Yangiboy Qo‘chqorov. Sada bilan sarvning so‘z saltanati

Atoqli adabiyotshunos Ibrohim G‘afurov va O‘zbekiston xalq shoiri Oydin Hojiyevalar hayoti va ijodiga bir nazar

Sada qayrag‘ochdoshlar oilasiga mansub ko‘rkam daraxt bo‘lib, uning sof havoga boy soyasida kamida sakson chog‘lik odam ko‘ksini to‘ldirib nafas olishi, yayrab hordiq chiqarishi, diltortar suhbatlardan bahramand bo‘lishi mumkin. Sarv ham asosan subtropik mintaqalarda o‘sadigan doimo yashil, ayrim turlari ikki ming yilgacha yashaydigan suluv daraxt. Ikkalasi ham sof havoga tashna sayyoramizda xosiyatli daraxt sifatida qadrlanadi…

…Olis yili Nukusga, zamonamizning zabardast adibi bo‘lgan To‘lepbergen Qaipbergenovning o‘z dilogiyasi bosh qahramoni Jumagul Seyitova nomiga qo‘yilgan orasta ko‘chadagi uyiga borganimda ustoz odatda yangamiz oshga guruch mo‘ljallaganda ishlatadigan ulkan piyolalarga qaynoq ko‘k choy quyib, har qaysisiga mushtdek-mushtdek keladigan novvot bo‘laklari(hatto ish kabinetidagi stol ustida kamida ikki qadoq novvot turardi)ni solgach:

– Yur, aynalayin, ana shu novvotlar eriguncha mening muallifligimdagi kitoblarni bir sanab ko‘raylik! – dedilar. Ota bilan boladek qalin bo‘lib ketgan ikkovimiz (rais va uning o‘rinbosari) yeng shimarib ishga kirishib ketdik. Kitoblar soni 88 (o‘sha choyxo‘rlikdan keyin o‘tgan to‘rt-besh yilda adibning yana o‘nga yaqin kitobi chiqdi) ekan.

“Qoraqalpoq dostoni”dek dunyoning to‘rt tarafiga taralib ketgan mag‘zi to‘q asar muallifi xonadonida bo‘lib o‘tgan o‘sha kichik voqeani bugun nega eslayapman? Buning boisi shuki, men kuni kecha qizlarimga:

– Qani, shaxsiy kutubxonamizda ustoz Ibrohim G‘afurov tomonidan yozilgan, tarjima qilingan, yoinki maqolalari bilan ishtirok etgan nechta kitob borligini bir sanab chiqing-chi? – dedim. Adabiy o‘ylar, adabiy portretlar, esselar, mansuralardan iborat 14, jahon adabiyoti durdonalaridan tarjimalar kiritilgan 17, jamoa to‘plamlari tarzidagi ya’ni “Adabiyot va zamon”, “Adabiyotimizning yarim asri”, “Ozod Vatan saodati”, “Sarchashma mavjlari” kabi, shuningdek “Zamondoshlari xotirasida” ruknidagi 24 kitob bor ekan. Bir muallifning mashaqqatli ijodiga daxldor 55 kitob.  Bunga 1957 yildan buyon ya’ni oltmish yil davomida gazeta va jurnallar, bayoz va almanaxlarda bosilib chiqqan 500 dan ortiq adabiy maqolalar, hikoyalar, she’rlar, esselar, ocherklar, suhbatlar, elektron nashrlardagi 100 dan ortiq materiallarni qo‘shsak, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, davlat mukofoti laureati, filologiya fanlari nomzodi, atoqli adabiyotshunos, usta tarjimon, taniqli noshir, mohir publitsist, davlat va jamoat arbobi Ibrohim G‘afurovning Tiyonshon tog‘laridek viqorli ijod mahsuliga ega ekani ma’lum bo‘ladi-qo‘yadi.

