Naim Karimov. Shayxzoda va jahon adabiyoti (2008)

Bu yil tug‘ilgan kuniga 100 yil to‘lgan Maqsud Shayxzoda o‘zbek adabiyotini jahon xalqlari adabiyotlari bilan o‘zaro bog‘lagan “oltin ko‘prik”larimizdan biridir. U qariyb qirq yillik ijodiy faoliyati mobaynida milliy adabiyotimizning she’riyat, dramaturgiya, publitsistika singari sohalarida samarali ijod qilibgina qolmay, adabiyotshunoslik va badiiy tarjima masalalari bilan ham faol shug‘ullandi. Abdulla Qahhor ifodasi bilan aytsak, uning birgina adabiy tanqid va adabiyotshunoslik sohasida yaratgan maqolalari tarozining bir pallasini bemalol bosadi. Agar Shayxzoda maqolalari ro‘yxatiga nazar tashlasak, uning o‘zbek xalqini A.N.Radishchev, A.S.Griboyedov, A.S.Pushkin, M.Yu.Lermontov, V.G.Belinskiy, N.G.Chernishevskiy, N.A.Nekrasov, A.N.Ostrovskiy, A.PChexov, A.M.Gorkiy, V.V.Mayakovskiy singari rus, Sh.Rustaveli, Nizomiy, Fuzuliy, Taras Shevchenko, Samad Vur-g‘un, Nozim Hikmat singari yaqin xorijiy, Shekspir, Gyote, Bayron, Beranje singari jahon mumtoz adiblarining hayoti va ijodi bilan tanishtirganini ko‘rib, hayratga tushamiz. U mazkur yozuvchilarning ayrimlari to‘g‘risida bir emas, turli munosabat bilan besh-oltitalab maqolalar yozgan.

Gruzin adabiyotining buyuk asoschisi Shota Rustaveli asarining 800 yilligi nishonlangan 30-yillar adog‘iga qadar nafaqat o‘zbeklar, boshqa aksar xalqlar ham “Yo‘lbars terisini yopingan pahlavon” dostoni va uning muallifi haqida jiddiy tasavvurga ega bo‘lmaganlar. Shayxzoda shunday tarixiy-madaniy bir davrda mazkur asarni hamkasb do‘sti Mirtemir bilan tarjima qilibgina qolmay, u haqda katta tadqiqot ham yaratdi. Bu mazmundor maqolada Shayxzoda dostonda tasvirlangan davrni ham Shota Rustaveli ijodini ham nuqul yoritib beradi. Jumladan, u shunday yozadi: “Gruziyaning siyosiy va jug‘rofiy mav-qei, uning Sharq va G‘arb o‘rtasida ko‘prik rolini o‘ynashi bu mamlakatning madaniy va adabiy hayotida ham ikki madaniyatning omuxta bo‘lib ketishiga, Yevropa va Osiyo xalqlari madaniy aloqalarining bu yurtda alohida bir husn bilan jilvalanishiga imkon ochdi. O‘sha davrda Tbilisida eronlik, arab, turkistonlik olim yo shoirlar bilan bir qatorda yunonlik yoki mag‘rib diyorlaridan kelgan faylasuflarni va san’atkorlarni uchratish mumkin edi”.

Ko‘ramizki, Gruziya XII asrda sekin-asta davlat qiyofasini olguniga qadar turli xalqlar va madaniyatlar tutashgan makonlardan biri bo‘lgan. Boshqa xalqlar va mamlakatlar uchun ham mushtarak hisoblanadigan bu hol kishilik madaniyatining qadimdan o‘zaro aloqa jarayonida paydo bo‘lib va rivojlanib kelganidan dalolat beradi. Agar Rustaveliga qadar malika Tamara davrida yashagan shoirlardan biri Chaxruxadzening Eron, Hindiston, Xitoy, Turkiston, Rossiya, Arabiston va Misr kabi hududlarda bo‘lganini e’tiborga olsak, “Yo‘lbars terisini yopingan pahlavon” dostoni muallifi emasligi ham taxminan shu mamlakatlarga safar qilgani va shu hududlarda sodir bo‘lgan voqealar gruzin jamiyati uchun ham yot emasligi bir qadar ravshanlashadi.

