Nodir Ramazonov. Bir ruboiy tarixi

Alisher Navoiy “Majolis un-nafois” tazkirasining yettinchi majlisini Amir Temur zikri bilan boshlaydi. Uning e’tirofiga ko‘ra, garchand ul zot she’r aytmagan va nazmu nasrga ishtiyoq ko‘rgizmagan bo‘lsalar-da, muayyan vaziyatlarda, o‘sha vaziyat taqozosi bilan, ba’zi baytlarni shunday topib o‘qiganlarki, “aningdek bir bayt o‘qug‘oni ming bayt aytqoncha bor”. Misol sifatida Navoiy bir voqeani keltiradi. Mironshoh Mirzo Tabrizda ichkilikka ruju qo‘yadi, davlat ishlarini chetga surib, may, musiqa va ayshu ishratga berilib ketadi. Samarqandga, hazrat Sohibqironga Mirzoning uch nadimi (hamsuhbat, mahrami) bo‘lib, shahzodani ayshu ishratga o‘shalar targ‘ib etayotganini arz qilib yetkazadilar. Ular Xoja Abdulqodir, Mavlono Muhammad Koxiy va Ustod Qutb Noyi edilar. Jallod zudlik bilan borib uchalasining boshini kesib keltirsin, degan farmon bo‘ladi. Keyingi ikkinchi shaxs — Mavlono Muhammad Koxiy va Ustod Qutb Noyiga nisbatan hukm ijro etiladi, Xoja Abdulqodir esa oldinroq bu gapdan xabar topib qochadi va darvesh-devona suratiga kirib, yurtma-yurt kezib yuradi. Hazrat Sohibqiron yana Iroq yurishi qilganlarida ba’zilar Xojaning qochib yurganidan xabar topib ul zotga yetkazadilar. Xoja Abdulqodirni tutishga farmon bo‘ladi va uni “devona”ligiga qo‘ymay olib keladilar. Xoja Abdulqodir mukammal egallagan ilmlardan biri Qur’on hifzi va qiroat ilmi bo‘lib, taxtda o‘tirgan Sohibqiron huzuriga olib kelingani zahoti u baland ovozda, mukammal qiroat bilan Qur’on o‘qiy boshlaydi. Oyatlar va qiroat ta’siridan Sohibqiron ko‘nglidagi g‘azab o‘rnini shafqat egallaydi va hozir bo‘lgan fuzaloga qarab:

Abdol zi biym chang bar Mushaf zad, —

(Tarjimasi: Darvesh qo‘rqqanidan Qur’onga chang soldi) misrasini o‘qiydi. Shundan so‘ng Sohibqiron “Xojag‘a iltifot va tarbiyatlar qilib, o‘z oliy majlisida nadim va mulozim qildi”.
Ushbu voqea bilan bog‘liq ba’zi tafsilotlar Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asaridan o‘rin olgan. Unga ko‘ra, Sohibqironning maxsus farmoni bilan Tabrizga yo‘l olgan Amir Sulaymonshoh Rayga yetganda, ushbu shahar dorug‘asi bo‘lgan Amir Bayon Qavchindan amirzoda Mironshoh tabiatida salbiy o‘zgarishlar sodir bo‘lganligi xabarini eshitadi va vaziyatga oydinlik kiritish uchun Hamadon shahrida to‘xtaydi. Abubakr Mirzo va Mironshoh Mirzoning amirlari mashvarat qilib, Amir Sulaymonshohning zudlik bilan Tabrizga kelishini so‘rab xat yozadilar. Amir Sulaymonshoh Tabrizga kelgach, ikki kundan so‘ng Mironshoh Mirzoni Sohibqiron huzuriga yuboradi. Mironshoh Mirzo Sohibqironga o‘n to‘qqiz peshkash tortiq etadi, biroq voqeadan xabardor Sohibqiron ularga burilib ham qaramaydi. Sohibqiron davlat xazinasidan Mironshoh Mirzo tomonidan sarf etilgan mollar hisobini olish uchun Temurxo‘ja Oqbug‘a va Jalolulislomni Tabrizga jo‘natadi. Ular Tabrizga yetib, devonning kirim-chiqim daftarlarini tekshiradilar, xazinaga tushgan va sarflangan mollar hisobini olib, Tabrizdagi ishlar haqida Sohibqironga hisobot beradilar. Shuningdek, Mironshoh Mirzoning ayshu ishratga berilib ketishiga uning xos majlisi mahramlari — Mavlono Muhammad Ko‘histoniy, Ustod Qutbiddin Noyi, Habib Udiy va Abdulmo‘min Go‘yanda sababchi ekanligini yetkazadilar. Sohibqiron boshqalarga ibrat bo‘lishi uchun ularni dorga osishga buyuradi. Dor ostiga olib kelishgach, Mavlono Muhammad zarofat va mutoyiba ahli odatiga ko‘ra, Ustod Qutbiddinga qarab: “Ustod shu yerga (dor ostiga) kelishimizga sababchi bo‘lgan barcha ishlarda bizning peshvomiz va rahnamomiz edilar, bu maqomga ko‘tarilish (ya’ni dorga osilish)da ham ushbu rusumga rioya qilinsa (ya’ni rahnamolikni oxiriga yetkazib, bizni so‘nggi maqomu manzilga ham o‘zingiz boshlasangiz)”, — deya mutoyiba qiladi. Jallod nayning ichidan ip o‘tkazib Ustod Qutbiddinni dorga osadi (chunki “Noyi” laqabi “Naychi”, demakdir). Navbat Mavlono Muhammadga yetganda u o‘z holini sharhlab, quyidagi ikki baytni badiha tarzida o‘qiydi:

Poyoni kor va oxiri umr ast, ba xudo,
Gar boyadat va gar na, ba dast ixtiyor nest.

Mansurvor gar bibarandat ba poyi dor,
Mardona poydori jahon poyi dor nest.

(Tarjimasi: Xudo haqi, umr oxirlab, ishlar poyoniga yetganga o‘xshaydi, xohla-xohlama — ixtiyor qo‘lda emas. Agar Mansur kabi dor ostiga olib kelsalar, mard kishi uchun dor ustuni jahon ustunidan afzaldir.)
Qolgan ikki mahkumning hayotiga ham shu taxlit nuqta qo‘yiladi. E’tibor beradigan bo‘lsak, bu o‘rinda Xoja Abdulqodir nomi eslanmaydi. Nega? “Zafarnoma”ning ikki o‘rnida Xoja Abdulqodir zamonasining yetuk musiqa ustozi va shoiri sifatida zikr etiladi, ammo Mironshoh Mirzoni yo‘ldan urganlar orasida tilga olinmaydi. Bizningcha, keyinchalik Xojaning to‘g‘ri yo‘lga kirganligini inobatga olib, hurmat yuzasidan ushbu noxush voqeada uning nomi tilga olinmagan bo‘lsa kerak. Navoiy voqea haqida gapirganda “naql qilurlarkim” deyishiga ko‘ra, u yozma manbalarda mavjud bo‘lmagan og‘zaki ma’lumotlardan foydalangan ko‘rinadi. Bu esa, garchi kishilar nomlarida chalkashlikni keltirib chiqargan bo‘lsa-da, Navoiy ma’lumotlarining qimmatini yana bir karra oshiradi.
Ma’lum bo‘lishicha, Amir Temur tomonidan, Navoiy iborasi bilan aytganda, “ba vaqt” o‘qilgan ushbu misra Shayx Abu Said Abulxayr (vafoti 4400 —1049 yil) ruboiysining oxirgi misrasi bo‘lib, uning to‘liq matni quyidagichadir:

Havro ba nazorai nigoram saf zad,
Rizvon zi taajjub kafi xud bar kaf zad,
Yak xoli siyah bar on ruxon mutraf zad,
Abdol zi biym chang dar Mushaf zad.

