Qudrat Do‘stmuhammad. Kitob olamida nima gaplar?

Bu gaplar kitob o‘qishga odatlangan, bir emas, bir necha yoki hamma ilm yo‘nalishlariga qiziqadigan odamlarga mo‘ljallangan bo‘lsa-da, kitob olamiga endi kirib kelayotganlar uchun ham nimasi bilandir foydali bo‘lishi shak-shubhasiz. Mabodo, maqola sizni qiziqtirmay qo‘ysa, sabr tilayman, “tesha tegmagan” gaplarni ham uchratib qolishingizga ishonaman.

 

Kitob tanlash odatlarim

Kitob do‘konlariga tez-tez kirib, yoyma bozorlarni kuzatib yuradigan odam o‘zi uchun yangilikni bir pasda topib oladi. Yangilik bo‘lgan kitobning o‘zi “mana man!” deb turadi. Kitobning o‘zi yangi bo‘lmasligi mumkin…

Havo ochiq kunlarning birida, ko‘chadagi kitob yoymasiga yaqinlashib qolganimda, qalin bir kitobga ko‘zim tushib, yuragim hapriqib ketdi. Yaqin borib qarasam, xuddi o‘zi: o‘sha, men anchadan beri izlab yurganim, o‘tgan asrning 50-yillari (aniqrog‘i, 1954 yil)da Moskvada chop etilgan “Russko-uzbekskiy slovar”! Egasi aytgan pulni indamay chiqarib beraman, deb ahd qilib yurardim. Yoyma egasi – rus ayoliga, aytganidan ham ko‘proq pul bersam, hayron bo‘ldi. “Olavering, qidirib yurgandim, axir bir kun uchrab qolishiga ishonardim”, – dedim.

Bu satrlarni o‘qigan odam: “Bunaqa kitob anqoning urug‘imidi? Ana, o‘zimizda ham chiqdiku, ikki jildlik lug‘at, hamma kitob do‘konlaridan topiladi”, – deyishi mumkin. To‘g‘ri, 2013 yili Toshkentimizda nashr etilgan shu ikki jildlik kitobim bo‘la turib, o‘sha eskisini orzu qildim. Buning sabablari haqida quyiroqda aytaman.

 

* * *

Yangigina nashrdan chiqqan, notanish kitob, avvalo, tashqi ko‘rinishi bilan diqqatimni tortadi. Nomiga, muallifiga va nashriyotiga qarayman. Ular haqida bir nima bilamanmi, yo‘qmi, xayolimdan o‘tadi. Kitobning qisqacha mazmuni (annotatsiya)ni o‘qiyman, shunda kitob meni qiziqtiradimi, yo‘qmi, ma’lum bo‘ladi. Natijadan qat’i nazar, mundarijani ochaman. Bu menga ko‘proq malumot beradi. Qiziq tuyulgan mavzu sahifasini ochaman, cho‘qilab o‘qiyman. Kitobni sotib olishim yo olmasligim ko‘pincha shu bosqichda ma’lum bo‘ladi. Kitobni shirillatib varaqlayman, nimalardir (rasmlar, fotolar, jadvallar va boshqa narsalar) e’tiborimni tortadi. Bir qarorga kelolmasam, nashr ma’lumotlariga qarayman: muallifning familiyasi, ismi, otasi ismi (f.i.o.)ga, muharrir, texnik muharrir, sahifalovchi, rassom va boshqalarga qarayman. Kimnidir tanishim mumkin…

Shuncha ishdan keyin ham bir qarorga kelolmasam, kitobning sifatiga: qog‘ozi, muqovasi, taxlamiga qarayman. Agar kitobni yopib, muqovasini silab-siypab qo‘ysam, demak, sotib olar ekanman.

Bunday holatni keyinroq o‘zim ham sezib qoldim.

 

Kitob o‘qish odatlarim

Kitob sotib olingan kunni birinchi sahifaga yozib qo‘yaman. Agar u meni juda qiziqtirib qolgan bo‘lsa, o‘sha kuniyoq o‘qishga tushaman va bu kunni matn boshiga yozib qo‘yaman. Qiziqishim susaymasa, bir sidra o‘qib ketaveraman, aks holda varaqlab-varaqlab, qiziqarli yeridan davom etaman. O‘qish jarayonida imlo xatolarni tuzataman, stilistika buzilgan bo‘lsa, tagiga ilonizi chiziq tortaman, notanish so‘zlarning tagiga chizaman, ma’nosini lug‘atlardan topib, sahifa chetiga yozib qo‘yaman, tagida kun sanasini ko‘rsataman. Kitobdagi gaplarga nisbatan fikrim yo munosabatim bo‘lsa, ularni ham o‘sha sahifa hoshiyasiga yozaman. Keyinroq, bu fikrlarim noto‘g‘riligini bilib qolsam, uni ham aytib qo‘yaman, yangisi bo‘lsa, yana qo‘shaman. Xullas, hozirgi sahifalar hoshiyasi menga torlik qilib qoladi, mayda harflar bilan yozishga to‘g‘ri keladi, keyin o‘zim lupa bilan o‘qib yuraman.

Kitobni bir o‘qishdayoq tugatib qo‘yadigan holatlar kam bo‘ladi. Qiziqishim susayib qolganda, tashlab qo‘yaman, bir vaqtlar kelib yana qo‘lga olaman.

