Shafiqa Yorqin. Izdoshlikmi yoki fikrdoshlik

Alisher Navoiy

Amir ul-kalom Nizomiddin Alisher Navoiy qasidalari ko‘p emas. Fors tilidagi “Tuhfat ul-afkor” qasidasi falsafiy fikrlari, badiiy san’atlari bilan yuqori cho‘qqiga ko‘tarilgan.

Ko‘pincha, qasida, deganda madhiya va marsiyalar nazarda tutiladi, chunki g‘aznaviylar va saljuqiylar davrida Unsuriy, Farruxiy, Asjadiy, Zohir Faryo­biy kabi mashhur qasidanavis shoirlar janrni badiiylik va go‘zallik nuqtai nazaridan she’rning eng yuqori cho‘qqisiga ko‘targan bo‘lsalar-da, amirlarni maqtash bilan chegaralanib qolganlari sababli, keyingi shoirlar ham qasidani shu mavzuga qaratdilar. Bora-bora qasida madhu sano vositasiga aylanib qoldi.

Madhiya qasidalar o‘ziga xos tuzilishga ega. Unda, tag‘azzul, tashbib, nasib, guriz, qochish, asl mavzuga qaytish, da’voi husni talab, maxlas kabi ruknlar mavjud. Ammo, ba’zi bir ulug‘ shoirlar, jumladan, Nosir Xusrav Balxiy, Sanoiy G‘aznaviylar qasidani tuzilish va mavzu nuqtai nazaridan butunlay o‘zgartirdi. Ular qasida shaklini tag‘azzul, guriz, husni talab kabi ruknlardan ozod qilib, matla’dan boshlab, ko‘zda tutgan mavzuni yoritib berishga kirishdilar.

Shuningdek, qasidani ko‘proq pandu nasihat, falsafa va hikmat, ahloqu odob, ilmu ma’rifat, tasavvufu irfon kabi mavzularga qaratdilar.

Amir Xusrav Dehlaviy ham qasidada keyingi toifadagi shoirlardan hisoblanadi. Shoirning “Lujjat ul-abror” (Daryoyi abror) nomli falsafiy, ijtimoiy qasidasi mavlono Abdurahmon Jomiy bilan Mir Alisher Navoiy diqqatini tortgan hamda “Lujjat ul-asror” va “Tuhfat ul-afkor” qasidalarining dunyoga kelishiga sababchi bo‘lgan.

Jomiy va Navoiy zamondosh, fikrdosh edilar. Ikkala shoir ham Husrav Dehlaviyga ixlos qo‘yib, g‘azallariga nazira bog‘lab, nazmini har doim hurmat bilan tilga olganlar. “Lujjat ul-abror” qasidasiga nazira yozish shunday ixlos va hurmat natijasi, deyilsa to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki tatabbu’ qilishga loyiq falsafiy, irfoniy, ijtimoiy qasidalar fors adabiyotida kam emas.

Maqola sarlavhasini, “Izdoshlikmi yoki fikrdoshlik”, deb qo‘yganimizga kelsak, “Lujjat ul-abror”, “Lujjat ul-asror” va “Tuhfat ul-afkor” qasidalari vazn, qofiya, radif jihatidan ham, olg‘a surilgan g‘oyalar nuqtai nazaridan ham bir-biriga o‘xshagan holda badiiy san’atlar, so‘z o‘yinlari, ba’zi fikrlarni olg‘a surish yoki bayon qilish uslubi nuqtai nazaridan farqlidir. Bu mavzuni bilib olish uchun uchala qasida matla’lari yetarli. Amir Xusrav qasidasi bunday boshlanadi:

Ko‘si shoh xoliyu bongi g‘ulg‘ulash dardi sar ast
Har ki qone’ shud xushku tar, shahi bahru bar ast.

Jomiy qasidasining matla’i esa bunday:

Kunguri ayvoni shah k-az kohi kayvon bartar ast
Rahnahoi don k-ash ba devor hisori din dar ast.

Navoiy bu matla’ga javoban mana bunday yozadi:

Otashin la’le ki toji xusravonro zevar ast
Axgari bahri xayoli xom puxtan dar sar ast.

