Nosir Muhammad. Mumtoz adabiy tilimiz qanday shakllangan edi?

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirovning “Til va el” deb nomlangan ilmiy badiasini o‘qish jarayonida muhtaram adibimiz o‘zbek mumtoz adabiy tilining ko‘p asrlik tarixiy yo‘lini tadqiq etib, ko‘p xayrli ishni amalga oshirganiga amin bo‘ldim. Muallif mumtoz adabiy tilimizning shakllanish davrini “Bilge hoqon va Kultegin” dostonidan “Alp Er To‘ng‘a jangnomasi”gacha, “Qutadg‘u bilig”, “Devonu lug‘atit turk”dan Yassaviy hikmatlarigacha, Xorazmiyning “Muhabbatnoma”, Qutb Xorazmiyning “Xusrav va Shirin” dostoni, Sayfi Saroyining “Guliston bit turki”sidan sohibqiron Amir Temur davriga qadar va undan so‘ng ham yaratilgan nodir asarlar misolida tadqiq etadi. Adib mumtoz adabiy tilimizning ko‘p asrlik qaror topish jarayonlarini tahlil etar ekan, shu tildagi ilk manba-bitiklar bilan birga o‘tmishda bu til amalda bo‘lgan hududlar jo‘g‘rofiyasiga ham katta ahamiyat beradi. O‘z ilmiy qarashlarini bundan bir ming uch yuz yil ilgari ham amalda bo‘lgan qadimgi turkiy yozuvning ilk manbalaridan hisoblangan O‘rxun yodgorliklari, Movarounnahr va Xuroson, ayni chog‘da, Oltin O‘rda hududida yaratilgan va til jihatidan mushtaraklik kasb etgan adabiy asarlar orqali dalillaydi.
Ushbu maqolamizda qadimda mumtoz adabiy tilimiz shakllangan mushtarak hududning bir qismi bo‘lgan Oltin O‘rda tarixi va undagi adabiy jarayonlarga nazar solmoqchimiz.
Orol dengizining shimoli va Ti
yonshon tog‘ining g‘arbiy yon bag‘ridan to Dnepr daryosining quyi oqimiga qadar yoyilgan dashtlar XI — XV acrlarda “Dashti Qipchoq”, deb atalgan. Yirik turkiy qabilalardan bo‘lgan qipchoqlar XI asr boshlarida Irtish daryosi sohillaridan g‘arbga tomon ko‘chib, Xorazmning shimoli va hozirgi Qozog‘iston hududida, shuningdek, Itil (Volga) daryosi sohillarida joylashgan.
Dashti qipchoq aholisi Sharq manbalarida — polovetslar, Vizantiya solnomalarida — kumanlar, venger manbalarida kunlar deb atalgan. Qipchoq dashti sharqiy va g‘arbiy qismdan iborat bo‘lib, Yoyiq daryosi ularni ajratib turgan. G‘arbiy qism Yoyiq va Itil (Volga) daryosidan to Dneprgacha bo‘lgan hududdan iborat edi. XIII asrda Qipchoq dashtini mo‘g‘ullar bosib olib, tarixda Jo‘chi ulusi nomi bilan mashhur bo‘lgan Oltin O‘rda davlatini barpo etganlar. Bu davlat Qoraqurumdagi mo‘g‘ul xoniga qaram bo‘lib, Botuning inisi Berka davrida mustaqillikka erishadi.
XIV asr boshlarida o‘zaro taxt talashishlar tufayli Jo‘chi ulusi ikki qismga bo‘linib ketgan. Dashti Qipchoqning sharqiy qismida Oq O‘rda tashkil topdi. XIV asrning 60-yillarida sharqiy Dashti Qipchoq “o‘zbeklar mamlakati”, uning aholisi esa “o‘zbeklar” deb atala boshlagan. XV asrning 20-yillaridan boshlab sharqiy Dashti Qipchoqda Abulxayrxon va uning avlodlari hukmronlik qilgan. Dashti Qipchoqning asosiy aholisi ko‘chmanchi va yarim o‘troq bo‘lib, chorvachilik va ovchilik bilan, daryo va ko‘l bo‘ylarida yashagan aholi dehqonchilik bilan, shaharlardagi aholi esa hunarmandlik va savdo-sotiq bilan shug‘ullangan. Bu davrda xalq og‘zaki ijodi, musiqa, san’at va me’morlik rivojlangan.