Ko‘rinib turibdiki, kitobni “puf-puf”lab, avaylamayman, bu, balki, yaxshi ish emasdir, har holda, kitob chiqarish juda rivojlanib ketgan hozirgi vaqt uchun mumkin, deb hisoblayman. Shunaqa ayovsiz bo‘lganim uchun ham qo‘limdan o‘tgan kitobning qimmati baland bo‘ladi, chunki unda munosabat bor, yangi fikrlar bor, mendan keyin o‘qiydigan odam uchun foydali bo‘ladi.

Munosabatlarimni va fikrlarimni yozib qo‘yish odatimni har qanaqa turdagi kitoblarga qo‘llayman. Badiiy asarlarni o‘qiganimda “ishonib bo‘lmaydi” degan so‘zlarni ko‘p yozaman.

 

Biri boshqasiga sabab bo‘lgan kitoblar

Ustozlarimiz, kitobni qayta-qayta o‘qish kerak, deyishgan. Juda to‘g‘ri o‘git! Men ham shunga amal qilaman. Qayta o‘qish uchun bir sabab – maqsad bo‘lishi kerak, oldimga aniq maqsad qo‘yib, keyin o‘qiyman, ba’zan bir sidira, ya’ni boshdan-oyoq, ba’zan cho‘qilab-cho‘qilab.

Aleksandr Dyumaning “Koroleva Margo” (rus tilida o‘qiganim uchun, nomini ham ruscha yozdim) romanini o‘qiganimda 10-sinfda o‘qir edim, yetmish to‘rt yoshga kirganimda ikkinchi marta o‘qidim. Mashhur yozuvchi Stefan Sveygning “Mariya Styuart” nomli biografik romani sabab bo‘ldi. Buning ham sababi bor: jamiyatimizdagi muammolardan iztirob chekardim.

Mariya Styuart shaxsi haqida turli vaziyatlarda yuzaki ma’lumotlar eshitib yurardim: Angliya qirolichasi, o‘z yurtida o‘limga mahkum etilib, kallasi olingan.

Bu gaplar gohi-gohida meni dahshatga solardi, “Podshoh bo‘lsa ham kallasini olishibdi-ya! Nima gunoh qilgan ekan? Xalq o‘z podshohini ham o‘ldirar ekanmi?” kabi gaplar xayolimdan o‘tardi. Beixtiyor, Ruminiya davlati rahbari, diktator Nikolaye Chausheskuning fojeali o‘limi yodimga tushardi.

Ana shular menga tinchlik bermas edi. “Mariya Styuart”ni o‘qigim kelaverdi, kitobni qidirmadim, hech kimdan so‘ramadim, axir bir kun yoyma bozorda uchrab qoldi, tezda sotib oldim, xuddi birov oldinroq olib qo‘yadigandek. O‘sha kuniyoq (2014 y., 22 sentyabr) o‘qishga tushib, 18 kunda tugatdim.

 

* * *

Mariya Styuartning shaxsi haqida quyidagi eng muhim ma’lumotlarni bilib oldim: Angliyaning emas, Shotlandiyaning qirolichasi bo‘lgan ekan; Shotlandiya – Buyuk Britaniya orolining shimoliy qismidagi, Angliya – janubiy qismidagi, bir-biriga qo‘shni qirolliklar bo‘lgan; birida – Mariya, ikkinchisida – unga qaysidir ajdodlari orqali qarindoshchiligi bo‘lgan Yelizaveta hukmronlik qilishgan; Mariya 1542 yili tug‘ilib, 45 yoshida qatl etilgan; onasi Frantsiya qiroli saroy a’yonlarining qizi bo‘lib, u ham 45 yil yashagan; 1561 yili Mariyaga Shotlandiya taxti meros qolgach, faqat o‘zining aysh-ishratini o‘ylagan, raqibi Yelizaveta singari (uning oilasi ham, farzandi ham bo‘lmagan) elim-yurtim demagan; xalq ham, saroy a’yonlari ham Mariyadan norozi bo‘lishgan, podshoh Xudoning yerdagi soyasi, deb chidab yuraverishgan; bu ikki qirolicha bir-biri bilan uchrashmagan, bir-birini yomon ko‘rgan, lekin xat orqali munofiqlik qilib turishgan; Mariya 23 yoshida shotlandiyalik zodagonlardan birining 19 yashar o‘g‘liga turmushga chiqadi va 1566 yilda o‘g‘il farzand ko‘radi; Shotlandiya qiroli degan nomga sazovor bo‘lgan kuyovning hurmatini joyiga qo‘ymaganidan keyin, u arazlab, ota-onasi yashab turgan Glazgo shahrigaga ketib qoladi va, deyarli yosh bola emasmi, chechak bilan og‘rib qoladi; Mariya saroydagi qurolli guruh boshlig‘i Bosuel bilan “donlashib” qoladi; endi zudlik bilan gunohni berkitish kerak; buning birdan-bir yo‘li qirolni yo‘qotib, tezdan yangi nikoh qurish bo‘lgan; Bosuel Mariyani shu ishga majbur qiladi; Mariya qish chillasida, mulozimlari bilan otda ikki kun yo‘l yurib, Glazgo shahriga, qaynotasining uyiga yetib boradi; “Qirolni olib ketib, o‘zim davolataman” deb turvoladi; bir necha kun mehmon bo‘lib, hammani ko‘ndiradi; nihoyat, kasali tuzalmagan qirolni usti ochiq aravaga yotqizib, o‘rab-chirmab, o‘z poytaxti Edinburgga yo‘l oladi; yetib kelishgach, saroyga kasal tarqatmaylik, degan bahona bilan, Bosuel bir ovloqda tayyorlab qo‘ygan uyga qo‘nishadi; uy kichkina va chekka joyda bo‘lsa ham shohona jihozlangan edi; Mariya ham shu uyda goh-goh tunab, qirolga mehribonlik qilib turadi; saroyda kimnidir nikoh to‘yi tashkil etilgan tunda, Mariya qirolning yoniga bormaydi; xuddi shu tunda ovloqdagi uy portlab, ichida kim bo‘lsa, hammasi halok bo‘ladi; endi qirolligidan asar qolmagan kuyovning otasi da’vogarlik qiladi, sud bo‘ladi; Bosuel: “Bu ish falonchining qo‘lidan kelgan”, deb aytgan odamning kallasini olaman, deya ochiqdan-ochiq po‘ppisa qiladi; bundan sud hay’ati ham, kuyovning otasi ham qo‘rqishadi, qotillik bosdi-bosdi bo‘ladi; mamlakatda Mariyadan noroziliklar kuchayib ketadi, qurolli g‘alayonlar yuzaga keladi; Mariya bir necha mulozimi bilan qochib, Angliyaga o‘tib ketadi; bundan xabar topgan Yelizaveta Mariyaga boshpana berib, uy qamog‘ida ushlaydi; moddiy yordam beradi, nafaqa tayinlaydi, sayrlarga chiqib turishga ruxsat beradi; shunday axvol yigirma yil davom etadi; Mariyaning odamlari, uni qutqarish uchun Yelizavetaga suiqasd uyushtirishga kirishadilar, Mariya ularga yozgan xatida rozilik beradi; xuddi shu yozma rozilik sababli, 1587 yilning 8-fevrali tongida Shotlandiya qirolichasi Mariya Styuartning boshi tanidan judo qilinadi.

