Sobir O‘nar. Adabiyot e’tiqodni tarbiyalaydi

Adabiyot, shaksiz, tarbiya vositalaridan biri. Illo, e’tiqod emas, e’tiqodni parvarishlash usulidir, shu ma’noda uni e’tiqoddan ayrim holda ko‘rsatish noto‘g‘ri, adabiyotimizni ulug‘likka, mumtozlikka ko‘targan zotlar… Buyuk Iymon egalari edi!

Go‘ro‘g‘li G‘irko‘k duldulini minib, qirq yigitni qabatiga olib yov ustiga savash qilganda, Alpomish Boychiborining beliga o‘tirib g‘animi ustiga ayovsiz yurganida, mardlik ko‘rsatganida, Farhod yor vasli uchun tog‘-toshlarni kesib, sabr va jasoratini namoyon qilganida – uni o‘qigan o‘zbek bolalari yuragida botirlik qoni ko‘pirgani bor gap. Axir, dunyoni larzaga keltirgan, jahon adabiyotining ag‘dar-to‘ntarini chiqarib tashlagan, Jozibali So‘z bilan bayroqdor bo‘lgan butun boshli Lotin Amerikasi adabiyotining ibtidosi, Servantesning biz ko‘p ham xush ko‘rmaydigan, masxara, dovdir obrazdan iborat “Don Kixot” asari-ku. Qarab qo‘ying, 60-70-yillar ichida olam adabiyotini ohanraboday o‘ziga qaratgan, qisqa vaqtda buyuk yozuvchilarning dunyoga kelib, dovrug‘ taratishiga asos bo‘luvchi asar, bor-yo‘g‘i, ritsarlik romanlarini fosh qilib, kalaka qilgan bir roman bo‘lib chiqsa!

Yo‘q, bu yerda, baribir, tarbiya bor. Lotin Amerikasi xalqi, asosan, ispanlar, ya’ni Yevropa xalqi. Xalq esa qadriyatlardan, ajdodlar merosidan to‘yinib yashagisi keladi. Birgina shu asar, garchi Yevropada, Ispaniyada besh asr burun yaratilgan esa-da, ularning ham o‘lmas mulki. Mulkki, kun kelib Lotin Amerikasi adabiyotini yuksakka ko‘tarib yubordi. Bu yuksak­lik oxir oqibat xalqning qalb ko‘zini ochdi. Lotin Amerikasi davlatlari birin-ketin diktatura kishanlari zanjirini uloqtirib tashladi. Jamiyatni o‘zgartirdi. Bu jarayonda adabiyotning buyuk roli bor. U – odamni zulmdan qutilishga, ozod yashashga o‘rgatdi. Ezgulikning g‘alabasiga chorladi. Pablo Neruda she’rlarini chililiklar madhiya, marsh qilib kuylar edilar, bayroq ko‘tarar, Pinochetga qarshi kurashar edilar. Oqibat, g‘alaba qildilar.

Bizning Sharq adabiyoti esa sabrga, aqlga, odobga va, o‘z navbatida, javonmardlikka da’vat etadi. Sho‘ro zulmi davrida, aslida, o‘zbek adabiyoti oldingi va keyingi davr adabiyotidan zo‘r bo‘lgan. Qodiriy va Cho‘lpon, Mirtemir, hatto E.Vohidov, A.Oripov, R.Parfi ham tishni tishga bosib alam bilan ijod qilgan. Bular, kerak bo‘lsa, o‘z vaqtida o‘zbekni mudroqlikdan uyg‘otolgan ijodkorlardir. “Mening ham qonimda qilich zangi bor…” – deb yoza olgan edi Abdulla Oripov bundan ellik yillar muqaddam “Armaniston” she’rida. Tishni tishga bosib yozilgan satrlarni qalbi bezovta o‘quvchi o‘pkasi to‘lib o‘qimagan, yuragi simillamagan deysizmi?

O‘smoqchilab so‘rab kelsangiz, hozirgi mustaqilligimizning tamal toshini qo‘yganlar ham, aslida, ijodkorlar, ziyolilar va o‘tkir siyosatchilarimiz bo‘lib chiqadi.

Bundan chiqadiki, Adabiyot nafaqat tarbiya, balki jamiyatni o‘zgartirish vositasi hamdir. Bundan 90 yil avval yozilgan va o‘sha vaqtdayoq qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketgan “O‘tkan kunlar”ni berilib o‘qigan odamni ko‘z oldingizga keltiring. Yusufbek Hojining Turkiston iskanjasi, xalqning ezilishi, boy-boyonning o‘z nafsidan o‘zgani o‘ylamasligi, ezilayotgan bechoralarni yana ko‘ra-bila tomosha qilishga majburligi, o‘g‘li Otabekka ezilgan bu ko‘ngilni nechun yana tilkalaysan, deya azobda qolishlari tasviri, o‘ylang, oddiy o‘quvchining ham yuragiga botib ketmaydimi?