…Bundan roppa-rosa yarim asr avval, aniqrog‘i 1967 yilda milliy she’riyatimizda “Toshhovli” degan quyma she’r paydo bo‘lgan edi. Ijod maydoni shunday beshafqat sahnaki, unga o‘nta she’r yozib ham, o‘nta kitob nashr etdirib ham ko‘tarilib bo‘lmaydi. Ammo Qiziltepadan poytaxtga cho‘g‘dek qip-qizil shohi ko‘ylak kiyib kelgan shoira “ko‘zyoshga g‘arq bo‘lgan yorug‘ jahon”ni shu qadar o‘ziga xos ranglarda, ohanglarda tarannum etgan ediki, qisqa vaqt ichida millionlab minnatdor muxlislarning, hatto Mirtemirdek mumtoz so‘z sohibining nazariga tushgan edi. 1970 yilda chop etilgan “Shabnam” nomli kitobchasi esa muallif Oydin Hojiyevaga Yozuvchilar uyushmasiga kirish uchun berilgan “yo‘llanma” bo‘ldi. Yillar o‘tib “Tarovat”, “Navo”, “Nazokat”, nihoyat “Shom shu’lalari”(446 betdan iborat) va “Tong tuhfalari” to‘plamlari chop etildi. Shoirona, ohorli nomlar bu kitoblarga oltin uzuklarga qo‘yilgan yoqut uzukdek yarashdi.. Shu kungacha turli tillarda shoiraning o‘ttizdan ortiq kitoblari bosmadan chiqdi. Atoqli rus shoirasi Rimma Kazakova tarjimasidagi “Utrennyaya rosa” to‘plami Toshkentdan Tayshetgacha, Samarqanddan Seulgacha, Buxorodan Buxarestgacha, Andijondan Anado‘ligacha, Marg‘ilondan Moskvagacha, Urganchdan Urumchigacha bo‘lgan qator mintaqalarda dovruq qozondi.

Ulug‘ Nizomiddin G‘iyosiddin o‘g‘li Amir Alisher Navoiy o‘z qahramoni Farhod yanglig‘ bir umr “o‘qib o‘tmak, uqub o‘tmak”ni bosh shior qilib olgan edi. Ibrohim aka ham uzoq yillar o‘ziga xolisanillo ustodlik qilgan badiiy so‘z sarboni Ozod Sharafiddinovdan kitob o‘qishni, kitob uqishni, kitob o‘girishni o‘rgandi. Ozod Obidovich esa shogirdining asarlari “o‘qiyotgan odamni pokizalik va halollik sinovidan o‘tkazgani” uchun “Ibrohimjonni hech ikkilanmay adabiyotimizning vijdoni deb atash kerak”, deb yozdi. Rahmatlik taniqli bolalar shoiri Tursunboy Adashboyev bir maqolasida o‘nlab adabiyotshunoslar ichida ikki nafari – Ibrohim G‘afurov va Yo‘ldosh Solijonovgina murosassozlik ko‘chasiga kirmaganini qayd qilgan edi.

Ibrohim G‘afurov – qadimiy va navqiron Shosh farzandi. Ikki ming yildan ortiq tarixga ega bu shahar tuprog‘iga ne-ne ulug‘ allomalar, ne-ne tabarruk ulamolarning kindik qoni tommagan deysiz. Samarqand darvoza bilan Sag‘bon, Qoratosh bilan Qorasaroy, O‘qchi bilan O‘rda, qo‘yingki, barcha-barcha dahalardan mashhur shoirlar va bastakorlar, degrezlar va dorbozlar yetishib chiqqan.  Bo‘lg‘usi munaqqid va tarjimon esa Taxtapul va Chuvalachi orasidagi “Mustahkam” mahallasida, to‘rt farzandini peshonasidan marjon-marjon ter to‘kib boqqan novvoy Usmon G‘afurov hamda chevar aya Muharram Ibodova oilasida tug‘ilib-o‘sdi. Qo‘liga ilk kitoblarni olgan, hijjalab o‘qishga kirishgan kezlari Qumloq ko‘chasi uzra qadamlaridan o‘t chaqnab borayotgan G‘afur G‘ulomni, Qorasaroy tomonga vazmin odimlar bilan o‘tib borayotgan pahlavon kelbatli Oybek domlani ko‘rgan, ulardan ko‘z uzmasdan izlaridan yurgan edi. Vaqt yetib unga ham G‘afur akalar, Shayx domlalar kirib yurgan ijodiy dargohlarga borish, ularning bir qanchasida ishlash nasib etdi. Ibrohim aka Markaziy Osiyoning qaldirg‘och dorilfununi – ToshDUni bitirgach yigirma yildan ortiqroq Badiiy adabiyot nashriyotida, keyin “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” va “Milliy tiklanish” gazetalarida unumli ishladi. Mustaqil mamlakat siyosiy turmushidagi yangi jabhalarga qo‘shilib, Milliy tiklanish demokratik partiyasi markaziy kengashi raisi, Oliy Majlis qo‘mita raisi o‘rinbosari bo‘ldi.