 

* * *

Ko‘zyoshlarim tinib, titroqlarim bosilgach, tafsilotlar birin-ketin yuzaga qalqib chiqaverdi. Mariyaning qatl etilishi Angliyada bayram bo‘lib ketadi, Shotlandiya aholisi qanday qabul qilgani haqida roman-biografiyada hech gap yo‘q. Bu vaqtda Mariyaning 21 yashar o‘g‘li “Iakov VI” nomi ostida, onasining o‘rniga qirollik qilib turardi. U onasining taqdiri bilan hech qiziqmagan, qatlni eshitgach, yo‘liga bir-ikki po‘ppisa qilib qo‘yadi. Yelizavetaning bir diplomati Iakov yoniga kelib, quyuq va’da beradi, ya’ni Iakov, keyinchalik, Angliya taxtiga ham vorislik qilishi mumkinligini aytadi. Yelizaveta bu vaqtda 54 yashar edi, yana 16 yil hukmronlik qilgach, vafot etadi va Iakov VI rostdan ham Shotlandiya va Angliya qiroli, deb e’lon qilinadi. Shundan keyin, ikki mamlakat qo‘shilib ketib, dunyodagi eng kuchli davlatlardan biriga aylanadi.

 

* * *

Endi, nima uchun “Mariya Styuart” “Koroleva Margo”ni qayta o‘qishimga sabab bo‘lganini aytish mavridi keldi.

Mariya uy qamog‘ida besh yil o‘tirgan kunlarning birida, aniqrog‘i, 1572 yilning 23 avgustidan 24 avgustga o‘tar tunda Frantsiyada dahshatli qirg‘in-barot bo‘ladi: eski oqimdagi katoliklar yangi oqim tarafdorlari – protestantlarni o‘ldirishga tushadilar. Tarixda “Varfolomeevskaya noch” deb nom qoldirgan bu fojea bir necha kun davom etadi. Dyumaning asari ana shu voqealarga bag‘ishlangan, buni men kitobni birinchi marta o‘qiganimdan bilardim. O‘sha voqea “Mariya Styuart”da ham aytilgan. Bu qirg‘inni boshlaganlar orasida Mariya Styuartning tog‘alari (de Giz avlodi) ham bor edi. Shundoq katta va kuchli odamlar o‘z jiyani bo‘lmish Mariyani qamoqdan ozod etish uchun, nahotki, hech nima qilmagan bo‘lishsa, degan savol menga tinchlik bermadi va salkam oltmish yildan keyin “Koroleva Margo”ni ikkinchi marta o‘qidim. Savolimga javob topolmadim, lekin kitobni mazza qilib, qayta o‘qidim, yangi taassurotlar oldim. Yoshligimda sarguzashtlardan ta’sirlangan bo‘lsam, endi, qarigan chog‘imda, kitobning ijtimoiy zalvorini tuydim, Dyumaning mahoratiga qoyil qoldim, asarni odob bilan yozgani uchun tasannolar aytdim, asarning bironta detaliga e’tiroz qilomadim, “ishonib bo‘lmaydi” degan so‘zlarni umuman ishlata olmadim. Umri uzoq asar mana bunaqa bo‘ladi, deb xulosa qildim.

 

* * *

“Mariya Styuart” Shekspir asarlaridan “Gamlet”ni qayta o‘qishimga, “Makbet”ni ilk bora o‘qishimga sabab bo‘ldi.

Gap shundaki, Mariya Styuart qatl etilgan paytlarda Shekspir navqiron 23 yoshda bo‘lgan. Butun Angliya xalqi bayram qilvorgan bir paytda Shekspir bir chetda turarmidi? U ham Mariya Styuart kimligini bilgan, qilgan ishlaridan xabardor bo‘lgan. Eri – qirolni kasal yotgan joyidan avrab obkelib, o‘ldirtirib yuborganidan ta’sirlangan bo‘lishi shubhasiz, o‘sha voqealar asosida “Gamlet”ni yozgan. Bu farazni Stefan Sveyg aytgan. “Makbet” ham shunga yaqinroq asar ekan.