Adabiyot – yurakni tarbiyalaydi.

Shukrki, bizda yovuzlik, yomonlikka yetaklovchi kitoblar urchib ketdi deyolmaymiz. Sayoz, bachkanalari to‘lib yotibdi. Bozor adabiyoti desak, balki to‘g‘ridir. Uning jiddiy adabiyotga daxli yo‘q, afsuski, xaridori ko‘p.

Otini aytmaganim tuzuk, bir zamon janub yoqdan ko‘p ijodkor ahli taniydigan yozuvchi akamiz tashrif buyurib, obdon Gogoldan lof urdi. Lof urgani mayliyu, yozuvchini Qodiriyga taqqoslab, Gogolda e’tiqod g‘oyat baland, Qodiriyda yo‘q, u Kalvak maxzum va Toshpo‘lat tajang obrazlarini yaratgani uchun ham do‘zaxning naq o‘rtasiga borib tushadi, dedi qat’iy. Yo falak! Tuppa-tuzuk o‘qigan, saviyasi bor, deb o‘ylaganim bu odamning Qodiriy haqida chiqargan xulosasi jahlimni chiqarib yubordi.

– E, aka, qanaqa xulosa qilayotganingizni bilasizmi? Qodiriy roman yozmay, o‘sha Kalvak maxzum va Toshpo‘lat tajangning hangomalarinigina yozib o‘tib ketganida ham adabiyotda iz qoldirgan bo‘lardi. Kalvak mulla, namozxon bo‘lgani bilan johil, dunyoqarashi tor, o‘zidan boshqani o‘ylamaydi, taraqqiyotni sira qabul qilmaydi, Toshpo‘lat esa bundan battar, kissavur, kallakesar – nima qipti, shularning ustidan kalaka qilyapti! Siz aytayotgan e’tiqod, aksincha, bu yerda bo‘rtibroq ko‘rinadi. Do‘zax, jannat masalasini esa Yaratgan Qodirning O‘zi hal qiladi. Men bu fikringizga mutlaqo qarshiman, faqat sizdan iltimos, bu tuhmat gapni boshqa yerda aytmang. Pand yeb qolasiz.

Aka arazlab, gavdasiga yarashmagan shitob bilan tahririyatni tark etdi. Qayta ko‘rinmadi ham. Ammo kunlarning birida ushbu mujodalani bir xususiy gazetada tamom boshqacha tus berib tilga olibdi. Unda kamina mum tishlab, gap topolmay, oxiri gapni obuna masalasiga burib yuborgan emish.

Hadisi sharifda e’tiqodsiz kishini ham kofir deb ayblamaslik buyurilgan. Ibrohim alayhissalomning eshigiga kelgan yahudiyni ovqatiga sherik qilmay haydab solgani va buning uchun Ollohdan tanbeh olgani voqeasini xotirga oling. Bu kishining nazdida esa Gogol – musulmon, Qodiriy – kofir.

O‘zi ba’zilarda asliy, azaliy fikrni buzib, teskari qilib tashlash qobiliyati bo‘ladi. Ma’naviy pozitsiyangiz mustahkam bo‘lmasa, garangsib qolasiz.

Gogolning e’tiqodi bo‘lsa bordir. Biroq biror asarida nasroniy ruhoniyni risoladagiday ideal shaxsga aylantirgani tasviriga duch kelmaganman. “Uylanish”, “Ivan Ivanovich va Ivan Nikifirovichlar orasida bo‘lib o‘tgan mojarolar hikoyati” yoxud “Revizor” komediyasi uchun ham har qancha tahsin aytsang, yaxshi ko‘rsang, arziydi. Dostoyevskiydek zot: “Biz hammamiz Gogolning “Shinel”idan chiqqanmiz”, deganida uni ustoz deb e’tirof qilmadimi?!

Shu Gogol rus yo ukrainni (“Taras Bulba” istisno) maqtadimi, zaharli qamchisi bilan yertepki qilib savalab o‘tib ketdi-ku. Bu uning rusni yomon ko‘rganining belgisimi?

