Kenjabek Dolimov. Bobur qanday kasallikdan vafot etgan?

“Boburnoma”ni har gal o‘qiganimda ham jismonan, ham aqlan baquvvat inson bo‘lgan Boburning juda yosh — 47 yoshda hayotdan ko‘z yumgani meni taajjubga soladi. Ko‘p jangu jadallar  jarohatlariga bardosh bergan Bobur o‘z vatanida amalga oshirolmagan tadbirlarni Hind elida amalga oshirib, u yurtda bor-yo‘g‘i 5 yil umr ko‘rdi, 47 yoshida — otasi Umarshayx yoshida olamdan o‘tdi.
Bobur og‘ir janglarda ko‘p jarohatlar oladi, lekin omon qoladi. Shunda u quyidagi baytni yozadi:

Agar tig‘i olam bijunbad zi joy,
Naburrad rage to naxohad Xudoy.

(Mazmuni: Agar olam tig‘i o‘z tig‘idan qo‘zg‘olsa, Xudo xohlamasa, biror tomirni ham qirqmaydi.)
Ma’lumki, Hindiston dori-darmon, mislsiz ko‘p xil giyohlarga boy o‘lka. Shu bilan birga, zaharli o‘simlik va jondorlarning eng xavflilari ham shu o‘lkada mavjud: ilon zahri, qoraqurt zahri, tarkibida kuchli zahari bor giyohlar, o‘simliklar (kurare mevasi va boshqalar).
Men tabobat xodimi sifatida Bobur va uning hayotiga oid tarixiy manbalarda shoir hayotining so‘nggi yillaridagi hol-ahvoli, ruhiyati va, nihoyat, uning jismoniy holatining bayoniga e’tibor berdim. “Boburnoma”da, Gulbadanbegimning “Humoyunnoma” asarida yozilishicha, Ibrohim Lo‘diyning onasi Bayda bergan zahardan Bobur zaharlanadi va og‘ir kasalga chalinadi, ammo tirik qoladi.
Manbalarda bayon etilishicha, shu taomni Bobur bilan birga iste’mol qilgan bir xodim o‘sha zahoti o‘ladi. Berilgan zahar juda kuchli bo‘lgan. Bu holat Boburning jismoniy baquvvatligini ko‘rsatuvchi yana bir faktdir. Ammo uning salomatligi butunlay tiklanib ketmaydi. Kundan-kunga ahvoli og‘irlashib boraveradi. Ahvoli yomonlashishining tibbiy manzarasi surunkali jigar kasalligini, aniqrog‘i, surunkali toksik gepatitni eslatadi. Bu kasallik esa aynan jigar to‘qimasini yemiruvchi zahar — gepatatrop modda ta’sirida kelib chiqishi mumkin.
Bayda Boburni o‘rta asr Sharq davlatlarida keng tarqalgan margimush yoki tsian birikmasi bor modda bilan zaharlagan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Bu moddalar, shubhasiz, jigar to‘qimasiga o‘tkir zaharlanish davri tugagandan so‘ng ham, jigar parenximasida neytrallash faoliyati sustlashganligi sababli, surunkali ravishda ichki a’zolarda salbiy o‘zgarishlar davom etishiga olib keladi. Albatta, bunday xulosani taxmin qilish mumkin. Chunki bu masalada birorta aniqroq, tibbiyotga yaqin manba’ uchratmadik. “Boburnoma”dagi quyidagi misralar yuqorida aytilgan fikrlarni tasdiqlashi mumkin: “Yakshanba kuni, muharram oyining o‘n oltisida isittim, titradim, navbat-navbat bo‘ldi. Yigirma besh-yigirma olti kunga tortti. Doruyi kor ichtim. Oxir basit yarashti, uyqusizlig‘ va tashnalig‘din bisyor tashvish torttim. Bu maraz ayyomida uch-to‘rt ruboiy aytildi. Ul jumladin biri budur:

Jismimda isitma kunda mahkam bo‘ladur,
Ko‘zdin o‘chadur uyqu chu oxsham bo‘ladur.
Har ikkalasi g‘amim bila sabrimdek,
Borg‘on sayi bu ortadur, ul kam bo‘ladur”.

Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” asarida Boburning kundan-kunga quvvatsizlanib borishi, rangining vaqti-vaqti bilan sarg‘ayishi, oriqlab ketishi, uyqusizligi haqida ko‘p bayon etiladi: “— Humoyun o‘g‘lim, Bayda menga zahar berganidan beri hech o‘zimga kelolmayman. Qolgan kuchim ijodga yetsa ham xo‘p gap. Endi davlat yukini sen yelkangga olmog‘ing kerak”. Yana: “Mezon o‘tib, qavs oyi kirganda Boburning kasalligi battar og‘irlashdi. Biror joyida yara yoki shish yo‘q, lekin nuqul ichi kuyadi, isitmasi ko‘tarilib, betoqat bo‘ladi, uyqusizlik qiynaydi, rangi kun sayin so‘lib boradi”; “Humoyun kelsa, otasi o‘z xobgohida baland oq to‘shakda terga botib yotibdi. Rangi sap-sariq bo‘lib ketgan…”
Yuqoridagi alomatlar: u uyqusizlik, betoqatlik, sarg‘ayish, oriqlash, jigarning antitoksik, ya’ni organizmdagi qonni zaharli moddalardan tozalash xususiyati yo‘qolganligidan, tozalanishi zarur bo‘lgan ichak tizimlaridan so‘rilib boruvchi qon jigarda zararsizlanmasdan tanaga, markaziy asab tizimiga tarqalayotganidan dalolat beradi. Chunki organizmdagi 3500-4000 ml. qon jigar parenximasidan tozalanib o‘tib tanaga tarqalishi kerak. Jigarning bu asosiy faoliyatining butunlay izdan chiqishi yuqorida bayon etilgan manzaraga olib keladi.
Shundan kelib chiqib, Zahiriddin Muhammad Bobur surunkali jigar faoliyatining yetishmovchiligi — gepatargiyadan ko‘z yumgan, degan taxminni ilgari surish mumkin.

Kenjabek Subutoy o‘g‘li Dolimov,
tibbiyot fanlari nomzodi

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 7-sonidan olindi.