Saydi Umirov. Samarqandlik mutafakkir

“Shu yerning ob-havosidan bahramand bo‘lib kamol topsangu uning sharafini himoya qilmasang, (ona diyoring) oyoq osti bo‘lishi, qadrsizlanishiga yo‘l qo‘ysang, nobakor ajnabiy o‘z vatani shon-shavkati uchun sening ota-bobolaringning qoni to‘kilgan yeringni vahshiylarcha toptab, qoningni simirsa va uni o‘zining axlatxonasiga aylantirsayu sen hissizlarcha qarab tursang yoki undan qochsang, o‘zing uning g‘oratlanishiga ko‘maklashsang, unda sen bu vatanning nomusli va sodiq farzandi emassan”.
Saidrizo Alizoda, “Turkiston — bizning vatanimiz”, 1920 yil.

S.A. jumbog‘i

G‘aybulloh as-Salom 1964 yili nashr etilgan “Til va tarjima” kitobida o‘tgan asrning o‘ninchi, yigirmanchi, o‘ttizinchi yillarida S.A. imzosi bilan ko‘p va rang-barang asarlar e’lon qilgan muallif bilan qiziqib qolgani, xayolini mudom band etgani, vaqti-soati bilan jiddiy shug‘ullanishni niyat qilganini aytar edilar. S.A. yozgan asarlar tili, uslubi Sadriddin Ayniynikiga o‘xshamas, demak, boshqa zo‘r, iste’dodli muallif haqida so‘z borar edi.

“Siz surishtirib yurgan muallif Saidrizo Alizoda bo‘ladi, – deydi bir kuni samar­qandlik iqtisodchi olim Erkin Xo‘jaev. – Mana bu manzilga borib, mana bu odamlar bilan uchrashsangiz ko‘p narsalardan voqif bo‘lasiz”.

Tugunning uchi topilganidan quvonib ketgan serhafsala, kuyunchak domla betobligi, ish-tashvishlarini unutib darhol Samarqand­ga yo‘l oladi, Alizodaning jigarbandlari, qarindosh-urug‘lari, yor-birodarlari bilan tanishadi, ul zotni ko‘rgan, bilgan keksalar bilan suhbatlashadi, ayniqsa nevarasi, geolog Farhod Alizodadan ko‘p ma’lumot oladi, “Uni “Og‘o” der edilar”, “Movarounnahr farzandi”, “Sohibi davron” nomli maqolalar e’lon qiladi, “Mangulikka poydor” degan radiokompozitsiya tayyorlaydi, televizorda chiqadi, donishmand tavalludining 105 yilligida ma’ruza qiladi, yirik, maroqli tadqiqot yozib “Ezgulikka chog‘lan, odamzod” kitobiga (1997) kiritadi, 500 ga yaqin asari tarjimalari Markaziy Osiyo, Eron, Pokiston, Afg‘oniston, Turkiya, Ozarboyjon, Tojikiston, Tatariston, Qrimda chop etilgan, chaquv bilan qatag‘on qurboni bo‘lib uzoq vaqt­lar vatandoshlariga noma’lum bo‘lib kelgan qomusiy bilim sohibi, muallim, murabbiy, muharrir, mutarjim, mug‘anniy, muarrix, tilshunos, jurnalist, noshir, shoir, aktyor, rejissyor Saidrizo Alizodani qayta kashf etishga salmoqli hissa qo‘shganlardan biri bo‘ladi.

