham faol ijod qilgan. 1949 yilda yaratilgan “Buyuk Romul” komediyasi unga olamshumul shuhrat keltiradi. Adib “Tibetdagi qishki urush”, “Shahar”, “Isyonchi”, “Minotavr” kabi qissalari, “Sudya va uning qotili”, “Gumon”, “Va’da” va bir qator pesa hamda publitsistik asarlari uchun o‘nga yaqin yuksak adabiy mukofotlarga sazovor bo‘lgan.

Fridrix Dyurrenmatt XX asr mumtoz siymolari qatoridan munosib o‘rin olgan adibdir. XX asr adabiyotining detektiv xususiyati haqida fikr yuritib, nemis adibi Bertold Brext shunday yozgan edi: “Biz ko‘ngilsiz vaziyatga tushganda o‘z hayotiy tajribalarimizni orttiramiz. Ko‘ngilsizlik orqali ijtimoiy hayotimizda amal qiladigan usulni anglashimizga to‘g‘ri keladi. Tafakkur yordamida inqiroz, turg‘unlik, inqilob va urushlarning sababini ochib berishimiz kerak. Gazetalarni o‘qiyotgandayoq biz falokat sodir bo‘lishi uchun kimdir nimadir qilinganini his etamiz. Xo‘sh, nimani va kim sodir qildi? Xabar topganimiz hodisalar ortida bizga noma’lum hodisalar ro‘y berganini faraz qilamiz. Ayni shular haqiqiy hodisalardir”.

Dyurrenmatt asarlarida uning kulgusi va achchiq istehzosi, alam va dardlari, tilak va niyatlari, izlanish va kashfiyotlari orqali ayni XX asrning fojia va falokatlari, yozuvchining qalbi va tafakkurida qoldirgan chuqur iz va jarohatlari bo‘y-basti bilan namoyon bo‘ladi. “Men xristian e’timodi muhitida o‘sib-ulg‘aydim, – yozadi u o‘zining yoshlik yillari haqida. Albatta, uning atrofidagi odamlarning bari ham ideal emasdi, har bir kishining o‘z nuqsoni, illati, pinhoniy gunohlari bor edi. Ammo har holda hali tajribasiz, hayotning pastu balandini ko‘rmagan navqiron bolaga dunyoning asosini tashkil etgan va inson hayotini belgilab beradigan umumiy tartib mustahkamdek tuyulardi. Din, axloq, vatanparvarlik, siyosat o‘rtasida hech qanday ziddiyat yo‘q edi go‘yo. Olam ajoyibotlarga to‘la edi. U tug‘ilgan qishloqda hatto teatr ham bor edi. Vokzalda esa uzoq-yaqin shaharlardan kelayotgan poyezdlar yugurishdan charchagandek, “uf” torta-torta to‘xtab o‘tishardi. Qishloqda bolalar uchun ko‘ngilochar joylar yo‘qligi tufayli har qanday hodisa tomoshaga aylanardi. Atrofda esa ko‘zlarni quvnatguvchi, dillarni yayratguvchi yam-yashil tog‘lar, ko‘kda yaqinligidan yerga qulay-qulay deb turgandek tuyulgan yulduzlar namoyon edi. Onasidan eshitgan Injildagi mo‘jizalarga to‘la rivoyatlar dunyosiga o‘xshardi borliq.

Ana shu tinch va osuda, qadimdan o‘zgarishsiz saqlanib kelayotgan odat va udumlar bilan yashaydigan olamni urush ostin-ustun qilib yubordi. Ikkinchi jahon urushi boshlandi. Dunyo haqidagi ilk tasavvurlarga mutlaqo yot, tamomila begona – alg‘ov-dalg‘ovlarga, dahshatli voqealarga to‘la, achchiq dud isiyu o‘lim va fojia hidi kelib turgan voqelik uni o‘z iskanjasiga oldi. Shu damgacha go‘zallikka muhtoj ko‘zlar ilg‘agan, ezgulikka chanqoq dil tuygan hayot endi zulm, adovat, g‘ayr, shahvat akslangan badburush qiyofasini namoyish etdi. Endi butun borliq chirik va yolg‘on bo‘lib tuyula boshladi unga.

Ayni shunday bir sharoitda Dyurrenmatt qo‘liga qalam oldi. Uning ilk asarlariga norozilik va dilxastalik doyalik qildi. Dyurrenmattning dastlabki hikoyalarida uning nazaridagi tayanchini yo‘qotgan dunyo singari mudhish, g‘alati, fantastik olamning surati namoyon bo‘ladi.

