Rustam Musurmon. Vaqt ranglarining musavviri edi

Ustoz Ravshan Fayzni xotirlab

Taniqli shoir Ravshan Fayzning 1990 yilda G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida bosilgan “Tashrif” nomli ilk kitobida “Vaqt ranglari” nomli she’r bor.

Men o‘ynab qolibman bolalik bilan…
Yillar – imkonlarim ketib qolibdi.
Yillar ranglarimni o‘g‘irlabdilar.
Men o‘zimcha o‘rik, uzum tusasam,
Onam menga turshak, mayiz berdilar.

Ravshan Fayz musavvirona mahorat sohibi edi. Umrning beg‘ubor navbahorini, rang-barang gullar, yam-yashil maysalarni ulug‘lash shoir she’riyatining asosiy mazmun-mundarijasini tashkil etadi. Ranglar ko‘chma ma’noni ifodalaydi. Shu ma’noda vaqt ranglari – bolalik, yoshlik va go‘zallikni, mehr-muhabbatni, insonning ezgu amallarini anglatadi. Vaqt ranglari…

1988 yilning yozi edi. Talabalik o‘rtog‘im Bobomurod Eraliyev bilan mashqlarimni Ravshan Fayzga olib borgandik. Ravshan aka u paytlar “Yoshlik” jurnalining she’riyat bo‘limida ishlar edi. Bizni iliq kutib oldi. Bir she’rda yurakni qoziqqa bog‘lab qo‘yilgan duldul otga qiyoslagan edim. Faqat bu “ot”ning ozig‘i – beda emas, yem emas, mehr. U mendan boshqa odamning ko‘ziga ko‘rinmaydi (ya’ni yuragimda nimalar kechgani faqat o‘zimga ma’lum-ku). Ammo mening o‘zim unga yemish tutsam, yemaydi (axir, o‘zim o‘zimga mehr berolmayman, o‘z-o‘zini yaxshi ko‘rish xudbinlik bo‘ladi). Shuning uchun ko‘ksimdagi duldul suluvlarning qo‘lidan oziqlanib o‘rgangan. Oxiri bir parini olib qochar yugurib, meni sudrab ketadi qozig‘ini sug‘urib… Bu tashbeh Ravshan akaga ma’qul bo‘ldi.

– Men bir narsaning nomini boshqacha atashni yaxshi ko‘raman, – dedi u qo‘lidagi qalamini aylantirib. – Aytaylik, mana shu qalamni ko‘pchilik “qalam” deydi, men unaqa degim kelmaydi, masalan, “yurak tilmochi” yoki “olmosdan ham o‘tkir tig‘”mi, nima bo‘lsa ham, boshqacha nomlagim keladi qalamni.

Ravshan akaning bu gapi badiiy adabiyot, she’riyat mohiyatining ulkan xulosasi edi. Men uning ma’nisini ancha keyin angladim.

Bobomurod Eraliyevning:

Tun bo‘yi gul terib uxlamas ayol
Devorga osilgan so‘zonalardan”,

degan misralarini o‘qidi.

– Qarang, tun-kechalar devordagi kashtalarni barmoqlarida g‘ijimlab-o‘ynab, yor xayoli ila bedor yotgan, kuyovini intizor kutayotgan kelinchakning go‘zal tasviri.

Tasvirda asosiy va birinchi darajali narsadan chetlashib qochib, orqa plandagi ikkinchi darajali narsalar qalamga olinganda, o‘sha birinchi darajali narsa yanada bo‘rtib ko‘rinadi, yorqin aks etadi. O‘sha asosiy bo‘lmagan narsalarning hammasi asosiy narsani ifodalashga xizmat qiladi. Bu bamisoli mozaikaday: turli-tuman rang va hajmdagi mayda toshchalar devordagi sahnga yopishtirilib, ulardan muayyan voqea-hodisa yoki inson qiyofasi shakllantiriladi.

Shoirlar boshni aylantiradilar, bir gapni to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytish o‘rniga o‘sha gapning atrofida aylanib yuradilar, qulog‘ing qani desang, o‘ng qo‘li bilan yaqindagi o‘ng qulog‘ini ko‘rsatish o‘rniga, o‘ng qo‘lini boshi uzra aylantirib chap qulog‘ini ko‘rsatadilar, deyishadi. Bu to‘g‘ri. Ravshan Fayzning “Bir narsaning nomini boshqacha atashni yaxshi ko‘raman” degan gapiga mutanosib. Shoirlik san’ati mana shunda.