Oltin O‘rda poytaxti Botuxon davrida Itil (Volga) daryosining quyi qismidagi Saroy Botu shahri edi. Berkaxon (1255 — 1266) davrida poytaxt sohil bo‘ylab yuqoriga — Saroy Berkaga ko‘chiriladi. Saroy Botu, Saroy Berka, Urganch, Sudak, Qofa (Feodosiya), Azaq (Azov) savdo markazlari edi.
Oltin O‘rda Jo‘chi o‘g‘illariga qarashli o‘n uch ulusdan iborat edi. Ular o‘z uluslarini mustaqil boshqarishga intilganlar. Bu harakat Mangu Temur (1266 — 1282) vafotidan keyin yanada kuchayadi. To‘da Mangu (1282 — 1287), Talabug‘a (1287 — 1291) xonliklari davrida tumanbegi No‘g‘ayning nufuzi ko‘tariladi. Oradan besh yil o‘tgach, yana isyon ko‘tariladi. Unga O‘zbekxon (1290 — 1312) barham beradi. O‘zbekxon va uning vorislari hukmronlik davri Oltin O‘rda harbiy salohiyatining eng kuchaygan payti edi. O‘zbekxon davrida Oltin O‘rda qurolli kuchlari 300 mingdan oshgan. Uluslar viloyatlarga aylantirilib, ular amirlar tomonidan boshqarilgan, qurultoylar chaqirilmay qo‘ygan.
1357 yili Jonibekning o‘ldirilishi bilan yana ichki ziddiyatlar yuzaga chiqadi. 1380 yilgacha yigirma besh marta xon almashadi. XIV asrning 60-yillarida Xorazmda Oltin O‘rdaga bo‘ysunmaslik mayllari kuchayadi. Polsha va Litva Dnepr daryosi havzasini bosib oladi. Hojitarxon (Astraxan) xonligi tashkil topadi. Faqat To‘xtamish davriga (1380 — 1395) kelib isyonlar to‘xtaydi. 1382 yili u Moskvani egallab, unga o‘t qo‘ygan. To‘xtamish sohibqiron Amir Temurga xiyonat qilib, hukmdorning olis yurtlardaligidan foydalanib, bir necha bor Movarounnahr hududiga ham bostirib kiradi va qochib qoladi. Bunga javoban sohibqiron Amir Temur 1389, 1391, 1395-1396 yillarda To‘xtamishga qarshi yurish qilib, Oltin O‘rdaga jiddiy zarbalar beradi.
To‘xtamish vafotidan keyin Oltin O‘rdada hokimiyat amalda g‘ayratli “saroy boshqaruvchisi” Edigey qo‘liga o‘tadi. Ammo 1419 yili Edigey vafot etgach, o‘zaro taxt talashishlar tufayli bu davlat asta-sekin parchalanib ketgan. XV asrning 20-yillarida Sibir xonligi, 40-yilda No‘g‘ay O‘rda, 1438 yili Qozon xonligi tashkil topadi. 1480 yili Oltin O‘rda xoni Ahmad Rusni bo‘ysundirishga urinib, bunga erisholmaydi. 1502 yili Qrim xoni Mengli Garoy Oltin O‘rdani batamom tor-mor qiladi.
Ko‘pgina tarixiy manbalarda Oltin O‘rda mo‘g‘ul davlati deyilgan. Aslida esa bu davlat boshqaruvi va lashkarining o‘zagini qarluq, qipchoq va o‘g‘uz lahjalarida so‘zlashuvchi turkiy qabilalar tashkil etgan. Xorazmliklar saroydagi turli vazifalarda va viloyatlar boshqaruvida faol ishtirok etganlar. Bu davrda Oltin O‘rdada adabiy til turkiy tilning Chig‘atoy lahjasi edi. Rasmiy yozishmalarning katta qismi ana shu tilda uyg‘ur imlosida bitilgan. Oltin O‘rda xonlari ham asosan shu tilda so‘zlashganlar. Mashhur arab sayyohi Ibn Battuta o‘z xotiralarida O‘zbekxon (1290 — 1312) va Movarounnahr hukmdori Tarmashirin (1326 — 1334) turkiy tilda so‘zlaganlarini yozib qoldirgan. U Azaq (Azov) shahri hokimi, amir Muhammad hoji Al-Xorazmiy bilan ham uchrashgan.
