Poyon Ravshanov. Behbudiyning so‘nggi manzili

Behbudiy 1918 yili sho‘rolar tomonidan vahshiylarcha bostirilgan Turkiston muxtoriyatining g‘oyaviy asoschilaridan biri bo‘lib, mamlakat ichkarisida ham, undan tashqarida ham obro‘-e’tibori nihoyatda baland edi. Buxoro va Xiva xonliklarini bosib olish uchun zimdan taraddud ko‘rayotgan bolsheviklar ma’rifat va milliy ozodlik g‘oyasi bilan yashagan Behbudiy singari buyuk siymolardan xavfsirardi.

“O‘zAS”ning 2008 yil 22 avgust sonida e’lon qilingan “Behbudiyning so‘nggi kunlari” maqolamizda Qashqadaryo viloyat arxiv ishlari hududiy boshqarmasi xazinasidan topilgan ma’lumotlar asosida buyuk ma’rifatparvarning so‘nggi kunlariga doir mavhumlikni oydinlashtirishga harakat qilgandik. Viloyat hokimligi arxividan yaqinda topilgan 34-jamg‘arma 1-ro‘yxatdagi 55-ishga doir qaydlar esa Behbudiyning so‘nggi manzilini aniqlashga doir izlanishlarimizga turtki bo‘ldi.

O‘tgan asrning yigirmanchi yillari boshida yuz bergan ur-to‘polonlar davrida millatning o‘zligini anglash jarayoniga olovdan qo‘rqqanday hadiksirab qaragan ozodlik dushmanlari tomonidan sirli ravishda o‘ldirilgan Mahmudxo‘ja Behbudiyning so‘nggi manzili qayerdaligi ko‘p mualliflar tomonidan o‘rtaga qo‘yilgan bo‘lsa-da, hanuz bir to‘xtamga kelinmagan.

Behbudiy murakkab siyosiy davrda faoliyat ko‘rsatgan edi. Bir tarafdan Rossiyaning vassal tariqasida mustaqil hukm surib kelayotgan Buxoro amirligini butunlay qo‘l ostiga olish harakatini kuchaytirishi, ikkinchi yoqdan amirlik ichida ziyolilar noroziligi o‘sib, “Yosh buxoroliklar”ning tuzumni ag‘darishga intilishi amirlikning qat’iy choralar ko‘rishiga sabab bo‘lgandi.

Sho‘rolar dastlab millatning taniqli ziyolilari, taraqqiyot tarafdorlarini turli yo‘llar bilan o‘z safiga og‘dirishga e’tibor qaratadi. Fuqaroparvarlik, tenglik kabi so‘zlar o‘sha vaqtda millatning bu toifasini ishontirib, ohanrabodek o‘ziga jalb etgandi. Mahmudxo‘ja Behbudiy ham bu shiorlardan ustalik bilan foydalangan sho‘ro hukumatiga bir qadar ishonch bilan qaragani tabiiy. Biroq u tez orada sho‘rolarning aldovlari mohiyatini tushunib yetadi. Taniqli behbudiyshunos olim Begali Qosimov e’tirof etganidek, «millat, milliy taraqqiyotni inkor etgan sho‘rolar yo‘li aldov va zo‘ravonlikka asoslanganini Behbudiy bilardi». Ishonch va orzulari poymol bo‘lgan Behbudiy 1918-1919 yillari qattiq pushaymonlikni boshdan kechiradi va bir muddat sho‘rolar hukmronligi ostidagi yurtdan uzoqroqda bo‘lishni xohlaydi. Buxorodan ham najot yo‘q, amir Behbudiyni xush ko‘rmaydi. Negaki, 1919 yil bahorida “Yosh buxoroliklar”ning amirni ag‘darishga doir harakatlari kuchaya boshlagandi.

Bu paytda amirlik sho‘rolarning bostirib kelishi, fitna uyushtirishiga qarshi chegaralarni mustahkamlay boshlagan. Asosan Turkiston general gubernatorligi qaramog‘idagi mulklardan keluvchi karvon va yo‘lovchilar qattiq nazorat ostiga olingan. Taxtiqoracha dovonida harbiy quvvatni oshirish uchun 18 million so‘m sarflangan. Behbudiyning 1919 yil 25 martdagi xorij safari amirlik sarhadlarini qo‘riqlash kuchaygan shu davrga to‘g‘ri kelgan.