Shekspir “Gamlet” voqealarini Daniya qirolligiga ko‘chirganiga e’tibor berdim va ko‘nglimga: “Angliyadek mamlakatda bundan deyarli 500 yil ilgari tsenzura degan baloyi azim bo‘lgan ekan-da? Daniya qirolligi Shekspirga, nega bizga tuhmat toshini otayapsan, deyishi mumkin edi”, – degan fikr keldi.

 

* * *

Boshdan-oyoq qayta o‘qigan kitoblarim ichida Lev Tolstoyning ikki romani bor: “Anna Karenina”ni birinchi marta 38, ikkinchi marta – 57 yoshimda, “Voskreseniye”ni 29 va 50 yoshimda o‘qib tushirganman. Qayta o‘qishimga Lev Tolstoyning falsafiy mulohazalari turtki bergan. Ularni alohida bir daftarga ko‘chirib olgandim, vaqt o‘tgan sari ko‘z yugurtirib turardim. Keyin konspektlarimga qanoat qilmay, kitoblarning o‘zini qayta o‘qishga ehtiyoj sezganman.

 

* * *

Bir kitob boshqa kitoblarni o‘qishimga sabab bo‘lishi haqida misollarim juda ko‘p. Masalan, Qur’oni karimning o‘zbekcha ma’nolarini o‘qish-o‘rganishdan islom tarixiga, keyin arab istilosiga oid kitoblarga o‘tganman. Tarixiy voqealar meni boshqa taraflarga oqizib ketdi. Ma’lumki, arablarga Xuroson va Movarounnahr xalqlari qattiq qarshilik ko‘rsatishgan, kuchlari yetmay qolgan paytlarda sharq taraflarda ko‘chib yuradigan jangovor turk elatlarini yordamga chaqirishgan. Shundan keyin turkiy xalqlar tarixi bo‘yicha katta mutaxassis – Lev Gumilevning asarlarini o‘qishga ehtiyoj uyg‘ondi. Bu mavzu meni eramizdan taxminan 6 ming yil ilgari hukm surgan Shumer davlatiga, payg‘ambarlar otasi Ibrohim alayhissalomga yetaklab keldi, yana Qur’onga bog‘landim. Bu yoqda hali, turklar yoyilib ketgan mamlakatlardagi xalqlar tarixi meni kutib turibdi, Yaratgan Egam nasib etganicha ularni ham o‘qib o‘rganaman. Tarixchi ham, etnograf ham emasman, bironta yangi gap aytolmayman, lekin oddiy bir o‘quvchi sifatida taassurotlarimni yozib qoldirmoqchiman, kimgadir nafi tegib qolar, inshaolloh!

 

Hozirgi kitoblar

Yuqorida, ruscha-o‘zbekcha lug‘atlar haqida gap boshlagan edim, mana, endi, nima uchun eski nashrni izlaganim sababini aytaman.

O‘sha kitobni yoymadan oldimu ichini ochmayoq muqovasini to‘yib-to‘yib siladim. U yoq-bu yog‘ini aylantirib-aylantirib, ko‘zdan kechirdim. Juda qalin (1046 sahifa!) emasmi, muqovaning buklanadigan joylari ozgina uringan, lekin ichki taraflari but-butun, muqova ajralib yo qiyshayib ketmagan, kitobning “tanasi” (qalin tomoni)ga jips yopishib turibdi. Shirillatib varaqladim, hech qanaqa nuqson topmadim. Uyga olib kelgach, birinchi qilgan ishim – o‘tib ketgan imlo xatolarni tuzatib qo‘yish bo‘ldi.

Odatda, kitoblarning oxirgi sahifasiga nashrda yo‘l qo‘yilgan xatolar ko‘rsatilgan bir parcha qog‘oz yopishtirib qo‘yiladi, “tuzatishlar” yoki “muhim tuzatishlar” deb ataladi. Bu lug‘atda ham shunday qog‘oz bor ekan, 28 ta xato ko‘rsatilgan. Har bittasini sahifalardan topib, tuzatib, qog‘ozdagi yozuv ustidan chiziq tortdim. Kitobning lug‘at qismi tugagach, rus tili grammatikasiga oid asosiy qoidalar berilgan. Bu, lug‘at uchun juda muhim.

O‘zimizda, 2013 yili nashr etilgan ruscha-o‘zbekcha lug‘at ikki jilddan iborat, muqovasi qalin va naqshinkor, chiroyli, qog‘ozi sifatli. Lekin muqovasi “tanasi”ga yopishmagan, orasi barmoq sig‘arli darajada ajrab yotibdi, qiyshayib ketgan, yopishtirilgan joylari taxlam-taxlam; har bir jildning oxirida berilgan tuzatishlar qog‘ozi odatdan tashqari katta, ya’ni topilgan xatolar soni ko‘p. Xatolarni topib yozib qo‘yishganiga rahmat, lekin tuzatishlarning o‘zi tuzatishga muhtoj! Bunga nima deyish mumkin? Shunday bo‘lgach, lug‘atning ichidagi ma’lumotlarga bemalol ishonish mumkinmi? Lug‘at tayyorlagan mutaxassislar o‘z ishlaridan foydalanishni unutib qo‘yishgan: lug‘at qismi boshlanishidan oldin “Spisok pomet i uslovnыx sokraщeniy” degan sarlavha berilgan, uning tagiga o‘zbekchasini “pometalar va shartli qisqartmalar ro‘yxati” deb yozishibdi, “pometa” so‘zining o‘zbekchasi yo‘q, go‘yo!. Vaholanki, shu lug‘atning o‘zida tarjimasi berilgan. Qayoqqa qarashgan bu mutaxassislar?! Lug‘atni yuzaki qarab chiqqanda shuncha xato! Sinchiklab o‘rganilsa, nima bo‘ladi?

