G‘ulom Karim. Jeyms Joys o‘zbek tilida

Biron-bir xalqning muayyan davrdagi ma’naviy darajasi shu xalqning o‘z milliy madaniyati va ajdodlari merosi bilangina o‘lchanmasdan, uning umumbashariy ma’naviy obidalardan qanchalik bahramand bo‘layotganiga ham bog‘liqdir. Shu jihatdan “Jahon adabiyoti” jurnalida (2007 yil mart, aprel sonlari) buyuk irland yozuvchisi Jeyms Joysning “Navqiron san’atkorning siyrati” romani nashr qilingani o‘zbek kitobxonlari uchun yaxshi tuhfa bo‘ldi.
Asar tarjimoni Ahmad Otaboy oldin ham Joysning bir necha hikoya va bir qissasini o‘zbekchalashtirib, vaqtli matbuotda e’lon qilgan.
“Navqiron san’atkorning siyrati” — Joysning to‘ng‘ich romani. U ilk bor 1916 yili e’lon etilgan va muayyan ma’noda avtobiografik asardir. Roman besh bobdan iborat. Har bir bobda nihoyatda o‘tkir, murosasiz, ba’zan yechimi topilmaydigan ziddiyatlar qalamga olinib, ularning aksari bosh qahramon — Dublin shahrida istiqomat qilayotgan Stiven Dedalus ismli o‘smirning qalbida aks-sado beradi.
Birinchi bobda mavlud ziyofatida tinchgina boshlangan suhbat birdan dinning va ruhoniylarning jamiyatdagi o‘rni haqidagi keskin munozaraga aylanib, yaqin qarindoshlar bir-birlariga aslo yon bermay, qiziq ustida achchiq-tizziq gaplar aytishgacha boradilar. Bola Stiven, suhbatga aralashmasa-da, turfa fikrlar uning ongiga ta’sir o‘tkazmay qolmaydi. Boz ustiga, tortishayotganlarning har biri o‘z aqidasini uning miyasiga quymoqchi bo‘ladi.
Joys romanda hayot, san’at, millat, din va hokazolar haqida o‘z aqli, kuzatishlariga tayanibgina bir xulosaga kelishni istaydigan o‘jar o‘smir xarakterining shakllanishini nozik tasvirlab ko‘rsatadi. Ziyrak, hassos va noziktab’ Stiven diniy kollejning old o‘quvchilaridan biri. Otasining: “Zinhor o‘rtoqlaring ustidan chaqimchilik qilma” degan o‘giti unga ma’qul bo‘lgani uchun og‘ishmay amal qiladi.
Stivenning ko‘nglida ijodga, nafis adabiyotga, hali uncha anglanmagan tarzda bo‘lsa-da, muhabbat uyg‘onishi ortiqcha tafsilotlardan holi tarzda, mahorat bilan tasvirlanadi: “Insho uning uchun o‘quv haftasining eng muhim mashg‘uloti edi va seshanba kuni uylaridan maktabga kelayotib, u o‘zidan oldinda borayotgan biron-bir odamni mo‘ljalga olar, shu odamdan ma’lum joyga yetganda o‘zib ketishga yoki qadamlarining yo‘lakka yotqizilgan har bir plitaga to‘g‘ri tushishiga urinar va shu tariqa o‘zining inshodan birinchi bo‘lish-bo‘lmasligini tusmollardi”.
Sinfdoshlari xivich bilan savalab talab qilishganda ham Stiven “Bayron — buyuk shoir” degan fikridan qaytmaydi.