Qalami o‘tkir jurnalist

Zehni o‘tkir, quvvayi hofizasi kuchli, tirishqoq Saidrizo o‘z ustida tinimsiz ishlaydi, tillarni mustaqil o‘rganishga ruju qiladi, o‘zbek, tojik, rus tillarida matbuotga xat, maqolalar yozib turadi, “Samarqand” gazetasi, “Oyina” jurnalida Behbudiyning yaqin hamkori bo‘ladi, “Telegraf xabarlari” nomli varaqani o‘zbek tilida o‘z hisobidan chiqaradi (1914), “Sharq” gazetasiga muharrirlik, “Hurriyat” gazetasida tarjimon va muxbirlik (1917), 1922 yildan “Zarafshon” gazetasida bo‘limga mudirlik qiladi, “Ovozi tojik” gazetasi asoschilaridan biri bo‘ladi, unga mas’ul kotiblik qiladi. 1919 yili o‘sha davr ruhiga mos “Sharq mash’ali” nomida haftalik jurnal tashkil etadi va uni boshqaradi. Forsi va tojik tillarida nashr etilgan, adadi 4 ming nusxaga yaqin bo‘lgan ushbu majalla O‘rta Osiyo, Kavkazortidan tashqari, Afg‘oniston, Eron, Turkiya, Hindiston, bir qancha arab mamlakatlariga tarqalgan edi. S.Alizoda “Turkis­ton xabarlari”, “Kambag‘allar o‘qi”, “Hurriyat”, “Mehnatkashlar tovushi”, “Buxoroi sharif”, “Turon”, “Samarqand ovozi”, gazetalari, “Mashrab”,”Mulla Mushfiqiy” jurnallarida tez-tez chiqib turgan. Tanqidiy maqolalari, feletonlari Bahlul, Zambur, Ranj­bar, Bog‘ishamoliy, Shapaloq, S.A. kabi taxalluslar (jami 20 tacha) ostida bosilgan.

“Tayoq” gazetasining 1920 yil 1-sonida bosilgan feletonida. “Bolsheviklarning hukumat oti bilan qilg‘on xiyonat va fisqlari” musulmon xalqini musibat va balolar, mudhish oqibatlarga olib kelishini bashorat qilgan, hushyor ko‘z, tiniq aql bilan ogohlantirgan edi. Erk, hurriyat, tinchlik, oso­yishtalik, ijtimoiy hayot, ma’naviyat, ma’rifat, adolat, insonparvarlik, do‘stlik, hamkorlik, til, adabiyot, san’at, hushyorlikka da’vat va h.k. – mana Alizoda publitsistikasining mavzu-muammolari doirasi.

Bolsheviklar siyosatiga shubha bilan qarovchi o‘tkir maqola, feleton, pamfletlar yozish uchun ko‘p tilni bilishdan tashqari keng saviya, qomusiy bilim, jasorat, mahorat va yana bir qancha sifatlar talab etilardiki, bularning bari Saidrizo Alizodada mujassam edi. Angliya razvedkasi josuslari uning boshi uchun bejiz ellik ming funt sterling mukofot ajratmagandi; bolsheviklar esa vatan, millat ravnaqi yo‘lidagi katta mehnati, sidqidil xizmati evaziga uni ingliz josusiga, xalq dushmaniga chiqarib chaquv uyushtirishgan, hibsga olishgan.

Jurnalistligi, yozuv malakasini egallaganligi, Eronda uch yil o‘qib kelganligi, ko‘p tilni bilishi ma’rifatparvarligiga keng yo‘l ochib beradi. Samarqandda kambag‘al dehqon farzandlari uchun maktab ochib, muallimlik qiladi, “Sarfi arab”, “Turkiy alifbo”, “Tarix”, “Jug‘rofiya”, “Riyoziyot”, “Xandasa”, “Tabiat”, “Din vojiblari”, “Nizomnoma”, “Badan tarbiyasi”, “Ilmi fazo” nomli o‘n bitta darslik tuzadi; o‘zbek maktablari uchun “Birinchi yil” nomli alifbo yozib, bepul tarqatadi, tojik tilida “Sarf va nahv” (1924), o‘zbek tilida “Hosilot” (1926) kitoblarini yozib chop ettiradi, Samarqand­da yashaydigan ruslar uchun kechki kurslar ochib, o‘zbek va fors-tojik tillari o‘qitadi, mutafakkir Abdulla Shoiq bilan yangi ozarbayjon alifbosini tuzadi, 2 jildlik ruscha-tojikcha lug‘at tuzib (1933-1934) nashr ettiradi, 1933-1937 yillarda SamDUda arab va fors tillaridan o‘qituvchilik qiladi, Hamid Olimjon, O‘tkir Rashid kabi shoirlarga dars beradi, jurnalist Sharof Rashidov, faylasuf Ibrohim Mo‘minovlar bilan muloqotda bo‘ladi. Lohurdan mehmon bo‘lib kelgan Mirmuhammad Garmoni Afg‘on degan noshirni bir necha kun mehmon qilib, unga “Marosilot”, “Turkiston tarixi”, “Rusiya tarixi”,”Umumiy yevropa tarixi”, “Islom tarixi”, “Islom aqidalari”, “Fazo ilmi” kitoblarini, “Saodat asri” nomli romani va tarjima asarlarini ishonib topshiradi. Bolsheviklar hukumatining so‘zi bilan ishi bir joydan chiqmayotganini ko‘rib, bilib, xavfsirab yurgan mutafakkir asarlari bu yerda chiqmasligiga, yo‘qotib yuborilishi ehtimoliga ko‘zi yetgani (qamalganidan ke­yin shunday bo‘ldi ham) uchun shunday qilgan bo‘lsa kerak deb o‘ylaging keladi. Afg‘on noshiriga berilgan kitoblar taqdiri uzoq vaqt noma’lum bo‘lib keldi, faqat keyinchalik ular 1923-1933 yillarda Lohurda chop etilgani ma’lum bo‘ldi.

