Qozoqboy Yo‘ldosh. O‘zlik qo‘rg‘oni

Globallashuv nur tezligi bilan borayotgan hozirgi sharoitda faqat milliy tilgina muayyan etnosning o‘zligini saqlab qolishi mumkin bo‘lgan qo‘rg‘on sanaladi. Chunki yemak, kiymak, turmush kechirmak singari jabhalardagi o‘ziga xoslik tobora yo‘qolib, ommaviy universallashuv qaror topayotgan sharoitda muayyan millat ruhiyatiga xos qirralar faqat tildagina saqlanib qoladi. Shuning uchun ham tilning tozaligi, boyligi va aniqligi uning yashovchanligini ta’minlaydigan vositagina bo‘lib qolmay, millatning o‘zligini kafolatlaydigan omil ham hisoblanadi. Ushbu holat milliy tilning alifbosi mukammal,  grammatikasi puxta, ishlatishga qulay bo‘lishini taqozo etadi.

O‘zbekning obro‘li jurnali “Tafakkur”da davlat tili to‘g‘risidagi qonunning bajarilishiga doir muammolar ko‘tarilgani juda xayrli ish bo‘ldi. Negaki, bugun ota tilimizning ahvoli tashvishlanarli darajaga tushib qolgan. Ammo ko‘ngilda umid so‘nmaydi. Davlat tilining holati tubdan yaxshilanishiga ishonamiz. Tahririyatning “…shoyad o‘zbek tili yuksak qadr topsa, muntazam alifbomizga ega bo‘lsak, imloda ham yakdillikka erishsak, degan orzusi bizni qalam tutishga undadi. Lekin bizni bezovta qilgan masala ba’zan jurnal tahririyati tomonidan qo‘yilgan savollar doirasidan chiqib ketishi mumkinki, buning uchun o‘qirmanlardan kechirim so‘raymiz.

Tahririyatning “Davlat tili haqida”gi qonun qanday bajarilyapti?” degan savoliga ijobiy javob berish mushkul. Bizningcha, qonunning yaxshi bajarilmayotganiga bir qator ob’ektiv va sub’ektiv sabablar bor.

Birinchidan, davlat tili to‘g‘risidagi qonunimiz o‘zi yetarlicha puxta ishlanmagan bo‘lib, unda tavsiyaviylik ustuvor. Aksar moddalar tavsiya xarakterida bo‘lib, majburiylik ko‘zda tutilmagan. Qonun esa, birinchi navbatda, majburiyat yuklashi kerak.

Ikkinchidan, mazkur qonunda ijro mexanizmi ko‘zda tutilmagan. Zero, u o‘zbek tilining ikkinchi darajali bo‘lishiga ko‘nikkan mualliflar tomonidan tayyorlangan va ularning nazarida, tilimizning davlat tili ekanini yuridik jihatdan qayd etishning o‘zigina yetarli bo‘lgan.

Uchinchidan, keyingi yillarda ingliz tilini o‘rganishga e’tibor kuchayib, keng imkoniyatlar yaratildi, davlat tili esa nazardan chetda qoldi. Bu hol ko‘pchilikda yashash uchun o‘zga tilni bilish muhim degan fikr uyg‘otdi.

To‘rtinchidan, taassufki, xalqimizda hanuz milliy g‘urur yetarlicha shakllanmadi. Millatdoshlarimiz ko‘pchiligi o‘ziga, binobarin, tiliga ham ikkinchi darajali deb qarash illatidan qutula olgani yo‘q. O‘tgan yillar orasida ayrimlarda gastarbayterlik kayfiyati paydo bo‘ldi. Tirikchilik o‘tkazish uchun chetga chiqish, buning uchun esa rus tilini bilish shart degan to‘xtam qaror topdi. Shu bois o‘rta maktablarda rus sinflari tobora ko‘payib bormoqda.

Beshinchidan, jamiyatning boshqaruv qatlamida va millat oydinlari orasida chet tillarga mahliyolik kuzatiladi. Mutaxassisni ishga olish, lavozimga tayinlashda chet tilini bilishi asosiy ko‘rsatkichga aylandi. Hatto, ona tili va adabiyotini rivoj­lantirish maqsadida tashkil etilgan O‘zbek tili va adabiyoti universitetiga olimlarni ishga olishda ham ularning qanday mutaxassis ekani emas, balki biron bir chet tilini bilishi yetakchi ko‘rsatkich sanaldi. Shuningdek, ko‘pgina shaxslar davlat tilini bilmagani holda yuqori lavozimlarda ishlamoqda.

