Begali Qosimov. Milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyotining ilk bosqichi

Atama haqida

Sivilizatsiya tarixida «Renessans» degan tushuncha bor. Asli frantsuzcha bo‘lgan bu so‘zni ruschaga «Vozrojdeniye» deb tarjima qiladilar. «Vozrojdeniye» — tiklanish ma’nosiga to‘g‘ri keladi. O‘zbekchada esa bu «Uyg‘onish» deb qabul qilingan.

Renessans—Vozrojdeniye G‘arbda insoniyat tarixining mumtoz davri hisoblanib keladigan qadim yunon, rim madaniyatiga — antik madaniyatga nisbatan aytilgan bo‘lib, butun bir davrni qamrab oladi. Uning chegarasini Sharqda IX-X asrdan, G‘arbda XIV—XV asrdan belgilaydilar. Va uning bosh xususiyati, muta-xassislar fikricha, shahar madaniyatining gurkirab o‘sishi, ilm va ijod egalariga xos qomusiylik, gumanizmning ijtimoiy-ma’naviy turmushning barcha jabhalariga kirib borishidir. 1789 yilgi Buyuk Frantsuz inkilobi Yevropada millat tushunchasiga alohida martaba berdi va uni oldingi marraga olib chiqdi. Yevropa xalqlari Vatan taraqqiyotining bosh omili millatning o‘z-o‘zini anglashi ekanligini tushunib yetdilar. Bu jarayonning olis Turkistonga yetib kelishi uchun yuz yildan ortiqroq vaqt ketdi.

Keksa Demokrit bundan 2500 yil muqaddam «har bir mamlakatning yagona sohibi» —«millat» haqida gapirgani ma’lum. So‘ng zamonlar o‘tib, «nation»ning muqobili «millat»ga biz Qur’oni karimda duch kelamiz. Lekin u yerda bu atama etnos (el, elat) emas, din, mazhab o‘rnida keladi. O‘zbek adabiyotida «millat» tushunchasi etnos ma’nosida Navoiydan boshlab ishlatilgani kuzatiladi. Lekin uning bugungi ma’nosini kasb etishi jadidchilik davri bilan bog‘liq.

Endi «jadidchilik» atamasi haqida. «Jadidchilik» arabcha «jadid» («yangi») so‘zidan. Keng ma’noda ijtimoiy-ma’naviy hayotning barcha jabhalarini yangilashni ko‘zda tutadi. Jadidchilik, Turkiston ijtimoiy fikri taraqqiyotida, Fitrat qayd etganidek, islomchilik (panislomizm), turkchilik (panturkizm) va mahalliychilik (o‘zbekchilik) ko‘rinishlarida ham namoyon bo‘lgan ediki, bularning o‘z sabablari bor. Masalan, islomchilik va turkchilik, chor hukumatining g‘ayriruslarga-musulmonlarga qarshi olib borgan buyuk millatchilik siyosatiga javob sifatida maydonga kelgan bo‘lsa, mahalliychilik (o‘zbekchilik) 1918-1920 yillarda Turkistonda adabiy til borasida avj olgan «tort-tort» munosabati bilan yuzaga kelgan edi. Gap shundaki, Birinchi Jahon urushida Rusiyaga asir tushgan ko‘plab usmonli turk zobitlari 1917 yil voqealaridan so‘ng Turkistonga kelib, maorif va madaniyat ishlarida faol ishtirok etar ekanlar, adabiy til borasida Istanbul turkchasiga qizg‘in tarafdorlik ko‘rsatgan va bu o‘zbek ziyolilari orasida muayyan e’tirozlar tug‘dirgan edi. Lekin bu qarashlarning har uchalasi ham 20-yillarning o‘rtalarida oddinma-keyin barham topdi.

 

DAVRNING IJTIMOIY-MADANIY QIYoFASI. MILLIY UYG‘ONISh DAVRI O‘ZBEK ADABIYoTINING MANBALARI VA YuZAGA KELIShI

«Uyg‘onish» (Renessans) tushunchasi qadim antik adabiyotga nisbatan olingan bo‘lib, o‘rta asrlardagi ilm-fan jonlanishini ko‘zda tutadi. Uning doirasi turli mamlakatda turlicha, IX asrdan XV asrgacha bo‘lgan davrni qamrab oladi. «Milliy uyg‘onish»da esa, millatning o‘zligini anglashi asos qilib oli-nadi. Biz «Milliy uyg‘onish» davri adabiyoti deganda XIX asrning ikkinchi yarmi XX asr boshlari adabiyotini ko‘zda tutamiz. U o‘ziga xos bir davrdir.

 

Davr voqealariga bir nazar

1853—1885 yillarda ko‘hna Turkiston Rusiya tomonidan bosib olindi. Aslida bu istak va harakat ruslarda ancha erta, taqdir turk dunyosini tanazzulga tushirib, Yevropaning qo‘lini sarbaland qilgan XVI asrdan, Ivan Grozniy zamonasidan boshlangan edi. U 1552 yilda Qozon xonligini, 1556 yilda Xazar xonligini zabt etib, Rusni muazzam Osiyo sarhadlariga olib chiqdi. Pyotr dunyoga dong‘i ketgan Samarqandu Buxoroni qo‘lga kiritish, undan dengizlari hech qachon muzlamaydigan Hindistonga kirib borishni buyuk orzu bilgan edi. Bu orzuni u amalga oshira olmadi. Uning ishini izdoshlari davom ettirdilar. XVIII asrda Yermak Uzoq Sharqqacha bo‘lgan joylarni bosib olib berdi. XIX asrning boshlaridan ruslar qadim shuhratshior Turkistonning shimoliy darvozalarini paypaslab ko‘ra boshladilar. Turkiston esa temuriylar o‘rnini egallagan Shayboniyxonning uzoq davom etmagan markaziy hokimiyatidan so‘ng, asta-sekin parchalanishga yuz tutgan va uch xonlik deb atalmish uch bo‘lakka bo‘linib, o‘zaro nizo va janjallar botqog‘iga botgan edi. Turkistonni o‘rganganlar, ehtimol, podsho Aleksandr II ga shunday xulosa bergan bo‘lsalar ajab emas: mamlakat dunyodan uzilgan; Ulug‘beklar dars bergan madra-salardan nishon qolmagan; ilm-fan nochor ahvolda; jaholat va zulm avjga mingan; davlatlarning muhofaza qudrati ham o‘ziga yarasha; qurol-yarog‘ oz, bori ham eski, ibtidoiy; askar tartibsiz, dunyodan xabarsiz, zamonaviy to‘p nima, bilmaydi; urug‘-nasab janjallari tinmaydi… Xullas, Turkistonni zabt etishga bundan qulay fursatni topib bo‘lmaydi.

Turkistonni egallash ishtiyoqi jahonning ikki buyuk mustamlakachi mamlakati — keksa, hiylakor va tadbirkor Angliya bilan yosh, barq urib kelayotgan Rusiya manfaatlarini birbi-riga to‘qnashtirib qo‘ydi. Rusiyaning Turkistonga izchil, qadam-baqadam kirib kelishi, harakatlarining janubdagi issiq dengizlar tomon qaratilishi ehtimoli Hindiston va Afg‘onistonni o‘z qo‘lida tutib turgan Angliyani tashvishga soldi. Qolaversa, Turkistonning tuganmas boyliklaridan bahramand bo‘lish, hech bo‘lmasa undan bozor o‘rnida foydalanish inglizlarning ham xayolida bor edi. Rusiya ham Turkistonning bor boyligiga da’vogar edi. Qadim yurt ikki ajdaho qarshisida chorasiz to‘lg‘anardi. Vaziyat «echkiga jon qayg‘usi, qassobga yog‘» qabilida edi.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi pinhoniy kurash kuchaydi. Angliya Turkistondagi uch xonlikni Rusiyaga qarshi birlashtirish va ularni zamonaviy qurollar bilan qurollantirib, urushga solish rejasini tuzdi. Agar xonliklar o‘z mustaqilliklarini saklab qola olsalar, Angliya va Rusiya o‘rtasida oraliq maydon hosil bo‘lar va bu yerda har ikki mamlakat o‘z sanoati mahsulotlarini xohlagan narxlarda sotishi mumkin edi. Angliya shularni ko‘zda tutib, xonliklarga maxsus vakillar yuboradi. 1841-1842 yillarda Turkistonga kelgan bu vakillarning takliflarini Qo‘qon va Xiva xonliklari qabul qiladilar. Biroq o‘ziga bino qo‘ygan Buxoro amiri Nasrulloxon inglizlar takliflarini rad etadi, aksincha, elchiga o‘lim yo‘q, qoidasiga zid holda vakillarni qatl ettiradi. Va Turkiston mustaqilligini saqlab qolishda tarix bergan birdan-bir imkoniyatni qo‘ddan chiqaradi.

Shunga qaramasdan, inglizlar Rusiyaga qarshi Turkiston mudofaasini tashkil etishga harakat qiladilar. Jumladan, Mustafo ismi bilan Qo‘qonga zamonaviy to‘p quyuvchi usta yuborganliklari, Hindistondagi turkiy sipohiylarga o‘z ota-yurtlariga yordamga kelishlariga ruxsat etganliklari ma’lum.

Bu hol, ayni paytda, Rusiyaning xatti-harakatlarini ham tezlashtirdi. 1853 yilda Perovskiy Qo‘qon xonligining shimoldagi darvozasi Oqmachitga shiddat bilan hujum qildi. 400 himoyachi zamonaviy qurollangan 2500 kishilik qo‘shinga qilich-nayzayu, pilta miltiq bilan qarshi turdilar va qal’ani 20 kun, so‘ngti tomchi qonlari qolguncha himoya qildilar. 1860 yilda polkovnik Dimmerman Pishpekka hujum qildi. 1864 yil 1 mayda Avliyoota, 12 iyunda Turkiston shahri bosib olindi. Sentyabrda Chimkent zabt etilib, vayron qilindi.

Darig‘o, ushbu Chimkentni o‘ruslar ko‘p xarob qildi,
Yamonu yaxshini qo‘ymay qirib-tuyib, ado qildi, –

deb yozgan edi mazkur voqeaning guvohi bo‘lgan mahalliy shoirlardan Husayn Shayx o‘zining bir she’riy-tarixiy risolasida. O‘sha davrda yozilgan Mirzaolim Mushrifning «Ansobus-salotin va tavorixul-xavoqin» («Sultonlar nasabi va xoqonlar tarixi»), Mulla Olim maxdum Hojining «Tarixi Turkiston», Bayoniyning «Shajarayi Xorazmshohiy», Ibratning «Farg‘ona tarixi», Muhammad Solihning «Tarixi jadidai Toshkand» («Toshkentning yangi tarixi») tarixiy asarlarida istiloning dahshatli manzaralari hikoya qilingan. Hatto buni bir qadar mo‘tadil rus manbalarida ham uchratish mumkin.

 

Toshkentning bosib olinishi

1865 yilning bahorida general Chernyayev katta qo‘shin bilan Qo‘qon xonligining eng yirik sha-harlaridan Toshkent ostonasida paydo bo‘ldi. Bu shahar Turkistonni harbiy, ma’muriy idora etishda g‘oyat qulay edi. Biroq chor hukumati voqealarning g‘oyat tezlashib ketayotganidan bir oz tashvishga tushgan, jahon afkor ommasi oldida o‘zini andak noqulay sezar edi. Shu sababli general Chernyayevga Toshkentni bosib olishga shoshmaslik to‘g‘risida ko‘rsatma keladi. Lekin rus qo‘shinining ketma-ket g‘alabalari, vayron va talon nash’asidan mast general o‘zini tuta olmaydi. Toshkentni qamal qiladi. Ayrim mahalliy sotqinlarning yordami bilan Toshkentni suv bilan ta’minlovchi Niyozbek qal’asini egallaydi. Va sha-harga kiradigan suvni to‘sib qo‘yadi. Shahar suvsiz qoladi, biroq taslim bo‘lmaydi. Qo‘qondan yordam chaqiriladi. Shoshilinch Alimqul boshchiligida qo‘shin yetib keladi. 1865 yil 15 iyun erta tongida Rusiya qo‘shinining polkovnik Abramov bosh 250 kishilik ilg‘or otryadi 42 kunlik qamaddan so‘ng Kamolon darvozasidan ichkari kirishga muvaffaq bo‘ladi.

Jang og‘ir va shiddatli kechdi. Toshkent bosqinini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan tarixchi Muhammad Solih «Tarixi jadidai Toshkand» («Toshkentning yangi tarixi») kitobida yozadi: «Butun osmonni tutun va chang qoplab oldi, nihoyat, ruslar yaqindagi tepalik tomon chekinib, mudofaaga o‘tishga majbur bo‘ldilar. Qamalda yotgan shaharliklar buni ko‘rib juda quvondilar. Yetti yashar boladan tortib, yetmish yashar chollargacha g‘alabani qutlab, sarbozlarga ovqat, sharbat, issiq non, shirin va nordon mevalar keltirib turdilar. Lekin rus qo‘shinlari o‘zlarini o‘nglab qayta hujumga o‘tib, Toshkand qo‘shinlarini orqaga chekintirdi».

Zamonaviy urush qurollaridan bexabarlik pand berdi. Rus to‘plarining gumburlagan ovozlari shahar ahlida qo‘rquv va vahi-ma uyg‘otdi. Urush avji qizigan bir paytda qo‘shin boshlig‘i Alimqulga o‘q tegib yiqiladi. Askarlar sarosimada qocha boshlaydilar. Amirlashkar vazifasini Sulton Mirsaid o‘z zimmasiga oladi. Jumladan, qozoq sultonlaridan Kenesarining o‘g‘li Sulton Sodiq va uning yigitlari, ko‘ngillilardan Miryusuf Mirsulton bog‘bon o‘g‘li, Normuhammad, Mulla Sher merganlar jasorat namunalarini ko‘rsatadilar. Biroq yana xiyonat yuz beradi. Dushman sotqin yordamida shahar o‘qdori omborxonasini portlatishga muvaffaq bo‘ladi. Bu barcha umidlarni yo‘qqa chiqaradi. Buxoro amiriga yordam so‘rab chopar yuboradilar. Amir o‘tgan ginalarni o‘rtaga soladi. Uni xafa qilgan toshkentlik amaldorlarni tutib huzuriga yuborishlarini talab qiladi. Shu tariqa kuchlarni to‘plab, Rusiya qo‘shiniga qarshi birgalikda kurashmoq imkoniyati barbod bo‘ladi. 1865 yil 17 iyunda shahar oqsoqollari general Chernyayev tomonidan tayyorlangan ahdnomaga imzo chekadilar. Ahdnomada aholining o‘z dinida qolishi, barcha ishlar shariat asosida olib borilishi, shaxsiy mulklarning daxlsizligi bildirilgan edi. Va’da boshda shunday edi.

 

Soxta xat va Solih oxun jasorati

Chernyayev asl maqsadga o‘tadi. Vaziyatdan foydalanib, shahar oqsoqollaridan Toshkentning Rusiyaga o‘z ixtiyori bilan qo‘shilgani haqida soxta xat tayyorlab berishlarini talab qiladi. Xatning mazmuni quyidagicha bo‘lishi lozim edi.

«Necha zamonlar va yillardan beri Turkistonda Farg‘ona xonlari hukmronlik qilib, fuqarolarga jabr-zulm o‘tkazib keldilar. Zakot, xirojlarni shariat asosida olmadilar. Hech bir marhamat qilmay keldilar. Qadim urf-odatlarimizni, taomilni unutdilar. Mansab-martaba yo‘lida ko‘plab kishilarni o‘ldirdilar. Fitnachi, ig‘vogarlar so‘zini tutdilar. Nohaq qonlar to‘kildi, shariat va ulamo so‘zi yerda qoldi. Farg‘ona va Turkiston zaminida uzoq vaqt qipchoq, qozoq va qirg‘iz avboshlari hukm surib keldilar. Shuning uchun fuqaro va mamlakat osoyishtaligini o‘ylab tamomila o‘z ixtiyorimiz va rag‘batimiz bilan rus askarlarini olib kelib, ularga shaharni topshirdik».

