Sobir O‘nar. Oybegimiz

Oybek siymosi, badiiy salohiyati haqida gap ketsa qandaydir e’tirozsiz tasavvurlar har birimizda bor. U bilan zamondosh bo‘lgan adiblar adabiy anjumanlarda juda iliq so‘z aytadilar. Ijodi haqida gap ochilganda ham ortiqcha munozaralar bo‘lmaydi. Bu – fazilatmi yoki kimdandir baland, kimdandir past qo‘yishga sabab bo‘luvchi dastakmi?
Shularni o‘ylab, bir necha yillar burun Oybek siymosi haqida o‘qib bilganlarimdan ta’sirlanib bir maqola yozgan edim. Z.Saidnosirovaning “Oybegim mening” kitobi nomini andak o‘zgartirib “Oybegimiz” deb qo‘yishga jazm etdim. Bu boshqa avlod vakillarining ulkan ustozga, zamonlar bo‘ronida cho‘qqidek qo‘r solib kelgan buyuk adibga mehrimiz, hurmatimiz belgisidir balki…
Muallif

Oybekning she’rini dalaga chiqib,
Maysaga ag‘anab o‘qimoq kerak.
Xurshid Davron.

Adabiyot tariximizda o‘zi­ning muqim o‘rnini egallagan Oybek nomi tilga olinganda, e’tibor berganmisiz, ko‘ngilda mo‘tadil bir kayfiyat, mo‘tadil fikr zohir bo‘ladi: u so‘zsiz ulkan adib. Ortiqcha eh­tirosga berilmaymiz, bahs-munozaraga ham o‘rin yo‘q, hadeganda olqishlashga ham shoshilmaymiz. Siymosini, u haqdagi xotiralarni eslaganimiz zahoti, turli fitnalar, alg‘ov-dalg‘ovlar zamonida yashagan esa-da, qalbimizga sokin bir salobat bilan kiradi Oybek. Boz ustiga “Qutlug‘ qon” bilan “Navoiy” romanlarining o‘zi yetmaydimi, deymiz o‘zimizcha. Shu asarlari bilanoq u o‘ziga ulkan yodgorlik o‘rnatib bo‘lgan.
She’riy merosi-chi?
Rosti, kamina Oybekning she’r­larini, xususan, lirik she’rlarini o‘qiganimda beg‘uborlik, joziba, mehr tuyaman yuragimda. Ko‘nglim tusaydi shu she’r­larni. Bu, endi, ko‘ngilning o‘ziga qo‘yib berilgandagi xolis holat. Kezi kelganda “Qutlug‘ qon”ni ham, “Navoiy”ni ham titkilayman.
Boshqa asarlari to‘g‘risida hozir balki o‘rni bilan nima deyish mumkin bo‘lsa, aytish mumkindir, biroq adibimiz tirik bo‘lganida muqarrar shu ikki romanni qo‘liga olib ko‘z-ko‘z qilgan bo‘lardi. “Qutlug‘ qon”ning so‘ngini zamonasoz qilishga majbur bo‘lganman, derdi xijolat tortib.
Qamrovi, epik ko‘lami, badiiy quvvati jiha­ti­dan qaralganda ham juda kuchli asar.
Biroq men Oybekning o‘zi – shaxsi haqida ko‘proq o‘y­lay­man. Va muttasil suratda zamon mafkurasining zanjiri qobirg‘alariga ham, qalbiga ham botib, tang‘ib tortilgan buyuk yozuvchi gavdalanadi ko‘z ol­dimda.
Oybekdagi singari ijodiy kuch, Oybekdagi sin­gari shijoat, Oybekniki kabi sabru matonat o‘y­laymanki, uncha-muncha G‘arb yozuvchilarida ham bo‘l­­magan.
Oybek haqida ilgari qator maqolalar, taniqli adabiyotshunos N.Karimovning risola va asarlarini o‘qib u haqda tasavvur maydoni paydo bo‘lgan edi. Biroq adibimizning rafiqasi, buyuk ziyoli Zarifa Saidnosirovaning “Oybegim mening” kitobini o‘qib, ochig‘i hayrat barmog‘imni tashladim.