S. Alizoda “Kapitan qizi”, “Boris Godunov”, “Dubrovskiy”, “Evgeniy Onegin”, “Tirilish”, “Revizor”, “Ochilgan qo‘riq”, “Sement”, “Po‘lat qanday toblandi” asarlarini ruschadan o‘zbek, fors, tojik tillariga o‘giradi, frantsuzchadan Moler, Mopassan, ing­lizchadan Epton asarlari tarjimasiga qo‘l uradi. (Qur’oni karimning ayrim oyatlarini farangi tilga o‘girgani haqida ham ma’lumotlar bor). Ibn Sino, Firdavsiy, Nizomiy, Fuzuliy, Navoiy asarlaridan rus tiliga tarjimalari ham tahsinga loyiq ish edi. S. Alizoda “Mehrobdan chayon”ni shunday mahorat bilan o‘girgan ekanlarki, bir odamdan asar huddi tojik tilida yozilganday ravon, silliq chiqqan degan maqtovni eshitib faxrlanib ketdim, bobom Samar­qandda ko‘p bo‘lgan, bir muddat u yerda yashagan, Alizoda bilan ancha muloqot qilgan bo‘lishlari kerak, – dedi yaqinda Abdulla Qodiriyning nevarasi, ToshDU jurnalistika fakultetida o‘qib yurganidan boshlab bobosining ijodiy merosini yig‘ish bilan mashg‘ul bo‘lib kelayotgan, yaqinda kichik asarlarni to‘plab katta kitob nashr ettirgan Xondamir Qodiriy. Bir orzumiz: “O‘tkan kunlar” ham tojikchaga o‘girilsa, roman ko‘p xalqlar tillariga tarjima qilingan bo‘lsayu, yon qo‘shnimiz kitobxonlari uni o‘z tilida o‘qishmasa… Har ikki tilni yaxshi biladigan mohir tarjimonni kutib turibmiz”.

Bobong bo‘lsa shunday bo‘lsa…

Bir kuni foytunda ketayotgan Alizoda yo‘lda yupun kiyimli, oyoq yalang bir odamni ko‘rib qolib, to‘xtab botinka ustidan kiyadigan kaloshini yechib beradi. Ishga kelgach Sadriddin Ayniy “Kalishlarini ayabdilar-da, taqsir”, deya hazil qiladi, voqeani eshitgach, “bu ishingiz durust bo‘libtu”, – deya maqtaydi. Bir serfarzand ayol bolalariga yegulik, kiyim-kechak olish uchun sigirini sotadiyu pulini yo‘qotib qo‘yadi, yo‘lda topib olgan Alizoda pul egasini ko‘p qidiradi, gazetaga e’lon ham beradi. Axiri ayolni topib, aytgan belgilari bo‘yicha uniki ekanligiga ishonch hosil qilgach, qaytib beradi, o‘zidan ham pul qo‘shib, foytun kira qilib jo‘natadi. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.

Saidrizo Alizoda 1887 yil 15 fevralda Samarqandda tavallud topgan. Otasi hoji mir Maxsum eronlik bo‘lib, 1882 yilda Xurosondan Buxoroga, so‘ngroq Samarqandga ko‘chib kelgan, onasi Hadichabegim ozarboyjonlik, mashxur bastakor Uzeyir Hojibekovning qarindoshlaridan ekan.

