Nurboy Abdulhakim. To‘rt ariqning sharbati nadur?

Biz Qul Xo‘ja Ahmad hikmatlari mohiyatidan xabardormiz, deya olamizmi? O‘qilishidan sodda, tushunarliday ko‘ringan bu hikmatlar aslida “ma’niyi Qur’on” (shayxning o‘z e’tirofi) ekanligini bilamizmi? Mana ulug‘ pirimiz hikmatlaridan biri:

Tavba qilib, Haqqa yong‘on oshiqlarga
Jannat ichra to‘rt ariqda sharbati bor.
Tavba qilmay, Haqdin yong‘on g‘ofillarga
Do‘zax ichra achchiq azob, hasrati bor.

E’tibor bergan bo‘lsangiz, hikmatning birinchi baytida “Jannat ichra to‘rt ariqda sharbat” to‘g‘risida so‘z bormoqda. Bu misrani o‘qigan zamonamiz o‘quvchisida shunday savol tug‘ilishi mumkin: bu haqiqatmi yoki shoirona fantaziya? Bu qanday ariqlar bo‘ldi? Ulardan oqadigan sharbatlar-chi? Masalani oydinlashtirish uchun hazrat Yassaviy hikmatlarining asl manbai — Qur’oni karimga murojaat etish zarurati seziladi. Shundagina bandalik tufayli sodir etgan gunohlariga tavba qilgan Haq oshiqlariga — taqvo egalariga va’da qilingan “to‘rt ariqdagi sharbat” haqiqatan ham mavjud ekanligiga iymon keltirish, “Turkiston mulkining shayx ul-mashoyixi” (Navoiy ta’biri) hikmatlari ma’nosini anglash mumkin.
“Muhammad” surasining 15-oyati bunga dalil bo‘la oladi. Jumladan, mazkur oyat mazmuni Qur’oni karim izohli tarjimasida shunday bayon etilgan: “Taqvo egalari uchun va’da qilingan jannatning misoli-sifati budir: “Unda aynimagan suvdan bo‘lgan daryolar ham, ta’mi o‘zgarmagan sutdan bo‘lgan daryolar ham, ichguvchilar uchun lazzatli (ya’ni badta’m va aqldan ozdirguvchi bo‘lmagan) maydan bo‘lgan daryolar ham, musaffo asaldan bo‘lgan daryolar ham bordir”.
Demak, bu “to‘rt ariqdagi sharbat” chindan-da mavjud. Undan bahramand bo‘lish sharti esa: “tavba qilib, Haqqa yonmoq”. Imom G‘azzoliyning “Daqoyiq ul-axbor” asarida bu oyat mazmuniga aloqador bir voqea keltirilgan. Unda yozilishicha, payg‘ambar alayhissalom shunday rivoyat qilganlar: “Me’roj kechasi men arshi a’loga chiqdim. Hamma jannatlar zohir bo‘lib, ko‘zimga ko‘rindi. Jannatda to‘rt anhor ko‘rdimki, birida suv, birida sut, birida sharob va birida asal oqib turibdi.
Shunda men Jabroil alayhissalomdan so‘radim:
— Yo, Jabroil, bu anhorlar qayerdan chiqib keladi va qay tarafga boradi?
Jabroil alayhissalom aytdilar:
— Yo, Muhammad, bu anhorlar Havzi Kavsarga borib quyiladi. Ammo qayerdan chiqib kelishini men ham bilmayman. Agar buni bilmoq istasang, Xudoyi taologa iltijo qil, zora senga bildirsa.
Bas, men buni bildirmoqni so‘rab, Robbimga duo qildim. So‘ng bir farishta hozir bo‘lib, menga salom berib: “Yo, Muhammad, ko‘zingizni yuming”, — dedi. Men ko‘zlarimni yumdim. Bir lahzadan so‘ng u ko‘zlarimni ochishni so‘radi. Ko‘zlarimni ochganimda, oldimda bir daraxtni ko‘rdim. Daraxt ro‘parasida oq marvariddan bino qilingan, eshiklari ko‘k yoqutdan bo‘lgan ulkan gumbaz namoyon bo‘ldi. Eshiklariga qulf solingan bo‘lib, qulflari qizil tillodan. Ko‘rdimki, jannatdagi to‘rt anhor mana shu bino ichidan oqib chiqmoqda.
Bularni ko‘rib hayratlandim. Orqaga qaytmoqchi bo‘lgan edim, farishta:
— Yo, Muhammad, bu gumbaz ichiga kirmaysizmi? — dedi.
— Kirishni xohlayman. Lekin eshigiga qulf solingan-ku, — desam, farishta: “Qulfning kaliti o‘zingizda-ku”, — dedi.
— Menda kalit yo‘q, — dedim.
Farishta: “Bu qulfning kaliti “Bismillahir rahmonir rahim” kalimasidir”, — dedi. Men eshik oldiga borib ushbu kalimani aytdim. Eshik ochildi. Ko‘rdimki, gumbazning to‘rt tarafini aylantirib “Bismillahir rahmonir rahim” kalimasi bitilgan. Bir tarafiga “Bism” bitilgan bo‘lib, “mim”ning teshigidan bir anhor suv chiqib keladi. Bir tarafiga “Alloh” yozilgan bo‘lib, “ho”ning teshigidan bir anhor sut chiqib keladi. Bir tarafiga “ar-Rahmon”, bitilgan bo‘lib, “mim”ning teshigidan bir anhor sharob, yana bir tomoniga “ar-Rahim” yozilgan bo‘lib, undagi “mim”ning teshigidan bir anhor asal oqib chiqmoqda ekan. Bildimki, bu anhorlar manbai “Bismillahir rahmonir rahim” kalimasidir.
Shundan so‘ng Haq taolodan vahiy keldi: “Yo, Muhammad, sizning ummatlaringizdan har kim mening amrimga muvofiq bo‘lgan ishlarni sidqidildan “Bismillahir rahmonir rahim” bilan boshlasa, men uni qiyomatda shu anhorlardan serob qilaman”.
Ma’lum bo‘ladiki, hazrat Yassaviy hikmatidagi “jannat ichra to‘rt ariqdagi sharbat”ning manbai “Bismillahir rahmonir rahim”dir. Ota-bobolarimiz, musulmon xalqimiz bu muborak kalimaga alohida e’tibor bergani sababi ham shunda bo‘lsa kerak. Binobarin, sidqidildan ushbu kalima bilan ish boshlagan inson hech qachon birovga yomonlik sog‘inmaydi. O‘zgalar haqqini tuya qilishni xayoliga ham keltira olmaydi. Faqat ezgu amallar to‘g‘risida o‘ylaydi. Sezib turibman, hazrat Yassaviy hikmati bois sizning ham qalbingizda yaxshilikka cheksiz rag‘bat uyg‘ondi. Ezgu niyatingiz, xayrli amallaringiz muborak bo‘lsin, aziz do‘stim! Sizga hurmat bilan

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 10-11-sonidan olindi.