Oynaga qarasangiz, aksingiz ko‘rinadi, derazadan boqsangiz, tashqaridagi gullar, daraxtlar…

Bu yerda siz, oyna, oynadagi aksingiz va siz, deraza oynagi, oynak ortidagi gullar, daraxtlar uchligi mavjud.

Gap mana shu uchlikning qaysi biridan badiiy vosita sifatida foydalanishda. Ushbu uch birlikka ijodkorlar uch xil yondoshadilar:

Kimdir faqat o‘zini, oynasiz tasvirlaydi. Manzarani to‘g‘ridan-to‘g‘ri bayon etadi. Bunda oyna va oynadagi aks chetda qoladi.

Ayrimlar oynadagi aksga, manzaraga murojaat etadilar. Manzaraning o‘zi yoki aks egasi hamda ularni ko‘rsatib turgan oyna “o‘yindan tashqari holatda” qolib ketadi.

Odamlar oynaga qaraganda undagi aksni tomosha qilib, o‘sha aksni ko‘rsatib turgan oynani unutib qo‘yadilar. Yoki derazadan ko‘rinib turgan tabiat manzarasiga mahliyo bo‘lib, deraza oynaklarini esdan chiqaradilar. Axir, siz va aksingiz, nigohingiz va tashqaridagi manzara o‘rtasida oyna bor-ku. O‘sha oynani qora parda bilan to‘sib qo‘ying-chi, bir nima ko‘rinarmikin.

Badiiy asar o‘sha oyna bo‘lmog‘i kerak. Mayli, unga qaraganlar, undagi tasvirga mahliyo bo‘lib, oynani unutib qo‘ysinlar. Ana o‘shanda badiiy asar tabiiy chiqadi. So‘zning qudrati mana shunda. Shu ma’noda “Adabiyot – hayot ko‘zgusi” degan gap to‘g‘ri.

Ravshan Fayzning “Bir narsaning nomini boshqacha atashni yaxshi ko‘raman” degan gaplarini eslab, xayolimdan shunday fikrlar kechdi.

Ravshan Fayz o‘z ijodi davomida narsalarning juda ko‘p yangi nomlarini topdi, betakror she’rlar yaratdi. She’rlarini elu yurtning, inson ko‘ngli va tuyg‘ularining yangi nomlari bilan bezadi.

Mana, yilning yangi nomi. Vaqt ranglarining yana bitta surati:

To‘rtta ko‘ylagi bor
Va bitta o‘zi
Kiysa, bor umriga bemalol yetar,
Lekin u zo‘ravon ko‘nglimni buzib,
Har gal bir ko‘ylagim to‘zdirib ketar.

Kiyimning yangisi, do‘stning eskisi yaxshi, deganlariday do‘st o‘zgarmaydi, kiyim o‘zgaradi. “Sendan bir necha ko‘ylakni ko‘p yirtganman”, degan iborani ham o‘z bag‘riga singdirib yuboradi Ravshan Fayzning “Yil” degan she’ri. ha, bizdan bir necha ko‘ylakni ko‘p yirtgan, bizdan bir necha barobar mahoratli shoir edi Ravshan Fayz. U ayniqsa, yosh shoirlarga nihoyatda mehribon ustoz edi. Yoshlarni o‘ziga teng ko‘rib, samimiy suhbatlashardi. Shuning uchun Ravshan akadan dilimizdagi gapni hecham yashirmas edik.

Darvoqe, Ravshan Fayzga olib borgan mashqlarimdan beshtasi “Yoshlik” jurnalining 1989 yil birinchi sonida bir sahifa qilib chop etildi. Bu mening matbuotda ilk chiqishim edi. Ravshan Fayzning sharofati bilan yangi she’rlar yozishga ishonchim va intilishim yanada kuchaydi. U kishi yana menga o‘xshagan juda ko‘p yoshlarga ustozlik qildi, ijodda to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatdi. “Kamalak” yoshlar nashriyotida ishlagan paytlarida “O‘zbekiston yosh shoirlari” ruknida Salim Ashur, G‘ulom Mirzo, Qo‘chqor Norqobil, Yusuf Xudoyqul kabi o‘nlab tengdoshlarimning ilk kitoblarini tayyorlab, ularga o‘zi muharrirlik qildi. O‘sha ruknda mening ham “Ruhimning tovushi” (1995) nomli she’rlar to‘plamim Ravshan Fayzning jonkuyarligi tufayli nashr etildi.