Shayxzoda asar yaratilgan davrdagi Gruziya davlatining shakllanish jarayoni, Shota Rustaveli hayoti, “Yo‘lbars terisini yopingan” dostonining g‘oyaviy mazmuni va badiiy xususiyatlari to‘g‘risida mukammal ma’lumot beradi. Adib shu bilangina kifoyalanmay, mazkur asar vositasida Sharq shoirlari, xususan, Navoiy ijodi o‘rtasidagi mushtarak nuqtalarni topadi va ularga keng e’tiborni qaratadi.

“Yo‘lbars terisini yopinish, – deb yozadi Shayxzoda, – Sharq adabiyotlarida Rustavelidan ilgari ham, undan keyin ham qo‘llanib kelgan usullardan biridir. Masalan, ulug‘ fors-tojik shoiri Abulqosim Firdavsiy (X asr) ning “Shohnoma”sidagi bir qancha qahramonlar (Som, Rustam, Asfandiyor, Suhrob va boshqalar) yo‘lbars terisini yopinib yuradilar va jangga kirganda ham uni yechmaydilar. Firdavsiy qahramonlari nazdida, bu – mardlik, qahramonlik, yo‘lbarsdek beomonlik va chaqqonlik alomati sanalar edi.

Shunisi qiziqki, buyuk o‘zbek shoiri Alisher Navoiy ijodiga bu surat (yo‘lbars yoxud qoplon terisi yopingan kishi) begona bo‘lmay, u ham o‘zining bir qit’asida bu “libos”ni ishlatadi. Uning qit’alaridan birida Haydar degan kishi haqida gap boradi. Bu Haydarning qanday kishi ekanini mazkur qit’aning sarlavhasidan anglaymiz: “Haydar qalandarning bozorni davron urg‘oniki, falak davronida mundoq savdo kishiga dast bermadi”. Sarlavhadan ma’lum bo‘lishicha, Haydar ismli kishi Navoiyning zamondoshi, o‘zi devonasifat bir qalandar bo‘lib, shahar va bozorda yurar ekan. Endi qit’aning o‘z mazmunini ko‘raylik:

Erur davrin urarda Mirhaydar
Jahon sargashtasi gardun misoli,
Yopingan egniga qoplon terisin,
Tutubdur ilgiga kushti hiloli.

Navoiyning bu chizib bergan portretida biz jahongashta va sargardon bo‘lib yurgan Mirhaydarning orqasiga qoplon terisi yopinib, qo‘liga oybolta ushlab yurgan g‘alati bir kishi ekanini ko‘ramiz…”

Shayxzoda, tadqiqotni davom ettirib, Mirhaydarning kim bo‘lganligi haqidagi ma’lumotni axtarib ketadi va bunday ma’lumotni Navoiynng “Majolis un-nafois” asaridan topadi. Ayon bo‘lishicha, Mirhaydar Majzub iste’dodli va haqgo‘y odam bo‘lib, adolatsizliklarga chidolmay, aqliga shikast yetkazgan. Biroq o‘ziga kelgan paytlarda biror olim u bilan bahslasha olmagan: u shu qadar bilimdon bo‘lgan. Uning devonalar qatorida majzub (jazavaga berilgan kishi) bo‘lib yurishi jazo va ta’qiblardan xoli bo‘lishiga imkon bergan.

“Xulosa qilib shuni aytsam bo‘ladiki, – deb yozadi Shayxzoda, – yo‘lbars terisini yopinish Firdavsiy qahramonlari uchun mardlik va jangovarlik ramzidek talqin etilgan bo‘lsa, Tarielda bu “libos” muhabbatda sadoqat belgisi bo‘lib xizmat qiladi. Navoiyning zamondoshi Mirhaydarda esa, qoplon terisini yopinish falsafiy-siyosiy bir alomat bo‘lib, jamiyat qonunlari bilan kelishmaslik jasoratli bayroqdek anglashiladi”.

Yuqoridagi uzundan-uzoq tafsilot bir xalqning adabiy merosidagi unsur yoki unsurlar boshqa xalqlar jumladan, o‘zbek xalqining ham adabiy merosi uchun yot emasligini, aksincha, turli milliy adabiy meroslar o‘rtasida mushtarak hollar oz bo‘lmaganligini, binobarin, xalqlar qadimda yagona madaniy-maishiy makonda yashaganlarini yana bir bor tasdiqlaydi.