Avvalambor bu oilaning vujudga kelishi tarixi, un­dan so‘nggi ulug‘ birlik, ulug‘ yelkadoshlik, bemisl sa­doqat ham zamonlar sahnasidan bizga faqat ibrat, hikmat namunasi bo‘lib balqiydi.
O‘yladim: Zarifa Saidnosirova Oybeksiz ham katta alloma bo‘lib yetishishi mumkin ekan, ammo Oybek Zarifa Saidnosirovasiz Oybek bo‘lishi mushkul ekan.
Bu birlik chindan ham vaqtlar silsilasida bosh­­qalar uchun ibrat bo‘lib qolsa kerak. Har qanday ijodkor uchun ham dastavval chidamli, vafodor ayol kerak. Chunki ijodkorning injiqligini uncha-muncha ayol zoti hazm qilolmaydi.
Lekin Z.Saidnosirovaning bu borada baxti kulgan edi. Oybek unaqa injiq emasdi. U ichkuyov bo‘l­ganidayam, bir xonali yotoqda farzandlari bilan yashagandayam, ustiga bo‘hton yog‘ilib, tor joylarga quvilib chiqqanda ham yozaverar edi. Shuningdek, mansabdan tushirilgan, hatto Yozuvchilar uyushmasi tarkibidan o‘chirilganda ham dami ichiga tushib ketmasdi, aksincha, vaqt bo‘lganiga shukur qilib tinimsiz yozar edi.
Bu ham biz uchun bir saboq. Chunonchi biz o‘z yal­qovligimizni, tanballigimizni, erinchoqligimizni ar­zimagan bahonalar bilan oqlamoqchi bo‘lamiz. Oybekdek cho‘ng o‘tirib mehnat qilishga sabrimiz yetmaydi, xolos.
Oybekka Xudo tag‘in 20 yil umr berganida bormi, shubhasiz, u yetib bo‘lmas cho‘qqilarni zabt etgan, bizga ne-ne ulkan asarlarni armug‘on etgan bo‘lardi.
Oybekning olijanobligi, shoirligi, zakovati, sa­doqati, sabrliligi rafiqasiga ilhom berardi.
Oilada ikkalasiyam ishdan quvilgan, maoshsiz, nonsiz, bir paysa unsiz, Oybekning qaynotasi Saidnosir Mirjalilov repressiyaga uchrab mushkul ah­volga tushib qolgan, boz ustiga ocharchilikka yuz tutilgan davr­lar ham bo‘lgan ekan.
“Bozorda bir buxanka non 200 so‘m, bir kilog­ramm go‘sht esa 150 so‘mga ko‘tarildi. Bozordan non olib bo‘lmaydi, kartochka bo‘yicha olingan nonga qanoat qilishdan o‘zga iloj yo‘q.
…Oybek juda tez oza boshladi. Bu uning shu vaqtda oldirgan rasmlaridan ham bilinadi. Biz bir paytlar bir katta, bir kichik gilam sotib olgan edik. O‘sha kunlari katta gilamni sotib, qo‘y oldik. U qo‘ziladi. Ikkovimiz maslahat qildik-da, qo‘y bilan qo‘zini sotib, picha pul qo‘shib, sigir oladigan bo‘ldik.
Oybek qo‘yni yetakladi. Oyim ikkovimiz orqadan haydadik. Bozorga yo‘l oldik. Sigir qimmat, sutli sigir esa bir hovlining puli ekan. Biz yana qo‘y-qo‘zini haydab, izimizga qaytib keldik. Keyin so‘yib yedik.
…Bir kecha, yodimda, Oybek yozib o‘tirardi. Men ham yozibmi, o‘qibmi o‘tiribman.
– Zarifa, qornim och, ochiqdim, – deb qoldi, Oybek.
Men nima deyishni bilmayman, indamadim, javob qilolmadim. Negaki, uy qup-quruq edi.
– Biror narsa yo‘qmi? – so‘radi Oybek.
