Yo‘ldosh Solijonov. Mehr bog‘ida o‘sgan daraxt (Qutlibeka Rahimboyeva ijodiga bir nazar)

http://n.ziyouz.com/images/qutlibeka.jpgMen Qutlibekani talabalik yillaridan beri bilaman. U tengdoshlari orasida jussasi kichikroq, kamgap, odmigina kiyinib yuradigan qiz edi. Shunga ham mana, 45 yildan oshibdi. O‘sha yillari men ham kafedra qoshidagi “Yosh ijodkor” to‘garagining rahbari, ham institutning ko‘p nusxali gazetasi muharriri sifatida boshlovchi ijodkorlarga qo‘limdan kelganicha ko‘maklashardim.

Qutlibeka to‘garak mashg‘ulotlarida faol qatnashardiyu, har doim ham she’r o‘qiyvermas, ko‘proq boshqalarni tinglardi. Keyin sezishimcha, u o‘zi yozgan she’rlarni dugonalariniki bilan zimdan taqqoslab, yutuq va kamchiliklarini o‘rganib o‘tirar ekan. Ehtimol, Qutlibeka o‘sha paytdayoq “Qo‘rqmang, uzun ko‘ylak, ushoq jussamdan, Yurt yukin Siz bilan teng tortishaman” degan qatiy fikr bilan yashagandir. Chindan ham uzoq izlanishlar ijodkorning bu qutlug‘ niyatini ro‘yobga chiqardi. Mana, yillar o‘tib u o‘z ovozi, poyetik olami hamda badiiy tafakkuriga ega shoira bo‘lib tanildi.

Qutlibeka “Mening ham bobo yurt, ota yurtim – shu. Ko‘z ochib ko‘rganim – Kunga yaqin yer, Ko‘zlarim yumilsa, yotar yurtim shu” deb tan olgan jannatmonand O‘zbekistonning sodiq farzandi sifatida uning har bir yutug‘i, nish urayotgan har dona maysasi, yog‘ayotgan tomchi yomg‘iri, esayotgan shamolidan ham go‘zallik izlaydi. Uning “vujudi ishq bilan, hayrat bilan” to‘la. Shuning uchun ham har bir satrida o‘quvchisiga quvonchu hasratini yashirmay ayta oladi. Uning e’tirof etishicha, yurak hech qachon aldamaydi, yolg‘onni yoniga yo‘latmaydi. Qutlibeka ana shu qatiy niyat bilan doim olg‘a intildi, hech kimning madadisiz o‘z ijodiy qomatini tikladi. Izlanuvchanligi, qatiyligi, sheriyatga bo‘lgan ixlosi bilan ustoz shoira Zulfiya nazariga tushdi va uning “Oq yo‘l”i bilan “Saodat” jurnalida bir turkum she’rlari bosilib chiqdi. Zulfiya opaning har qanday ijodkorga ham oq yo‘l tilayvermasligini inobatga olsak, Qutlibekaning qobiliyatiga ishonganligini sezish mumkin. Qutlibeka chindan ham ustozi ishonchini oqlay oldi. Oradan ko‘p o‘tmay “Yuragimda ko‘rganlarim” (1981) nomli ilk she’rlar to‘plami e’lon qilindi va adabiy jamoatchilikning nazariga tushdi, shoira sifatida tan olindi. U o‘rganishdan, izlanishdan to‘xtamadi. Rauf Parfi, Shavkat Rahmon, Oydin Hojiyeva, Halima Xudoyberdiyeva kabi iste’dodli shoirlardan saboq oldi. Buning natijasi o‘laroq, Qutlibekaning birin-ketin “Uzun kunduzlar” (1984), “Uyg‘onish fasli” (1989), “Ozodlik” (1998), “Ko‘ksimdagi Tangritog‘” (2000) singari she’riy to‘plamlari nashr etildi.

