Ozod Sharafiddinov. G‘ayratiy to‘g‘risida so‘z

Yaqinda o‘zbek she’riyati tarixiga doir maqola yozib, tahririyatga olib bordim. Maqolani yoshgina, lekin o‘ziga yetguncha qaysar adabiy xodim tahrir qildi. U ishga shu qadar berilib ketiptiki, qo‘lyozmaning biron sog‘ joyi qolmapti, hatto shoirlar sanalgan joyda G‘ayratiyning nomini o‘chirib tashlapti. Men buning boisini so‘radim.
— Qo‘ying, domla, bunaqa shoirlarni tiqishtiravermang, — dedi u nasihatomuz ohangda.
Uning bepisandligi g‘ashimni keltirdi.
— “Bunaqa shoir” deganingiz nimasi? Nima bo‘pti G‘ayratiyga?
— Bilmaganday so‘raysiz-a, — dedi adabiy xodim tajang bo‘lib. — Cho‘lponni qamatgan odamni nechuk targ‘ib qilaylik?
Men Cho‘lponni G‘ayratiy “qamatgani”dan bexabar edim. Ajabo, G‘ayratiy uni qanaqa qilib qamatganikin — ustidan chaquv yozganmikin, tegishli idoralarga xufya axborotlar yuborib turganmikin yoki shoirni fosh qiladigan yolg‘on-yashiq maqola bostirganmikin?
Xayolimdan kechayotgan fikrlarni payqaganday, adabiy xodim gaplarini tasdiqlaydigan “dalillar”ni qalashtirib tashladi.
— Yaqin o‘rtada hech kim uni tilga olgani yo‘q. Biron gazeta yoki jurnal uning to‘g‘risida lom-mim demayapti. Radio bilan televideniye ham uni eslamay qo‘ygan.
Adabiy xodim so‘zlarni chertib-chertib, komil ishonch bilan so‘zlardi. Lekin uning “dalillari” meni qoniqtirmadi.
— Siz G‘ayratiyni bilasizmi? Uning qaysi asarini o‘qigansiz? Nimaga asoslanib Cho‘lponning kushandasiga chiqarib qo‘ydingiz?
U hamon avvalgi bepisandligi bilan bahsimizga nuqta qo‘ydi.
— Men uning asarlarini o‘qimaganman, o‘qimayman ham. Lekin Cho‘lponga qarshi she’r yozganini bilaman…
E-e, gap bu yoqda ekan-ku! Darvoqe, 20-yillarda G‘ayratiy chindan ham “Tuzalgan o‘lkaga” degan she’r yozgan edi. Lekin bu she’r Cho‘lponning “Buzilgan o‘lkaga!” degan she’riga mazmunan butunlay teskari bo‘lsa-da, Cho‘lponni fosh qilish maqsadida yozilgan emasdi. G‘ayratiyda bunday maqsadning o‘zi bo‘lishi ham mumkin emasdi, chunki u Cho‘lponni o‘zining ustozi deb bilar, uning bironta asarini qoldirmay o‘qib borar, undan ko‘p narsa o‘rganardi. Cho‘lpon ham G‘ayratiyni hurmat qilar, Toshkentga kelganida uni yo‘qlab turar, uyida mehmon bo‘lib, har xil mavzularda gurunglashib turardi. Cho‘lpon o‘zaro bahs-lar, qarashlardagi xilma-xillik do‘stlar o‘rtasidagi munosabatlarga soya solmasligi kerak deb hisoblardi. Shuning uchun G‘ayratiy “Tuzalgan o‘lkaga” she’rini yozganda undan xafa bo‘lish o‘rniga Cho‘lpon she’rni o‘qib chiqib, tahrir ham qilib bergan. Cho‘lponning qamalishiga bu she’r sabab bo‘lgan desak, haqiqatga xilof gap bo‘lur edi. G‘ayratiy she’ri bosilgandan keyin ko‘p yillar o‘tgachgina Cho‘lpon qamoqqa olingan.
