Nazar Eshonqul. Tomas Mann

Nemis adibi. 1875 yili tug‘ilgan. Zamonaviy nemis romanchilik maktabi asoschilaridan biri. Nemis yozuvchilari ichida ilk bor Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan. Mashhur adib Genrix Manning ukasi, yozuvchi Klaus Mann va adiba Erika Manning otasidir.

XIX asr ikkinchi yarmida insoniyat hayoti va yashash tarzini o‘zgartirib yuborgan, uning tafakkurini yangi bosqichga olib chiqqan, shu bilan birga, jamiki eski tushunchalarni inkor qilishga kirishgan ilm-fan, falsafa, etika-estetika, san’atdagi evrilishlar oxir-oqibat insoniyat o‘tmishiga xos barcha narsani inkor etuvchi oqimlar paydo bo‘lishiga olib keldi. Tomas Manning adabiy-falsafiy shakllanish davri iqtisodiy ma’naviy portlashlar hamda fikr va ilm-fanning kashfiyotlari tufayli inson mohiyatini ham shubhaga qo‘yuvchi ana shunday ta’limotlar G‘arb dunyosini o‘z og‘ushiga olgan pallaga to‘g‘ri keldi. Bu paytda e’tiqodlar, qadriyat va inson haqidagi mavjud qarashlarga mensimay munosabatda bo‘lish boshlangandi. G‘arb bu paytda Shopengauer, Nitsshe, Freyd fikrlari bilan to‘yingandi. Ularning inson va uning hayoti tahlillari, eskirgan qarash va e’tiqodlar mohiyatini fosh etgan nazariyalari hamma narsani ostin-ustin qilib yubordi. Hali bu nazariyalarning farqiga bormasdan, mohiyatini anglamasdan turib radikal avlod – mumtoz xususiyati bor hamma narsani inkor qiluvchi nigilistik kayfiyat ommalasha boshladi. Eskilik o‘z mohiyatini yo‘qotayotgan, o‘rniga paydo bo‘layotganlari esa o‘ta mo‘rt va yasama edi. Inkorchilar eskirib, yaramay qolgan, taraqqiyotga to‘siq bo‘layotgan qarashlar bilan birga inson hayotining mazmuni, asosi bo‘lgan tushuncha va e’tiqodlarni ham, o‘sha davr faylasufining tili bilan aytganda, «chirigan po‘choq bilan birga mag‘izni ham tashlab yuborishga kirishdi». Bu esa ma’naviy tanazzulning boshlanishi edi. Tomas Mann mana shunday davrda adabiyotga kirib keldi. Bu davrda dekadentlar, impressionistlar, san’at va adabiyotni yangilash istagida uni boshi berk ko‘chaga olib kirayotgan oqimlar gullab-yashnagan, san’atning tub vazifasi va mohiyati inkor etilayotgan g‘oyalar izdihomi davri edi. Bu inkor oilaviy munosabatlardan tortib insonlar o‘rtasidagi oqibat va mehrning ham puturdan ketishiga olib kelgandi. Nozik didli Tomas Mann mazkur fojialarni va uning oqibatini teran angladi, insonga munosabat va mumtoz qadriyatlarni ulug‘lovchi asarlari bilan adabiyotga kirib keldi. XIX asr oxiri – XX asr boshlarida butun dunyoni vasvasaga solayotgan ta’limotlar va g‘oyalar ta’sirida paydo bo‘layotgan G‘arb ma’naviy fojiasi ildizlarini chuqur anglagan adiblardan biri ham Tomas Mann edi. Ana shunday paytda Tomas Mann chekiga adabiyotda an’anaviylik va modernizm muvozanatini saqlab qolish mas’uliyati tushdi, u bu vazifani mukammal darajada ado eta oldi. Aynan shuni nazarda tutib Tomas Mann o‘zini «muvozanat odami» deb atashni yaxshi ko‘rardi. Zero, uning asarlari ham an’anaviy, ham modernistik oqimga mansub edi. O‘z davri avangard tengdoshlaridan farqli o‘laroq, adabiyotni faqat bitta oqim nuqtai nazari bilan baholashni adabiy badbinlik deb hisoblardi.