Bu xat bilan general Chernyayev, birinchidan, oq podshoning Toshkentta hujum qilishdan saqlanib turish haqidagi farmonini bajargan, mahalliy xalqning murojaatidan keyingina shaharga kirishga majbur bo‘lgan bo‘lib chiqar, ikkinchidan, bosqin tufayli sodir bo‘lgan vayrona va qirg‘inni jahon afkor ommasidan yashirib qolar edi.

Toshkent oqsoqollari buni rad etdilar. Ayniqsa, Solihbek oxun generalning ko‘ziga tik boqib, xalq sha’niga hech qachon tuhmat qilmasligini, bo‘lgan voqeani bor haqiqati bilan yozishlarini aytadi. Chunonchi, shimolda Oqmachitgacha, sharqda G‘uljagacha bo‘lgan qal’alar Toshkentga qaragani, Toshkent urushi to‘satdan, muhlatsiz, gap-so‘zsiz olib borilgani, shahar 42 kun suvsiz va och qoldirilganini, Mulla Alim shahid bo‘lgach, qo‘shin sardorsiz qolgani, Buxoro, Xorazm, Farg‘onadan yordam kelmagani, Toshkent fuqarosi so‘nggi imkonlariga qadar Vatan va dinni o‘z nomuslari qadar himoya qilganlarini yozishlarini bildirdi.

Bunday holga duch kelmagan general g‘azabdan quturib ketadi va ochiq tahdidga o‘tadi. Oqsoqollarning bir qismi itoat etadilar. Ikkinchi qismi ikkilanib qoladi. Solihbek oxun esa, «Ajalim sening qo‘lingda bo‘lsa, tayyorman!» deya imon-e’tiqodiga, xal-qi irodasiga qarshi bormasligini, shu sababli soxta hujjatta imzo chekmasligini qat’iy bildiradi. Uni yetti kishi: Halimboy, Berdivoy, Azimboy, Fozilboybachcha, Mulla Mirzaolim oxun, Mulla Muzaffarxo‘ja va Mulla Haydarlar qo‘llab chiqadilar. O‘sha zahoti bularning hammasi qamoqqa olinib, Sibirga surgun qilinadi. Alamzada general Sibirga xufiya jo‘natib, ikki yildan so‘ng jasur Solihbekni zaharlab o‘ldirishga muvaffaq bo‘ladi.

9 kishi imzo qo‘ygan soxta maktub Chernyayev topshirig‘i bilan vatan xoinlari tomonidan Sankt-Peterburgga podsho huzu-riga yetkaziladi. Har kim o‘z xizmatiga ko‘ra taqdir etiladi. Sovet davri kitoblarida uzoq yillar hukmron bo‘lib kelgan Turkistonning Rusiyaga «ixtiyoriy» qo‘shilish tarixi mana shunday boshlangan edi.

 

TURKISTON GENERAL GUBERNATORLIGINING TAShKIL QILINIShI, ISTILOChILIK HARAKATLARINING YaNGI BOSQIChGA KO‘TARILIShI

General Chernyayev Toshkentni olish masalasini qanchalik ehtiyotlik bilan «beozor», «xamirdan qil sug‘urgandek» hal qilgan bo‘lmasin, xorijda, xalqaro demokratik hamjamiyatda Rusiyaning obro‘siga putur yetkazishi mumkin edi. Shuni hisobga olib, chor hukumati shaddod generalni bir qadar bosiq, vazmin F.I.Romanovskiy bilan almashtirdi. Yangi qo‘mondon, birinchi navbatda, Qo‘qon va Buxoro xonliklarini bir-biridan ajratish, o‘rtadagi nizoli joylarni egallab, orani ochish yo‘lini tutadi. Shu tarzda 1866 yilda Xo‘jand, Jizzax, O‘ratepa, Yangi-qo‘rg‘on zabt etilib, Rusiya hududiga kiritiladi. 1867 yil 14 iyulda podsho Aleksandr II farmoni bilan Turkiston harbiy okrugi va general gubernatorligi ta’sis etildi. Uning qo‘mondoni va voliysi qilib general K.P. Kaufman tayinlanadi. Birinchi general gubernator mustaqil hukmdor bo‘lib, faqat podshoga hisob berar edi.

Yangi hukmdor ishni Turkistonning sha’ni va sharafi bo‘lib kelgan Samarqandni egallashdan boshladi. 1868 yilda shahar ruslar qo‘liga o‘tdi. Buxoro amiri Amir Muzaffar Kaufmanning og‘ir shartlariga ko‘nib, sulh tuzdi. Buxoro xalqi amirning taslimchilik siyosatidan qattiq norozi bo‘ldi. Amirning Qarshida hokimlik qilib turgan o‘g‘li Abdumalik to‘ra (1848-1909) sulhga qarshi isyon ko‘tardi. Kenagas beklari Hakimbek va o‘g‘li Shahrisabz begi Bobobek, Kitob begi Jo‘rabek Abdumalik to‘raga kelib qo‘shildilar. Kenesarining o‘g‘li Sulton Sodiq yordamga keldi. Chelaqda Abdulg‘afforbek, Nurotada Nazar Nayman bosh ko‘tardilar. Amir Muzaffar general Kaufmanga murojaat qildi. Rusiya qo‘shini yordamida mustaqillik uchun kurashga chiqqan vatanparvar farzandlarni yo‘q qilishga kirishdi. Xalq bu farzandlarning jasorati haqida she’rlar, dostonlar to‘qidi. Dushmanni:

Kelibdur ahli kofir so‘yi islom qasdi qatl aylab,
Umid shuddur, alar birlan ajoyib korzorim bor.

Agar chandi yarog‘u hiylau tadbirimiz yo‘qdur,
Vale o‘zbek erurmiz, ko‘ngluma ming turluk orim bor —

satrlari bilan qarshilagan qarshilik shoir Xayoliy «Xudoyo, kofir elni poymoli To‘rajon qilg‘il», – deb Abdumalik to‘raning Vatan va Millatga muhabbatini olqishlab chiqdi.

Xuddi o‘sha yili general K.P.Kaufman Qo‘qon xoni Xudoyorxon bilan shartnoma tuzib, xonliqdan bosib olgan yerlarini qonunlashtirdi va Rusiya fuqarolarining cheksiz huquq va imtiyozlarini ta’min etdi. Istilo va yangi hokimiyatga qarshi qo‘zg‘olonlar boshlandi. Ayniqsa, «Oloy malikasi» nomini olgan Qurbonjon dodxoh (1811—1907) harakatlari Rusiya hukumatining Turkistondagi saltanatini larzaga soldi. Xudoyorxon ham Amir Muzaffar singari xalqning bu harakatini bostirishda Kaufmandan yordam so‘radi. Biroq unga taxtga qaytish nasib etmadi. Kaufman imkondan foydalanib, xonlikni tugatib, uning o‘rnida Farg‘ona viloyatini tuzish haqida ko‘rsatma berdi. Xudoyorxon «Sizni Oqpodshoning o‘zlari qabul qiladilar» bahonasi bilan Rusiyaga jo‘natildi va yo‘lda Orenburgda ushlab qolindi. Xon sodiq fuqarolar yordamida qochib qutuldi va 1879 yili Vatandan olisda, Afg‘onistonda xorzorliqda 51 yoshda vafot etdi.

70-yillarda Xorazmga yurish boshlandi. 1873 yili Hazorasp bosib olindi. Shu yilning 12 avgustida Xiva xoni tobe bo‘ldi. Biroq Xiva xalqlari o‘z mustaqilliklarini osonlikcha topshirmadilar. General Skobelev turkmanlar qarorgohi — Ko‘ktepani qonga botirdi. 40 ming kishi qilichdan o‘tkazildi.

Xiva bosqinini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan Muhammad Yusuf Bayoniy «Shajarayi Xorazmshohiy» kitobida general fon Kaufman va uning Golovachyov, Veryovkin, Shuvalov kabi zobitlari kirdikorlarini butun dahshati bilan ko‘rsatib beradi. Jumladan, Mang‘it qal’asidagi xunrezlikni shunday yozadi: «Chun manqit yovuqida bir ulug‘ o‘baliqg‘a keldilar. Verufkin buyurdi. Rusiya askari ul o‘bag‘a hujum etib, aholini erkagu xotun va yoshu qarig‘a qaramay, qatli om etib, ondin so‘ng o‘tlab ul o‘bani yer bila yakson etdilar. Ondin so‘ng muning bila ham qanoat etmay, Man-qit qal’asig‘a hamkim, burunroq kelib, qal’ani Rusiyag‘a taslim etib, amon topib qaytib erdilar, hujum etib, qirib, erkagu xotun va qari va ayolu atfoldin beshiqdag‘i o‘g‘lonlarig‘acha qirib, qatli om etib, itu eshok va har turluk jondor yo‘luqsa, otar edilar».

Amudaryo ortidagi afg‘on amiri Abdurahmonxon va inglizlar Turkistonda yuz berayotgan voqealardan tashvishga tushib qoldilar. 1885 yilning 15 martida Xushk daryosi bo‘yida (hozirgi Kushka shahri) general Komarov bilan Abdurahmonxon qo‘shini to‘qnashib, ruslar g‘olib keldilar. Temuriylarning XV asrdagi mashhur poytaxti Hirotga 120 chaqirim qoldi. Abdurahmonxon o‘rislar bostirib kelsa, urushishga o‘ng‘ay bo‘lsin deb, Hirot tashqarisidagi temuriylar obidalarini buzdirdi. Xullas, 80-yillarning o‘rtalariga kelib, Turkiston Rusiya tomonidan zabt etib bo‘lindi. Yangi mustamlakani o‘zlashtirish boshlandi. Avvalo, bu yerda harbiy-ma’muriy boshqaruv tartibi joriy etildi. Turkistonni harbiylar idora qildilar. Mutaxassislarni ak-sariyat chetdan oldilar.

1735-1885 yillarda Orenburg Rusiyaning O‘rta Osiyodagi harakatlarini idora qiluvchi markaz bo‘lib kelgan edi. Toshkent zabt etilgach, bu vazifa unga o‘tdi. 1898-1900 yillarda Turkiston general gubernatori bo‘lgan S. M. Duxovskiy o‘zi o‘ttan yerlarda mahalliy xalqning to‘xtab, unga ta’zim qilishini shart qilib qo‘ygan edi. Rusiya hukumati Turkistondagi millat va qavmlarni bo‘lish, ular orasida nizo, janjal chiqarish va ularni urishtirib qo‘yib, qozilik qilish siyosatini tutdi. Buning uchun kechalari u yoki bu qavm-urug‘ning kiyimini kiyib, bosqin qiladigan alohida harbiy guruhlar tayyorladi. Bu nizolar ko‘pincha bir qavm-urug‘ning ajrab, boshqa yoqlarga bosh olib ketishi bilan yakun topar edi. Bu Rusiyaning asl maqsadlariga mos tushardi.

Rusiya har uch xonlik bilan teng aloqani va’da etdi, lekin mutlaqo amal qilmadi. Qo‘qon xonligi tugatildi. Buxoro va Xiva yarim vassalga aylantirildi.

Rusiya ma’murlari o‘zlarini har yerda qullarni ozod qiluvchi, qul savdosining ashaddiy dushmani sifatida ko‘rsatdilar. Qaysi xonlik bilan shartnoma tuzmasinlar, buni asosiy modda qilib oldilar. Yerli savdogarlarni himoya qilish, ilm-ma’rifatni yoyish, o‘lkani dunyoga olib chiqish kabi kishilarni o‘ziga rom qiladigan va’dalar tez-tez tilga olinib turdi. Aksariyat rus amaldorlari xalqdan o‘zlarini baland tutsalar-da, Chernyayev, Ivanov, Kuropatkinlar o‘zlarini sharqliklarga moyil ko‘rsatib, mahalliy kishilarning suhbat va yig‘inlariga aralashib turganlari ma’lum. Lekin g‘ayrirus millatlarga nopisand munosabat chor hukumatining siyosati darajasiga ko‘tarilgan edi. Ular hatto Turkiston millatlarining nomlarini «sartlar» (o‘zbeklar), «qirg‘izlar» (qozoqlar), «qora qirg‘izlar» (qirg‘izlar) deb buzib nomladilar.

 

Rusiya mustamlakachiligi

Rusiya Turkistonni bosib olgandan keyin uni o‘zlashtirishga kirishdi. Tabiiyki, u o‘lkaning yer, suv, tog‘larini, foydali qazilmalarini, tarixini, madaniyatini, mahalliy xalqlarning urf-udumlarini, turmush va hayot tarzini qunt bilan o‘rgandi. Yangi o‘lkani idora etish uchun mahalliy xalqdan sodiq xizmatkorlar izladi. Shu maqsadni ko‘zda tutib, rus-tuzem maktablari ochildi. Yerli xalqning vakillari ularga jalb etildi. Rus hukumati Turkistonga yurishlarida turkiy qavmlarning vakillaridan foydalandilar. Mashhur qozoq ma’rifatparvari Cho‘qon Valixonov Avliyootagacha ruslarga hamroh bo‘lgani ma’lum. Etnograf olim boshqird Abubaqr Divayev (1855-1933), tatarlardan Sohibgaroy Yenikeev (so‘ngroq general bo‘lgan), yozuvchi Shohimardon Ibrohimov («Turkiston viloyatining gazeti»ning ilk musulmon muharriri)lar Turkistonning zabt etilishida bevosita ishtirok etgan edilar. Ikkinchidan, Rusiya, akademik Bartold aytganidek, «erli aholi ichidagi buzg‘unchi odamlarni qo‘lga olib, mahalliy xalqqa qarshi qo‘yish» siyosatidan keng foydalandi.

Turkistonni o‘zlashtirish, boyliklarini tashib ketish uchun qisqa muddatda Krasnovodsk-Toshkent (1880—1898), Toshkent-Orenburg (1900-1905) temir yo‘llari qurib bitkazildi. Bu yo‘llarning uzunligi 1910 yilda 3338 km.ga yetkazildi. Ularda aksariyat rus ishchilari ishladilar. Mahalliy xalq vakillari yaqinlashtirilmadi. Bu ikki yo‘l har yili Rusiya xazinasiga 3 mln. rubl foyda keltirgan.

Turkiston xom ashyo, birinchi navbatda, paxta bazasiga aylantirildi. Rusiya oddin Amerikadan paxta sotib olar edi. 1884 yildanoq Farg‘onada paxta ekishga zo‘r berildi. 1908 yilda Turkistonda 10 mln. 500 ming pud paxta yetishtirildi va u rus, arman, yahudiy zavodchi boylarining qo‘liga o‘tib bordi. G‘alla, jumladan, bug‘doy ekish kamaydi. Oxir-oqibat, bug‘doy Rusiyadan keltiriladigan bo‘lib qoldi. Turkiston Rusiyaga tobora mahkamroq bog‘lana boshladi.

Rusiyadan yuz minglab mujiklar ko‘chirib keltirilib, o‘lkaga o‘rnashtirila boshladi, rus qishloqlari paydo bo‘ldi. Ko‘p joylarda, ayniqsa, Oqmulla, Yettisuv viloyatlarida hosildor yerlarni mahalliy halqdan rus muhojirlariga tortib olib berildi. Rusiyaning mustamlakachilik siyosati boshqalarnikidan keskin farq qilar edi. Agar Angliya, Frantsiya, Ispaniya kabi mamlakatlar bosib olgan o‘lkalarining boyliklarini o‘zlashtirish, aholisini qulday ishlatish yo‘lidan borgan bo‘lsalar, Rusiya bu bilan cheklanmadi. Bular bilan bir qatorda o‘sha o‘lkalarda nufus jihatidan ham ustunlikka erishish va tobe millatni yutish siyosatini tutdi. Jumladan, Turkistonda barcha kuch va vositalar mahalliy aholini ruslashtirishga, islomni buzishga qaratildi.