Ijodga, umuman, adabiyotga baho berayotganda e’tiqod masalasiga jo‘n yondashmaslik tarafdoriman. Ozarbayjon adibi Anor yozganidek: “Bu hayot shunchalar qisqaki, unda yomon bo‘lib yashashning iloji yo‘q; bu hayot shu qadar uzunki, unda faqat yaxshi odam bo‘lib yashash mumkin emas”. Shunday muammolar borki, uni mana bundoq yoki undoq bo‘lishi kerak, deb keskin o‘rtaga qo‘yish qiyin. E’tiqod masalasi ham xuddi shunday.

Adabiyot, nazarimda, insonning e’tiqodini tarbiya qilishi kerak.

G.Markesning qissa va romanlarida fahsh sahnalari bot-bot uchrab turadi. Yozuvchining mahorat kuchi va ko‘lami kengligidan siz hech qachon bu tasvirlarga mahliyo bo‘lib qolmaysiz, aksincha, ulardan ijirg‘anib ketasiz. Chunki yozuvchining maqsadi bu yerda to‘xtalib qolish emas, u sizni yetak­lab o‘zga kunguralar va o‘zining ruhi aro chirpirak qilib yeldirib ketadi.

Navoiy haqida ba’zan o‘ylab shunday xulosaga kelaman: adabiyot hayotdan ustun bo‘lishi mumkin. “Temur tiyg‘i yetmagan joyni, Qalam bilan oldi Alisher”. Abdulla Oripov ham tig‘ saltanatidan qalam saltanati bahaybatroq ekanini ta’kidlaydi, shunday emasmi?

Navoiy – hayot entsiklopediyasi, Navoiy – hayot mayog‘i, Navoiy – e’tiqodlar chashmasi, Navoiy – adabiyot quyoshi, qo‘yingki, Navoiy adabiyotning barcha fazilati.

Rumiy, Sa’diy, Hofiz Sheroziylar, Xayyom, Bedil – hammasi ham Adabiyot. Ingliz ularni, nari borsa, sevgi, may kuychisi, deb qabul qiladi. Navoiyni Farhodu Shirin, Layliyu Majnun haqida afsona aytgan, ishq haqida g‘azallar bitgan, deb jo‘n qabul qiladi.

Biz avval o‘zimiz Navoiyni Navoiydek qabul qilishni eplaylik, ke­yin boshqalardan o‘pkalaymiz. Ingliz, rus tushunmasa, tushunmay qo‘ya qolsin, bizga ne sud? Adabiyotda Navoiy imperiyasi mavjudligini e’tirof etib turishimiz, ta’kidlashimiz kifoya. Ularnikidan katta Aql, sobit E’tiqod, mustaqiym Ishq, eng go‘zal So‘z bor ekanini bildirib turishimiz ham yetarli. Aslo kuyunib o‘tirmang!

Navoiydan besh yuz yil oldin ham, Navoiyning o‘zi ham, o‘zidan besh yuz yil keyin Ch.Aytmatov ham “Oxir zamon nishonalari” bilan o‘z zamondoshlarini ogoh etdilar. Zora, bu xalq tarbiyat topsa, zora, etagini yig‘ishtirib olsa, johillikdan to‘xtasa! Yo‘q, adabiyot o‘zi bilan, odam o‘z yumushi, olam o‘z tashvishi bilan band!

Kimning yoqasidan olasan? O‘zi shu ish to‘g‘ri bo‘larmidi?

Adabiyot emas, meningcha, adib dunyoni o‘zgartirishni xohlaydi. Va asrlar davomida o‘zining yoqasini o‘zi chok qiladi. Goho uning harakati toqqa tosh olib chiqayotgan Sizifnikiga o‘xshaydi, ba’zan Sulaymon payg‘ambar bilan munoqashaga kirishgan, “tog‘ ag‘darmoqchi” bo‘lgan chumoliga mengzaydi. Ehtimol, shuning uchun ham Rauf Parfi ijod jarayonini ibodatga, Ulug‘ Tangriga tavallo qilishga qiyoslagan edi.

Adib ham, Adabiyot ham dunyoga tomoshabin bo‘lib turolmaydi, uni o‘zgartirgisi keladi, lekin imkonida borini qiladi. Qadim va cho‘ng dunyo-da bu! O‘tmish yigirma sakkiz ming payg‘ambarlardan qay biri zamonida olam guliston bo‘lgan edi?..

Vaqti zamonida “tsenzura” otli bir mashina kitobni g‘oyaviy jihatini hisobga olib obdan chig‘iriqdan o‘tkazar edi. Bu g‘oyani qo‘lda ushlab turgan jamiyat peshvolarining puxta bir ishi edi. Chunki g‘oya qo‘ldan ketsa, boshqa hammasi qo‘ldan ketadi. Biz mustaqillik g‘oyasi odamlarimiz. Siz tilga olayotgan “hamma narsa”, nari borsa, ko‘ngilxushlik darajasidadir.

