Nazar Eshonqul. Pablo Neruda

Rikardo Elieser Neftali Reyes Basoalto, chililik mashhur shoir, diplomat, siyosiy arbob. Nobel mukofoti sohibi.

Pablo Neruda 1904 yili Chilida oddiy temiryo‘lchi oilasida dunyoga keldi. U ikki yoshga kirganida onasidan ayrildi. Tabiatan tirishqoq va qobiliyatli bola yetti yasharligida ilk she’rlarini yoza boshladi. Bular she’r emas, balki ma’lum ohangga bo‘ysungan so‘zlar tizmasi bo‘lib, unda na turoq, na qofiya, na ega-kesim, na she’riyatga qo‘yiladigan talablar bor edi. Biroq ana shu dastlabki she’rlardagi shakl va ohang yosh bola ruhiyatida ma’lum qoliplarga sig‘maydigan, ma’lum she’riy tasavvurlarga amal qilmaydigan, poeziyani boshqa ko‘z bilan ko‘radigan yangi qarash paydo bo‘layotganidan darak berardi.

Nerudaning baxtiga, keyinchalik, 1945 yili, Lotin Amerikasi adabiyotida birinchilardan bo‘lib Nobel mukofotini qo‘lga kiritgan Gabriela Mistral u o‘qiyotgan litseyda dars berardi. Shoira bolaning poetik salohiyati va obrazli mushohadasini juda erta angladi va unga alohida e’tibor berdi. G.Mistral Nerudaga ham fanlarni o‘zlashtirishda, ham she’riyatda ustozlik qildi. Nerudaning dastlabki she’rlari G.Mistral ta’sirida dunyoga keldi. Neruda uzoq vaqt shogird bo‘lib qolmadi.

Otasi o‘g‘lining adabiyotga o‘ralashib yurishini istamasdi. Undan badavlat va obro‘li kasb egasi chiqishini orzu qilardi. Otasining noroziligiga sabab bo‘lmaslik uchun Pablo o‘ziga shior Yan Nerudaning taxallusini tanladi. Keyinchalik barcha rasmiy hujjatlarida uning nomi «Pablo Neruda»ga aylandi. Otasidan yashirib o‘z hisobidan dastlabki kitobi – «Shafaq izdihomi» to‘plamini chop etdi. Bu to‘plam talabalar adabiyotining birinchi mukofotiga sazovor bo‘ldi. Shundan so‘ng Pablo adabiyot bilan jiddiy shug‘ullanishni boshladi. 1924 yili chop etilgan «Muhabbat haqida yigirmata va tushkunlik haqida bitta she’r» nomli ikkinchi kitobi uning nomini Lotin Amerikasida mashhur qilib yubordi. Bu to‘plam adabiyotda avangard ruhdagi juda katta iste’dod paydo bo‘lganini bildirardi. Kitobdagi she’rlar o‘zining faqat shakliga ko‘ra emas, mazmun va qamroviga ko‘ra yangi davr she’riyati edi. Bu she’rlarda mavjud tushunchalar, mavjud obrazlar, metaforalar, o‘xshatishlarni o‘zgartirishga, ularga ma’lum bir qit’aga xos tasavvurlar bilan emas, bani insoniyat ko‘zi, nigohi bilan qarashga, chililik yoki amerikalik nomidan emas, bani bashar nomidan gapirishga, tasavvur qilishga, baho berishga intilish bor edi.