Mamlakat barcha zakovatli farzandlari qatori atoqli adib, taniqli tarjimon, mashhur munaqqidning mehnatiga munosib baho berdi.  U turli yillarda “Do‘stlik” va “Mehnat shuhrati” ordenlari sohibi bo‘ldi. Ko‘p yillik samarali ilmiy va ijodiy faoliyati uchun 2017 yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev Farmoniga binoan “O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi” faxriy unvoni bilan taqdirlandi.

Esimda: 1974 yilning 8 sentyabrida Beruniy shahrida buyuk alloma tavalludining 1000 yilligi nishonlanganida akademik Ibrohim Mo‘minov mazmundor ma’ruza qilgan va atoqli shoir Ibroyim Yusupov otashin she’r o‘qigan edilar. 1976 yili Toshkentga kelib, Pushkin ko‘chasi, 1-uyda o‘tgan adabiy yig‘inda hali qirqqa to‘lmagan adabiyotshunos Ibrohim G‘afurovning sehrli so‘zlarini miriqib tingladim. Fanimiz va adabiyotimizni uchala Ibrohimsiz (uchalasining yoniga ajoyib ocherkchi Ibrohim Rahim, taniqli navoiyshunos Ibrohim Haqqul, iste’dodli bolalar shoiri bo‘lgan Ibrohim Donishlarni ham qo‘shsak arziydi) tasavvur qilib bo‘lmaydi. O‘sha yilgi qizg‘in mushoirada ijodi to‘lin oydek nur taratayotgan Oydin Hojiyeva mayin va shirali ovozda she’r o‘qib bergan edilar. Qirq bir yildirki, ushbu azim sada bilan sarvning sehrli so‘z saltanatiga minnatdor bir muxlisman.

Ibrohim G‘afurov so‘z mulkining sultoni iborasi bilan aytganda “kichik yoshtin o‘zini” adabiyot gulshaniga oshno qildi.  U yigirma besh yoshida “Go‘zallikning olmos qirralari” nomli adabiy o‘ylar kitobi bilan mohir munaqqid maqomini qo‘lga kiritdi. (Muallifning bu mo‘jaz kitobi va ustozi Ozod Sharafiddinovning “Zamon.Qalb. Poeziya” monografiyasi teranligi, tiniqligi bilan minglab muxlislarning mehrini qozondi) Navqiron munaqqid ana shu teranlik va tiniqlik bilan o‘ttiz yoshida “Usmon Nosir” nomli go‘zal risolasini e’lon qildi. Qirchillama qirk yoshida “Yam-yashil daraxt” to‘plami yaproq yozdi. Qirq besh yoshni to‘ldirganida “Yonar so‘z” asari uchun respublika Yoshlar ittifoqi mukofotining sohibi bo‘ldi. Oqillik epkinlari esgan ellik yoshga kirganida adabiy-tanqidiy maqolalarini to‘rt yuz betlik “O‘ttiz yil izhori” to‘plamiga jamladi. Bu ajoyib kitob haqli ravishda respublika davlat mukofotiga munosib deb topildi. Oltmish yosh ostonasida “Dil erkinligi” kitobini yozdi va u donishmand safdoshi Najmiddin Komil so‘zboshisi bilan bosilib chiqdi. Yetmish yoshning yetuklik faslida “Hayo – xaloskor” va “Mangu latofat” jildlari kitobxonlar mulkiga aylandi. “Mangu latofat” kitobi 460 betdan iborat. Yetmish besh yoshida nainki ustoz ijodiyoti, balki milliy adabiyotimizdagi qaymog‘i quyuq kitoblardan biri “Parivashlar fasli” bosilib chiqdi. Bu kitoblar bilan Ibrohim G‘afurov milliy adabiyotshunosligimizning Vohid Abdullayev va Vohid Zohidov, Izzat Sultonov va Yusuf Sultonov, Matyoqub Qo‘shchonov va Ozod Sharafiddinov, Aziz Qayumov va Laziz Qayumov, Abduqodir Hayitmetov va Suyima G‘aniyeva,  Hafiz Abdusamatov va Salohiddin Mamajonov, Umarali Normatov va Baxtiyor Nazarov, Naim Karimov va To‘ra Mirzayev kabi atoqli so‘z sinchilari safidan o‘rin oldi.