Uchala qasidada ham shoirlar boshidanoq shohni ogohlantiradi, shohlik shon-shavkati, zeb-ziynati dardisar va xom-xayol ekanligini uqtiradi, unga ko‘ngil qo‘ymaslik, u bilan mag‘rurlanmaslik zarurligini aytadi. Ammo shoirlarning har biri, fikrini o‘ziga xos uslub, o‘ziga xos so‘z san’atlari bilan bayon etadi.

Amir Xusrav matla’ining birinchi va ikkinchi misralari orasida mustahkam robita o‘rnatilmagan. Chunki birinchi misrada qat’iy qilib, shohlarning nog‘orasi bo‘sh, g‘ulg‘ulasi bosh og‘rig‘i, deb aytilsa, ikkinchi misrada ho‘l va quruqqa qone’ kishi, bahru barr, ya’ni yeru suv podshohidur, deb hukm chiqariladi. Bu ikki misrada faqat xushku tar, bahru barr orasida tazod san’ati mavjud, ammo ho‘lu quruqqa qone’ kishi qanday qilib, bahru barr podshohi bo‘lishi mumkinligi isbotlab berilmaydi.

Jomiy matla’ini ham juda go‘zal va mustahkam deb, baho bera olmaymiz. Chunki unda ham har ikki misra orasida mantiqiy robita yuzaga kelmagan. Shohlar qasri kungurasi, din qo‘rg‘onining raxnasi (teshigi), deb ifodalagan bo‘lsa ham buning dalilu isboti keltirilmagan. Shuningdek, birinchi misra sustroq voqe bo‘lgan, chunki shoh ayvonining kungurasi, din qo‘rg‘oni devoriga raxna solsa ham osmon qasridan yuqoriroq, deb aytiladi.

Navoiy matla’i Xusrav va Jomiy matla’laridan ancha ustun turadi. Bu da’voimiz isboti quyidagilardan iborat:

  1. Navoiy qasidasi matla’ida, birinchi va ikkinchi misra orasida uzilmas mantiqiy robita mavjud. Birinchi misra ikkinchi misraga yo‘l ochib beradi, ikkinchi misra birinchi misrani izohlaydi va har ikkala misra bir-birini qo‘llab-quvvatlaydi. Qizil la’l, olovga o‘xshaydi. Olov xom narsalarni pishirish uchun qo‘llanadi, la’lning joyi tojda va tojning joyi boshdadir. Albatta, xom xayollar ham boshda bo‘lgani sababli, olov va xom xayol bir joyda bo‘lishi kerak. Bu ikki misra orasida ma’no va badiiylik nuqtai nazaridan uzilmas mustahkam robitani uzish mumkin emasligi, bu matla’ o‘ta mohirlik bilan yozilganidan dalolat beradi.
  2. Navoiy matla’ini she’riy san’atlar majmui deyish mumkin, chunki la’l va otashda tashbeh, la’l, toj va zevarda maro’at un-nazir, toj bilan shohda tanosib san’atlari mavjud. Otashin la’l tashbehida tashbeh harflari yo‘qligi tashbeh kuchini oshiradi. Chunki la’l otashga o‘xshaydi demaydi, balki la’lning o‘zini olov, deb beradi. Demak, shu sababli u balig‘ (etuk) tashbehlardan hisoblanadi. Shuningdek, ikki misrada axgar puxtan (cho‘g‘ va pishirish) orasida mantiqiy ­tanosub bo‘lsa, xom va puxtan (xom va pishig‘) orasida tazod san’ati mavjud. Ikkala misrani bir-biriga solishtirib qaralsa, birinchi misra mubtado, ikkinchi misra xabar, birinchisi laff, ikkinchisi nashr, deb ham aytish mumkin.

She’rni she’r qiladigan narsa g‘ayri haqiqiy, ya’ni majoziy tasvirdir. Shoirning xayolida yaratilgan tasvir, qanchalik g‘ayri haqiqiy, ya’ni majoziy bo‘lsa, badiiyligi va tasviri o‘shancha kuchliroq bo‘ladi. Navoiyning matla’ida shunday tasvir la’ldan yasalgan cho‘g‘ bo‘lsa, ikkinchi majoziy tasvir xayolning xomligi, uchinchi tasvir, xom xayolni la’l alangasi yordamida pishirish, to‘rtinchi tasvir tojni cho‘g‘i lovullab turgan o‘choq, deb tasavvur qilishdir. Albatta, so‘nggi tasvirni shoir ochib bermaydi, ammo tojning ko‘rinishi ham, oltindan yasalgani ham, unda yonib turgan la’lning cho‘g‘i ham oltin o‘choqni eslatadi.