Oltinchidan, ish odamlarimiz bozor iq­ti­sodiyoti qoidalarini yaxshi bilmagani uchun reklamaga olarmanni chorlaydigan vosita deb emas, balki anchayin bir yaltiroq va jimjimador bezak sifatida qarayotir. Shu bois o‘zbek ishbilarmonlari reklamaning mijozni chorlashga xizmat qilishiga emas, boshqalarnikiga o‘xshamagan tarzda tushunarsiz va ohanjamaliroq bo‘lishiga diqqat qiladilar.

Bizningcha, davlat tili to‘g‘risidagi qonunning bajarilishiga erishish uchun bu masala Oliy Majlis yalpi yig‘inlarining kun tartibiga qo‘yilib, maxsus rasmiy hujjat qabul qilinishi kerak. Unda mazkur qonunning eng quyidan to eng yuqorigacha bo‘lgan barcha idoralarda so‘zsiz bajarilish mexanizmi belgilab qo‘yilishi zarur. Ushbu hujjatda qonunni bajarmagan yuridik va jismoniy shaxslarga nisbatan ko‘rilishi mumkin bo‘lgan huquqiy, ma’muriy, iqtisodiy jazo choralari aniq ko‘rsatilishi, bu ishga javobgar shaxslar sifatida tuman, shahar va viloyat miqyosidagi birinchi rahbarlar belgilanishi lozim. Shuningdek, tumanlar va viloyatlar bo‘yicha “Davlat tili haqida”gi qonun bajarilishini ta’minlaydigan alohida ijtimoiy-ma’muriy tuzilma shakllantirilishi zarur. Qonunni bajarishga oid hujjatda barcha davlat va xususiy tashkilotlarda ish yuritish o‘zbek tilida olib borilishi majburiyligi belgilab qo‘yilishi lozim. Davlat tili to‘g‘risidagi qonun va uning ijrosi bo‘yicha tayyorlangan hujjatning bajarilishi parlament nazoratiga olinishi va qilinayotgan ishlar yuzasidan matbuot orqali jamiyat ahliga muntazam hisobot berib turilishi kerak.

Achinarlisi shundaki, davlat tili to‘g‘risidagi qonunning ko‘ngildagidek bajarilmayotgani muammosi ustiga keyingi vaqtda alifbo masalasi ham qo‘shildi. Tilga doir bir qonunning bajarilmayotgani ba’zilarda boshqasining ham bajarilishi shart emasdir deganga o‘xshash kayfiyat uyg‘otdi, chamasi. Shunga bo‘lsa kerak, yangi alifboga o‘tish to‘g‘risidagi qonun qabul etilganidan salkam chorak asr o‘tib, ayrimlar o‘zimiz o‘rganib qolgan kirill yozuviga qaytib qo‘yaqolsak bo‘lmaydimi, deb ochiq gapira boshladi.

Lotin yozuviga asoslangan alifboning o‘zbek tiliga mos kelish-kelmasligi borasida shuni aytish mumkinki, ochundagi birorta ham yozuv biron bir tilning tabiatiga to‘liq mos kelmaydi. Negaki, tilchilarga o‘xshab chiyratma qilib aytsak, audial mahsulni to‘liq holda vizual ifodalab bo‘lmaydi. O‘zbek tili uchun maxsus alifbo ixtiro qilingan taqdirda ham barcha tovush tovlanish­larini harflar orqali ifodalashning iloji yo‘q.

Alifbo – osmondan tushirilgan ilohiy hodisa emas, bashar aqli­ning mahsuli. Har qanday yozuv – odam o‘ylab topgan sun’iy tizim. Binobarin, hech bir alifbo mukammal bo‘lmaydi. Chunki tovushni barcha noziklik­lari bilan yozuvda ifodalash imkonsiz yumush. Gap – yozuvni muayyan til tabiatiga mumkin qadar moslashtira bilishda. “Tafakkur”dagi suhbatda ayrim oydinlarning lotin yozuvi o‘zbek tili tabiatiga muvofiq emas, bundan ko‘ra kirill yozuvi tilimiz tabiatiga yaqinroq degan fikrlariga qo‘shilib bo‘lmaydi. Agar yangi imlo tilimiz tabiatiga mos kelmayotgan bo‘lsa – moslashtiraylik. Axir, uni mos kelmaydigan kepatada yaratganlar o‘zimizga o‘xshagan odamlar-ku!