 

Milliy ozodlik harakatlari

70-yillardagi mustaqillik uchun olib borilgan kurashlar 80-yillarda qo‘zg‘olonlarga ulandi. 1882 yili Namangan va O‘shda chor ma’murlarining soliq olishdagi o‘zboshimchaligiga qarshi g‘alayonlar bo‘lib o‘tdi. 1883 yili Chustda, 1885 yili, umuman, Farg‘ona vodiysida xalq harakatlari boshlandi. 1892 yili Toshkentda vabo tarqalishi sababli «Toshotar voqeasi» nomi bilan tarixga kirgan qo‘zg‘olon boshlandi. Chor hukumatining zulmidan sabr kosasi to‘lgan Toshkent xalqi vaboning oldini olishga qaratilgan tadbirlardagi poraxo‘rliklarni ko‘rib chiday olmadi, tug‘yonga keldi. Uning tashkilotchi va rahbarlaridan bo‘lgan In’omxo‘ja Umryoxo‘jayev, Sharifxo‘ja Poshshaxo‘jayev, Ahmadxo‘ja Abdurashidxo‘jayev kabilar Toshkentning ko‘zga ko‘ringan, e’tiborli kishilaridan edilar. Ularning nomlari Muqimiy, Furqat she’rlarida bot-bot uchraydi.

XIX asrdagi Turkistonda bo‘lib o‘tgan qo‘zg‘olonlarning eng yirigi, sho‘bhasiz, 1898 yildagi Dukchi eshon voqeasi edi. Uning tashkilotchisi va rahbari din arbobi Muhammad Ali xalfa Sobir o‘g‘li (1853-1898) edi. Qo‘zg‘olon millatning, uning milliy va diniy huquqlarining chor hukumati tomonidan kamsitilishiga qarshi ko‘tarildi. Biroq keng yoyilib ulgurmadi. Unda qishloq kambag‘allari, dehqonlar ko‘proq ishtirok etgan edilar. Qo‘zg‘olon yetarli tayyorgarliksiz, to‘satdan boshlandi. Qatnashchilarda birlik, ahillik yetishmadi. Chor hukumati o‘z ayg‘oqchilari orqali undan oldinroq xabar topishga, turli ig‘vogarliklar bilan tash-kilotchilarini qisqa muddatda qo‘lga olishga muvaffaq bo‘ldi. Qo‘zg‘olon shafqatsiz bostirildi. Muhammad Ali Eshonning qishlog‘i Mingtepa to‘pga tutilib, kultepaga aylantirildi. Qo‘zg‘olon tashkilotchilari yosh-qarining ko‘zi oldida dorga osildi. Yuzlab kishilar qamoqqa tashlandi, Sibirga surgun qilindi. Chor hukumatining qattiq tazyiqi ostida Dukchi Eshon nomini xalq orasida badnom qilish kampaniyasi boshlandi. Mulla va mudarrislar shogirdlariga uni ig‘vogar, fitnachi sifatida taqdim etdilar, shoirlar esa bu «shayton bachchag‘ar» sha’niga hajvlar bitdilar. Afsuski, bu hol xalq hayotini bor haqiqati bilan kuylagan, o‘zlari xalqning eng quyi mehnatkash tabaqalaridan chiqqan shoirlar ijodida ham uchraydi.

 

MADANIY HAYoT

Turkiston general gubernatorligi tashkil topgach, Toshkent uning markazi sifatida taraqqiy topa boshladi. 1868 yili bosmaxona ochildi. 1871 yildan kitob chiqa boshladi. So‘ngroq boshqa shaharlarda matbaalar paydo bo‘ldi. 1870 yili Toshkentda xalq kutubxonasi ochildi. O‘lka hayotini har tomonlama o‘rganish kuchaydi. Ikkinchi tomondan, Turkistonning faqat moddiy emas, madaniy merosini ham talon-toroj etish avj oldi. Amir Temurdek dunyo so‘ragan jahongir bobolarimizning oltin taxtlari – podshohlik jihozlari, anjom-aslahalaridan xususiy buyumlarigacha tashib ketildi. Ko‘ksaroyga o‘xshash yurtning qaddini ko‘tarib kelgan ulug‘vor obidalari buzib tashlandi. Shavkatli tarix xotirasini xalq qalbidan uchirib tashlashga zo‘r berildi.

Millatning eng qimmatli boyliga, asrlar davomida ko‘z qorachig‘idek asrab kelingan nodir qo‘lyozmalar, kitoblar olib ketildi. 1868 yili Samarqand zabt etilganida general Abramov dunyoga mashhur Usmon Qur’onini Sankt-Peterburgga jo‘natdi. General Kaufman topshirig‘iga ko‘ra sharqshunos A.L.Kun Xiva saroyidan 300 nodir qo‘lyozmani olib ketdi. N.Xanikov Buxorodan 166 sara asarni, V.L.Vyatkin Samarqanddan 190 kitobni shu maqsadlarda yiqqan edi. Havaskor kitob yig‘uvchilarning-ku son-sanog‘i bo‘lmagan. Ayni paytda, Turkistonning an’anaviy maorif va madaniyatida sezilarli jonlanish ko‘zga tashlandi.

XGX asrning ikkinchi yarmida ham an’anaga ko‘ra Turkistonning shahar va qishloqlaridagi har bir mahallada masjid va uning qoshida maktablar bo‘lgan. Yirik qishloq va shaharlarda bir necha mahalla uyushgan joyda madrasalar ish ko‘rgan. Masalan, 1890 yili Buxoroda 217 masjid, 185 madrasa bor edi. 1917 yil 26 noyabrda Ko‘qon shahrida 392 masjid, 40 madrasa qayd etilgan. 1884 yili Qrimdagi Boqchasaroy shahrida Ismoilbek Gasprali «usuli jadid» («usuli savtiya») degan yangi o‘quv usuliga asos soladi. 90-yillarda bu yangi usul Turkistonga yetib keladi. 1893 yili Ismoilbek Gaspralining o‘zi Buxoroga kelib, amir bilan uchrashadi va yangi maktab ochishga muvaffaq bo‘ladi. U bilan birga kelgan shirvonlik Majid G‘anizoda esa Samarqandda 40 kun qolib, «usuli savtiya»ni o‘rgatadi. Bunday maktablar (Chor hukumatining maqsad va intilishlariga zid o‘laroq) Toshkent, Andijon kabi shaharlarda ham ochila boshlaydi. A.V. Pyaskovskiy ma’lumot berishicha, 1895—1901 yillarda Toshkentda to‘rtta usuli jadid maktabi bor edi. 1900 yili Andijonda ham shunday maktab ochildi. 1907 yili Turkistonda 30 jadid maktabi bo‘lib, 1300 bola o‘qir edi. Chor hukumati bunga qarama-qarshi holda rus-tuzem maktabiga zo‘r berdi.

1884 yili Toshkentda birinchi rus-tuzem maktabi ochildi, 1891 yili Xivada, 1894 yili Buxoroda tashkil qilindi. 1892 yili o‘lkaning o‘zida ularning soni 21 taga yetdi. 1917 yilning boshlarida Turkistonda 170 rus-tuzem maktabi bor edi. Maktablar rus ma’murlariga mahalliy xalq orasida ruscha biladigan yordamchi xizmatchilar yetkazishni o‘z oddiga maqsad qilib qo‘ygan edi. Aslini olganda, rus hukumatiga so‘zamol, haqtalab xizmatchilar emas, ruscha tutilib-tutilib gapiradigan chalasavodlar, xo‘jayin tomoq qirsa dik etib xizmatga turadigan ito-atkorlar kerak edi. Bu maktablarning ko‘proq shunga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan edi.

80-yillardan mahalliy xalq vakillarining markaziy Rusiya shaharlariga sayohatlarini uyushtirish yo‘lga qo‘yildi. Rusiya ma’murlari istilo qilingan o‘lkalarning fuqarolariga mamlakatlarining bepoyonligini, shaharlarining sha’nu shavkatini ko‘rsatishni istar edilar.

Turkiston madaniy hayotida 1870 yilning 28 aprelidan chiqa boshlagan «Turkiston viloyatining gazeti» ham muhim rol o‘ynadi. U Turkiston general gubernatorligi qoshidagi «Turkestanskiye vedomosti» gazetasiga ilova bo‘lib chiqdi. Gazetaning maqsad-muddaosi shunday belgilangan edi:

«Turkiston g‘eneral gubernato‘ri buyrug‘i bo‘yincha ushbu oydan boshlanib «Turkiston gaziti» chiqadur. Ushbu gazitlarda barcha xaloyiqg‘a ma’lum bo‘lmoq uchun g‘eneral gubernato‘rni har turli farmoni izhor qilinur va yana har turli yangi xabarlar, savdo to‘g‘risida yozilur. Va yana Toshkand va g‘ayri shaharlarda bo‘lg‘on hodisa-voqealar yozilur. Ushbu gazit o‘ruschadan boshqa sartcha va g‘ayri qazoqlarga keraklik qazoqcha bo‘lub yozilur…»

So‘ng odatdagidek obuna haqida gap yuritilib, ushbu masala bilan Olmazor mahallasida yashovchi Mulla Maxdum Mullo Mashrab o‘g‘li shug‘ullanishi ma’lum qilinadi. Gazetaga Shohimardon Ibrohimov, bir oz muddat Muhammad Hasan Chanishev (u ham qozon tatari, tarjimonlik bilan shug‘ullangan), 1883 yildan 1917 yilga qadar esa Nikolay Ostroumov (1846—1930) muhar-rirlik qildilar. Ayniqsa, Ostroumov davrida rus ilm-fani, madaniyati zo‘r berib targ‘ib-tashviq etildi. Rusiya shaharlariga sayohatga borgan turkistonliklarning safar taassurotlari mun-tazam suratda berib borildi. Gazeta atrofiga mahalliy qalam-kashlardan bir davra tashkil qilindi. Bu qalamkashlar Rusiya tarixi, madaniyatiga hamdu sano o‘qidilar. Ruslardan o‘rnak olishga chaqirdilar. Ruslarni Turkistonga ilm-ma’rifat, axloq va madaniyat olib keluvchi, dunyo bilan oshno qiluvchi bir millat sifatida keng xalqqa tanishtirdilar. Bunday «ma’rifatparvarlik» ko‘pincha o‘tmish, milliydiniy an’analar ustidan kulish, ularni kamsitish, tanqid qilish hisobiga amalga oshirildi. Va u millatni sekin-astalik bilan ota-bobolarimiz turmushidan sovutishni ko‘zda tutardi. Turkistonga abadiy hukmronlik qilish istagi bilan kelganlarga, ularning turmush tarzi va tafakkuriga mehr-muhabbat uyg‘otib, «o‘risparast» bir avlodni yetkazishga xizmat qilar edi. Xullas, o‘risparastlik dastlabki o‘zbekcha matbuot namunasi bo‘lgan «Turkiston viloyatining gazeti»da Rusiya hukumatining tegishli odamlari tomonidan uyushtirilib, rag‘batlantirib borildi. Va u «ilg‘or rus madaniyati» sifatida talqin qilindi. Hatto Furqatni ham 1890 yil Toshkentga kelganida N. Ostroumov o‘z gazetasiga jalb qiladi. General gubernator baron Vrevskiy shoirning salohiyati va shuhratidan targ‘ibot uchun foydalanish niyatida uni rus zodagonlarining bal-bazmiga taklif etadi. Ostroumov shoirga ziyofat taassurotlarini yozdirib, gazetasida bostiradi.

 

ADABIY HAYoT

Bu davr adabiyoti yangilanish davri adabiyotidir. Unda qadim davrlardan kelayotgan adabiy turlar saqlandi. Devon adabiyotida she’riyat (poeziya) asosiy o‘rin egalladi. Aruz asosiy vazn bo‘ldi. G‘azal, ruboiy, tuyuq, ta’rix, muammo, muxammas, musaddas, musamman va ayniqsa, masnaviydan keng foydalanildi. Sayohat xotiralarini ifodalovchi sayohatnoma janri maydonga keldi.

Keng ma’noni qamrab oluvchi ishq mavzui bu davrda ham she’riyatning markaziy mavzui bo‘lib qoldi. Lekin ilohiy ishq, tasavvuf g‘oyalari kuchaydi. Yusuf Saryomiy (1845—1912), Ziyovuddin Haziniy (1867—1923) kabi shoirlar ko‘proq diniy-tasavvufiy she’rlari bilan shuhrat topdilar. Badiiy adabiyotda hajviyot rivoj topdi. Adreslik tanqid kuchaydi. Realistik tasvir keng o‘rin ola boshladi. Kundalik matbuot va bosmaxonalarning maydonga kelishi bilan she’riyat va o‘quvchi orasi yaqinlashdi. Yangi janrlar (masalan, publitsistika, ocherk kabi) paydo bo‘ldi. Jumladan, 1887 yili Xarkov qishloq xo‘jalik ko‘rgazmasida ishtirok etgan samarqandlik savdogar Mirzo Buxoriyning Boku, Xarkov, Moskva, Peterburgga sayohati xotiralari («Turkiston viloyatining gazeti», 1888 yil, 4—7-sonlar), toshkentlik savdogar Toshmuhammad Isamuhamedovning 1900 yili Boku—Istanbul yo‘li bilan Parijga sayohati (44—45-sonlar), gazeta mualliflaridan Sattorxon Abdug‘afforovning (1890), shoir Zokirjon Furqatning (1891, 2—23-sonlar), Xudoyorxonning kichik o‘g‘li Ibn Yaminbekning (1893, 22—28, 32-sonlar) o‘z qo‘llari bilan yozilgan tarjimai hollari, xususan, rus madaniyati bilan bog‘lanishlariga oid xotiralari, toshkentlik Orifxo‘janing sayohatnomasi (1894 yil 28-son) bosildi.

Ikki tillilik (zullisonayn) an’anasi davom etdi. Madrasa ko‘rganlarning deyarli hammasi arab, fors tillaridan xabardor edilar. Shoirlarning ko‘pchiligi o‘zbek tili bilan bir qatorda tojik tilida ham ijod eta olar edilar. Nizomiy Ganjaviy, Xusrav Dehlaviy, Shayx Sa’diy, Hofiz Sheroziy, Abdurahmon Jomiylar bu davr o‘zbek shoirlari uchun ham ilhom berdilar. Shu bilan birga tabiiyki, shoirlarimiz Muhammad Fuzuliy, Maxtumquli kabi turkiy dunyoning yuksak yulduzlarini ham o‘zlariga ustoz bildilar.

Xorazmda Ogahiy, Bayoniy kabi ijodkorlar tashabbusi bilan tarjima maktabi maydonga keldi. O‘nlab asarlar fors tilidan tarjima qilindi. Toshkentda mashhur hind eposi «Kalila va Dimna»ni Fazlulloh Almaiy (1852—1891), arab ertaklari «Ming bir kecha»ni Sidqiy Xondayliqiy (1884-1934) forschadan o‘zbekchaga ag‘dardilar. Murodxo‘ja domla tomonidan Sa’diy Sheroziy «Guliston»ining yangi tarjimasi amalga oshirildi. 80-yillarda L. N. Tolstoy, 90-yillardan A. S. Pushkin, A. A. Krilov nomlari Turkistonga kirib keldi. 1887 yili L. N. Tolstoyning «Odamlar nima bilan tirik» hikoyasi, 1899 yili Pushkin tavalludining 100 yilligi munosabati bilan uning «Boqchasaroy fontani», «Shoir» asarlari tarjimasi «Turkiston viloyatining gazeti» sahifalarida bosildi. So‘ngroq Saidrasul Aziziy (1866-1933), Aliasqar Bayramali Kalinin, Abdulla Avloniy (1878-1934) kabi mualliflarimizning usuli jadid maktablari uchun tuzilgan darsliklariga kiritildi.

Adabiy harakatchilik an’anaga ko‘ra ko‘proq Qo‘qon, Xiva, Samarqand, Buxoroda rivoj topdi. Biroq Toshkent ham yangi poytaxt sifatida tez yuksalib, adabiy-madaniy markazga aylana boshladi.

 

Xiva adabiy muhiti

Xivada Komil Xorazmiy (1825-1899), Muhammadrasul Mirzo (1840-1922), Muhammad Rahimxon Feruz (1844-1910), Ahmad Tabibiy (1869-1911), Muhammad Yusuf Bayoniy (1840-1923), Ilyos Mulla Muhammad o‘g‘li So‘fi (1860-1916), Mutrib Xonaxarobiy (1870-1925), Muhammad Yusuf Chokar (1872-1951), Avaz O‘tar o‘g‘li (1884-1919), Abdurazzoq Faqiriy (1884-1925), Safo Mug‘anniy (1882-1938), Komiljon Devoniy (1887-1938), Muhammad Rahim Rog‘ib (1918 y.vafot etgan) kabi ko‘plab shoirlar yashab ijod etdilar.