Navoiyning ona tili dari bo‘lmasa ham “Tuhfat ul-afkor” qasidasida so‘z o‘yinini nihoyatda mahorat bilan ko‘rsatgan. Matla’da (jim va xe) harflari olti marta (toj, xusrav, axgar, xom, xayol, puxtan so‘zlarida) keltirilgan.

Jomiy ikki misradan iborat bir matla’da besh marta so‘zlarni qisqartirishga majbur bo‘lgan. Birinchi misrada “kungura” so‘zini, “kungur” “shoh” so‘zini “shax”, “ki az”so‘zini “k-az” qilib qisqartirgan bo‘lsa, ikkinchi misrada “ki ash” so‘zini “kash” va “andar” so‘zini “dar” qilib qisqartiradi. Xusrav ham “shoh” so‘zini har ikki misrada “shah” qilib qisqartirgan. So‘zlarni qisqartirish va talaffuzni o‘zgartirish katta ayb hisoblanmasa-da, yetuk shoirlar matla’da ko‘proq kuch sarflab, so‘zlarni yaxshilab tanlash zaruratini sezib, she’r matla’sini nuqsonsiz qilishga urinadilar. Navoiyning qasidasida ham so‘z qisqartirish mavjud, lekin matla’ bayti aytib o‘tilgandek , nafaqat aybsiz, nuqsonsiz, balki juda chiroyli, adabiy san’atlarga boy shoh bayt va matla’lardan hisoblanadi.

Mazmunga e’tibor bersak, Amir Xusrav (102 baytli) qasidasida shoh, mufti, faqih, munajjim, hokim kabilarni ayblaydi, himmat, xokisorlik, faqirlik, rostlik, mehnatsevarlik, javonmardlik, saxovatni targ‘ib etib, har qanday yomon niyatni qoralab, kishilarni yaxshi yo‘lga yo‘llaydi. Jomiy (100 baytda) Xusrav kabi muftiy, faylasuf, hakim, munajjim kabilarni ayblasa, Xusrav targ‘ib qilgan fazilatlarni targ‘ib qilib, man etgan amallarni man etadi. Shuningdek, o‘z qasidasini Xusrav qasidasiga o‘xshatib yozgani va uni “Lujjat ul-asror”, deb nomlanishi qasidaning yaratilish tarixini (880) “farax” so‘zidan hosil qilish mumkinligini bayon qiladi, ammo Jomiy o‘z qasidasida tavozeni targ‘ib etsa ham o‘zini Xusravdan yuqoriroq qo‘ymoqchi bo‘ladi:

Hamchu fikri bikru Xusrav zodaast az lutfi tab’,
Dar kamoli xubi in yak xoxar, on yak xoxar ast.
Ey baso xoxar, ki bo xoxar chu gardad jilvagar,
Dar jamol akbar buvad, harchand dar sol asg‘ar ast.

Ya’ni, bu ikki qasida, kamol va go‘zallikda ikki opa-singilga o‘xshaydi, ammo singil (Jomiy qasidasi), jamolda opasi (Amir Xusrav qasidasi)dan ulug‘roqdir. Yana shuni ham aytib o‘tish kerakki, Jomiy qasidasida uch-to‘rt joyda so‘kish so‘zlari joy olgan.

Navoiy birinchi baytdan boshlab shohga hujumni boshlaydi. Ikkinchi, uchinchi, to‘rtinchi va beshinchi baytlarda ham shu maqsaddan qaytmaydi, muddoi masal san’ati yordamida mazmunni yaxshiroq ochib berishga harakat qiladi. Shohdan qo‘rqmagan, shoh qulidan qo‘rqmasligi aniq. Shuning uchun shohning salbiy tomonlarini aytgandan so‘ng sadr, hokim, shayx, voiz, faqih, qozi, munajjim, sifla, tardoman, dalli, zolim kabilarni qattiq tanqid qiladi va aksincha, ishq, faqir, irfon, mardlik, xokisorlik, rostlikni maqtab, targ‘ib etadi. Qasidaning bir qismi Jomiyga bag‘ishlanadi, nomlanish dalili va yozilgan tarixi qayd etilib, duo bilan tugatiladi.

