Nazar Eshonqul. Sofokl

Qadimgi yunon dramaturgi, fojianavisi. Miloddan avvalgi 496 405 yillarda yashagan. O‘sha davrning ilg‘or pedagogikasi asosida ta’lim olgan. Gerodotning eng yaqin do‘sti bo‘lgan. Xalq bayramlarida xor rahbari, keyinchalik teatrga tomoshalar yozish bilan shug‘ullangan va qadimgi davr­ning eng buyuk dramaturgi darajasiga ko‘tarilgan.

Taqdir tuhfasini qarangki, tabiatan quvnoq, ko‘ng­li ochiq, serulfat va hayot go‘zalliklaridan zavq olishni biladigan Sofokl insoniyat tarixida eng ulug‘ fo­jianavis sifatida tanildi, bu janrda Esxildan o‘tib ketdi. Qadimgi yunonlar teatrni ham gladiatorlar jangiga qiyoslashardi, shu sababli bu haqda o‘sha payt­lari «Sofokl Esxilni mag‘lub qildi» degan iborani ishlatishgan. Buyuk dramaturgdan bizgacha «Ayaks», «Antigona», «Shoh Edip», «Edip surgunda», «Deyanira», «Eant», «Elektra», «Filoktet» kabi jahon dramaturgiya­sining yetti shoh asari, elegiyalari, nasriy mulohozalari meros bo‘lib qolgan. Asarlari ichida eng mashhuri «Shoh Edip» fojiasidir.

Oradan yigirma besh asr vaqt o‘tgan bo‘lsa ham, qadimgi yunon fojianavisi, inson og‘riqlari, iztirob­lari, g‘alayon va ojizliklarining buyuk tasvirchisi Sofokl qalamiga mansub asarlar hali-hanuz o‘z qiymatini yo‘qotmay, yozilgan paytlarda qanday hayajon qo‘zg‘agan bo‘lsa, hozir ham shunday hayratlarga sabab bo‘lmoqda, o‘sha davrda mazkur asarlar nechog‘lik ahamiyatli esa, bugungi kunda ham shundayligicha qolmoqda.

Sofokl asarlari vaqt yengolmaydigan, vaqt supurib tashlolmaydigan asarlar sirasiga kiradi. Aksincha, vaqt, asrlar, davrlar qanchalik olishsa, mazkur asarlar shunchalik ulug‘vorlashadiki, bunday xususiyatga jahon adabiyotida kamdan-kam asarlar sazovor bo‘lgan.

O‘zbek teatr tomoshabinlari Sofoklning «Shoh Edip» asaridan va uning televariantidan xabardor. Bu mashhur tragediyadagi Edip rolini ulug‘ san’atkor Sh.Burhonov o‘ynagandi. Ulug‘vor asarlar ulug‘ iste’dodlarni dunyoga keltiradi, ulug‘ sahna asarlari ulug‘ aktyorlarni yaratadi. Sofokl o‘zbek sahnasida yana ham ulug‘vor qiyofaga kirdi.

Sofoklning ijodi cho‘qqisi bo‘lgan bu asar o‘tgan 2500 yillik vaqt mobaynida jahon teatrlari sahnasidan tushmay kelmoqda. U hamisha dolzarb, hamisha zamonaviy, barcha tuzum va zamonlarga xos, hali insoniyat badiiy tafakkuri tarixida «Shoh Edip» kabi fojiali qismat qalamga olinmagan. Bu fojia insoniyatga kimligini, uning yelkasida qanday mas’uliyat borligini, taqdir va inson o‘rtasidagi abadiy ziddiyatni bot-bot eslatib turadi: go‘yo asardagi fojia inson boshi kelib uriladigan devor-u, mazkur devorning mavjudligini bani basharga ibrat qilish uchun Sofokl insoniyatning badiiy tafakkuri tarixiga abadiy osib qo‘ygandek. Odam hamisha o‘zini fojiadan olib qochadi. U fojiadan uzoqroq yurishni istaydi, fojiadan chetlab o‘tadi. Biroq fojialar bo‘lmasa edi, inson saodatning farqiga bormasdi, qadriga yetmasdi.

Fojia – uyg‘otuvchi kuch. U tafakkurni uyg‘otadi, teranlashtiradi. Fojia – eskirgan davomiylik, eskirgan uzviylikning so‘ngi, oxiri, yangi davomiylikning boshlanishi, chunki fojia anglangan joydan uni tuzatishga intilish, kurash boshlanadi. Shu sababli fojia kurashning darvozasidir. «Shoh Edip» asarida ham fojianing ildizi aniqlangach, uzoq muddatli qonli kurash boshlanadi.