Lekin bu gal meni ajablantirgan narsa boshqa edi — qarshimda turgan, o‘zining har bir gapini haq deb ishongan adabiy xodim nega bu qadar yuzaki o‘ylaydi? Undagi mutakabbirlik, ajdodlarimizga, madaniy merosga, kechagi kunimizga bu qadar bepisandlik bilan qarash qayerdan paydo bo‘lib qoldi? Odamlarga o‘ylamay-netmay, tuzukroq bilmay turib baho berish, ular ustidan uzil-kesil hukm chiqarish yoshlikda bo‘ladigan, vaqti-soati kelganda o‘tib ketadigan shunchaki g‘o‘rlik bo‘lsa mayli-ya, ammo uning tomir-tomirlariga singib ulgurgan e’tiqodga aylangan bo‘lsa, nima bo‘ladi? Tabiiyki, men bu o‘rinda kechagi kunimizni, kechagi odamlarimizni yalpisiga maqtab ko‘klarga ko‘tarishga da’vat qilayotganim yo‘q, men faqat mulohazakor bo‘lishga, odamlar haqida hukm chiqarganda yetti o‘lchab ish yuritishga undamoqdaman, xolos.
G‘ayratiy, albatta, G‘afur G‘ulom emas, Oybek ham emas, u hatto Mirtemir ham emas. U — G‘ayratiy edi va G‘ayratiy sifatida adabiyotimizning tarixida o‘zining muhim o‘rniga ega. Albatta, u 74 yillik umrida faqat ravon yo‘llardan yurmagan bo‘lishi mumkin, balki adashgandir, xatolar qilgandir, biroq uning bo‘lgan-bo‘lmagan “xatolari”ni ro‘kach qilib qoralashga oshiqmaylik. Tog‘lar faqat cho‘qqilardan iborat bo‘lmaganday, adabiyotimiz ham G‘ayratiyga o‘xshash siymolarsiz ancha kemtik bo‘lib qoladi.

* * *

Men G‘ayratiyning nomini ilk bora maktabda o‘qib yurganimda eshitgandim. To‘g‘ri, hali uning birorta asarini o‘qimay turib, nomini eshitdim, hatto ismi Abdurahim, familiyasi Abdullayev ekanini, “G‘ayratiy” esa taxallusi ekanini bilib oldim. Bu taxallus juda jarangdor edi, go‘yo undan allaqanday jo‘shqinlik ufurib turganday edi. Tan berish kerak — to‘ng‘ich avlodga mansub yozuvchilarimiz taxallus tanlashga ancha usta bo‘lishgan. Biroq nadomatlar bo‘lg‘ayki, G‘ayratiy haqida ko‘proq narsa bilishga harchand urinmay, o‘sha kezlarda bir-ikkita g‘iybatnamo maqoladan boshqa hech narsa topolmadik. Keyinroq aspiranturada o‘zbek poemalari haqida tadqiqot olib borar ekanman, 20-yillarda yaratilgan poemalar bilan ham tanishib chiqdim. Ma’lum bo‘ldiki, G‘ayratiy 20 — 30-yillarda o‘zbek shoirlari ichida eng ko‘p doston yaratgan shoir ekan. Uning “Yo‘qolgan bola”, “Onamga xat”, “Jinasta” kabi dostonlari jamoatchilik o‘rtasida katta qiziqish uyg‘otgan va alohida kitob tarzida bosib ham chiqarilgan. Lekin nima uchundir keyingi yillarda uning avji pasayib, matbuot sahifalarida kam ko‘rinadigan bo‘lib qolgan ekan.