Shayxzoda boshqa G‘arb va Sharq yozuvchilari ijodini tadqiq etishga bag‘ishlangan maqolalarida ham kishilik madaniyatining o‘zaro aloqa va ta’sir jarayonida rivojlanib kelganini mehr bilan kuzatadi. Afsuski, shu qonuniy va hayotbaxsh jarayon so‘nggi asrlarda turli ijtimoiy sabablar natijasida to‘xtab qolgan edi. Shuning uchun ham Shayxzoda o‘tgan asrning 30-yillaridan qayta tiklana boshlagan adabiy aloqalar ravnaqiga o‘z hissasini qo‘shishga astoydil kirishdi. U jahon mumtoz va zamonaviy adabiyoti namoyandalari to‘g‘risida maqolalar yozish bilan birga ularning eng yaxshi asarlarini o‘zbek xalqining badiiy mulkiga aylantirish uchun badiiy tarjimaga alohida e’tibor bilan qaradi.

Shoir-tarjimon yuqorida tilga olingan Shota Rustavelining ”Yo‘lbars terisini yopingan pahlavon” dostonidan tashqari, yunon adabiyotidan Ezop va Esxil asarlarini, Yevropa adabiyotidan Shekspir, Gyote, Bayron, Mitskevich, rus adabiyotidan Pushkin, Lermontov, Mayakovskiy, ukrain va belorus adabiyotidan Shevchenko, Yanka Kupala va Petrus Brovka, ozarbayjon adabiyotidan Nizomiy, Fuzuliy, Mirza Fatali Oxundov, Samad Vurg‘un, Usmon Sarivali, Sulaymon Rustam, Rasul Riza, turk adabiyotidan – Nozim Hikmat, arman adabiyotidan Yegishe Charents, Avetik Isaakyan, tojik adabiyotidan Boqi Rahimzoda va boshqa shoirlarning asarlarini mahorat bilan o‘zbek tilida jaranglata oldi. U birgina Pushkinning lirik she’rlari bilan birga “Mis chavandoz” dostoni hamda “Motsart va Saleri” dramasini, Lermontovning lirik she’rlari bilan birga “Kavkaz asiri” dostonini, Shekspirning sonetlaridan tashqari, “Hamlet” hamda “Romeo va Juletta” tragediyalarini Navoiy va Abdulla Qodiriy tilida jaranglashiga munosib hissa qo‘shdi.

Qariyb butun hayoti davomida hozirgi Toshkent Davlat pedagogika universitetida xizmat qilgan, respublikaning adabiy-madaniy hayotida faol ishtirok etgan san’atkorning o‘z ijodidan ortib, yana shuncha asarini tarjima qilishi tom ma’nodagi ijodiy jasoratdir.

Kezi kelganda shuni aytish kerakki, Shayxzodaning bilim doirasi benihoya keng edi. U bilan Xorazm safarida birga bo‘lgan Jumaniyoz Jabborovning naql qilishiga ko‘ra, atoqli shoir Xorazm tarixinigina emas, Urganch va Xivadagi har bir qadimiy ko‘cha va me’moriy yodgorlik to‘g‘risida ham mukammal bilimga ega bo‘lib, ular haqida soatlab so‘zlagan. Hindiston safarida Shayxzodaga hamrohlik qilgan vatandoshlarimizning xotirlashlaricha, u Mahatma Gandi va Javoharla’l Neru vatanida bir necha marta bo‘lgan kishidek, shu yerdagi obidalarning qachon va qaysi podsho zamonida barpo etilganligi hamda Abu Rayhon Beruniy, Zokirjon Xolmuhammad o‘g‘li Furqat singari o‘rtaosiyolik olim va shoirlarning hind yurtidagi hayoti to‘g‘risida jo‘shib so‘zlab bergan. Shayxzoda nafaqat o‘z vatani, balki jahon xalqlari tarixi va madaniyati bo‘yicha puxta bilimga ega bo‘lgan ulkan siymo edi. Uning shunday boy va har tomonlama keng bilimi turli sohalarga oid ilmiy va badiiy adabiyot orqali shakllangan edi.

Shunday chuqur bilim sohibi bo‘lmish shoirning jahon adabiyoti namunalarini tarjima qilishga katta e’tibor va ahamiyat berishi tasodifiy emas, balki tabiiy jarayondir.

Shayxzoda-tarjimon uchun shu narsa muhimki, tarjima qilinajak har bir asar muallifi o‘z asariga yurak qo‘rini bag‘ishlabgina qolmay, uni muayyan badiiy maqsad bilan amalga oshirgan, unda o‘zining muayyan voqelikdan olgan taassurotlarini, undagi hayotiy jarayonlarni tasvirlash orqali shu taassurot va jarayonlar tasviridan kelib chiquvchi fikr-g‘oyalarni yoniq so‘z yordamida ifodalagan. Shuning uchun ham u shu muallifning ruhiy va badiiy olamiga kirishni, uning tarjima qilinajak asardagi badiiy niyatni, fikr-g‘oyani aniq ifodalashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Shu maqsadga erishishning birdan-bir yo‘li, uning nazarida, tarjima etilayotgan milliy tilning ichki imkoniyatlari va boyligidan mahorat bilan foydalanish edi.

O‘zbek sahnasida namoyish etilgan tarjima asarlari orasida Shekspirning “Hamlet”idek xalq muhabbatini qozongan boshqa asar oz bo‘lsa kerak. So‘nggi yillarda turli teatrlarda eng iste’dodli rejissyorlar tomonidan sahnalashtirilganiga qaramay, tomoshabin hatto “Otello” tragediyasiga ham shunchalik mehr bilan munosabatda bo‘lmagan. Ammo 1937 yilda “Hamlet” tarjimoni Cho‘lponning manglayiga “xalq dushmani” tamg‘asi yopishtirilishi bilan bu asarning sahna taqdiriga ham chek qo‘yilgan edi. Shunda hozirgi O‘zbekiston Milliy drama teatri “Hamlet”ni qayta tarjima qilish ishiga Shayxzodani ham jalb etdi. Garchand artistlar “Hamlet”ni Cho‘lpon tarjimasida ijro etishda davom etgan bo‘lsalar ham, Shayxzodaning “Hamlet”i hamon kitob tarzida mustaqil yashab kelmoqda.

Shubhasiz, Cho‘lponning dohiyona tarjimasidan keyin Shayxzodaning bu buyuk asar tarjimasiga qo‘l urishi oson emas edi. Ammo shoir g‘ayrat kamarini mahkam bog‘lab, mazkur asarni katta mas’uliyat tuyg‘usi bilan tarjima qildi. Cho‘lpon o‘z vaqtida Shekspir asarini feodal aristokratiyasi tilida tarjima qilganlikda ayblangani bois u asar tilini bir qadar xalqqa yaqinlashtirishga urindi. Yana shuni yodda tutish lozimki, asar tarjima qilingan 40-yillarning oxirlarida o‘zbek tiliga fors va arab tillaridan kirib kelgan so‘zlarga qarshi shafqatsiz kurash ketayotgan, Oybek singari tarixiy mavzularda asar yozgan adiblar esa fors va arab tillariga sajda qilishda ayblanayotgan edilar.

Cho‘lpon Hamletning mashhur monologini nasriy yo‘lda tarjima qilgani ma’lum. Shayxzoda ustoz tarjimondan farqli o‘laroq, shu monologni o‘zbek tilida she’riy yo‘lda tarjima qilishga uringan:

H a m l ye t

O‘laymi yo qolaymi? Ana masala.
Nedur afzal: dilovar charxi falakning
Dakkisiga, zarbalariga bardoshlar bermoq?
Yoki balo dengizini mardona kutib,
To‘lqinlarni bir karra uzib bitirmoq?
 O‘lish… Unutilish. Masala tamom.
Bu shunday bir uyquki, dil g‘amlariga,
Tanimizga xos bo‘lgan minglab dardlarga
Ilalabad chekadi so‘nggi xotima.
Bu emasmi ko‘ngilning, zotan, armoni?
O‘lish… Unutilish… So‘ngra uxlamoq.
Va yana tushlar ko‘rmoq? Javob bu, xolos.
Modomiki, bu foniy dunyoning jumla –
Sezgilari u yoqda qolar belibos –
Nelar ko‘rar ekanmiz o‘lim tushida?
Mana bizning hayotda musibatlarning
Muhlatini ko‘p yillar cho‘zayotgan sir.

Hamlet shu so‘zlardan keyin yuragini to‘ldirib turgan otashin his va tuyg‘ulari jilovini qo‘yib yuboradi. Uning so‘zlari vulqon lavalari yanglig‘ otilib, hamma yoqni, “yondirib” yuboradi. Shayxzoda Hamlet monologidagi ana shu yangi to‘lqinning lavasimon shiddatli oqimini bunday ifodalaydi:

Yo‘qsa, zamonlarning haqoratiga,
Quvg‘indilik dog‘iga, tentak so‘ziga,
Rad etuvchi sevgiga, haqning sabriga,
Sohibi farmonlarning takabburiga,
Ulug‘vor himmatlarni andozalashda
Bachkanalar hakamlik qilishlariga –
Butun bu razolatga – kim chidardi, kim?..

Agar Hamlet monologidagi “Tu bi, a not tu bi?” (Yo hayot, yo o‘lim”) so‘zlari Cho‘lponning so‘nggi tarjimasida (u aktyorlarning talaffuz imkoniyatlarini hisobga olib, shu so‘zlarning bir necha shakllarini ularga tavsiya qilgan) “Yo o‘lish, yo qolish” tarzida tarjima qilingan bo‘lsa, Shayxzoda bu iborani, bizningcha, haddan ziyod o‘zbekchalashtirib yuborgan. Tarjimon, umuman, asar tilini soddalashtirish yo‘lidan borgan. Garchand bu hol teatrning xohish-istagi va mafkuraviy davrning talabi bilan yuzaga kelgan bo‘lsa-da, tarjima tilining soddalashtirilishi Cho‘lpon bilan “raqobatlashayotgan” tarjimon foydasiga xizmat qilmagan. Shunga qaramay, Shayxzodaning asar g‘oyasi va ruhini tarjimada to‘la saqlab qolganligi va asarni asosan katta mahorat bilan tarjima qilganligi tahsinga sazovordir. Bu buyuk asarning Cho‘lpon qalamiga mansub dohiyona tarjimasi bilan bir qatorda Shayxzoda tarjimasi o‘zbek tarjima san’atining durdonalaridan biri sifatida bir umrga qoladi deb bemalol ayta olamiz.

Shayxzoda jahon adabiyoti durdonalarini tarjima qilish va o‘z xalqini shu durdonalarning mualliflari bilan ham tanishtirishdek xayrli va muqaddas ishga beqiyos darajada katta hissa qo‘shdi. Uning ijodiy mehnati tufayli nafaqat oddiy xalq, balki shoir va yozuvchilar ham jahon adabiyotining boy xazinasidan bahramand bo‘ldilar. Shayxzodaning jahon adabiyoti namunalarini, ayniqsa, Shekspirning o‘lmas tragediyalarini tarjima qilishi va ulardan ijodiy saboq olishi uning, “Mirzo Ulug‘bek” asari maydonga kelishida mahorat maktabi vazifasini o‘tadi. Shuning uchun ham biz “Mirzo Ulug‘bek” tragediyasini tomosha qilar yo o‘qir ekanmiz, bu asardagi shekspirona ko‘lam va psixologik teranlik, bu drama bilan Shekspir tragediyalari o‘rtasidagi mushtarak nuqtalar nodir ijod mevalari yanglig‘ yal-yal tovlanib turadi.

Maqsud Shayxzoda yaratgan otashin she’rlar, dostonlar, dramalar, ilmiy va adabiy-publitsistik asarlar o‘zbek adabiyoti chamanida barhayot yashaydi.

Ulardan hali ko‘p nasllarning diliga zavq, hayajon bag‘ishlaydi va ulkan mahorat maktabi sifatida avlodlarga saboq berishda davom etaveradi.

 Naim Karimov, filologiya fanlari doktori, professor

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2008 yil, 11-son