Roman qahramoni hayotidagi juda muhim voqealardan biri Stivenning kelajak hayot yo‘li, ya’ni kelgusi kasb-korini tanlash epizodidir. Albatta, yoshlikda orzular ko‘p bo‘lishi, tabiiy. Lekin ular ichida eng ulug‘i, ya’ni qalbning haqqoniy da’vati qaysi biri? Buni anglash hamisha ham oson kechavermaydi. Stivenning pinhoniy orzusi ruhoniy bo‘lish edi. Taqdir unga kulib boqib, uning yaxshi o‘qiyotganidan mamnun kollej rektori diniy unvonni taklif etadi. Ammo hal qiluvchi daqiqalarda o‘smir yuragida g‘alayon qo‘padi. Bir og‘iz “Ha” desa o‘zi orzu qilgan yuksak maqomga bemalol erishishi mumkin bo‘lgan Stiven kutilmaganda rad javobini beradi. Muallif bu g‘alati holning sabablariga to‘xtalmaydi. Kitobxon, chor-nochor, Stivenning qalbida kechgan inqilob sababini o‘zi anglab yetishga urinadi va beixtiyor ijod jarayoniga tortilganini sezmay qoladi. O‘smir ko‘nglining tub-tubida ardoqlab kelayotgani, hech kimga e’tirof etmasa-da, barcha narsadan yuqori qo‘ygani san’at va ijodga muhabbati, shu yo‘ldan borishni eng shirin qismat deb bilgani uchun rektor taklifini rad qildimikan? Keyingi sahifalarda bu savolga ijobiy javob mavjud. “Ha! Ha! Ha!”. Xuddi o‘sha buyuk usta (Dedal — G‘.K.) kabi, ismini o‘zi olib yurgan ulug‘ san’atkorga o‘xshab, u yuragining ozod tuyg‘ulari va kuch-quvvatidan g‘urur bilan butkul yangi dunyo yaratadi — hali ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan, jonli, go‘zal, hayratlanarli va bezavol g‘aroyib dunyo bino etadi”.
Buyuk san’atkor Joys bevosita ijod jarayoni, ijodkor borlig‘ini ilhom chulg‘agan va ijodiy “to‘lg‘oq” tutgan sirli onlarni qoyilmaqom tasvirlaydi: “Ilhom lahzalari endi bir yo‘la hammayoqdan — ro‘y bergan yoki ro‘y berishi mumkin bo‘lgan son-sanoqsiz xayoliy tasodiflardan ko‘rinish berayotganday tuyuladi. Lahza xuddi yog‘duday yarq etdi va, mana, tasodifiy, noayon shakl uning nurli izini chulg‘ab olayotir. O‘, tasodifning bokira quchog‘ida So‘z yetilayotir”.
“Siyrat” qahramoni Angliyaga qaram bo‘lgan irlandlarning milliy harakatlarida ishtirok qilmaydi. Do‘sti Deyvin millatparvarlik tadbirlarida qatnashishga undaganida, Stiven bir qadar takabburlik bilan rad etib, shunday deydi: “Bu mamlakatda inson ruhiga tug‘ilayotgandayoq, parvoz qilmasligi uchun, to‘r tashlanadi. Sen menga milliylik, din, til haqida gapirasan. Men bunday to‘rlardan qochishga harakat qilaman”.
Shunga qaramasdan, Joys imkon qadar, deyarli har sahifada yo‘lini topib, ta’bir joiz bo‘lsa, “qitmirlik bilan“ Irlandiyaning milliy ozodligi uchun kurashchilar nomlarini eslatib turadi.
Shu tariqa, Joys romani muayyan bir davrga bag‘ishlangan bo‘lsa-da, unda Irlandiyaning butun tarixidagi eng yirik voqealar va ijtimoiy munosabatlar mavridi bilan tilga olinadi. Bular, zohiran, yo‘l-yo‘lakay aytib o‘tilgandek ko‘rinsa-da, muallifning ularni o‘z asari mag‘ziga singdirishga nechog‘li e’tibor berganini sezish qiyin emas. Shu bilan birga, Joys subutsiz, olchoq va ikkiyuzlama siyosiy arboblarni, ba’zan aholining loqayd guruhlarini nafrat bilan fosh etadi. Hikoyalaridan birida u o‘z millatdoshlarini “mazlum, ammo minnatdor irlandlar”, deya tuzlaydi. Bir necha so‘z vositasida bu qadar o‘tkir kinoya qilishga Joys kabi zabardast yozuvchilargina qodirdir.