Oltin O‘rda aholisining islom dinini qabul qilishida O‘rta Osiyolik tasavvuf shayxlarining roli katta bo‘lgan. Mashhur tasavvuf shayxi Zangi Ota o‘zining shogirdi Said Otani shu maqsadda Oltin O‘rdaga jo‘natgan. O‘zbekxon uning tashviqi bilan islom dinini qabul qilgan va bu din asoslarini qattiqqo‘llik bilan joriy etgan. Bu harakatga qarshilik qilgan shahzoda va beklar qatl qilingan.
Mirzo Ulug‘bekning “Tarixi arba’ ulus”
(“To‘rt ulus tarixi”) kitobida quyidagilarni o‘qiymiz: “Sulton Muhammad O‘zbekxon o‘zining el-ulusi bilan ilohiy saodat va fazilatga yetishgach, hazrati Sayid Otaning g‘ayb ishorati va Ollohning inoyati bilan ularning barchasini Movarounnahr diyori sari olib keldi. Hazrati Sayid Otaga (unga Ollohning rahmati va rizoligi bo‘lsin) quloq solishdan bo‘yin tovlaganlar bu saodatdan bebahra holda u yerda (Dashti Qipchoqda) qoldilar va “qalmoq” degan nomga mansub bo‘ldilarki, buning ma’nosi “qolgan” demakdir. Hazrati Sayid Ota (unga Ollohning rahmati va rizoligi bo‘lsin) hamda Sulton Muhammad O‘zbekxon bilan hamrohlikda Movarounnahrga kelgan kishilardan: “Bu kelgan kim?” deb so‘rardilar. Ularning sardori va podshohi O‘zbekxon bo‘lgani uchun ularni “o‘zbek” deb atadilar. Shu sababdan o‘sha zamondan boshlab Movarounnahrga kelgan kishilar “o‘zbek” deb atala boshlandi. Dashti Qipchoqda qolib ketgan kishilar esa “qalmoq” bo‘ldilar”.
Bu davrda Markaziy Osiyoda yashagan aholi qabilalar nomi bilan ham, umuman “turk” degan nom bilan ham atalgan. XVI asr boshlarida Shayboniyxon boshchiligidagi qavmlarning Movarounnahrga kirib kelishi bilan mahalliy aholi tarkibida “o‘zbek”larning nufuzi yanada ortgan va asta-sekin bu nom turkiy aholining umumiy nomiga aylangan.
Taniqli rus olimi, turkiy xalqlar tarixi bo‘yicha yirik mutaxassis Lev Gumilyov shunday yozadi: “Oltin O‘rdada ham etnogenez jarayonlari borardi. Jo‘chi ulusining 20 ming mo‘g‘ul aholisi uch o‘rdaga yoyilib ketdi: Botuxon avlodlari tomonidan boshqarilayotgan Volga bo‘yidagi Katta yoki Oltin O‘rdaga; Botuxonning akasi O‘rda Ichenga berilgan Irtish daryosi bo‘yidagi Oq O‘rdaga; Orol dengizidan Tyumenga qadar hududda ko‘chib yurgan Shaybanxonning Ko‘k O‘rdasiga. Bunday tarqoqlikdan keyin tez orada dezintegratsiya holati ro‘y berdi. XIV asr boshlariga kelib mo‘g‘ullar qipchoqlar bilan shu darajada aralashib ketdilarki, ulardan farqlanmay qoldilar”.
Aslida bu jarayon ancha ilgari boshlangan edi. X — XII asrlarda Mo‘g‘uliston pasttekisligida yashagan aholining to‘rtdan uch qismini turkiy qabilalar tashkil etgan. Qiyot, qo‘ng‘irot, nayman, barlos, mang‘it singari urug‘lar katta nufuzga ega bo‘lgan. Qozoq olimlarining fikricha, Chingizxon ham turkiylashgan mo‘g‘ul edi. U ham, o‘g‘illari ham asosan turkiy tilda so‘zlaganlar. Chingizxonning onasi va katta xotini esa qo‘ng‘irot urug‘idan bo‘lgan. An’anaga ko‘ra, o‘g‘illarining ham katta bekalari shu urug‘dan tanlangan.