Taqdir taqozosi bilan men 60-yillarning oxirida G‘ayratiyga hamsafar bo‘lib qoldim-u, bu odam haqidagi tasavvurlarim butunlay o‘zgarib ketdi. Oltmishlardan oshib qolgan, o‘rta bo‘yli, chorpaxil gavdali, ochiq ko‘ngilli odam ekani kulcha yuzidan bilinib turadigan G‘ayratiy ham hazil-mutoyibaga moyil, ham ko‘pni ko‘rgan bosiq, andishali bir inson ekan. Biz o‘shanda Qirg‘izistonga oqin To‘g‘oloq Muldaning yuz yillik to‘yiga mehmon bo‘lib borgandik. Bishkekda, Norin viloyatida, oqin tug‘ilib o‘sgan Otboshi tumanida cho‘ponlar ovullarida besh kecha-yu besh kunduz mehmon bo‘ldik, ziyofatlarda o‘tirdik, birga nonushtalar qildik va kechalari yarim kechagacha uyqu o‘rniga gurunglashib chiqadigan bo‘ldik. G‘ayratiy domla shirinsuxan, hikoyani o‘rinlatib gapiradigan odam ekan. Ammo bu gurunglarimizdan avval Bishkekka kelgan birinchi kunimizdayoq G‘ayratiy to‘g‘risida avval bilmagan ancha-muncha narsani bilib olgan edim. To‘g‘oloq Muldaning to‘yiga hamma respublikalardan mehmon kelgan edi. Ularning orasida taniqli adiblar va munaqqidlar ham ko‘p edi. Kelgan kunimiz mehmonxonada Lyutsian Ippolitovich Klimovich degan adabiyotshunosga ro‘para keldim. Uning islom tarixiga oid kitoblari bor edi. Milliy adabiyotlar bo‘yicha majmuasi mashhur bo‘lib ketgandi. Men uning kitoblarini o‘qigan va o‘zi bilan Moskvada ikki-uch marta uchrashgan edim. Lyutsian Ippolitovich men bilan apil-tapil salomlashdi-yu, G‘ayratiy bilan quchoqlasha ketdi.
— O‘zingmisan, G‘ayratiy? Bormisan, do‘stim? Ko‘rishmaganimizga ham ancha bo‘ldi-a! Eh-he, qancha suvlar oqib ketdi. Lekin tuzuksan, hali ham yoshlikdagi shijoating yo‘qolmapti!
G‘ayratiy ham iliq gaplar aytib, eski qadrdonining ko‘nglini ko‘tardi.
Men ularning qachon, qanday qilib bu qadar do‘stlashganlarining tagiga yetolmay, hayron edim. Bir-ikki kundan keyin Klimovichdan G‘ayratiy bilan do‘stlashish tarixini so‘radim.
— Men G‘ayratiy bilan o‘ttiz yilcha avval tanishgan edim. men o‘sha paytda milliy adabiyotlar bo‘yicha yozmoqchi bo‘lgan kitobimga material yig‘moqda edim. G‘ayratiy esa proletar adabiyotining atoqli namoyondasi edi. Uning maslahatlaridan ko‘p bahramand bo‘lganman.
Ertasi kuni Olmaotadan ulug‘ qozoq adibi Muxtor Avezov keldi. U ham G‘ayratiyni yaxshi bilar ekan, hatto bir-birlarini sensirashib gaplashar ekanlar. Muxtor og‘a G‘ayratiydan hol-ahvol so‘ragach, Oybek bilan G‘afur G‘ulomni surishtirdi, o‘zbek adabiyotidagi yangiliklardan so‘radi. Ularning orasida qalin do‘stona munosabat mavjud ekani yaqqol sezilib turardi. Men bu inoqlik tarixini surishtirdim. Ma’lumki, Muxtor Avezov 20-yillarda Toshkentda o‘qigan va bir necha muddat O‘rta Osiyo davlat dorilfununida dars ham bergan. O‘sha yillarda u o‘zbek yozuvchilari bilan, shu jumladan, G‘ayratiy bilan ham do‘stlashgan ekan.
Qiziq, oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q, deb bejiz aytilmagan ekan-da! O‘zimizning yurtimizda juda kamsuqum, kamtar bo‘lib yurgan G‘ayratiy boshqa yurtlarda yuksak qadrlanar ekan.