Vaqt o‘tishi bilan Fridrix Dyurrenmattning uslubida muayyan o‘zgarish sodir bo‘ldi, xususan behad, cheksiz iztiroblar o‘rnini yumor egalladi. Yumor, kulgu yozuvchi uchun hayotning u anglagan dahshatli haqiqatidan yiroqlashish hamda bu haqiqatning og‘ir yuki ostida ruhiy evrilishdan o‘zini asrash vositasiga aylandi. Kulguda u inson ruhiy-ma’naviy erkinligining ifodasini ko‘rdi. Dyurrenmatt asarlaridagi yumor xalos etuvchi kuchga aylandi, himoya vositasi vazifasini bajara boshladi.

Biroq u har bir asarida tilga olingan voqea-hodisalarning mazmun-mohiyatini ochishga harakat qilar ekan, hayotdagi allaqanday parchalanishga, evrilishlarga e’tibor qaratadi. Masalan, “Shahar” hikoyasi qahramoniga qamoqxona qo‘riqchisi ishini taklif etishadi. Ish joyiga, qorong‘u yerto‘laga kelganda, u o‘zini shahar boshqaruviga daxldor, qudratli kishidek his qiladi. Biroq, asta-sekin o‘zi va go‘yo u qo‘riqlayotgan mahbuslar o‘rtasidagi farq yo‘qolib boradi, o‘zining ham mahbusga aylangani haqidagi xavotir o‘y-xayolini band etadi, rahbarlarning uning erkinligi haqidagi gaplari ham yolg‘on bo‘lib tuyuladi. Mahbus va qo‘riqchilarni ajratib turgan chegara xayoliy bo‘lib chiqadi.

Dyurrenmatt ijodida “labirint” motivi yetakchilik qiladi. Labirint motivi tarixi qadim yunon miflariga borib taqaladi. Ularda hikoya qilinishicha, labirintni afsonaviy me’mor Dedal shoh Minosning amri bilan afsonaviy Minotavrni hibs etish uchun qurgan. Shveytsariya poytaxti Berndagi binolar, bir-biri bilan kesishib, chalkashib ketgan ko‘chalar, ularni o‘z iskanjasiga olgan son-sanoqsiz arkalar, Shveytsariya tog‘larining bag‘rini yorib tilka-pora qilgan va yo‘lovchilarni o‘z og‘ushiga olib, yorug‘ olamdan ayiradigan yer osti yo‘llari yozuvchi xayolida labirint obrazining paydo bo‘lishiga turtki bergan bo‘lsa, ajab emas. Biroq har qanday ijodkor yaratgan obrazda uning o‘y-tashvishlari tasavvur va shaxsiyati aks etadi, rivojlanadi, ma’lum shaklga kiradi, o‘zgacha mazmun-mohiyat kasb etadi. Labirint uning asarlarida insonni o‘z domiga tortib, mahbusga aylantirgan, halos bo‘lishning aslo imkoni bo‘lmagan mudhish voqelikning ramziga aylandi. Va yana yozuvchi uchun labirint hayot va inson haqida chiqargan xulosasi – inson qalbining beqarorligi uning xatti-harakatlaridagi sabab-oqibat munosabatlarining noaniqligi, botin va zohirning o‘zgachaligi, yolg‘on va haqiqat, ezgulik va razolat o‘rtasidagi chegaraning o‘ta mavhumligi ifodasidir. Yozuvchining “Qo‘riqchi xotiralari” hikoyasi qahramoni boshpana deb bilgan g‘or uning uchun zindonning o‘zginasi, “Shahar” hikoyasida tashqaridagi – shahardagi alg‘ov-dalg‘ovlardan qutulish va hatto uni boshqaruviga daxldorlik tuyg‘usini bergan yerto‘la, ayni paytda qahramon uchun qamoqqa, qaytib chiqishning imkoni bo‘lmagan labirintga aylanadi. Labirint ichida odam – qo‘riqchi, ma’muriyat, hokimiyat vakili, ayni paytda u – mahbus, qurbon. Inson holatidagi bu noaniqlik faqat uning xayolidagina bo‘lmay, reallikka aylanadi. “Qo‘riqchi xotiralari” hikoyasining so‘ngida asar qahramoni sirtmoqqa osilgan kishini ko‘radi. Uni mahbus, jinoyatchi deb o‘ylaydi. Zobit uning qo‘riqchi ekanini aytadi. “Nima uchun uni ostirganimni bilasanmi? Chunki, bu qo‘lansa it o‘zini qo‘riqchi emas deb o‘ylay boshladi. – O‘zini kim deb, hisoblaydi bo‘lmasa? – Mahbus deb, – javob berdi u”.