Adabiy harakat ko‘proq ma’rifatparvar podshoh, «Feruz» taxallusi bilan she’rlar yozgan Muhammad Rahimxon II atrofida rivoj topdi. Muhammad Rahimxon Soniy – Feruz (1844-1910) saroyda adabiy muhit maydonga keltirdi. 1864 yili 20 yoshida taxtga chiqib, salkam 47 yil hukmronlik qilgan bu xon, uni yaqindan bilgan ko‘pchilik tadqiqotchilar fikricha, O‘rta Osiyo xonlari orasida eng aqllisi, eng ziyolisi edi. U «usuli jadid»ga yo‘l berdi, ruslar kelmasdan ancha ilgari Xivaga toshbosma olib keldi. Uning topshirig‘i bilan Ahmad Tabibiy (1869-1911) «Maj-muatush-shuaroyi Feruzshohiy» («Feruzshoh shoirlari antologiyasi»)ni tuzadi. 30 shoirning she’ridan namuna beradi. Ular orasida Komil Xorazmiy (1825-1899), Muhammadrasul Mirzo (1840-1922), Avaz O‘tar (1884-1919) kabi xilma-xil ko‘lam va qudratdagi shoirlar bor edi.

Shoir va tarixchi Bayoniy shoh va shoir Feruz zamonida ko‘plab madrasalar qurilganini, matbaachilik yo‘lga qo‘yilganini, kitobxonlik avj olganini, xonning o‘zi bularning barchasiga bosh-qosh bo‘lganini yozadi.

Bayoniyning «Shajarayi. Xorazmshohiy»sidan:

«Xon hazratlari haftada ikki kun: juma va dushanba oqshomlarida ulamo bilan suhbat tuzub, kitobxonliq etdurur erdilar. Andog‘kim, Yusufhoji oxund va Ismoilxo‘ja oxund va Xudoybergan oxund va olimu ulum ma’qul va manqulda Mullo Muhammadrasul va faqiri haqir majlisi humoyunlarig‘a haf-tada ikki martaba hozir bo‘lub, kitobxonliq etar erduk. Goho domla Muhammadrasul bila ikkovimiz kirib, suhbati humoyunlarida kitobxonliq bo‘lur erdi va sipohiylar va to‘ralarni ham kitobxonliq etarga targ‘ib etar erdilar. Bas, hamma kitobxon bo‘ldilar».

Shoirlikning havosi ham, maqomi ham baland edi. Xonning atrofidagi amaldorlaridan, aka-uka qarindoshlarigacha she’r yozar edilar. Bayoniy ularni nomma-nom keltirgan. Masalan, Otajon to‘raning «Komron», tug‘ishgan ukasi To‘ramurod to‘ra (1855-1908)ning «Murodiy» taxallusi bilan she’rlar yozganini ma’lum qiladi.

Feruz tashabbusi bilan Xorazm tarjima maktabi maydonga keldi. Mutaxassislarning aniqlashicha, XIX asrning o‘rtalarida Xivada saksondan ko‘proq kishi tarjimonlik bilan muntazam shutullangan. 120 asar tarjima qilingan. Ayrimlari 2—5 marta o‘zbekchaga ag‘darilgan. Aksariyati fors-tojik tilidan o‘girilgan. Bu asarlar janrlariga ko‘ra ham xilma-xil edi. Ular orasida badiiydidaktik asarlar, ishqiy-sarguzasht qissalar katta o‘rin egallagan edi. Tarjimonlar orasida esa Ogahiy, Komil, Bayoniy, Tabibiy kabi ma’lum va mashhur nomlar bilan bir qatorda Muhammadrasul Mirzo, B.Sanoiy, Rojiy, Tolibxo‘ja, M. Rafe’, Habibiy, Mag‘furxo‘ja kabi ko‘pchilikka uncha tanish bo‘lmaganlari ham bor edi. Tabiiyki, ularning mehnat va san’at darajalari ham turlicha edi.

Ogahiy yigirmadan ortiq asarni fors tilidan o‘zbekchaga o‘girdi. XIX asrning 2-yarmi – XX asr boshlarida esa bu an’anani Tabibiy va Bayoniy davom ettirdilar. Bayoniy «Tarixi Tabariy» kabi nasriy asarlar qatorida Kamolildin Binoiyning «Shayboniynoma» singari masnaviyda yozilgan tarixiy-badiiy asarlariga ham qo‘l urdi. Mavlono Darvesh Ahmadning arab tilidagi «Sahoyiful-axbor» («Xabarlardan sahifalar», 1-2-jildlari) nomli tarix kitobini mahorat bilan tarjima qildi. Atoulloh ibn Fazlulloh Husayniyning «Ravzatul-ahbob»i («Do‘stlar bog‘i») o‘zbekcha tarjimasini tahrir etdi. Komil Xorazmiy XVIII asrda yashagan Barxurdor Mumtozning «Mahbubul-qulub» («Ko‘ngullarning sevgani»), Faxriddin Ali Safiyning «Latoyifut-tavoyif» («Turli toifalarning latifalari») singari ixcham nasriy hikoya va latifalar to‘plamlarini o‘zbekchalashtirdi.

Boy an’anaga ega musiqa rivoj topdi. Tanbur notasi kashf qilindi (Komil). She’r va musiqa hamkorligi kuchaydi. Feruz Xorazm shashmaqomini taraqqiy toptiryudda katta xizmat qildi.

Xonning amri bilan shoir Ahmad Tabibiy tomonidan 1908 yili yaratilgan «Majmuatush-shuaro» («Shoirlar to‘plami») she’riy (masnaviy yo‘lida) bo‘lib, 1638 sahifadan iborat edi. Qo‘qon xoni Amir Umarxonning 1821 yilda tuzdirgan «Majmuai shoiron»ini esga tushiruvchi bu kitob «Majmuatush-shuaroyi Feruzshohiy» nomi bilan tanildi. Undagi matnlarning aksariyati o‘zbek tilida edi.

Xivadagi ikkinchi tazkira XX asrning 20-yillarida tuzildi. Uning muallifi Hojimurod Laffasiy (1880-1945) bo‘lib, «Xiva shoir va adabiyotchilarining tarjimai hollari» asarida xorazmlik 51 shoir haqida ma’lumot beradi.

 

Muhammad Yusuf Bayoniy (1840-1923)

Xorazm adabiyo muhitining ko‘zga ko‘ringan vakillaridan, Xivaning 1804-1806 yillardagi xoni Eltuzarxonning chevarasi. Otasi Bobojonbek zamonasining taniqli ziyolilaridan bo‘lgan.

Muhammad Yusuf yoshligidan yuksak tarbiya topdi, she’rga, ilmga, musiqaga ko‘ngil qo‘ydi. Iste’dodli shoir, muarrix, mutarjim, mug‘anniy va musiqa bilimdoni bo‘lib yetishdi. Zamondoshlari Ahmad Tabibiy, Laffasiy o‘z tazkiralarida uning hayoti va faoliyati haqida atroflicha ma’lumot beradilar. Uning shaxsini ham, iste’dodini ham yuksak baholaydilar.

Bayoniydan bir she’riy devon, «Shajarayi Xorazmshohiy» va «Xorazm tarixi» kitoblari hamda yuqorida nomlari zikr etilgan 4 tarjima asari qolgan. Devoni XIX asrning 60-yillaridan 1905 yilgacha bo‘lgan she’rlarini qamrab oladi. Tarix asarlarining katta qismini Bayoniyning o‘zi guvoh bo‘lgan voqealar tash-kil qiladi. Xususan, «Shajarayi Xorazmshohiy»dagi rus bosqini voqealari tasviri yuksak vatanparvarlik ruhi bilan sug‘orilgan. Shoirning 1905-1923 yillarda yozgan she’riy asarlari namunalari o‘sha davr vaqtli matbuotida uchraydi.

Bayoniy haqida XX asrning 60-yillaridan tadqiqotlar paydo bo‘la boshladi. 1962 yili S. G‘aniyeva va H.Muxtorova «G‘azallar» nomi bilan bir dasta she’rlarini e’lon qildilar. I. Adizova 1990 yili uning hayoti va ijodiy faoliyati haqida nomzodlik dissertatsiyasi yoqladi va u 1995 yili risola holida bosilib chiqdi. Bir yil oldin esa ushbu mualliflarning tashabbusi bilan «Shajarayi Xo-razmshohiy»ning qisqartirilgan ixcham nashri amalga oshirilgan edi.

 

Buxoro adabiy muhiti

Buxoro adabiy muhitida an’anaviy ikki tillilik bu.davrda ham davom etdi. Amir Abdulahadxon (1859—1910) siyosiy hayotninggina emas, adabiy hayotning ham eng e’tiborli vakili edi. Ayniqsa, buuningamirlikdavri(1885-1910)dayaqqol namoyonbo‘ldi. Uning bobosi Amir Haydar (1800—1826) ham «Sayyid» taxallusi bilan she’rlar mashq qilardi. Abdulahadxon esa «Ojiz» taxallusi bilan tanilgan sohibidevon shoir edi. Hukmdorlarning adabiyotga yaqinligi shu darajada ediki, ayrim tuman hokimlari, masalan, Hisor hokimi Avliyoqulibek «Husayniy» taxallusi bilan devon tartib qilgan edi.

Abdulahadxonning rag‘bat va himmati bilan Afzal Pirmastiy (1915 y.v.e.), Ne’matulla Muhtaram (1920 y. v. e.), Mirsiddiq Hashmat (amirning ukasi), Abdi kabilar tazkiralar tuzib, an’anaviy tazkirachilikni yangi-yangi asarlar bilan boyitdilar.

XIX asrning oxiri XX asr boshi Buxoro tazkirachilik maktabining boshida, shubhasiz, Qori Rahmatulloh Vozeh (1818-1894) turadi. Uning 1871 yilda tuzilgan «Tuhfatul-ahbob fi tazkira-til-ashob» («Suhbatdoshlar zikrida do‘stlar tuhfasi») tazkirasi XVIII asrning oxiri XIX asr Turkiston shoirlarini qamrab olgan edi. Afzal maxdum Pirmastiyning «Afzaliut-tazkor fi zik-rish-shuaro val-ash’or» («Shoirlar va she’rlar haqidagi Afzal tazkirasi») (1904) XIX asrning oxiri XX asr boshida o‘lkamizda yashagan 135 shoir haqida ma’lumot beradi. Shuningdek, Ne’matulla Muhtaram (1910), Mirsiddiq Hashmat va Abdilarning «Tazkiratush-shuaro»lari, Hoji Hakimxonning «Muntaxabut-tavorix» («Tanlangan tarixlar»), Sadr Ziyoning «Shuaroyi mutaaxxirin va fuzaloyi muosirin» («So‘shti shoirlar va zamondosh fozillar») asarlari ham mazkur davr adabiy hayotini o‘rganishda muhim man-balar bo‘lib hisoblanadi. Ulardan ma’lum bo‘lishicha, miyonkollik Nodim Ziyovuddiniy (1810—1890 yil o‘rtalari), hajviy she’rlariga «Bepul» deb taxallus qo‘ygan Abdulqodir Savdo (1823—?), mashhur «Navodirul-vaqoye»ning muallifi Ahmad Donish (1826— 1897), tojik tilida she’riy sayohatnomalar yozgan Jonmuhammad Joniy (1839-1881), «Tarixi Salimiy»si bilan shuhrat topgan Mirzo Salimiy (1850—1930), ham ishqiy, ham ijtimoiy she’rni baravar tutgan Shamsiddin Shohin (1853-1893) XIX asr 2-yarmi Buxoro adabiy muhitining ko‘zga ko‘ringan vakillarini tashkil qilgan. Tikso‘z Mirzo Sahbo (1845/46-1918) zamon sadolaridan ilhom olgan an’anaviy she’riyatning ham o‘zbek, ham tojik tilidagi betakror namunalarini yaratdi.

XX asrning boshida esa Bahrombek Davlatshoh o‘g‘li (1873— 1933), Mirzo Sirojiddin (1877-1912) kabi shoirlar faoliyat ko‘rsatdilar. Nihoyat, Buxoro adabiy muhiti bu davrda Sadriddin Ayniy (1878-1954) va Abdurauf Fitrat (1886-1938) ni yetkazib berdi.

Buxoro adabiy muhitining xarakterli xususiyatlaridan biri ko‘plab tazkiralar tuzshshshi bo‘lsa, ikkinchisi, hajv va she’riy sayohatnomalarning udumga kirishidir. Qizig‘i shundaki, hajvlar hukmdorlar haqida. Amir Haydarning daftardori (moliya vaziri) jondorlik Mirzo Sodiq Munshiy (1753-1819)ning «Dahmai shohon» («Shohlarning qabrlari») masnaviysi so‘ngroq shu yo‘nalishdagi bir qator asarlarning paydo bo‘lishiga olib keldi. Uning qisqacha mazmuni shunday edi: shoir Buxoroning sobiq hukmdorlari ashtarxoniylar dahmasi yonidan o‘tayotgan ekan, biridan sado chiqibdi. Yaqin borsa, Subhonqulixon (1680-1702) qabri. Xon o‘zi qilgan xaqsizliklardan so‘zlamoqda. Qilmishlaridan pushaymon. Avlodlarga nasihat berayapti. Shoir Ubaydullaxon (1702— 1711), Abulfayzxon (1711-1747) dahmalari tomon o‘tadi. Ular ham o‘z tarixlaridan, fojialaridan so‘zlaydilar. O‘z so‘zlari bilan idoralarining tartibsiz va nizomsizliklarini aytib, o‘zlarini fosh etadilar.

Oradan yuz yilcha o‘tgach, Mirzo Abdulazim Somiy ham xuddi shu nomda masnaviy yozdi va amirlar ro‘yxatini qolgan joyidan — mang‘itlar sulolasini boshlab bergan Rahimbiydan Muzaffarxongacha olib keldi. Abdurahmon Tamkin degan yana bir shoir ushbu mavzuda asar yozib, «Dahmai shoh Dabbus» va «Dahmai Amir Temur»ni ilova qildi. XX asrning o‘ninchi yillarida samarqandlik Siddiqiy Ajziy «Anjumani arvoh» («Ruhlar yig‘ini») masnaviysini yozdi. Shoir hajdan qaytar ekan, Misrga tushibdi va aryuhlar anjumanidan chiqibdi. Buxoro amirlari anjumani ekan. Amir Muzaffar so‘z olibdi va johilligi, tepsa-tebranmasligi bilan mash-hur bu hukmdor barcha qilmishlarini hikoya qilib beribdi.

Mirzo Sodiqning «Dahmai shohon»i XIX asrning 2-yarmida Usmonxo‘ja Xolis tomonidan o‘zbekchaga tarjima qilingan.

Jonmuhammad Joniy Sharq adabiyotida qadim an’analariga ega bo‘lgan sayohatnoma janriga yangidan ruh berdi. XIX asrning 70-yillarida Buxoro—Nurota safari haqida tojik tilida «Sayo-hatnoma» nomli asar yozdi. Unda muallifning 800 chaqirimdan uzoqroq masofadagi hozirgi Buxoro, Samarqand, Sirdaryo hamda Qozog‘istonning Chimkent viloyatlari hududida joylashgan 50 kishloqning tabiati, manzaralari, odamlari haqidagi xotiralari o‘z ifodasini topdi.

 

Ahmad Donish (1826-1897)

«Ahmad Kalla», «Ahmad maxdum» nomlari bilan zamonasida shuhrat qozongan va ilmiy-adabiy tafakkurning yangilanishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan Ahmad Donish XIX asr Buxorosining qomusiy ilm egalaridan edi. U Buxoroda shofirkonlik mudarris oilasida tug‘ildi. Otasi madrasasida o‘qidi. Yoshligida naqqoshlik, rassomlik, xattotlik hunarlarini o‘rgandi. Tarix va falsafaga ko‘ngil qo‘ydi. Zehni, salohiyati bilan darrov ko‘zga tashlandi. 1857 yilning kuzida Amir Nasrulloning Rusiya imperatori Nikolay I vafotiga ta’ziya bildirish va valiahd Aleksandr I ning taxtga chikishini qutlash uchun yuborilgan elchi Mullajon Miroxurga kotiblik qiladi. Peterburgda uch oy san’at-madaniyat obidalari bilan tanishadi. 1869 yili yangi shart-sharoit taqozosi bilan Amir Muzaffar Peterburgga yana elchi yubordi. Bu elchilik yarim vassalga aylangan davlatning hokimi mutlaq ko‘nglini olish harakati edi. Uning ham kotibligiga Ahmad Donish tanlandi. 1873 yilning oxirida Ahmad Donish uchinchi marotaba elchilik tarkibida Rusiyaga yo‘l oldi. 1874 yil yanvar – mart oylarida Peterburgda turib qaytdi. Aleksandr II bilan uchrashdi. So‘ngroq bularni qog‘ozga tushirdi. Hozirda O‘zFA Sharqshunoslik instituti Qo‘lyozmalar fondida Ahmad Donishning 16 qo‘lyozma asari saqlanadi. Aksariyati uning o‘z qo‘li bilan yozilgan asl nusxalardir.