Shundan so‘ng men G‘ayratiy bilan bog‘liq materiallarni chuqurroq o‘rgana boshladim. Buni qarangki, benihoya kamtar va kamsuqum bo‘lib ko‘ringan bu odamning hayoti baayni zo‘r sarguzasht filmlardagidek bir-birini almashtirib turgan g‘aroyib voqealarga, parvozlar va tushishlarga, keskin dramalarga va hatto fojealarga to‘la bo‘lgan ekan
Tug‘ilgan kuniyoq o‘limga mahkum qilingan chaqaloq to‘g‘risida eshitganingiz bormi? G‘ayratiy dunyoga kelishi bilanoq ana shunday mudhish qismatga ro‘para kelgan. Uning qotili otasi bo‘lmog‘i kerak edi. Gap shundaki, G‘ayratiyning onasi ko‘z yorayotib nobud bo‘lgan. Xotinini jonidan ortiq yaxshi ko‘rgan ota alam ichida o‘zini yo‘qotib qo‘yib, fojeaning sababchisi deb yangi tug‘ilgan farzandini biladi va uni chopib tashlamoqchi bo‘ladi. Azaga kelgan mahalla ayollari chaqaloqni bir amallab olib qochadilar. Ota bu mudhish fojea ro‘y bergan uydan butunlay bosh olib chiqib ketadi va Qirg‘izistonga To‘qmoq shahridagi qarindoshlarinikiga ketib, o‘sha yerda o‘n ikki yil qolib ketadi. G‘ayratiy esa mahalladagi Oyimxon degan yarim uyg‘ur ayolning qo‘lida qoladi. Oyimxon mehrini ayamay yetim qolgan go‘dakni har tomonlama parvarish qilib, ulg‘aytiradi. Ammo u har qancha g‘amxo‘r va mehribon bo‘lmasin, yetimlik yetimlik-da — G‘ayratiyning bolaligi ancha mashaqqatlar va xo‘rliklar ichida kechadi.
1914 yilda ota To‘qmoqdan Toshkentga qaytadi va o‘tgan ishlar uchun o‘g‘lidan kechirim so‘raydi. Urush davrining qiyinchiliklariga qaramay, ota-bola inoqlik bilan turmush kechira boshlaydilar. Yosh G‘ayratiy o‘qib, savod chiqarish imkoniga ega bo‘ladi. O‘qish jarayonida G‘ayratiy shoirlik iste’dodiga ega ekanligi ma’lum bo‘ladi. U she’rlar yoza boshlaydi, oradan ko‘p o‘tmay yaqin o‘tmishda o‘zi boshidan kechirgan yetimlik mashaqqatlari, sarson-sargardonlik haqida dostonlar to‘qiydi. Ilk dostonlari jamoatchilik tomonidan iliq kutib olinadi. U G‘afur G‘ulom va boshqa shoirlar bilan do‘stlashadi. Uning uyiga kelib turadigan qalamkashlar orasida Abdulla Qodiriy va Cho‘lpon ham bor edi. Keyin adabiy hayotda favqulodda hodisalar yuz beradi-yu G‘ayratiyning ijod borasidagi beqiyos parvozi boshlanadi.