Xo‘sh, Behbudiydan qutilish kimlar uchun kerak edi? Qizil saltanat Buxoro amirligini zabt etishga jon-jahdi bilan intilayotgani, amirlikning ham unga qarshi kurashga shay ekanini hisobga olsak, Behbudiyni yo‘q qilishdan qaysi taraf ko‘proq manfaatli edi, degan savol kelib chiqadi. G‘irrom siyosatini mustahkamlash uchun sho‘rolarning Behbudiy singari xalq hurmatiga sazovor kishilarga ehtiyoji katta edi. Amirlik esa “Yosh buxoroliklar”ning jiddiy kuchga aylanganini bila turib, Behbudiydek rahnamoni o‘ldirishga botina olmasdi. Bunday harakat lovullay deb turgan gulxanga moy quyish bilan barobar bo‘lardi. Aslida-ku, ikki taraf ham o‘z maqsadi yo‘lida o‘nlab Behbudiylardan voz kechishga tayyor edi. Shu sababli qulayroq imkoniyatni kutish ular uchun maqsadga muvofiq edi. Voqealar rivojida shunday vaziyat vujudga keladi. Behbudiy Taxtiqoracha dovonida qo‘lga olinib, hamrohlarining ham shaxsi aniqlangach, Qarshi begi Tog‘aybek orqali Buxoroga xabar yetkaziladi.

Sho‘ro hukumati bo‘lajak bosqin uchun barcha imkoniyatni ishga solgan, maxfiy xizmatni yo‘lga qo‘ygandi. Uning xufyalari nafaqat amir saroyi, qo‘shinlari, shu bilan birga, amirlikka qarashli shahar va qishloqlarda ham paydo bo‘ladi. Ma’lumot to‘plash va shu asosda ish ko‘rish GPUning asosiy faoliyati edi. Behbudiyning safari, qo‘lga olinishi, o‘ldirilishi bilan bog‘liq voqealar ham uning nazaridan chetda emasdi.

1920 yil 2 sentyabrda “inqilob” degan soxta niqob bilan xaspo‘shlangan bosqinchilik natijasida Buxoroning katta harbiy kuch bilan bosib olinishi unga qarshi ozodlik harakatini tug‘dirmasligi mumkin emasdi. Sho‘rolar ana shu milliy ozodlik harakatini o‘zlarining g‘oyaviy maqsadidan kelib chiqib, ”aksilinqilobiy harakat”, harakat rahnamolarini esa ”aksilinqilobiy tashkilot”, deb atagan. Shuning uchun ham Qashqadaryo viloyat arxiv ishlari boshqarmasi xazinasidagi 172-jamg‘arma 2-ro‘yxatdagi 20-ishda 1920 yili sho‘ro tuzumiga qarshi “aksilinqilobiy tashkilot” tuzilgani, uning sho‘rolarga qarshi faol ish olib borgani haqida hikoya qilinadi. Bu hujjatda vatanparvarlik-norozilik harakati to‘g‘risida hozirgacha biror manbada tilga olinmagan hayratomuz dalillarga ham duch kelamiz.

1926 yili sho‘rolar ana shu harakat rahbarlarini qamoqqa olgan. Ular hibsga olingunga qadar arqon uzun tashlab qo‘yilgan. Bosh siyosiy boshqarmaning tergov bo‘limi boshlig‘i D.M. Yepifanov 1926 yilning 20 martida shu «jinoiy» ish yuzasidan yozgan o‘n betlik ayblov ma’ruzasida quyidagi ma’lumotlarni qayd etadi:

«…Mafkurasiga ko‘ra ashaddiy monarxistlar bo‘lgan amirlik himoyachilari Mirzo Navro‘z Po‘latov, Erka amin Do‘stmurodov, Muhammad Rahim Abdusattorov, Abdurasulqulbek Abdusattorov, Mulla Tojiddin Salimov, Xo‘janazar Inatullayev, Xoji Abduaziz mulla Boqixo‘jayev va mulla Ne’mat Shodmonovlar 1919-1920 yillarda Qarshi begi Tog‘aybek (hozirgi kunda Afg‘onistonda) va Qarshi og‘olig‘i Nuriddin xo‘ja (aksilinqilobiy faoliyati uchun otilgan) rahbarligida Qarshi shahrida aksilinqilobiy tashkilot tuzadilar. Tashkilot a’zolari soni yetmishga yetgan. Mazkur tashkilot Buxoroda amir taxtdan qulagach, sho‘ro hokimiyatini ag‘darib tashlashni yagona maqsad qilib oladi va Afg‘onistonga qochgan amirni qaytarish harakatini boshlab yuboradi…

Qarshi shahriga qizil armiyaning olib kirilishi (28 avgust 1920 yil) munosabati bilan aksilinqilobiy tashkilot aholi o‘rtasida qurolli qo‘zg‘olon ko‘tarish haqida tinimsiz tashviqot olib borgan. Qurolli qo‘zg‘olon sho‘ro hukumatiga va qizil armiyaga qarshi amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan edi. Aksilinqilobiy tashkilot aholining omiligidan foydalanib, o‘z maqsadiga erishishga muvaffaq bo‘ladi.