Lug‘at tuzish oddiy kitob yozishdan ancha qiyin ish ekanini tushunaman, lekin boshqa bir narsani tushunmayman. Har qanday lug‘atni ilgari kimdir yozgan bo‘ladi. Bu, bizning zamonga xos. Ruscha-o‘zbekcha lug‘atlar ham bir necha marta tayyorlangan. Oxirgi kitob ilgarigilarni so‘z boshida bir eslab o‘tadi-da, shu bilan tamom! Yangi kitob muallifi sifatida salaflarning ismi ko‘rsatilmaydi, lekin ularning mehnat mahsulidan yuz foiz foydalaniladi. Mualliflik huquqlari jihatidan bunga qanday baho beriladi, bu o‘rinda qo‘chirmakashlik (ya’ni plagiat) so‘zini ishlatish mumkinmi, yo‘qmi, bir narsa deyishim qiyin.

 

* * *

1981 yili “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” ikki jild bo‘lib, birinchi marta bosildi. So‘z boyligi 60 ming deb ko‘rsatilgan. Uning ichidagi so‘zlar ancha tanqidga uchradi, kimlardir mazax qilib, “O‘TIL” deyishdi. Lekin bu kitob til o‘rganuvchilar uchun katta voqea bo‘lgan edi, hozir ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.

2006-2008 yillarda uning so‘z boyligini 80 mingga ko‘tarib, dabdabali 5 jildga joylab, nashr etishdi.

Birinchi nashr mualliflari soni 10 kishi, ikkinchisinini – 8 kishi. O‘n muallifdan faqat bittasining nomi ikkinchi nashrga kiritilgan, qolgan 9 nafar muallifning nomi o‘chib ketdi, lekin bajargan ishlari to‘laligicha keyingilarga qoldi.

 

* * *

1994 yili “Kamalak” nashriyoti ikki jilddan iborat “Arabsko-russkiy slovar”ni gazeta qog‘oziga bosib chiqardi. So‘zlar soni taxminan 42 ming, deb, ikkala jildga yozilgan. Muallifi (X.K.Baranov) ko‘rsatilmagan. Muqovasi qalin, pishiq bo‘lsa ham bir yilda “yoqavayron” bo‘b ketdi. Hay, mayli, ishlatilavergandan keyin yirtiladi, shikastlanadi, nimayam qilardik? Lekin, keyin ajabtovur ishlar bo‘ldi. Xuddi shu kitob 2011 yilda bir jild bo‘lib, o‘sha nashriyot nomidan, nashr yili 1994 ko‘rsatilib, peshtaxtalarda paydo bo‘ldi. Avvalgi ikki jildda ko‘rsatilgan 42 ming raqamlarini qo‘shib, 84 ming so‘zdan iborat deb yozishgan, vaholanki, jildlar sonidan qat’i nazar, so‘zlar soni yaxlit lug‘at uchun ko‘rsatiladi. Yana muallifning ruhi chirqirab qolavegan.

 

* * *

2013 yili nashr qilingan bir kitobni ikki muallif tayyorlagan ekan, bu haqda ikkinchi sahifada uch marta yozilgan: bir marta “Pistonchi va Palonchi”deyilgan, ikki marta “Palonchi va Pistonchi” deb yozilgan. Hammasi bitta sahifada! Bunaqa xatoni tuzatish uchun qancha aql kerak? Umuman, aql kerakmi?

2016 yili chiqqan bir kitobning ikkinchi sahifasi tepasida ikki kishi muallif sifatida ko‘rsatilibdi. Tagida kitobning qisqacha mazmuni berilgan. Mazmun tugagach, sahifaning quyi qismida boshqa ikki kishi muallif deb ko‘rsatilgan.

Ajab savdolar! Nashriyot xodimlari qayoqqa qaragan?

 

Ilmiy kitoblar qanday yozilayapti?

Sho‘rolar davrida ilmiy kitob yozish juda oson, nashr etish esa, qiyin edi. Mustaqillikka erishganimizda nashr etish ham oson ishga aylandi. Sababi – kompyuter texnikalari bilan jihozlangan kichik bosmaxonalar paydo bo‘ldi, muallif xarajatni o‘z yonidan to‘lab, o‘zi istagan miqdorda nashr ettirish imkoni tug‘ildi.

Bizda ilmiy kitob yozishning osonligiga eng asosiy sabab – ilmning amaliyotdan xoli tarzda rivojlanishidir. Sovet davrida qanday bo‘lsa, hozir ham shunday va, oqibat o‘laroq, boshqa salbiy holatlar bolalab ketgan. Bulardan eng dahshatlisi – ko‘chirmakashlik, ilmiy tilda aytganda, plagiat, keyingisi – nohalollik. Bu ikki hodisani sinonimlar deb qabul qilish ham mumkin, lekin men nohalollik deganda, “osmondan olib” yozib yuborishlarni nazarda tutayapman. Amaliyotdan ayro ketayotgan ilmda bunga imkoniyatlar katta, birovning ishi bo‘lmaydi, tekshirmaydi, tekshirolmaydi yoki inkor etolmaydi, surishtirib kelsang, o‘sha ilmning o‘zi muallifdan boshqa hech kimga kerak emas.