Saidrizo Alizoda olti yil Samarqandda madrasa tahsilini olgan, bir muddat otasiga gilam sotishda yordamlashib turgan, bir rus zobiti bilan tanishib qolib, uning maslahati, ko‘magi bilan Demurov bosmaxonasiga harf teruvchi bo‘lib ishga kirgan, xuddi shu kasb uni matbuotga oshno qilgan, unga bir umr sodiq qolgan. Saidrizo Alizoda 1937 yil dekabrida siyosiy chaquv natijasida hibs­ga olinadi, 8 yil Samarqand-Toshkent-Tobolsk-Vladimir turmalarida o‘tirib, 1945 yil 24 dekabrida sil kasaldan vafot etadi. Alloh Saidrizo Alizodaga har tomondan iste’dod ato etgan edi. U 1916-1922 yillarda Behbudiyning “Padarkush”, Molerning “Zo‘raki tabib”, Uzeir Hojibekovning “Arshin mol olan”, “Layli va Majnun”, “Asli va Karam” Husayn Jovidning “Shaydo”, “Shayx san’on” asarlarini sahnaga qo‘yishda qatnashadi, akter sifatida ayrim rollarini ijro etadi.

Alizoda chumoliga ham ozor bermagan hokisor, munis, mehribon inson bo‘lgan ekan. Qarindoshi Ma’di boboning G‘aybulloh as-Salomga hikoya qilib berishicha, Saidrizo qishloqda ayvonning tepasiga devor bo‘ylab ip tortib chiqarkan-da, shiftga ipning uchini osiltirib, bir dona chaqmoqqand bog‘lab qo‘yarkan, ipga ilashib borgan chumolilarning qanddan bahramand bo‘lishini zavq bilan tomosha qilarkan; ozar shoiri Sobir Tohirzoda Shamoxi shahrida betob bo‘lib yotganida borib ko‘radi, ikki marta pul to‘plab yubortiradi, 1911 yili Sobir olamdan o‘tgach qirq kun aza tutishadi; “Buxoroi sharif” gazetasida “Buxoro, uyg‘on!” degan otashin maqolasini o‘qigan Fayzulla Xo‘jaev Samarqandga keladi, miriqib suhbatlashadi, Buxoroga taklif etadi. F. Xo‘jaev respublika xalq komissari raisi lavozimiga tayinlangach, o‘g‘li va shogirdini olib, Buxoroga boradi, olim va arbob to‘rt soatcha gurung qilishadi, qaytishda rais yozma amr qilib, bir qop qand, bir yashikdan choy, sovun, ikki qop gazlamani foytunga ort­tirib, poezdga chiqartiradi. Manzilga qayt­gach, og‘a ro‘yxat tuzib barini nochor, muhtoj odamlar, yetim-esirlarga tarqatadi. O‘tgan asrning yigirmanchi yillarida S. Alizodaning ta’rifini eshitgan Afg‘onistonning o‘sha vaqtdagi rahbari Omonulloxon ikki marta maxsus vakil yuborib yurtidagi maktab, maorif sohasida katta lavozim taklif qiladi, lekin Alizoda o‘z vatanida xizmat qilishni afzal bilib, minnatdorchilik bildirgan holda qabul qilmaydi.

Kiroyi nevara

Bobosini hibsga olishganida u qirq kunlik chaqaloq ekan. Buvisining eslashicha, Og‘o o‘zini boshqa turmaga o‘tkazishayotganini xabar qilgan, yo‘lga issiq kiyim va yegulik olib kelishlarini hamda nevarasini bir ko‘rsatishlarini so‘ragan ekan. Aytilgan vaqtda vahimali binoga kiraverishdagi maxsus xonada hozir bo‘lishadi. Bir necha daqiqa muhlat berishadi. Qisqa so‘zlashuv, xayr-xo‘shlashuv. Mahbus eshikning kichik piyola og‘zidek keladigan tir­qishidan chaqaloqning jajji barmog‘ini o‘pib, yuziga suradi-da, “Oyisi, shu nevaramni ehtiyot qilinglar, vaqti-soati kelib mening aybsizligimni shu bola isbotlaydi va nomimni ro‘yobga chiqaradi”, – deydi. Nevara deganimiz hozirda Saidrizo Alizoda jam­g‘armasi va uy-muzeyi direktori, geolog Far­hod Alizoda bo‘ladi. Yetmish bir yoshli ser­g‘ayrat, serharakat, besh tilda bemalol gaplasha, yoza oladigan Farhod akani bir ko‘rgan, suhbatini olgan kishi qaniydi har bir nevaraning shunday bobosi, har bir boboning shunday nevarasi bo‘lsa, deya havas qiladi.