Tomas Mann qadim an’analarga sodiq, badavlat savdogar oilasida dunyoga keldi. Bu oilada kitob, musiqa, san’at, nafosat, oqsuyaklik udumlari va tartiblari, qat’iy axloq qadrlanardi, urf-odatlarga mukammal amal qilinardi, qadriyatlar hayotning ajralmas qismi sifatida qabul qilingandi. Akasi Genrix Mann ham, Tomas Mann ham ana shunday an’analar bilan tarbiya olishgandi. Ammo aka-uka tomonidan bu an’ananing buzilishi boshlandi: hali Manlar avlodidan adabiyot tugul madaniyatga aloqasi bor kishi chiqmagan, ular asrlar osha faqat bir kasb – savdogarlik bilan shug‘ullanib kelishgandi. Genrix va Tomas esa savdogarlik estafetasini davom ettirishni istashmadi; ular o‘zlarini adabiyotda sinab ko‘rishni maqsad qilishdi. XIX asr oxiriga kelib butun Yevropadagi kabi Manlar oilasida ham qadimiy urf-odatlarga munosabat o‘zgargandi, uni buzish, amal qilmaslik boshlangandi. Bu asta-sekin oilaning ham ma’naviy, ham moddiy tanazzuliga olib kela boshladi. 1891 yili otasi vafot etdi. Bu esa oilaviy parokandalikning, ma’naviy rishtalar uzilishining boshlanishi edi. Shundan so‘ng aka va singillar turli tomonga tarqab ketishdi, ularning o‘rtasidagi munosabatlar ham chigallashib, sovuqlashdi. Yuz yillar davom etgan mehru oqibat, muruvvat rishtalari uzildi. Qarashlaridagi farqlar uchun Tomas Mann yozuvchi akasi Genrix bilan uzoq vaqt yuz ko‘rmas bo‘lib yurishdi. Bularning hammasi Tomas Mann uchun yangi davrning qiyofasini yaratishda juda qo‘l keldi. Manlar oilasi butun boshli G‘arbning timsoliga aylanishi mumkinligini his etdi va u bu timsolni topdi ham.

U «Buddenbroklar» romanidagi ko‘plab voqealarni aynan o‘z oilasi tarixidan olgandi. Hatto asarda Tomas, Genrix ismli qahramonlar bor. Shu sababli bu asarni tadqiqotchilar avtobiografik asar deb ham atashadi. Asarda yozuvchi, eng avvalo, o‘z oilasining tarixi va tanazzulini tahlil etish orqali yangi davr manzaralarini, fojiasini ko‘rsatib berishni maqsad qildi.

Tomas Mann shunday degan: «Yozuvchi bu timsoldir. Men o‘zimni tahlil qilish orqali butun boshli davrim, bani bashar haqida yetarli va haqqoniy ma’lumot berolishim mumkinligini anglab yetdim. Zero, bani insoniyatga xos barcha timsollar yozuvchining o‘zida yashiringan».

«Buddenbroklar» romanida ham aynan bir oilaning ma’naviy tanazzuli jarayoni qalamga olindi, bu asar birdaniga hammaning diqqatini tortdi. Asarga deyarli to‘laligicha Manlar xonadoni ravnaqi va tanazzuli asos qilib olingan, yozuvchi o‘z xonadoni misolida butun Yevropaning qariyb 100 yillik hayot tarzini ko‘rsatib bergandi. Bu paytda Tomas Manni tor doiradagilar jurnalist va an’anaviy uslubdagi bitta-ikkita hikoyasi chop etilgan havaskor yozuvchi sifatida bilishardi. «Buddenbroklar» ham hajm, ham qamrov jihatdan yirik va favqulodda asar bo‘ldi. Noshirlarning ming bir ikkilanishlardan so‘ng chop etilgan 1000 dona nusxasi birdaniga sotilib ketdi va qayta nashr qilish boshlandi. Hali hech kim tanimagan 26 yoshli yozuvchi bir necha oyda nemis adabiyoti, qolaversa, G‘arb adabiyotining ko‘zga ko‘ringan vakiliga aylandi.

