Murodxo‘ja Muxtorov. Ma’naviy komillik maqomlari

http://n.ziyouz.com/images/alisher_navoiy4Alisher Navoiy maqom san’atini ham amaliy, ham nazariy jihatdan mukammal bilgani uning nazmiy-ilmiy asarlaridan ayon. Aslida ham maqom olami Navoiy badiiy tafakkuri, teran va go‘zal ruhiy olamining ajralmas tarkibiy qismidir. Zero, so‘z mulki sultonining g‘azaliyoti she’riyati uslubida ifoda etilgan navolar ummoni bo‘lsa, maqomlar kuy sadolari vositasida taralgan hikmatlar ummonidir.

Shu bois Navoiy g‘azallarini mutolaa qilib zavq oluvchi muxlisning, odatda, maqomlarni tinglashga ham mayli, ehtiyoji bo‘ladi, ulardan ma’naviy-ruhiy bahra oladi. Go‘zal ma’nolar bilan bezalgan bu har ikkala ummonning bir olamga bog‘lanishi buyuk ishq tufaylidir.

Hazrat Navoiyning:

Ochmagay erding jamoling olamoro koshki,
Solmag‘ay erding bari olamg‘a g‘avg‘o koshki.
Chun jamoling jilvasi olamg‘a soldi rustaxez,
Qilmag‘ay erdi ko‘zum oni tomosho, koshki —

kabi olovli misralari maqomlardagi har bir asosiy aytim yo‘llariga debocha bo‘lishi mumkin. Donishmand shoir asarlariga go‘yo durdek sochilgan maqom istilohlari shunchaki «lirik chekinish» emas, muayyan fikr, g‘oyaning eng muhim nuqtasi, ba’zan botiniy xulosasi tarzida namoyon bo‘ladi. Bu o‘rinda hazrat Navoiyning, umuman, musiqa borasidagi qarashlarini ham nazardan qochirmaslik kerak. Xususan, «Lison ut-tayr» falsafiy dostonida shunday misralarni o‘qiymiz:

Bo‘lsa lahnu nag‘mada ogohlig‘,
Behki toat vaqtida gumrohlig‘.

Ya’ni, kuyu nag‘mani tinglaganda dargohi azalni eslab, ilk Xitobdan ogoh bo‘lish gumroh holda qilingan toat-ibodatdan-da yaxshiroqdir. Shu asnoda maqomlarning nomlari bitilgan quyidagi baytlarga e’tibor beraylik:

Qaddi hajringda tortsang nola,
«Rost» ohangi, ey Navoiy tuz.
Mashhur o‘n ikki maqomlardan birining nomi bo‘lgan «Rost» atamasi tasavvufda tariqat yo‘li(Rohi-rost)ni ham ifodalaydi. Shundan kelib chiqqan holda, bayt mazmunini quyidagicha sharhlash mumkin: ayriliqdan (hijrondan) dard chekuvchi (yoki yor vasliga intiluvchi) oshiq tariqat yo‘liga kirsin. Chunki bu yo‘l shu maqsadga yo‘llangandir. Maqomlar kesimidagi «Rost»ni nazarda tutsak, ushbu baytdan quyidagi ma’no kelib chiqadi: ey oshiq, agar sen hijron azobida bo‘lsang «Rost» maqomi (haqiqatga intiluvchi kuy) ohanglarini tuzgin. Chunki bu maqomda sadolangan kuy, ohanglar oshiq qalbiga oromu fayz yetkazadi va balki ruhiyati yuksalib, istalgan zavq holatiga ham erishishi mumkin. «Rost» maqomining inson ruhiga bu kabi favqulodda kuchli hissiy ta’sir etish sabablari, eng avvalo, undagi mukammal pardalar uyushmasi va shu asosda kuy ohanglarining muayyan rivojlanish uslubi bilan ham tavsiflanadi. Ayni baytda mazkur bayt mazmuni o‘laroq, maqomlar musiqasida ham tasavvuf g‘oyalari in’ikos etilganini fahmlash mumkin. Bu borada ­Navoiyning quyidagi misralari diqqatga sazovor:
Ey Navoiy, sen dog‘i qilsang tama’ sayri “Hijoz”,
Qil «Iroq» ohangi tark aylab Xuroson men kabi.

(«Navodir ush-shabob»dan.)

Ey Navoiy, to muqarrar qildim ohangi «Hijoz»,
Goh “Iroqu”, goh, “Ajam” sari tarannum aylaram.

(«Xazoyin ul-maoniy»dan.)

Misralarda kelgan bir necha ma’nolarni ifodalovchi «Hijoz» va «Iroq» maqomlarining nomlari ochqich yanglig‘ ahamiyatga ega. Hijoz muqaddas Makkai Mukarrama va Madinai Munavvara shaharlari joylashgan sarhadni eslatsa, Iroq mamlakatning nomiga ishora. Shundan kelib chiqqan holda, ushbu nomlarning o‘zaro nisbati ulug‘ haj safariga tashbeh etiladi. Bundan Hijoz — safardan ko‘zlagan asosiy maqsad timsoli, Iroq esa shu maqsadga olib boruvchi olis yo‘l ramzi sifatida keladi. Zero, Navoiy zamonlarida Hijoz manziliga yetishmoq uchun Iroq cho‘llaridan o‘tilgan. Demak, yuqorida keltirilgan bayt mazmunida hazrat Navoiyning butun umri davomida orzu qilgan haj safariga intilishi o‘z aksini topgan. Shuningdek, «haj g‘oyasi» zamirida buyuk haqiqatga eltuvchi ma’naviy kamolot yo‘li — safari ham anglashiladi. Baytlarning musiqiy kesimidagi ma’nolarga kelsak, ularda umumiy qilib aytganda, oshiqning «Iroq» va «Hijoz» maqom kuylarini tinglashga ruhiy ehtiyoji borligi ayon bo‘ladi.

Bizning davrga qadar yetib kelgan Shashmaqom, Xorazm maqomlari va Farg‘ona — Toshkent maqom yo‘llari tarkibida «Hijoz» maqomi (aniqrog‘i, uning nomi) uchramaydi. «Rost» maqomi esa Navoiy davridan buyon qariyb o‘zgarmagan bo‘lib, u inson qalbi va idroki uchun eng ma’qul va manzur darajada mukammal uyushgan pardalardan biridir. «Iroq» maqomida ham pardalar tizimi shu kabi mukammal ko‘rinishga ega.

Aslida taraqqiyot bosqichlarida ruhiy-ma’naviy yuksalishning badiiy in’ikosi sifatida shakllangan bu uslub nafaqat musiqada, balki deyarli barcha ijod sohalarida, jumladan, ko‘p jihatlari bilan musiqaga yaqin bo‘lgan badiiy adabiyotda ham yuzaga kelgan. «Bosqichma-bosqich yuksalish» (yoki maqom) uslubi deb tavsiflanishi mumkin bo‘lgan mazkur badiiy tamoyil Navoiy ijodida (turli nazmiy asarlarda) keng namoyon bo‘ladi. Shuningdek, bu uslub «Xamsa», «Lison ut-tayr» kabi yirik asarlarida ham yuksak iste’dod bilan qo‘llanadiki, natijada kelib chiqish manbalari qadimgi dunyo («Saddi Iskandariy») va undan ­keyingi davrlarga taalluqli ayrim voqea va folklor mavzulari («Sab’ai sayyor», «Layli va Majnun») asosida hayratomuz ­dostonlar yuzaga keladi.

Masalan, «Sab’ai sayyor» dostonida Navoiy Bahrom Go‘r mavzusini tubdan qayta ishlab, unga qadimgi yunonlarning yetti falak xususidagi qarashlarini uyg‘un singdiradi. Natijada, asar bosh qahramoni Bahrom Go‘r oshiq shoh sifatida gavdalanadi. Doston kompozitsiyasida muhim o‘rin tutgan yetti sayyora hikoyasi esa «Odam va olam birligi» kesimida talqin etilib, ularning har biri tariqat, yuksalishni ramz etuvchi alohida-alohida rang bilan tasvirlanadi. Binobarin, asar voqeligining hikoyadan hikoyaga rivojlanishi sayyoralar bilan birga ranglarning ham almashinib (1-qora, 2-sariq, 3-yashil, 4-shafaq, 5-moviy, 6-sandal tusli, 7-oq ) turishida o‘z aksini topadi. Bosqichma-bosqich o‘sish uslubining maqomlarda qo‘llanishi ham ma’lum ma’noda o‘zgacha. Deyarli boshlang‘ich va asosiy qismlarda izchil namoyon bo‘luvchi mazkur uslub mazmunida kichik qamrovli kuy tuzilmalarini (mazmunlarini) mukammal pardalar asosida bir tartibda (1,11,III,IV va boshqa) quyidan yuqoriga qarab avj nuqtalari sari pog‘onama-pog‘ona rivojlantirish nazarda tutiladi. Masalan, Shashmaqomdagi «Tasnifi rost» kuy mavzusining ohista o‘sib borishi birinchi parda (1-bosqich «do»)dan boshlanadi. Mazkur parda asosiy tayanch bo‘lib, qolgan tayanchlar ham unga asoslangan holda namoyon bo‘ladi. Bunda egallab borilayotgan har bir bosqich o‘z miqdoriga teng intervallarni yuzaga keltiradi. Shu tariqa kuy mavzuining rivoji yettita asosiy parda tovushlarini bir tartibda alohida sadolantirish bilan amalga oshadi.

Shuni aytish kerakki, maqomlarda kuzatilayotgan bu kabi «o‘sish tamoyili» dastlab, qadimdan meros bo‘lib kelayotgan sodda ko‘rinishli, oddiy (xalqona) kuylarni mumtoz talablar darajasiga keltirish maqsadida qo‘llangan ko‘rinadi. Xususan, bizgacha yetib kelgan «Navro‘zi ajam», «Navro‘zi xoro», ­«Navro‘zi Sabo» nomli maqom asarlarining mutaxassis olimlar tomonidan «Xalq kuyining eng qadimiy namunasi» («birlamchi chiziq») tarzida tasnif etilgan quyi oqim kuy-ohanglarida yaqqol namoyon bo‘ladi. Bu hol bejiz emas, albatta. Ko‘pgina Sharq xalqlari azaldan Navro‘z bayramini keng nishonlab, shu munosabat bilan ma’lum kuy va ashulalarni ijro etib kelganlar. O‘ziga xos mavsumiy marosim musiqasi sifatida xalq an’anaviy hayotidan muqim o‘rin olgan bu toifa kuylar ­keyinchalik maqom tuzilmalariga kiritilib, mazkur uslubning qo‘llanishi natijasida yuksak rivojlangan ko‘rinishlarga ega bo‘lgani haqiqatga yaqin. Shuningdek, maqomdagi «goh» (ya’ni «Dugoh», «Segoh», «Chorgoh», «Panjgoh» shaklidagi) kuy tuzilmalari ham shu asosda rivoj topgan.

Alalxusus, insonning ma’naviy kamolot cho‘qqisiga erishuvi majoziy uslubda ifoda etilgan «Lison ut-tayr» dostonida o‘ttiz qush Semurg‘ni izlab parvoz qiladi. Mashaqqatli safar davomida yetti bosqich — Talab, Ishq, Ma’rifat, Istig‘no, Tavhid, Hayrat va Faqru Fano vodiylari birma-bir «zabt» etiladi, ammo, pirovardida ular Semurg‘ni emas, balki har biri o‘zini komillikka erishgan holda ko‘radi.

Shunisi diqqatga sazovorki, yo‘l intihosi bilan erishiladigan «yaxshi sifat» g‘oyasi maqom pardalarida ham mavjud. Bunga Shashmaqom, Xorazm maqomlari va Farg‘ona-Toshkent maqomi yo‘llaridagi «Dugoh», «Segoh», «Chorgoh» maqom namunalari misol bo‘la oladi. Dastlab oddiy shakllarda bo‘lgan «goh» kuy tuzilmalari o‘n ikki maqom tizimining sho‘balari guruhidan o‘rin olgan bo‘lib, ularning mumtoz talablar darajasida rivoj topishi uchun har biriga alohida-alohida mukammal parda uyushmalari biriktirilgan. Shunga binoan «Dugoh» sho‘basi «Husayniy» maqomida, «Segoh» shu’basi «Hijoz» maqomida, «Chorgoh» sho‘basi «Zangula» maqom pardalarida bayon etilib, rivojlantirilgan.

Alqissa, «Dugoh», «Segoh» va «Chorgoh» kabi ko‘hna musiqa namunalari yangi sifatlar kashf etgani holda keyinchalik yuzaga kelgan maqom shakllari(Shashmaqom, Xorazm maqomlarida «Dugoh» va «Segoh», Farg‘ona-Toshkent maqom yo‘llarida «Dugoh», «Segoh», «Chorgoh» maqomlari)dan o‘rin olgan. Mantiqiy xulosa shuki, bu jarayonda avvallari qo‘llab kelingan «Segohi-Hijoz», «Dugohi-Husayniy», «Chorgohi-Zangula» kabi sho‘ba va maqom birikmalarini anglatuvchi qo‘sh nomlar asta-sekin o‘z mohiyatini yo‘qota boshlagan. Chunki shu’ba (kuy) tizimlari maqom pardalarida rivojlanishi davomida ularga shu qadar tabiiy singib ketganki, natijada bu sho‘balarning nomlari nafaqat ushbu pardalar doirasida tafakkur etiluvchi yangi kuylarni, balki ayni paytda ana shu mukammal pardalarning o‘zini ham ifoda etuvchi tushunchalarga aylangan. Adabiy va ilmiy asarlari qudrati, balog‘ati tufayli mumtoz musiqamiz ohanglariga yangicha bir jilo, yangicha navo ato etgan hazrat Navoiy o‘zini «bir banda faqir xoksor, xonivashi bee’tibor» deb bilgan, barcha xayrli, savobli ishlarni beminnat ado etgan.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 39-sonidan olindi.