O‘tgan asrning 70-yillarida, Moskvada yashaydigan hamyurtimiz, mashhur matematik Halil Ahmedovich Rahmatullin O‘zbekiston Fanlar akademiyasi olimlari bilan uchrashuvda bir gap aytgan edi: “Biz ilmiy tadqiqotlarimiz mavzusini buyurtma yo‘li bilan olmaymiz, o‘zimiz tanlaymiz, o‘zimiz xohlagancha hisobot yozamiz, o‘shanda ham hisobot topshirishni paysalga solamiz”…

 

* * *

Ko‘chirmakashlikning bir manbai – o‘quv yurtlari o‘qituvchisi tayyorlaydigan konspektlardir. U darsga tayyorlanish uchun bir yo bir necha kitobni yoniga qo‘yvolib, mavzuga tegishli joylarni ko‘chirib oladi. Pedagogikada bunga ruxsat bor. O‘qituvchining qurbi yetsa, o‘zidan bir nimalarni qo‘shadi yoki o‘z tili bilan ifodalaydi. Aksar o‘qituvchilar bunday qilolmaydi. Bir marta tuzilgan konspekt yillar davomida “aylanavergach”, o‘qituvchining shaxsiy mulkiga aylanib qoladi. Uning bilimiga hech vaqo qo‘shilmagan bo‘lsa ham, vaqt o‘tgan sayin, o‘zini “alloma” his qila boshlaydi, nihoyat, almisoqdan qolgan, qog‘ozlari sarg‘ayib ketgan konspektlarini kitob holda chop etish taraddudiga tushadi.

 

* * *

Ilmi haminqadar, yozishda no‘noq, o‘zi nohalol, lekin dovrug‘ taratishda mohir “olim”lar bor, o‘zlari mansub ishlab chiqarish tarmog‘i uchun me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etayaptilar. Natijada, bunday hujjatlar asosida ishlayotganlar “mazza” qilishayapti: ishlarni pala-partish va nuqsonlar bilan bajarish imkoniyatiga ega bo‘layaptilar, chunki aytilgan me’yoriy hujjatlarda kamchiliklar, xato ko‘rsatmalar tiqilib yotibdi! Ishlab chiqilgan yangi hujjatlar Sovetlar davridagi me’yorlar darajasiga yaqinlashib ham kelmaydi!

Bu gaplar hamma tarmoqqa tegishli demoqchi emasman, bitta tarmoqdan yaxshi xabardor bo‘lganim uchun aytayapman…

Ilmiy va o‘quv muassasalari “Biz mana, bunday ishlarni bajarib qo‘ydik!” deb maqtanishga qiziqib, saviyasi pastdan ham past maqolalar to‘plamlarini chiqarib yotishibdi.

 

* * *

Shu o‘rinda oliy o‘quv yurtlarida o‘qish va o‘qitishga oid katta bir xatolik haqida aytib o‘tish lozim. Bu, siyosiy-ijtimoiy fanlar bilan bog‘liq. Agar ularning mutaxassislikka bevosita aloqasi bo‘lmasa, o‘quv rejasidan olib tashlash kerak. Bu, sovet totalitar tuzumidan qolgan, chet ellarda doim kulgi bo‘lib kelayotgan odat. Bunday fanlar o‘quv rejasining 30-40 foizini band qiladi. Bu kichkina raqam emas! Talabani har tomonlama ezib tashlaydi! Katta orzular bilan o‘qishga kirgan talabalarning birontasi o‘sha fanlar bo‘yicha darslarga o‘z ixtiyori bilan kirmaydi, qo‘rqqanidan kiradi, bir yo‘lini topsa, kirmay yuraveradi, imtihon paytida “hisoblashadi”.

Talaba: “Pul to‘lab o‘qiydigan bo‘lsam, o‘zim hoxlagan fanlarni o‘qiyman” – deyolmaydi, bunga haqqi ham yo‘q! Buning jiddiy sababi bor, bu – amaliyotdan uzilgan holda faoliyat yuritayotgan olimlar tomonidan yozilib, vazirlik tomonidan tasdiqlangan “Standart”, boshqacha aytganda, mutaxassisga talablar bor. Tuzilgan standartlarning sifati ma’lum, buni o‘z fani bo‘yicha dastur yozib bergan o‘qituvchilarning o‘zlari ham yaxshi bilishadi; “ura-ura” va “ha bo‘l-ha bo‘l!”chilik bilan tayyorlangan “Standart”lar ishlab chiqarishning talablariga javob bermaydi. Bundan qat’i nazar, yozib qo‘yildimi, tamom-vassalom, xohlasang ham o‘qiysan, dodlasang ham o‘qiysan! O‘qimay ko‘r-chi! Diplomli bo‘lishni o‘ylab qo‘y!

Aslida, mutaxassisga qo‘yiladigan talablarni ishlab chiqaruvchi korxonalar ilgari surishi kerak, ular esa bunga qodir emas, bu darajaga yetib bormagan, ishlab chiqarishga oid mavjud sharoitlarda yetib borolmaydi ham! Sabab-oqibatlar bir-biriga shunday chirmashib ketgan-ki, kalavaning uchini topib bo‘lmaydi!