O‘rnimdan turib, shkafni axtardim. Hujradagi xurmacha, xaltalarni tekshirdim. Bir hovuch yirik kepak, bir-ikki qoshiq shakar topdim, so‘ng xurmachaning tagini sidira-sidira bir qoshiq yog‘ oldim. Primusda kepakni qovurib, so‘ng unga shakar aralashtirib das­turxonga tortdim. Bilmadim, bu qanday taom bo‘ldi ekan? Oybek hazratlari nomi menga ham noma’lum bo‘lgan bu taomdan bir-ikki marta qoshiq uchida olgan bo‘ldi. So‘ng “sen ham yegin” deb meni qistadi.
– Yo‘q, ochiqmadim. O‘zingiz yeya bering, – dedim unga.
Mening ham qursog‘imda hech narsa yo‘q, faqat qanoat bor, xolos.
Oybek ozgina yedi. Ozginasini qoldirib, dedi:
– Ertalab bolalarga berarsan.
Menga boqib jilmaydi-da, tag‘in yozuvga kirishdi.
Bilmadim, bemazalikdan yeya olmadimi yoxud bolalarga ilinib, tomog‘idan o‘tmadimi?”
Z.Saidnosirova oliy maktabda ta’lim bergan birinchi o‘zbek muallimasi, anorganik kimyoni o‘zbek talabalariga birinchi bo‘lib tanishtirgan, kimyo lug‘atini birinchi tuzgan olima. Shuningdek, rassom, musiqachi, shoira va mana, qo‘limizda kitobi – yozuvchi edi. Ammo u eng avval o‘zini Oybekning vafodor xotini deb bilar, eng katta iftixori ham, eng yirik baxti ham mana shunda edi. Asardan ma’lum bo‘lishicha, Oybek ham asarining ilk nusxasini Zarifasiga o‘qitar edi. Ikkovlari emchakdosh egizaklar kabi mudom bir-biriga intiqib yashagan edilar.
Xatlar, xotiralarni o‘qisangiz, havasingiz keladi.
Ayni paytda Oybek xotinini muttasil ishlashga majbur etardi. Ilmda xuddi o‘zi kabi zahmat chekishini, katta olima bo‘lishini uqtirardi.
Z.Saidnosirova professor bo‘ldi.
Oybek – akademik bo‘ldi ham. O‘zbekiston Fanlar akademiyasining gumanitar fanlar yo‘nalishiga boshchilik qildi.
U iqtisodchi olim edi. Bu borada betinim ilmiy, nazariy izlanish olib bordi. Institutda dars berdi. So‘ngra falsafaga sho‘ng‘idi. Tarixni mukammal o‘rganishga tirishdi. Navoiy, Bobur, Temur kabi tariximiz siymolarining badiiy obrazini yaratish ishqi bilan yashadi.
Oybek zamonning maromi bilan ish tutdi.
Oqimga sira qarshi bormagan edi. Bu buyuk qar­shilik balki uning qalbida qoldi.
Cho‘lpon, A.Qodiriy, U.Nosirniki singari qata­g‘onga dastak bo‘lguvchi “atributlar”ni undan topolmas edilar.
Tarix haqida yozsa, ustidan qora chiziq tortilmagan hazrat Navoiy haqida yozdi. Bu “noma’qul” ish emasdi sho‘ro hukumati uchun.
Ya’ni, zamonga yot mafkura unga ham yot edi.
Oila ham zamonga monand edi. Xotini ham, o‘zi ham rus tilida lektsiyalar o‘qirdi. Farzandlarining tili ham “mama”, “papa”dan boshlangan edi.
Ba’zan topshiriq bilan, topshiriq bo‘lmasa-da, qalbi bilan sho‘ro tuzumini quvvatlovchi asarlarni ketma-ket yozaverdi.
Akademik bo‘lganidan tashqari u Yozuvchilar uyushmasiga rahbarlik ham qildi, deputat bo‘lib turli uchrashuvlar, sessiyalarda qatnashdi. Qaynoq ishlab, qaynoq yashashga intildi.
Binobarin, o‘z mehnatining totli mevalaridan bahramand bo‘lishga u haqli edi.
Nazarimizda, unga sho‘ro hukumati biror ayb to‘n­kasa, bu g‘oyat gustohlik bo‘lardi. Axir, bundan ortiq ideal shaxs, ideal ijodkorni qaysi go‘shada qaysi ona tug‘ib ulg‘aytirib qo‘yibdi? Bo‘lsa shunchalik bo‘lar-da inson degani. Sho‘roga yana nima kerak? Tag‘in qanday xizmat qilish mumkin sho‘roga?!
