Oydin Hojiyeva. San’atkor tarjimon (Zulfiya)

Zulfiya tarjimalarining o‘zi bir olam. Ular oftobday nur sochib turadi. U o‘zbek tiliga o‘girgan she’rlar tuyg‘ular, ehtiroslarga yo‘g‘rilib, xuddi asl nusxa kabi qiymat kasb etadi. Zulfiya o‘zbekchalashtirgan buyuk Pushkinning otash-alangali she’rlari maftunkor, o‘rtanish va iztiroblari joningizga titroq soladi. Pushkinning qaynoq muhabbat dardlarini qayta his qilasiz u misralarda. Yoki Nekrasovning “Rus ayollari” poemasini mutolaa qilsangiz, so‘zning rangini, iforini, jarangini, ta’mini, mayin tarovatini tuyasiz. So‘zning toshday qattiq bo‘lgani, gul ochgani, qorning olmos uchqunlariga aylanganini ko‘rganday bo‘lasiz. O‘zbek tilining nechog‘lik jozibador, rang-barangligi sizni hayratga soladi. So‘zda qahraton zahrini, yozning charaqlagan quyoshi taftini, zanglagan og‘ir kishanlarning mahzun shildirashini his qilasiz. Kiborlar, zodagonlar bazmining yorqin, sho‘x yulduzlari – knyaginya Trubetskaya va Volkonskayalarning yoshlik yillariga bag‘ishlangan satrlarda tarjimon so‘zlarni sayratib yuboradi, baxtu saodatga chulg‘angan, hashamga botgan go‘zal xonimlarning ko‘ngil kechinmalari shohona tasvirga aylanadi. Ularning zorlari, qora qahratonning qorli yo‘llaridagi mashaqqatlari bayonida, rus qishloqlari ta’riflangan manzaralarda shoira tarjimonlikning yuksak namunalarini yaratadi. Ikki buyuk muhabbat va vafo timsoli qismatini shoira xuddi o‘z boshidan kechirganday harorat va ayriliq azoblarini o‘ta san’atkorlik bilan misralarga jo etadi. Asarni o‘zbek tilida qayta yaratadi go‘yo. Zero, tarjimonning o‘zi ham muallif qadar yuksalishi, asar yozilgan davrning ruhini teran anglashi va o‘z tilining butun imkoniyatlarini namoyon etishi kerak-da!

Zulfiyaxonim amalga oshirgan tarjimalar ro‘yxatida jahonga taniqli shoiralarning asarlarini ko‘rasiz: Gabriela Mistral, Lesya Ukrainka, Solomeya Neris, Anna Axmatova, Marina Svetayeva, Yelizaveta Bagryana, Margarita Aliger, Desanka Maksimovich, Lyudmila Tatyanicheva… Shuningdek, Mirzo Tursunzoda, Qaysin Quliyev, Mustay Karim singari mashhur shoirlar bilan do‘stona munosabatlarining samarasi bo‘lib, fasohatli she’riy tarjimalar dunyoga kelgan. U o‘z qalbiga, tuyg‘ulariga, qarashlariga yaqin bo‘lgan she’rlarnigina muhabbat va ixlos bilan o‘zbek tiliga o‘girardi. Ustoz suhbatlarda Hamid Olimjon bilan birgalikda tarjimalar qilgan kezlarini sog‘inib eslardi, shoir tarjimalarining ravonligini, asl nusxa kabi yorqin va mukammalligini takrorlardi. Shu o‘rinda Zulfiyaxonimning aytganlarini xotirga olsam joiz bo‘lar.

1943 yil. Hayot-mamot janglari dunyoni larzaga solib turgan suronli davr. Xalq qurol yasar, zavod-fabrikalarda uyqusiz dastgoh yurgizar, bir tishlam nonini ham, tashvishini ham frontdagilar bilan baham ko‘rardi. Gospitallarda hamshiralar malhami bilan, san’atkorlar esa qo‘shiq bilan yaradorlarni davolar edilar. Yurt yozuvchi va shoirlarning so‘ziga ilhaq edi. Toshkentda adabiy hayot qaynar, bu yerda yashayotgan taniqli rus, ukrain, belorus shoirlarining asarlari o‘zbek tilida ketma-ket chop etilar, o‘zbek jangchilarining ko‘krak cho‘ntagida H. Olimjonning “Qo‘lingga qurol ol”, G‘. G‘ulomning “Sen yetim emassan” she’rlari bilan birga K. Simonovning “Meni kutgil” kabi noyob she’rlarining o‘zbekcha tarjimasi ham yurardi.