Farhod Alizoda hikoyasidan: 1959 yili bobomiz oqlangani haqida qog‘oz oldik. Uyimizdagilar holatini tasavvur etasiz: dardli bayram, quvonch, armon, alam yoshlari, muborakbod qilgani kelgan qo‘ni-qo‘shnilar, tanish-bilishlar, xotiralar. Yigirma ikki yoshga kirgan, armiya xizmatini o‘tab kelgan yigitman. Keldi-ketdilar, shirin xotiralardan quvonaman, buvimdan so‘rayman: bobomiz shunday zo‘r inson bo‘lgan ekanu nega bizga hech narsa demagansiz. “E, bolam, deydi buvim ko‘z yoshlarini artib aytsam tilim, ayt­masam dilim kuyardi-da. U kishining nomlarini qo‘rqa-pisa, shivirlab aytishardi, bilganlar, tanish-bilishlar o‘zlarini chetga olishardi, ba’zi qarindosh-urug‘lar ham qadamlarini uzishgandi. Dardimiz ichimizda edi, mana, xudoga shukur, endi yuzimiz yorug‘ bo‘ldi”. Bobomning kim bo‘lganligi, menga qoldirgan vasiyatni ilk da’fa buvimdan eshitdim, rasmlarini ko‘rdim, qalbim quvonch, g‘ururga to‘ldi, fikri-zikrim ularda bo‘lib qoldi, bobomni biladigan odamlarni surishtirib topdim, suhbatlarini oldim.

Bir kuni bobom tushimga kirdi: oq libosda, qarashlari jiddiy. Chorrahada, falon manzilda, falon kishinikida kitoblarim bor, borib shuni ol, dedilar. Hayratlanib otamga aytdim, otam Tog‘i Alizoda bobom farzandi bo‘lgani bois, o‘n yil «yotib» qaytib kelgan edi. Ikkovlashib aytilgan joyga bordik, eshikni taqillatdik, bir ayol chiqdi, xonadon sohibini so‘radik, ko‘p o‘tmay, hassaga tayanib ko‘zlari ojiz bir odam chiqdi. Maqsadimizni aytdik. To‘g‘ri, rahmatli bobom u kishi bilan birga ishlagan ekanlar, ko‘p yaxshi inson edi deb esladi, kitoblar uy tevaragiga terig‘lik, lekin stenka orqasida, o‘zim kasalmand odamman, og‘ir mebelni siljitolmayman, uzr, – dedilar. Qaytib ketdik. Uch kundan keyin bobom yana tushimga kirdi, kitob­larimni ol deb qayta aytdilar. Yana bordim. Kitoblarni olmasam bo‘lmaydi, sizni rozi qilaman dedim. Kuchga to‘lgan yigit edim, bir-ikki odam ko‘magida shkafni surdik. Bobomning yettita kitobi turgan ekan.

Vladimir shahriga safar

Kitoblarning ichidan bir qog‘oz chiqdi. Vladimir shahri turmasidan yuborilgan bu qog‘ozda mahbus Saidrizo Alizoda bilan soat 9-00 dan 17-00 gacha ko‘rishish, oziq-ovqat berishga ijozat berilishi yozilgan edi. Qanday qilib bu qog‘oz uyga yetib kelmagan, kitob ichida qolgan-bilmadik. Qog‘ozni ko‘rib buvim ko‘p yig‘ladilar. Qog‘ozni qatog‘on qurboni bo‘lib o‘n yetti yil «yotib» kelgan veteran Rahim aka Shokirbekovga ko‘rsatdim: “Hech bir siyosiy mahbusga bunday qog‘oz berilganini ko‘rmaganman, eshitmaganman. Mo‘jiza. Bu yerda bir sir bor, yaxshilik alomati bu” – dedilar. Huzur-halovatimni yo‘qotdim. Qog‘ozni oldimu, samolyotga chipta olib Moskvaga uchdim, tusha solib bir taksida Vladimirga yo‘l oldim, to‘g‘ri turmaga bordik. Qarang, 30 aprelda borgan ekanman, erta-indin bayram, 3 may kuni kelasiz, deyishdi. Mehmonxonaga olib borgan taksist bilan hayrlashdim. Notanish shahar, hech kimni tanimayman. Hamma bayram taraddudida. Men esa o‘zim bilan o‘zim, fikri-zikrim bobomda. Kechqurun restoranga tushib tanovvul qildim. Yuz gramm araq buyurdim. Qo‘shni stolda uch kishi xandon-xushon gaplashib o‘tiribdi, biri yoshi kattaroq. Havasim keldi. Ofitsiant qizdan shu stolga mening nomimdan bitta konyak qo‘yishini so‘radim. Yigitlar minnatdor bo‘lishdi shekilli, biri yonimga kelib, stolga o‘tishga taklif qildi. Hayot tasodiflarga to‘la. Baxtli va baxtsiz tasodiflarga. Ishing bir o‘ng kelsa-kelaveradi, chap ketsa ham shunday. Suhbatlashib ketdik. Kavkazliklar ekan, tijorat qilib kelib-ketib turisharkan. Kelishim boisini so‘rashdi. Muddaomni aytsam, bayram kayfiyatiga to‘g‘ri kelmaydi, dedim. Yo‘q, ayting, deb qo‘yishmadi. Niyatimni endi bayon qila boshlagan edim, biri sekin qulog‘imga shivirlab, ayni kerak odamni topdingiz, nuqtaga urdingiz, dedi.Omadni qarang­ki, o‘tirganlardan biri Gavriliya Chichikov degan abxaz bo‘lib, o‘sha yillari turmada omborchi bo‘lib ishlagan ekan, 3 may kuni Chichikov turma boshlig‘i huzuriga boshlab bordi. Yaxshi odam ekan, yordam berdi, o‘ttiz ikki yil ochilmagan, qo‘l urilmagan 27877-deloni qo‘limga tutqazdi.