Biroq… 1937 yil shamollari Oybekka ham tegmay o‘tolmas edi. U ishdan haydaladi, Uyushma safidan chiqariladi, gazeta-jurnallar uning asarlarini bosmay qo‘yadi. Aslida u turli tadbirlar, jamoat ishidan charchagan, ijodga vaqt topolmay yurardi. Ammo zamon tahlikali edi. Xullas, hali u, hali bu hamrohi, do‘sti, ustozi birin-ketin qamalib turgan kezda ko‘ngilga ijod sig‘ishi mushkul edi. “…bir qancha tengdoshlari sekin-asta g‘oyib bo‘layotgan, uning o‘ziga ham qamalish navbati kelgan payt edi. Shunday tahlikali ayyomda ijod bilan shug‘ullanish har kimning ham qo‘lidan kelavermaydi. Ammo Oybek buyuk iroda egasi edi. Shuning uchun ham u o‘ta tahlikali va fojiali kunlarda, g‘urbat yutib, kechirilgan hayotda “Qutlug‘ qon”day go‘zal va o‘lmas bir asarni yaratdi”.
Aslida ham ijodkorning mansabi bo‘lmaydi. Man­sab uning ijodiga xalaqit beradi, xolos. Sevib yaratgan asari, uning ortidan topgan obro‘si har qan­day lavozimdan ustun turmaydimi?
Shu o‘rinda bundan talay yillar muqaddam Yozuvchilar uyushmasida bo‘lib turadigan to‘polonlar yodga keladi. To‘polonchilar uyushma rahbariyatini xalqqa, adabiyotga “xiyonat” qilganlikda, yoshlarga yo‘l bermayotganlikda ayblar edilar. Aslida guruh-guruh bo‘lib mansab talashardilar. Ko‘p o‘tmay g‘alvir suvdan ko‘tariladigan payt ham keldi.
Mustaqillikning dastlabki yillarida bugun o‘qiladigan she’r, bugun o‘qiladigan nasr kerak bo‘l­ganida ne ahvolga tushdik? Demak, xalq uchun yozuvchilarning lavozimlari ahamiyatsiz ekan. Birdaniga bo‘shliq hosil bo‘ldi. Xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayev “Adabiyot o‘ladimi?” deya bezovta bo‘lib maqola yozsa, barchamiz yoqasidan oldik, “nimalar deyapsiz, adabiyot o‘lmaydi!”
Holbuki yozuvchi kinoya qilgan ekan. Indallosini aytganda adabiyot o‘lishi ham mumkin, shekilli. O‘lmaydigan bo‘lsa, mustaqillikdan so‘ng qanday o‘lmas asar yaratildi? Shaxsan men Sh.Xolmirzayevning “Dinozavr” romanidan boshqa bugunning ruhida yozilgan, bugunning hayoti ifoda etilgan yirik, puxta jiddiy asar ko‘rganim yo‘q.
Hamkasblarim kaminani ma’zur tutsinlar. “Aybdorlar” sirasiga avval o‘zimniyam qo‘shgan holda illo yirik nasrni nazarda tutyapman bu yerda. Aslo boshqa janrni emas.
Oshkoralik davrining ura-ur paytida bir talay adabiyotimizning ustun vakillari haqida ixlosimizni tamom so‘ndiradigan maqolalar o‘qidik. O‘sha paytda shunaqa gaplarga ham g‘oyat tashna ekanmiz-da chog‘i. Ammo hozir o‘ylab qarasam, domla Oybek o‘sha taloto‘plardan ham nisbatan “betalofat” chiqdilar. Qolganlari (Mirtemir va boshqa o‘zlarini chetga olib yurganlardan tashqari) chaqimchi, xiyonatchi, jallod bo‘­lib gavdalandilar.
