Og‘ageldi Ollanazarov. Shavkatni eslab…

Shavkat Rahmon bilan 1972 yilda tanishganman. Bu vaqtda ikkalamiz ham Moskvadagi Maksim Gorkiy nomidagi Adabiyot instituti tinglovchilari edik. Shavkat uchinchi kursda, men ikkinchi kursda tahsil olardik. Bir kuni bizlarga rus tilidan ta’lim berayotgan muallimamiz Liza Aleksandrova Moskva atrofidagi Dmitrov shahriga, poeziya muxlislari bilan uchrashuvga olib bordi.
Zal she’riyat ixlosmandlari bilan liq to‘la. Uchrashuv biz o‘ylagandan ham yuqori saviyada o‘tdi. Birinchi bo‘lib endigina birinchi kursda o‘qiyotgan tojikistonlik shoira Zulfiya Otaullayeva so‘zga chiqdi.
Shavkat Rahmonga navbat yetganda u o‘ziga yarashib turgan mo‘ylovini siypab, o‘rnidan turdi-da, so‘zini poeziyadan boshladi. Hozirgi zamon she’riyatining bir necha vakillarini esga olib, ularning ichida o‘ziga yanada yoqayotgani Tvardovskiy ekanini alohida uqtirib o‘tdi. Keyin o‘zbek tilida she’r o‘qidi. Uning ovozi muloyim, tinglovchiga xushkayfiyat baxsh etadigan allaga o‘xshab ketardi. U rus tiliga tarjima qilingan o‘z ijodi namunalarini ohista, sokin ohangda o‘qidi. Nazarimda, uning she’rlarida musiqiy nolaga monand, ashula qilib aytishga juda qulay satrlar silsilasi tizilganday edi.
Zaldagilar bizlarni savollarga ko‘mib tashlashdi. Uylanganmisiz, bo‘ydoqmisiz, sevgan qizingiz bormi, shularga bag‘ishlangan she’rlaringizni o‘qib bering, deb iltimos qiluvchilar ham ko‘p bo‘ldi. Shavkat Rahmon bir yosh rus qizining «Sizga qanday qizlar yoqadi?» degan so‘rog‘iga xuddi sir-asrori ochilib qoladiganday qizarib, yerga qarab turib javob bergani yodimda.
Uchrashuvdan elektrichkada qaytar ekanmiz, Shavkat menga qarab:
— Qani, boya o‘qigan «Turkmaniston» haqidagi she’ringni turkman tilida oshiqmay, so‘zlarini dona-dona o‘qib ber-chi? — deb qoldi.
She’rimga e’tibor berganini sezgach, uning so‘zlarini aniq-aniq qilib, ona tilimda o‘qib berdim.

Tarix otalarning yuragin berdi,
Surat bo‘lib kirdi ko‘rking ko‘zimga.
Endi men hamisha seni ko‘rarman,
Qarasam osmonga, Oyning yuziga…

Sening qismating-la qismatdosh bo‘ldim,
Qismatingdan esa bo‘lmasdir qochib.
Shodligu g‘amlarim barchasi — o‘zing,
Men Senga aylandim quchog‘im ochib.