Yuqorida nomlari aytilgan kishilar ko‘ngillilarning g‘oyaviy rahbarlari sifatida qo‘zg‘olon boshida turadilar, har biri alohida guruhni boshqarib, qizil armiyaga qarshi kurashadilar. Muhammad Rahimbek va Xo‘janazar Inatullayev bosh bo‘lgan qo‘zg‘olonchilarning birinchi harakati Qarshi temir yo‘li shoxobchasini qo‘porib tashlash bo‘ladi. Temir yo‘l ashyolari talon-taroj etiladi, ishchilar va temir yo‘l xodimlari qamoqqa olinadi, kaltaklanadi, otib tashlanadi. Xuddi shunday manzara Qarshi shahrida ham vujudga keladi. “Yosh buxoroliklar”ning inqilobchi arboblari yalpi ravishda qamoqqa olinadi, ulardan biri taniqli arbob bo‘lgan Beh­budiy junbushga kelgan sobiq amir amaldorlari tomonidan olomon qilinib, ur-kaltak qilinadi. Natijada o‘rtoq Beh­budiy vahshiylarcha o‘ldiriladi».

D.M. Yepifanovning ma’ruzasini mushohada qilib ko‘raylik. Said Olimxon 1920 yilning 2 sentyabrida taxtdan ag‘darilgan va, Yepifanov ta’kidlaganidek, tez orada Qarshiga yetib kelgan. Tog‘aybek qasrida amirga ishonchli amaldorlar to‘plangan. Amir yig‘ilganlarga o‘zi Sharqiy Buxoroda kuch to‘plashi, Qarshida esa sho‘rolarga qarshi kurashni tashkil etish fikrini bildirgan. Amir sentyabr boshlarida jo‘nab ketgach, uning himoyachilari qizillarga qarshi tezkor fao­liyat boshlaydi. To‘rt-besh kun davomida shahar g‘alayon ichida qoladi. Sho‘ro tarafdorlarini mahv etish uchun yon-atrofdagi qishloqlardan ko‘ngillilar kela boshlaydi.

D.M. Yepifanov tergov bo‘limi boshlig‘idan viloyat bosh siyosiy boshqarmasi bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari darajasiga ko‘tariladi. U qo‘zg‘olon rahbarlarini ayblagan ma’ruzasida Mahmudho‘ja Behbudiy fojeasini “aksilinqilobchilar”ga qarshi kuchli bir dalil sifatida keltirib o‘tgan. Bu “jinoiy ish”ni ko‘rish 1926 yili boshlanib, bir-bir yarim yil davom etgan. Gumon qilingan shaxslarning hammasi qattiq jazoga tortilgan.

Tergov bo‘limi tomonidan yozilgan ushbu ma’ruzada qimmatli tarixiy dalil mavjud. Behbudiy hozirga qadar taxmin qilib kelinganidek, 1919 yilning martida emas, 1920 yilning sentyabri boshlarida shahid qilingan ekan. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, qurolli qo‘zg‘olon 6-11 sentyabrda bo‘lib o‘tgan. Behbudiyning o‘limiga esa sho‘ro va amirlik bab-baravar javobgardir. Amir Olimxon Behbudiyni qatl qilishdan ko‘ra garovda ushlab turishni afzal bilgan va bunga sabablar yetarli edi. Bir tomoni, uning orqasida jadidlar va sho‘ro hukumati turibdi, deb o‘ylagan bo‘lsa, ikkinchi yoqdan Turkiyaning Behbudiyni bilishi ham e’tibordan chetda emasdi. Amirlik sho‘rolarga qarshi kurashda Turkiya yordamiga umid bog‘lab kelardi. Shu mulohazalarga ko‘ra Fayzulla Xo‘jayevga nisbatan ancha mulo­yim kurashchi bo‘lgan Behbudiyni o‘ldirishga amirlik shoshilmagan. Sho‘rolar Buxoroda dahshatli qirg‘inni uyushtirmaganda amir taxtini tashlab ketmas, Behbudiydek taraqqiyparvar siymo fojeasi ham yuz bermagan bo‘lur edi.