To‘qsoninchi yillarning boshida, esingizdadir, hamma yoqni ekstrasens bosib ketdi. Yo qudratingdan, oyog‘ing ostida shuncha avliyo yotgan ekan-u, g‘aflatda yotganingni qara. Qizig‘i, ular tuzalmas kasallarni tuzatadi: jinnini ham, ko‘rni ham, sholni ham. Ular matbuotda, televideniyeda qancha kasal bo‘lsa, tag‘in chorlashar, folbinlar ham tamom urchib, duoxonlik, issiq-sovuq, tutatqi, balo-battarlari avj olib ketdi. Ularni birlashtiradigan tashkilotlar, jamiyatlar paydo bo‘ldi, o‘zlarini targ‘ib qiladigan kitoblar, gazeta, jurnallar chiqarishdi. Anchayin jiddiy, binoyidek nashrlar ham beixtiyor ularga qarab og‘ib keta boshladi. Qo‘yib bersang, ichida falon kuni “shaxsan” Xudo bilan “muloqot” qiladiganlari ham chiqadi. Tuppa-tuzuk yozuvchi-shoirlar ham ularga ergashib ancha joygacha borib qoldilar.

Har qadamda ekstrasens-folbin kabinet ochib, o‘zini reklama qiladi, ko‘chadagi lo‘lidan battar, baxtu taxtingdan “bashorat” so‘zlaydi. O‘shanda xalq orasida bemorlar soni kamaydimi, oshdimi, bilmayman, ammo jamiyat haqli ravishda bu boshboshdoqlikni tartibga solish uchun arqonni tortgan edi, barisi tutday to‘kilib tushdi.

Qarasak, atrofimizda bittayam “avliyo” qolmabdi.

Borlari ham shashtidan tushib, el qatori bo‘lib ketdi. O‘zlaricha zingil solib o‘ylab qarasalar, aslan “avliyo”likdan yiroqroq ekanlar… boshqa kasb qilgan ma’qul…

Boshida diniy adabiyotga ham erkinlik berildi.

O‘tgan asrning 88-yilida, eslayman, tahririyatda shoir B.Ro‘zimuhammad qayerdandir topib kelgan Qur’onning tatarcha tarjimasidan 4-5 sahifasini eshikni ichkaridan qulflab, shivir-shivir bilan tushunib-tushunmay o‘qiganmiz – ta’qibdan qo‘rqqanmiz. Ammo roppa-rosa bir yildan so‘ng, 1989 yilning mart oyidan boshlab “Sharq yulduzi”ning 3-sonida “Qur’oni karimning ma’nolari tarjimasi” alloma Alouddin Mansur tarjimasida ochiq-oshkor e’lon qilina boshlandi.

Yutoqib o‘qidik, qiziqdik, keyin kitobni sotib oldik. Bora-bora, afsus, qiziqish avvalgiday bo‘lmay qoldi. Nimani yashirsang, o‘sha sirli ko‘rinadi-da. Bu degani – omma Muqaddas kalomning asrorini o‘zlashtirganini bildirmaydi. Tomoshabin sifatida ko‘rib qo‘yganini bildiradi, xolos.

Diniy erkinlikni avom to‘g‘ri tushunmasligi mumkin. Ikki kalima ilm o‘rgandim, deya aqidaparastlarga, terrorchilarga qo‘shilganlarni, o‘z Vataniga, jigargo‘shalariga qurol o‘qtalib, qon to‘kishgacha borganlarini ham ko‘rdik. Ular kimlar? Shu, oddiy, oramizda yurgan insonlar edi. Boshqalar yetaklasa, yo‘q, undoq emas, bundoq, deb fikr bildirolmaydigan irodasiz insonlar.

Demak, yoppasiga erkinlik elning zarariga ishlay boshlashi mumkin ekan. Bu – vijdon erkinligini to‘g‘ri tushunmaslik oqibati.