1925 yilda RKP (b) Markaziy Qo‘mitasining “Partiyaning adabiyot sohasidagi siyosati to‘g‘risida” degan qarori chiqadi. Albatta, bu qaror ham boshdan-oyoq sinfiy kurash ruhi bilan sug‘orilgan edi. Partiya zohiran adabiyotdagi guruhbozliklarga qarshi kurashayotgan ko‘rinsa-da, aslida “burjua adabiyoti”, “dvoryanlar adabiyoti”, “dehqonlar adabiyoti”, “ziyolilar adabiyoti” deb adabiyotni mayda qismlarga ajratib tashlagan va ular o‘rtasida muttasil sinfiy kurash bo‘lishini tasdiqlagan edi. Bu murosasiz kurashda yo‘qsullar adabiyoti gegemon bo‘lmog‘i kerak edi. O‘sha davr mafkurasining talabiga ko‘ra, proletar yozuvchisi kelib chiqishiga ko‘ra ishchilar sinfi bilan bog‘liq bo‘lmog‘i kerak edi. G‘ayratiy ishchi oilasida tug‘ilmagan edi, ammo u Toshkentning Degrez mahallasida tavallud topgan edi. Bu mahallada kosiblar, hunarmandlar yashardi. Shuning uchun ham G‘ayratiyni “proletar shoiri” deb e’lon qilishdi va uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash boshlandi. U proletar yozuvchilar uyushmasiga qabul qilindi va qisqa muddatda uning peshqadam namoyandalaridan biriga aylandi. O‘z-o‘zidan ravshanki, proletar adabiyotining aravasiga tushgan odam uning childirmasiga o‘ynab, uning qo‘shig‘ini kuylamog‘i lozim edi. Shuning uchun bu yo‘lga qadam qo‘ygan ijodkor zavod-fabrikalarni, ularning vag‘ir-vug‘urini, tsexlarning shovqinini, mo‘rilardan chiqqan tutunlarni, vagrankalaru seyalkalarni tasvirlamog‘i kerak edi. Faqat o‘zbek shoirlari emas, butun Ittifoq bo‘ylab, hamma ijodkorlar shunga da’vat qilinar va shunday asarlar bitgan ijodkorlar rag‘batlantirilardi. Tuzukroq tahsil ko‘rmagan, jahon adabiyotining ko‘p asrli tajribasi bilan puxta tanishmagan G‘ayratiy bu safsatalarga chippa-chin ishondi va “proletarcha” yo‘lda ijod qila boshladi. Natijada uning har bir dostoni, har qaysi she’riy to‘plami olqishlar bilan kutib olindi, ko‘klarga ko‘tarib maqtaldi, boshqa tillarga tarjima qilindi, kitoblari hatto Moskvada ham chop qilina boshladi. Bu parvozning eng baland avji shu bo‘ldiki, 1934 yilda u sho‘ro yozuvchilarining 1-s’ezdiga vakil qilib saylandi. O‘shanda O‘zbekistondan s’ezdga atigi o‘n bir kishi vakil bo‘lgandi. Bular — Oydin, Alekseev, G‘afur G‘ulom, Umarjon Ismoiliy,Rahmat Majidiy, L.E.Pinxasov, Ziyo Said, Nazir Safarov, S.Xoldorova va Husayn Shams edi. O‘sha paytlarda Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat, Oybek, Abdulla Qahhor, Hamid Olimjon, Uyg‘un kabilar haqiqiy iste’dod egalari ekanlarini namoyish qilib ulgurgan edilar. Lekin ularning hech qaysisi s’ezdga vakil qilinmadi. O‘zbekistondan borgan vakillar ichida o‘sha paytda eng katta obro‘ga ega bo‘lgani, shubhasiz, G‘ayratiy edi. Shuning uchun uni s’ezd hay’atiga ham sayladilar. G‘ayratiy s’ezdning oxirigacha — 15 kun Sholoxov, Fadeev, Pasternak kabi yozuvchilar qatorida hay’atda savlat to‘kib o‘tiradi. Ehtimolki, bu kunlar uning hayotidagi eng baxtiyor, eng totli kunlar bo‘lgan bo‘lsa ajab emas.