Nabira 27877 raqamli deloni ilk bor qo‘lga oladi, bobosining zindonda tushirilgan, qoq suyak bo‘lib qolgan, ko‘zlari chuqur botib ketgan suratini ko‘rib o‘zini yig‘idan tiyolmaydi, keyin ko‘pchilikka qo‘yilgan, bir qolipdagi, betuturuq ayblarni o‘qiydi, go‘yo “S. Alizoda “Sho‘roi islom”tashkilotining dasturini tuzgan, chop etgan maqolalarida “yo‘qolsin imperializm” so‘zi o‘rniga “yo‘qolsin VKP (b)” so‘zini ishlatgan, kolxozlashtirishga qarshi chiqqan, Stalin siyosatini qoralagan” va hokazo. Ana shu asossiz tuhmatlarni tasdiqlagan odamlarning familiyalari ham deloda bitilgan bo‘lib, achinarlisi, ularning ichida bobosini yaxshi bilgan, yordamidan bahramand bo‘lgan samarqandliklar ham bor ekan.

1940-1945 yillarda turmada vrach, hamshira, oshpaz, omborchi, posbon bo‘lgan kishilarning manzillarini topdim, suhbatlashdim. “Alizoda juda intizomli, tarbiyali, donishmand inson edi, – dedi 80 yoshli vrach Yekaterina Bogatova. – Turma boshlig‘i bobongizni hurmat qilar, menga u kishidan yaxshi ovqatlar, dori-darmonlarni ayamang derdi”.

Turma devori atroflarida ko‘zimda halqa-halqa yosh, bobom qabri taxmin qilingan joyni qidirib yurganimda qo‘lida lola ko‘tarib kelayotgan bir rus cholni ko‘rib, gaplashib qoldim. Omadimni qarang, ayni bobomning qabrini ziyorat qilish uchun kelayotgan ekan: “Men bobongiz yotgan kameraning posboni bo‘lganman, to‘rt yil qo‘riqlaganman, yigirma yildan beri pensiyadaman. Alizodani qadrlar edim, qo‘llaridan tutib, turma kasalxonasiga yetaklab borardim. Mana – qabri. Har 3-4 oyda kelib, gul qo‘yib ketaman”. Cholni quchoqlab rahmat aytdim, to‘yib-to‘yib yig‘ladim.