Hozirgi tarqalayotgan kitoblarda mayda-chuyda gaplar ko‘p. Ular, albatta, yoshlarni chalg‘itadi. Shunday vaqtda jiddiy adabiyotning ahamiyati beqiyos. Qani endi farzanding Garri Potterning navbatdagi sarguzashtlariga qiziqib, davomi chiqqan-chiqmaganini bilish uchun Internetni kovlash, o‘rtog‘iga tafsilot, safsata sotish o‘rniga biror mumtoz asarning falon jihati haqida qiziqish bilan savol bersa. Ota-ona sifatida siz xursand bo‘lib ketmaysizmi? Juda bo‘lmasa, A.Obidjonning Meshpolvon yoxud “Usta Gulmat”ini varaqlab zavqlansa ekan…

Hammasi maktabda, litseyda, kollejda adabiyot va ona tili darsi o‘tilishining o‘ta xarob ekanligidandir. Yoppasiga ayblash noxolislik bo‘lar, balki.

O‘zbekistonda adabiy nashr ko‘p emas. Biroq hukumat dasturi va qaroriga ko‘ra har bir o‘quv muassasasi, xususan, har bir maktabga kamida bir donadan “Sharq yulduzi”, “Yoshlik”, qoraqalpoq maktablariga “Amudaryo” jurnallari hamda “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasiga obuna bo‘linishi va yetkazib berilishi kerak. Bu tadbir agar amalga oshsa, bizning yelkamizga oftob tekkanini bildirar edi. Afsuski, jonli, zamonaviy adabiyot borgan sari maktabdan uzoqlashib boryapti.

Aks holda, Toshkent shahridagi maktablardan birining adabiyot o‘qituvchisi (!) Yozuvchilar uyushmasiga kelib shoir Quddus Muhammadiyni maktabiga uchrashuvga olib ketmoqchiligini aytmagan bo‘lardi…

Adabiyotni zamondan ham, ilmdan ham tamoman uzib tashlagan tizim – maktab, yanayam to‘g‘rirog‘i, xalq ta’limi tizimi bo‘ldi. Chunki ularning o‘z nashrlari bor, bugungi adabiyotni, bugungi yozuvchilarning eng sara she’r, hikoya, drama, doston, qissa, romanlari bilan, jonli adabiyot bilan tanishtiruvchi, o‘zi, umuman, sof o‘zbek adabiyoti bo‘lib turgan bu nashrlarga vazirlik ko‘z yumib qo‘ya qolgan. Obuna paytida maktablarga borsangiz, yaxshilab surishtiring: vazirlik nashrlari, ikki-uch siyosiy, tuman, viloyat gazetalaridan boshqa nashrlarga obuna uyushtirish ta’qiqlangan, tushun­yapsizmi, ta’qiqlangan!

Tushuntirasizmi, iltimos qilasizmi, befoyda – o‘t tushib ketmaydimi sen aytayotgan adabiyot degan matohga!

Goho maktab yoshidagi bolalarning ijodlariga ahamiyat beringlar, deb qolishadi. Albatta, ish taqozosi, qolaversa, mas’uliyat yuki bilan ham o‘zing qiziqasan. Ular ichida ham ijodkorlar kam emasday, pichoqqa ilinganlari esa to‘xtamay matbuotda chiqishyapti, kitob chiqarganlari hisobsiz. Lekin, vijdon amri bilan nafsilamrini aytganda, maktabda, litseyda, kollejda umumiy savodxonlik darajasi sezilarlik tushgan. Buning sababi ham ona tili va adabiyotning darsliklar sifatida pishiq o‘rganilmayotganidadir. Burungi o‘quv tizimida bayon, diktant, insho ko‘proq yo‘lga qo‘yilardi. Hozir esa bola ilk qadamdanoq testga muvofiqlashtirilayotgani uchun yuqoridagidek insho tizimi kun tartibidan chiqdi. Meningcha, bu noto‘g‘ri. Avval oliy o‘quv yurtiga kirish uchun ham, albatta, insho yozilar edi. Har bir o‘quvchi ma’lum ma’noda ijodkorga aylanishga, kerak bo‘lsa, adabiyot fanidan yaxshi xabardor bo‘lishga majbur qilinardi.

Inshoning yo‘q qilinishi adabiyotning aro yo‘ldagi arosatda qolib ketishiga eshik ochib berdi. Bunday “dono”lar vaqti kelib adabiyot va ona tilini “chiqit” fanlar sifatida oradan ko‘tarishga (Xudo ko‘rsatmasin!) tashabbus qilib qolmasligiga kafil bormi?

Axir, o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, biror talabaga bir sahifa arizanamo narsa yozdirib ko‘ring-chi. Nechta imlo va gap tuzishda xato qilarkin? A’lochisi ham qatorlashtirib xato yozadi. Farzandimning oddiy kundalik daftarida o‘qituvchisining xato yozganini ko‘rib ajablanaman. Ba’zan aytib turib matn tuzdirsam, g‘irt Toshkent shahri shevasida yozib o‘tiradi. Ajabo, bizning adabiy savodxonligimiz shu darajada g‘ariblashib qolganmi?