Oradan 28 yil o‘tgach, 1929 yili, Nobel mukofoti berilish sabablaridan biri ham ana shu asar edi: ­«…yangi nemis romanchilik maktabiga asos solgani va hozirgi davrning mumtoz romani – «Buddenbroklar»ni yaratgani uchun» mukofotga loyiq deb topilgandi.

Mukofot sohibi bo‘lgach Tomas Mann siyosiy-ijtimoiy hayotga faol aralasha boshladi. 1930 yili uning «Aql-idrok da’vati» nomli maqolalar to‘plami bosilib chiqdi va unda o‘sha yillari Germaniyani qamrab olayotgan shovinizmni qat’iy qoraladi. Shu yillarda yozilgan «Mario va afsungar» novellasi bilan insoniyatni fashizm balosidan ogoh qildi.

Novella oddiy voqeaga qurilgan. Italiyada, dam olish maskanlarida, o‘tkazilayotgan tomoshalardan birida ko‘zboylog‘ich afsungar Mario ismli dastyor yigitni fokuslari bilan jodulab qo‘yadi. Mario butunlay afsungarning quliga aylanadi, endi u ko‘zboylog‘ich nima desa, o‘sha ishni tap tortmay qiladigan darajaga tushadi. Boshqacha aytganda, ko‘zboylog‘ich yigitdan tayyor zombi tayyorlaydi. Ana shu fokus timsoli orqali adib fashizmning millat va insoniyat ongiga ta’sirini ko‘rsatib berdi. Tadqiqotchilar afsungar Gitler va Mussolinining timsolidir deyishadi.

Adibning bu ogohlantirishini o‘z vaqtida anglab yetishmadi. Oqibatda Yevropa fashizm changalida qoldi. Tomas Mann Germaniyani tashlab chiqib ketdi. U chetda turib butun dunyoga fashizmning mohiyatini ochuvchi ma’ruzalar qildi, maqolalar yozdi va Gitler ta’limotini iblis vasvasasi deb atadi.

Tomas Mann «roman-mif» janriga asos soldi va bu janrning «Sehrli tog‘», «Doktor Faustus», «Tanlangan odam» nomli romanlari, «Yusuf va uning birodarlari» tetralogiyasi kabi mukammal namunalarini yaratdi, qadim miflar orqali yangi davr qiyofasi va muammolarini ifodalash yo‘llari, shakllarini ushbu asarlari orqali ko‘rsatib berdi. Aynan Tomas Mann xizmatlari tufayli dunyo adabiyotida «roman-mif» degan janr paydo bo‘ldi, keyinchalik bu janrda boshqa ko‘plab adib­lar qator asarlar yaratdilar. «Roman-mif» janrida ma’lum bir mif asarga qolip qilib olinadi, ammo undan chiqadigan xulosalar va hikmat yangi davrga taalluqli bo‘ladi. «Roman-mif» janrida mif voqeaning mohiyatini ochuvchi kalit vazifasini o‘taydi, shuningdek, ham fabula, ham yechim uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Tomas Mann ana shu janr imkoniyatlari asosida XX asr miflarini yaratishga kirishdi.

Tomas Mann jahon adabiyotini «Buddenbroklar»dan tashqari «Qirol hazrati oliylari», «Tonio Kryoger», «Yusuf va uning birodarlari», «Sehrli tog‘», «Doktor Faustus», «Avantyurist Feliks Krulning tazarrusi», «Tanlangan odam», «Venetsiyadagi o‘lim» kabi roman va novellalari bilan boyitdi.