O‘sha kunlarda belorus shoiri Yakub Kolasning tavallud to‘yi o‘tkaziladigan bo‘lib qoldi. Adibning kitobini zudlik bilan o‘zbek tilida chiqarish darkor edi. Do‘stlik burchi shuni talab etardi. Hamid Olimjon xonadonining eng katta xonasi ikki shoirning ijodxonasiga aylandi. O‘rtada ikki yurakni birlashtirib sham yonadi. Bir sham yorug‘ida ikki dil, ikki safdosh shoir yarim tungacha Yakub Kolas bilan g‘oyibona suhbatda. Hamid Olimjon kitobga so‘zboshi yozar, Zulfiya shoir she’rlarini o‘zbek tiliga o‘girardi. Uch kunda so‘zboshi ham, tarjimalar ham tayyor bo‘ldi. Shamning xira yorug‘ida bir xona keng jahonday bo‘lib, bitta stolning ikki qanoti ilhom va mehnatga xizmat qilardi. Ular bitta nafasga aylanib baxtiyor yashar, ishlar edilar. Qiyin sharoitni payqamas edilar. Hamma shunday yashardi. Mehnat qilish kerak edi. Urush borardi axir. Xalqqa tayanch so‘z kerak edi. O‘sha mashaqqatli kezlarda noziknihol Zulfiyaning qudratli tayanchi – Hamid Olimjon yonida yoniq so‘zlarni izlash va topish osondek edi.

Zulfiya qardoshlarning adabiyot bayramlarida albatta yangi tarjimalarini muxlislariga sovg‘a etardi. Esimda bor, ustoz Toshkentda o‘tkazilgan Tojikiston adabiyoti va san’ati kunlarida Mirzo Tursunzodaning “Vatan” she’rini o‘z tarjimasida o‘qib muxlislarning olqishiga sazovor bo‘lgan edilar. Shoira aruzda deyarli yozmasdi, lekin u Sulaymon Rustamning, Mirzo muallimning aruzdagi she’rlarini mahorat bilan ona tilimizga o‘girgan. Shoiralar ijodidan qilingan tarjimalarda mayinlik, nafosat, ayol qalbining titroqlari sezilib tursa, Nozim Hikmat, Qaysin Quliyev va Mustay Karim asarlarida donolik va hikmat, sharqona falsafa hokim.

Zulfiya tarjimalari orasida Shevchenko she’rlari o‘z o‘rniga ega. Ozodlik kuychisi, ukrain xalqining erkin va hur kunlarini orziqib kutgan Taras Shevchenkoning tavalludiga 200 yil to‘lgan ayni kunlarda uning she’rlaridagi harorat, otashnafaslik va kelajakka ishonch tuyg‘ulari Zulfiya tarjimasida juda go‘zal jaranglayotgani ham bejiz emas.

Zero, ular orasida tasodifiy asarlar yo‘q. Atoqli shoirimiz Abdulla Oripov Ibrohim G‘afurovning tarjimalari haqida so‘z yuritib, tarjimonlik uchun ulkan istedod va qobiliyatdan tashqari ulkan so‘z zahirasi ham kerakligini ta’kidlagan edi. Shoira Zulfiyaning ulug‘ hurmat va muhabbat bilan qilgan tarjimalari ham bu ulug‘ iste’dodning so‘z zargari, sanatkori ekanidan dalolat berib turibdi.

Zulfiyaning tarjimonlik san’ati maktabi ko‘p ijodkorlarga o‘rnak bo‘larlidir.

Oydin Hojiyeva, O‘zbekiston xalq shoiri

“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 3-son