Ushbu kitobdan so‘ng Pablo Neruda, otasining qarshiligiga qaramay, institutni tashladi va o‘zini tom ma’noda adabiyotga bag‘ishladi. Ammo faqat adabiyot hisobiga kun kechirib bo‘lmasdi. Neruda qiyinchilik bilan o‘zini o‘nglashga, adabiyotdan chalg‘imay tirikchiligini yuritishga urinardi. Ancha fuqaroparvar va ma’rifatparvar bo‘lgan Chili hukumati yosh, iste’dodli shoirni o‘z holiga tashlab qo‘ymadi. An’anaga ko‘ra, shoirlarni Tashqi ishlar vazirligiga ishga taklif qilishardi. Pabloni esa Birmaga konsul qilib jo‘natishdi. Garchi bu vazifada boyib ketib bo‘lmasa-da, ammo ham ish, ham adabiyot bilan shug‘ullanish uchun yaxshi imkoniyat edi, zero, hukumat adabiyot ahliga aynan shu maqsadda bunday vazifalar taklif etardi. Pablo Nerudaning dunyo kezish va dunyo adabiyoti bilan yaqindan tanishish, dunyoning barcha burchagidagi insonlarni o‘rganish davri boshlandi. U Ispaniyada, Hindistonda, Parijda, Meksikada, Italiyada, Moskvada bo‘ldi. Shu yillari yozilgan she’rlarini to‘plab «Yashash joyim – Yer sayyorasi!» nomli to‘plamining birinchi kitobini chop ettirdi. Shoir endi she’rlarida tom ma’noda ona zamin va ozod inson nomidan gapira boshladi. U milliy she’riy ohanglar va ritmikani yangi avangard shakllarda aks ettirishga urindi. Uning har bir yozgan she’ri shakl va mazmuniga, so‘zlarni ishlatishiga ko‘ra o‘ziga xos novatorona yozilgan, qoliplarni buzgan.

Pablo Neruda bu she’rlarida go‘yo barcha jismga, narsaga, harakatga, olamga qayta nom bermoqchi bo‘lganday taassurot uyg‘otadi. Ma’lum jismni bildiruvchi so‘zlar yonidagi sifatlovchisi yoki ravishiga qarab ayni paytda faqat shoir tasavvur qilgan ma’noni ham ang­latib keladi.

Neruda o‘z ijodida besh qit’a badiiy an’analarinigina emas, jo‘g‘rofiyasini ham birlashtirdi, uning she’rlari, doston, balladalarida besh qit’aning yirik va tarixiy shaharlaridan barchasini topish mumkin. Sabab nimada? Javob, aftidan, Nerudaning bosh ijodiy kredosidan kelib chiqadi. U, millati, irqi, tili, dini, fuqaroligidan qat’i nazar, «men insonman» degan g‘oyani ilgari surdi va inson erki, fikr, so‘z, tuyg‘u, qarashlar hurligi ijodining bosh maqsadi bo‘ldi. Shu sababli asarlari bir qarashda deklorativ shiorlarday tuyuladi, biroq undagi obrazlarga, o‘xshatish, so‘z o‘yini, metonimiyalarga nazar tashlasangiz, yuksak va nozik poetik nafosatdan yuragingiz to‘lib ketadi. Bu she’rlar inson, jamiyat, tabiat va nafosat o‘rtasini bog‘lab turuvchi bir uyg‘un musiqaga o‘xshaydi. Pablo Neruda sukunatga va jimlikka ovoz bag‘ishlay olgan shoir edi. U Lotin Amerikasi sukunatiga poetik nom, ohang hamda ovoz bera oldi.

Pablo Neruda dunyo kezib, dunyo miqyosida o‘z she’rlariga zalvor, hikmat izladi. Dunyoning eng mashhur modernistlari, avangardchilari, impressionistlari bilan doimiy muloqotda bo‘ldi. Rangtasvirda isyonkor qarashlari bilan ajralib turadigan Diyego Rivera va David Alfaro Sikeyros kabi rassomlar eng yaqin do‘stlari edi. Madridda yashagan paytlari Garsia Lorka bilan qadrdon va maslakdosh bo‘lib qoldi. Ikkalasi birgalikda «Poeziyaning yashil ayg‘iri» nomli avangardcha usuldagi jurnal ham chiqarishdi. Lorkani frankochilar otib tashlashganda u raddiya sifatida diplomatik etikaga amal qilmasdan hukumat nomidan frankochilarga qarshi bayonot berib yubordi. Mazkur xatti-harakatidan xavotirlangan hukumat tezda uni mamlakatga chaqirib oldi.