Adib so‘nggi nafasigacha insonparvarlik, gumanizm, nafosat, nazokat, mehr-oqibat, muruvvat, oila va axloq, shafqat va adolatni targ‘ib qilib o‘tdi. Tomas Mann ming yillik qadriyatlarni almashtirib bo‘lmaydigan insoniyat yutuqlari deb bilardi. Qadriyatlar insoniyatning «men»i, o‘zligidir. Unda tarixiy tajribalar, hikmat, mohiyat va qiyofa namoyon bo‘ladi. Mazkur xususiyatlar dunyoda yashab qolish uchun insoniyatning ma’naviy suyanchiqlaridir. Ularni inkor etish inson mohiyat va missiyasini inkor etish bilan barobar. San’atning vazifasi insoniyatning yashash asoslarini puturdan ketkazishga emas, uni mustahkamlashga, unga dalda va quvvat berishga xizmat qilishi kerak. Adib ijodida ana shu adabiy e’tiqodga qat’iy amal qildi va asarlari bilan o‘z davrining timsoliga, ma’naviy solnomachisiga aylandi.

Uning asarlarida XX asr birinchi yarmida Yevropa ma’naviyatidagi barcha o‘zgarishlar o‘z aksini topdi, adib har bir o‘zgarishga o‘zining teran va faol munosabatini bildirdi.

Tomas Mann mumtoz an’analarni impressionistik, modern an’analar bilan uyg‘unlashtira olgan, bu ikki xil qarashning me’yorini saqlab qolgan, har ikki tomonning murosasiz tarafdorlariga, agar haqiqatan ham iste’dod va mahorat bilan yaratilgan bo‘lsa, har ikkala oqimning ham adabiyotda yashashga haqqi borligini asarlari, eksperimentlari orqali isbotlab berolgan adibdir. Tomas Mann o‘zlarini adabiyotni yangilovchilar deb, faqat shaklga va inkorga berilgan, an’analardan uzilgan dekadentchilikka, adabiy shakl­bozlikka va aqlbozlikka toqat qilolmasdi. «Tris­tan» novellasida yangi davr g‘oyalari bilan zaharlangan yozuvchi Detlef Shpinel qiyofasida ana shunday ijodkor, san’atkorlar qiyofasini yaratdi. Shpinel sanatoriyda davolanishga kelgan boy savdogarning yosh xotini Gabriella Kleteryanni yoqtirib qoladi. Unga o‘zining qarashlarini, o‘z dunyosini singdirmoqchi, yosh ayolning oila, burch, mas’uliyat tushunchalarini barbod qilmoqchi bo‘ladi. Gabriella avvaliga balandparvoz gaplardan dovdiraydi. Ammo tezda o‘zini tutib oladi. Tomas Mann Shpinelga o‘xshagan sayoz, hayotdan yiroq odamlar go‘zallikni tushunish u yoqda tursin, uni o‘ldiradi deydi. Vagnerning «Tristan» musiqasi yosh ayolni o‘ziga maftun etadi, Shpinel esa musiqaga hatto tushunmaydi ham, uning ichiga kirolmaydi ham. Ana shu joyda Tomas Mann Shpinelga o‘xshaganlarning ichki dunyosini ko‘rsatadi. Ularning ichkarisi bo‘m-bo‘sh. Gab­riella go‘zal musiqadan o‘ziga kelmay vafot etadi. U o‘z hayotini mazmunli yakunlaydi: Shpinelning quruq safsatasi bilan emas, go‘zallik bilan birga qoladi.

Garchi asarlarida ko‘plab murojaat qilgan va ijodiy, fikriy quvvat olgan, ijodining ma’lum bosqichlarida ulardan ta’sirlangan, ilhomlangan bo‘lsa-da, adibning Shopengauer, Nitsshe, Freyd nazariyalariga o‘z munosabati bor edi. Bu mutafakkirlarning ulug‘ xizmatlarini e’tirof etgan holda ular yaratgan nazariya hali ta’limotning mohiyatini to‘liq anglamagan, faylasuflarning tub maqsadini tushunmaganlar uchun zo‘ravonlik va tubanlik nazariyasiga aylanib ketishi mumkinligidan ogohlantiradi. Tomas Manning xavotiri o‘rinli edi. Prust, Joys, Kafka, Kamyu, Folkner va bosh­qa ulug‘ adiblar bu mutafakkirlar nazariyalaridan quvvat olib gumanizmni ulug‘lovchi asarlar yaratishgan bo‘lsa, boshqa toifadagilar nazariyani o‘z siyosiy, mafkuraviy maqsadlari quroliga aylantirib olishdi.

Tomas Manning «Sehrli tog‘» romani aynan shu masalalar, to‘g‘rirog‘i, Yevropada paydo bo‘lgan, yozuvchining fikricha, uni yo‘ldan ozdirayotgan ta’limotlar, qarashlar va nazariyalar o‘rtasida bahsga qurilgan. Tomas Manning aksariyat asarlarida «yo‘ldan ozdiruvchi ta’limot va nazariyalar» ishtirok etadi, adib bu nazariyalarni ayovsiz qoralaydi. «Sehrli tog‘» aynan ana shunday g‘oyalar muhokama qilingan asardir. Asar o‘zida ezgulik va yovuzlik, nafrat va muhabbat, zulmat va nur kurashini timsollashtiradi. Voqea qadim G‘arb asotirlarida Gunoh tog‘i yoki «Sehrli tog‘» nomi bilan ataladigan Gerzelberg tog‘idagi sanatoriyda sodir bo‘ladi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Tomas Mann asarlaridagi voqelarning aksariyati sanatoriylarda yuz beradi. Sanatoriyga, aslida, shifo istab kelinadi. Go‘yo adib bu borada ham timsolga ishora qiladi. Asarlaridagi sanatoriylar odamlar o‘zlarining ma’naviy kasalliklariga shifo istab borgan, yechimini izlagan makon bo‘lib xizmat qiladi. Mazkur asarda hamma narsa majoziy. «Sehrli tog‘» romanini adib dastlab Rixard Vagner qalamiga mansub shu nomdagi operaning adabiy variantini yaratish maqsadida yoza boshlagandi. Bu roman ham shakl, ham janr, ham ifoda usuliga ko‘ra to‘la ma’noda modernistik-mifologik romandir. Asarda adib o‘z davrining eng muhim ilmiy intilishi – vaqtning mohiyatini anglashga harakat qiladi, shuningdek, tog‘dagi bu sanatoriy XX asr boshidagi G‘arb intellektining timsoli sifatida namoyon bo‘ladi. Shuning uchun bu yerda psixoanaliz to‘garaklari bor, turli fanlar bilan shug‘ullanishadi, ularning barchasi aqliy mashg‘ulot bilan band. Aqllilik balosi hammani o‘z girdobiga tortgan. Bu yerda vaqtning qay tariqa o‘tishi ham noma’lum. Asar qahramoni Gans Kastorp ushbu sanatoriyda muolaja olayotib bir-birini inkor etib yotgan turli qarashdagi fikr odamlari orasiga tushib qoladi. Kastorp uchun barcha fikrlar to‘g‘riday tuyuladi va ularga ergashadi, keyin esa qaysi fikr to‘g‘riligini bilmay chalkashib, adashib ketadi. Aslida, hech qanaqa syujeti yo‘q, voqealar rivojlanmaydigan, qariyb yarmi falsafiy bahs-munozaralardan iborat romanning bosh maqsadi ham adib yashayotgan davrning tafakkur, intellektual manzarasini ko‘rsatish edi. Bu tafakkur bahslari shu darajaga yetadiki, har bir ta’limot o‘zini haq deb biladi, har biri o‘zining fikriga qo‘shilmaganni dushman hisoblaydi. Ular shu paytgacha amal qilib kelingan hamma narsani inkor etadi, inkor uchun o‘zlariga turli asoslar topib olishgan. Lodoviko Settembrin va Naft, ya’ni o‘z davrining ma’naviy-g‘oyaviy ustozlari o‘rtasidagi bahslar orqali adib XX asr boshiga xos g‘oyalar kurashini bermoqchi bo‘ladi. G‘oyalar o‘rtasidagi murosasizlik Settembrin va Naftning bir-birini haqoratlashiga olib keladi, natijada aqliy konfliktni endi jismonan hal qilishga to‘g‘ri keladi: ikkalasi o‘z qarashlarini himoya qilib duelga chiqishadi. Duel majoziy bo‘lib, ta’limotlar va mafkuralar ta’sirida dunyoning ikkiga bo‘linib ketishiga ishora qilinadi. Dueldan so‘ng haqiqatan ham jahon urushi boshlanadi va sanatoriydagilarning hammasi shoshilinch o‘z vatanlariga qaytib ketishadi. Asar bahsu munozaralarda oddiy odamlar, oddiy xalqni o‘zida timsollashtirgan Kastorpning qo‘lida miltiq ushlagancha jang maydonida yugurib ketayotgani bilan yakunlanadi. Boshqacha aytganda, dunyo, odamzod bema’ni bahslar, tortishuvlar qurboniga aylanadi. Adib talqiniga ko‘ra, urushlarning, qirg‘inlarning bosh sababchisi insoniyatni yo‘ldan ozdiruvchi ana shu ta’limotlar va nazariyalar, mafkuralardir. Bu g‘oyalar odamzodning kushandasi, uni adoi tamom qiluvchi ko‘zga ko‘rinmas qurollardir. Intellekt shunday narsaki, undan to‘g‘ri foydalanilmasa, vahshiylik va iblisning vositasiga ham aylanadi.

Gans Kastorp obrazi ma’lum ma’noda ham majoziy, ham tipik qiymatga ega. Gap shundaki, Gansni faqat mafkuralar qurbon qilgani yo‘q, uning o‘zi ana shu qurbonlikka ehtiyoj sezdi, uning o‘zi Settembrin va Naft qarashlarini, boshqacha aytganda, ularning mafkurasini ichiga kiritdi, demak, uning o‘zi ham o‘zini qurbonlikka tayyorladi. Uning kasalligi ham asarda timsoliy ma’noga ega. Asarga asos qilib olingan Vagner operasi qahramoni afsonaviy Tangeyzer o‘lim ma’budining qo‘lida asir bo‘lib qolgani kabi, Gans ham sirli kasallikning, boshqacha aytganda, o‘lim ruhining asiri sifatida yetti yil qolib ketadi. Bu yetti yil ichida o‘lim ruhi uning ichiga kirib oladi va uni urushga yetaklab ketadi.

Asarning talqini bu bilan chegaralanmaydi. Roman mifologik asosidan kelib chiqib boshqacha talqinlarga ham keng imkoniyat beradi. Xususan, asarga qolip qilingan qadim asotirga ko‘ra, bu toqqa yigitlar erlik maqomini olish uchun kelishgan, yetti yilda turli xil g‘ayb va osmon kuchlari tarbiyasida bo‘lishgan. Shundan so‘ng uylariga qaytishgan. Bunday yigitlar er yetgan yigitlar sanalib, ularga uylanishga, oila qurishga, avlodlarni davom ettirishga ruxsat berilgan. Xuddi asotirdagidek Kastorp ham sanatoriyda yetti yil qolib ketadi, ustozlari Settembrin va Naft tarbiyasini oladi. Shundan so‘ng u «er yetgan» yigit sifatida uyiga qaytadi, biroq oila qurmaydi, uylanmaydi, er yetgan yigit urushga kirib ketadi. Bu yerda adib o‘z davriga achchiq istehzo qiladi. Davrning er yetgan yigitlari o‘z avlodini davom ettirish uchun emas, aksincha, insoniyatga qirg‘in keltirish uchun urushga kirishadi.

Asar XX asr modern adabiyotining mukammal namunasi sifatida, boshqa ko‘plab modern asarlardan farqli ravishda, yorug‘likka, insonga, hayotga ishora bilan tugaydi: Gans urushda oddiy xalqning hayot haqidagi qo‘shig‘ini ayta boshlaydi. Bu esa insonning kuchiga, uning fojia va tanazzulni yengib, yana hayot va go‘zallik bilan birga qolishiga, o‘zini qayta tiklashiga ishora – umid bo‘lib yangraydi.

Asar dunyo adabiyotida ham intellektual roman, ham roman-mif sifatida talqin qilindi, har ikkala uslubni o‘zida namoyon eta olgani bilan ulkan adabiy hodisa sifatida tan olindi. Aynan shu romandan so‘ng adabiyotda «roman-mif» degan yangi atama paydo bo‘ldi.