Badiiy tarjima – adabiyotlar va xalqlar o‘rtasidagi tengi yo‘q estetik ko‘prik hisoblanadi. Asil tarjimonlar esa millat ma’naviyatining yalovbardorlariga aylanishgan. Ibrohim G‘afurov – zamonamizning ana shunday zabardast tarjimonlaridan biri. Dorilfununni tugatib, Badiiy adabiyot nashriyotiga ishga kelganida Odil Sharopovdek oqsoqol mutarjimdan oq fotiha olgan. Keyin atoqli adib Mirkarim Osim va taniqli tarjimon To‘xtasin Jalolovdan mahorat sirlarini o‘zlashtirgan. Yigirma besh yoshida Nobel mukofoti sohibi Ernst Xemingueyning sayyoramiz bo‘ylab tan olingan eng insonparvar asarlaridan biri – “Chol va dengiz” qissasini o‘zbek kitobxoniga tortiq etdi. Bu tabiat bilan insonni birlashtirgan, ayni chog‘da asov qudratiga qarshi kurashtirgan ajoyib asar edi. Tabiatning zilzila, to‘fondek ofatlari yetmaganidek bashariyatning o‘zi urush degan mislsiz musibatni o‘ylab topgan. Asrlardan buyon qirollar bilan qirollar, qarolllar bilan qarollar, qurollar bilan qurollar beayov olishib keladi. E.Xeminguey urushga qarshi qaratilgan otashin asarlar yozdi. Uning bu mavzudagi romani ham milliard-milliard odamlar qalbidagi olijanob maqsad ko‘zgusiga aylandi. Ibrohim aka oradan o‘n yil o‘tgach, “Alvido, qurol” romanini ham o‘girdi. Roman yuz minglab kitobxonlar qalbiga shafqat o‘tini soldi. Jahon nasrida atoqli rus adibi F.Dostoyevskiyning kafolatli o‘rni bor. I.G‘afurov bu ulkan adib asarlaridan bir qanchasini mehr bilan tarjima qildi. Dostoyevskiy dunyosi kuygan ko‘ngillar faryodidir. Tarjimon qirchillama qirq yoshida F.Dostoyevskiyning 664 betlik “Jinoyat va jazo” romanini tarjima qildi.  O‘zbek kitobxonini (Er kurrasining hohlagan nuqtasida turib tarjimani qo‘lga olgan muxlisni nazarda tutmoqdamiz) Rodion Raskolnikov va Sonya Marmeladovaning murakkab va mahzun, yoniq va aniq olamiga olib kirdi.  Ibrohim G‘afurov qirq yildan buyon Dostoyevskiy adabiy merosining oshuftasi. “Jinoyat va jazo”dan keyin “Telba”, “Qimorboz” va yaqindagina “Iblislar” asari ona tilimiz mulkiga aylandi. “Telba”dagi Knyaz Mishkin, Nastasya Filippovna, Parfyon Rogojin, Lizaveta, Aleksandra, Adelaida, Aglaya Yepanchinalar, Ivolginlar, Ptitsinlar, “Iblislar”dagi Nikolay Stavrogin, Varvara Stavrogina,  Stepan Verxovenskiy, Lizaveta Tushina, Ivan Shatov, Aleksey Kirillov, Tixon ota va boshqalar ruhiy dunyomizning bir bo‘lagiga aylandi.