Lotin yozuviga asoslangan alifboga o‘tish haqida gapirganda, birinchi navbatda, yozuv­ni o‘zgartirishning asl sababi nima ekaniga teranroq qarash kerak. Kirilldan lotinga o‘tish barcha turkiy xalqlarni birlashtirish, ularni bir-birini tarjimonsiz o‘qiydigan va tushunadigan kuchli etnos sifatida uyushtirish niyatida qilingan edi. Bu niyatga yetishmoq uchun hali uzoq yillar kerak shekilli. Negaki, yangi yozuvni qabul qilish bir mamlakatdaki shuncha muammo tug‘dirar ekan, ko‘p sonli turkiy xalqlar yozuvini uyg‘unlashtirish uchun yana ko‘p jon koyitish zarur bo‘ladi. Shu sabab lotin yozuviga tayanilgan yangi alifboga kimgadir qulay-noqulayligiga qarab emas, balki u o‘zining birlashtiruvchilikdek missiyasini bajara oladigan yo‘sinda o‘tilishi kerak.

Hozirgi holida esa yangi alifbo o‘zbek­larni boshqa turkiy xalqlardan uzoq­lash­tirishgagina xizmat qiladi. Chunki unda o‘zbek tilining tabiati jilla hisobga olinmagan. Yana ta’kidlagim keladi, yangi o‘zbek yozuvi qandaydir texnik qulaylik­larga intilish tufayligina emas, turk dunyosi birligiga erishishdek orzu sabab ham paydo bo‘ldi. Negaki, globallashuv sharoitida o‘zligimizni bir yozuv va bir tilli turkiy xalqlar sifatidagina saqlab qolishimiz mumkin. Aks holda bora-bora buyuk millatlar tomonidan “so‘rilib ketishimiz” hech gap emas.

Nihoyat, biz shunga ham ko‘nikishimiz kerakki, biron bir nohaq qarash biz yoqlaganimiz uchungina haqiqat bo‘lib qolmaydi. Shunga ko‘ra, umuman, yangi zamondagi o‘zbek alifbolarini, xususan, lotin yozuviga asoslangan alifboni ishlab chiqishda yo‘l qo‘yilgan xatolar ildiziga chuqurroq nazar tashlash va tegishli xulosa chiqarib olish lozim. Negadir biz, o‘zbeklar xuddi “Alpomish” dos­tonidagi Boysari singari o‘z yaqinlarimizdan nariroq turish, o‘zgacharoq ko‘rinishni yoqtiramiz. Hech qachon qonimiz qo‘shilmaydigan qavmlardan esa umumiylikmi, o‘rtoqlikmi topishga intilamiz. Shu odatimiz sabab, garchi barcha turkiy xalqlar tiliga singarmonizm xosligini ko‘ra-bila turib, qariyb bir asr o‘zbek tilida tovush uyg‘unlashuvi hodisasi yo‘q deb keldik. Deyarli hamma qardoshlar alifbosida to‘qqiz unli tovush bo‘lgani holda, yolg‘iz o‘zbek alifbosida unlilar oltita ekani ko‘rsatildi. Shu tariqa tilimiz go‘yo rus tiliga yaqin ekani ta’kidlandi. Qolaversa, barcha turkiy xalqlarda “olma” so‘zidagi birinchi tovushning belgisi sifatida qabul qilingan “a” harfiga faqat bizgina “anor” so‘zining birinchi tovushi tarzida qaraymiz. Bu borada ham turkiy xalqlardan ko‘ra ruslarga yaqinligimizni ko‘rsatmoqchi bo‘lganmiz.