Yig‘laysizmi, kulasizmi?

Davlat rahbari, Prezident “Adabiyotga e’tibor – ma’naviyatga, kelajakka e’tibor” deb tursa-yu, zimmadagi mas’ullikni siyosat darajasida eslatib tursa, ta’lim tizimi esa teskarisini qilsa!..

Adabiy oqsoqlikning asl sababi shu yerda. Chunki adabiyot hech qachon yozuvchiniki bo‘lmagan. Bundan keyin ham, baribir, xalqnikidir.

Ba’zi G‘arb yozuvchilarining san’atiga, daholigiga tahsin aytgan holda tutgan yo‘liga aslo mehrim yo‘qligini yashirmayman. F.Kafka “Maqsad bor-u, unga eltguvchi yo‘l yo‘q, deb o‘ylaganimiz esa oxir-oqibat hech qayerga olib bormaydi”, deydi. Yoki kundaligida “Insonning butun umri – bor-yo‘g‘i, uni o‘limga olib boruvchi yo‘ldir”.

Bor-yo‘g‘i, o‘lim… Qanday dahshat! Saodatli umr haqida lof urmay qo‘yaver, o‘limdan boshqasiga erishmaysan.

Juda avom o‘zbek ham ikki kaftini ochib Ollohdan ikki dunyo saodatini so‘rayveradi. Chunki u bor idroki, vujudi bilan Yaratganning kalomida ta’kidlangan va’dasiga batamom ishonadi. Bu dunyoda ham, oxiratda ham iqbol borligiga iymon keltiradi. Yomonlar, yovuz, zo‘ravonlar uchun do‘zax azobi borligiga ham qalban his etib inonadi. Axir, bu dunyoda ham, u dunyo­da ham adolatsizlik bo‘lsa… uni shuurda anglab bo‘lmaydi. Qanaqasiga?!

Odam dunyoda rohat topmasa-yu, o‘lib ham jasadi chirib ketishidan o‘zga natija topolmasa! Dahshat!

Sharq, xususan, musulmon xalqi diniy aqidaga ishonadi. Kalimai mufassalda darj etilgan yaxshi ishlar uchun mislidan ko‘p ajr-mukofot, yomon amallar uchun misligacha azoblar borligi uqtirilgan. Islomning birinchi farzi iymon, iymon esa dastavval Ollohga, Uning yagonaligiga, farishtalari, payg‘ambarlari, kitobi, oxiratga, o‘lgandan so‘ng (Qiyomat kuni) qayta tirilishga, yaxshilik ham, yomonlik ham yolg‘iz Undan ekaniga, taqdirga ishonishdir.

Avval ishonch. So‘ng esa shu ishonchning amallari bajarilaveradi.

Agar shu iymon bo‘lmasa edi, Kafka aytganiday, umr yo‘li o‘limga olib borishidan boshqa chora yo‘q bo‘lsa edi, musulmon Ollohdan, boshqalar ham dinu diyonatidan ayrilib, allaqachon, Kafka tug‘ilib qo‘liga qalam olmasidan ko‘p asrlar oldin muvozanat buzilib, hamma narsa qorishib odam ham faqat maxluqlik sifatidan boshqasini namoyon etmay, dunyosini yakson qilib ulgurgan bo‘lur edi. Odamlar shahar, davlat, imorat, oila qurib, nasl o‘stirib yorug‘ kelajakka talpinib o‘tirmas edilar.

Kafka, Joys, Kamyu, Borxes nasrda, romanchilikda isloh qilishdi, shakl qoliplarini buzishdi, tafakkur boshqacharoq bo‘lishi mumkinligidan ogoh etishdi. Biroq o‘zga ta’limot yaratolganlari yo‘q.

Hayotni ham o‘zgartira olishmadi.

Aslida, yozuvchi hayotni o‘zgartira olmaydi.

Yaratgan zot qanday iznga solsa, shunday davom etadi yoki to‘xtaydi. Taqdirni kim boshqarsa, hayotni ham O‘sha boshqaradi.

Payg‘ambarga aniq yo‘l ko‘rsatiladi. O‘sha din yo ta’limot bo‘lib qoladi. Avliyo ilhomi ila maxsus hayot tarzini qura oladi. Lekin u ham bashariyat ta’limotiga aylanmaydi.

Odamning bilgani qobiq ichidagi qobiq ichidadir, ya’ni o‘z miyasi darajasidadir. Daholik – nisbat.