Muallifning «Navodirul-vaqoye» asari 15 yil davomida, 1870— 1885 yillar oralig‘ida yozilgan tarixiy, falsafiy, memuar asardir. 23 bobdan tashkil topgan bu asar haligacha to‘la nashr etilgan emas. Uning ayrim boblarigina chop qilingan. Shu jumladan, uning bir qismi 1964 yili o‘zbekchaga ham ag‘darilgan va bosilgan edi.

Kitobning ikki bobida Rusiya safari taassurotlari berilgan. Chunonchi: VII bobi A. Donishning 1869 yilgi Rusiya safariga bag‘ishlangan va 1957 yilda chop etilgan. VIII bob podshoh Aleksandr II ning qizi Mariyaning 1874 yilda bo‘lgan nikoh to‘yiga yuborilgan elchi Abdulqodirbek safari haqida. Qolgan boblari xilma-xil mavzuda. Masalan, ota-ona va farzand munosabatlari (1-bob), mol-dunyo (2-bob), tarix (Z-bob), olim va johil taqdiri (4-bob), vaqt qadri (5-bob), safar qilish foydalari (b-bob), ilm-fan manfaati (9-bob), haqiqiy va majoziy ishqhamda uning odobi (10-bob), nikoh (11-bob), taqdir (12-bob), kasbkor (13-bob), jism va ruh (14-bob), yer tuzilishi va ma’danlar (16-bob), tush ta’biri (19-bob), Bedil baytlari (20-bob), ayrim hadislar talqini (22-bob), inson axloqini belgilash (23-bob) kabi. Ta-maddun (madaniyat) haqidagi risolasi (15-bob) va xilma-xil voqeiy hikoyalar (18, 21-boblar) ham undan joy olgan. Ularning har biri ham muhim va qiziqarlidir. Masalan, so‘ngti risolada podshohning xalq oldidagi mas’uliyati 10 shart asosida ko‘rsatib beriladi. Shu jihatdan, u bir tomondan, Yusuf Xos Hojibning «Qutadg‘u bilig»idagi bek va raiyat munosabatlarini esga tushirsa, ikkinchi yoqdan, Russoning «Ijtimoiy shartnoma»sini yodga soladi.

Yoki tanlagan usulini oling. Muallif kasb-hunar egallash haqida yozar ekan, uni o‘z o‘g‘illariga «vasiyatnoma»ga aylantiradi. Va bu orqali o‘quvchida katta qiziqish va ishtiyoq paydo qiladi. Darhaqiqat, adib boshidan kechgan baxtli-baxtsiz, shirin-achchiq kunlar, hayot, sayohat xotiralari, safarlar davomida do‘stlardan tinglangan hikoyalar va bulardan kelib chiquvchi ibratlar hech kimni befarq qoldirmaydi. Muhimi shundaki, bu ibratlar XIX asr Yevropa tamaddunini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan, ayni paytda, shu davr Sharq ilm-fanining Turkiston sarhadidagi eng buyuk namoyandasi vasiyatlari edi. Kasb-hunarga, ilm-fanga mehr, halollik, mansab-martaba, mol-dunyo hirsidan uzoq bo‘lish, bani basharga xayrixohlik, har qanday holda ham yaxshilik qilish, islomiy axloq bu vasiyatlarning asosiy mazmunini tashkil etadi. Diqqatga sazovor yana bir narsa shundaki, Ahmad Donish farang donishmandlari, «siyosiy hukamolar»i haqida yozdi. Ularning «ixtilol va inqiloblar tarixini chuqur o‘rganib», barcha haqsizlik va adolatsizlik sababini «davlat ishlarining yolg‘iz podsho qo‘lida bo‘lishi»dan topganliklarini ma’lum qildi. Ular shu sababli eski «davlat tuzumini o‘zgartirganlar», deb yozdi. Ular «huquqda hammaning tengligi»ga rioya etishlari, darajalar esa, kishilarning «fazl va hunarlarining oz-ko‘pligiga qarab bo‘lishi», «davlatni hammaning o‘rtasida turgan kishi idora qilishi» haqida «qonunlar chiqarganlari»ni uqdirdi. Yevropaning «barcha davlatlarni yengib, butun dunyoga ega bo‘lishlari»da bu asosiy omil bo‘lganini ta’kidladi.

Darhakiqat, ushbu vasiyatnoma ta’limiy-axlokiygina emas, muhim ijtimoiy-siyosiy mazmun ham tashir edi.

Shuningdek, uning «Majmuai hikoyati Ahmad Kalla» («Ahmad Kalla hikoyatlari to‘plami») (1877), «Isloh miyoni shia va sunn» («Shia va sunniyni yarashtirish haqidagi nasihat») kabi risolalari, «Daftari taqvim» («Kundaliklar»)i ham muhim ahamiyatga ega.

Ahmad Donish umrining oxirlarida «Tarix risolasi» kitobini yozdi. Bir yoqdan, Amir Temur, Husayn Boyqaro, Abdullaxon, Subhonqulixon, Shohmurod, ikkinchi tarafdan, Amir Muzaffar saltanati misolida har bir davlatning taraqqiy va tanazzuli sabablarini tahlil qildi. Birinchi guruhni mujaddidlar (din va davlatni poklovchilar) deb hisobladi.

Bu asarlar sodda va jonli tili, ifoda uslubi bilan o‘tmishdoshlarinikidan ajralib turadi. Sinchkov ilmiy mulohaza, tanqidiy va tahliliy tafakkur ularga alohida ruh bag‘ishlaydi. Tasvir va ifodadagi dramatizmga moyillik, suhbatdialogdan unumli foydalanish muallif fikrlarining o‘quvchi ongiga yetib borishini osonlashtiradi.

 

Mirzo Sahbo (1845/46 – 1918)

Ismi sharifi Mirzo Hayit, «Sahbo» taxallusidir. «Sahbo» qizil may degani. Shoir Buxoro viloyatining Vobkent tumanida tug‘ilgan. Maktab savodidan so‘ng madrasani tugatar-tugatmas, o‘sha paytlari Karmana hokimi bo‘lgan Abdulahad xizmatiga kiradi. Ehtimol, ularni she’rga, adabiyotga mehr yaqinlashtirgan bo‘lsa. Har holda ularning o‘zaro munosabatlari juda yaxshi bo‘lgan. Yosh valiahd uning mard va tantiligini, salohiyatini qadrlagan. 1885 yili Abdulahad Buxoro amiri martabasiga ko‘tarilgach, Mirzo Hayit uning saroyida eshik og‘asi vazifasiga tayinlangani ma’lum. 1910 yili Abdulahadxon vafot etib, hokimiyatga Olimxon kelgach, shoir Sahbo hayotining tash-vishli kunlari boshlanadi. Jumladan, oldingi lavozimidan olinib, shahar arig‘iga mirob qilib tayinlanadi. Ko‘p o‘tmay, undan ham bo‘shatiladi, mirshablikka qo‘yiladi. Oxir-oqibat ishsiz Qoladi. 1915 yildan esa, unga siyosiy ayb qo‘ya boshlaydilar. Masalan, Chor Rusiyasi siyosiy agentining ma’lumoti bilan qushbegi huzuriga chaqirtirilib, undan gazeta o‘qimaslikka tilxat oladilar. 1917 yil Fevral voqealaridan keyin esa, u inqilob va hur-riyatga xayrixohligi, jadidligi uchun qamaladi. 1918 yili Qabadiyonga surgun qilinib, mahalliy hokim Muhammad Rahimbek buyrug‘i bilan otga sudratilib, fojiona qatl etiladi.

Sahbo nomi o‘z davrining deyarli barcha tazkiralariga kiritilgan. U haqda Mirzo Somiy Bo‘stoniydan Sadriddin Ayniy, Mirzo Tursunzodagacha fikr bildirganlar. Ularning deyarli hammasi shoirning shaxsini ham, iste’dodini ham yuksak baholaydilar.

«… u shunday mard kishiki,— deb yozadi Afzal Pirmastiy, nihoyatda donishmand, o‘ta xushmuomala, himmati oliy, marhamati baland, parhezkor, nihoyatda tetik, aqlli, she’rshunoslik va baytshunoslikda tengi yo‘q, tabiati nozik, zehni o‘tkir, she’rlari g‘oyat go‘zal, so‘zlari fasohatli… devoni mukammal… asarlari ommaga maqbul va manzur… She’rining ta’biri va tahriri benihoya nozik, rang-barang, turkiy va tojikcha g‘azallari mazmunan nihoyatda xo‘b, qofiyalari benihoya marg‘ub…»

1980 yili shoirning o‘z qo‘li bilan tuzgan dastxat devoni O‘zFA Qo‘lyozmalar instituti fondida saqlanayotganligi aniqlandi. Devon 263 sahifadan iborat, 550 dan ortiq she’r joy olgan. Shuning 61 tasi o‘zbek tilida. Janrlari: g‘azal, muxammas, musaddas. Mavzusi: asosan, ishqiy. 1991 yili adabiyotshunos H.Muxtorova shoirning «Tanlangan she’rlar»ini chop etdi. 61 o‘zbekcha she’ridan 52 tasini (12 g‘azal, 38 muxammas, 2 musaddas) o‘quvchilarimizga taqdim qildi. Sadriddin Ayniy uning «yangilik va haqgo‘ylik qurboni» bo‘lganligini ta’kidlagan edi. Shunga ko‘ra u ijtimoiy-siyosiy g‘azallar ham yozgan bo‘lishi kerak. Biroq hozirda e’lon qilinganlari ko‘proq an’anaviy, devon adabiyoti namunalarini esga soladi. Shoir yordan muruvvat kutarkan, goh-goh zamonning bevafoligidan, xalq orasidan insof, mehr-shafqat ko‘tarilganidan noliydi. «Sen ulusdan, ey ko‘ngul, mehru muhabbat izlama», deb yozadi, «jabru zulm bilan Sahboning ahvoli fano» bo‘lganligini ma’lum qiladi. Shunday hollardagina bu she’rlar zamon sadolariga ohangdosh keladi.

 

Qo‘qon adabiy muhiti

Qo‘qonda Muqimiy (1850-1903), Furqat (1859-1909), Zavqiy (1853-1921), Nisbatiy (1903 y.v.e.), Muhayyir (1845-1918), Qori Yusuf Muntazir (1899 y.v.e.), Usmonxo‘ja Zoriy (1839-1916) kabilar adabiy davra tashkil etdilar. Vodiyning mashhur shoirlaridan biri, «toji shoiron» («shoirlar shohi») deb e’zozlangan Muhyi (1835-1911) bo‘lsa, ikkinchisi, shubhasiz, «Haziniy to‘ra» deb ardoqlangan Ziyovuddin Haziniy (1867-1923) edi. Asli pskentlik Said Akmalxon (1834-1883), marg‘ilonlik qozi Xo‘jajonxo‘ja Rojiy (1838-1918), Namangandan Nodim (1844-1910), Ibrat (1862-1937), Andijondan Abdurazzoq Bimiy (1847-1918), Xo‘janddan Toshxo‘ja Asiriy (1864-1916), Sayramdan Yusuf Saryomiy (1845-1912), Toshkentdan Karimbek Kamiy (1865-1922) kabilar Qo‘qondagi adabiy suhbatlarda tez-tez ishtirok etib turdilar.

Bu yerda ham an’anaga ko‘ra she’riyat ko‘proq rivoj topdi. Ayni paytda, undagi mazmun va shaklni yangilash harakatlari ilk bor shu yerda ko‘zga tashlandi. Shoirlardan Muqimiy, bir tomondan, mumtoz adabiyotimizdagi eng yaxshi an’analarni davom ettirdi. Ikkinchi yoqdan, rus istilosi tufayli ijtimoiy hayotda kechayotgan o‘zgarishlarni adabiyotga olib kirdi. Masalan, zavod-fabrikalar ishga tushib, ishchilar sinfining maydonga chiqishi, tili, dini, urf-udumlari, hatto hayot tarzi keskin farq qiluvchi Yevropaning Turkistonga kirib kelishi va buning mahalliy xalqqa, uning turmushiga yetkazgan ta’siri, yevropalashuv tomon qo‘yilgan dastlabki qadamlarning yaxshi-yomon jihatlari tahlili ilk daf’a Muqimiy ijodida aks etdi. Muqimiy yangilana boshlagan adabiyotning g‘oya va mazmunigagina emas, shaklu ifodalariga ham ma’lum yangiliklar kiritdi. Hajvga alohida e’tibor berdi. Ijtimoiy fikrga, jamiyat tanqidiga maxsus diqqatni qaratdi.

Furqat lirikasi o‘zbek mumtoz adabiyotining go‘zal namunalari edi. U ehtiros to‘la g‘azallari, erkka tashna musaddaslari, hijron iztiroblari barq urib turgan she’riy maktublari bilan o‘zbek adabiyotiga toza va tiniq ohanglar olib kirdi. Biroq uning hayoti g‘oyat murakkab kechdi. Zamon uning taqdirini alg‘ov-dalg‘ov qilib yubordi. Peshonasiga g‘ariblikni, musofirlikni bitdi. U bir umr Vataniga qaytish armoni bilan yashadi. Lekin bu uning asarlarigagina nasib etdi. U ko‘ngli tubidagi pinhon dardlarini she’rga to‘kdi. Bu she’rlar Vatan sog‘inchini ifodalagan eng sara she’rlar bo‘lib qoldi. U dastlab rus ilm-faniga, Yevropaga mo‘jizaday boqdi. Rus ziyolilarining Turkistondagi vakillariga xaloskordek qaradi. Bularning orqasida o‘z ustunliklarini namoyish qilish va u orqali zabt etilgan yurtni iqtisodiy va ma’naviy asoratda saqlash maqsadi yotganligini birdaniga anglab yetmadi. Bu mumkin ham emas edi. Biroq yurt fojialari, taqdirning beayov zarbalari asta-sekinlik bilan bo‘lsa-da, Rusiyaning Turkistondagi siyo-satining asl mohiyatini anglatdi. Uning she’rlariga taqdirdan shikoyat bilan birga erkparvarlik, ozodlik ruhi kirib keldi. Jumladan, «Sayding qo‘yaber, sayyod» musaddasi o‘ziga xos ozodlik madhiyasi bo‘lsa, «Munojoti musaddas»i, «Begim» radifli g‘azali, «Bo‘ldi» radifli muxammasi rus istibdodiga ochiqdan-ochiq isyon namunalari edi.

Epik janrlar, xususan, dostonchilik rivojlandi. Qo‘qon adabiy maktabi vakillaridan Umidiy-Havoiy (1835—1905) «Maktubchai xon», «Jangnoma», «Badavlatnoma yoki tarixi Xo‘qand» kabi tarixiy dostonlar yozdi. Bu asarlar bevosita rus bosqini va uning oqibatlari bilan bog‘liq voqealarni Vatan va Millat sha’ni, el-yurt manfaati nuqtai nazaridan aks ettirdi. Shu ji-hatdan, Umidiy-Havoiy bilan xorazmlik Bayoniy qarashlari bir-biriga yaqin. Buni «Shajarayi Xorazmshohiy»dagi Xorazm bosqini manzaralari bilan Qo‘qon fojialari tasvirini qiyoslaganda ko‘rish mumkin.

