Anvar Tojiyev. Jyul Vern… O‘zbekistonda

Bolaligimizda Jyul Vernning «O‘n besh yoshli kapitan», «Kapitan Grant bolalari» asarlarini sevib o‘qiganmiz, Nemo bilan suv ostida 80 ming lyolik safarlarga chiqqanmiz. «Sirli orollar»ga borib qolganmiz, ajoyib sarguzashtlar guvohi bo‘lganmiz. Bu haqdagi filmlarni televizor orqali qayta-qayta ko‘rib to‘ymaymiz. Odamlarni jasoratga, adolatga da’vat etuvchi bu qahramonlarning hammasi umr bo‘yi biz bilan birga.

Mashhur frantsuz yozuvchisi Jyul Vernning kishini hayratga soluvchi mahorati faqat shugina emas. U kelajakni, fan-texnika taraqqiyoti istiqbolini oldindan bashorat qila olgan. Xususan, «Klodius Bonbarnak» asarida yoritilgan voqealar adibning noyob tafakkur sohibi ekanidan dalolat beradi.

Romandagi voqealarning asosiy qismi o‘lkamizda bo‘lib o‘tgani diqqatga sazovor. Asarda XIX asrning oxirlarida Turkiston zaminida ro‘y bergan hodisalar qalamga olingan. Muallif frantsuz jurnalistining sayohatlari vositasida go‘yoki kelajakka tashrif buyuradi.

Bu voqealar bayonidan avval tarixga nazar tashlasak. Rossiya imperiyasi Qrim urushida mag‘lubiyatga uchragach, diqqatini Sharqqa, Markaziy Osiyoga qaratdi. Avval Oqmachit (hozirgi Qizil O‘rda), Chimkent, Taroz, Olma-ota shaharlarini zabt etgach, 1865 yilning yozida Toshkent shahrini bosib oldi.

Rossiya yangi joylarda mustahkam o‘rnashib olish, uning imkoniyatlaridan to‘la foydalanish, rus kapitalini kiritish uchun, avvalo, temir yo‘l qurish lozimligini yaxshi anglardi. Shu tufayli Kushka, Termiz, Dushanbe va boshqa qator joylarda chegara shaharchalari – harbiy qal’alar barpo etildi.

1880 yili Kaspiy dengizining Uzun-Ada yarim orolida dastlabki temir yo‘l relslari o‘rnatildi. Po‘lat izlar Ashxobod, Marv, Chorjo‘y osha Amudaryodan o‘tib, 1888 yili Buxoroga, so‘ngra Samar­qandga yetib keldi. 1899 yili Toshkentda, 1916 yili esa Farg‘onada dastlabki paravozlar suroni eshitildi.

Chorak asr davom etgan qurilish haqida ko‘plab asarlar chop etilgan. Bu asarlarni Jyul Vernning o‘qiganligi ehtimoldan yiroq. Negaki u rus tilini bilmagan va Markaziy Osiyoda bo‘lmagan. Ammo temir yo‘l qurilishi, uning ahamiyati, kelajagi haqida ma’lumotlarni to‘plagan, keyin esa… xayolot qanotida ajoyib sarguzasht asar yaratgan. Qolaversa, kitob 1892 yili bosmadan chiqqan. Bu paytda temir yo‘l qurilishi Buxoro va Samarqand atrofida olib borilar edi.

Jyul Vernning «Klodius Bombarnak» romanidagi voqealar, Uzun-Ada bekatidan boshlanib Ashxobod, Marv, Chorjo‘y, Buxoro, Samarqand, Toshkent, Qo‘qon, Mar­g‘ilon, O‘sh, Qashqar orqali Pekinga boruvchi trans kontinental ekspress yo‘lovchi tashuvchi poezdda bo‘lib o‘tadi. Asar qahramoni – gazeta muxbiri bekatlarda tushib, shaharlarni aylanadi, qadimiy yodgorliklarni tomosha qiladi, odamlar, urf-odatlar, o‘lka qiyofasi haqida ma’lumotlar to‘playdi.

Romanda O‘zbekiston haqida ham ko‘plab ma’lumotlar keltirilgan. Jumladan,

«Amudaryoni ilgari Okus deb ataganlar. U Hind va Gang daryolari bilan raqobatlasha oladi. Qachonlardir bu daryo Kaspiy dengiziga quyilgan. Hozir esa Orol dengiziga quyiladi. Amudaryo Pomir cho‘qqilarida erigan suvni dasht va qumliklar orqali ikki yarim ming kilometrga olib boradi.

Poezdimiz suv sathidan 11 metr baland qilib, minglab qoziqlar ustiga o‘rnatilgan bir yarim kilometrlik ko‘prik orqali o‘tib oldi. Buyuk Trans Osiyo yo‘lida eng katta hisoblangan bu ko‘prikni general Annekov 10 oy ichida qurib bitkazdi».

«Buxoro shahri bekatdan anchagina olisda ekan, agar tor izli temir yo‘l bo‘lmaganda Buxoroni ko‘rolmas ekanman. Yarim soatdan so‘ng Darboz darvozasi orqali kirib, shaharning chang ko‘chalarini piyoda aylana boshladim. Men turli binolarga kirdim, bozorda bo‘ldim. Bir do‘konchada 16 xil choy sotilishini bilib oldim. Labi Hovuz maydoni kiraverishida mis zambaraklar o‘rnatilgan. Amir saroyi (Ark)ni ko‘rdim. Uning o‘ng tomonida hashamatli Kolon masjidi joylashgan. Undagi qubbalar va minoralarga son-sanoqsiz laylaklar in qurgan.