Daholikning fazilati shundaki, u kishilik jamiyatini ezgulikka unday oladi. Boshqalar bunday qudratga ega emas.

Yozuvchining zo‘ri insonlarni yomon oqibatlardan hushyor bo‘lishga da’vat eta oladi. Sababi, u kuchli mahorat bilan bu da’vatni asarida isbotlay oladi.

Paradoks shundaki, yomonlik ham shunday teran asos bilan isbotlanishi mumkin. Bu, endi shaytoniy qudratning ishi.

Shayton o‘ta jilvagar. Kafkaning o‘giti shaytoniy.

Oxirgi payg‘ambar Muhamad Mustafo (s.a.v.) tushni, bor-yo‘g‘i, ikki toifaga bo‘ladi: shaytoniy, rahmoniy. Yaxshilari – rahmoniy, yomonlari – shaytoniy. Aytilmagan tush – ta’bir qilinmaydi. U o‘qilmagan maktubga qiyos. Yaxshi tushga ham, yomoniga ham sadaqa bering, shunda yomonligi ariydi. (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. “Tasavvuf haqida tasavvur”. 2009 y. “Movarounnahr” nashriyoti).

Poulo Koelo tug‘ilgan joyi ayrim (Braziliya – na G‘arb, na Sharq) bo‘lgani holda islom olami rivoyatlarini yaxshi ko‘rib tasvirga oladi. Asar g‘oyalarida yorug‘lik bor. Yo‘lsizlik yo‘q. Topishmog‘ini ham oson topsa bo‘ladi.

Azaldan “otajonim Sharq” yorug‘likni va yo‘lni ko‘rsatib kelgan. Qorong‘iga mahkumlik unga yot. Va shunday bo‘lishi ham kerak. Buning sababi, islom dini hisoblanadi.

U o‘ta mukammal din o‘laroq oxirzamon soatigacha yo‘l topib boradi. Shunga buyurilgan. Nasroniylikda esa Iso alayhissalomga xiyonatdan so‘ng, Me’rojga tiriklay ko‘tarilib ketgach, yo‘lsizlik hukm surgan. Injil o‘zgartirilib, turli avliyolarning turli rivoyatlari yuzaga kelgan. Ular mushriklar, chunki bandani Xudo sanaydilar. Biz bandani ham, payg‘ambarni ham yaratganni Xudo deymiz.

Ma’naviy tanazzul axloq buzilgan joyda yuz beradi.

G‘arb go‘yo axloq chegaralari bilan cheklanmagan ozod dunyo. Ular o‘zini o‘ragan islomni mensimasligi mumkin, goho masxaralashgacha borib yetyaptilar.

Biroq najot – poklikda. Sababi, uning gunohi yo‘q.

Adabiyotning ta’limotdan farqi – uning yo‘li ko‘p, turlanish darajasi har xil. Baribir, uning vazifasi yorug‘lik, ya’ni ezgulikning kuchiga ishontirishdir.

O‘tmish meros tuganmas ma’naviy boylikdir. To biz uni qiziqib o‘rganmas ekanmiz, sirli sandiqligicha qolaveradi. Qarshimizda “labbay” deb turgan Internet uning o‘rniga vaqtimizni band qilib qo‘yaveradi. Internet – har xil odamlar har xil darajadagi chiqitlarini har kuni to‘kib turadigan chiqitxona. Biroq jonli, turli munosabatlar unda jilva ko‘rsatadi. Bizni domiga tortib ko‘p vaqtimizni oladi. Qimmatli manbalar esa boshqa yoqda.

“Boburnoma”ni yaqinda qayta o‘qidim. Bu safar boshqacha qiziqish bo‘ldi. Bobur shaxsidagi olijanoblik, muruvvat, o‘ychanlik, foniylik tuyg‘usi har lahza jo‘shib turgan shoirlik bilan birga qahrli sarkardalik, g‘animni, unga qo‘shib askarlarini ham ayamaslik, kallalaridan minoralar yasash… o‘zini o‘tga-cho‘qqa bemalol urib ketaverishi, Humoyun og‘ir betob bo‘lganida hech ikkilanmay aziz jonini Xudoga yolvorib nisor etib yuborishi… judayam qiziq shaxs. Ma’naviy masalalarda ham haqiqatga tik boqib o‘zini ham, o‘zgalarni ham bo‘yamay, tanbal, axloqsiz, “churra sahlar edi”, jur’atsiz, qo‘rqoq, fosiq deya ta’rif berib ketaverishi hayratingizni oshiradi. Qumursqanikichalik qadri bo‘lmagan taqdirlar. U yoqqa tort, bu yoqqa tort bo‘lib yotgan behalovat zamon, mag‘lub bo‘lgan tomonning moli talondaligi, ayolu qizi ham dushman tasarrufiga o‘tib nomuslar bemalol toptalishi, himoyasiz odamlar, johilliklar, zamon zo‘ravonniki, egallaganniki ekani… voajab, beixtiyor bugungi yashayotgan kunlaringni yaxshi ko‘rib ketasan. Osoyishtalikning qadrini ko‘proq tuyasan.