So‘ngra… 1937 yil boshlandi — mamlakat tarixidagi eng dahshatli qora kunlar yetib keldi. Mamlakatning guli bo‘lmish, uning iftixorini tashkil qiluvchi millionlab odamlar qamoqlarga tashlandi, Sibir surgunlariga jo‘natildi. Butun mamlakat bo‘ylab mudhish qatliom qora to‘rlarini yoydi. G‘ayratiy bu dahshatlardan omon qoldi, ammo ular shoirning ichki dunyosini, ma’naviy olamini ag‘dar-to‘ntar qilib yubordi. Uning shu paytga qadar ishonib kelgan “haqiqatlari” sarob bo‘lib chiqdi. Sig‘inib kelganlari butkul yolg‘on ekan. Bunday aldanish, ishonchlarning chil-parchin bo‘lishi, umidlarning chippakka chiqishi har qanday odamni ham gangitib qo‘yadi. Mamlakatdagi besaranjomlik boshqa ko‘pgina yozuvchilar kabi G‘ayratiyga ham yomon ta’sir qiladi. O‘zini tutqun his qiladigan, tiliga kishan urilgan ijodkorning qo‘li ishga bormay qolishida hayron qoladigan narsa yo‘q. Bularning ustiga, oilaviy hayotdagi noxushliklar qo‘shilib, G‘ayratiyni yanada tushkunroq ahvolga soldi. G‘ayratiy 20-yillardayoq bir muallima ayolga uylandi. Bu ayol nafaqat xushro‘y, oqila edi, balki G‘ayratiyni chin dildan hurmat qilar va uning ijodiy ishi uchun hamma sharoitni yaratib berishga harakat qilardi. Biroq bir necha yil turmush qilsalar-da, ular farzand ko‘rishmadi. Shunda ayol o‘z ixtiyori bilan G‘ayratiyga boshqa oila qurishga rozilik berdi. Bunaqa voqealar har qancha xushmuomalalik bilan bitmasin, baribir, yurakda og‘ir chandiq qoldiradi. G‘ayratiy ancha vaqtgacha bo‘ydoq yuradi. Keyin qarindosh-urug‘larini ko‘rgani To‘qmoqqa boradi. U yerda qarindosh-urug‘lari G‘ayratiyning bo‘ydoqligini ko‘rib, uni qo‘shnilarining qiziga ro‘para qilishadi. Qiz G‘ayratiyga ma’qul keladi va unga uylanishga rozi bo‘ladi. O‘sha paytlarda G‘ayratiy bilan turmush qurishga rozi bo‘lgan Shafoatxon endigina o‘n besh yoshga to‘lgan edi. Eru xotin oralaridagi katta farqqa qaramay ahil va inoq turmush kechira boshlaydilar. Oradan ko‘p o‘tmay egizak opa-singillar tug‘iladi — ularga O‘lmas va So‘lmas deb ism qo‘yishadi. Bu orada G‘ayratiyning birinchi ayoli ham ularnikiga kelib, uy ishlariga qarashib, egizaklarni boqishga ko‘maklashib turadi. Egizaklar uch yoshga to‘lgach, Shafoatxon va G‘ayratiyga yalinib-yolborib, ularning bittasini so‘rab oladi va uyiga olib ketadi. Biroq qizaloq xastalanib olamdan ko‘z yumadi. Bundan juda qattiq iztirobga tushgan muallima hatto shu qiz ham menga vafo qilmadi deya kuyib, qayg‘urib, qismatiga tan beradi va G‘ayratiy xonadonidan oyog‘ini tortadi. G‘ayratiyning oilaviy hayoti izga tushib ketadi. U avvalgiday ishtiyoq bilan bo‘lmasa-da, asta-sekin ijod qilishda davom etadi. Lekin endi u avvalgiday taraq-turuqlarga to‘la asarlar emas, chinakam insoniy mazmun bilan yo‘g‘irilgan she’rlar yoza boshladi. Uning she’rlari ko‘pchilikka ma’qul bo‘ladi va xonandalar tomonidan qo‘shiq sifatida keng ijro etila boshlaydi. Bu esa unga nafaqat shuhrat keltiradi, balki boshiga yana balolarning yog‘ilishiga ham sabab bo‘ladi. Ba’zi-bir mutasaddilarning san’at va adabiyotga qarashi g‘oyatda cheklangan bo‘ladi. Ular “San’at xalqnikidir” degan shiorni “san’at yuqori rutbali amaldorning xizmatkoridir” deb anglashadi va san’atkorga, adibga shu tushunchadan kelib chiqib muomala