Mixli Safarov. Oybekning ezgu armoni

XX asr o‘zbek adabiyoti bugun Istiqlol maydonga keltirgan ijtimoiy adolat va haqiqat mezonlari asosida qayta idrok etilmoqda. Jumladan, o‘tgan asr o‘zbek adabiyotining ulkan namoyandalaridan bo‘lgan Oybekning adabiy merosi ham yangicha talqin etilayotir. Albatta, Oybek — o‘z davrining farzandi edi va uning ijodida sho‘ro davrining dunyoqarashi muayyan darajada aks etgan. Biroq, shu bilan birga, bu adabiy merosda faqat ustoz Oybekka xos maftunkor, yorqin iste’dod dunyoga keltirgan badiiyat mo‘jizalari ham borki, ular ham adabiyotimizning faxri, ham bugungi ma’naviy taraqqiyotimizning bebaho boyliklaridan bo‘lib qolaveradi.
“Na’matak” she’ri shunday adabiy mo‘jizalardan biridir. Uning o‘ziga xos tarixi bor. 1936 yili O‘zbekistonda Pushkin yubileyiga tayyorgarlik boshlandi. Shu munosabat bilan Oybek, Hamid Olimjon, Abdulla Qahhor, Uy- g‘un, Usmon Nosir, Temur Fattoh kabi adiblar Chimyonda bir necha oy mobaynida Pushkin asarlarini tarjima qilish bilan shug‘ullandilar. Oybekka “Evgeniy Onegin” she’riy romanining tarjimasi topshirilgandi. Xuddi shu kunlari Oybek Chimyonning ko‘rkam tabiatidan ilhomlanib “Chimyon daftari” deb nom olgan bir turkum she’rlar yaratdi. “Na’matak” ana shu turkumdagi asarlardan biridir. She’r birinchi marta “Guliston” jurnalida 1936 yili bosiladi.
Sho‘ro davri adabiyotshunosligi ham bu falsafiy she’rni Oybek ijodining yutuqlaridan biri sifatida baholagan. Uni hayotsevar shoirning his-tuyg‘ularini yorqin aks ettiruvchi asar, deb tal- qin etdilar.
Shu bilan birga, “Na’matak” she’rining badiiy dunyosiga chuqurroq nazar tashlagan, uning mohiyatini, zamiridagi haqiqat va jozibani ancha teran ochgan adabiyotshunoslarimiz xizmatini ham unutmasligimiz kerak.
Adabiyotshunos Homil Yoqubov Oybekka bag‘ishlangan kitoblarida “Na’matak” she’ridagi “Nafis chayqalayotgan na’matak” va “o‘shshaygan qoya”, na’matakning “so‘nmas tabassum”i hamda “vahshiy tosh” kabi qarama-qarshi timsollar unga dramatik ruh bag‘ishlaganligini ta’kidlaydi. Ammo ana shu “dramatik ruh” talqinini chuqurlashtarmaydi. Bunga adabiyotshunosning imkoniyati ham yo‘q edi.
Yana bir olimimiz Ozod Sharafiddinov “Yillar va yo‘llar” nomli maqolasida “Na’matak”ni hozirgi she’riyatda falsafiylikni kuchaytirgan asar sifatida baholab, shunday deydi: “ Tog‘da o‘sgan bir tup yovvoyi gul shoir qalbida bir dunyo poetik assotsiatsiyalar, obrazlar uyg‘otadi. Natijada, o‘zbek lirikasining mumtoz namunalaridan biriga aylangan lirik she’r tug‘iladi. She’rning go‘zalligi shundaki, shoir tog‘ yon bag‘rida o‘sgan, izg‘irinlarga, sovuq shamollarga, bo‘ronlarga bardosh berib, ularning hamlalaridan omon qolgan, bir savat oq gulni quyoshga tutib, bulutlarga bosh ko‘targan na’matak obrazi orqali nurni, hayotni ulug‘laydi. Na’matak — hamisha navqironlikka, hamisha nurga, mukammallikka intilishning, hayot qudratining poetik ramziga aylangan.”
Xullas, H.Yoqubov va O.Sharafiddinovning talqinlarida “Na’matak“ she’rini mumtoz bir badiiy asarga aylantirgan eng muhim xususiyatlar ancha aniq ko‘rsatilgan.
Shu bilan birga, Oybekning “Na’matak” she’ri tabiatida, mustaqillik davri dunyoqarashidan kelib chiqib qaralsa, yanada chuqurroq ijtimoiy-estetik ma’nolar mavjuddek.