Ravshan Fayz faqat talabchan muharrirligi, mehribon akaligi, dilkash insonligi bilan emas, o‘zining betakror she’rlari bilan ham barchaga ibrat ko‘rsatar edi.

Esimda, 1991 yil “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida e’lon qilingan bir turkum she’rlarini o‘qib, hayajonlanib yurganlarim. Ayniqsa, Vatan haqidagi she’ri yorqin obrazlarga boyligi tufayli bir o‘qishdayoq yodimda qolib ketgan. She’r obrazi bilan esda qoladi va hech qachon unutilmaydi.

Ey ota yurt, ey tug‘ishgan el,
Men bir o‘smir, men bitta gulni
Orzu-havas degan tanti yel
Qay bir bahor bag‘ringdan yuldi.

So‘ng taqdirga rahmatlar aytib,
O‘shal yuksak orzumga yetdim –
Tinim bilmas devona, daydi
Shamollarga aylanib ketdim.

Ulangandim yuragim bilan
Axir sening jonu jismingga.
Bukun dunyo baribir bir kam,
Orzuim yo‘q, armonlar mingta.

Endi tunlar yuragim og‘rir,
Sog‘inaman seni, qishlog‘im,
Dashtlaringni eslayman og‘ir
Qoyalarga urilgan chog‘im.

Turib-turib keladi ko‘rgim,
Sen-chi, sen ham sado bergin, hoy!
Bilinarmi hali ham o‘rnim,
Og‘riydimi men yulingan joy?!

– Ravshan aka, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”da zo‘r she’rlaringiz chiqibdi, tabriklayman, – degan edim.

– Hech kim zo‘r demayapti-ku, – dedilar…

Ravshan Fayz mehribon do‘st edi. 1992 yilning kuzida shoir Chori Avaz vafot etdi. hammamiz chuqur qayg‘uda qoldik. Ravshan aka hozirgi “Sharq” nashriyoti yonidagi 12 qavatli binoning yonida avtobus tashkil qildi. Bir avtobus shoirlar Ravshan Fayz boshchiligida G‘uzorga borib keldik. U do‘sti Chori Avazga yo‘qlov aytdi.

Sorbon so‘zlab qaytadur,
Bo‘ta bo‘zlab qaytadur.
Og‘ir karvon G‘uzorday
Yurtni ko‘zlab qaytadur.

Keksa-yoshga yoqqan do‘st,
Quyoshga tik boqqan do‘st.
Og‘zi oshga yetganda
Burnidan qon oqqan do‘st…

Bu ham Ravshan Fayz she’riyatidagi vaqt ranglaridan biri.

Hayot doimo boshingni silayvermaydi. Gazeta-jurnallar tahririyatlarida hamisha ham Ravshan Fayzga o‘xshagan – yoshlarga g‘amxo‘r muharrirlar o‘tiravermaydi. Keyinchalik o‘zim ham “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining nazm va nasr bo‘limida ishladim. Biroq Ravshan Fayzdek bo‘loldimmi-yo‘qmi, bilmadim…

O‘sha paytda gazeta tahririyatida ishlamas edim. Gazetaga bergan she’rlarimning taqdirini bilish uchun yo‘lga chiqdim. Nega berishmayapti ekan, ancha vaqt bo‘ldi-ku… Yoki… Ma’qul deyishgandi-ku… Nima qilsam ekan?… Ichimdan xo‘rsinaman… Nima xayolda ketayapman-u, biroq o‘z odatimni tark etmadim. Ko‘kaldosh madrasasi yonidagi eski kitoblar do‘koniga burildim. Javonlardagi eski kitoblarning hammasini birma-bir qo‘ldan o‘tkazdim. Bir-ikkita noyob kitob tanladim. Bu xazinaning ichida ikki soatdan ko‘proq vaqt sarfladim. Topgan boyligimni qo‘ltiqlab, trolleybusga chiqdim. Orqadagi bo‘sh joyga o‘tirib, kitoblarni katta mamnuniyat bilan varaqlay boshladim. Beixtiyor kimningdir menga tikilib turganini sezdim. Boshimni ko‘tarib qarasam, Ravshan aka jilmayib turibdi. Darhol o‘rnimdan turib, u kishiga joy bo‘shatdim. O‘tirmayman, dedi. Qo‘limdagi kitoblarni ko‘rdi. Oynadan ko‘chaga boqqancha gaplashib ketdik. Men o‘z dardi holimni arz etdim.