Umuman olganda, ilmga, bilimga, malakaga Standart yozish to‘g‘ri ish emas, chunki standart, o‘z nomi bilan, ma’lum bir darajada qotib qolish, demakdir…

Siyosat bilimdonlari va amaldorlari tomonidan oliy o‘quv yurtlarining o‘quv rejasiga tiqishtirilgan siyosiy-ijtimoiy fanlar mutaxassislik ilmlarini o‘rganishga to‘g‘anoq bo‘ladi. Bunday fanlar olib tashlansa, mutaxassislik fanlarini rivojlantirishga katta imkoniyatlar yuzaga keladi, talaba darslarga o‘z ixtiyori bilan qatnashadi, yoziladigan kitoblar ham yuqori saviyada bo‘ladi.

 

* * *

Hozirgi kunlarda chet ellarda nashr qilingan kitoblarni, Internetga joylagan kitoblar va maqolalarni ko‘chirib olib, kompyuter yordamida rus tiliga va keyin, o‘zbek tiliga tarjima qilib, o‘z nomidan e’lon qilish va nashr etish odat tusiga kirayapti. Buning uchun nashriyotni ayblab bo‘lmaydi, albatta. Nashriyot kitob qo‘lyozmasiga taqriz talab etadi va to‘g‘ri qiladi. Taqrizni muallif uyushtiradi, matnni tayyorlab, ikkita odamga imzo chektirib oladi. Endi, gunohning katta ulushi taqrizchiga o‘tgan bo‘lishiga qaramay, unga hech kim hech nima demaydi.

Ko‘chirmakashlik shunchalik baloi azim ekan, unga qarshi kurashadigan birorta muassasa yo‘qmi, degan savol tug‘iladi.

Bor!

Men ilm yo‘liga kirganimga 52 yil bo‘ldi, ko‘plab plagiatlarni ko‘rdim, ular yuksak ilmiy darajalarga, unvonlarga, lavozimlarga ega bo‘lishdi. Bitta ilmiy g‘oyani yoki jumlani na rus tilida, na o‘zbekchasiga eplab yozib berolmaydigan, lekin qo‘sha-qo‘sha kitoblarni “yasab” tashlagan “olimlar” sanoqsiz. Birontasi plagiatligi sababli jazo olganini eshitmadim…

Insof bilan aytganda, hamma aybni olimlarga to‘nkab qo‘yish ham to‘g‘ri emas. Ishlab chiqarish korxonasi ilm bilan qiziqmasa, olim aybdormi?

 

Ilmga yo‘l bo‘lsin!

Sho‘rolar davrida ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun ko‘p ilm kerak bo‘lmagan, “Plan”ni bajarsa bas, oshig‘i olchi bo‘lavergan. Mustaqil O‘zbekistonda hozir ham ahvol shu: korxonalar shu paytgacha ma’lum bo‘lgan jihozlar va texnologiyalar bilan ishlab tursa, shuning o‘zi katta gap! Ilmiy yutuqlardan foydalanish, yangi texnika va texnologiyalarni qidirib topish darajasiga yetib borish kerak. Buning uchun korxona vayron bo‘lmay, ishlab turishi kerak, o‘z navbatida, adolatli qonunlar bo‘lishi va ular qog‘ozni bezab turmasdan, amal qilishi, insofli soliq sistemasi kerak, korxonani turli-tuman noqonuniy, lekin majburiy to‘lovlardan ozod qilish, erkin faoliyat yuritishiga qo‘yib berish kerak!

Dunyoning rivojlangan mamlakatlarida bir necha asrlardan beri

tinmay faoliyat yuritib kelayotgan katta-katta korxonalar bor. Bizda umri, mustaqilligimiz bilan tengdosh, ya’ni 25 yildan beri ishlab kelayotgan xususiy korxona topilarmikin? Qayoqqa qarama, endigina oyoqqa turib, ishlarni yaxshi yo‘lga qo‘ygan, mijozlarga, aholiga ibratli xizmat qilib kelayotgan, mahsulot ishlab chiqarayotgan korxona qandaydir “jinoyat” bilan berkitiladi, egasi qamoqqa tashlanadi, mol-mulki musodara qilinadi. Bunaqa ahvolda ilmga yo‘l bo‘lsin!

Ko‘pincha, xususiy korxona egasiga daromadni yashirganlik aybi qo‘yiladi. Soliqlarning aniq me’yorini bilmayman, lekin, faraz qilishimcha, insof yuzasidan bo‘lsa, tadbirkor daromadini yashirishdan uyaladi, shu arzimagan pulni deb, korxonamdan ajrab qolmay, deydi. Shuning uchun soliq turlari va me’yorlarini qayta ko‘rib chiqish kerak, deb o‘ylayman. Natijada, korxona daromadini yashirmaydi, tekshir-tekshir kamayadi, korxonalar soni ko‘payadi.

Soliqlarni kamaytirishdan davlat yutqizmaydi, aksincha, korxonalar soni ko‘payishi hisobiga umumiy tushumi ortadi. Korxonalar ko‘paysa, mahsulot ko‘p ishlab chiqariladi, raqobat yuzaga kelib, taraqqiyotning yo‘llarini qidirishadi, nihoyat, ilmga murojaat etishadi, ana shunda, ilmiy muassasalar xususiy korxonalarning buyurtmasi bilan ishlaydi, davlatga boqimanda bo‘lmaydi.