Jahon adabiyotida yuksak e’tirof qozongan Mopassan va Folkner, Pushkin va Edgar Po, N.Hikmat va A.Soljenitsin, Ch.Aytmatov va G.G.Markes, V.Rasputin va T.Po‘latov, J.Joys va F.Nitsshe asarlari ustoz tarjimon g‘ayrati ila o‘zbek tilida jarangladi. U tarjimani “mazmundor, ta’sirchan hissiy, aqliy va naqliy go‘zalliklar yaratadigan badiiyat fani” deb ataydi. Shu o‘rinda o‘ta kamtarlikka berilmasdan Ibrohim G‘afurov nainki o‘zbek, balki turkiy xalqlar adabiyotlarida tan olingan tarjimonlardan biri ekanligini ta’kidlashimiz shart. O‘sgan el, o‘sadigan el botirini botirim, shoirini shoirim, tarjimonini tarjimonim deydi.

Rivoyat qilishlaricha Isfahon hokimlaridan birining mulozimi uning huzuriga kirib, “Bir odam kelib, xorazmlik shoirman!” deb kirishga izn so‘rayotganini aytadi. Hokim o‘z navbatida “Muhtaram mehmondan so‘rab ko‘r-chi, yuz ming satr she’rni yod bilarmikan?” depti. Mulozim chiqib savol bersa, kelgan odam unga savol beribdi: “Hukmdoringdan so‘ra-chi, erkak shoirlarimizdan yuz ming satr yod o‘qib beraymi yo ayol shoirlarimizdanmi?” Buni eshitgan hukmdor o‘rnidan turib, “Bu mashhur shoir Xorazmiy-ku, yur uni ochiq chehra bilan kutib olaylik!” degan ekan.

Milliy she’riyatimizda Alisher Navoiydan tortib Abdulhamid Cho‘lpongacha, Zahiriddin Muhammad Boburdan tortib G‘afur G‘ulomgacha, Muhammad Rizo Ogahiydan tortib Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybekkacha, Muhammad Aminxo‘ja o‘g‘li Muqimiydan tortib Erkin Vohidovgacha, Zokirjon Xolmuhammad o‘g‘li Furqatdan tortib Abdulla Oripovgacha bo‘lgan shoirlar qanday yuksak maqomga ega bo‘lsalar, Nodiradan tortib Zulfiyagacha, Uvaysiydan tortib Ra’no Uzoqovagacha, Samar Bonudan tortib Saida Zunnunovagacha, Mahzunadan tortib E’tibor Oxunovagacha, Muazzamxondan tortib Oydin Hojiyevagacha bo‘lgan badiiy so‘z sohibalarining ham o‘z o‘rni bor. Muazzamxon bir g‘azalida:

Falak mo‘min boshig‘a hech qariblik solmasin aslo,
G‘ariblikda Muazzam tortadur ozor har soat.

deb yozgan edi. Yangi zamonamizning zulfiyalari, gulchehralari, oydinlari, halimalari, dilbarlari, xosiyatlari, munavvaralari, farog‘atlari, go‘zalbegimlari, mehrinozlari ozod hayot qasidalarini yozmoqdalar.