Bular barisi zamonning o‘ta og‘ir, sertashvishligidan bo‘lgan asli. O‘sha chog‘ og‘iz ko‘pirtirib oshkoralik davri qahramonlariga aylanganlar ham taqdir taqozosi bilan 30-, 50-yillarda yashab ko‘rganlarida edi, balki bu qadar hukm gaplar aytishga uyalib turishardi…
Endi bilsak, uloqni olib qolish, ya’ni “ochko” jamg‘arish uchun aytilgan ekan bir xillari. Bugun esa o‘sha to‘plangan ochkolardan kimga naf?
Zamon odamlarni, xususan, yozuvchilarni ham bir-bir elakdan o‘tkazgan. Mening tasavvurimda Oybek ul davrlardan ham ustiga oq libos yopinib kirib keladi. Yuzi ham nurli.
“Bir kecha uyimiz oldida mashina to‘xtab, eshik qoqildi. Ichki ishlar ministrligidan kelgan odam Oybekni olib ketajagini aytdi. Mening oyoq-qo‘llarimda mador qolmadi. Qaltirab ketdim. Ko‘zlarimdan qay­noq yoshlar quyular ekan, Oybek ostonada turib, meni quchdi-da:
– Qo‘rqma, sabr qil, balki so‘roq uchun chaqiril­gandirman, – dedi.
Oybekning rangi o‘chgan, ichki asabiy titrog‘i sezilib turibdi. Men dovdiragan holda uning cho‘ntagiga ozgina aqcha soldim.
– Zarifa, keragi yo‘q! Olib qolsalar, avval yonim­ni tintib-tozalaydilar!
Xullas, Oybekni olib ketdilar. Go‘yo ko‘ksimni pichoqlab, qalbimni uzib tashlagandek tuyuldi menga.
Shu kuni oyim biznikida edi. U bo‘zday oqargan, muttasil pichirlab, ixlos bilan duo qilar, “Parvardigorim, O‘zingga topshirdim! O‘zing saqla!” deb shivirlar edi.
Tong ko‘kardi. Na oyim boshini yostiqqa qo‘ydi, na men. U uydan bu uyga tentirab, tovushsiz yig‘layman, ko‘z yoshlarimni tindira olmayman.
Oybekni olib ketgan Ivanov degan rus zobiti ertalab uni qaytarib olib keldi. Oshiqib, eshikni ochdim.
– Qo‘rqma! Nega buncha titraysan? Tinchman! – dedi bag‘riga bosib Oybek.
U eshikni ilgandan so‘nggina o‘pkamni bosdim. Oybek – u nihoyat horg‘in edi, rangi-ro‘yida qon ko‘­rinmasdi – o‘zini divanga tashladi. Oyim choy qay­natish bilan ovora. Men Oybekning qarshisiga o‘tirdim. U sukunatning o‘zi savol ekanligini angladi.
– To‘g‘ri ministrning oldiga olib bordilar. Uning kabinetida ikki-uch soat kutdim. So‘ng shohi to‘nga o‘ralib chiqdi u kishi, Xudoyorxonda ham bo‘lmagan bunday to‘n! – so‘ylay boshladi Oybek. – Ministrni ba’zan tantanalar hay’atida, sahnada ko‘rardim. Baland bo‘yli, yirik gavdali, devday bahaybat, ko‘zlariga qahr-g‘azab quyilgan bir kishi u! Gruzin bo‘lsa ham ismi-sharifini o‘zbekchaga muvofiqlab, Kabulov qilib olgan. Aslida Kabulidze bo‘lgan.
Oybek davom etdi:
“Sen yozuvchisan. Yozuvchilar orasida shubhali unsurlar, xalq dushmanlari ko‘p. Nega biror marta kelib aytmaysan? Bizga xizmat qilishni istamaysan!” – dedi u dag‘dag‘a qilib. Men: “Axir men shoirman, adibman, bunday ishlarni eplay olmayman”, dedim. Shundan keyin uning g‘azabi ko‘pirib ketdi, so‘kdi, itdan badtar qilib haydadi meni…
Oybek ko‘chaga chiqqanida, Ivanov unga:
“Xafa bo‘lmang! Ministrimiz bir oz qo‘rs, qo‘­pol odam. Uning ishi shuni taqozo etadi”, deb avf so‘ragansimon gapiribdi.