Xullas, Joys asarlarini mutolaa qilgan kitobxon Irlandiya tarixidan ham bir qur saboq oladi. Ta’bir joiz bo‘lsa, uning ijodida Irlandiya adabiy qahramon sifatida gavdalanadi. Irlandiya fojiasi Joysning yuragidagi bitmas jarohat va uning iztiroblarining bosh manbai bo‘lgan nazarimizda. “Irlandiya o‘z bolalarini yeydigan qari cho‘chqa”, deydi Stiven inson uchun Vatan hamma narsadan yuqori turishini ta’kidlayotgan do‘sti Deyvinga javoban. Biroq asarning bunday o‘rinlarini biryoqlama baholashga shoshilmasligimiz lozim. Avvalo, garchand roman avtobiografik xarakterga ega bo‘lsa-da, adabiy qahramon so‘zlarining barchasini ham to‘g‘ridan to‘g‘ri muallifning o‘ziga mansub deyish to‘g‘ri emas. Soniyan, ona Zamin jafolaridan to‘yib, Mirrix yulduziga hasrat qilgan Fitrat, Turkiston haqida “Buzilgan o‘lkaga” deb she’r yozgan Cho‘lpon va o‘z vatani Irlandiyadan yozg‘irgan Joys dardu alamlarida qandaydir mushtaraklik bor. Stiven, do‘stlarini hayratda qoldirib, o‘zini go‘yo Irlandiya taqdiriga qo‘l siltagandek tutsa-da, aslida uning o‘z Vatani haqidagi qayg‘usi uni vatanparvarlik hissidan mahrumlikda ayblagan do‘stlarinikidan chuqurroq. Fikru zikri lavozimu yer-mulklarni egallashda bo‘lgan irland zodagonlari haqida qahramon xayolidan shunday alamli o‘ylar kechadi: “Ularni g‘aflatdan uyg‘otishning iloji bormikan, qanday qilsa ularning farzandlaridan o‘zlariga o‘xshagan ojiz, notavon bo‘lmagan avlod yetishadi”.
O‘z shaxsiyati va ingliz-irland jamiyatiaro ziddiyatlarni hal etish yo‘llarini topolmagan Stiven vatanidan bosh olib ketishga qaror qiladi. Ammo buni Vatan muammolaridan to‘la bosh tortish va yolg‘iz o‘z tinchi va halovatini o‘ylash, deb bo‘lmaydi. Chunki Stiven aslo bunday odamlar sirasidan emas. Balki, uning ulug‘ maqsadi bor va bu kundalikda shunday darj etilgan: “Men safarga otlanayotirman, ijod haqiqatini qayta-qayta anglab yetmoq va qalbimning qo‘ri bilan xalqimning tengsiz, betakror aqlu irodasini namoyon etmoqqa jazm etib yo‘lga chiqayotirman”. Bu so‘zlarni Joysning o‘ziga ham taalluqli deb bilsak, u o‘z ahdu paymonini sharaf bilan ado etib, irland milliy adabiyotini jahon adabiyotining osmono‘par cho‘qqilaridan biriga aylantirdi. Shu narsa diqqatga sazovorki, adibning 37 yillik musofirlik hayotida yaratgan asarlarining deyarli barchasi Irlandiya mavzuiga bag‘ishlangan. Joys bitiklari Irlandiya poytaxti Dublin shahrining adabiy qomusi sifatida e’tirof etilgan.
Joys nasri — intellektual nasr. Shu sababli mutolaa kitobxonning tayyorgarlik darajasiga qarab, turlicha kechmog‘i tabiiy.
Joys Sharq mumtoz adabiyotidan qanchalik xabardor bo‘lgani haqida biron ma’lumotga ega emasmiz. Biroq uning asarlarida buyuk Sharq adiblari ijodiy metodlari va san’atkorlik mahoratlariga o‘xshash jihatlar mavjud.
“Siyrat”da bobolarimiz asarlarining ba’zi o‘rinlariga deyarli aynan o‘xshab ketadigan jihatlar ham borki, quyida ulardan faqat ikkitasiga to‘xtalib o‘tamiz.