Shavkat she’rimni tinglab bo‘lgach, uning rus tilidagi ma’nosidan jozibali ekanini ta’kidladi. So‘ngra so‘zini davom ettirib:
— She’ring ruschada yaxshi jaranglamadi. Har bir shoir Rasul Hamzatov singari o‘ziga munosib tarjimon izlashi kerak ekan, — deb qo‘shib qo‘ydi.
Mening Shavkat Rahmon bilan tanishuvim ana shunday yuz bergan. Shundan keyin ikki yil Shavkat bilan devor-darmiyon qo‘shni bo‘lib yashadik. Har kuni bir necha bor ko‘zimiz ko‘zimizga tushardi.
Ana shunday totli talabalik yillarimizning ta’tilida Shavkat uyga ketib, u yerdan nozik-nihol, xushro‘y, Manzura ismli chiroyli kelinchak bilan qaytib keldi. Kelinchak kelgach, Shavkat va uning kursdoshi — arman yigit Vaganning doim betartib, ivirsib yotgan xonasi saranjom-sarishta bo‘ldi-qoldi. Vagan kursdosh do‘stlarinikida yotib yurdi. Keyinchalik u shahardan o‘ziga mos joy topib, yotoqxonadan butunlay ko‘chib ketdi. Shavkat avvaldan ham odamgarchiligi namuna bo‘ladigan yigitlardan edi. Kelin kelgach, uning bu ijobiy xususiyatlari yanada ortdi.
Stipendiya olgan kunlarim, albatta, suyukli taomim bo‘lgan baliq yemasdan turolmasdim. Bir safar baliq sotib olish uchun do‘konga kirdim. 9 rublga bir kilo baliq oldim. Peshtaxtani ko‘zdan kechirar ekanman, qora uvildiriqqa ko‘zim tushdi. Tagidagi 40 raqamini o‘qiy oldim, xolos. Bir qaraganda g‘alatiroq ta’mga ega bo‘lgan uvildiriqni armiya safida tanovvul qilganim esimda. Kamina 40 raqamini qirq tiyin deb o‘ylab, undan yarim kilo berishini sotuvchidan so‘radim. Sotuvchi yarim kilo uvildiriqni tarozida tortib, maxsus idishga solib menga uzatdi va 29 rubl to‘lashimni aytganda, damim ichimga tushib ketdi. Xaridni olib to‘g‘ri yotoqxonaga keldim. Uvildiriqni stol ustiga qo‘yib, unga tikildim. Kelgusi stipendiyagacha bir oy muddat bor. Bir oyni bir kilo baliq va yarim kilo uvildiriq bilan o‘tkazamanmi yoki boshqacha yo‘l bormi? — deb o‘ylana boshladim. Keyin oshxonada o‘zlari uchun ovqat pishiradigan talabalarni xonamga chaqirib, bir mehmon qilay, keyin niyatimni aytarman, degan o‘y bilan kursdoshlarni xonaga to‘pladim. Ularning ichida Shavkat ham bor edi. U stolning ustida oppoq buxanka non bilan turgan uvildiriqqa diqqat bilan tikildi. Boshqa do‘stlarimizday nonning ustiga uvildiriq surib, mazza qilib yeyishga shoshilmadi. Menga keskin nazar tashladi-da:
— Bu tantilikning tagida bir maqsad borga o‘xshaydi. Bo‘lmasa, sen turkman, bizlarga uvildiriq tugul oddiy baliqni ham ravo ko‘rmasding. Hoy, yemoqning qusmog‘i bor! Shoshmanglar, — dedi.
Uvildiriqni paqqos tushirayotganlar bir dam jim qolishdi. Hamma savolomuz menga tikildi. Men o‘zimning g‘alati xaridimni, yanagi stipendiyagacha shu uvildiriqni yeganlar navbat bilan meni boqib turishlarini aytdim. Xonamga yig‘ilgan do‘stlarim baralla kulib yuborishdi. Shavkat Rahmonning topqirligiga qoyil qolishdi.
Institutning biz yashayotgan umumiy yotoqxonasi adabiyot dunyosining o‘ziga xos shoxobchasi edi. O‘quv jarayonida eshitilgan ma’ruzalar, o‘tkazilgan ijodiy seminarlarning barchasi ushbu maskanda bahsli ko‘rinishlarda o‘zining davomini topardi. Moskva markazidagi Gertsenning uyida joylashgan Adabiyot instituti kelgusi adabiyot uchun talantli qaldirg‘ochlarni tarbiyalab voyaga yetkazib beradigan o‘ziga xos orol edi.
Dunyoning turli burchaklarida ushbu maskanga kelgan bilimdon, zehnli yoshlar Adabiyot institutining betakror rahbari Vladimir Fyodorovich Riminovning ajoyib tashkilotchiligida L.Oshanin, Ye.Dolmatovskiy, Yu.Trifonov, M.Rozov, Ye.Evtushenko, A.Voznesenskiy kabi ko‘plab ustoz ijodkorlarning seminarlarida saboq olib, adabiyot olamida toblanadilar. Jumladan, Shavkat Rahmon ikkalamiz ham ana shu adabiyot olamining intiluvchan tinglovchilari edik, desam mubolag‘a bo‘lmas.
Shavkat Rahmon o‘qimishli, bilimdon va o‘ta kitobxon yigit edi. Uning qo‘lida har kuni mashhur insonlarning yangi-yangi kitoblarini ko‘rganim esimda. Ba’zan men unga hazillashib:
— Shavkat, sen ijodkor bo‘lmoqchimisan yoki kitobxon, — derdim. O‘sha vaqtda o‘ziga yarashgan jilmayish bilan qiqirlab kulardi-da, «Bu yerda boshqa joylarda topib bo‘lmaydigan qiziqarli kitoblar bor. Moskvada ekanimiz-da, ularni iloji boricha ko‘proq mutolaa qilishimiz lozim. Sen ham ko‘proq kitob o‘qishga vaqt ajrat, yozadiganingni yurtingda ham yozaverasan!», deb maslahat bergandi. U uzoqni ko‘rgan ekan. Moskvadan kelgach, uning aytgan fikrlarining naqadar to‘g‘ri ekanligiga amin bo‘lganman. Ha, u doimo kelajak haqida fikr yurita olganligi bilan bizlardan ajralib turardi.
Ba’zan izimizdan ona tillarimizda chop etilgan gazeta-jurnallar kelardi. Biz ularni almashtirib o‘qirdik. O‘sha paytlardagi bolalarga atab yozgan she’rlarim Turkmanistondagi gazeta-jurnallarda paydar-pay chop etilardi. Shavkat Rahmon mening «Qariya» nomli hikoya yozganimni, uni so‘zma-so‘z tarjimada o‘qigan ustozlar «Literaturnaya Rossiya» gazetasiga tavsiya qilishganini eshitib, qutlash uchun xonamga kirdi. Hikoyaning tarjimasini o‘qishga berishimni so‘radi. Uni o‘qib ko‘rgach, «ancha puxta asar yozibsan. Shunday hikoyalaringning izi uzilmasin», deb tilak bildirdi.
Shavkat Rahmon o‘ta zehnli ijodkor bo‘lganligi sababli, iqtidor bilan yozilgan asarlarga hurmat bilan qarardi. Do‘stu birodarlarining muvaffaqiyatlaridan doimo xursand bo‘lib yurardi.
1980 yilning mart oyida har yili ittifoqdosh jumhuriyatlarning birida bo‘lib o‘tayotgan bolalar va o‘smirlar kitoblarining haftalik anjumani Qirg‘izistonda o‘tdi. Anjumanning tantanali ochilishi o‘tgach, bizning guruhimiz Anatoliy Aleksinning rahbarligida O‘sh viloyatiga jo‘nadik.
Guruhimiz Valentin Berestev, Yakov Akim, Nikolay Kulishov, Po‘lat Mo‘min kabi o‘nga yaqin shoir va yozuvchilardan iborat edik. O‘shga borgach, bizga bir necha shoir-yozuvchilar qo‘shildi. Ulardan biri Tursunboy Adashboyev bo‘lib, u o‘ta ziyrak, hazilkash yigit ekan. U bilan tanishar ekanman, Tursunboy Adashboyevning usta tarjimon, bolalarning yaxshi shoiri ekanligiga amin bo‘ldim. Mehmonxonada ustoz Po‘lat Mo‘min bilan bir xonaga joylashdim. Tursunboy Adashboyev erta bilan bizning huzurimizga keldi. Uchchalamizning ijod haqidagi fikrimiz, bahs-munozaralarimiz juda samimiy davom etdi. Suhbat asnosida Tursunboy Adashboyev Shavkat Rahmon haqida to‘kis axborot berdi. Shu suhbatdan so‘ng Shavkatning asli o‘shlik ekanligini bilib oldim. Gap orasida Tursunboy aka:
— Shavkat shu yerda edi. Yaqinda otasining qirq kunlik marosimini o‘tkazib ketdi, — dedi.
Biz Shavkat Rahmonning xonadoniga borib, otasining ruhini xotirlab tilovat qildik. Uning onasi va yaqinlariga ta’ziya bildirib, ko‘ngillarini ko‘tardik…
O‘shandan bir yil o‘tgach, men Shavkat bilan Toshkentda, «Adabiyot — xalqlar do‘stligi» mavzusidagi anjumanga kelganimda uchrashdim. Uning do‘stlari, hamkasblari bilan suhbatlashganimda, Shavkat Rahmonning yetuk ijodkor bo‘lib shakllanganligini ta’kidlashdi. Kursdoshim, qadrdon inim bo‘lgan Shavkat Rahmonning obro‘-e’tibor bilan ishlab yurganini eshitib rosa quvondim.
Yozuvchilar uyushmasi tashabbusi bilan Toshkentda o‘tayotgan ushbu anjumandan vaqt topdimda Shavkat ishlayotgan G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyotga borib, u bilan ancha gurunglashib, kursdoshlarni xotirladik.
Shavkatning Toshkentdagi o‘sha xonasi, do‘stlarining bahsu munozaralari, xona sohibining mehrli qiyofasi hozir ham ko‘z o‘ngimda gavdalanadi.
…2007 yilning oktyabr oyida Ashxabod shahrida «Oltin asrning oltin nashr mahsulotlari» mavzusida II Xalqaro ko‘rgazma bo‘lib o‘tdi. Ushbu ko‘rgazmada O‘zbekistondan kelgan birodarlar bilan tanishdim. Mehmonlar orasida Tursunboy Adashboyevni yaxshi bilgan, turkman tilida ham durust so‘zlaydigan Masharip Saparov degan «Sharq» nashriyotining xodimi bilan suhbatlashib qoldim. So‘z orasida do‘stim Shavkat Rahmonning foniy dunyodan boqiy dunyoga rixlat qilganligini eshitib iztirob chekdim.
— U zaminga qo‘yiladigan yigitmidi? Ey, yolg‘onchi falak! Buncha berahmsan! — deb yomon xabarning oson yolg‘on bo‘lmasligini bilsam-da, o‘kirib yuborganimni o‘zim ham sezmay qolibman.
Qadrdon do‘stim Shavkat Rahmonning vafot etganiga hamon ishonmayman. U haqda o‘ylasam, oxirgi vaqt ko‘rgan joyim — uning xizmat xonasi, qo‘lida qalam ushlagan holdagi qiyofasi ko‘z oldimda namoyon bo‘laveradi…

Turkmaniston
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 24-sonidan olindi.