1976 yili Dyurrenmattning “Muvofiqliklar” kitobi chop etildi. Keyinchalik matni qayta-qayta ishlangan mazkur kitobda muallifning hozirgi zamon dunyosi haqidagi tasavvurlarini ifoda etuvchi fikrlar bayon etilgan. Kitob garchi “Muvofiqliklar” deb nomlangan bo‘lsa-da, aslida hayotdagi nomuvofiqliklar haqida, uning o‘zgarib turuvchi qiyofasi haqida gap boradi. Dyurrenmatt hayot va u haqidagi tasavvurlarning o‘zaro nomuvofiqligi, real voqelik va odamlar ongida o‘rnashib qolgan tushunchalar o‘rtasidagi bo‘linish haqida yozadi.

Dyurrenmatt turli munosabat bilan ayrim davlatlar va jahon siyosati haqida ko‘p fikr bildirgan. Zamonaviy siyosiy muammolarni hal etish yo‘llari haqidagi o‘z g‘oyalari bilan o‘rtoqlashgan. Bir-biridan behad uzoqlashib ketgan davlat siyosati bilan xalq manfaatlarini yaqinlashtirish haqida qayg‘urgan. Ammo uni, san’atkor sifatida siyosiy muammolar emas, avvalo inson qiziqtiradi. Inson, uning tabiati yozuvchi nazdida barcha narsaning, xususan, o‘sha siyosiy muam-molarning asosini, o‘zak tomirini tashkil etadi. Hozirgi zamon dunyosining asl qiyofasi, aslini olganda, insonning anglangan yoki anglanmagan munofiqligining in’ikosidir. Yozuvchi uchun istehzo, biroz bo‘lsa-da, ana shu qiyofasini tinimsiz o‘zgartirib boradigan dunyo va insonni anglashning yagona vositasiga aylanadi.

Istehzoli kulgu Dyurrenmatt ijodidan mustahkam o‘rin egallagan. U bir qator komediya janrida yozilgan asarlarning muallifi. Xususan komediya, uning fikricha, hozirgi zamon dun-yosining groteskona qiyofasini ochishga qodir, aynan komediya haqiqatni biroz bo‘lsa-da, ayon qilishga yordam beradi.

Aslini olganda, komediya Dyurrenmatt ijodining mazmun-mohiyatini tashkil etadi – “Yunon yigit yunon qizni izlaydi” qissasiga ikkinchi sarlavha sifatida “Nasriy komediya” degan so‘zlar tanlangani bejiz emas.

Bir qarashda Dyurrenmatt asarlarida intriga odatiy – ikki qarama-qarshi kuchni zidlantirish asosida qurilgandek tuyuladi. Axloq axloqsizlikka, ezgulik razolatga qarshi qo‘yilgan. Shunga muvofiq qahramonlar tanlangan va joylashtirilgan. Ammo Dyurrenmattning mumtoz dramaturgiya qoidalariga rioya etishining o‘zi ham istehzo ko‘rinishini kasb etadi – ezgulik va razolat o‘rtasidagi kurash tarzida talqin etilgan dunyo mantig‘i uning asarlarida parchalanadi. Uning o‘rnini yozuvchining o‘zgacha, hushyor torttiruvchi mantig‘i egallaydi. Hayot, voqelik unsurlari o‘sha-o‘sha, lekin xuddi bolalarning “kaleydoskop” o‘yinchog‘ini ozgina siljitsa, ozgina burilsa, uning ichidagi rangli shishachalardan butunlay boshqa bezak paydo bo‘lganidek, bu unsurlardan yozuvchining bir harakati bilan butkul o‘zgacha manzara hosil bo‘ladi. Dyurrenmatt qalami ostida dunyo boshqa ma’no-mazmun kasb etadi. Aniqrog‘i, yozuvchi o‘z o‘quvchisini ikki va undan ham ortiq talqin tomon yetaklaydi. Bu talqinlar bir paytning o‘zida ham bir-birini inkor etadi, ham qo‘shilib ketib, ajabtovur yaxlitlik kasb etadi. Hikoyaning rivoji voqealar almashinuvi asnosida emas, allaqanday fantastik voqealar asosida kechadi. Fantastik evrilish mantig‘i istehzo vositasida hamma narsani ostin-ustun qilib yuboradi va hayotiy voqelikka aylanadi. Masalan, “Mister Sh ta’tilda” hikoyasida shayton ezgu ishlar qilish uchun yerga tushadi. U ishtiyoq bilan ezgulik urug‘larini sochadi. Ammo oxir-oqibat ma’lum bo‘lib qoladiki, dunyo razolatsiz bo‘lishi mumkin emas ekan.