Barcha turkiylar “o‘tin” so‘zining ilk tovushi sifatida qabul qilgan “o” harfini yolg‘izgina biz, o‘zbeklar “ona” so‘zidagi birinchi tovushni ifodalashga xizmat qildirganmiz. Agar boshqa turkiy xalqlar singari bizda ham “o” harfi “o‘” tovushini ifodalaganda edi, adabiyotshunos Zuhriddin Isomiddinov aytgan “elektr toki”dagi “tok” bilan “tok zangi”dagi “tok” omonim bo‘lib, ortiqcha muammo tug‘dirmasdi. Shu qabildagi “originalligimiz” bilan, o‘z naz­dimizda, lotin yozuvini qabul qilgan turk, ozar va turkman qardoshlarga o‘xshamaslikka intildik. Oqibatda, lotin yozuviga o‘tishdan asosiy muddao bo‘lmish umumturkiy yaqinlashuv maqsadi nazardan qochirilib, kirillga qaytganimiz tuzuk deydigan ahvolga kelib qolindi.

Aslida, lotin yozuviga asoslangan alifboga o‘tish borasidagi qiyinchiliklarning aksari sun’iy. Holbuki, bu kechimni hech bir og‘riqsiz o‘tkazish mumkin. Buning uchun lotin yozuviga salkam bir asr avval o‘tgan turk alifbosini asos qilib olib, unda bo‘lmagan tiloldi, qisqa “ə”, portlovchi “q” hamda doim “ng” qo‘shharfi bilan ifodalangani uchun alohida tovush sifatida tobora yo‘qolib borayotgan sonorni “ŋ” shaklida yozishning o‘zi yetarli bo‘lardi. Unga mustaqil tovush biriktirilmagani uchun yurtdoshlarimiz orasida “o‘n min so‘m oldim”, “ko‘chaning o‘n tomoniga o‘t” yo‘sinida so‘zlaydigan qatlam shakllandi. Hozirda uch tovushli “tong”, “bong”, “dong”, “mung”, “so‘ng” kabi so‘zlar to‘rt harf bilan, besh tovushli “singil”, “ko‘ngil” so‘zlari olti harf bilan yoziladi. Ayniqsa, bu so‘zlarni bo‘g‘inga ajratish o‘quvchilarga bir dunyo tashvish tug‘diradi.

O‘ylaymanki, zamonaviy o‘zbek tiliga ayi­rish belgisi va uning lotinga asoslangan yozuvdagi merosxo‘ri – tutuq mutlaqo kerak emas. O‘zbek hech qachon “mas’ul”, “a’lochi” demaydi, “masul”, “alochi” deb qo‘yaqoladi. Bu belgi tilimizga arabchadan kirib kelgan so‘zlardagina uchraydi. O‘tgan asrning 20-yillarida bobolarimiz arab tili ta’sirida bo‘lganlaridan shu belgilar o‘zbek yozuviga ham kiritilgan edi. Chunki o‘sha vaqtlar bu savodlilik belgisi sanalardi. U davrda ommaning yoppasiga savodxon bo‘lishi ko‘zda tutilmagan, yozuv faqat xoslarga tegishli yaratiq edi. Hamma savodxonlikka intilayotgan hozirgi sharoitda esa, qoidaga keraksiz modda kiritib, xalqning savodliligini pasaytirishning kimga keragi bor?! Axir, bu belgi na turk, na qozoq, na qirg‘iz va na ozar alifbosida bo‘lmasa-da, ular hech qiynalayotgani yo‘q-ku! Shuningdek, lotin yozuvimizda “x” va “h” harflari bilan ifodalangan tovushlar borasida ham turk qardosh­larimiz tutgan yo‘ldan borsak to‘g‘ri bo‘ladi. Modomiki, bu tovushlarni farqlashning ilmiy asoslari yo‘q ekan, ularni turklar kabi bir harf bilan berib qo‘yaqolish kerak.

Jurnalning “Jamiyatimizda til qashshoqlashib va dag‘allashib boryapti, shuningdek, savodxonlik pasayib, imloviy anarxizm avj olyapti, degan da’volarga qanday qaraysiz? Bu borada xavotirga chindan-da asos bo‘lsa, sizningcha, mazkur vaziyatdan chiqishning qanday choralari bor?” tarzidagi savoli ham yurakni o‘rtaydi. Chindan ham, o‘zbek so‘zlashuv tili g‘oyat qashshoqlashib, dag‘allashib borayotir. Bu hol bizning madaniy millat degan nomimizga hech yarashadimi?! Millat ahli orasida so‘zni tanlamay ishlatish odati keng yo­yil­di. Tilga e’tiborsizlik hatto oddiy holga aylandi, deyish mumkin. Chunki jamiyatda intellektual-estetik saviya pasaygani kuzatilmoqda. Kitobxonlikka davlat miqyosida e’tibor qaratilayotganiga ham sabab aslida shu! Millatning kattadan kichigi qadar o‘z asl so‘zlarimiz qolib, yot so‘zlarni pala-partish qo‘llash kasaliga yo‘liqqan. Negadir, “tushlik”, “bekat”, “chiqit”, “ko‘prik” singari o‘zbek so‘zlari o‘rniga “abed”, “astanovka”, “musor”, “most” so‘zlarini ishlatish yalpi tus oldi. Hatto adabiy asarlarda ham “butilka”, “topchan”, “vodka” kabi so‘zlar bemalol qo‘llanayotir. Yomoni, bu kechim to‘xtagani ham, pasaygani ham yo‘q.

Imlo qoidalariga amal qilishda o‘zboshimchalik hukmronligi ham haqiqat. Va buning ob’ektiv sabablari bor. Asli, imlo qoidalarini tubdan isloh qilish va uni imkon qadar so‘zlashuv tiliga yaqinlashtirish – muayyan grammatik bilimlarni egallamay turib ham xatosiz yozish mumkin bo‘lgan holatga keltirish joiz. Tilimizning imlo qoidalari, hozirgi holida, buzmaslikning iloji bo‘lmagan qonunlar kabidir. Chunki, ular o‘zbek tilining tabiatiga emas, shu qoidalarni yaratgan olimlarning istagiga moslashtirilgan.

Imlo qoidalari o‘zbek tiliga emas, o‘zbek tili imlo qoidalariga bo‘ysundirilayotgani milliy til taraqqiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Odatda, tilning imlo qoidalarini tayin etishda ko‘proq fonetik tamoyillarga amal qilinadi. Negaki, til nutqda, so‘zlashuvda voqelikka aylanib, moddiylashadi. Tilning stixiyasi nutqda namoyon bo‘ladi. Hazrat Navoiy bekorga “Ko‘ngul holati so‘z degach bilgurur”, demaganlar. Agar so‘zlarning aytilishi bilan yozilishidagi ayrichalik eng oz darajaga keltirilsa, millatning savodxonligi tez yuksaladi.

Bizda me’yoriy talablar nutqqa xos belgilarni emas, qoida mualliflarining istaklarini aks ettirgani uchun o‘zbek tili tabiatiga yotdir. Shulardan biriga ko‘ra, “q”, “g‘” tovushi bilan tugaydigan so‘zlarga jo‘nalish kelishigi qo‘shimchasi “-ga” qo‘shilganda, so‘zning o‘zak yo negizida ham, qo‘shimchada ham tovush o‘zgarishi yuz bermay – o‘rtoqga, o‘roqga, bog‘ga, tog‘ga, quloqga, terakga, mantiqga va hokazo tarzda aytilishi va yozilishi kerak emish. Shu tovushlar bilan tugaydigan so‘zlarga “-i” egalik qo‘shimchasi qo‘shilganda tovush o‘zgarishi yuz bermasligiga doir qoida ham tilimiz tabiatiga mutlaqo yotdir. Bunga ko‘ra, endilikda o‘zbekchani buzib gapiradigan chet elliklar kabi “akamning taroqi”, “ustaning qayroqi”, “qoidaning mantiqi” tarzida so‘zlashish qoidaga aylanadi.

Yangi imlo qoidalarida nuqsonlar ko‘p­ligi haqida aytdik. Ammo qoidalardagi shu nuqsonlar kamlik qilganday, amaliyotdagi “nou-xau”lar ahvolni yanada og‘irlashtiryapti. Chunonchi, asrlar davomida bobolar qo‘llab kelgan “Beshog‘och” so‘zi keyingi vaqtda – og‘zaki so‘zlashuvda-ku mayli, hatto matbuotda ham “Beshyog‘och” tarzida “to‘g‘ri”lab yozilayotir. “Og‘och” forscha “daraxt” so‘zining o‘zbekchasi ekani, u qirqilgandan keyingina “yog‘och”ga aylanishi bilan hech kimning ishi yo‘q. Minglab yillik madaniyatga ega xalqimiz biror joyni qanchadir miqdordagi yog‘och bilan mo‘ljal qilmaydi. U joyni yog‘ochning nomi bilan atashi-ku aslo mumkin emas. Chunki beshta yog‘och hech qachon ko‘chada turmaydi. “Og‘och” esa boshqa gap. Gurkirab o‘sayotgan besh og‘och o‘sha joy uchun avval mo‘ljal bo‘lishi, keyin esa nomga aylanishi mumkin. “Sariog‘och”, “Qo‘shog‘och” toponimlari ham shundan dalolat beradi. Fitrat “Sharq” she’rida “Og‘ochlari yashil kiyimlar kiygan / Terilishar toping‘ani Tangriga”, deb yozadi. Ma’lumki, “yog‘och” yashil kiyim kiya olmaydi, buni u hali yog‘och bo‘lmay, “og‘och” ekanida kiyadi.

Bilgichlar tilda assotsiativlik xususiyati borligini aytishadi. Ya’ni so‘z, garchi lingvistik belgi sanalsa-da, sun’iy hosil qilingan belgi bo‘lmay, unda aloqadorlik, davomiylik, ichki bog‘liqlik bo‘ladi. Chunonchi, “ko‘k” so‘zi assotsiativ ravishda ko‘pchilikda “ko‘klik”, “ko‘klam”, “ko‘kalam”, “ko‘kalamzor”, “ko‘kat”so‘zlarini yodga soladi. Yoki “e” so‘zi aytilsa, tabiiy ravishda “em”, “emak”, “emish”, “emakjoy”, “emtik” so‘zlari esga tushadi. Begona tildan olingan so‘z bunday imkoniyatga ega emas. Chunonchi, “ko‘klam” so‘ziga ma’nodosh forscha “bahor” tasavvurga shu o‘zakdan kelib chiqadigan boshqa hech bir so‘zni keltirmaydi. “Emak” so‘zining arab­cha muqobili “taom” so‘zi haqida ham xuddi shu gapni aytish mumkin.

Nimagadir biz oddiygina narsa-hodisalarni ham boshqa tillarga mansub so‘zlar bilan ifodalashga o‘chmiz. Shuning uchundirki, turkiy xalqlar orasida faqat biz o‘zbeklardagina tomonlar “Sharq”, “G‘arb”, “Shimol”, “Janub” tarzida arabcha qo‘llanadi. Qardosh turkiylarning ko‘pchiligida bular “Chiqish”, “Botish”, “Kunyurish”, “Terskay” tarzida ishlatiladi va ular taraflarni adashtirib ham qo‘yishmaydi. Albatta, bu hol bir zamonlar bobolarimizning boshqa turkiylarga qaraganda ilmiy til bo‘lmish arabchaga, saroy tili sanalmish forschaga yaqinroq bo‘lgani, xalqning jo‘n, jaydari so‘zlashuv tilidan balandroq turganini bildirgan. Lekin hozirga kelib bu hol fazilatdan kamchilikka aylandi. Biz esa hamon o‘sha baland havo bilan yuribmiz. Natijada, yuzlab o‘z so‘zlarimiz o‘rniga arabiy, forsiy so‘zlarni qo‘llaymiz. Masalan, “sohib”, “molik”, “kaft”, “lunj”, “davo”, “hamshira”, “tavallud ayyomi”, “tashrif buyurdi” va hokazo. Holbuki, ularning “ega”, “olaqon”, “urt”, “et”, “em”, “embeka”, “tug‘ilgan kuni”, “keldi” singari sof turkona muqobillari borki, ularni ham ishlatib turishimiz lozim.

Bizda begona tildan kirgan so‘zki bor, to‘g‘ri-noto‘g‘riligiga qaramay, qo‘llayverishga ruju qo‘yilgan. Chunonchi, bolalar dam oladigan joy “oromgoh” deyiladi. Holbuki, forscha bu so‘z faqat “go‘riston” ma’nosida ishlatiladi. “Uslub”, “uslubchi” so‘zlarining qo‘llanishida ham shu holni ko‘rish mumkin. Ma’lumki, “uslub” so‘zi biror shaxs tutumining o‘ziga xosligini ta’minlovchi unsurlar jamini anglatadi. Bizning rasmiy va ilmiy adabiyotlarimizda esa bu so‘z “metod”, “usul” so‘zlarining muqobili sifatida qo‘llanadi va shundan kelib chiqib “metodist” so‘zi “uslubchi” deb “o‘zbekcha”lashtiriladi.

Yangi imlo qoidalarida chetdan kirgan  “…olinma so‘zlar qanday aytilishidan qat’i nazar aslidagiday yozilishi kerak”ligi belgilab qo‘yilgan. Qizig‘i shundaki, dunyoda o‘zimizdan boshqa biror millat vakili “Toshkent” yoki “O‘zbekiston” so‘zlarini biz kabi aytmaydi va yozmaydi. Shunday bag‘rimizdagi qoraqalpoqlar ham ularni “Tashkent”, “O‘zbekstan”, ba’zan hatto, “Vo‘zbekstan” tarzida aytadi va yozadi. Har bir xalq so‘zlarni o‘ziga moslab aytadi va… to‘g‘ri ham qiladi. Biz-chi? Necha o‘n yillar davomida “Ashxabod”, “Olmaota” shaklida yozilib kelgan shahar nomlarini endi negadir “Ashgabad”, “Almati” tarzida yoza bosh­ladik. Chunki imlo qoidasi shuni talab qiladi. Nima uchun o‘zlashma so‘z aslidagiday yozilishi kerak? Aslidagiday yozilsa, uning o‘zlashganligi qayerda qoldi? Uncha-muncha mutaxassisning ham tishi o‘tavermaydigan xitoy, hind, yapon, koreys, arman grafikasida bitilgan so‘zlarning aslida qanday yozilganini qanday bilamizu qanday yozamiz?!

Shuningdek, ayrim oydinlarning “ts” tovushini qanday ifodalash haqida qayg‘urayotgani ham uncha tushunarli emas. Bizda hech qachon bu tovush bo‘lmagan, bo‘lmaydi ham. Nega jo‘ngina “s” deyaverish o‘rniga, tilimizni burab, “ts”ni aytishning tashvishini qilishimiz kerak? Nutq organlarimiz paydo qilolmaydigan tovushni ifodalovchi harfdan voz kechib qo‘yaqolsak bo‘lmaydimi? Imlo qoidalari imkon qadar til tabiatiga yaqin va odamlar kamroq xato qiladigan yo‘sinda bo‘lishi kerak emasmi?!

Bizda qo‘shma so‘zlarni to‘g‘ri yozish uchun naqd ilmiy darajaga ega tilshunos bo‘lish kerak. Shundayam qaysi bir imlo qoidasiga tayanish zarurligini bilsa! Nega bunday? Nega “Yangiyo‘l”, “Yangiyer”, “Qorasuv”, “Qoraqamish” so‘zlari qo‘shib yozilgani holda “Qizil Yulduz”, “Oq tog‘”, “Qora tog‘”, “Ulug‘ tog‘”, “O‘rta Chirchiq”, “Quyi Chirchiq”, “oq qand”, “temir yo‘l”, “tosh yo‘l” so‘zlari alohida yozilishi kerak? Har qanday qo‘shma so‘z bitta so‘z hisoblanib, bir urg‘u bilan aytilar ekan, uning qaysi so‘z turkumidan yasalganiga qaramay, bir so‘z sifatida, ya’ni qo‘shib yozilsa, osmon uzilib yerga tushadimi?! Nega endi odam yozayotgan har bir so‘zi qaysi turkumga mansubligi xususida bosh qotirishi kerak? Yoki imlo xatolar kam bo‘lib qolishidan qo‘rqamizmi? Nima uchun imlo qoidalari odamlarga emas, odamlar imlo qoidalariga moslashtirilishi kerak?

Imlo qoidalari va adabiy til me’yorlarini bir qadar erkinlashtirish, milliy tilni qolipga solish emas, uni tabiiy rivojlantirish yo‘lini izlash kerak. Shunda adabiy tilimiz sun’iylikdan qutuladi va so‘zlashuv tiliga yaqinlashadi. Yana bir mulohaza. Adabiy til me’yorlarini bir qadar liberallashtirib, so‘z birikmalari va qo‘shma so‘zlarni og‘zaki nutqqa muvofiq yozishni qoidalashtirish to‘g‘riroqmikan?

Tilimizda ilmiy atamalar yetarlicha ishlanmaganiga o‘zbek tili emas, o‘zbek olim­lari, ulardagi jur’atsizlik aybdor. Bizning til borasidagi andishamiz qo‘rqoqlik darajasiga yetgan. Turmushimizga kirib kelgan narsa-hodisalarni o‘zimizcha nomlashga botinmaymiz. Bu narsa-hodisalarni mohiyatdan kelib chiqib, o‘zbekcha atash o‘rniga tarjima qilishga urinamiz. Tabiiyki, bir tildagi biror tushunchani o‘zga tilga aynan o‘girish ko‘p hollarda ilojsiz. Demak, chetdan kelgan narsa-hodisani o‘zbekcha nomlash mumkin va kerak. Tarjima qilish emas, o‘zbekcha nomlash kerak. Axir, ruslar “paxta”ni “xlopok”, “g‘o‘za”ni “xlopchatnik” tarzida nomlab oldilar-ku!

Bizda ko‘r-ko‘rona qilingan tarjimaga ham xuddi sanamdek qarab, sig‘inadigan amaldorlar ko‘p. Oliy attestatsiya komissiyasi bo‘lajak fan doktorlaridan dissertatsiya va avtoreferatlaridagi muhim bir bandni “Himoyaga olib chiqiladigan asosiy holatlar” tarzida yozishni talab qiladi. OAK xodimlari “holatlar”ni himoyaga olib chiqib bo‘lmasligi, bu so‘z shu o‘rinda ruscha “polojeniye” so‘zining ma’nosini ifodalay olmasligini, “holatlar” o‘rniga “g‘oyalar”, “to‘xtamlar” yoki “qarashlar” deyish maqsadga muvofiq ekanini o‘ylab ko‘rgilari kelmaydi. “G‘oyalar”, “to‘xtamlar”, “qarashlar” tarzida yozib borilgan ishlar ustidan qalam tortilib, “to‘g‘rilanadi”. Holbuki, ruscha so‘zga yopishib olmay, unga sal ijodiy yondashilsa, masalaga yechim topiladi. Hayotimizda har kuni paydo bo‘layotgan yangiliklarga nom berishda ham yon-atrofimizdagi qardoshlar tajribasini o‘rganish muhim. Nima uchundir lingvistikamizda o‘zbek adabiyotshunosligi, tilshunosligi, tibbiyoti, matematikasi, texnikasi va boshqa sohalardagi bir xil narsa-hodisalar qanday atalishi qiyosiy o‘rganilmaydi. Holbuki, shuni o‘rganish ham narsa-hodisalarning to‘g‘ri nomlanishiga, ham qardosh xalqlarning yaqinlashuviga xizmat qilgan bo‘lar edi. Buning o‘rniga ko‘pchilik tilshunoslarimiz “Gipotaktik qurilmalarning kognitiv-pragmatik xususiyatlari” qabilidagi “olamshumul” izlanishlar bilan ovora!

Atama yasashdagi haddan tashqari ehtiyotkorlik ham tilimiz boyishi yo‘lidagi to‘siqdir. Chunonchi, ruslar taxtani “doska” deydi. O‘qish kechimida foydalaniladigan o‘quv qurolini ham shunday atayveradi. Biz qurilishda ishlatiladigan ashyoni “taxta” deganimiz holda o‘quv quroli bo‘lmish taxtani negadir ruschalab “doska” deymiz. Bizda ming yillar oldinoq o‘quv quroli hisoblanmish “taxta” va “taxtaxonlik” deb atalmish o‘quv bosqichi bo‘lganini o‘ylab ham ko‘rmaymiz. Bu yerda tilimizni kamsitishdan bo‘lak biror mantiq bormi?!

Keyingi yarim asrda shiddat bilan kechayotgan globallashuv sabab jug‘­rofiy chegaralar omonatlashib, axborot olish umumiy bo‘lgani sari bashariyat ham universallashib, global dunyo bir tilga intilib borayotir. Ana shunday sharoitda o‘z qiyofasini saqlab qolmoqchi bo‘lgan etnos milliy tili to‘g‘risida jiddiy qayg‘urishi kerak. Ota tilimiz shu vaqtgacha bizning milliy qiyofamizni saqlab keldi. Endi uni zamonlar sinovidan eson-omon olib o‘tish bizning ilmiy, madaniy va insoniy saviyamizga bog‘liq.

“Tafakkur” jurnali, 2018 yil 1-son