Nerudaning ijodini XX asr ma’naviy, moddiy ravnaq yo‘lini tanlagan mamlakatlar ijtimoiy va badiiy tafakkurining o‘ziga xos bir namunasi deyish mumkin. Neruda XX asrdagi siyosiy yovuzliklarning barchasiga o‘z she’rlari bilan qarshi turdi, she’rlari orqali noroziligini bayon etdi, inson, shaxs sifatida loqayd o‘tirmadi: so‘zni, ohangni, go‘zallikni qurol qilib xunrezlik va yovuzlikka qarshi kurashdi. Uning she’riyatini «XX asr voqeligining tezkor badiiy vijdoni» deyish mumkin. Sobiq sho‘ro tuzumi uni do‘st shoir sifatida qabul qildi, uning asarlarini chop ettirdi. Biroq chop etilgan asarlar faqat ijtimoiy she’rlar edi. Uning chinakam go‘zal she’r­lari tarjima qilinmadi, oqibatda Neruda ijtimoiy masalalar shoiri sifatida nom qozondi. Shoirning chinakam she’rlari endi tarjima qilinmoqda, nashr etilmoqda.

O‘simlik, sharob yoki toshning oti – Matilda,
ne tug‘ilgan, neki mavjud – u barining otidir.
Bu ismning shu’lasidan tonglar yorishar nogoh,
bu ism parvozidan turunjlar yolqinlanar.
Bu ismda kemalar suzib yurar bemalol,
yo‘l ko‘rsatar dengizning lojuvard chiroqlari.
Bu ismning harflari – suvning nuqra oqimi,
qaqragan yuragimning chanqog‘ini bosadi.
Men chirmovuq ostidan izlagan ushbu ism
go‘yoki Bog‘i Eram yo jannatga eltuvchi
erosti yo‘lagining sehrli tuynugidir.
Qaynoq bo‘salaringga ko‘mib tashlagin meni,
jonimga qada, mayli, tungi nigohlaringni,
faqat ismingda yuzib, uxlashga izn bergin.

Nerudaning poetik ovozi Lotin Amerikasi ziyolilarining, nafaqat ziyolilari, balki o‘ziga yo‘l, mus­taqillik, taraqqiyot, ozodlik izlagan Lotin Amerikasining ovozidir. Undagi ibtidoiy hissiyotlar bilan zamonaviy jo‘shqinlik omixtaligining sababi ham shunda. Adashishlari, o‘ziga suyanchiq izlash uchun turli g‘oyalarga berilib ketishlar, laqqa tushishlar, mahliyo bo‘lishlar – bari Lotin Amerikasiga xos soddalik asoratidir. Shu sababli Neruda ijodi o‘zida 30 – 50-yillar Lotin Amerikasi ijtimoiy, hissiy hayotini to‘liq mujassamlashtiradi.

Neruda she’rlariga ko‘ra, inson bani olam va bani koinot uyg‘unligining markazida turadi, inson ulug‘lanadi va sharaflanadi. She’rlarida koinot va bashariyat uyg‘unlashgan olamga xos barcha narsani, hatto ko‘z ilg‘amas, quloq eshitmas, hid bilan sezib bo‘lmaydigan go‘zallikni, metaforalar, o‘xshatishlar, obrazlar, ohanglar, tovushlar, nolalar olamini ko‘rish va eshitish mumkin. Bu olamda inson ko‘ngli uning ijtimoiy kelib chiqishidan, irqidan, tilidan, dinidan va moddiy olam birlamchi sanovchi boshqa xususiyatlardan baland ko‘tariladi; inson o‘zining ko‘ngli qadar yuksaladi va bu ko‘ngilda endi samoviy evrilishlar sodir bo‘ladi, tuyg‘ular dengiz to‘lqinlari kabi toshib-to‘liqadi, kechinmalar bahoriy kapalaklar singari ko‘k­lam boshlangan qalbda parvoz qilib yuradi va bu yerda tozalangan, forig‘langan, yuksalgan odamning shishaday beg‘ubor, shaffof botini paydo bo‘ladi; mangulikning abadiy lahzalari, abadiy jilvalari bilan uyg‘unlashib ketadi. Shoir she’rlari ana shu uyg‘unlikning bekamu ko‘st tasvirchisi sifatida namoyon bo‘ladi.