“Na’matak” dunyoga kelgan o‘tgan asrning o‘ttizinchi yillari sharoitida ijtimoiy-siyosiy vaziyat ancha murakkablashgan, milliy respublikalar, xalqlar boshida qatag‘on siyosatining qora bulutlari quyuqlashib kelayotgan bir davr edi. Millatlarning eng ilg‘or farzandlariga “xalq dushmani”,”yangi tuzumni ichdan qo‘poruvchi shaxslar” kabi qabilidagi mudhish ayblar qo‘yilmoqda edi. Hayotda qo‘rquv, tahlika kuchli edi. Odamlar har bir yangi kunni hadiksirab kutib olardi. Bunday g‘ayriinsoniy vaziyat O‘zbekistonni ham qamrab olgan edi. 1927 yilning 14 fevralida Ayn (Olim Sharafiddinov)ning “Qizil O‘zbekiston” gazetasida “O‘zbek shoirlari. Cho‘lpon” degan maqolasi bosildi. U Cho‘lponni “millatchi, xayolparast, badbin ziyolilar shoiri”, deb aybladi. Shu gazetaning 1929 yildagi 22 va 28 yanvar sonlarida bosilgan Sotti Husaynning “O‘zbek adabiyotining hozirgi muhim masalalari” nomli maqolasida esa, Abdulla Qodiriy, Fitrat, Cho‘lpon “o‘ng burilishdagi yo‘lovchi” adiblar, deb mafkuraviy qoralab chiqildi. Xuddi shu maqolada mafkuraviy tanqid tig‘i Oybekka ham qarshi qaratilib, unga “og‘machi yo‘lchi”degan tamg‘a bosiladi. Ayniqsa, 1936 yillarga kelib, dahanaki siyosiy ayblovlardan amaldagi qama-qamalarga o‘tildi.
Ozodlik topdim, deb adashgan va sho‘ro rejimida yanada shafqatsizroq sinovlarga duchor bo‘layotgan ona millatning qismati, uning atoqli namoyandalari boshiga tushayotgan kulfatlar Oybekning qalbini qiynamoqda edi. Bizningcha, “Na’matak” ana shunday o‘ylar, kechinmalar natijasida tug‘ilgan va ularni o‘ziga xos ramzli bir yo‘sinda aks ettirgan.
Bu nimalarda ko‘rinadi? Bir qarashda, “Na’matak” betakror go‘zal tabiat manzarasidan shoir qalbida tug‘ilgan cheksiz zavq-shavqi taassurotlarinigina o‘zida ifoda etgan bir she’rga o‘xshab ketadi.

Nafis chayqaladi bir tup na’matak
Yuksakda, shamolning belanchagida…

Bu ko‘tarinki, romantik ohanglar, darhaqiqat, ona tabiat go‘zalligiga shukuhli qasidadir. Biroq shundan keyin she’rning keyingi satrlarida “viqor-la o‘shshaygan qoya”ga, “vahshiy toshlar”ga, “vahshiy qoyalar”ga — quyoshga bir savat oq gul tutib turgan na’matak timsoli qarama-qarshi qo‘yiladi. Bunday muqoyasa she’rga ichki dramatik bir shiddatni olib kiradi. Unga o‘ziga xos falsafiy mazmun bag‘ishlaydi. Bu dramatik muqoyasa zamirida nimalar bor? Bu qarama-qarshi timsollar to‘qnashuvidan chaqnagan fikr, falsafa nimani anglatadi?
Nazarimizda, Oybek she’ridagi Na’matak guli — ona xalq, Vatan ramzidir. Na’matak o‘shshaygan qoyalar, vahshiy toshlar bag‘rida, ularning o‘shsha- yishi, vahshiyligi muhitida mavjud esa-da, baribir, o‘z hayotiy qudratini namoyish etib, barq urib, gullab-yashnab quyoshga, nurga, baxtu saodatga talpinib yashashdan qaytmaydi. Uni hech bir kuch bunday intilishlardan qaytara olmaydi. Na’matak — xalq timsolidir. Uni o‘rab turgan o‘shshaygan, vahshiy qoyalar va toshlar, bizningcha, Oybekning na’matakday go‘zal va yorug‘likka talpinuvchi ona xalqini zimdan ta’ – qib etib kelayotgan, unga siyosiy zo‘ravonliklar ko‘rsatgan qizil saltanatning timsollaridir.