– Ministringizga ayting, – debdi Oybek unga javoban. – Agar u ichki ishlar ministri bo‘lsa, men she’riyat ministriman. U bugun ministr bo‘lsa, ertaga uning o‘rniga boshqa odam keladi, men esam, adabiyot olamida abadiy ministr bo‘lib qolaman!”
Har qanday faqir, oddiy odamning ham nafsoniyatiga tegaversang, oxir oqibat, u ham jillaqursa, sen qatori men ham Xudoning bandasiman-ku, men ham odamman-ku, deb yuboradi. Oybek esa oddiy odam emasdi – adabiyot maydonining manaman degan peshqadamlaridan edi. Uning ichki madaniyati, tabiati, yozuvchilar, yoshlar davrasida zinhor “she’riyat ministriman!” deyishga yo‘l qo‘ymas edi. Ammo ichki ishlar ministrining uni odam o‘rnida ko‘rmay, mensimay muomala qilishi, nihoyat, oriyatini qo‘zg‘agan. Har qalay adabiyotga jon berib xizmat qilyapman-ku, degan nidoni pesh qila bilgan.
“Men Oybekning bu so‘zlaridan tezda mamnun bo‘ldim, – deydi Z.Saidnosirova. – Ko‘nglimga g‘urur tuyg‘usi to‘lib ketdi shu topda.
Bir necha yildan so‘ng O‘zbekistonga o‘sha gruzin o‘rniga Gogidze degan boshqa bir gruzin ministr bo‘lib keldi. Buning ko‘zlari avvalgisinikidan ham yomon, o‘zi ham undan battar badbaxt kishi edi. Ularning har ikkovlari 1953 yildan so‘ng Beriya bilan birga otildilar”.
Sinchiklab tekshirilsa, Oybekning ham(!) ijodidan qusurlar, ayb topish mumkin ekan. Jumladan u Navoiyni haddan ziyod “ideallashtirgan” edi. Tushkun-pessimistik kayfiyatda asarlar bitgan, ya’ni erta bir kun keladigan kommunizmga ishonchsizlik ruhida she’rlar yozgan. Oybek sil kasaliga yo‘liqib, pulsiz, ilojsiz, Leningradda talaba chog‘ida ko‘p azob tortadi. “Xastimom” degan she’ri o‘sha paytda yoziladi.
Sirasini aytganda, shoirning xastaligidan mutaassir bo‘lishga haqqi yo‘qmi? U ham issiq jon, shu holatini ifodalash mumkin emasmi? Dushmanlar bu fikrga obraz bag‘ishlab “mamlakatni xasta qilib ko‘rsatayotir” deyishadi. Ana dastak sizga. Demak, shu jihatlarini ushlab olib jazolash mumkin edi.
Yozuvchilar uyushmasidan Sheverdin, Milchakov va bir necha bizga nomlari tanish, aslida Oybekning adabiyotdagi hamrohlari, do‘stlari shu ayb­larni to‘nkaydilar. Ruhan ezadilar, asarlarining chiqishiga yo‘l bermay qo‘yadilar. “Xalq dushmani” degan tamg‘ani bosishga chinakam urinadilar. Bular asli ko‘rolmaslik bilan qilinayotgan harakatlar edi. Rost-da, nega kimsan falonchi-falonchilar qamalib, otilib, surgun qilinib ketadilaru, bu gigant yozuvchi aqalli biron marta qamalmasa-ya. Juda bo‘lmaganda tanqidga uchrab, badnom bo‘lsin axir!
Badniyatlar bunga erisholmaydilar, chunki bu gal ham omad degan narsa Oybekdan yuz o‘girmagan edi. Faqat bir ayanchli asorat qoladi: Oybekning qon bosimi haddan ortiq ko‘tarilib insultga uchraydi, tildan qoladi. Uzoq muolaja va ehtiyotkorlik, parhez natijasida so‘zlay olish qobiliyati nisbatan tiklanadi. Ammo bundan bu yog‘iga u ehtirosga berilmasligi, hayajonlanmasligi, qayg‘urmasligi kerak edi.
Oybekda yuz bergan xastalik ham ularga quvonch bag‘ishlaydi.
Ko‘rolmaslik naqadar bedavo illat!