(Tarjimasi: Hurlar nigorim tegrasida saf tortdilar; aql bundan hayratlanib, qarsak chalib yubordi. Yorim yuzidagi qora xolni ko‘rgan farishtalar har taraf qochdilar; darvesh qo‘rqqanidan Qur’onga yopishib oldi.)
Navoiy ruboiyga yuksak baho berib: “Idrok va fahm ahli bilurkim, yillar, balki qarn(asr)larda mundoq latif so‘z voqe’ bo‘lmas”, — deya ta’riflaydi. Abu Said Abulxayr Mayhaniyning ushbu ruboiysi shu qadar mashhur bo‘lganki, taniqli olim B. Valixo‘jayevning aniqlashicha, uning sharhiga Sayid Ne’matulloh Valiy uch risola, Sayid Qosim Anvor bir risola, Shayx Ozariy bir risola bag‘ishlaganlar. Yana Xoja Ya’qub Charxiy va Xoja Ahror ham ushbu ruboiyni sharhlab maxsus asar yozganlari ma’lum. Ruboiy mashhurligi va mansubiyati aniq bo‘lganligi sababli Navoiy uning muallifini eslatishni ortiqcha, deb biladi hamda Sohibqironning ma’naviy qiyofasini gavdalantiradigan yorqin misol sifatida ushbu voqeaga murojaat qiladi.
Xoja Ubaydulloh Ahror “Risolai havroiya”da yozishicha: havro — o‘lim to‘shagida yotgan bemorning boshi uzra to‘planadigan hurlar; nigor — mahbublik maqomiga yetgan inson ruhi; rizvon — aql bo‘lib, u makoni inson qalbida bo‘lgan jannatning qo‘riqchi va posbonidir; taajjub — xoliqning maxluqda aks etganligini anglagan aqlning hayratga tushishi; xoli siyah — o‘layotgan kishiga yuzlanadigan siniqlik, ojizlik yoxud haqiqiy faqirlik maqomi; abdol — insoniy quvvatlar; mushaf — Haq mazhari bo‘lgan insoniy haqiqat; chang solmoq — insonning azaliy ruhga murojaat etishi (uluvv)-ning ramzidir. Ruboiyning tasavvufiy mazmuni esa quyidagichadir: o‘lim to‘shagida yotgan Haq ishqi bemorining tegrasida hur va farishtalar yig‘iladilar. Aql bu manzarani ko‘rib taajjubdan go‘daklarcha qarsak chalib yuboradi. Haq oshig‘i yuzidagi taslimiyatni ko‘rgan hurlar har tomonga qocha boshlaydilar. Bemordagi nafsoniy quvvatlar rahmoniy sifatlarga aylanadi va visol (Haq vasliga yetish) ro‘y beradi.
Xoja Ahror undan oldin ham ushbu ruboiyga sharhlar bitilgani, biroq ular bir savolga — nima uchun mazkur ruboiyning bemor boshi uzra o‘qilishi hamda o‘qilganda ijobiy ta’sir etib, uning sog‘ayib ketishiga bois bo‘lishini tushuntirib bera olmaganlaridan bahs etadi. Ya’ni ularda bemor va ruboiy mazmuni o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik izohlab berilmagan. Muallifning yozishicha, ruboiydagi asosiy mohiyat muhabbat dardi, Haq ishqi yo‘liga kirgan kishiga yetadigan mushkulliklar va ularni yengish, Haq vasliga yetish yo‘llari bayonidan iboratdir. Oddiy bemorlarga nisbatan “Haq vasliga yetish” — “Bemor yo‘liqqan darddan xalos bo‘lish va salomatlikka erishish” mazmunida talqin etilgan. Aytish kerakki, bu bilan ruboiyning ta’sir kuchi hech ham o‘zgarmagan, ya’ni u omu xosga baravar ta’sir etgan. Xoja Ahrorning ruboiyni bemorlik va darddan qutulish bilan bog‘lashi bejiz emas edi, chunki manbalar uning yozilish tarixi aynan ushbu masala bilan bog‘liqligini ko‘rsatmoqda.
Muhammad bin Munavvar tomonidan Shayx Abusaid Abulxayrning so‘fiylikdagi darajalari bayoniga bag‘ishlab yozilgan “Asror ut-tavhid fi maqomoti Shayx Abu Said” nomli asarda aytilishicha, kunlardan bir kun Shayxning xos muridlaridan bo‘lgan Ustod Abu Solih qattiq kasal bo‘lib, yotib qoladi. Shunda Shayx Xoja Abubakr Muaddab nomli muridiga davot,qalam va qog‘oz keltirishni buyuradi. U aytilgan narsalarni keltirgach, Shayx yuqoridagi ruboiyni aytadi, shogirdi esa yozib oladi. Ruboiyni to‘shakda yotgan bemor Abu Solih ustida o‘qiydilar va qog‘ozni uning tanasiga bog‘lab qo‘yadilar. Shu ondayoq uning holida sihat alomatlari ko‘rina boshlaydi va shu kuniyoq o‘rnidan turib tashqariga chiqadi, Dard esa izsiz yo‘qolib ketadi. (Muhammad bin Munavvar bin Abu Said bin Abu Tohir Mayhaniy. Asror ut-tavhid fi maqomoti Shayx Abu Said. Nashrga tayyorlovchi V.A.Jukovskiy. S:P-burg, 1899, 360-bet). Albatta, bemorning “dardi” majoziy mazmunda bo‘lib, u Haq ishqi va muhabbat dardi ma’nosini ifodalaydi. Ruboiyning dunyoga kelishi bilan bog‘liq ushbu ma’lumot uning qavvollar tomonidan xonaqolarda o‘qilib, o‘zini sayru sulukka hozirlagan so‘fiylarni vajd va sukr holiga yetkazguvchi durdonalardan biri ekanligidan dalolat beradi. Ruboiyning tarixiy shaxs va voqealar bilan bog‘lanishi, ilmiy-falsafiy asarlar uchun ob’ekt bo‘lishi esa uning ta’sir doirasi faqat so‘fiylar va tasavvuf ahli bilan cheklanmaganligini ko‘rsatib turibdi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2002 yil 42-sonidan olindi.