Aytish kerakki, keyingi o‘n yil Qutlibeka hayotida jurnalistlik faoliyati ustun keldi. U “Saodat” jurnali va “Gulchehralar” gazetasining mas’ul kotibi lavozimlarida ishlab, ko‘proq ocherklar, esselar va publitsistik maqolalar yozdi. Mana, nihoyat, o‘tgan yili shoiraning qariyb qirq yillik ijodi namunalarini o‘zida mujassam etgan “Qorako‘zlarim” to‘plami o‘quvchilar qo‘liga tegdi. Ochig‘i, bu kitobda Qutlibeka ijodiy kamoloti mezonini belgilab bera oladigan talay she’rlarni o‘qib, ko‘ngil ravshan tortadi. Eng muhimi, shoira o‘quvchini o‘zining yaqin dugonasi, do‘sti deb biladi, yuragidagi dardini, tuyg‘ularini ochiq aytadi. Iloji boricha, o‘zgalar dardiga darmon topishga urinadi, o‘quvchi bilan “qalbning shodligiga aylangan, qalbning og‘rig‘iga aylangan dunyoning quvonchi, dardi haqida” so‘ylashmoqni istaydi:

Yuragin yashirib yurarmi shoir,
Yomg‘irga, oftobga birday ochiqmiz.
Shu millat, shu yurtga bo‘lsa gar doir
Quvonch, hasratiga birday oshiqmiz.

Ushbu satrlar ehtirosli shoira Qutlibeka qalbini anglab yetishga kalit bo‘lib xizmat qiladi. Chindan ham haqiqiy ijodkor yuragida paydo bo‘lgan sirlaru his-tuyg‘ularini bosh­qalardan pinhon tuta olmaydi. Xal­qi yig‘lasa-yig‘laydi, kulsa – shodligidan ko‘kka sakraydi. Agar xalqi yig‘lasa ham shoira ko‘nglidagi nur bilan uning ko‘z yoshlarini artadi, qalbiga oftob iliqligini olib kiradi, sevinchini dengizdek toshiradi. Negaki, shoira baxtining ham, dardining ham manbai ana shu ona xalqidir. Binobarin, bu ikki qudratli qanot shoira ijodining parvozini yuksaklikka ko‘taruvchi omil bo‘lib xizmat qildi.

Shoiraning bu adabiy-estetik e’tiqodi butun ijodiga tegishlidir. Zero, rostgo‘ylik har qanday ijodkorning muxlislar oldidagi mas’uliyatli burchi sanaladi. Qutlibeka hayotda ham, ijodda ham betaraflikni, o‘rtamiyonalikni yomon ko‘radi. Bu illatlarga qarshi shoiraning “yuragida uyg‘onar isyon” va “Zich yopgan tishlarini” ochib, har doim haqiqatni ro‘y-rost aytishga shaylanadi. Uning ta’kidlashicha, “Men uchun u taraf, bu taraflar yo‘q, Vatan bir butundir, butundir millat”. Ushbu ahdiga sodiq qolgan shoira qirq yildirki, ham ijtimoiy, ham ijodiy faoliyatida ana shu butunlik yo‘lida xizmat qilib kelayotir.

Alohida ta’kidlash kerakki, o‘tgan asrning 80-yillarida Qutlibeka ijodida yangi sahifalar ochildi. Aynan mana shu yillarda yozilgan she’rlarida TONG timsoli ko‘p uchraydi. Erk, ozodlik ma’nosini anglatuvchi bu so‘z shoira tuyg‘ularining rang-barang jilolarini anglab yetishimizga yordam beradi. U “…tong otsa kiyaman xonatlas ko‘ylak” deb orzu qiladi. Orzusi amalga oshavermagach, “Nega men istagan tong otmas, nega? O‘z qalbimga o‘zim emasman ega?” deb faryod chekadi. Ammo bu isyonkor ruh ishonadiki, qay bir tong chog‘i bizning “yigitlar mudroq tulporlarini uyg‘otib shoshqin Dunyoning qaysidir parchalarida Parchinlangan erkni qutqarmoq uchun Buyuk kurashlarga” otlanadi. Buning uchun Ozodlik, Erk, Haqiqat, Ezgulik kabi “Bahodir so‘zlarni, botir so‘zlarni. Kurashib yengmoqqa qodir so‘zlarni” pichirlab emas, bor ovoz bilan aytish lozim. Bu so‘zlar shu qadar sehrli, haroratli va qudratliki, ularni eshitgan chog‘ida osmonning “rangiga qon yugurdi birdan”, maysalar esa “Egik boshin tikladi yerdan”, shamol barglarning tilini ochib yuborgan bo‘lsa, momaqaldiroqning “Ko‘r ko‘zidan uchqun sochildi”. Biroq mafkuraviy tazyiq kuchli bo‘lgan sharoitda bu so‘zlarni bor ovozda aytolmagan shoira og‘ir iztirobga tushadi, o‘zini o‘zi yomon ko‘rib ketadi:

Yuzimga qaramang, mening yuzim yo‘q,
Ko‘nglim – rost so‘zlarim ko‘milgan mozor.

Hatto o‘zini bu “botir so‘zlarning qotili” deb ayblashgacha boradi. Shu bois ozodlik oldida o‘zining qarzdorligini chuqurroq his qila boshlagan shoira ozodlikka murojaat qiladi:

Jasorat qarzdorman sendan, Ozodlik,
Adolat qarzdorman sendan, Ozodlik.

Esimda, 1986 yili “Sharq yulduzi” jurnalida Qutlibekaning “Qishning oxirlari” nomli dostoni bosilib chiqdi. Bu doston o‘zining shaf­qatsiz realizmi, qo‘yilgan masalaning keskinligi, ifoda usulining yangiligi bilan adabiy jamoatchilikning yuksak bahosini oldi. Qish ramziy timsolida shoira sho‘rolar hukumatining so‘nggi kunlarini ifodalagandi. Uning ijodiy bashorati tez kunda amalga oshdi: oradan besh yil o‘tar-o‘tmas, eski tuzum parchalanib, qorlar erib ketdi.

Mustaqillik yillarida Qutlibeka Rahimboyevaning ijodi ham shaklan, ham mazmunan boyidi. Endi shoira “Ozod O‘zbekiston, ozod o‘zbeklar”ni quvonch bilan qutlaydi:

Erkning jon suvidan hovuchlab olib,
Har bitta o‘zbekka sepgim keladi.
O‘zbekligim uchun o‘zgalar qolib,
Hatto, o‘zimni ham o‘pgim keladi.

Qutlibeka Rahimboyeva o‘z qalamini dramaturgiya, publitsistika janr­larida, tarjima sohasida ham sinab, ijobiy natijalarga erishmoqda. Bugungi yoshlarning sevgi-muhabbati to‘g‘risida bahs yuritadigan “Tohirning Zuhrosi” deb atalgan dramasi respublika radiosida sahnalashtirilib, bir necha yillardan buyon efirga uzatib kelinmoqda. Qutlibekaning “Hamma biladigan sir”, “Sulton suyagini xor etmas”, “Til uchidagi so‘z”, “O‘zimiz haqida bir zum”, “O‘ziga bek bo‘lgan tilim” singari maqolalari bugungi kun muammolarini dadil ko‘tarib chiqishi, ularga aniq munosabat bildirishi, o‘quvchilarni munozaraga chorlashi bilan qimmatlidir.

U o‘zbek she’riyatini Lesya Ukrainka, Marina Svetayeva, Anna Barkova, Alfonsina Storni kabi jahon tan olgan shoiralarning asarlari bilan boyitishga ham munosib hissa qo‘shib kelayotir. Ayni chog‘da shoira qutlug‘ niyatlar bilan ijod qilmoqda. U she’rlaridan birida shunday yozadi:

Men mehr bog‘ida o‘sgan daraxtman,
Egnimda to‘rt fasl yam-yashil ko‘ylak.

Qutlibeka orzu qilgan ana shu mehr daraxtining ildizi mustahkam bo‘lib, yashillik hech qachon tark etmasin!

Yo‘ldosh Solijonov,

filologiya fanlari doktori

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2013).