qilishadi. Shunday mutasaddilardan biri G‘ayratiyga o‘zi homiylik qiladigan xonanda ayol uchun qo‘shiq matnini yozib berishni buyuradi. G‘ayratiy g‘ururi baland inson edi, u har qancha qiyin sharoitda qolgan bo‘lmasin, kattalarga yaltoqlanishni xohlamasdi. U mutasaddining buyrug‘ini bajarmaydi. Lekin G‘ayratiy “O‘ynashmang arbob bilan” degan dono maqolni unutib qo‘ygan edi. Mutasaddi uning o‘ziga hech narsa demasa-da, bu gaplarni ichiga tugib qo‘yadi. Ha demay, G‘ayratiyning ta’zirini berish va tanobini tortib qo‘yish uchun qulay bahona ham topila qoladi. Urushning boshlanishida O‘zbekistonga ko‘chirib keltirilgan yahudiy millatiga mansub bir mutaxassisni G‘ayratiy yashaydigan uyga joylashtirgan edilar. Negadir, ularning orasidan qoramushuk o‘tib qoladi-yu, G‘ayratiy uning millatini kamsitadigan gap qiladi. U odam shikoyat qiladi. Anchayin maishiy mojaro bo‘lgan bu hodisaga darhol siyosiy to‘n kiygizadilar. Qarabsizki, atoqli shoirni millatchilikda ayblashadi va qamoqqa olishadi. Bunaqa voqealarning oxiri nima bilan tugashi ma’lum edi,ammo bir necha yil avval yozuvchilarning s’ezdida orttirgan do‘stlari uning joniga oro kirishadi. O‘sha paytda Toshkentda istiqomat qilayotgan atoqli yozuvchi A.N.Tolstoy va O‘zbekiston haqida ajoyib roman yozgan ukrain yozuvchisi Ivan Le G‘ayratiyning katta xizmatlarini ta’kidlab, yuqori tashkilotlarga uni qamoqdan bo‘shatishlarini so‘rab murojaat qilishadi. Ikki atoqli adibning iltimoslari, har qalay, o‘z ta’sirini ko‘rsatadi va G‘ayratiyni qamoqdan chiqarishadi, lekin uni butunlay oqlashmaydi, aksincha, Toshkentda yashash huquqidan mahrum qilib, hozirgi ToshGRES hududida joylashgan, o‘sha paytlarda ancha ovloq joy hisoblangan O‘nqo‘rg‘onga bola-chaqalari bilan badarg‘a qiladilar. G‘ayratiy badarg‘a yillarida qishloq maktabida o‘qituvchilik qiladi. Bu yillarda u yana ko‘pgina judoliklarga uchraydi, xo‘rliklarni boshidan kechiradi. U eng qalin do‘stidan mahrum bo‘ladi — kunlardan birida qishloq choyxonasiga kirsa, eng ishongan do‘sti odamlarga “G‘ayratiy bilan muomala qilmanglar, u sinfiy yot unsur, xalq dushmani” deb turganining ustidan chiqib qoladi. Bu uni qattiq iztirobga soladi, odamlarga bo‘lgan ishonchini zaiflashtiradi.
Ammo shoirni xo‘rlagan va iztirobga solgan narsa faqat yaqin do‘stining xiyonati emasdi — butun jamiyat go‘yo uni o‘zidan nariga uloqtirib tashlaganday edi. Hamma gazetalar va jurnallarda uning asarini bosmay qo‘yishdi, hamma nashriyotlarning eshigi uning uchun taqa-taq yopildi, radioda aytiladigan qo‘shiqlari olib tashlandi, kitoblari ta’qiqlandi, nomini tilga olish mumkin bo‘lmay qoldi. Ana shu zulmatli kunlarda uning ko‘ngliga umid solgan bir tola nur ham bor edi. G‘ayratiy rasmiy doiralarning ruxsati bilan Toshkentdagi Ostrovskiy nomidagi pionerlar saroyida adabiyot to‘garagiga rahbarlik qildi. To‘garakka qatnaydigan bolalar ichida bir necha iqtidorlilari ham bor edi. Ayniqsa, Erkin Vohidov o‘zining favqulodda iste’dodi bilan hammadan ajralib turar va G‘ayratiy qalbida yig‘ilib qolgan hamma mehrini unga baxshida etdi. Keyinchalik Erkin Vohidov G‘ayratiyning nomini bir necha marta ehtirom bilan tilga oldi va undan ustoz sifatida ko‘p narsa o‘rganganini ta’kidladi.