Miflar, ayniqsa, Sofokl asarlari XIX – XX asrga kelib yana ham kengroq o‘rganila boshlandi. Gegel «Shoh Edip» asarini insoniyatning matriarxatdan patriarxatga o‘tish jarayonining o‘ziga xos ramzi deb baholadi. XIX asr mifshunosi Baxofen ham shu fikrni davom ettirib Edipning fojiasi uning onasiga – matriarxatga bo‘lgan muhabbatidadir degan. Baxofen fikriga ko‘ra, Edipning otasini o‘ldirishini to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushunmaslik kerak, bu padarkushlik va o‘z onasiga uylanish voqeasi – bor-yo‘g‘i matriarxat va patriarxat o‘rtasidagi kurashni aks ettirgan majoz, xolos. Edipning fojiasi padarkushlik va onasiga uylanishida emas, balki erkak bo‘la turib matriarxat tarafdori bo‘lganidadir. Uni aynan shuning uchun jazolashdi. «Edip» turkumidagi uch asarda shu narsa ko‘rinadiki, Edip matriarxat tarafdori, Kreont esa patriarxat timsoli sifatida gavdalanadi. Shu sababli Kreont ko‘zlari ojiz bo‘lgach ham Edipni Fivadan badarg‘a qiladi.

XX asrning yirik faylasufi, ruhshunosi Freyd esa Sofokl asarlaridan o‘z falsafiy qarashlari kontseptsiyasini topdi. U hatto psixoanalitika faniga «Edip kompleksi», «Edipokompleks» degan atamalar kiritdi. «Edip kompleksi» Freyd ta’limotining asosini tashkil qiladi, bu ta’limotga ko‘ra, Edipning onasiga uylanishi ongosti hislarining namoyon bo‘lishidir.

Shoh Edip asari haqida Freyd shunday yozadi: «Shoh Edip» asari antik dunyo yunon tomoshabinini larzaga solishining asosiy sababi, e’tirof etilayotgandek, taqdiri azal bilan inson irodasi o‘rtasidagi to‘qnashuv emas. Edip kabi bizning ichimizda ham axloqqa qarshi mayl-istaklar mavjud va bu istak payti kelishi bilan asosiy istakka aylanishi mumkin».

Freyd «Shoh Edip» asarini XX asr kishisi psixologiyasi bilan muqoyasa qilarkan, shunday xulosaga keladi: miflarni, axloqni, dinni faqat ongosti kechinmalari, ramzlari nuqtai nazaridan baholash mumkin. «Agar biz ham bolaligimizdagi onamizga va otamizga nisbatan miyamizda lip etib yuzaga kelgan, keyin o‘chgan maylimizni xotirlay olsak, o‘zimizdan o‘zimiz jirkanib ketardik», – deydi.

«Shu sababli, – deydi Freyd, – Edipning taqdiri bu – ilohiy hukm hodisasi emas, patologik hodisadir va bunday fojia har bir insonda sodir bo‘lishi mumkin». XX asrdagi boshqa faylasuflar ham «Shoh Edip» va Sofoklning qolgan asarlari haqida turli qarama-qarshi fikrlarni bayon qildilar.

XX asrning mashhur faylasufi Erix Fromm ham o‘z falsafiy kontseptsiyasini asoslash uchun ko‘plab ustoz faylasuflar kabi «Shoh Edip» asariga murojaat etdi. Fromm «Shoh Edip» qismatida insoniyat taqdirini, tug‘ilishi, yuksalishi va inqirozi ramzini ko‘rdi hamda asardagi taqdiri azal hukmi Shoh Edipning otasini o‘ldirib, bilmasdan onasiga uylanishi voqeasida emas, balki Shoh Edipning o‘zida yashirindir dedi. Ya’ni Shoh Edip yashash uchun kurashayotgan inson obrazidir.

«Bu mif, – deb yozadi Fromm, – onasiga uylanishning timsoli emas, balki o‘g‘ilning patriarxat otaga va uning tartiblariga munosabati timsolidir. Bolalikda onasiga muhabbati kuchli bo‘lgan bolaning tabiat hukmiga ko‘ra er bo‘lib yetishgach xuddi otasi kabi pat­riarxal tartib tarafdoriga aylanganidadir. Ya’ni bu asar inson evolyutsiyasini o‘zida timsollashtiradi».

Edip va otasi o‘rtasidagi qarama-qarshilik oqibatida o‘g‘il otani o‘ldirish voqeasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushunmay, timsollar nazariyasiga ko‘ra baholash kerak. Bu degani Edip onasiga – «matriarxat» tuzumga bo‘lgan muhabbati tufayli otasini inkor qildi. Sofokl otasiga isyon qilgan Edip timsolida ona ma’budlar o‘rnini egallagan ota ma’budlarga va ularning mustabid tuzumi, tartiblariga, umuman, patriarxal tuzum qiyofasida kirib kelayotgan insonni qul qilish an’anasiga qarshi kurashgan ozod inson obrazini yaratdi. Ozod inson – Edip otasini yenggach, onalik bilan birlashgach, ma’lum davr o‘tib uning o‘zi mustabidga aylandi, oqibatda xilvat va noma’lum ibodatxonada o‘lim topdi, ya’ni uning hayoti ham barcha mustabidlar kabi yo‘qlikka aylandi. Bunday talqinlar XX asr faylasuflari orasida ko‘plab topiladi. Sofokl esa barcha talqinlarga dosh bera oladi. Uning buyukligi shunda. 2500 yildan beri teatrlar sahnasidan tushmay kelayotganining sababi shunda.

Nazar Eshonqul