Behbudiy, ba’zi ishoralarga ko‘ra Qarshining «Ko‘hna Chorsu» mahallasidagi 21-uyda (Sharif Qozijon degan kishining to‘qqiz xonali hovlisida) tutqunlikda yashagan. Bu mahalla shahar qal’asining kun chiqar tarafida bo‘lib, “Tutak darvoza”ga tutashib ketgan. Sharif Qozijonga keladigan bo‘lsak, u jadidlarga moyil kishi bo‘lgan. Sho‘ro hukumati bilan uning o‘rtasida oldindan aloqa yo‘lga qo‘yilgan, chog‘i. Sababi 1926 yilga kelib uning o‘sha to‘qqiz xonali uyi viloyat sudiga ijaraga beriladi.

Qizil armiyaning 13-o‘qchi korpusi qo‘zg‘olonni bir hafta mobaynida bostirib, g‘alayonchilarni deyarli qirib tashlaydi. O‘ldirilgan “Yosh buxoroliklar”, ularning rahbarlari, amirlikdan norozi bo‘lgan qarshiliklarning mayitlari asosan “Eshoni shahid” qabristoniga dafn etiladi. Ovrupolik temiryo‘lchilar jasadi esa vokzal g‘arbidagi rus mozorotiga ko‘miladi. Mahmudxo‘ja Behbudiy va hamrohlarining xoki ham “Eshoni shahid” qabristoniga qo‘yiladi. Aytishlaricha, Behbudiy qabri “Eshoni shahid” maqbarasi yaqinida bo‘lgan. Bir necha yil davomida uning marqadi e’tiborda bo‘lib kelgan. Lekin jadidlarga — ozodlik kurashchilariga nisbatan 30-yillar so‘nglariga kelib sho‘rolar munosabati o‘zgargach, Behbudiy ham, qabri ham unutiladi.

Ana shu “unutish” tufayli buyuk ma’rifatparvar bobomizning mozori bor yoki yo‘qligi bugungi avlod vakillari uchun noma’lum bo‘lib kelayotgan edi. Qashqadaryo viloyati hokimligi arxividan yaqinda topilgan 34-jamg‘arma 1-ro‘yxatdagi 55-ishga doir qaydlar esa masalaga oydinlik kiritdi. Mazkur jildning 7-sahifasiga muhrlangan satrlar 1925 yilning 19 iyuniga taalluqli. 1924-1925 yillarda vohada ozodlik harakati kuchlariga (sho‘rolar talqinida “aksilinqilobchilar”, “bosmachilar”) qarshi kurash kuchaytirilgan edi. Shu maqsadda tuzilgan viloyat komissiyasi ularni tugatish bo‘yicha “zarbdor oylik” e’lon qiladi. Komissiya majlisining 3-qaroriga doir hujjatda Behbudiy qabri ham tilga olingan.

Qarorda “zarbdor oylik”ning safarbarlik ahamiyatini kuchaytirish, xalqni og‘dirish ruhini oshirish uchun Qarshi shahrida ommaviy tadbirlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Jumladan, birinchi bandda 1925 yil 17 aprelda “bosmachilik”ka qarshi kurash bo‘yicha tunda siyosiy namoyish o‘tkazishga ko‘rsatma berilgan. Qarorning ikkinchi bandida viloyat firqa qo‘mitasi mablag‘idan shahar militsiyasi boshlig‘i Isoxon Zokirovga ko‘chalarga mash’alalar o‘rnatish uchun o‘ttiz so‘m ajratish belgilangan. Qarorning o‘sha bandini aynan keltiramiz:

“O‘rtoq Zokirovga mitinglar bo‘lib o‘tadigan quyidagi joylarda, savdo muassasalarida militsiya kuchi bilan yoritish ishlarini tashkillashtirish topshirilsin:

a) Registon maydonida,

b) Eski qal’a yonida (qardoshlik mozorida),

v) Qo‘rg‘oncha mahallasida,

g) Behbudiy qabri yonida.

O‘rtoq Zokirovga namoyishchilar harakatga kelgan vaqtda mushakbozlik — raketalar otishni tashkil etish topshirilsin”.