Qo‘qon adabiy harakatchiligining muhim xususiyatlaridan biri XIX asrning birinchi yarmida shakllangan shoiralar silsilasining davom etganligidir. Jahon Otin Uvaysiy, Mohlaroyim Nodira an’analari bu davrda Dilshod — Barno (1800— 1905/06) va Anbar Otin (1870—1915)dek ikki iste’dodli shoirani yetkazib berdi.

 

Dilshod Otin (1800— 1905/06)

«Barno», «Dilshodi Barno» taxalluslari bilan she’rlar yozgan bu shoira uzun umr ko‘rgan, yoshligi dramatik voqealar bilan to‘lib-toshgan, hayoti ham, ijodi ham isyonkorona kechgan. O‘ratepada tug‘ilgan. Otasi Rahimqul so‘fida savod chiqargan. 1813 yilda onasi vabodan vafot etadi. O‘ratepa janglaridan birida otasi halok bo‘ladi. 90 yoshlik buvisi bilan ip yigirib, tirikchilik qila boshlaydi. 1816 yilda esa Qo‘qon xoni Amir Umarxonning O‘ratepaga qilgan yurishida asir olinib, ko‘p minglab muhojirlar qatorida poytaxtga keltiriladi. Uni xon haramiga tayyorlaydilar. Biroq Dilshod yozgan she’r atrofida bir voqea yuz beradi-yu amirning jahli chiqib, shoirani mahramiga in’om qilib yuboradi. Olihimmat mahram Dilshodni xon o‘rdasidan qochirib yuboradi. Xullas, taqdir uni 50 yoshlardagi faqirhol Tosh maxdum bilan duch qiladi. Unga turmushga chiqadi. 30 yoshlarida o‘zbekchani puxta o‘rganib, maktabdorlik qiladi. 51 yil dars beradi. 900 ga yaqin qizga xat-savod o‘rgatadi. Bu voqealarning barchasi uning «Tarixi muhojiron» («Muhojirlar tarixi») asarida tafsilotlari bilan yozib qoldirilgan. Muallifning ma’lum qilishicha, o‘quvchilarining har to‘rttadan bittasi she’r havaskorlari bo‘lgan. Anbar Otin shulardan biri edi.

Dilshod hayoti va merosi XX asrning 60-yillarida qayta kashf qilindi. Tojik tarixchisi A. Muxtorov 1969 yili uning ikki qo‘lyozma asarini topib, ular asosida monografiya yozdi. O‘zbek adabiyotshunosi Mahbuba Qodirova Dilshodning O‘zFA Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmylar fondida saqlanayottan yana bir yangi qo‘lyozma asari borligini aniqladi va nashr etdi. 80-yillarda esa u to‘ldirilib, qayta nashr qilindi. Ma’lum bo‘lishicha, uning hozircha 91 ta o‘zbekcha va 51 ta tojikcha she’ri, «Tarixi muhojiron» badiiy-tarixiy asarining o‘zbekcha va tojikcha uch qo‘lyozma nusxasi («Tazkirai Barno», «Sabotul-bashar maa Tarixi muhojiron» — «Inson matonati va Muhojirlar tarixi»), «Muntaxabul-ash’ori Barno» — («Barnoning tanlangan she’rlari») bizgacha yetib kelgan. Bularda o‘zaro urushlar, xalqning turmush sharoiti va boshqa ijtimoiy-siyosiy voqealar o‘z ifodasini topgan. Shoira turkistonni chor Rusiyasi bosib olishiga bo‘lgan munosabatda ko‘pgina zamondoshlaridan ilgarilab ketgan, hodisaning barcha oqibatlarini to‘g‘ri tushungan. Shu jihatdan, Dilshod Otin she’riyati xalq taqdirining badiiy yilnomasi darajasiga ko‘tariladi. Shu bilan birga shoira baxtiyor zamon, yaxshi kunlar kelishiga ishonadi, Turkiston xalqini do‘st-inoq yashashga undaydi. Uning ishqiy she’rlarida muhabbat va sadoqat mavzui Vatan va xalq ozodligi bilan uyg‘unlashib ketgan.

 

Nodim Namangoniy (1844-1910)

Muqimiy davradoshlarining taniqli vakillaridan bo‘lib, ismi-sharifi Sulaymonxo‘ja Ulug‘xo‘ja o‘g‘lidir. «Nodim» – adabiy taxallusi «pushaymon qiluvchi» ma’nosini anglatadi. Namangan shahrining Jome’ maxallasida ziyoli oilada tug‘ilgan. Shu shahardagi Saidqulibek madrasasida o‘qigan.

1887-1888 yillarda Muqimiy bilan Toshkentda tanishadi. 1899 yili Avliyoota, Buxoro, Samarqand, Toshkentga safar qiladi. 1902 yili hajga boradi. Turkiya, Misr, Arabistonda bo‘ladi. 1910 yil 26 iyunda Namanganda vafot etadi.

Shoirning bizga o‘z qo‘li bilan tuzgan «Bayozi Nodim» qo‘lyozmasi yetib kelgan. Unda mumtoz she’riyatimizga doir deyarli barcha janrlarda yozilgan she’rlar uchraydi. Ularning bir qismi Navo-iy, Nodiradan tortib, zamondoshlari Muqimiy, Zavqiy, Furqat g‘azallarigacha bog‘langan muxammaslardan, yana bir qismi shoirning turli-tuman safar taassurotlaridan iborat. Hajviyalari ham bor. 1890 yili Avliyootadan rafiqasiga yozgan «Maktubi muhabbat uslub» kabi ishqiy-intim she’rlari ham bor. Shoirning ijtimoiy-siyosiy mavzudagi she’rlari uning ijodida jildiy va salmoqli o‘rin egallaydi. Bu jihatdan, Maxmurning «Hapalak», Furqatning «Sayding qo‘yaber, sayyod» she’rlariga bog‘lagan muxammaslari, «Muxammasi Nodim ba ahvoli zamona», «Dar mazammati zamona» asarlari muhim. Shoirning bir qator she’rlari mashhur tovlamachi, rus kapitalisti Viktor Axmetov haqidagi «Hajvi Vikto‘r» turkumini to‘ldiradi. Muallif raqobatga bardosh berolmay, birin-ketin sinayotgan o‘zbek «zovudchi»larining «hisobi yo‘q»ligiga, sudxo‘rlardan katta foiz bilan qarz ko‘tarib, hovli-joyining kelgindilar qo‘liga arzongarovga o‘tib ketayotganligiga achinadi, bu xil munosabatlarning pirovard-oqibatda, asriy axloqimiz ustunlarini yiqitayotganligidan iztirob chekadi. Ayni paytda, uni fan-texnika yangiliklari tabiiy bir suratda hayajonga soladi. Masalan, u poyezdni ilk bor ko‘rarkan, hayratini yashirmaydi, garchi uning nima maqsadlarga xizmat qilishini yaxshi tasavvur etmasa-da, ilmu fan mo‘jizasi sifatida millatdoshlariga ta’riflab berishni ma’qul ko‘radi:

Suv bilan o‘t ixtilotidin topib quvvat base,
Bul ajabkim, barq yanglig‘ tezu xushraftordur.
Ko‘h paykar, g‘arqi po‘lodu temur sar to po,
Og‘zidin o‘tlar sochar bir ajdari xunxordur.
Bir necha qasri muzayyan jumla marbutu matin,
Harnakim dilxoh bo‘lsa, doimo tayyordur.
Har biri bir manzara oliy bino, oyinaband,
G‘isht hangomida savtu nag‘mai setordur.

 

Zavqiy (1853-1921)

Lirik va hajviy asarlari bilan xalq o‘rtasida keng e’tibor qozongan shoirlardan. 1955 yilda adabiyotshunos H.Razzoqov u haqda «Zavqiy hayoti va ijodi» risolasini yozdi va 1958—1960 yillarda 50 ga yaqin she’rlarini to‘plab, «Tanlangan asarlar» nomi bilan nashr etdi. 2003 yilda A. Madaminov va A. Turdialiyevlar shoir avlodlari homiyligida uning nisbatan to‘latilgan «Ajab zamona» kitobini chop etdilar.

Shoirning ismi-sharifi Ubaydulla usta Solih o‘g‘li bo‘lib, «Zavqiy» adabiy taxallusidir. Qo‘qonda kosib-mahsido‘z oilasida tug‘ilgan. Eski maktabdan so‘ng tog‘asi Muhammad Siddiqning yordami bilan madrasada o‘qigan. Sekin-asta «Zavqiy» taxallusi bilan she’rlar yozib, Muqimiylar davrasiga qo‘shilgan. Furqat yozadi: «…asr shuarolarikim, chunonchi: mavlono Muhyi, mavlono Muqimiy, mavlono Zavqiy, mavlono Nisbatdurlar, hamisha majlis bunyod aylab, zodai tab’larimizdin mushoira qilur edik va bir g‘azalda tatabbu’ ko‘rsatib, bir mazmun har nav’ tarzda ifoda topar edi… va ba’zi vaqt ishq tavsifi va husn ta’rifida g‘azal mashq aylab, qadimiy shuarolar devonlaridin bir sho‘x g‘azalni topib, unga har qaysimiz alohida muxammas bog‘lar edik. Digar she’r arboblari bizlar suhbatimizni orzu aylab kelur edilar. Agar biror marg‘ub g‘azal zodai tab’ bo‘lsa, tabiatlik kishilar nusxa so‘rab olur edilar».

Ayni paytda, yosh Ubaydulla kosiblik qilib oilaga qarashadi. Uning «Madrasai oliya»dagi hujrasi peshtoqiga Muqimiy dastxati bilan:

Bu – Ubaydullohning koshonasi,
Usta Solih o‘g‘li do‘konxonasi!
Ey, birodari ahli tamiz,
Eski mahsiyu kavush tikamiz, –

deb yozib qo‘yilganini naql qiladilar.

1880 yillarda Zavqiy Qo‘qon poyabzal rastasi pudratchisi Mo‘minshoh mahkamasiga ish yurituvchi bo‘lib kiradi. 1890 yillarda oilasi boshiga ketma-ket musibat tushadi: otasi, ikki ukasi izma-iz vafot etadilar, rafiqasi Tojibibi kasallanib, ikki ko‘zi ojiz bo‘lib qoladi.

1900 yilda haj safariga boradi, uch yil Kavkaz, Kichik Osiyo, Misr va Arabistonni kezib, yangi fikr-qarashlar bilan yurtiga qaytadi. Tabiatan hozirjavob, mutoyibaga moyil shoir ijodida hajv kuchayadi. Va bu uning boshiga katta tashvishlar olib keladi. Masalan, 1905—1906 yillarda yozilgan 47 baytlik «Ahli rasta hajvi» she’rida 46 kishi nomma-nom tilga olinib, har birining o‘ziga xos fe’li, atvori keskin satrlarda chizib ko‘rsatilgan edi. Bu yetmagandek, uni katta qog‘ozga ko‘chirtirib, Qo‘qonning eng gavjum sayilgohiga — Mo‘ymarak (Mo‘yi muborak)dagi baland bir terakka osib qo‘yadi. Katta shov-shuv bo‘ladi. Rasta ahli shoirni tutib, kaltaklaydilar. Ustidan «garonish» (shahar hokimi) va uyezd hokimiga arz qiladilar. Hokim she’rni tilmochga tarjima qildirib o‘qiydi, Zavqiyni tergab, qattiq tanbeh beradi, Sibirga surgun qilishini aytadi. Ko‘p o‘tmay, shoirning ushbu mojaroga bag‘ishlangan «Talading baring!» she’ri paydo bo‘ladi.

Birinchi Jahon urushi yillarida esa, u davr fojialarini aks ettiruvchi «Qahatlik», «Kajdor zamona» va istiqbol orzulari bilan to‘lib-toshgan «Ajab ermas» she’rlarini yozdi.

Shoir 1918—1921 yillarda Qo‘qon poyabzal rastasining oqsoqoli, ocharchilikka qarshi kurash hay’ati a’zosi bo‘lib ishladi.

Zavqiy lirik shoir sifatida «Kelmasa kelmasun netay», «Ofarin», «Ko‘zing», «Aylab keling», «Men kimga dey» kabi xalq qalbida saqlanib kelayotgan bir qator go‘zal g‘azallar yaratdi. Uning, ayniqsa, «Yuzingni ko‘rsatib avval, o‘zingga bandalar qilding» misrasi bilan boshlanadigan muxammasi mumtoz qo‘shiqchiligimizning oltin fondidan joy olgan bo‘lib, necha o‘n yildirki, xonandalarimizning doimiy repertuarida keladi.

Zavqiy o‘z hajviyalarida shunchaki ikirchikir, fe’l-tabiat tanqididan jamiyatning adolatsizlik asosiga qurilgan negizini fosh etishgacha ko‘tarildi. «Zamona kimniki?», «Muncha ko‘p» she’rlari buning dalili. «Uy puli», «Zolim puli», «Veksel» she’rlarida o‘lkaga kirib kelayotgan yangiliklarning axloqiy jihatlari qalamga olindi.

Mastur qolmag‘aykim, so‘zning yo‘g‘oni chiqdi,
Oltiarig‘lari ham vekselni koni chiqdi,
Zovutni bitkarolmay, eshonni joni chiqdi,
Afsus, ey xaloyiq, ishlar yamoni chiqdi,
Oxir zamona ma’lum bo‘ldi, nishoni chiqdi,

satrlari bilan boshlanar edi «Veksel» muxammasi.

Shoirning «Voqeai qozi saylov», «Kahatlik» asarlari mas-naviy yo‘lida yozilgan bo‘lib, ixcham dostonlardir. Ikkisi ham voqeiy. Birinchisida 1910 yilda Qo‘qonning Xo‘jand dahasi qozi-ligiga saylov jarayonida yuz bergan qalloblik, poraxo‘rlik fosh etiladi. Ishtirokchilar: sobiq qozi – Hakimjon; ishlab turgani – mulla Kamol; shotirlar – Shokirqora, Olimqovoq, Hasan a’lam; qozilarga «qozilik» qiluvchi hokim Medinskiy. Voqea «hokim royi»ning Hakimjonga burilib, uni qo‘llashi bilan tugaydi. «Qahatlik» — 1916 yilga ocharchilikning faje’ manzaralarini hokim va mute’ munosabatlari misolida ochib bergan asar. Xalq g‘alayonlari shaklida namoyon bo‘lgan milliy ozodlik harakatlari yozma adabiyotda ilk bor ushbu asarda aks etgan.

Zavqiyning Muqimiy bilan mushoira yo‘sinida yozgan hazil-mutoyibalari, «Sayohatnoma»si va she’riy maktublari ham muhim ahamiyatga ega.

 

Ziyovuddin Haziniy (1867-1923)

Qo‘qon yaqinidagi Katta Kenagas qishlog‘ida tug‘ilgan. Otasi Kattaxo‘ja eshon orif, she’rga havasmand ziyolilardan edi. Ziyovuddin ilk ta’limni otasidan oladi. So‘ng Qo‘qondagi Jome’ madrasasida o‘qiydi. 1897 yil o‘tgiz yoshlarida zamonasining mashhur mutasavviflaridan, qodiriya suluki namoyandasi Muhammad Hakimxon xalifaga murid tushadi va ilmi tariqatni egallab, el orasida katta e’tibor topadi.

Ayni paytda ustoz so‘fiylar an’anasiga sodiq qolib, qo‘l kuchi bilan mutlaqo mehnati evaziga kun kechirish qoidasini mahkam tutadi. Uning muttasil dehqonchilik bilan shug‘ullangani, hatto hozirgi Bag‘dod tumani Chopdor qishlog‘idagi qumloq cho‘ldan 40 tanobcha yerni o‘zlashtirib, bog‘ barpo etgani va unga «Registon» deb nom qo‘ygani ma’lum. Shuningdek, bu yerda hovuz kavlatib, atrofiga bir necha bino va tegirmon qurdirgan. Bu joy qumga tushib davolanuvchilar uchun orombaxsh maskanga aylantirilgan ekan.

56 yoshda vafot etgan. Qabri qishlog‘ida.

Haziniy o‘z davrida juda katta shuhrat qozongan shoir. Mutaxassislarning aniqlashlaricha, XX asr boshlaridagi 19 toshbosma asarda uning she’rlaridan namunalar uchraydi. «Bayozi Haziniy» to‘plami 1910—1913 yillarda 7 marotaba chop etilgan. She’rlari mashhur xonandalar tomonidan qo‘shiq qilib kuylangan. Biroq sho‘ro davrida uning asarlariga yo‘l berilmadi. O‘g‘li Amakixon qo‘lida saqlangan devoni 1939 yili NKVD xodimlari tomonidan olib ketilgan. Hozirgacha topilgani yo‘q.