Shaharning janubi-sharqiy tomonida bir guruh darveshlarni uchratdim. Hassaga tayangan darveshlarning kulohi ostidan chiqqan sochlari shamolda hilpiraydi. Horib-charchab Devonbegi arig‘i chetidagi qayrog‘och soyasida «shivinom» choyidan to‘yib ichdim. Yevropada choyning bunaqa navini hech kim bilmaydi…»

«Buxoro va Samarqand oralig‘idagi 200 kilometrlik masofada 11 bekat xizmat ko‘rsatarkan. Odatdagi poezdlar bu masofani kun davomida bosib o‘tarkan. Bizning ekspress poezdimiz esa bu masofani 3 soatda bosib o‘tdi (!)»

«Samarqand shahri 2 qismga bo‘linadi. Yangi shahar ruslar tomonidan barpo etilgan bo‘lib, zamonaviy me’morchilik uslubi bilan farqlanadi. Shaharning eski qismi esa muhtasham obidalarga boy bo‘lib, ularni jiddiy o‘rganish uchun bir necha hafta vaqt sarf­lashga to‘g‘ri keladi».

«Aravada ziyorat qilib Bibixonim maydoniga keldik. Bu yerda shu nomli salobatli masjid qad ko‘targan. Bu maydon Registon kabi to‘g‘ri burchakli shakl­da bo‘lmasa-da, unga nisbatan nafisroq ko‘rinadi…»

«Arava bizni shaharning shimoli-shar­qiy tomonida joylashgan Markaziy Osiyoda eng muhtasham ansambl – Shohi Zinda qabristoniga olib kelganda yana-da kuchliroq hayajonga tushdim. Buni qalam bilan ifodalash qiyin. Buni tasvirlash uchun rassom bo‘lish kerak».

«Toshkentning eski shahar qismi asosan loy devor uylar va qing‘ir-qiyshiq ko‘chalardan iborat. Bozor va karvonsaroylari ham unchalik emas».

«Toshkentda boshqa shaharlarga nisbatan ko‘proq juhudlar yashaydi. Shahar rus ma’muriyati ixtiyoriga o‘tishi bilan ularning ahvoli ancha yaxshilangan, ular fuqarolik huquqini qo‘lga kiritgan».

«Toshkentdan yo‘lga chiqib, 150 kilometrlik masofada bo‘lgan Xo‘jand shahriga kirib bordik. Bu shaharning Sirdaryo bo‘ylaridagi qismini aylandim. Daryoda yirik kemalar suzib yuribdi. Toshkentdan janub tomon cho‘zilgan temir yo‘l Xo‘jand shahrida keskin burilib, Qo‘qon tomonga qarab ketgan. Biz Qo‘qondan so‘ng, Marg‘ilon va O‘sh shaharlaridan o‘tib, Pomir daralari osha Turkistonning Xitoy bilan chegarasi tomon yo‘l olamiz».

«Marg‘ilon shahrida 60 ming aholi istiqomat qiladi. Bu shahar Farg‘ona viloyatining amaldagi poytaxti hisoblanadi. Shaharda qadimiy obidalar deyarli saqlanib qolmagan».

«Markaziy Osiyoning bu qismini chuqur tektonik kuchlar muntazam tashvishga solib turadi. Bu yerda kuchli yer silkinishlari katta vayronagarchilikka sabab bo‘ladi».

Shunday qilib, Jyul Vern qahramoni – Frantsiyada chiqadigan «XXI asr» gazetasining muxbiri Klodius Bombarnak Qashqar shahriga, so‘ng u paytlarda ham amalda bo‘lmagan Trans Osiyo temir yo‘li bo‘ylab Pekin shahriga eson-omon yetib boradi.

Kitobda qalamga olingan yirik lo­yihalar, shaharlar va tabiat tasvirlari daho ijodkorning bashorat qila olish salohiyatidan dalolat bergandek. Yozuvchi bu kitobida 115 yil avval taxmin qilgan Berlin – Istanbul – Tehron – Mashhad – Toshkent – Olma-ota – Urumchi – Pekin Trans Yevroosiyo temir yo‘l koridori hozirgi kunda faoliyat ko‘rsatayapti.

Yo‘l Jyul Vern bashoratidan bir ozgina boshqa hududdan o‘tgan bo‘lsa-da, u chizgan chiziq bo‘ylab «Toshkent – O‘sh – Qash­qar» xalqaro avtotransport yo‘li qurildi.

Jurnalist safari haqidagi bu roman muallifi Jyul Vernning aqlu zakovatiga tasanno aytishga arziydi. «Klodius Bombarnak» romani rus tilida 1961 yili Toshkentda 150 000 nusxada nashr etilgan. Ammo hanuz o‘zbek tiliga tarjima qilinmagan. Yurtimiz hayotiga oid ushbu qiziqarli asar o‘zbek tilida ham nashr etilsa, ayni muddao bo‘lardi.

“Hurriyat” gazetasidan olindi.