Ma’lum bo‘lyaptiki, ba’zi taxminlarda aytilganidek, Behbudiy qabri o‘sha paytdayoq tekislab yuborilmagan. Sho‘rolar o‘z hukmronligini mustahkamlash, xalq ozodlik harakatini tor-mor etish uchun qaqshatqich kurash olib borgan 1925 yilda u mavjud bo‘lgan. Mustabid tuzum peshvolari qadim Turkistonning mashhur siymolaridan biri, buyuk ma’rifatparvarning qabridan ham g‘oyaviy maqsadi yo‘lida foydalanib, uning ruhini toptagan.

Men shu shaharda yashagan folklorshunos Chori Hamro, filologiya fanlari nomzodi Abdumo‘min Qahhorov va boshqa keksalarning bir paytlar o‘zlari pionerlik va komsomol a’zoligiga qabul qilingan tadbirlar “Eshoni shahid” qabristonidagi Behbudiy qabri yonida o‘tkazilganini hikoya qilganlariga ko‘p bor guvoh bo‘lganman. Ular bu haqda bizga so‘zlagan oltmishinchi-etmishinchi yillar sho‘ro hokimiyatining eng gullagan davri edi. Bu haqda masala ko‘tarish yoxud uni matbuotda yozib chiqishning mavridi emasdi. Mazkur qabristonga kiraverishda katta yo‘lak, yo‘lakning ikki tarafida hovuz va quduq bo‘lgan. Darvozadan ellik qadam ichkarida “Eshoni shahid” maqbarasi, uning quyi etagiga yaqin joyda Behbudiyning qabri bo‘lgan. Qabr ustiga ayvon ham tiklangan.

Shu o‘rinda mazkur qabriston haqida bir-ikki og‘iz so‘z: naql etilishicha, Eshoni shahid — “Ko‘kgumbaz” masjidining imomi Abdullatif an-Nasafiy 1737 yili Nodirshoh Afshorning o‘g‘li Rizoqulixonga qarshi jangda halok bo‘lgan. Bosqinchilarga qarshi kurashda halok bo‘lgan vatanparvarlar shaharning kunchiqar tarafida, ya’ni o‘sha jang bo‘lib o‘tgan joyda dafn etilgan. Shahid bo‘lganlarning qabrlari katta mozorotni tashkil etgan.

Elu yurtda obro‘-e’tibori yuqori bo‘lgani bois Behbudiyning xoki izzat-hurmat bilan “Eshoni shahid” maqbarasi yoniga qo‘yiladi. Shaharni qayta egallagan sho‘rolar 1936 yilgacha buyuk siymoning so‘nggi manzilini “qizil qadamjo”ga aylantirgan. 1926-1936 yillarda shahar ham Behbudiy nomi bilan atalgan.

O‘z mafkurasini mustabidlik arshiniga muvofiqlashtirishga ustasi farang bo‘lgan “bolshevik”lar hokimiyatni mustahkamlab olgach, Behbudiy obro‘sidan foydalanish siyosatini o‘zgartiradi. 1937 yilgi qatag‘onlar davrida tiriklar bilan birga marhumlar ham inkor etiladi. Shahar nomi o‘zgartiriladi. Behbudiyning nomi pinhona ta’qib ostiga olinadi. Buyuk zotning qabri e’tibordan qoladi, bu joyda endi tantanalar o‘tmaydi, qabr ayvoni buzilib ketadi. Keyinchalik ayvon loshi ostida qabr ko‘milib, faqat shimoliy qismi ko‘rinib turadigan holga keladi.

Ikki yil muqaddam mazkur qabristonni yaxshi biladigan G‘affor Davlatov bilan Behbudiy xoki qo‘yilgan deb kelinayotgan mazkur joyda duoyi fotiha qilgan edik. Viloyat hokimligi arxividan yaqinda topilgan qaydnomada Behbudiy qabrining tilga olingani tufayli buyuk siymoning so‘nggi manzili to‘g‘risida muayyan xulosaga kelsak bo‘ladi, deb o‘ylayman. Demoqchimizki, Behbudiyning qabri “Eshoni shahid” qabristonidadir. Ayni chog‘da 1926-1936 yillarning matbuot nashrlari hamda arxiv hujjatxonalaridan bu borada yanada aniqroq ma’lumotlarni izlash bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlarimiz ham davom etadi.

Istiqlol sharofati bilan yurtimiz ozodligi yo‘lida shahid bo‘lgan qatag‘on qurbonlari xotirasini aziz va mo‘tabar bilayotganligimiz bizni shunga zimmadar etadi.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 30-sonidan olindi.