Xusrav, Jomiy va Navoiy muddaoi masal san’atidan keng foydalanganlar. Ammo, Navoiy muddaoi masalni har bir baytda qo‘llaydi. Uning masalalari quyidagi shakllardan iborat:

Muddao isboti uchun tajnis san’ati vositasida so‘zlarning shakl va ma’nosidan foydalanadi. Misol uchun, “Oqibatni o‘ylamagan shoh, mulkni vayron qiladi”, degan gap isboti uchun “Xusrav” so‘zidan foydalanadi. Chunki Xusravning ma’nosi podshohdir, ammo oqibatsiz xusrav, shakl nuqtai nazaridan “xusr” bo‘ladi va “xusr” so‘zi nuqson, kamchilik, ziyon va buzilish ma’nosini ifodalaydi:

Shah, ki yod az marg n-orad z-o‘st vayronai mulk,
Xusravi beoqibat xusri bilodi kishvar ast.

Shuningdek, safar va asfar, nahs va najas, abir va anbar, faqih va fiqx, qurb va aqrab, dur va davr, qasr va qaysar, qof va foqih so‘zlaridan ushbu maqsad yo‘lida foydalanadi.

Muddao isboti uchun talmeh san’ati orqali tarixiy va diniy hikoyatlarga ishora qiladi. Masalan: jom va jam, Xizr va obihayot, Xaybar hisori, arab asirlari, Sanjar va Marvning obodligi, Ibrohim va Ozar hikoyalari hamda Payg‘ambar (S.A.V.)ning “Alfaqru faxri” kabi hadislariga ishoralar mavjud.

Muddao isboti uchun hammaga quyoshdek ma’lum yorug‘ haqiqatni keltiradi. Masalan, Gunbadi xazroning (osmon) ishi to‘kishdir, deydi, isboti uchun eng sodda, hamma biladigan misol kifoya. Xinoning bargi yashil, ammo amali qizartirish, deydi:

Gunbadi xazro ki xunrezist fe’lash, dur nest,
Bargi xino axzar omad, lek rangash ahmar ast.

Mard kishi oldida fano va baqo orasidagi masofa bir manzildir, desa, isboti uchun oftob Mashriqdan Mag‘ribgacha uzun masofani bir kunda bosib o‘tishini misol qilib beradi:

Mardro yak manzil az mulki fano don to baqo,
Mehrro yakro‘za roh az Boxtar to Xovar ast.

Shuningdek, yalang‘och kishi qishda qaltiragani, uxlayotgan kishi uyquda so‘zlaganda uyg‘oqlar kulgisi qistagani, tuya uchun sahroda quruq tikan xurmodek shirin ekani, ipak qurti ipakka o‘ralib o‘lishi, marmar toshi suvdan mavj topmasligi, sham orasidagi ip uzunroq bo‘lganda qirqilishi, dur qiymati bayzodan (tuxum) ancha ortiqligi kabi haqiqatlar misol bo‘lib, Navoiy muddaolari isboti uchun xizmat qiladi.

Muddao isboti uchun barchaga ayon bo‘lgan gapni emas, balki xoslarga ma’lum haqiqatni o‘zi ko‘rib mushohada qilgan voqealarni masal o‘rnida keltiradi. Masalan, yosh bolalar o‘yini (folizbozlik) dehqonning folizidan tubdan farqli ekanligi, bolalikda o‘rganilgan narsalar, qarilikda esda qolishi, daf (doira, childirma) yorilsa uning chambari maymunni o‘ynatish uchun qo‘llanishi, sichqon tuxumni qanday o‘g‘irlashi kabi voqealarga ishora qiladi. Aytib o‘tilgan so‘nggi masal juda qiziqarli. Bunday hodisani ko‘p kishilar ko‘rmagan va hatto eshitmagan. Men ham Navoiyning bu hodisaga ishorasini tushunmaganligim sababli ko‘p kishilarga murojaat qildim. Oxiri bir kishi voqea qanday yuz berishini aytib berganidan so‘ng quyidagi bayt ma’nosini angladim:

Zillat omad hosili xoin, ki mushon chun kunand,
Bayza duzdi on yake, zanbarkash in yak zanbar ast.