Shoir ijodini o‘rganish mustaqillikdan so‘ng mumkin bo‘ldi. 1992 yili Qo‘qon muzeyi xodimi, filologiya fanlari nomzodi Ahmadjon Madaminovning g‘ayrat va tashabbusi bilan «Tasadduq, yo rasululloh» degan ixcham to‘plami nashr etildi. Nihoyat, 1999 yili u to‘ldirilib, A.Madaminov, O.Jo‘raboyevlarning so‘zboshi maqolasi va professor Sharif Yusupov so‘ngso‘zi bilan «Devon» nomida chop qilindi.

Shoir she’rlarida, darhaqiqat, diniy mavzu yetakchi. Lekin bu shunchaki din targ‘ibi emas. Yuksak islomiy g‘oyalar, birinchi navbatda, islomiy e’tiqod va axloq bilan yashash targ‘ibidir. Komil inson targ‘ibidir. Shu jihatdan, undagi g‘oyalar bir qadar tasavvufiy mazmun kasb etadi. Muallif buni yashirmaydi. U «ishqi majoziy» va «ishqi ilohiy» nisbatini yaxshi his qiladi. Bularni bir-biriga qarama-qarshi qo‘ymaydi. Birini ikkinchisining davomi sifatida tushunadi.

Avvaldinkim majoziy ishqida umrimni o‘tkardim,
Qayu yerda parivash bo‘lsa, anga oshno bois,—

kabi satrlari yoxud:

Necha donolarni nodon ayladi ishqi majoz,
Yorning ko‘yida sarson ayladi ishqi majoz,-

matlai bilan boshlanadigan «Majoz» radifli g‘azalida buni ko‘rish mumkin.

Ayni paytda, shoir she’rlarida zamon sadolarini ham payqamaslik mumkin emas. U «nasoro bizga podshoh»lik qilib, «xonaqohda zikri haq mone’», «sharorat oshkor» bo‘lganligidan dod soladi. Boshqa bir she’rida esa, quyidagi satrlarni uchratamiz:

Voy, xor o‘ldi shariat, dinimiz bo‘ldi g‘arib,
Bu nechuk turfa alomat, dinimiz bo‘ldi g‘arib,
Yo yaqindirmu qiyomat, dinimiz bo‘ldi g‘arib,
Ko‘p rivoj oldi sharorat, dinimiz bo‘ldi g‘arib,
Barchadin ketti adolat, dinimiz bo‘ldi g‘arib.

 

Anbar Otin (1870-1914/1917)

Shoiraning hayoti va ijodidan fanimiz XX asrning 60-yillarida xabar topdi. 1963 yili professor L.Qayumov va F.Husayinova shoira asarlarini topib, e’lon qildilar. 1964 yili ushbu tadqiqotchilarning «Demokrat shoira Anbar Otin» risolasi bosilib chiqdi. 1970 yili shoira asarlarining to‘ldirilgan nashri amalga oshirildi.

Anbar Otin Qo‘qonda kosib oilasida tug‘ilgan. Otasi Farmonquli asli marg‘ilonlik bo‘lib, mashhur shoira Jahonotin Uvaysiyning jiyanidir. Onasi Ashurbibi Abdulg‘ani qizi ham kosib oilasidan edi. Oila doimiy muhtojliklar ichida yashagan. Anbaroy yetti yoshga kirganida uni Dilshod Otin maktabiga beradilar. U o‘z shogirdi haqida «Tarixi muhojiron» asarida shunday yozadi: «Anbaroy bug‘doyrang, sunbul sochli, ohu ko‘z, oy yuzli, axloqi hamida va odobi pisandida sohibidur. Bu sakkiz yashar qizcha yoshligiga qaramay, hazrati Navoiy g‘azallarini o‘rganishga behad qiziqadi. Bu ojiza sakkizdan o‘n to‘rt yoshgacha odob ta’limiga mashg‘ul bo‘ldi. Umidim borki, bu qizcha katta shoira bo‘lg‘usi».

Bo‘lajak shoirani o‘n to‘rt yoshlarida o‘ratepalik novvoy Zohidxo‘ja ismli yigitga uzatadilar. Zohidxo‘ja she’riyat muxlisi bo‘lib, qo‘qonlik mashhur shoirlarni yaqindan bilar edi. Ular faqirona, lekin baxtli turmush kechiradilar. Mo‘minxo‘ja, Bibixon, Usmonxo‘ja, Ominaxon degan farzandlar ko‘radilar. Anbaroy hassos she’rlari bilan «Anbar Otin» bo‘lib taniladi. Biroq baxtsizlik yuz beradi. Anbaroy o‘ttiz yoshlarida Olim mingboshining uyida bo‘lgan bir ziyofatda baland zinadan yiqilib, oyog‘i sinadi va bir umr to‘shakka bog‘lanib qoladi. Uning ustiga qizi Ominaxonning bevaqt vafoti shoira ijodidagi mahzunlikni ustuvor qilib qo‘yadi.

Shoira shafqatsiz taqdirga achchiqma-achchiq ijod etdi. Qo‘lidan qalamini qo‘ymadi. Aksincha, qalami unga kuch berdi. 1910 yili adabiyotimiz tarixining yorqin bir sahifasi bo‘lib qolgan «Qarolar falsafasi» asarini yaratdi.

Anbar Otinning qachon vafot etgani ma’lum emas. Ayrim she’rlarida Birinchi Jahon urushi bilan bog‘liq voqealar tasviri ham uchraydi. Shundan kelib chiqib, mutaxassislar uning vafotini 1914-1917 yillar qilib belgilaydilar.

Anbar Otin ijodining asosini uning she’riyati hamda «Qarolar falsafasi» nomli nasriy asari tashkil qiladi. Uning e’lon qilingan she’rlari adadi 90 ga yaqin. 1966 yili arab alifbosi harflariga bag‘ishlangan «Yakka baytlar»i topildi. Nihoyat, u o‘zbek va tojik tillarida birday ijod qila olgan shoiradir. 1977 yili adabiyotshunos M. Qodirova uning 17 she’rini o‘zbekcha tarjimasi bilan nashr etgan edi.

Shoira she’rlarida ijtimoiy-siyosiy mazmun kuchli. Uning uchun adolatsizlik konkret tushuncha. U buni, avvalo, jannatday yurtning o‘z egalari xor bo‘lib, kelgindilar tasarruf etayotganligida ko‘radi. Shu sababli yurtdoshlariga murojaat qilib, uni ozod va obod etmoqqa chaqiradi. U yozadi:

Ey go‘zal Farg‘ona, o‘zingni kel emdi, shod qil,
Har g‘azalni boshida, sen, o‘z otingni yod qil,
Qaydi bandni pora aylab, o‘zlugung ozod qil,
Qayg‘ulik qunlarni kuydur, barchasin barbod qil,
Emdi Turkistonda haqgo‘ylik ila faryod qil.

Bog‘laring pajmurda bo‘ldi zog‘larning poyidin,
Ko‘kraging sadpora bo‘ldi daydilarning yoyidin,
Katra-qatra qon tomodur o‘q teshkon joyidin,
Kip-qizil qonlar oqodur jabr ko‘rgon soyidin,
O‘z qo‘ling birla bu yurtingni o‘zing obod qil.

 

Samarqand adabiy muhiti

Samarqandda Abdulazim Sipandiy (1829—1909), Siddiqiy-Ajziy (1864-1927), Saidahmad Vasliy (1869/70-1925) kabi shoirlar ijod etdilar. Kattaqo‘rg‘onlik Ochildimurod Miriy (1830-1899) ajoyib epik dostonlar, masnaviylar yaratdi.«Ra’no va Zebo» (1884), «Qissai Salim Javhariy» (1887), «Rustam va Suhrob» (1897), «Majididdin va Faxruniso» (1899) kabi dostonlari, «Gulnoma», «Choynoma» singari doston-masnaviylari bilan o‘zbek epik poeziyasi taraqqiyotiga katta hissa qo‘shdi.

 

Siddiqiy Ajziy (1864-1927)

Shoirning asl ismi Saidahmadxo‘ja, Samarqandda tug‘ilgan. She’rlariga «Ajziy», doston va nasriy asarlariga «Siddiqiy» deb taxallus qo‘yadi. Ota-bobolari turkistonlik bo‘lib, Amir Abusaid zamonida, XV asrda Samarqandga ko‘chib kelib qolganlar.

Saidahmad 5—7 yoshlarida otasi Hasanxo‘ja vafot etib, dastlab bobosi Alixo‘ja qo‘lida, so‘ngroq usta Abdulqayum eshigida yetimlikda katta bo‘ladi. Yangasi qo‘lida savod chiqaradi. Ilmni mustaqil egallaydi. Zamondoshlari uning uquv-qobiliyatini alohida ta’kidlaydilar.

Tanqidchi va adabiyotshunos Vadud Mahmud (1897—1976) 1924 yili u haqda shunday yozgan edi:

«Buyuk bir iste’dodga ega bo‘lg‘onidan ko‘p san’atlarning us-tosidur. Boshlab Siddiqiy yaxshi bir texniqdur. Soat va moshi-nalarni tuzatmoq ishiga mohirdur. Yaxshi to‘quvchi va tikuvchidur. Ko‘p yillar bu san’at ila yashag‘ondur. Yaxshi ovchidur, musiqa bilan ham ancha shug‘ullangandur. O‘z tilidan boshqa arab, fors, rus tillarini biladur. Forscha she’rlari fors adabiyoti bilan yaxshi tanish ekaniga shohiddur. Arab va rus adabiyotlari bilan ham ancha oshinodur».

Ne’matulla Muhtaram uni o‘z «Tazkiratush-shuaro»siga kiritgan va shoirning ikki she’rini keltirib, muallifni shunday ta’rif etgan edi:

«Ajziy taxallusi zakovatpanoh, fatonatogoh, tarjumon ja-roid xushmandi, purdon maqosid xiradmandi Hoji Sayyidahmadxo‘ja Samarqandi astki, niholi tab’ashro Samarqand mukarrar ast. Asmoi anom az ta’tir ash’orash muattar… juz’i xubu xatti marg‘ub va tab’i baland uslub dorad…» (Ajziy zakovat egasi, fahmu idroklilar sarasi, xush-mandlig‘ ravishining ifodachisi, xiradmandlik istaklarining bilimdoni Hoji Saidahmadxo‘ja Samarqandiyning taxallusidirkim, (ul zot) tab’i daraxtining mevasi kabi (hamisha) qanddek totlig‘ erur hamda odamlar dimog‘i (aning) she’rlari atridan (doimo) muattardir. …Yaxshi xulqlik, yoqimli xatlik va tab’i baland bir kishidir…».

Ne’matulla Muhtaram keltirgan har ikki she’r forscha va ishqiy mavzuda.

Siddiqiy 90-yillarning oxirida hajga boradi. 1900 yilda Rusiyaning Jiddadagi elchixonasida tarjimonlik qiladi. Tiflisda Jalil Mamadqulizoda, Aliakbar Toirzoda (Sobir) bilan tanishadi.

Shoir 1901 yili ona yurtiga qaytadi va Halvoyi qishlog‘ida usuli jadid maktabi ochadi. Uning uchun darsliklar yozadi. Ayni paytda, «Aynul-adab» («Odob ko‘zi»), «Ganjinai hikmat» («Hikmat xazinasi») kabi she’riy to‘plamlar, «Anjumani arvoh» («Ruhlar yig‘ini»), «Mir’oti ibrat» («Ibrat oynasi») kabi dostonlar yozib, chop ettiradi. Qizig‘i shundaki, bu asarlarining ikki-tasi dastlab do‘stlari ko‘magida Tiflisda 1909 yili forscha nashr Qilingan. O‘zbekcha ishqiy she’rlari saqlanmagan. Zamondoshlarining guvohlik berishlaricha, haj safaridan so‘ng qarashlarida ma’lum o‘zgarishlar yuz berib, eski ishqiy-intim she’rlarini, shu jumladan, forschalarini ham albatta, kuydirib tashlagan. «Mir’oti ibrat»ning o‘zbekchasini Samarqandda 1914 yildagina bosdirishga muvaffaq bo‘ldi.

Mirzo Sodiqning «Dahmai shohon»ini esga tushiruvchi «Anjumani arvoh»da osmondan ikki kishi shohlik libosida tushib keladilar va o‘z tillaridan o‘zlarini fosh etadilar. Ular Buxoroning marhum amirlari Muzaffarxon va Abdulahadxon edilar.

Ismoilbek Gaspralining «Dorur-rohat musulmonlari» romaniga hamohang, uning ta’sir va ilhomi yaqqol sezilib turadigan «Mir’oti ibrat»da shoir xayoliy mamlakatlarga safar qiladi. O‘z orzusidagi Samarqandni chizib beradi. U ozod, obod, farovon, ilm-fan samaralaridan muzayyan edi. Unda, hatto shunchaki televideniye emas, biz bugun, 70—80 yildan keyin guvoh bo‘lib turgan videotelefonlar haqida gap ketadi.

Asarning «Xotima»sida esa shoir asl maqsadini shunday ifoda qilgan edi:

Do‘rt ish bana bundan erdi maqsud,
Bundan o‘la xalq baxti mas’ud:
Ilmi a’lo olmoq va fununni,
Davlatni, lisonni, zakunni.
Har qavm bulardin o‘ldi mahrum,
Istiqboli holidin o‘lur shum.

Demak, uningcha, ilm-fan, davlat, til, qonunsiz hech bir millatning istiqboli yo‘q. Bu to‘rt narsani qo‘lga kiritmagan millat halokatga mahkumdir.

1914 yilning 3 yanvarida u bunday fikrlari uchun mutaassiblar tomonidan «kofir» deb e’lon qilinadi.

Shoirning o‘zbekcha g‘azallari «Aynul-adab»da to‘plangan. Ularda oyoq ostida qolgan millatning mudhish ahvoli, tutqun Vatanning faje’ manzaralari so‘ngsiz bir iztirob bilan tasvir etilgan.

U she’rga yangi mazmun, yangi ruh olib kirdi. Alvon chechaklarda qip-qizil qon ko‘rdi. Uning qirmiz yaproqlarini «xuni nohaq» rangidan qizargan «xoki vatan» deb atadi. «Vatan xarobasini isloh» qilishga, buning uchun «ittihod» (birlashish)ga chaqirdi.

Siddiqiy Ajziy 20-yillarda ham samarali ijod qildi. Hajviyalar yozdi. 1927 yili umrining katta qismini o‘tkazgan Halvoyi qishlog‘ida vafot etdi.

1989 yilda shoir tavalludining 125 yilligi nishonlandi. 1999 yilda uning «Tanlangan asarlar»i chop etildi.

 

Saidahmad Vasliy (1869/70-1925)

Shoir, olim, tarjimon, publitsist va nihoyat, mudarris sifatida mashhur Saidahmad Samarqandning Ko‘kmasjid guzarida pichoqchi usta Saidazim xonadonida tug‘ilgan. Samarqand, Buxoro, Toshkent madrasalarida o‘qigan. 1902 yili xatmi kutub qilib, Buxoro madrasalaridan birida dars beradi. 1909 yildan keyin esa Samarqandning Shohizinda, Orifjonboy madrasalarida mudarrislik qiladi.

Vasliy o‘z ona tilidan tashqari arab, fors tillarida ham erkin yoza olgan. Turkiston, Buxoro, Xorazm ilmiy-adabiy davralarida tanilgan, faol va sermahsul ijodkor edi. Mutaxassislar undan 12 ming bayt she’r, 25 ilmiy risola yetib kelganini ma’lum qiladilar.