Ishlab chiqarish – jamiyatni harakatga keltiruvchi kuch! Bu mening shaxsiy fikrim emas, buyuk allomalar asrlar davomida xulosa qilgan oddiy falsafa! Jamiyatning hamma jabhasi, biz istaymizmi, yo‘qmi, ishlab chiqarish ketidan ergashib yuradi.

 

Nashriyotga ko‘p narsa bog‘liq

Olimlarning hammasi ko‘chirmakash, nohalol degan fikrdan yiroqman, maqola bo‘lsin, kitob bo‘lsin, faqat va faqat o‘zining tadqiqotlari natijalarini oshirmasdan-toshirmasdan bayon qiladiganlar ham ozchilik emas. Nashr bo‘ladigan kitobning sifati esa, olimdan keyin, nashriyot va bosmaxonaga bog‘liq. Nashriyot hodimlari: muharrir, texnik muharrir, rassom, sahifalovchi va boshqalar olim qo‘lyozmada (bu so‘z eskirib qoldi, chunki hozir hech kim qo‘li bilan ham, mashinka bilan ham yozmaydi, faqat kompyuterda yozadi, elektron nusxasini ilova qiladi) yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklarni yo yo‘qotib sifatni oshirishadi, yo aksincha, qosh qo‘yaman, deb ko‘z chiqarishadi. Amaliyotda shu, ikkinchisi ko‘proq ro‘y beradi. Men bu gaplarni osmondan olib gapirayotganim yo‘q, bir nashriyot tomonidan jabrlangan muallif sifatida aytayapman. Kitobni tayyorlash jarayonida muallif ishtirok etsa ham, nashriyotdagi uquvsizlik, malakaning pastligi, betartiblik sababli g‘aflatda qoladi, ya’ni kitobi nashriyot xodimlari yo‘l qo‘ygan turli xatolaru buzilishlar bilan chiqayotganini bilmay qoladi. Nashriyot rahbari esa, parvoyi-palak, uning uchun kitob chiqsa bo‘ldi, qay ahvolda chiqishi bilan qiziqmaydi. Muallif esa oh-voh qilganicha qolaveradi, chunki endi hech narsani o‘zgartirib bo‘lmaydi.

 

Hali ishlar ko‘p

Hozirgi kunlarda nashr qilinayotgan kitoblar qanchalik qimmatli va salobatli bo‘lmasin, imlo xatolar, orfografik va stilistik xatolar bilan chiqayapti, ba’zan kirill alifbosi bilan lotin alifbosi aralashib ketayapti. Tinish belgilariga (vergul, tire kabilar) umuman qaramay qo‘yishdi; “ning” qo‘shimchasini, kerak bo‘lsa-bo‘lmasa ishlataverib, gapning ma’nosini buzishayapti, hatto kulgili gaplar hosil bo‘layapti; bu qo‘shimcha, grammatik nuqtai nazardan to‘g‘ri ishlatilgan bo‘lsa-da, katta gaplarning mazmunini buzadi yoki tushunishda xalaqit beradi.

Lotin alifbosiga o‘tganimiz tilimizni parokanda qildi, tilshunoslarning ham havsalasi pir bo‘ldi, shekilli, bunaqa xatolarga parvo qilishmayapti. Tilshunoslar grammatika qoidalari bo‘yicha hal qilishi kerak bo‘lgan masalalar hozir ham ko‘plab topiladi. Masalan, bir shaxs ikkinchi (uchinchi va hokazo) shaxsga nisbatan harakat sodir etishini to‘liq ismlar (f.i.o. – familiyasi, ismi, otasi)ni yonma-yon yozib ifodalaganda, ularni ajratib turadigan bironta belgi kerak, bunaqasi nazariyada va amaliyotda umuman yo‘q. Shuning uchun matnlarda ajnabiy, ayniqsa, arabcha ismlar kelganda, ajratib olish mushkul, qayta-qayta o‘qishga to‘g‘ri keladi, qiyinchilik tug‘iladi, butkul notanish ismlar bo‘lsa, umuman ajratib bo‘lmay qoladi.

Hozirgi kunlarda chiqayotgan kitoblarning yana bir kamchiligi texnik muharrirning vazifasi bilan bog‘liq: kitoblarda harflar bilan liq-liq to‘lgan sahifalar ko‘p uchraydi. Shunday paytda o‘quvchi sifatida o‘zingizni qanday his qilasiz? Meni esa, yuragim zirillab ketadi! Matn o‘ta darajada qiziqarli bo‘lsa ham, bunday noxush holat saqlanib turaveradi.

Dizayni a’lo darajada tayyorlangan kitoblar ko‘p. Masalan, Lev Gumilev va unga o‘xshagan boshqa tarixchilarning bir xil seriyada chop etilayotgan (Moskvadagi nashriyot) kitoblarini ochib ko‘rsangiz, dilingiz yayraydi, o‘qigingiz keladi, kitobning qalinligidan cho‘chimaysiz. Bizning noshirlar qachon o‘rganadi, bunaqa nozik ishlarni?…

Kitob haqida fikr yuritganda, tilimizga oid muammolar haqida ham to‘xtalish lozim edi, lekin bu alohida va juda ulkan mavzu bo‘lgani uchun maqolani shu yerda yakunlayman.

 

* * *

Mamlakatimiz Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tashabbusi bilan boshlanib ketgan savob ishlar orasida kitobxonlikni rivojlantirish ham bor. Yoqimli shabbodalar esa boshladi. Bu yog‘i Kitobga aloqador har kimning samimiy va halol mehnatiga bog‘liq.

Qudrat Do‘stmuhammad

2017 yil, 7 fevral