Ibrohim aka oltmish yildirki, atoqli adib Yuriy Oleshaning “Biror kunim satrsiz o‘tmas” degan oltin qoidasiga amal qilib keladi. Sakson yoshini nishonlagan ustoz munaqqid “Odam yuragini faqat musiqa va she’riyat larzaga soladi” deb yozadi “O‘zgarayotgan dunyoda she’r so‘zi” maqolasida. U kishining sevimli rafiqasi, O‘zbekiston xalq shoiri Oydin Hojiyeva keyingi yillarda odamlar yuragini larzaga solayotgan yangi-yangi she’rlar, dostonlar, balladalar yozish bilan birga ikki ezgu ishni ro‘yobga chiqardi. Birinchisi – ozar mumtoz shoiralari – Mahsatiy Ganjaviy, Hayron Xonim va Xurshidbonu Notavon merosidan tartib berilgan “Ishq aro parvonalar” kitobi bo‘lsa, ikkinchisi – ulug‘ shoiramiz Zulfiya, atoqli so‘z zargari Saida Zunnunova, taniqli folklor tadqiqotchisi Muzayyana Alaviya va ajoyib tarjimon Kibriyo Qahhorova haqidagi “To‘rt tanho” kitoblaridir. Albatta “Ehtirom” va “Zulfiya abadiyati” kitoblari ham fikrimizga yorqin dalillar bo‘la oladi. Mirtemir domla o‘z vaqtida g‘urur bilan Zulfiyaxonimning yonida “Ayol qalbining tepishini she’r qilguvchi, bir-biriga o‘xshamagan va hamisha yuksaklikka intilguvchi suluv shoiralar Saida va Oydinlar, Gulchehralar, Halimalar paydo bo‘ldi.” deb yozgan edilar. Opa bu bahoni to‘la oqladi. Otasi Hoji ota, onasi Toshbibi aya, opasi Bibirajab, birinchi ustozi Toshpo‘lat Hamidning oltindan a’lo o‘gitlarini ham. Shoira ToshDUni tugatgach, uzoq yillar “Sharq yulduzi”, “Gulxan”, “Saodat” jurnallarida ishladi. Xalq shoiri, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi bo‘ldi. Sh.Petefi, A.Mitskevich, O.Tumanyan, F.A.Fayz kabi jahon klassiklari asarlarini, o‘z zamondoshlaridan I.Yusupov, E.Ognetsvet, R.Kazakova, F.O‘ng‘orsinova va boshqa ajoyib so‘z ustalarining she’rlarini o‘zbek tiliga mahorat bilan o‘girdi.

Toshkentning qoq markazida “Kitob olami” deb nomlangan yangi savdo majmuasi va uning orqasida to‘qqiz qavatli uy bor. Bir paytlari Ibrohim aka shved adibi A.Lundkvist Toshkentga kelib, “er lola, qir lola, tom lola” ekanidan hayratga tushganini yozgan edi. To‘qqizinchi qavatdagi bu yorug‘ kulba – sada bilan sarvning so‘z saltanati ham kitobga liq to‘lgan. Javonda ham, stolda ham, gilam ustida ham taxlam-taxlam kitoblar. A.Navoiydan A.Oripovgacha, U.Shekspirdan B.Shougacha, Abaydan Ch.Aytmatovgacha, I.V.Gyotedan R.Gamzatovgacha bo‘lgan minglab so‘z durdonalari…

– Kitoblar meni tarbiyaladi, tuyg‘ularimni uyg‘otdi, ma’naviyatli va ma’rifatli qildi, erkin, hur fikrlashga undadi. – deydi Ibrohim aka chinni piyoladagi choydan ho‘plab. – O‘n yoshlarimda men ilk bora mustaqil ravishda Mirkarim Osimning “O‘tror” degan kitobini o‘qidim. “O‘tror”dan so‘ng Ayniyning “Eski maktab”ini sotib oldim. Keyin “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon”, “Sarob”… Pushkin, Lermontov, Turgenev, Tolstoyni ham o‘zbek, ham rus tillarida o‘qidim. Yoshim ulg‘aygani sari meni qurshagan kitoblar ham o‘zgardi. Mening baxtim shundaki, Qodiriyni ham, Xemingueyni ham, Oybekni ham, Folknerni ham teran angladim, tushunib yetdim. Chingiz Aytmatov, Ibroyim Yusupov, Ozod Sharafiddinov, Matyoqub Qo‘shchonov, Erkin Vohidov, O‘tkir Hoshimovdek zabardast adiblar, kitobni boqiy hamroh deb bilgan zamondoshlarim bilan hamqadam, hamnafas bo‘ldim. Ular xalqning qalbini ogoh va uyg‘oq saqlaydigan so‘z ayta oldilar. Biz ham Oydinxon bilan imkon qadar shuning uddasidan chiqib kelyapmiz!