Yigirma yilcha burun katta bir yig‘inda Prezidentimiz qatag‘on yillari qurbonlarining hur­mat-ehtiromini joyiga qo‘yish tashabbusi bilan chiqdilar. Shunda bir adib ularning qatag‘onga uchrashiga sabab bo‘lgan aybdorlarni ham ochiq aytib, xalqqa oshkor qilaylik, dedi.
Bunday olganda xalqdan yashirin narsa o‘zi yo‘q.
Jabr ko‘rgan, qamalgan, qurbon bo‘lgan insonlarga ehtirom ko‘rsatilishining o‘ziyoq, nihoyat, ular uchun adolat qaror topganligini, qolaversa, aybdorlarni qoralaganimizni bildiradi. Prezidentimiz aybdorlarni nomma-nom ayblashga shu sababli qarshi ekanligini bildirdilar. Chunki men oq edimu u qora edi, degan tortishuv, o‘zaro adovat tag‘in yuzaga kelishini ta’kidladilar…
Bunday adolatli fikr oldida hamma bosh egadi.
Oybek o‘sha ministr oldida o‘ziga xayrixoh, ke­yinchalik oyog‘iga chang solishi mumkin bo‘lganlarni “chaqib, ularga ayb to‘nkab, o‘zini oqlab” chiqsa ham bo‘lardi. Ehtimol, uning o‘rnida bo‘lganda kimdir shunday qilardi. Demak, uning ko‘nglida birovga yomonlik sog‘inish aslo bo‘lmagan. Shuning uchun eng avvalo, o‘zini qiyin ahvolga qo‘yib chiqdi. Bu ham mardlik. Bu – jasorat!
Agar 30-yillar adabiyot olamida yuz bergan taloto‘p, sarosimaliklarga e’tibor berib nigoh tashlasangiz, A.Qodiriy ijodi va shaxsini qoralamagan birorta adib yoki adabiyotshunosni topish qiyin. Biroq, birgina Oybek Qodiriy haqida ijodiy fazilatlarini, ulkan yozuvchi ekanini ta’kidlab, tahlil qilib maqolalar yozgan, yozolgan edi. Bu ham mardlik emasmi?
Oybek ko‘pgina tarixiy asarlar yozishni mo‘l­jal­lagan edi. Temur, Bobur, Buxoro amirligining so‘nggi kunlari haqida ashyolar to‘plab yurgan edi. U o‘zining xastaligini o‘ylab ko‘p bezovta bo‘lmasdi. Imkon borida yozish kerak derdi. Malomat yog‘ilsa ham, ochiq dushmanlik tug‘ilsa ham ichiga yutardi, qarshi kurashishga vaqt sarflab o‘tirmasdi.
Ehtimol, shuning uchundir, Oybek nisbatan qisqa umr ko‘rdi. Adabiyotimiz toqini mangu bezashi mumkin bo‘lgan yirik nasriy asarlarini o‘z qalbi bilan olib ketdi. Biroq, baribir undan ulkan adabiy meros, juda tiniq, juda jozibali, ehtirosli she’rlar qoldi.
Va… go‘zal oila qurdi, bu oilani bir qo‘rg‘on ka­­­bi asray bildi, farzandlarining barchasi katta ziyolilar, hatto akademik bo‘lib yetishdi. Muhimi, u qalbini, o‘zini ham saqlay bildi, sotilmadi, sotmadi. Mirtemir kabi armonlari o‘zi bilan ketdi.
Men Oybek xonadoni bilan tanish emasman. Biror tadbir yoxud yubiley munosabati bilan ham yozayotganim yo‘q bu gaplarni.
Oybek dahosiga, Oybek salohiyatiga, qolaversa, metindek matonatiga ellik yillar ortdagi avlodlarning bir iqrori, tasannosi deb qaralsa bo‘lar.
Zero, zamonlar, davrlar o‘tar, avlodlar o‘zgarar, biroq Oybek fenomeni, Oybekning bizga zamonning beayov zarblari qoshidagi temir irodasi, zahmati, mehnati namuna bo‘lib qolaveradi. Ta’zim deymiz.

“Yoshlik” jurnali, 2015 yil, 3-son.