Behbudiiy eng kami to‘rt tilni bilishga da’vat etgan, Saidrizo Alizoda esa kam emas, ko‘p emas, o‘n to‘rt tilni bilgan, bular: o‘zbek, tojik, fors, arab, ozar, usmonli turk, tatar, kurd, rus tillarini mukammal, olmon, ingliz, farangi tillarini yaxshi bilgan, arman, ibroniy tillaridan durust xabardor bo‘lgan. Ayni chog‘da S.A. imzosi bilan berilgan “Har millat o‘z tili ila fahr etar” maqolasida (“Oyina” jurnali, 1914 yil 35-son.) har bir millat o‘z tilini ko‘z qorachig‘iday asrashi lozimligini uqtiradi: “Agarda til va adabiyotimizni muhofaza qilmay, anga ajnabiy lug‘at va so‘zlarni qo‘sha bersak, bir oz zamonda til va milliyatimizni yo‘qoturmiz. Milliyatimizni yo‘qotganda diyonatimiz o‘z-o‘zi ila albatta yo‘qolur. Bas, bizga tilimizni ajnabiy so‘zlardan muhofaza qilmoqlik eng birinchi muhim bir vazifadir”. S. Alizodaning oldinni ko‘rganday bashorat qilib aytgan ushbu fikrlarini professor Begali Qosimov Behbudiyga bag‘ishlangan “Karvonboshi” maqolasida alohida qayd etgan edi.

Ko‘p tillarni bilishi donishmandga pand ham bergan (inglizlarning josusi degan asossiz shubhaga sabab bo‘lgan), ko‘p joylarda esa koriga yaragan. Qahrli Ivan Grozniy qurdirgan Vladimir “Sentral”ining sovuq, zax yakkashin xonasiga turma boshlig‘i Ravvinskiy, hamma ketgach, yarim tunda, hayotini xavf ostiga qoldirib, siyosiy mahbusdan ajdodlarining o‘zlari unutgan ibroniy (ivrit) tilini o‘rgangani kirar ekan, yaxshilikka yaxshilik qilib uni ko‘rish, oziq-ovqat yuborishga ijozat beradigan xat jo‘natish imkoniyatini yaratgan, ming afsuski, xat Samarqandga kelganu zoriqib kutgan honadonga yetib bormagan.

Turma nozirining yana bir yaxshiligi – ozod bo‘lgan bir mahbusdan Alizodaning paxtaligini oilasiga berib yuborishi bo‘ladi. U odam sirdan bexabar bo‘lganmi yo yodidan ko‘tarilganmi, paxtalik ichiga bitiklar joylashtirilganini eslatmaydi. Rafiqasi bu bebaho yodgorlikni sandiqqa solib qo‘yadi. Oradan yillar o‘tib eski buyumlarni shamollatish paytida paxtalikning titilib ketgan astarlari orasidan ko‘p bitiklar chiqib qoladi.

Tinib-tinchimas nevara ne-ne mashaqqatlar bilan S. Alizoda “delo”si bilan tanishgach, izlay-izlay, nihoyat, qabrini topgach, bobosining hokini Samarqandga ko‘chirish harakatiga tushadi. Bunga erishish uchun naqd o‘n yil (1977-1987) kerak bo‘ladi. G‘aybulloh as-Salom yozadi:

“… hatto vafotidan keyin oqlangan bir insonning qabrini uning o‘z vataniga ko‘chirish ham nihoyatda qiyin kechdi. Mahalliy xukumatlar bu ishning katta shov-shuvga aylanishidan cho‘chib, turli to‘siqlarni o‘ylab chiqardilar… Farhod yana qaytib borib, Vladimir shahrining ma’muriyati va zindonbonlariga yetti bukilib yalinishga majbur bo‘ldi. Aslida, Samarqand shahar ijroiya qo‘mitasidan Alizodaning qabrini, marhumning qarindoshlari hisobiga, Vladimir shahridan Samarqandga ko‘chirishga ruxsat etilishi haqida atigi bir enlik xat so‘ralgan edi, xolos. Shunchaki yo‘liga! (“Ezgulikka chog‘lan, odamzod,197-198 betlar).

1987 yili Vladimir shahri hokimi Robert Karlovich Magazin kutilmaganda odam­oxunlik qiladi. Rasmiy hujjat, qog‘oz-pog‘oz so‘ramay, qattiq yomg‘ir yog‘ib turgan kezda, o‘zi shaxsan qabr boshida turib, o‘ta ehtiyotkorlik bilan qirq ikki yil yer ostida yotgan Sayyidning suyaklarini olib, matohga o‘rab, nevarasiga topshiradi va Farhod Tog‘ievichga qarata: «Alizoda bizning ajdodlar tili-ibroniyni bilar ekan. Angrayib qoldim… To‘g‘risi, o‘zim yahudiy bo‘la turib, ona tilim bo‘lmish ivritni (ibroniyni) bilmayman. Menga – uyat! Sizning bobongiz bo‘lsa, qarang, mening men bilmagan ona tilimni bilar ekan-a! Tuprog‘i yengil bo‘lsin shu ulug‘ insonning!» – deya iliq so‘zlar aytib kuzatadi.