Mushk-anbarlar oshyon qurib yoyilgan,
Namxush qanotlarin horg‘in silkitib
qishdan omon chiqqan qushlar sayr etgan
o‘sha tentak dara yodingda bor-ku.
Eslarsan Momo Yer in’omlarini:
bu dimoq yorar bo‘y, bu zarrin tuproq,
befahm ildizlar, ko‘m-ko‘k maysalar,
joduli tig‘i bu tikanaklarning.
Eslarsan – ko‘pikda qolgan tosh kabi –
zulumotdan, sukunatdan va suvdan
olib keltirganing daraxt shoxasin.
Bari g‘ayrioddiy, bari odatiy,
birovlar kutmagan joyga keturmiz,
kutgan narsamizni topurmiz izlab.

Shoir taqdir taqozosi bilan uch marta uylandi. Uchala rafiqasi bilan uchta qit’ada – Osiyo, Yevropa va Lotin Amerikasida (Bali oroli, Argentina va Italiya) – tanishdi va turmush qurdi. Umuman, Neruda go‘yo zamin farzandi va barcha qit’alar uning vatani edi. Uning 1951 yili nihoyasiga yetgan «Bashariyat qo‘shig‘i» nomli 231 ta she’r, ya’ni 15 ming misradan iborat to‘plami dunyo­ning ko‘plab mamlakatlariga tarjima qilindi, poeziya muxlislarining sevimli kitobiga aylandi. Pab­lo Neruda nomi o‘tgan asrning 40-yillaridan bosh­lab butun dunyoning eng zabardast va mashhur shoirlari safidan joy oldi. Uning she’rlarini sho‘ro tuzumidagilar ham, amerikalik va yevropaliklar, osiyoliklar ham birday o‘qishar, hayratlanishar va zavqlanishardi. 50 yillardan toki o‘limigacha, o‘limidan so‘nggi o‘n yillikda ham Pablo Neruda dunyodagi eng mashhur shoirligicha qoldi.

Garchi tadqiqotchilar Nerudani syurrealist hisob­lasalar-da, shoir yevropalik oqimdoshlaridan farq qiladi. U har qanday holatda ham insonga ishonch va umid bilan qaraydi, butun ijodi insonga qasida sifatida jaranglaydi, bu she’rlarda insonning matonati va toqati, qudrati va ulug‘ligi kuylanadi. Shoir e’tiqodiga ko‘ra, inson go‘zallik, ulug‘lik, kuch-quvvat, yaratuvchilik, g‘alaba va abadiylik timsolidir. Inson bo‘lmasa, bu narsalar ham bo‘lmaydi. Shu sababli har mahal insonga suyanish va uni alqab, ulug‘lash shart. Dunyoni inson ko‘nglidagi muhabbat va mehr qutqaradi.

Binafshaday tikandan toj kiygan zolim sevgi,
ehtiroslar zo‘ridan hurpayib olgan buta,
g‘azab oti yag‘rinin yara qilgan g‘am tig‘i,
nechun, qay yo‘llar bilan yuragimga yo‘l solding?
Mening bargi rezonlar to‘zgan so‘qmoqlarimga
nechun tashlab yubording hasratlaring o‘tini?
Kim u sening yo‘lingni mening qoshimga burgan,
kim u kulbam ko‘rsatgan, gulmi, toshmi, tutunmi?
Vahm tunni qo‘rquvlar bosib kelar begumon,
shafaq qadahlarini mayga to‘ldirgani rost
va rost ko‘kdan quyoshning jizg‘anak kuydirgani.
Sevgi esa, sevgijon bo‘ldi menga parvona,
bag‘rimni tilka qildi nayzalari, tikoni,
kuydirgijon otashi yuragimga yo‘l soldi.