“Na’matak” she’rida yana bir muqoyasa ko‘zga tashlanadi. Shoirga sevimli bo‘lgan na’matak o‘shshaygan, vahshiy qoyalardan ustun! Yuksakda, osmonlar belanchagida! Shoir nazarida, go‘zal na’matakning vahshiylik va o‘shshayishlardan yuksaklikda, quyoshga talpinib turishi uning o‘z ona xalqi kelajagining payti kelib baribir porloq va baxtli bo‘lishiga qat’iy ishonchini ramziy tasdiqlaydi.
She’rda yana bir nozik muqoyasa borki, uni e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi: bu — na’matakka xos bo‘lgan nafislik va uning poyidagi toshlar hamda qoyalarning o‘shshaygan sovuqligi o‘rtasidagi ziddiyatdir. Shundayki, “Na’matak” o‘zining mayin tovlanishlari va raqsi bilan hatto vahshiy toshlarga ham fusun beradi. Xuddi shu muqoyasa, fikrimizcha, vahshiy, kuchli saltanat va uning bag‘rida yashashga majbur bo‘lgan mayin, muloyim tabiatli xalqimizni ko‘z o‘ngimizda o‘ziga xos bir tarzda jonlantiradi.
“Na’matak” she’rida yana bir satr bor, daf’atan qaraganda, u bizning nuqtai nazarimizni shubha ostiga qo‘yadigandek tuyuladi. Bu: “Vahshiy qoyalarning ajib ijodi” misrasidir. Demak, xulosa qilish mumkinki, na’matak guli vahshiy qoyalarga go‘yo begona emas, balki uning farzandi, uning “ ijodi”. Biroq, andak sabr: xulosada shoshilmaylik va shoirning ushbu misradagi “ajib” so‘zining tutgan o‘rni va u anglatayotgan ma’noga e’tiborni qarataylik. Ya’ni na’matak — o‘shshaygan, vahshiy qoyalarning tabiiy emas, balki, “Ajib”, g‘alati, hatto kutilmagan deyishimiz mumkin bo‘lgan farzandidir.
Xullas, Oybekning “Na’matak” she’ri, bizningcha, shunchaki ona tabiat go‘zalligiga oshufta ko‘ngildan tug‘ilgan bir qo‘shiqqina emas, balki bu ko‘ngilda, Oybekning o‘z iborasi bilan aytsak, “milliy tuyg‘ular mahkam o‘rnashgan”. Uning dunyosidan tug‘ilgan “Na’matak” she’ridagi ramziy timsollar esa chuqur vatanparvarlik, millatparvarlik tuy- g‘ulari bilan yonib turadi.
Endi “Na’matak” she’rining badiiy vositalaridagi o‘ziga xoslik ustida qisqacha to‘xtalaylik. Garchi, she’r o‘zida betakror bir tabiiy manzarani suvratlagan bo‘lsa-da, ammo yuqorida ko‘rdikki, bu manzaraning har bir bo‘yog‘i yorqin va o‘tkir ma’noli ramzlarga aylangan. Hayotda qatag‘on xurujlari kuchaygan, adabiyotga mafkuraviy zo‘ravonlik ko‘rsatilayotgan bir davrda esa, so‘z san’atkorlari beixtiyor ramzlar, timsollar tili bilan so‘zlashga o‘tishi tabiiy bir holdir. Bu jahon adabiyoti tajribalaridan ayon. Oybek ham o‘sha jasoratli vatanparvarlik o‘y-kechinmalarini mud- hish sharoitda bundan boshqacha tarzda ifoda eta olmas edi.
Odatda, Oybekning bu yo‘nalishdagi ijodiy izlanishlariga Blok, Balmont kabi rus simvolist shoirlarining ko‘rsatgan ta’siri tadqiqotlarda alohida ta’kidlanadi. Bizningcha esa, Oybekning tabiat lirikasida ko‘proq Cho‘lpon ijodining ta’siri ko‘zga aniqroq tashlanadi. Oybekning o‘zi Cho‘lpon she’riyatini chuqur sevgan, uning sodda tili, “totli uslubi” haqida maqolalarida muhabbat bilan gapirgan. Ramzlar tili bilan Vatan, xalq qismati haqida so‘zlash esa Cho‘lpon she’riyatining bosh xususiyatlaridan biri edi. Dadil aytishimiz mumkinki, Oybekning “Na’matak” she’rida Cho‘lpon an’analari ko‘zga tashlanadi.
Oybek ona tabiatning hassos nafasli, teran o‘y-fikrli, yorqin va boy bo‘yoqlar dunyosini nozik ilg‘agan kuychilaridan biri edi. Ammo “Na’matak” shoirning tabiat haqidagi she’rlari orasida o‘zining teran dardli mazmuni bilan beqiyos bir gavhar kabi porlab turadi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2002 yil 32-sonidan olindi.