1947 yili bosilib chiqqan «Doktor Faustus» asari ham o‘zida modern va mumtoz adabiy uslublarni uyg‘unlashtira olgani bilan qimmatlidir. Bu asar ham dunyo adabiyotining beqiyos namunasi sifatida hali-hanuz tadqiqotchilar diqqat markazida turibdi.

Asar Gyotening «Faust» dostoni qolipida yaratilgan bo‘lib, mifologik talqin orqali XX asrning ma’naviy-ruhiy muammolarini qamrab oladi. Roman qahramoni dunyoning eng taniqli kishisiga aylanish uchun xuddi Faustdek iblis bilan o‘zaro kelishuv bitimini tuzadi. Iblis avvaliga uni fahsh, xudbinlik bilan sinab o‘z tuzog‘iga tushiradi. Keyin esa eng muhim shartini qo‘yadi. Adrian Leverkyunga ko‘nglining tubida yashirinib yotgan orzusini – dunyoning eng mashhur bastakori bo‘lishini kafolatlaydi, bunga erishtiradi, biroq evaziga Adrian hech kimni sevishga haqqi yo‘q, sevgidan, mehrdan xoli yashashi kerak. Adrian iblisning mazkur qabih shartlarini qabul qiladi va dunyoning taniqli bastakoriga aylanadi. Har bir yozgani unga beadad shuhrat keltiradi. U endi san’at va tafakkur dunyosining titanlaridan biri edi. Adrian bitimning fojiasini keyinchalik anglab yetadi. Ammo endi kech edi. U kimga mehr qo‘ysa, o‘sha kishi fojiali halok bo‘ladi. Oldin sevgan qizi, keyin mehri tushgan go‘dak jiyani va boshqalar. Fojiani anglab yetganda vaqt o‘tgan, Adrian kuchdan qolgandi. Shunda tazarru qilishga tushadi: barchani uyiga to‘plab shu paytgacha yozgan va qilgan ishlari iblis bilan kelishuv, uning shartlari evaziga dunyoga kelganini, uning musiqasi iblis vasvasasi ekanini oshkor qiladi. Bu esa yig‘ilganlarni hayratga soladi va uni aqldan ozgan degan xulosa chiqarishadi. Adrian Leverkyunning bastakorligi shunchaki majoziy, aslida, u o‘z maqsadiga erishish uchun iblis bilan bitim tuzib insoniyatga beadad balolar olib kelgan ko‘plab nazariyalar, xususan, fashizmni ham majozlashtirgan. Fashizm, Tomas Mann nazarida, iblis bilan bitim tuzgan, iblisning maqsadini amalga oshirgan harakat edi. Albatta, bu roman talqinlarining faqat bir jihati. Asar boshqa xil chuqur tahlillarga ham imkon beradi. Bu asarida ham Tomas Mann yana o‘z davri san’ati haqidagi o‘zining xulosalarini shafqatsiz ravishda bayon qiladi: davr san’ati insonni sevishdan, uni ulug‘lashdan, gumanizmdan chekindi. Zamonaviy san’at insonparvarlikdan xoli. Tagzamindan, bosh maqsadidan, insonparvarlikdan uzilgan san’at qaysidir ma’noda – bevosita yoki bilvosita iblisning xizmatini qiladi. Bu yozuvchining o‘z davri san’atiga murosasiz munosabati edi.

Adib 1955 yili vafot etdi.

Tomas Mann o‘z ijodida eski va yangi, aql va ko‘ngil, inkor va e’tirof, ibtido va intiho, nafrat va muhabbat, g‘azab va sevinchning muvozanatini saqlab qololgan, olam ana shu narsalarning muvozanatida tursagina ham jamiyat, ham ilohiyat uyg‘unligi saqlanishini ta’kidlab, targ‘ib qilib o‘tdi va uning asarlari ana shu uyg‘unlikning o‘lmas namunalari sifatida insoniyatning intellektual merosi bo‘lib qoldi.

Nazar Eshonqul