Mirzo Kenjabek. Oshiqi sodiq Fuzuliy

Sulaymon o‘g‘li Muhammad Fuzuliy jahon adabiyotida yuksak mavqega ega bo‘lgan hassos shoir, ozarbayjon adabiyotining benazir siymosi, devoni barcha turkiy xalqlar orasida tarjimasiz sevib o‘qiladigan ahli hol, ahli tariqat, zarofat, fasohat va hikmat sohibi bo‘lgan oshiqi sodiq, dunyoda darvish, ma’noda sulton, valiy zotdir. Uning qalbi hikmat bulog‘idir.
Fuzuliy XV asr oxirida Iroq mamlakatining Karbalo shahrida ziyoli xonadonda dunyoga kelgan, islomiy ma’rifat ruhida kamol topgan, XVI asrda ijod qilib, she’r rutbasiga erishgan sohibi devondir. U ma’no olamining darg‘alaridan biridir. Chunonchi, bir g‘azalida adib: “Suluki faqr – atvorim, mazoqi ishq holimdur”, deydi. Bundan farqu fano olamida naqdi qanoat bilan daraja topgan, ishq zavqu lazzatidan hol topgan go‘zal xulq sohibi ekanligi ma’lum bo‘ladi.
Alisher Navoiy she’riyatni “Tengri ehsoni” deb ta’riflagan bo‘lsa, Fuzuliy uni “Rutbai she’r” (“She’r martabasi”) deb tavsiflaydi.
Ushbu muqaddima ma’lumotdan so‘ng, Allohdan madad tilab, Fuzuliyning o‘tli, oshiqona g‘azallaridan birining sharhiga kirishamiz.

1. Manda Majnundan fuzun oshiqliq iste’dodi vor,
 Oshiqi sodiq manam, Majnunning anjaq odi vor.

“Menda Majnunning ishqidan ortiq oshiqlik iste’dodi – qobiliyati bor. Haqiqiy oshiq menman, Majnun faqat oshiq deb nom chiqargan, xolos”, deydi shoir.

2. N-o‘la, qon to‘kmakda mohir o‘lsa chashmim mardumi,
 Nutfayi Qobildurur, g‘amzang kibi ustodi vor.

“Ko‘zum qorachig‘i yig‘lab qon to‘kmaklikda mohir bo‘lsa, nima bo‘libdi? Axir, bu Qobilning nasli – avlodidur, yana sening ko‘zu kipriklaringdek qotil ustodi bor!”
Bu baytda ko‘p ma’nolar jamlangan. “Chashmai mardumi” degan ibora ko‘z qorachig‘i degan ma’nodan tashqari, ko‘zimning odami, ko‘zimdan qon to‘kuvchi, meni o‘ldiruvchi ma’shuqam degan ma’noda ham kelayotir. “Nutfai Qobildurur” iborasi esa, “Qabul qiluvchi, qobiliyatli, itoatli” degan ma’nolar bilan birga Odam alayhissalomning farzandi bo‘lmish Qobilning zurriyoti ma’nosida ham kelgan.

3. Qil tafoxurki, saning ham vor mandak oshqing,
 Laylining Majnuni, Shirinning agar Farhodi vor.

“Sen iftixor qilginki, agar laylining Majnuni, Shirinning Farhodi bo‘lsa, sening ham mendek oshig‘ing bor!”
Bu bayt matla’ni, ya’ni ilk baytni yanada rivojlantiradi va ishq qiyosi yana Majnuni Farhodga bog‘lanadi. Yana mazkur bayt hassos adib Abdulla Qodiriy “Mehrobdan chayon” asariga shohbayt qilib olingan:
“Agar Farhodning Shirin, bo‘lsa Majnunlarning Laylosi,
Nasib o‘lmish menga gullar aro gullarning Ra’nosi”
Degan misralarni ham esga soladi.

4. Ahli tamkinam, meni bengzatma, ey gul, bulbula,
 Darda yo‘q sabri aning, har lahza ming faryodi vor.

“Ey gul! Men tamkin ahliman, sabru qanoat, chidam va sabot sohibiman. Sen meni bulbulga o‘xshatma! Bulbulning dardga sabri yo‘q, u har lahza ming faryod qiladi!”
Bulbulning faryodu fig‘oni hamisha ishq dardi sifatida ijobiy ta’riflangan. Fuzuliy favqulodda hol va iste’dod bilan ishq olami talab qiladigan xislatlar – tamkin: sabru-qanoat, bardosh va sabot fazilatlarini dil ahliga eslatayotir! O‘zining bulbuldan ziyod chidam va bardoshi borligini isbot etayotir.

5. O‘yla badholamki, ahvolim ko‘randa shod o‘lur,
 Har kimingkim davr javrindan dili noshodi vor.

“Men dard bilan shunday qayg‘uli, shunday yomon ahvoldamanki, kimningki davr jabridan g‘amgin ko‘ngli bo‘lsa, mening ahvolimni ko‘rganda, shodlanadi, mening ahvolim unikidek ayanchli emas, deb shukr qiladi”.
Bunday mubolag‘adorlik, dardu g‘amning og‘irligini ziyoda ta’rif bilan bildirish Fuzuliyning boshqa g‘azallarida ham ko‘p uchraydi. Quyidagi baytda shoir misli ko‘rilmagan ma’rifiy mubolag‘ani qo‘llaydi:

Bu g‘amlarkim manim vordir, bayiring ustina qo‘ysang,
Chiqar kofir jahannamdan, kular, ahli azob o‘ynar!..