Botuxon yurishidan keyin u bilan birga borgan turkiy qabilalar Dashti Qipchoqdagi yaylovlardan makon topdilar va mahalliy qipchoq qabilalari bilan qo‘shilib ketdilar. Saroydagi ish yurituvchilar, mirzalar, lashkarboshilarning asosiy qismi turkiylardan bo‘lgan. Bu esa turkiy tilni keng muomala tiliga aylantirgan.
Taniqli rus tarixchisi A.P.Grigorev bu haqda shunday yozadi: “O‘sha paytda ( XIII — XIV a.) Oltin O‘rdada so‘zlashuv va yozuv tili bo‘lgan qipchoq, ya’ni turkiy tilni katolik missioner monaxlar yaxshi bilishardi… Ma’lumki, 1221 yildayoq dominikan monaxlari Dashti Qipchoqda faol ish olib borardilar, 1228 yilda esa bu yerda o‘zlarining yepiskopliklarini qurgan edilar. Mahalliy turkiy tilli aholi bilan bevosita muomala monax-missionerlardan turkiy tilni bilishni taqozo etardi. Oltin O‘rdada katolik missioner monaxlar tomonidan mashhur “Kodeks kumanikus” — lotin-fors-qipchoq tillari lug‘ati tuzilgan edi. 1303 yilda bitilgan bu asar keyinroq Venetsiyada topildi”.
Bu fikrga biroz aniqlik kiritish lozim bo‘ladi. Garchi, o‘sha paytda so‘zlashuvda qipchoq lahjasi qo‘llangan bo‘lsa-da, rasmiy yozishmalar va adabiy matnlarda Chig‘atoy lahjasi, ya’ni eski o‘zbek tili qo‘llangan. Bunga talaygina misollar bor. Oltin O‘rdada yashab, ijod etgan Qutb Xorazmiy Nizomiyning “Xusrav va Shirin” dostonini fors tilidan tarjima qilib, O‘zbekxonning o‘g‘li Tinibekka bag‘ishlaydi. Boshqa bir Xorazmiyning “Muhabbatnoma” dostoni esa Oltin O‘rda xoni Jonibekning yaqin odamlaridan Muhammad Xo‘jabekning taklifi bilan 1353 yili yozilgan. Dostonda aytilishicha, u “turkiy tilda bir kitob yozib berishni” iltimos qilgan. Sayfi Saroyining “Guliston bit-turkiy” (1391) asari ham shu davrda yaratilgan. U mahalliy hukmdorlar va zodagonlar iltimosiga ko‘ra Sa’diyning “Guliston” asarini shu nom bilan turkiy tilga tarjima qilgan. Saroy shahrida, bir muddat Misrda ham yashagan Sayfi Saroyi 1394 yili “Suxayl va Guldursun” nomli doston ham yozgan. 1966 yilda chop etilgan “O‘zbek adabiyoti” xrestomatiyasining 5-jildida Sayfi Saroyi, Xorazmiy va Ahmadxo‘ja As-Saroyi ijodidan namunalar berilgan. Bu asarlar xuddi bugungi o‘zbek tilida yozilganga o‘xshaydi. Mana ba’zi misollar:

Ul yuzi oykim, jahonning jonidur,
Bu zamona xo‘blarining xonidur.

Yosamin tan, qomati sarvi ravon,
Zulfi jannat bog‘ining rayhonidur.
G‘amzasining oltina olam asir,
Ko‘zlari davri qamar fattonidur…

* * *

Dilbarimning ul sadaftek og‘zida dur bor erur,
La’lining shavqinda tun-kun diydalar durbor erur.

Zulfi sunbultek, bo‘yi sarv, englari gulzor erur,
Yuzini ko‘rmakka bir dam bulbulu gul zor erur.