Oradan yillar o‘tdi… 1956 yildan keyingina G‘ayratiyning boshidagi qora bulutlar ariy boshladi. U oilasi bilan Toshkentga qaytib ijod bilan shug‘ullana boshladi. U she’rlar, qissalar va hikoyalar yozdi, bir qator to‘plamlar e’lon qildi. Uning ko‘pyillik ijodiy faoliyatini nazarda tutib, G‘ayratiyga “O‘zbekiston xalq shoiri” degan unvon ham berildi. Lekin, baribir, avvalgi ko‘tarinkilikdan, zavq-shavqdan, g‘ayratdan nishon ham qolmagan edi. Bir marta darz ketgan ko‘za har qancha qadoqlamagin, asliga qaytmas ekan. 1973 yilda G‘afur G‘ulom nomidagi Badiiy adabiyot nashriyoti uning ikki jildlik tanlangan asarlarini nashr etdi. Uning birinchi jildiga lirik she’rlar, “G‘urbatda Furqat”, “Shoir”, “O‘lmas qo‘shiq”, “Olovli yillarda” kabi dostonlar kiritilgan. Ikkinchi jild esa “Bizning Hamza”, “Baxmal qirg‘oq”, “Yoshligim”, “Oqin hukmi” kabi qissalar va hikoyalardan tarkib topgan. G‘ayratiy 1974 yilning 27 dekabrida shu kitobini menga “Hurmatli Ozodga muallifdan esdalik” degan dastxat bilan tortiq qilgan edi. Yaqinda — G‘ayratiy tavalludining 100 yilligi munosabati bilan men bu kitobni yana bir ko‘zdan kechirib chiqdim, yana bir bor bu betakror, o‘ziga xos inson bilan Toshkentdagi uchrashuvlarimni, Bishkek safarida birga o‘tkazgan kunlarimni esladim. Chindan-da bu kamsuqum va kamtar inson bilan chaqchaqlashish o‘ta maroqli edi va ayni chog‘da gurunglar kishini ma’yus o‘ylarga ham g‘arq etar edi. G‘ayratiy, shubhasiz, katta iste’dodga ega edi. — U sho‘ro zamonida ellik yil davomida o‘z asarlari bilan xalqqa xizmat qilishga harakat qildi. Ammo sho‘ro hukumati uning barcha shirasini so‘rib olgandan keyin, o‘zini uzum po‘stlog‘iday tuflab tashladi. Ilk qadamlaridanoq sho‘ro mafkurasining soxta nazariyalariga mubtalo bo‘lib qolgan G‘ayratiy keyinchalik ijodda to‘g‘ri yo‘l izlagan bo‘lsa-da, uni hamma vaqt ham topa olgan emasdi. Undan kitoblar qoldi, qobiliyatli va iqtidorli farzandlar qoldi. Ayni chog‘da G‘ayratiy adabiy to‘garakda Erkin Vohidovdek buyuk shoirga adabiyotning alifbesini o‘rgatdi, uni katta ijod yo‘liga solib yubordiki, birgina shuning o‘zi uchun G‘ayratiyni har qancha e’zozlasa arziydi. Shuning uchun ham bugun — G‘ayratiy tavalludining yuz yilligida ijodiy parvozlarga to‘la va ayni choqda mashaqqatli, ba’zan esa fojeali hayot yo‘lini bosib o‘tgan, charxning hamma jabru jafosini to‘la boshidan kechirgan bu insonni xotirlab ruhini shod etaylik. Chunki u har qancha og‘ir sharoitda yashagan bo‘lmasin, insoniy g‘ururini yo‘qotmagan, manfaat yo‘lida iste’dodni egri yo‘lga burmagan bir inson edi. U xushomadgo‘ylik va maddohlik yo‘liga kirmadi Imkoni boricha yaxshi nom qoldirishga intilib o‘tdi. Ollohning rahmatlari yog‘ilsin unga!

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2002 yil 39-sonidan olindi.