Ya’ni, xiyonatkor kishilarning hosili (oqibati) zillat va pastlikdan boshqa narsa emas. Buning misoli sichqon siymosida ko‘rinadi. Ular tuxumlarni o‘g‘irlaganda, biri zanbar va boshqasi zanbarkash bo‘ladi. Sichqon qanday qilib zanbar va zanbarkash bo‘ladi? Savolga bunday javob topdim: tuxumni o‘g‘irlash uchun ikki sichqon bir-biriga yordam beradi. Biri orqasi bilan yerga yotib, tuxumni qorniga chiqaradi va oyoqlari bilan tuxumni ko‘ksida qisib turadi. Ikkinchisi esa uning dumidan tishlab sudrab uyasiga olib boradi. Ya’ni birisi zanbar bo‘lib, tuxumni ko‘ksiga ortadi, ikkinchisi zanbarkash bo‘lib uni tortadi.

Navoiyning “Tuhfat ul-afkor” qasidasi ana shunday qiziqarli hikoyalar, masallar va boshqa adabiy san’atlari bilan Xusrav va Jomiyning “Lujjat ul-abror” va “Lujjat ul-asror” qasidalaridan ustunroq turadi. Bunday ustunlikni isbotlash uchun yuqoridagilardan tashqari quyidagilarni aytib o‘tish kerak:

  1. Amir Xusrav matla’i unchalik kuchli emas va misralar orasida mantiqiy robita yo‘q, degan edik. Navoiy ham ana shu kamchilikni bilib, Xusrav qasidasining matla’ini tazmin qiladi, ya’ni har bir misrani baytda ikkinchi misra qilib qo‘yadi, bir-bir misra ularga qo‘shib, uzilgan robitani mustahkam bog‘lab turadi:

Lozimi shohi naboshad xoli az dardi sare,
“Ko‘si shah xoliyu bongi g‘ulg‘ulash dardi sar ast”
Bo dahoni xushku chashmi tar qanoat kun az on-k,
“Har ki qone’ shud ba xushku tar shahi bahru bar ast”

Navoiyning qo‘shgan misralari Xusrav misralarini ma’no nuqtai nazaridan kuchaytirgani yaqqol ko‘rinib turibdi.

  1. Navoiy Sulton Sanjar Saljuqiyni Marv binokori, ya’ni Marv shahriga asos solgan kishi deb baholaydi, ammo Jomiy Sanjarning hirsdan ochilgan og‘zi Marv tuprog‘idan to‘ldi, deb malomat qiladi:

Navoiy:

Mulki dil piri javonro hast obodon zi ishq,
Bonii Marvi kuhan Sanjar zi nav xam Sanjar ast.

Jomiy:

Shud dahoni xirsi Sanjar pur vale az xoki Marv,
In suxan bishnav ki Marve az dahon Sanjar ast.

  1. Nuqsonda ham biror foyda bor, degan gapni Navoiy quyidagi misol bilan isbotlab beradi:

Navoiy:

Ey baso nuqson, ki dar zimnash buvad yak nav’ sud,
Chun dafi lo‘li darid az bahri maymun chanbar ast.

Ya’ni, nuqsonda ham biror foyda bor. Lo‘li doirasining chanbari maymunni o‘ynatish uchun kerak bo‘ladi.

Xusrav shu ma’nini quyidagi baytlar bilan anglatadi:

Hech zishte nest, k-o‘ro xubii hamroh nest,
Zangii shabrangro dandon chu dar azhar ast.

Ya’ni, zishtlarni (xunuk) ham biror chiroyi bo‘ladi. Tundek qaro zangini (qora tanli) tishlari durdek oqdir. Amir Xusrav ushbu baytning birinchi misrasida zishtning chiroyli joyi bo‘ladi, deb yaxshi mavzuni ko‘taradi, lekin qora tanli kishilarni “zangi shabrang”, deydi. Ya’ni daf va chanbardan Amir Xusrav bunday mazmun chiqaradi:

Dil ki shud bemor ummedi buvad to qolab ast,
Daf, ki shud surox g‘arboli buvad to chanbar ast.