O‘sha davrda Oltin O‘rda va Misr davlati o‘rtasida yaqin hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan. Qora dengiz va quruqlik orqali savdo-sotiq va bordi-keldilar yo‘lga qo‘yilgan. Chunki Misr hukmdorlari bo‘lgan Bahriylar sulolasi (1250 — 1390) vakillari Dashti Qipchoqdan chiqqan turkiylardan edi. 1398 yili Abdul ibn Qodir ismli shaxs Oltin O‘rdalik bir guruh turkiyzabon shoirlar she’rlarini Misrda kitobat qilgan. Bu voqea Misrdagi saroy doiralarida ham turkiy tilli adabiyot muxlislari bo‘lganidan dalolat beradi.
Oltin O‘rdada vujudga kelgan adabiy an’analar to XX asrning boshlariga qadar davom etgan. Taniqli rus tilshunos olimi Oleg Mudrak bu haqda shunday deb yozadi: “Volgabo‘yi hududida XX asrning 20-yillariga qadar Chig‘atoy lahjasi asosida shakllangan adabiy til — “Volgabo‘yi turkiysi” amalda edi. Chig‘atoy tili — Chig‘atoy ulusi, ya’ni hozirgi O‘rta Osiyoning tilidir. Bu turkiy xalqning, uning avlodi bo‘lgan o‘zbek xalqining tilidir”.
Chindan ham asrimiz boshlarida ijod qilgan tatar va boshqird shoirlarining she’rlarini o‘qisangiz, lug‘atsiz tushunasiz. Bir tatar do‘stimiz “Bu she’rlar tatar tilidan ko‘ra o‘zbek tiliga yaqinroq”, deydi. Bu bejiz emas. Chunki Volgabo‘yi aholisining adabiy tili ham, hozirgi o‘zbek tili ham turkiy tilning qarluq guruhiga oid Chig‘atoy lahjasi zaminida shakllangan.
Tilshunos olimlarning fikriga ko‘ra, turkiy tillar eramizning IV asrida uch guruhga bo‘lingan hamda qarluq, qipchoq, o‘g‘uz guruhlari vujudga kelgan. Bular orasida eng qadimgi yozuv tili qarluq guruhi zaminida shakllangan eski o‘zbek tilidir. Qadimdan shu tarzda shakllanib kelgan bu til Chingizxonning farzandi Chig‘atoyga ulus qilib berilgan hududda avvaldan keng muomalada bo‘lib kelgan bo‘lsa-da, Chig‘atoy hukmronligi davrida Chig‘atoy tili deb nomlangan, xolos. Tarixda eng ko‘p adabiy va ilmiy asarlar ham shu tilda ijod qilingan. Lutfiy, Sakkokiy, Navoiy, Bobur singari so‘z ustalari ijodi bilan bu til yanada sayqallangan.
Taniqli turk adabiyotshunos olimi Ahmad
Bijan Erjilasun turkiy tillar tarixi haqida shunday deb yozadi: “Turk tili XIII asrdan keyin ikki yozuv tili sifatida davom etdi. Biri Shimoli-sharqda, bugungi Turkiston va Edil-Ural hududida Chig‘atoy turkchasi sifatida hamda Anatoliya va Ozarbayjonda G‘arb turkchasi sifatida XIX asrgacha keldi. Ammo bizdagi turklar Navoiyni o‘qidilar va tushundilar. Navoiyni to‘laroq tushunish uchun “Abushqa” degan lug‘at tuzdilar. Hatto Navoiyga Chig‘atoy turkchasida naziralar yozdilar. Anadolu shoirlarining asarlarini esa ular o‘qidilar. Bizning katta shaharlarimizda, xususan Istanbulda Navoiyning bir olam qo‘lyozmalari bor”.
Xulosa qilib aytganda, Oltin O‘rdaning rasmiy va adabiy tili turk tilining Chig‘atoy lahjasi, ya’ni o‘zbek mumtoz adabiy tili bo‘lgan. Qolaversa, Markaziy Osiyo bilan Dashti Qipchoq turkiy xalqlar yashaydigan hudud sifatida asrlar davomida uzviy aloqada bo‘lib kelgan, o‘zaro siyosiy, iqtisodiy va madaniy munosabatlar uzluksiz davom etgan. Va bunda, so‘zsiz, mushtarak tagzaminda shakllanib borgan o‘zbek mumtoz adabiy tilimiz alohida ahamiyat kasb etgan.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 37-sonidan olindi.