Mashhurlikdan noma’lumlikka, so‘ng yana mashhurlikka…

Saidrizo Alizodaning hoki “Panjob” qabristoniga dafn etilgani, u yashagan uy muzey qilingani, bronza byusti o‘rnatilgani, tavalludining 105,115 yilliklari tantanali nishonlangani, G‘aybulloh as-Salom, F.Alizoda, S.Xa­yitov, S.Sokolov, Sh.Mikaelov, S.Hojieva, S.Umirov, F.Toshev, A.Neverov, U.Qodir, M.Muqimov va boshqalarning maqolalari e’lon qilingani, xorijda asarlarining yangi nashri tayyorlanayotganidan o‘quvchilar xabardor, albatta. Farhod Alizodaning maqsad yo‘lidagi sobitqadamligi, g‘ayratliligi, tashabbuskorligi, yangi-yangi g‘oyalarga boyligi havas qilgulik, ibrat olgulik. Mana, yetti yildirki, Farhod Alizoda Moskvaning Ximkidagi hujjatgohida, Sankt-Peterburgdagi Saltikov-Shchedrin kutubxonasida bobosining merosini, o‘zbekistonlik jurnalist, yozuvchilarning o‘tgan asrning birinchi yarmida nashr etilgan qo‘lyozmalarini sinchiklab o‘rganish bilan band. 2004 yilda Pokiston prezidenti Parviz Musharrafga xat yozib, ijozatini olib, Moskva televideniesining “Musulmonlar” ko‘rsatuvining muharriri va operatori bilan Islomobodga, Lohurga boradi. Lohurdagi “Panjob” kutubxonasi bosh direktori Aksar Husayn Giloniy bobosining o‘tgan asrning yigirmanchi yillarida nashr etilgan bir necha kitobini topshiradi, Farhod aka ushbu va yana ko‘p kitoblarni yurtiga, uy-muzeyiga olib keladi, bularning bari tasvirga tushirilib, Pokiston televidenie­sida, keyin Moskva televideniesida ko‘rsatiladi; 2006 yil dunyo eroniylar kongresida S.Alizoda ijodi haqida ma’ruzalar qiladi, unga faxriy doktorlik unvoni beriladi. Rossiya kosmonavtikasi muzeylari assotsiatsiyasi (AMKOS) mutafakkirning Siolkovskiy bilan deyarli bir vaqtda yozgan “Fazo ilmi” kitobini yuqori baholab, S.Alizoda uy-muzeyini muzeylar assotsiatsiyasiga a’zo qilib oladi, 2004 yil 26 aprelda kosmonavt uchuvchi AMKOS prezidenti R.Popovich imzo chekkan 75-son guvohnoma buniing dalili.

Farhod Alizoda bilan Toshkentda G‘aybulloh as-Salomning va bizning xonadonda, Samarqandda, Chelakda suhbatlar qurganmiz, O‘zDJTU xalqaro jurnalistika fakultetida ikki marta uchrashuv o‘tkazganmiz, har safar u kishidan mashhur bobosi haqidagi yangi, maroqli ma’lumotlar eshitamiz, gurunglarini qumsaymiz.

Noxush voqeaning noxush yodi: 1937 yil dekabrida Samarqand davlat universitetida arab tilidan dars berib uyiga qaytgan Saidrizo Alizodani NKVD xodimlari kelib, qo‘liga kishan solib olib ketadilar…

Xush voqeani xush eslab. 2002 yil 26 fevralda Samarqand davlat universitetining odam liq to‘la majlislar zali. Sahna. Saidrizo Alizodaning ko‘rkam, nurli siymosi ko‘rinishi bilan qizg‘in olqishlar yangradi. Mutafakkir barchaga boqib: “Assalom, biz orziqib kutgan istiqlol, assalom istiqbol, aziz insonlar, yor-birodarlarim, hamkasblarim, yosh do‘stlarim, mana men sizning huzuringizga qaytdim, endi doimo siz bilan birgaman”, – deyayotganday edi.

Saydi Umirov,
Respublikada xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi.
“Hurriyat” gazetasidan olindi.