Ya’ni, yurak kasal bo‘lsa ham jism tirik qolsa umid bor. Daf – childirma chanbaridan g‘urbol yasash mumkin. Xusravning bu bayti ko‘p she’rlardagi haqiqatlarga qarshi turadi, chunki qolip, ya’ni jism asl emas, balki jon va yurak asldir. Qolip buzilsa, ya’ni qo‘l-oyoq qirqilsa, ko‘z ko‘r, quloq kar bo‘lsa yashash mumkin, ammo yurak urmasa, to‘xtab qolsa va yoki jon chiqib ketsa, qolipning hech keragi bo‘lmay qoladi.

  1. Navoiy, bir ishni yaxshi va yomon bir xil bajarmaydi, yaxshi yaxshilikka, yomon yomonlikka olib boradi, degan mavzuni quyidagicha ifodalaydi:

Zolimu Odil na yaksonand dar ta’miri mulk,
Xuk digar dar shiyori mulku dehqon digar ast.

Ya’ni, zolim va odil o‘rni mulkni obod etishda birdek emas. Masalan, yovvoyi to‘ng‘iz yerni kavlab payhon qiladi, ammo dehqon yerni shudgor qilib ekin uchun tayyorlaydi.

Jomiy shu mazmunni bunday ifoda qiladi:

Komilu noqis na yaksonand dar qati umur,
On chi az shamshir meshoyad, na kori xanjar ast.

Ya’ni, komil va noqis ishni bajarishda birdek emas, shamshir qiladigan ishni xanjar qilolmaydi. Jomiyning bu baytida ikkinchi misra birinchi misra izoh va isbotida yordam berolmaydi. Shamshir va xanjar o‘ldirish, zarar yetkazish uchun qo‘llaniladi. Shamshirni faqat shakliga qarab, komil deyish mantiq nuqtai nazaridan to‘g‘ri kelmaydi.

Yuqorida aytib o‘tilganga o‘xshash bir qancha baytlar Navoiy, Jomiy, Xusrav qasidalarida mavjud. Har birini izohlash, maqolani cho‘zib yuborishi mumkin. Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Amir Xusrav birinchi bo‘lib “Lujjat ul-abror” qasidasini yozdi. Keyin Jomiy “Lujjat ul-asror”ni yaratdi. Navoiy bu ikki qasidani chuqur o‘rganib, ulardagi noaniq joylarni tiniqlashtirishni, yangi mavzularni olib kirishni, so‘z san’atlari va majoziy tasvirlar yordamida mazmunni kuchli va ta’sirli etishni o‘ziga maqsad qilib qo‘ydi. Darhaqiqat, Navoiyning “Tuhfat ul-afkor”(Fikrlar tuhfasi) qasidasining baytlari soni ozroq bo‘lsa ham chuqur ma’no va go‘zal ifodasi bilan o‘ziga xos yuksak o‘rinda turadi. Shuning uchun bu qasidani taqlid emas, balki fikrdoshlikning yangi bir mahsuli, deyish to‘g‘ri bo‘ladi.

Orif shoirlar komil Inson bo‘lishni o‘zlariga maqsad qilib qo‘yganlar. Har doim komil inson izlaganlar va insonni komillik sari olib borishga intilganlar. Amir Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiylar ham “Lujjat ul-abror”, “Lujjat ul-asror”, “Tuhfat ul-afkor” qasidalarini ana shu muqaddas g‘oya yo‘lida inson fazilatini oshirish va uni komillik sari yo‘llash uchun yozganlar.

Tabdil qiluvchi Abdurasul Eshonboboyev

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016 yil, 9-son

________________
Shafiqa Yorqin 1955 yilda Afg‘onistonda tug‘ilgan. Qobul universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan. 1997-2001 yillarda O‘zRFA til va adabiyot institutida katta ilmiy xodim vazifasida ishlagan. Filologiya fanlari doktori. “Boburga armug‘on”, “Nodira va uning she’rlari” kabi boshqa ko‘plab kitoblari chop etilgan.