Tarixiy asarlarning, ayniqsa, mumtoz adabiy merosning ahamiyati beqiyos. Asillikka termulsang – tavakkulni, ma’nini, buyuk Ishqni o‘rganasan, o‘rgangan sayin hayratlanaverasan.

Ibn Battutaning “Sayohatnomasi”-chi? To‘xtab-to‘xtab, hazm qilib o‘qing, tarix voqeliklari oldida tasavvuringiz butunlay o‘zgarib ketadi.

Esdaliklar tarixni tarixligicha ko‘rsatishi bilan qadrli, badiiy asarlar esa mumtoz adabiyotimizning ko‘rkini ko‘rsatadi, ma’ni va yana ma’ni topa olasiz. Bu – ehtiyoj. Faqat qay So‘z bilan qarashga bog‘liq.

Inqilob dohiysi V.I.Lenin o‘z zamonida L.Tolstoy asarlariga ta’rif berib, bular Rossiyada inqilob shart, boshqacha yashash mumkin emasligini ko‘rsatuvchi asarlar, deya baholagan va buni isbotlagan ham edi. Gorkiyning “Ona” romanini inqilobga chorlovchi asar deb yozuvchi bilan do‘st tutingan va oqibat adib “Bo‘ron qushi haqida qo‘shiq” kabi inqilobiy ruhdagi asarlarini bitib inqilobga o‘zining “munosib” hissasini qo‘shgan edi. Inqilob tarixni sun’iy yetaklash ekanini vaqt ko‘rsatdi. Inqilobchilar Chor Rossiyasi vujudga keltirgan qulay vaziyatdan foydalanib, imperatorni, tarafdorlarini o‘ldirib, aslida, bora-bora boshqa xalqlarni o‘z zulmi ostiga olishni ko‘zlagan edi. Buni avvaldanoq Lenin yaxshi sezib, tushunib, so‘ng bayroqdor bo‘ldi.

“Ona”, “Yosh gvardiya”, “Po‘lat qanday toblandi?” romanlari – bugun ularga qiziqiladimi? Yo‘q.

M.Sholoxovning “Tinch Don” epopeyasini sabr bilan bir qo‘lga oling. Tebranib turgan davrning, qarashlari turli, unisi u yoqqa, bunisi bu yoqqa og‘ayotgan odamlar, oddiy xalqning, ayolu qariyalarning asl ahvoli, sevgisi, taqdiri, fojialariga xolis munosabatni ko‘rasiz.

Shu ma’noda adabiyot sun’iy undovlarga ergashuvchi emas, xolislik tarafdori.

Qaysi ma’noda aytganini o‘zingiz mulohaza qilib ko‘ring, garchi inqilobdan so‘ng tug‘ilgan bo‘lsa ham Ch.Aytmatovdek adib: “Adabiyot inqilob yasamaydi, lekin inqilobga olib kelishi mumkin”, degan edi.

Adib, baribir, adabiyotning inson qalbiga cheksiz ta’sir qiluvchi kuch ekaniga e’tibor qaratyapti. O‘z navbatida, adabiyot, xususan, o‘ta og‘irkarvon nasr zamonga epchillik bilan, dolzarb javob bera olmaydi. Adib o‘zining qalb prizmasida davr fojialarini uzoq olib yurishga majbur, qachonki u madda bo‘lib, yara og‘riq qo‘zg‘atsagina tuyg‘u va aqlning yo‘naltiruvchi kuchiga aylanadi. Shunda endi chin mahorat, uning samarasi o‘laroq manyovr­lar, eng muhimi, nozik, tovlanuvchi, qudratli, hayqiruvchi, ko‘rsatuvchi, hayratlantiruvchi So‘z, so‘zlar, nomlar, atamalar, iboralar, suhbatlar, istehzo, jahl, kulgi, qiyofalar tizimi harakatga keladi. Adibning kuch-qudrati uni qayga boshlasa, butun boshli bir mamlakatday o‘sha yoqqa qo‘zg‘aladi. Bu yog‘iga endi Xudo poshsho.

Sharq yulduzi jurnali, 2015 yil, 3-son