Pablo Neruda ijodi, hayoti Lotin Amerikasining XX asr ijtimoiy hayoti bilan chambarchas bog‘liq. Uning she’rlari shu ijtimoiy hayotning in’ikosi, ana shu mintaqaning ovozi, hissiyoti, orzu va kechinmalari sifatida adabiyotga kirib keldi. Nobel mukofoti ham aynan «…o‘zi yashayotgan mintaqaning hayoti va nafasini qamrab olgan poeziyasi uchun» berildi. U tirikligida 40 dan oshiq kitob chiqardi. Butun dunyoga mashhur shoirga aylandi, ehtirosli obrazlari, ovozi besh qit’a­ni o‘ziga qaratdi, umri ham xuddi do‘sti Lorka kabi shov-shuvli va Lotin Amerikasining o‘sha davr hayotiga xos yakun topdi.

1969 yili uning nomzodini prezidentlikka ko‘rsatishdi. Bu saylovda g‘alaba qozonishi aniq edi. Dunyoga mashhur shoirni butun Chili qo‘llab-quvvatlardi. Ammo shoir siyosat bilan shug‘ullanishni istamadi. Salvador Alendi hisobiga nomzodini qaytarib oldi. Uning qo‘llashi tufayli Salvador Alendi saylovda yutib chiqdi.

1971 yili Pablo Neruda Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi.

1973 yil 11 sentyabrda Chilida davlat to‘ntarishi yuz berdi. Salvador Alendi prezidentlik saroyini himoya qilib halok bo‘ldi. Oradan o‘n ikki kun o‘tgach, 23 senyatbrda, Pablo Neruda ham vafot etdi.

Uning o‘limidan kommunistlar o‘z mafkurasi yo‘lida foydalandilar va shoirni «xunta azoblab zaharlab o‘ldirdi» degan yolg‘on ma’lumotni butun dunyoga tarqatishdi. Qariyb qirq yil ko‘plab mamlakatlarda ana shu yolg‘on asosiy manba sifatida talqin etib kelindi. Ammo 2013 yil 8 aprelda o‘tkazilgan eksgumatsiya payti shoir zaharlab o‘ldirilmagani ma’lum bo‘ldi. Shoir og‘ir kasallikdan vafot etgandi. Biroq bu dalil xuntani shoir o‘limiga javobgarlikdan to‘la ozod qilolmadi. Rafiqasi Matilda Uruttianing guvohlik berishicha, to‘ntarish payti bir to‘da xunta tarafdorlari AQSh siyosatiga hamisha tanqidiy ko‘z bilan qarab kelgan shoir uyiga bostirib kirib uni vayron qilishadi. Ular shoirdan o‘ch olish maqsadida kelishgandi. Matilda ikkinchi qavatni yopib olib zo‘rg‘a jon saqlab qoladi. Salvador Alendi tarafdori bo‘lgan shoirning dunyo miqyosidagi obro‘si harbiy xunta uchun juda xatarli edi. Uyining vayron etilgani, mamlakatdagi boshboshdoqliklar shoirga qattiq ta’sir qiladi va kasali kuchayadi. Rafiqasi Matilda doktorlar ham xuntaning g‘azabiga uchrashdan qo‘rqib shoirga o‘z vaqtida yordam ko‘rsatishmaganini ta’kidlagan. Uyi vayron bo‘lgach, o‘n ikki kundan so‘ng XX asrning mashhur shoiri vafot etdi. Dafn marosimi ham sir tutildi va tish-tirnog‘igacha qurollangan askarlar qurshovida ko‘mib kelindi. Shoir dafn etilgachgina butun dunyo uning o‘limidan xabar topdi.

Ammo shoirning she’rlarini, ovozini, ruhini o‘ldirib bo‘lmadi. Uning she’rlari bashariy uyg‘unlik va ozod inson haqidagi orzular qiyofasida dunyo bo‘ylab kezib yuribdi.

Pablo Neruda 1960 yili shunday yozgandi:

Men o‘lmasman, o‘ldirolmas hech qachon,
Jismim so‘nsa, ruhim yashar qon bo‘lib.
Chorlashsalar alam payti, baxt payti,
Men kelarman she’r bo‘lib, vulqon bo‘lib…

(She’rlarni Faxriddin Nizom tarjima qilgan)

Nazar Eshonqul