– Parvo qilma, eng muhimi, yozyapsanmi, bo‘ldi. Yozaver, shoshilma, bir kuni chiqadi.

Men u kishidan nega anchadan buyon matbuotda ko‘rinmayotganini so‘radim.

– She’rlarimni gazetalarga berishga qiziqmay qo‘ydim…

Men uning so‘zlarini hafsalasizlikka yo‘ydim. hozir qayerda ishlayotganini so‘radim.

– hech qayerda ishlamayapman, – dedi u.

Ravshan Fayzning ushbu holati, gaplari, qarashlari dunyodan qo‘l silkigan darveshga o‘xshar edi. Go‘yo hamma narsaga befarq, beparvo…

Yo‘q, aslida bunday emas edi. Aslida Ravshan Fayz tinimsiz yozayotgan edi. Aslida men bilan gaplashib turgan shu holatda bus-butun bir kitob tuzib qo‘ygan edi Ravshan aka.

Amir Temur xiyoboniga yetganimizda Ravshan akaga imo qildim:

– Ketdik, tushamiz.

– Yo‘q, men vokzalga ketyapman, birovni kuzatishim kerak…

Biz shunday xayrlashdik. Ravshan aka menga nimanidir aytmoqchiday, men esa nimanidir anglamay qolganday edim…

Men yo‘lda tushib qoldim, Ravshan aka vokzalga ketdi.

Ravshan Fayzning “Kimlarni kuzatdim poyezdga” she’rini o‘qiganimda bizning o‘sha uchrashuvimiz yodimga tushaveradi.

Kimlarni kuzatdim poyezdga,
Ming marta yuragim yalindi menga,
Xudoning zorini qildi ko‘p ko‘nglim.
Men esa shu buyuk xohishni yenga
Tanish-bilishlarning shartiga ko‘ndim.

Kimlarni poyezdga kuzatdim ming bor,
Kimni kutib oldim qo‘nalg‘alarda.
Qachon ketib bo‘ldi, yo rabbiy, bahor,
Kuz ham kirib kepti qachon shaharga.

Qishloqqa ketdik deb yig‘lab yuragim,
Qovog‘imga qarab kun sayin seldir.
Men esa o‘y surib o‘tiribman jim:
Ataylab ko‘rgani kelmaydi kimdir…”

Kelganning bariga mayoqman yo rab,
Kutib-kuzataman shomu saharda.
Ayting, ne bo‘lardi birov ataylab,
Hol so‘rab ko‘rgani kelsa bir marta…

Ha, o‘sha damda Ravshan Fayz oxiri ko‘ngilning xohishiga kirgan edi.

U qishlog‘iga ketdi. Faqat poyezdda emas, noma’lum yo‘lovchi mashinada bemahal ketdi. Buni hech kim ko‘rmay qoldi, bilmay qoldi…

Bir kuni ustoz Mahmud Sa’diyni mashina sal turtib ketibdi.

Biz ko‘rgani kasalxonaga borganimizda ustoz ho‘ngrab yig‘lab yubordi.

– Men o‘zimga emas, Ravshanga yig‘layapman, – dedi u. – Men-ku sog‘ qoldim, Ravshan-chi, eh, Ravshan…

Ravshan akani katta-yu kichik – hamma yaxshi ko‘rar edi.

Bilinarmi hali ham o‘rnim,
Og‘riydimi men yulingan joy?!

Satrlari hecham yodimdan chiqmaydi. hamon Ravshan Fayzning o‘rni juda bilinadi. hamon Ravshan Fayz yulingan joy qattiq og‘riydi.

“Yoshlik” jurnali, 2015 yil, 7-son