Ustoz ehtirom bilan tilga olgan zotlardan Ibroyim og‘a har gal Toshkentga otlanganimda “Ibrohimjonga, qarindasim(singlim – ta’kid muallifniki) Oydinoyga sog‘inchli salomimni yetkazgin!” der edilar. Ustoz Erkin Vohidov hammamizga tug‘ishganimizdek qadrdon edilar. U, Ibrohim aka, Aziz aka, Bahodir aka, Nasriddin aka(joylari jannatdan bo‘lsin), Xurshid aka, Shodmonbek aka, Habib aka va boshqalar bilan bir necha bora Labzakdagi “Afsona” choyxonasida shaxmat va she’r bahsi tashkil etganmiz. Iydi ramazon chog‘i u yerda o‘tirib Erkin akani xotirlayotganimizda esa o‘g‘li Xurshidjon kelib, navbatdagi nevarasi tug‘ilganini suyunchilagan edi. O‘tkir aka shogirdi Nosir Muhammad bilan birga meni – Qishloq xo‘jalik instituti tolibini ijod maydoniga undagan bag‘rikeng murabbiylarim edi. Bugun uchalasini ko‘zlarimda shashqator yoshlar bilan eslab o‘tiribman. Borlariga va ustozim(xonadoniga kelib bezovta qilganim uchun uzr so‘ragan holda)ga Go‘ro‘g‘lining yoshini tilayapman. Bugun Orol dengiziga oqar suv, ayrim ijodkorlarga bir-biriga bo‘lgan insoniy mehr yetishmayapti, nazarimda. Tuzukkina talanti bor adiblardan bir qismining qisqagina umrini sof badiiy ijod emas, zo‘r berib, “terga botib” g‘iybat qayig‘ining eshkagini eshishga sarflayotgani achinarlidir. “Qarmog‘ingga har doim baliq ilinishi shartmi?”…

– Zulfiyaxonim men uchun, safdosh opa-singillarim San’atxon Mahmudova, Halimaxon, Dilbarxon, Sharifaxon, Qutlibeka, Shahodatxon, Muhtaramalar uchun mehribon ona maqomida edilar. – deydi Oydin opa menga muqovasiga o‘zining P.Voronkin tomonidan chizilgan ajoyib portreti tushirilgan “Mehrnoma” kitobini uzatar ekan. – Chingiz To‘raqulovich rosa topib aytganlaridek Zulfiyaxonim har jihatdan mukammal shaxs edilar. Oqsoqol shoirlar Qaysin og‘a, Dovud og‘a, Mustay og‘a, Rasul og‘a, Ibroyim og‘a opamizga o‘ta mehribon edilar. Amrita Pritam Hindistondan turib xatlar yozardi. Marvarid Dilboziy, Tovshan Esenova, Silva Kaputikyan, Rimma Fyodorovna Kazakova, Mayramxon Abulqosimova, Guliston Shamuratova bilan samimiy uchrashuvlarimiz chinakam bayramga aylanib ketardi. Xo‘jandlik shoira Ozod Aminzoda bilan muloqotlarimiz bir umrga esimda qolgan. Bugun O‘zbekiston kitobxon, she’rxon mamlakatga aylandi. Bir she’rimda aytganimdek, “Erkning zuvalasi o‘tdan, bulbul ko‘z yoshidan, sutdan” qorilgan ekan:

Fursat – oltin chig‘iriq,
Zamon momo ip eshar.
Ming yillarning nuqtasi
Urchug‘ida tutashar…

Bek desam bekday, to‘ram desam to‘raday azizim Ibrohimjon aka saksonga kiryapti. Yuz yoshda ham qalami qo‘lidan tushmasin, menga esa u baxtli onlarda u kishimga mehr bilan bir piyola choy  uzatish nasib etsin, deyman!

Ikki so‘z zargari, ikki so‘z oshig‘i, ikki so‘z sinchisi ozod, obod davlat bunyod etgan Adiblar xiyoboniga, g‘azal mulki sultonining muhtasham haykaliga, uzoq yillar o‘zlari bilan birga ijod bog‘idan igna bilan quduq qazib badiiyatning kavsar buloqlarini ochganu u yerda bronzaga aylangan qadrdon siymolarga, Yozuvchilar uyushmasining yangi, betakror binosiga boqib yangi satrlar, yangi asarlar, yangi tarjimalar ustida o‘y surmoqdalar. Hayot va ijod esa shiddatli odimlar-la davom etmoqda!

Yangiboy Qo‘chqorov,

Yozuvchilar uyushmasi a’zosi,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi