Muhammadjon Xolbekov. Ernest Xeminguey hikoyalari

http://n.ziyouz.com/images/Ernest-Hemingway.jpgYozuvchi ijodi har doim o‘z davrining ma’naviy muammolari bilan chambarchas bog‘liq bo‘ladi. Ernest Xeminguey ijodi ham bundan mustasno emas. Ammo Xeminguey o‘z davrining oddiy solnomachisi yoki tarixnavisi emasdi/ U o‘zi yaxshi bilgan, o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan, boshidan kechirganlari haqida yozgan, shaxsiy hayot tajribasi esa u qurayotgan ijod qasrining poydevori bo‘lib xizmat qilgan edi, xolos.

Xemingueyning o‘zi ushbu tamoyilni quyidagicha ta’riflaydi: “Roman yoki hikoyani yozish – bu yaxshi bilgan narsalaring asosida badiiy to‘qima yaratish demakdir… Badiiy to‘qima yaxshi chiqqanda, haqiqatga yaqinroq bo‘ladi”.

Jurnalda bosilib chiqqan ilk maqolalari va “Uch hikoya va o‘nta she’r” (Three Stories and Ten Poems, 1923) nomli mo‘jazgina kitobidan so‘ng, Xeminguey “Bizning davrimizda” (In Our Time, 1925) novellalar to‘plamini e’lon qildi va o‘z uslubiga ega yozuvchi ekanligini namoyish etdi. Bu kitob kamolotga erishgan yozuvchi ijodining debochasi bo‘ldi. Aslini olganda, to‘plam ko‘p jihatdan Nik Adams obrazi orqali bir-biriga chambarchas bog‘langan novellalardan iborat turkum edi. To‘plamga kirgan 15 novella ijtimoiy hayot mavzuiga bag‘ishlangan bo‘lib, ularda na syujet, na kompozitsiya jihatidan yaqin bo‘lmagan “interlyudiya”lar to‘plamni bir butun yaxlit holga keltirganini kuzatish mumkin.

Ushbu to‘plam Xemingueyga ma’lum darajada shuhrat olib keldi. Bu uning jiddiy mavzudagi birinchi asari edi. Unda adibning ijodiy g‘oyalari ilk bora tajascum topganini kuzatamiz. Shuningdek, ular orqa-li yosh yozuvchiga ilhom bag‘ishlagan, uni qiziqtirgan va badiiy hamda estetik qarashlarining asosiy yo‘nalishlarini belgilab bergan mavzular doirasini ham ko‘rishimiz mumkin. E’tiborli tomoni shundaki, to‘plamning tuzilishi o‘zgacha – shakl jihatdan oddiy hikoyalar kichik hajmdagi miniatyuralar bilan almashinib turadi, hikoyalarning ravon oqimi esa birdaniga avj olib, tez va shiddatli tus oladi. Muallif o‘ylagan niyat, asosiy maqsad aynan shu yo‘sinda ro‘yobga chiqadi. Uning fikricha, “eng muhimi – umumiy ko‘rinishni, manzarani yaratish lozim, orada tafsilotlarga ham o‘rin berish foydadan xoli bo‘lmaydi. Bu holat, biron-bir narsaga, avvalo oddiy ko‘z bilan qarashga, aytaylik, kitob bilan qirg‘oq yonginasidan o‘tib ketib, keyin unga durbin orqali qayta tikilib sinchkov razm solishga o‘xshaydi”.

To‘plamda hajman yirik hikoyalar bilan bir qatorda miniatyuralar ham mavjud. Miniatyuralar – bu urush, qatl, zo‘ravonlik, qotillik kabi insoniyatga yot unsurlarga to‘la berahm va shafqatsiz dunyoning sar-hadlarga bo‘linib ketgan ko‘rinishidir. Ular – urushdagi o‘lim, qamoqxonadagi qatl manzarasi, politsiyachilar tomonidan ikki o‘g‘rining o‘ldirilish kabi voqealarni tasvirlovchi hajman kichik asarlardir.

Xeminguey o‘zi uchun insoniy “odob-axloq qoidalarini” ishlab chiqqan edi. Ularning mazmun-mohiyati quyidagicha: odam o‘limga, mag‘lubiyatga mahkum etilgan ekan, o‘z insoniy qadr-qimmatini saqlab qolishning yagona yo‘li – dadil bo‘lish, hech narsadan qo‘rqmaslik, har xil vaziyatlarda ham o‘zini yo‘qotib qo‘ymaslik, xuddi sportdagi kabi “halol o‘yin” qoidalariga rioya qilishdan iborat.

Birinchi marta bu fikrni Xeminguey “Bizning davrimizda” to‘plami ustidagi ishni tugatganidan so‘ng yozilgan “Engilmas” (Undefeated, 1924) hikoyasida mujassamlashtirishga harakat qildi. Biroq hayotda inson hech qachon taslim bo‘lishi mumkin emasligi, qanday zarbalar berilmasin, u ortga chekinmasligi haqidagi fikr Xemingueyning fikr-o‘ylarini butunlicha band etgandi. Bu tuyg‘u muallifga “Quyosh chiqadi” (The Sun Also Rises, 1926) romani ustida ishlayotgan paytlarida yanada muqim o‘rnashib, unga ilhom bag‘ishladi, desak adashmagan bo‘lamiz. Negaki, 1927 yilda “Fiyesta” (Fiesta) nomi ostida Angliyada bosilib chiqqan ushbu roman Xemingueyga olamshumul shuhrat olib keldi. Muallif roman boshida “yo‘qotilgan avlod” (the lost generation) haqidagi mashhur iborani epigraf qilib keltiradi. Darhaqiqat, bu roman chehralariga urush muhri bosilgan odamlar qismati haqida bo‘lib, unda urushda tirik qolgan, lekin aldanganligini anglagan, balandparvoz shiorlar yolg‘on ekanligini tushungan, oqibatda o‘zligini yo‘qotib sarosimaga tushgan odamlarning o‘y-kechinmalari, ma’naviy olami teran tasvirlangandi. Bu odamlar Xemingueyga yaqin tanish edi, chunki uning o‘zi ham shu muhitda yashagan, mudhish qirg‘inlarda omon qolgan bo‘lsa-da, ulardan farqi – bu hayotda yagona tayanch nuqtasi – ijod shukuhi borligida edi. Aynan shu bebaho xislatni muallif roman qahramoni jurnalist Jeyk Barns obrazida mujassam etadi. Jeyk Barns urushdan qolgan og‘ir jarohatiga qaramasdan, hayot oldida taslim bo‘lmaydi, insoniy qadrini yo‘qotmaydi, o‘z obro‘sini yerga urmay ishlashni, ijod qilishni davom ettiradi.

Adibning eng yaxshi hikoyalaridan biri “Kilimanjaro qorlari” ham davr va inson qismati mavzuiga bag‘ishlanadi. Hikoya qahramoni yozuvchi Garri obrazida Xemingueyning Parijdagi hayoti, Yaqin Sharq-qa ijodiy safari bilan bog‘liq ko‘p sahifalar bor. Garchi Xeminguey o‘z ijodida jiddiy siyosiy va ijtimoiy hayot muammolarini batafsil yoritishga keng o‘rin bermagan bo‘lsa-da, “Eskvayr” jurnalida muntazam chop etilgan maqolalarida ziyrak siyosatdon, urush va fashizmga qarshi mustahkam pozitsiyada turgan publitsist sifatida namoyon bo‘ldi. Ayni paytda, u ijtimoiy hayotdagi o‘ta dolzarb muammo, ya’ni urushdan so‘ng nochor ahvolda qolgan odamlar turmushi mavzusiga qayta-qayta murojaat qildi. Adib bu davrda Florida shtatidagi Ki-Uest shahrida yashab, mahalliy aholi bilan yaqindan tanishdi, ularning tashvish va quvonchlariga sherik bo‘ldi.

1934 yida Xeminguey dengizda baliq ovlab kun ko‘ruvchi Garri Morgan haqida “G‘alaba yo‘li” (Voyage to Victory) nomli qissa yozdi. Hayotda aldangan va hech vaqosiz qolgan Garri Morgan, o‘z oilasini boqish uchun qonunga xilof ish tutganligi, vaziyatning o‘zi uni jinoyat qilishga majbur etganini katta mahorat bilan ochib berdi. Keyinroq yana shu mavzuda “To‘qchilik va yo‘qchilik” (To have and have not, 1937) romani yuzaga keldi. Romannig birinchi va ikkinchi qismiga aylangan avvalgi hikoyalariga Xeminguey uchinchi, ya’ni o‘z qahramonining fojiali tarixini yakunlovchi hikoyani “tirkab” qo‘ydi.

Romanda muallif jamiyatda hukm surayotgan vaziyatni hech bir mubolag‘asiz va bo‘rttirishlarsiz ko‘rsatishga harakat qiladi. Adib tasvirlagan jamiyatning bir tomonida nochor ahvolga tushib qolgan, hatto oddiy yashash imkonidan mahrum etilgan qashshoq odamlar, ikkinchi tomonida umrini ko‘ngilxushlikda o‘tkazayotgan “oqsuyak”lar joy olgandi. Asar g‘oyasini kuchaytirish niyatida Xeminguey Garri Morgan taqdiriga mantiqiy nuqta qo‘yuvchi bir lavhani ham kiritadi. O‘lim to‘shagida yotgan Garri Morgan quyidagi chuqur ma’noli so‘zlarni aytadi: “Odam yolg‘iz yashay olmaydi. Odamni yolg‘izlatib qo‘ymaslik kerak. – U to‘xtab qoldi. – Baribir, odamning bir o‘zi hech narsa qilolmas ekan. – U ko‘zini yumdi. Shuni aytish uchun unga ko‘p vaqt kerak bo‘ldi, buni anglab yetishi uchun esa butun hayotini sarfladi”.

“To‘qchilik va yo‘qchilik” romani Xeminguey ijodida muhim o‘rin egalladi.

Ispaniyadagi urush paytida qamal qilingan Madrid shahridagi “Florida” mehmonxonasida yashagan Xeminguey “Beshinchi kolonna” (The Fifth Column, 1938) pesasini yozadi. U hech qachon o‘zini dramaturg deb hisoblamagan, bu uning ijodi davomida yozilgan yagona dramasi edi. Shu boisdan asarning shoshilib yozilganligi, hamda ma’lum darajada dramatik mahorat yetishmaganligi sezilib turadi. Shunga qaramay, ushbu pesa Xeminguey ijodida muhim bosqichga aylandi. Bu asarda ilk daf’a yozuvchi yangi mavzuga qo‘l urib, yangi obrazlar galereyasini yaratdi. Asar g‘oyasi, eng avvalo, bosh qahramon – amerikalik askar Filipp Rollings timsolida namoyon bo‘ladi. Yoki, to‘g‘rirog‘i, u butunlay yangi timsol emas, balki bizga bir qadar tanish bo‘lib qolgan eski qahramonlarga o‘xshab ketsa-da biroq muallif bilan birga ulg‘aygan, kamolga yetgan va unga hamnafas bo‘lib yangi davrga qadam qo‘ygan inson siymosidir. Muallif asar qahramoni Filipp Rollings bilan o‘zi o‘rtasida o‘xshash xislatlar borligiga, eng muhimi, izchil bog‘liqlik mavjudligiga alohida urg‘u beradi, qahramonni o‘z aqidalarining davomchisi qiyofasida ko‘rsatadi. Ammo Filippni hali-hanuz betashvish va farovon hayot bilan bog‘lab turuvchi rishtalar mavjud edi. Masalan, “Kilimanjaro qorlari” hikoyasidagi Garri ham aynan shu zaylda hayot kechirganini eslaylik. Ba’zan Filipp ham o‘ziga to‘q va bekamu ko‘st hayotni qo‘msab qoladi. Qolaversa, bu hayotga qaytishga uning sevikli ayoli Doroti Bridjes chorlaydi. Bu ayol siymosida esa Filipp sog‘ingan, qo‘msab qolgan barcha ijobiy narsalar mujassam edi. Xeminguey pesa muqaddimasida quyidagi sartlarni bekorga yozmagandi: “…shunday qiz bor, ismi Doroti, lekin uni bemalol Nostal’giya (Qo‘msash) deb atash mumkin”. Doroti Filippni oldingi tinch va osoyishta hayotga qaytishga undaganida, yigit shunday javob beradi: “Sen borishing mumkin. Men u joylarning barchasida bo‘lganman va u endi ortda qoldi. Men endilikda boradigan manzilimga yo bir o‘zim, yoki menga o‘xshaganlar bilan birga boraman”.

Xullas, Xeminguey qahramonining hayoti o‘ziga xos ma’no va yangi mazmun kasb etdi va u o‘z xohishi bilan jangga otlandi. “Oldinda ellik yil e’lon qilinmagan urushlar meni kutib turibdi va men bu urushlarda ishtirok qilish uchun shartnoma tuzdim”, – deydi Filipp. Urushni la’natlagan, qurolni tashlagan va o‘zicha “bir tomonlama sulh” tuzgan “Alvido, qurol” romani qahramoni Frederik Genridan farqli o‘laroq Filipp Rollings uzoq va mashaqqatli urushlar yo‘lini bosib o‘tdi.

“Motam qo‘ng‘irog‘i” (For Whom the Bell Tolls, 1940) romani Xeminguey ijodini yangi bosqichga ko‘tardi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Adibning “Beshinchi kolonna” pesasida namoyon bo‘lgan tamoyillarni rivojlantiruvchi va chuqurlashtiruvchi mazkur roman ham Ispaniyadagi fuqarolar urushi mavzuiga bag‘ishlangan. Uning bosh qahramoni ham o‘z ixtiyori bilan Ispaniyaga kelgan yosh amerikalik yigit. Romanda Ispaniyada alanga olgan fuqarolik urushi paytida qo‘zg‘olonchilar otryadiga jo‘natilgan bu yosh amerikalik baynalminal jangchi Robert Jordan sarguzashtlari hikoya qilinadi. Roman syujeti unchalik murakkab emas. Bosh qahramon Robert Jordan portlatish bo‘yicha tajribali mutaxassis. Unga diktator Frankoning harbiy qo‘shinlari yordamga yetib kelishmasligi uchun ko‘prikni portlatib yuborish vazifasi yuklatilgan. U jangovor topshiriqni bajarishi – front chizig‘idan o‘tib, respublikachilar armiyasi hujumga o‘tgan paytda partizanlar yordamida ko‘prikni yo‘q qilishi kerak.

Muallif syujeti juda oddiy va jo‘n tuyuladigan ushbu romanida bir qator ma’naviy, axloqiy muammolarni hal etishga, eng muhimi, ularni o‘zi istagandek yangicha talqin qilishga erishadi. Yozuvchi ijtimoiy burch va unga chambarchas bog‘liq inson hayoti, uning qadr-qimmatiga aloqador ruhiy-psixologik holatlar, ziddiyatlarni asarda chuqur tasvirlaydi. Shu bois, roman zamiriga falokat, fojea tuyg‘usi singib ketganini kuzatamiz. Robert Jordan og‘ir his-tuyg‘ular og‘ushida yashaydi. O‘lim tahdid qilmoqda, jang xavfi ufurib turibdi, lekin bu o‘lim oldidagi ojizlik yoki halokatga mahkumlik fojeasi emas. Jangovor topshiriqni bajarish o‘z safdoshi, qariya Anselmoning o‘limi bilan tugashi mumkinligini Jordan yaxshi tushunadi. Shunga qaramasdan, u har bir inson o‘z burchini ado etishga majbur deb hisoblaydi, unga ko‘p narsa – urush taqdiri, undan ham muhimrog‘i – kelajak taqdiri bog‘liq ekanini yaxshi his etadi.

Shu tariqa faqat o‘z hayoti va muhabbatini qutqarib qolishni o‘ylagan Frederik Genri individualizmi o‘rniga insoniyat oldidagi burchini chuqur his qilgan, ozodlik uchun kurash mohiyatini to‘liq anglagan yangi qahramon – Robert Jordan yuzaga keladi.

“Motam qo‘ng‘irog‘i” romanidagi muhabbat ham o‘zgacha, u ijtimoiy burch g‘oyasi bilan chambarchas bog‘langan. Robert sevgilisi Mariyaga shunday deydi: “Men ozodlikni va inson qadr-qimmatini nechog‘lik e’zozlasam, seni ham shu qadar sevaman… Biz himoya qilayotganimiz Madridni qanchalik sevsak, seni ham shunchalik sevaman, bu urushda halok bo‘lgan o‘rtoqlarimni qay darajada ardoqlasam, seni ham shunday ardoqlayman. Afsus, ularning ko‘pi halok bo‘ldi. Lekin men seni jonimdan ham ortiqroq sevaman…”

Vatan va muhabbatga sadoqat g‘oyasi romanda yorqin ifodasini topgan. Agar “Alvido, qurol”da Xeminguey o‘z qahramoni tili orqali “balandparvoz” so‘zlarni rad etgan bo‘lsa (Genrining quyidagi fikri bunga dalil: “Meni “muqaddas”, “shonli”, “qurbon” kabi so‘zlar xijolatga soladi… Bunday so‘zlar ko‘p edi, ularni eshitish nafratni qo‘zg‘atadi”), “Motam qo‘ng‘irog‘i” romanida bu so‘zlar o‘zining asl ma’nosida yangraydi, dastlabki qimmatiga qaytadi.

XVII asrda yashagan ingliz shoiri va ruhoniysi Jon Donning xutbasi, aniqrog‘i jo‘shqin nutqidan keltirilgan: “Oroldek o‘zicha yakka yashaydigan insonning o‘zi yo‘q, har bir inson Qit’a, Quruqlikning bir bo‘lagidir; agarda shiddatli to‘lqin qirg‘oqdagi qoyatoshni dengizga oqizib ketsa, Yevropa birmuncha kichrayib qoladi, sohilning chekkasini suv yuvib ketsa, do‘stingning kulbasini buzib tashlasa ham shunday bo‘ladi; har bir Insonning o‘limi mening umrimni ham qisqartiradi, negaki, men butun Bashariyat bilan birgaman, shuning uchun ham qo‘ng‘iroq kim uchun chalinmoqda, deb mendan so‘rama: u sen uchun ham chalinmoqda” kabi otashin so‘zlar romanning teran pafosini belgilaydi. Shu so‘zlar bilan Xeminguey ushbu romaniga xotima yasaydi.

1952 yilda ko‘pni ko‘rgan, hayotda va ijodda yetarlicha tajriba to‘plagan Xeminguey “Chol va dengiz” (The Old Man and The Sea) qissasini yozadi. Ushbu asar muallifga chinakam shuhrat olib keldi, adibning adabiyot sohasida Nobel mukofotiga sazovor bo‘lishiga zamin yaratdi.

Hajman unchalik katta bo‘lmagan ushbu qissa Xeminguey ijodida alohida o‘rin tutadi. Uni chuqur falsafiy ma’noga ega hikoya desa ham bo‘ladi. “To‘qchilik va yo‘qchilik” romanidagi Morgan bilan “Chol va dengiz” qissasidagi Santyagoni tenglashtirib bo‘lmaydi. Negaki birinchisi tayinli mehnat bilan shug‘ullanmaydi, tavakkaliga yashaydi, qaltis ishlarga qo‘l uradi, jinoyat orqasidan tirikchilik o‘tkazadi. Keksa Santyago esa o‘zi haqida boshqacha fikrda, bir umr baliq ovlash uchun dunyoga kelganman deb faxrlanadi. O‘z kasbiga bunday munosabat Xemingueyga ham xos edi, u bu dunyoda yozish uchun yashayotganligini ko‘p marta aytgan.

Santyago baliq oviga aloqador hamma narsani yaxshi biladi. Kubada ko‘p yil yashagan Xeminguey ham bu ishda katta tajriba orttirgan edi. Chol ulkan nayzabaliqni tutib oladi, dengizda u bilan uzoq, tinka-madorni quritadigan, kuch-quvvatdan mahrum etadigan, holdan toydiradigan olishuvda g‘olib chiqadi, baliqni yengadi, ammo yirtqich akulalardan o‘z o‘ljasini himoya qilishga qurbi yetmaydi, kurashda yengiladi. Bu voqea tafsilotlari juda tiniq, nihoyatda samimiyligidan tashqari baliq ovini miridan-sirigacha puxta egallagan inson tarafidan yozilganligi aniq ko‘rinib turadi.

Qissada dengiz go‘yo tirik mavjudotdek namoyon bo‘ladi. “Boshqa, yoshroq baliqchilar dengiz haqida xuddi makon, raqib, ba’zan dushmandek gapirishardi. Chol esa dengizni xuddi iltifotli, saxovat ko‘rsatayotgan yoki undan mahrum etayotgan ayoldek his qilardi, garchi yovuzlik yoki bemulohaza ish tutsa, nima ham qilib bo‘ladi, uning tabiati shunaqa”.

Cholning matonati va jasorati tabiiy, unda minglab muxlislarning ko‘z o‘ngida hayot-mamot kurashi olib borayotgan matadorning jazavasi ham, hayajoni ham yo‘q. Chol buni yaxshi biladi, o‘zi egallagan kasbga xos bo‘lgan jasorat, matonat, iroda, fe’l-atvorning barqarorligini u ko‘p bora sinovdan o‘tkazgan, isbotlagan. “Xo‘sh, nima bo‘pti, – dedi u o‘ziga. – Endi buni yana isbotlashim kerak. Har safar hisob qaytadan ochiladi. Shu bois ham, u biror bir ishni boshlaganida, o‘tmishida qolgan voqelarni hech qachon eslamasdi”.

Xeminguey aslida “haqiqiy cholni va haqiqiy bolakayni, haqiqiy dengiz va haqiqiy baliqni va haqiqiy akulalarni tasvirlashga” harakat qilganini qayd etgan edi. Tan olish kerakki, yozuvchi o‘z maqsadiga erishdi. Tasavvur qilib bo‘lmaydigan darajada aniqlik bilan dengiz manzaralarining jonli, yorqin ranglarda tasvirladi. Santyagoning nayzabaliq va akulalar bilan olib borgan hayot-mamot kurashi tasvirlangan badiiy lavhalar o‘quvchini hayratga soladi, o‘ziga maftun etadi.

Santyago obrazini yaratar ekan, yozuvchi tabiat kuchlari oldida insonning ojizligi va yolg‘izligini mubolag‘ali tasvirlashdan voz kechadi, o‘z qahramonini kapitalistik munosabatlar doirasidan chiqarib yuboradi, yakka odamning jamiyatga qarshi kurash qonunlariga rioya qilmasligini tasvirlashga harakat qiladi.

Xemingueyning oldingi qahramonlari burjuaziya hayotiga xos qonuniyatlar metindek mustahkamligiga ko‘r-ko‘rona ishongan edilar. Shuning uchun ham ular “hech narsaga ega bo‘lolmagan g‘olibga” aylanishgandi. Santyago mag‘lubiyatga uchrasa ham baribir g‘olib bo‘lib chiqadi. Buni bolakay: “Ular seni yengolmadi-ku! Baliq seni yengolmadi-ku”, degan xitobi bilan tasdiqlaydi.

Shu tarzda chol va bolakay o‘rtasidagi oddiy suhbat orqali mohir yozuvchi asosiy fikrini, aytish mumkinki,asl niyatini namoyon qiladi. “Inson mag‘lubiyatga uchrash uchun yaratilgani yo‘q. Insonni yo‘q qilib tashlash mumkin, ammo uni aslo yengib bo‘lmaydi!” – degan teran umumlashma fikrni adib o‘quvchi ongiga yetkazadi.

“Chol va dengiz” qissasi – yozuvchining donishmandligi, aql-zakovati mahsulidir. Ijod va hayotda bosib o‘tgan yo‘li davomida Xeminguey axtargan insonparvarlik ideali uning aynan shu asarida bekamu ko‘st namoyon bo‘ladi. Bu yo‘l izlanish, adashish, ishtibohlarga to‘la bo‘lib, G‘arbdagi yetuk ijodiy ziyolilarning aksariyati shu yo‘ldan yurib muvaffaqiyat qozongani ma’lum. Vijdonli ijodkor, realist yozuvchi, o‘z davrining chinakam qahramoni bo‘lgan Xeminguey zamon muammolariga tinimsiz javob izladi va yagona xulosaga keldi: “Insonni yengib bo‘lmaydi!”.

Ta’kidlash joizki, Xeminguey o‘ziga xos uslubga ega san’atkordir. Yozuvchining ilk hikoya va romanlari nashrdan chiqa boshlaganidanoq tanqidchilar uning asarlarida dialog muhim ahamiyat kasb etishiga alohida e’tibor qaratishgan. Dialoglar qahramonlarni batafsil ta’rif-tavsiflashni, uzundan-uzoq lirik chekinishlarni, ahamiyatsiz bayonlarni siqib chiqardi, “Xeminguey nasri”ga xos dramatizmni kuchaytirdi. Shu bilan birga dialogning qisqa va lo‘ndaligi, sodda va mazmuni teranligini ham ta’kidlab o‘tish lozim. Xeminguey qahramonlari oddiy tilda so‘zlashadi. Ularning nutqi shoirona metaforalardan xoli. Ushbu yuzada qalqib turgan soddalikda jonli, hayajonli fikr ustuvordir. Bu fikr so‘zlar ichiga emas, balki asar matnining tagma’nosiga singib ketadi. O‘quvchi qahramonning ruhiy holatini teran anglagandan keyingina ushbu tagma’noni tushunib olishi mumkin.

Muhammadjon Xolbekov,

filologiya fanlari doktori, professor

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2011 yil, 2-son.