Bir qarashda bu hikoya XVIII asr ingliz faylasufi va yozuvchisi Bernard Mandevilning inson va jamiyat borasidagi qarashlarini eslatadi. O‘zining mashhur “Asalarilar haqidagi masal yoxud alohida shaxslarning illatlari jamiyat uchun foyda” asarida u jamiyatdagi barqarorlikni ezgu ishlar emas, salbiy illatlar saqlashga yordam berishini asoslashga harakat qiladi. Asalari uyasi timsolida o‘z davri jamiyatini tasvirlagan adib uni ideallashtirmaydi, xususan, uning nazdida, odamlarning xatti-harakatlarini shaxsiy manfaat va daromadga intilish belgilaydi.

Mendevildan farqli o‘laroq, Dyurrenmattning maqsadi illatlarni oqlash emas, balki nafaqat hayot haqidagi tasavvurlar, hayotning o‘zi ham o‘tkinchiligini ko‘rsatishdan iboratdir. Bu holat haqida u har bir asarida o‘zgacha yozadi, lekin xulosa o‘zgarishsiz qoladi: bizga mustahkam zamin bo‘lib tuyulgan har qanday joyda har daqiqa tubsiz jarlik paydo bo‘lishi, shakllangan tasavvurlar chil-chil parchalanishi va tartib o‘rnida tartibsizlik paydo bo‘lishi mumkin.

Dyurrenmattning ijodiy merosida g‘alati bir asar bor. Uning to‘liq nomi: “Topshiriq yoxud nazoratchining nazoratchilar ustidan nazorati. 24 jumladan iborat novella”. Uni tashkil etgan bu 24 jumlaning har biri bitta bobdir. Bir necha sahifaga cho‘zilgan bob, – jumlalarda bironta nuqta yo‘q. Ulkan jumlalarning bo‘laklari bir-biriga mahorat bilan bog‘langan va Dyurrenmattning Dunyo va inson haqidagi tasavvurlari singari, bir biridan kelib chiqadi, bir-biri bilan bog‘liq, bir-birini taqozo etadi. Uning boshqa asarlarida ham bir voqea-hodisaning turli talqinlari uzluksiz bir jumlaga birlashib ketadi, ziddiyatli yaxlitlikni tashkil etadi. Bu yaxlitlik charchoq va chorasizlik qorishuvidan yuzaga kelgan. Ammo o‘zi yaratgan olamdagi turlanishlar singari Dyurrenmatt o‘quvchini ohista, shoshilmay, ehtirosga berilmay, charchoq va chorasizlik ummonidan oxir-oqibat umid qirg‘og‘iga olib chiqadi. “Haqiqiy yozuvchilik yumushi har doim inson imkoniyatlarini anglash va amalda sinab ko‘rish ishida ishtirok etishdan iborat”, – degan edi adibning o‘zi.

Dyurrenmatt ko‘pincha hammaga ma’lum bo‘lgan tarixiy yoki afsonaviy syujetlarga murojaat etadi va ularni butunlay boshqacha talqin etish, ulardan o‘zgacha xulosalar chiqarish mumkinligini ko‘rsatadi.

“Pifiyaning o‘limi” hikoyasi ham ana shunday asarlaridan biridir. Qadimiy yunon afsonasi va undagi voqea-hodisalar yozuvchining istehzoli qalami ostida turlanib, o‘zgacha mazmun kasb etadi. Dyurrenmatt qahramonlarining ichki olamiga g‘avvos kabi sho‘ng‘iydi, inson ruhiyatining eng chuqur, qorong‘u burchaklarini yoritadi, go‘yo ularning vujudini ag‘darib, botiniy qatlamlarni zohirga olib chiqadi. Dyurrenmattning psixologizmi qahramonlarining xatti-harakatlarida namoyon bo‘lguvchi yashirin, ba’zan sir tutilgan, ba’zan anglanmagan niyatlarni yuzaga chiqaradi.

Kitobxon Dyurrenmatt talqinidagi dunyoni qabul qiladimi, yo‘qmi, bundan qat’i nazar, bir narsani tan olishi tayin – hayot ba’zan o‘zining dahshatla irshaygan, badburush qiyofasi bilan inson tomon yuzlanadi. Ayni shunday damlar sinov damlariga aylanadi. Ana shunday daqiqalarda bir yelkasida rahmon, bir yelkasida shayton o‘tirgan inson ularning qay biriga quloq tutishi, umid yoki noumidlik, ezgulik yoki johillik yo‘lini tanlashi, o‘zligini saqlab qolishi, o‘zini kim deb idrok etishi o‘ziga bog‘liqdir.

Ulug‘bek Saidov, filologiya fanlari nomzodi

“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 1-son