“Agar menda mavjud bo‘lgan dardlarni tuyaning ustiga qo‘ysang, kofir do‘zaxdan chiqadi, ahli azob kulib o‘ynaydi”. Qur’oni karimda Alloh taolo aytadi: “Albatta, oyatlarimizni yolg‘onga chiqargan va kibru havo bilan ulardan bosh tortgan kimsalar uchun hargiz samo eshiklari ochilmas va toki tuya ignaning teshigidan o‘tmas ekan, ular ham jannatga kira olmaslar. Jinoyatkor osiylarni ana shunday jazolaymiz”, (“A’rof” surasi 40-oyat).
Haq taolo ahli kufr do‘zaxda abadiy qolishini ko‘pgina oyatlarda bildirgan va mazkur oyatda ham ular hech qachon jannatga kira olmasliklarini igna va tuya ifodalari bilan bayon etgan. Fuzuliy aytadi: “Agar mening g‘amlarimni tuyaning ustiga ortsang, tuya bu og‘ir yuklarga chiday olmay ipdek ozib ketadi va ignannig teshigidan o‘tadigan ahvolga keladi. Tuya ignaning teshigidan o‘tadigan bo‘lsa, bas, kufr ahli do‘zaxdan chiqib, kulib o‘ynaydi!”
Bu mubolag‘adan murod ishq dardining nechog‘ og‘irligini bildirish va she’riyat muhiblarini ma’rifatdan, Qur’ondagi ilohiy haqiqatdan ogoh etishdir. Yuqoridagi baytda esa: mening g‘amim boshqalarning shodligiga sabab bo‘ladi, deyilmoqdaki, bu baytlar orasida muayyan ma’no o‘xshashligi bor.

6. Kezma, ey ko‘nglim qushi, g‘ofil fazoi ishqda –
 Kim, bu sahroning guzargohlarda cho‘x sayyodi vor.

“Ey ko‘nglim qushi, ishq fazosida g‘ofil holda kezma, chunki bu bepoyon sahroning o‘tar joylarida ko‘p ovchilar, yo‘ldan uruvchilar, ko‘p qaroqchilar bor”.
Mazkur baytda Naqshbandiya tariqatidagi ikki rashha – ikki qoidaga ishora qilingan: 1. “Hush dar dam”, ya’ni har nafasda, hamisha Allohdan ogoh bo‘lish, g‘ofil qolmaslik qoidasi. 2. “Nazar bar qadam”, ya’ni zohiran: oyoq uchiga qarab yurish, atrofga olazarak boqmaslik, hayoli-iboli bo‘lish, ma’nan esa erishgan martabaga diqqat-e’tiborli bo‘lish, kutilmagan gunohlar bilan, g‘aflat bilan ma’naviy darajani qo‘ldan berib qo‘ymaslik qoidasi. Zero ishq vodiysi sulukdagi maqomlardan biridir. So‘fi Allohyor ham tariqat yo‘lini ta’riflab:

O‘shal ganji nihon yotqon zaminda
Muhayyodur qaroqchilar kaminda,

deydi, ya’ni: “O‘sha yashirin xazinalar yotgan yerda qaroqchilar pistirmada poy lab turishadi, deya solikni hushyorlikka chorlaydi”. Shuningdek, Fuzuliy o‘zining qol ilmlari bilan birga hol ilmlarida ham nuktadon ekanligini mazkur baytda bildirgan.

7. Ey Fuzuliy, ishq man’in qilma nosihdan qabul,
 Aql tadbiridur ul, sonmaki, bir bunyodi vor.

“Ey Fuzuliy, nosihdan – nasihat qiluvchidan ishqni man’ etish haqidagi o‘gitni qabul qilma, chunki bu aql tadbiribir, boshqa bir asosi, dalil – hujjati bor deb o‘ylama!”.
Fiqhda aqliy dalillar va naqliy dalillar ifodasi bor. Naqliy dalillar – Qur’oni karim va hadisi shariflar. Aqliy dalillar – bularni quvvatlaydigan hayotiy misollar. Ishq-muhabbat, Allohni sevish va Unga sevilish Qur’oni karimda bayon qilingan naqliy dalildir. Nosihning ishqni tark etish haqidagi hukmi esa aql tadbiridir, ishonchi, poydevori, asosli dalil-hujjati yo‘q. Shu bois bu fikrni qabul qilma, deydi Fuzuliy.
Ishq – aql o‘lchovlariga sig‘maydigan ulug‘ bir quyosh. Aql esa ong va qalbni yorituvchi bir chiroq. Quyosh bor joyda chiroqqa ehtiyoj bormi? – deydi Fuzuliy. Boshqa mashhur g‘azalida ham: “Aql yor o‘lsaydi, tarki ishqi yor etmazmidim!..” deya ishqi ilohiy bois go‘zal tavozu’ ko‘rsatadi.
Bu kun va hamisha mumtoz she’riyatga yangicha yondashish, uning zamiridagi majoz san’ati bilan pardalangan haqiqatlarni to‘g‘ri, samimiy, ilm-ma’rifat ruhi bilan sharhlash zaruriyati bor. Navoiy, Fuzuliy, Mashrab devonlariga ehtiyoj bor. Fuzuliyning “Layli va Majnun” dostoni ham bu tur dostonlar orasida eng go‘zal, eng fasohatli, eng sevimlilaridan biridir.

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2009 yil, 6-son.