Eng muhim asarlari: «Aslul-ahkom» (Hukmlar asli), 1904, Samarqand, forscha; «Asosul-islom» (Islom asoslari), 1904, Samarqand, forscha; «Armug‘oni do‘ston va tuhfatul-ahbob» (Do‘stlar armug‘oni va seviklilar tuhfasi), Samarqand, 1909, forscha she’riy to‘plam; «Aqoidi g‘ayri manquta» (Nuqtasiz harflar imlosi), arabcha darslik, Samarqand, 1909; «Naf’ut-tolib» (Talaba manfaati), Toshkent, 1912; «Madaniyat va shariati islomiya», Toshkent, 1915, forscha; «Adabuddin yoxud milliy she’rlar», Toshkent, 1911, o‘zbekcha she’rlar to‘plami; «Devoni Vasliy», Toshkent, 1912, o‘zbekcha she’rlar to‘plami; «Al-kalomul-afham fi manoqibil-Imomi A’zam» (Imom A’zam sifatlari borasida so‘z), Toshkent, 1914, arabchadan forschaga tarjima; «Nazmussilsila» (Xoja Valixon Urgutiyning shajara va sifatlari haqida), Samarqand, 1913, forscha, masnaviyda yozilgan. Bulardan tashqari, arab tili sarfu nahviga oid qanchadan-qancha asarlar muallifi. Hoji Muinning qayd etishicha, Vasliy Abdurahmon Jomiyning «Bahoriston»ini ham o‘zbekchaga tarjima qilgan.

Yuqoridagi asarlardan ayrimlari bosilib ham chiqdi. Masalan, Saidbek Hasan 1991 yili shoirning Imom A’zam haqidagi tarjima asarini o‘zbekchaga ag‘darib, chop ettirgan edi. Xoja Valixon Urgutiy haqidagi kitobni mashhur piri murshidning evarasi Badia Muhiddinova 2001 yili tarjima va izohlar bilan nashrga tayyorladi.

Vasliy she’rlarida davrning muhim masalalari ko‘tarilgan. Masalan, bir she’rida «Millat qul o‘ldi o‘zgalara, bu nechuk jafo?!» degan haqli savolni qo‘ysa, ikkinchi bir o‘rinda, Ro‘siya timsolida kirib kelayotgan g‘arb axloqsizligini hajv ostiga oladi:

Cho‘q kimsalarki, tutdi franso‘z peshasin,
Islom adabini unutgi, bu ne balo?!

U ham Ajziy singari «xastau bemor», «siynasi to‘la ozor» millati uchun o‘rtanadi. Uni obodlikka, ozodlikka yetaklaydigan «ustod»ni, buning uchun esa hamjihatlikni, «ittifoq»ni orzu qiladi:

Bizlara bir maktabi obod yo‘q,
Maktabimiz bor, anga ustod yo‘q.
Tarbiyati zumrai avlod yo‘q,
Oh, bizim dillarimiz shod yo‘q.
Millata bir ravnaqi mo‘tod yo‘q,
Millat uchun navhau faryod yo‘q,
Kulfatu g‘amdin bizi ozod et,
Vasliyi dilxastaya irshod et.

Vasliy publitsist sifatida o‘nlab maqolalar e’lon qilgan. 10-yillarda «Turkiston viloyatining gazeti», «Sadoyi Farg‘ona», «Sadoyi Turkiston» gazetalarida bosilgan, adabiyotning jamiyatdagi o‘rni, xotin-qizlar ozodligi, teatrga, ishqiy g‘azallarga munosabat masalalariga bag‘ishlangan bu maqolalar qizg‘in bahslarga sabab bo‘lgan. Bu bahs «Oyna», «Al-Isloh» jurnallariga ham o‘tgan, keng omma fikrining charxlanib borishida, shubhasiz, katta ahamiyatga ega bo‘lgan. Vasliy fikrlarining ayrimlari chindan ham bahsli bo‘lib, o‘sha zamon nuqtai nazaridan eskirgan edi. Xususan, «tasattiri nisvon» (ayollar hijobi), she’r va «ilmi balog‘at» hamda teatr hakddagi qarashlari. Shuning uchun ham yoshlarning bir guruhi uning ayrim chiqishlarita qattiq e’tiroz bildirgan edilar.

Vasliy 1917 yil 27 noyabrda e’lon qilingan Turkiston muxtoriyatini hayajon bilan qarshi olgan va ehtirosli nutq so‘zlagan edi.

Adib 1925 yili vafot etdi.

 

Toshkent adabiy muhiti

Toshkent Turkiston general gubernatorligining markaziy shahri bo‘lganligidan yevropalashish jarayoni bu yerda tezroq va sezilarliroq kechdi. Ma’muriy-madaniy, maishiy-tijoriy qurilishlar, idora va turmush yangiliklari, matbaa, teatr, kutubxonalar, rus-tuzem maktablari, gimnaziya, seminariya kabilar, tabiiyki, adabiyotda o‘z aksini topdi va muayyan ta’sirini ko‘rsatdi. Shularga ko‘ra, Toshkentda ko‘proq matbaachilik, ya’ni noshirlik va gazetachilik rivojlandi. Tarjimachilik, birinchi navbatda, ruschadan tarjima taraqqiy topdi. Chimkentlik ma’rifatparvar Sattorxon Abdug‘afforov (1843—1901) 80— 90-yillarda, mashhur Furqat (1859-1909) 1889-1891 yillarda «Turkiston viloyatining gazeti»da bevosita ishlaganlari va o‘z hayotlari davomida ushbu gazeta bilan muntazam hamkorlikda bo‘lganlarini eslash kifoya. Ayni paytda, an’anaviy adabiyot ham avjda edi. Buni ushbu davr ijodkorlaridan Mo‘minjon Muhammadjonov-Toshqin (1883-1964)ning 40 dan ortiq shoir haqida ma’lumot beruvchi «Toshkentlik va Toshkentda bo‘lgan o‘zbek shoirlarining tarjimai hollari» (1948) asaridan ham ko‘rish mumkin.

Adabiy-madaniy muhit ko‘proq shaharning «Ko‘kaldosh», «Beklarbegi», «Baroqxon», «Xoja Ahror» madrasalarida kechdi. Ay-niqsa, dastlabki ikkitasining mavqei juda baland edi. «Ko‘kaldosh»da mashhur xattot, «Tig‘bandiy» taxallusi bilan she’rlar ham yozib turadigan Shohmurod kotib (1850-1922), Qosimxonto‘ra Muztarib (1858-1944), «Beklarbegi»da «qashshoq mulla» nomi bilan tanilgan Rahimxo‘ja Xatmiy (1835-1908), o‘ttiz yoshida «Baroqxon»ga mudarris bo‘lgan mashhur bedilxon Alouddin Fununiy (1861—1932) kabi qalamkashlar atrofida olimu fozillar, she’r muhiblari hamisha gavjum bo‘lganlar. 1890 yili Furqat, 1899 yili Muqimiy «Ko‘kaldosh»da turganlar. Karimbek Kamiy (1865-1922), Qodirqori Ramziy (1861-1943), Afandixon maxzum Axtariy (1870-1946) bilan uzoq suhbatlar qurganlar. Sayyid Haybatullo Xislat (1880-1945), Mullo Qo‘shoq Miskin (1880-1937), Sirojiddin Sidqiy Xondayliqiy (1884-1934) «Ko‘kaldosh»ga endigina qatnay boshlagan paytlar edi.

90-yillarda «Ko‘kaldosh»ning nufuzi katta bo‘lgan bo‘lsa, asr boshlarida «Beklarbegi»ning rutbasi baland edi. Eski Jo‘vadagi mashhur «Turon» kutubxonasidan kunchiqarga ko‘tarilaverishda joylashgan, katta darvozasi kunbotarga qaragan, ikki qavatli bu dargoh hujralaridan birida Karimbek Kamiy faqirona hayot kechirardi. Yana birida Shayx Sadiyning «Guliston»ini shu yillari o‘zbekchaga o‘girgan Murodxo‘ja domla istiqomat qilardi. Mushoira-musohabalar uzilmasdi. Goh mudarris Mirahmadxon Miriy (1833—1916)ning Ko‘kcha daha O‘zgat mahallasidagi hovlisida, goh Qori Fazlulloh Almaiy (1852—1891)ning Qo‘shtutdagi uyida, ba’zan Kamiy hujrasida bedilxonlik bo‘lardi. Ularda ba’zan Samarqanddan Vasliy, Xo‘janddan Toshxo‘ja Asiriy (1864-1916), Qo‘qondan Hoji Muhyi ham ishtirok etardilar.

1903 yili «Beklarbegi»ning bosh mudarrisi Shomahmud domla vafot etib, o‘rniga Kadubod (hozirgi Qorasaroy) mahallasidagi madrasa mudarrisi Bahodirxon keladi. U 1910 yili vafot etganida Yusuf Saryomiy marsiya yozib:

Bahodirxoni maxdumi mudarris,
Charog‘i ilmi xurshidi falakroy.
Atorudxomai donishsurayyo
Shuoi ilmu fazli charxi farsoy,-

deb ta’rif etgan edi.

 

Yusuf Saryomiy (1845-1912)

«Yassaviy maktabi» deb atalgan, XII asrdan XX asr boshlarigacha, Ziyovuddin Haziniy ijodigacha bo‘lgan qatlamni qamrab olgan mutasavvif shoirlar sirasiga mansub.

Ismi Muhammad Yusuf (xalq orasida «Mamayusuf», «Mayusuf»), otasining oti Abdushukur, «Saryomiy» esa taxallusi nisbadir. «Tazkirai Qayyumiy»da Sayramda tug‘ilib, Toshkentda o‘qiganligi, ismini «Yusufiy» taxallus etgani aytiladi.

Ilk ta’limni otasi Mulla Abdushukurdan oldi. So‘ng Toshkent, Buxoro madrasalarida o‘qidi. Madrasa tahsilining katta qismi «Beklarbegi»da kechdi. Keyinchalik ham bu dargohda tez-tez bo‘lib turar edi. Toshkentga kelganida ko‘proq qalandarxonalik Qosimxonto‘ra-Muztariblarnikiga tushar, shu yerda otini qoldirib, Samarqand, Buxoro, Xo‘jand, Qo‘qon, Farg‘ona shaharlariga shoir va olim do‘stlarinikiga yo‘l olar ekan.

Xattotlik, kosiblik, muhrdorlik bilan shug‘ullangan.

1912 yilning birinchi yarmida Sayramda vafot etgan. Qabri o‘sha yerda.

Shoirning she’rlari hayotligida turli bayoz-to‘plamlarda bosilgan. 1914 yili shogirdi Tavallo ustozi asarlarini yig‘ib, «Devoni Mavlaviy Yusuf Saryomiy» nomi bilan nashr ettirdi. Sho‘ro davrida uning ijodiga yetarli e’tibor berilmadi. Ko‘pincha, diniy-mistik shoir sifatida qoralandi. Shunga qaramay, ayrim mutaxassislarimiz asarlaridan ayrim namunalarni antologiyalarga kiritdilar. Maqsud Shayxzoda esa shoirning yuksak she’riy mahoratiga diqqatni qaratdi.

Saryomiy ijodi, asosan, mustaqilliqdan so‘ng o‘rganilib, haqqoniy baholanmoqda. Jumladan, 1999 yili M.Tojiboyeva «Yusuf Saryomiy hayoti va ijodi» mavzuida nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi. 2002 yili esa u professor B.Qosimov bilan birgalikda shoirning hozircha bizga ma’lum bo‘lgan she’rlari asosida nisbatan to‘liq hisoblangan «Tanlangan asarlar»i nashrini amalga oshirdi.

Ayrim mutaxassislar Sayram tarixiga bag‘ishlangan diniy-afsonaviy mazmundagi «Risola» nomli asarni ham Yusuf Saryomiyga nisbat beradilar. Lekin bu hali qo‘shimcha dalil va ma’lumot talab qiladi.

«Yusuf», «Yusufiy» taxallusi bilan she’rlar yozib, zamonasida katga shuhrat qozongan bu shoirning she’riyati tasavvuf doirasida qolgan emas. Unda «ishqi majoziy» yo‘nalishidagi she’rlar, muayyan tarixiy shaxslar, voqealarga bag‘ishlovlar, hatto hajviyalar ham bor. Masalan, uning «Ohkim, qildi bukun tarki jahon echkiginam» deb boshlanadigan, qochiriqlarga g‘oyat boy «marsiya-hajviya»si milliy uyg‘onish davri adabiyotining eng ko‘rkam namunalaridan. Qolaversa, u an’anaviy poetik janrlarni zamonga xizmat ettira olgan, unga davr hodisalarinigina emas, ruhini ham imkon doirasida kiritishga muvaffaq bo‘lgan shoir edi.

 

Saidrasul Aziziy (1866-1933)

Davr yetishtirgan yangicha qarashdagi ziyolilar vakili. Toshkentda tug‘ilgan. Otasi Saidazizxo‘ja zamonasining ilmli odamlaridan bo‘lgan. Boshlang‘ich ta’limni eski maktabda oladi. So‘ng Toshkentdagi «Madrasai Mahmud dasturxonchi»da o‘qiydi. Rus tilini mustaqil o‘rganadi. 1-rus-tuzem maktabini bitiradi. «Madrasai Mahmud dasturxonchi»da mudarrislik  qiladi. 1900 yili Toshkentdagi o‘zi o‘qigan rus-tuzem maktabiga ishga taklif qilinadi. So‘ng O‘qituvchilar seminariyasida «sharqiya muallimligi»ni olib boradi. Shu sababli bo‘lsa kerak, xalq orasida «nasoro maxsum» («kofir maxsum») deb nom olgan.

Aziziy 1910 yili Moskva va Peterburgda bo‘ldi. Rus maktabida ishlab yurgan kezlari general K.N. Blyumer bilan yakdndan tanishadi. Aziziy unga fors tilini, u esa, o‘z navbatida bunga rus tilini chuqurroq o‘rganishga qo‘maklashadi. Blyumer 1909 yili xizmatdan bo‘shagach, Aziziyni Rusiyaga taklif qiladi. Uning sayohat xotiralari «Turkiston viloyatining gazeti»da 1910—1911 yil sonlarida bosilib chikdi.

Oktyabr o‘zgarishidan keyin Turkiston Sharqshunoslik institutida o‘qituvchilik qildi. Adliya xalq komissarligida ishladi. 1933 yil 3 fevralda Toshkentda vafot etdi.

Aziziy shoir ham edi, lekin maktablarni isloh qilish, ilk zamonaviy maktab darsliklari yaratish borasidagi xizmatlari samaraliroq bo‘ldi. U rus-tuzem maktablarida dars berish jarayonida undagi yevropacha o‘qitish usuli, ta’lim-tarbiya tizimini kuzatib, uni mahalliy maktablarga olib kirishga urindi. Rus maktablaridagi darsliklar, xususan, Sirdaryo xalq bilim yurti direktori S.M.Gramenidkiyning o‘qish kitoblari bilan qiziqdi. Buning natijasi sifatida «Ustozi avval» darsligi maydonga keldi.

«Ustozi avval» – birinchi o‘zbekcha alifbe darsligi. 1900 yili yozilib, 1902 yili bosilib chiqdi. 17 marotaba nashr qilindi.

Asarning qurilishi: muallif dastlab harflar va ularning yozilish tartibi bilan tanishtiradi. So‘ng ularga ixcham matnlar ilova qiladi. Shu tarzda 20 ga yaqin hikoya keltirilgan: uchtasi she’riy, qolganlari nasriy.

Hikoyalar mazmuni uch yo‘nalishda: 1) xalq og‘zaki ijodi va mumtoz adabiyotimizdan olib yozilgan; 2) rus klassik adabiyetidan qilingan tarjimalar; 3) muallifning o‘zi yaratgan.

S. Aziziy rus adabiyotidan qilingan ilk badiiy tarjimalar mualliflaridan. U I.Krilov masallaridan, L.N.Tolstoy hikoyalaridan tarjimalar qilib, darsligiga kiritdi. Tarjimashunos olimlarimiz aniqlashlaricha, XIX asrning oxiri XX asr boshlarida L.N. Tolstoyning kichik asarlaridan 34 tasi tarjima qilinib, o‘zbekcha darsliklarga kiritilgan. Shular orasida «Ustozi avval»ning ma’lum o‘rni bor.

Fitrat, Cho‘lpon, Krdiriy timsolidagi chinakam yangi adabiyotimizning maydonga kelishida ijtimoiy-siyosiy shart-sharoit bilan birgalikda mazkur madaniy-adabiy o‘zgarishlar ham muhim omillardan bo‘lgan edi.