Sa’diyning “Guliston” asaridagi hikoyatlardan birida zolim hokim olimdan “Ibodatlardan qaysi yaxshi?” deb so‘raganida, olim: “Sen uchun eng yaxshi ibodat — kunduzgi uyqu, chunki uxlaganingda xalqqa zulm qilmaysan”, deydi. “Siyrat”da mavlud ziyofatidagi munozarada Stivenning otasi mister Dedalusning xoin arxiyepiskop haqidagi: “U uxlagan paytdagina beziyon” degan so‘zlari “Guliston”dagi hikoyatga juda hamohang. Alisher Navoiy “Farhod va Shirin” dostonida Farhod ismidagi besh harf “firoq”, “rashk”, “hajr”, “oh” va “dard”ni anglatishini aytib, uning qismati ismida tajassum topganiga ishora etadi. “Siyrat”da ham Stiven Dedalus qismati ismi (familiyasi)ga jo bo‘lgani haqida ishoralar mavjud. Stiven qadimgi yunon afsonasi qahramoni, nomi san’at va jasorat timsoliga aylangan Dedalni o‘ziga ustoz deb biladi.
Bunday o‘xshashliklarga ko‘plab misollar keltirish mumkinki, bu hol hayratomuzdir.
Mulohazalarimiz oxirida tarjima saviyasi haqida fikr bildirmoq joiz. Romanning ruscha nashrini kamina o‘qigan bo‘lsam-da, o‘zbekcha tarjima mutolaasidan ko‘proq zavq oldim va Joys ijodi menga yanada yaqinroq bo‘lib qoldi. A.Otaboy oldin muallifning kichikroq asarlarini o‘zbekchalashtirib, roman tarjimasiga muayyan tayyorgarlik ko‘rgani va mas’uliyat bilan yondashgani tahsinga sazovor. Tarjimon muallif uslubining o‘ziga xos jihatlarini aks ettirish barobarida matn imkon qadar ravon, tushunarli va jozibali bo‘lishiga intilgan. Qiyoslash uchun Stivenning dengiz sohilida o‘z “ilhom parisi”ni uchratgani haqidagi bir necha jumlaning ruscha asliyati va o‘zbekcha tarjimasini keltiramiz: “Obraz yee naveki voshel v yego dushu, no ni odno slovo ne narushalo svyaщennoy tishinы vostorga. Yee glaza pozvali yego, i serdtse rvanulos navstrechu etomu prizыvu. Jit, zablujdatsya, padat, torjestvovat, vossozdavat jizn iz jizni. Ognennыy angel yavilsya yemu, angel smertnoy krasotы i yunosti, poslanets tsarstv pyanyaщey jizni, chtobы v yedinыy mig vostorga otkrыt pered nim vrata vsex putey zablujdeniya i slavы. Vpered, vse vpered, vpered, vpered”.
“Qizning siymosi uning qalbidan abadiy joy oldi, biroq bu muqaddas sukutning sururini biror-bir so‘z buzgani yo‘q. Qizning nigohi uni chorladi va yuragi bu chorlovga shitob bilan talpindi. Yashash kerak — adashib, tushkunlikka tushib, zafar qozonib, hayotdan yangi hayot yaratib yashash kerak. Unga olov farishtasi, boqiy go‘zallik va navqironlik malagi, sururli hayot saltanatining elchisi namoyon bo‘ldi va shavqli bir lahza ichida uning qarshisida adashishlaru afsus-nadomatlar va shon-shuhratning barcha yo‘llarini ochib qo‘ydi. Olg‘a, olg‘a, faqat olg‘a!”.
Asliyat va tarjimani so‘zma-so‘z qiyoslaganda, albatta, tahrir talab qiladigan ayrim o‘rinlar uchraydi. Tarjimon asarning kitob nashrini tayyorlash jarayonida tarjimaga sayqal berib, uni yanada takomillashtiradi, deb umid qilamiz.
Bashariyatning buyuk adibi Jeyms Joys asarlari qachon va qay tilda nashr etilmasin, hamisha yirik hodisa bo‘lib kelmoqda. Umuman, hozirda Yer yuzida Joys ta’siri bevosita yoki bilvosita kirib bormagan biron-bir milliy adabiyot bo‘lmasa kerak. Nihoyat, o‘zbek kitobxonlari adibning mashhur romanlaridan birini o‘z tillarida o‘qishga musharraf bo‘lmoqda. “Siyrat”ning muvaffaqqiyatli tarjimasi va o‘zbek tilining boy imkoniyatlari jahon adabiyotidagi eng murakkab shoh asar, deb tan olingan “Uliss” romani ham ona tilimizga tarjima qilinadigan kunlar yaqin qolganiga umid uyg‘otadi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 45-sonidan olindi.