Muhammadjon Xolbekov. Onore de Balzak va «Inson komediyasi»

http://n.ziyouz.com/images/balzak.jpg

Buyuk frantsuz yozuvchisi Onore de Balzak ijodi Yevropa tanqidiy realizmi adabiyotining yuqori cho‘qqisi hisoblanadi. Adib qalamiga mansub “Inson komediyasi” epopiyasi u yashagan davr burjua tuzumi va jamiyati tarixini o‘zida haqqoniy mujassamlashtirgan qomusiy asardir.

Onore de Balzak 1799 yilning 20 mayida Frantsiyaning Tur shahrida mansabdor shaxs oilasida tavallud topdi. Yosh Bal’zak o‘rta ma’lumotni Parij pansion (yopiq tipdagi maktab-internat – M.X.)ida olgach, ota-onasining xohishi bilan huquq maktabiga o‘qishga kiradi. Ayni paytda, Sarbonna universitetiga qatnab, adabiyotdan ma’ruzalar tinglaydi, bor talant va iqtidorini badiiy ijodga baxshida etadi. Yozuvchilikka bo‘lgan istagi xom xayol emasligini isbotlashga va o‘z orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarishga intilgan Balzak otasidan ikki yilga muhlat so‘rab, Parijda qoladi. Bu payt iste’foga chiqqan janob Fransua Balsa (yozuvchining otasi – M.X.) oilasi bilan Parijdan uzoq bo‘lmagan Vilparizi shaharchasiga ko‘chib ketgan edi.

Deyarli barcha kunlarini muhtojlikda o‘tkazgan yosh Balzak, ikki yil davomida XVII asr klassik tragediya janrining ustalari Per Kornel va Jan Rasin ijodiga taqlidan “Kromvel” (1819) nomli she’riy fojiasini yozib tugatadi. Baxtga qarshi yozuvchining bu ilk asari unga shuhrat keltirmaydi, adabiyot anjumanlarida tanqidga uchraydi. Shundan so‘ng u bir necha taxalluslarda qator qissa hamda novellalarini e’lon qiladi. Bu asarlar ham yosh adib nomini adabiyot olamiga tanitmaydi. Vaholanki, yozuvchining mazkur asarlari syujetida romantizm adabiyoti ruhi aks etib tursa-da, biroq ulardagi xayoliy voqealar, afsonaviy hodisa va to‘qima obrazlar tasviri mazmunga zerikarli tus bergan, kitobxonni zeriktirib qo‘yguvchi holatda edi. Xullas, Balzakning reallikdan uzoq bo‘lgan bu asarlari ham romantik yozuvchilar Viktor Gyugo, Jorj Sand, Aleksandr Dyuma va Sent-Byov tarafidan keskin tanqid qilinadi. Dastlabki mashqlari sanalgan bu asarlari bahridan o‘tgan Balzak keyinchalik “faqat o‘z nomim (Balzak-M.X) bilan chiqqan kitoblarimnigina o‘zimniki hisoblayman”, deb yozadi.

Yozuvchining Balzak taxallusi bilan 1829 yilda chop qilingan “Shuanlar” nomli birinchi romani o‘z muallifini adabiyot olamiga tanitdi. Darhaqiqat, Balzak bu asari bilan romantizm oqimidan chekinib, tanqidiy realizm tomon burilgandi. “Shuanlar”da 1799 yili Frantsiyaning Breton viloyatida Respublikaga qarshi boshlangan isyonni bostirish bilan bog‘liq voqealar real obrazlar vositasida tasvirlangan edi. Yozuvchi romanda mansabdor shaxslar va generallar bilan bir qatorda oddiy xalq vakillarini ham bosh qahramon darajasiga ko‘tararkan, ularning o‘z vatani Frantsiya taqdiriga befarq qolmay, balki eng og‘ir damlarda ham unga jon fido aylab kurashganliklarini yuksak mahorat bilan ta’riflaydi.

XIX asr o‘ttizinchi yillarining birinchi yarmida Balzak frantsuz jamiyatiga mansub turli tabaqalar vakillarining hayotini tasvirlovchi “Gobsek”, “Sag‘ri terisi tilsimi”, “Polkovnik Shaber”, “Qishloq vrachi”, “Evgeniya Grande”, “Gorio ota” singari qator roman va qissalarini yaratdi. Bu yillar Onore de Balzak ijodining eng gullagan davri bo‘lib, u yaratgan yuqoridagi asarlar o‘z muallifini tanqidiy realizm adabiyotining shohsupasiga olib chiqqan edi.

1834 yil Bazak yozgan asarlarini birlashtirib, ularga “Inson komediyasi” degan umumiy nom beradi. “Inson komediyasi” uchta asosiy bo‘limdan (“Odatlar haqida etyud”, “Falsafiy etyud” va “Analitik etyud”) iborat bo‘lib, ular o‘z ichiga 143 nomdagi katta-kichik asarni qamrab olishi lozim edi. Biroq yozuvchi o‘zining yigirma yilga yaqin ijodi davomida ulardan 97 tasini yozishga ulguradi.

Buyuk adib o‘zining muazzam “Inson komediyasi”ga yozgan so‘zboshisida shunday ta’kidlagandi: “Frantsuz jamiyati o‘zi tarixning yaratuvchisi bo‘lib chiqdi, menga esa uning kotibi bo‘lish vazifasi nasib etdi. Ehtimol men shuncha tarixchilar tomonidan unutilgan tarix ya’ni xulqlar tarixini yozib chiqishga muyassar bo‘larman. Men ko‘p bardosh va jasorat yig‘ib, nasib bo‘lsa, XIX asr Frantsiyasi haqidagi kitobimni oxiriga yetkazarman”

Darhaqiqat, Balzak o‘z oldiga qo‘ygan bu ulkan vazifani aytganidek soz ado eta oldi, o‘zi yashagan davr burjua Frantsiyasining xulqlar tarixini badiiy syujet va obrazlarda ravshan tasvirlab berdi.

Yozuvchi yaratgan epopeyaning bosh kitobi, bu “Gorio ota” romanidir. Undagi voqealar adibning boshqa asarlarida davom ettirib boriladi. Kitobxon romanda ishtirok etgan Rastinyak, Byanshon, Votren, Nusingen, Gobsek, Tayfer kabi personajlar bilan keyingi asarlarda ham uchrashadi. Masalan, “Gorio ota” romanidagi ikki muhim obraz – Gorio ota bilan Ejen Rastinyak bir-biri bilan bog‘langandir. Gorio ota aslida burjua korchalonlari davrasida ko‘p yillar nom chiqargan, oxirgi paytga kelib o‘z qizlarining baxtli bo‘lishlari uchun bor bisotini sarflagan, oqibat bir miri ham puli qolmay, “itdek xor bo‘lib o‘lgan” zamonasining vakili bo‘lsa, Rastinyak kambag‘al oiladan chiqqan, endigina kiborlar davrasiga qadam qo‘ygan kelgusi burjua jamiyati vakili obrazidir. Yigitning kiborlar davrasidagi dastlabki muvaffaqiyatlari va keksa Gorio otaning halokati Restavratsiya (1815–1830) yillari frantsuz jamiyatida Balzak shohidi bo‘lgan ijtimoiy axloq qonunlaridan bunyod bo‘lgandi. Yozuvchi bu toifa odamlarni romandagi Vikontessa de Bosean xonim tilidan shunday ta’riflaydi: “Qancha sovuqqonlik bilan ish tutsangiz, shuncha martabangiz oshadi. Hech ayamay zarba beravering, ana unda qarshingizda titrab turishadigan bo‘lishadi… Hayotda jallod bo‘ling (Rastinyakka qarata – M.X), jallod bo‘lmasangiz, uning oyboltasi ostida qolasiz”. Yosh Ejen Rastinyak ana shu nasihat ketidan, ya’ni “zafar qozonish” yo‘lida kurashmoq niyatida ketadi. Gorio ota bo‘lsa, “hayosiz naqdina” yo‘lida zarbaga uchrab qurbon bo‘ladi.

1830 yillarning ikkinchi yarmida yozuvchi “Sezar Birotto”, “Ushalmagan orzular”, “Dehqonlar”, “Kuzina Betta”, “Arslik deputat”, “Yalangoyoqlarning dabdabasi va qashshoqligi” kabi qator roman, qissa va novellalarini yaratdi. Balzak bu asarlarida ham sudxo‘rlik va raqobat, moliyachi nayrangbozlar, mulk uchun, oltin uchun kurashib tubanlik botqog‘iga botgan korchalonlar, turli toifadagi odamlar qiyofasini gavdalantirdi. Masalan, burjua ideologiyasi, pulga va oltinga sig‘inish odatining XIX asr Frantsiyasi shaharlaridan eng olis viloyatlarigacha yetib borib, eng sofdil kishilarni ham baxtsiz etayotganini san’atkor “Evgeniya Grande” romanida tasvirlar ekan, bunday hayot ustidan chiqargan hukmning obrazlar orqali ifodalashdan tashqari “bu burjua zamoni fojiasidir, unda zahar yo‘q, xanjar ishtirok etmaydi, ammo bu fojia unda ishtirok qiluvchi uchun mashhur Atridlar oilasida bo‘lib o‘tgan barcha dramalardan ham beshafqatroqdir” degan ta’rifni qo‘shimcha qiladi.

“Gobsek” qissasida esa oltinga, boylikka hirs qo‘ygan sudxo‘r Gobsek obrazida xasislikning kishi hayotida qanday maydonga kelishini va uning oqibatlarini tahlil etib beradi. Tahlil qilibgina qolmay, balki bu hodisani tamomila qoralaydi ham. Buni san’atkor o‘z qahramonining ma’naviy qashshoqligini fosh qilish bilan ro‘yobga chiqaradi.

Shuningdek, burjua jamiyatida iste’dod egalarining xoru zor bo‘lishi yozuvchining “Sag‘ri terisi tilsimi” romanidagi olim Rafael, “Ushalmagan orzular” romanidagi Lyusen Shardon, “Z.Markas”dagi faylasuf Markas obrazlari orqali ochib berilgan. Iste’dodsiz, lekin uddaburon kishilar, masalan “Ushalmagan orzular”dagi jurnalist Lusto, “Per Grassu”dagi rassom Per, “Evgeniya Grande”dagi Sharl har xil yo‘llar bilan mansabga ko‘tariladi, boylik orttirishadi. Yozuvchi bu asarlarida burjua tuzumi hukmron bo‘lgan jamiyatda faqat jinoyat yo‘liga kirgan, yirtqichlik qoidalarini mukammal egallagan shaxslargina farovon hayot kechiradi, degan xulosaga keladi.

1835–1843 yillar davomida Balzak o‘zining eng yirik asarlaridan biri “Ushalmagan orzular” romanini yozib tugatadi. Bu roman muallifning oldingi asarlariga qaraganda hajm jihatidan ham, obrazlar dunyosining barkamolligi, voqealar tasvirining kengligi va haqqoniyligi jihatidan ham birmuncha ustun turadi. Masalan, shu paytgacha mashhur sanalgan “Gorio ota” romanidagi voqealar faqat Parij shahrida sodir bo‘lib o‘tsa, “Ushalmagan orzular”ning syujeti dastlab chekka viloyatlarning biri Angulemda boshlanib, so‘ngra Parijga ko‘chadi va nihoyasi yana Angulemda yakunlanadi. “Gorio ota” romanida bosh qahramon Ejen Rastinyakning provintsiyadagi hayoti eslatibgina o‘tiladi, xolos. “Ushalmagan orzular”da esa, bosh qahramon Lyusen Shardonning qishloqdagi hayoti ham batafsil yoritilganini kuzatamiz.

Onore de Balzak boylikka hirs qo‘ygan burjua sinfining jirkanch qiyofasini, buzuq axloqini to‘g‘ri tushuna bildi. U o‘z asarlarida mehnatkash xalqning yoppasiga noroziligini, ularning turmadagidan battar turmushini haqqoniy ko‘rsatib berdi. Balzak inson psixologiyasining chuqur bilimdoni ham edi. Buni biz adibning xususiy mulkchilik psixologiyasini ochib berishdagi mahoratida ham kuzatamiz. Shuning uchun ham “buyuk insonshunos”ning bu san’ati jahon adabiyotida yangi sahifa – tanqidiy realizm sahifasini ochdi. Uning realizmi – o‘zi yashagan jamiyatni murosasiz tanqid etgan realizm edi. Balzak o‘zining “Inson komediyasi” turkumini yaratish bilan zamonasining hushyor ziyolisi, o‘tkir tilli satirik yozuvchisi, bilimdon faylasufi sifatida jahon adabiyotida shuhrat qozondi.

Darhaqiqat, Balzak og‘ir hayot va ijod yo‘lini bosib o‘tdi. Surunkali mehnat va hayotiy qiyinchiliklar tufayli sog‘ligini yo‘qotgan adib umrining oxirgi (1848–1850) yillarida yangi asar e’lon qilolmadi. Uzoq yillar xat yozishib kelgan mehribon do‘sti va sirdoshi polyak ayoli Evelina Ganskayaga uylanish niyatida 1850 yilning martida Ukrainaga keladi. 14 mart kuni Balzak va Ganskayaning nikoh to‘yi bo‘lib o‘tadi. Orzusi ushalgan adib Parijdagi sirdosh do‘sti Zyulma Karro xonimga quyidagi xabarni yo‘llagan edi: “Menga hayotimning na baxtli bolaligidan, na navqiron yoshligidan to‘yib bahra olish nasib etdi. Aftidan umrimning yozi va kuzi totli o‘tadigan ko‘rinadi”. Afsus, bunday baxt Balzakka nasib bo‘lmadi. May oyida kasali zo‘raygan adib rafiqasi bilan Parijga qaytadi. Parijga kelgach, u to‘shakka yotib qoladi. 1850 yilning 18 avgustida buyuk romanist olamdan ko‘z yumdi. “Janob Balzak barcha buyuklarning buyugi, ulug‘ insonlarning ulug‘i edi… u yozib qoldirgan asarlar butun bir kitobni, zamonamizni to‘liq va yorqin kartinalarda aks ettiruvchi hayot sahifasini tashkil qiladi”, degandi dafn marosimida so‘z olgan yozuvchi Viktor Gyugo.

Darvoqe, Balzak yashagan jamiyat uning merosini qadrlamagan bo‘lsa-da, adib o‘z asarlari bilan o‘n to‘qqizinchi asrning o‘rtalaridayoq butun Yevropaga tanilgan edi. O‘tgan asrga kelib, o‘zbek kitobxonlari ham yozuvchi asarlarini ona tilida o‘qishga muyassar bo‘ldilar.

“Yozuvchining o‘z oliy hakami bor – bu kelajakdir”, degandi Balzakning o‘zi. Ulug‘ san’atkor aytgan bu hikmatning nechog‘lik ro‘yobga chiqqanini jahon xalqlarining adib ijodiga katta qiziqish bilan qarab kelayotganidan ham bilsak bo‘ladi.

Muhammadjon Xolbekov,

filologiya fanlari doktori, professor

Jahon adabiyoti jurnali, 2009 yil, 1-son.