Jovli Xushboq. Lev Tolstoyning ajabtovur taqdiri

Dunyoda o‘lmas asarlar qoldirib ketgan buyuk yozuvchi xususida so‘z yuritish oson emas.

Avvalo mashhur so‘z ustasining nodir romanlari, qissalari, hikoyalari to‘g‘risida yuz yildan oshiq vaqtdan beri tinimsiz tahliliy maqolalar chop etilayotganini alohida ta’kidlashning o‘ziyoq kifoya qilar, deb o‘ylayman. “Urush va tinchlik”, “Anna Karenina”, “Tirilish” kabi shoh asarlar, qissa hamda hikoyalarni o‘qimagan, ulardagi badiiy qudrat hamda sehrdan bahra olmagan kim bor?

Afsus… Ulug‘ adibning badiiy olami yetarli darajada tadqiq etilayotgani holda uning shaxsiy hayotidagi bo‘xronlar, nurli va soya tomonlar hamon adabiy hayotdagi ochilmagan qo‘riqligicha qolib kelayotir.

Oradan ancha yillar o‘tib ketdi. Buyuk yozuvchining hayoti qanchalik murakkab bo‘lmasin, u haqdagi mulohazalar, o‘ylar va kuzatishlar, hatto maktublar ham kam saqlanib qolgan.

Ammo… Baribir dunyoga dong‘i ketgan adibning shaxsiy hayotidagi nozik jihatlar ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy.

Iste’dod – xudo bergan ulug‘ bir ne’mat. Lekin shu ne’matni asray olish, uni ardoqlash, undan boshqalarni ham bahra oldirishning o‘zi bo‘ladimi? Buning uchun kishida bitmas-tuganmas iste’doddan tashqari, iroda, qat’iyatlilik, o‘ta darajada mehnatkashlik va tinib-tinchimaslik fazilatlari ham mujassam bo‘lishi zarur emasmikan?

Lev Tolstoyni oling. U odam uyquni xushlamagan, tong sahardanoq o‘rnidan turishga sirayam erinmagan. Bir-ikki soatlab tabiat qo‘ynida bo‘lishni yoqtirganligini aytmay-sizmi? Bog‘larni, dalalarni tong otishi bilanoq aylanib chiqish uning joni-dili edi, desak yanglishmagan bo‘lamiz.

Eng muhimi, jismoniy mashqlarni yaxshi ko‘rardi. Tosh ko‘tarish-ku, kundalik yumushga aylanib qolgandi. Sportga qiziqish beqiyos edi. Shaxmat o‘ynab, uncha-muncha odamlarni mot qilishni ham o‘rniga qo‘ya olardi. Hatto tennis hamda gorodki o‘ynash bo‘yicha uning oldiga tushadiganlar kam topilgan, desa ishonavering. Daryolarda suzishni-ku, qoyilmaqom qilib uddalagan. Qizig‘i shundaki, yoshi bir joyga borib qolganida velosiped minib yurishni eng asosiy mashg‘ulotlaridan biri, deb bilgan.

Ulug‘ yozuvchi o‘zidagi bu jihatlarni quyidagicha izohlaydi: “Agar mushaklarimni ishsiz qoldirganimda ahvolim allaqachon yomonlashgan bo‘lardi. Ana shu ishgina menga shirin uyqu, tetik kayfiyat baxsh etadi», deya e’tirof etgandi mashhur adib.

Demak u faqat aqliy mehnat bilangina mashg‘ul bo‘lgani yo‘q. Jismoniy mashqlarni ham unutib qo‘ymadi. O‘z sog‘ligini o‘yladi. Yer haydash, o‘t o‘rish singari boshqalar uchun og‘ir tuyulgan yumushlardan ham o‘zini olib qochmadi.

O‘z asarlarida yuksak insoniy tuyg‘ularni butun murakkabligi bilan tasvir etgan adib hattoki oddiy voqealardan ham ta’sirlanib ketadigan nozik didli kishi edi. Buni salkam o‘ttiz yil yovg‘on sho‘rva ichib, go‘shtdan voz kechib kun ko‘rganligidan ham bilish qiyin emas. Bunday ayanchli qarorga kelishiga esa uy hayvonlari shafqatsiz ravishda qassoblar tomonidan so‘yilishi uning ruhiyatiga beadad ta’sir etganligi bo‘ldi.

Shu o‘rinda Lev Tolstoyning tarjimai holi xususida qisman to‘xtalib o‘ta qolaylik. U 1828 yilning 28 avgustida dunyoga kelgan. Tula guberniyasining Yasnaya Polyana qishlog‘ida dvoryan xonadonida tavallud topgan bu ulug‘ inson keyingi hayotini ana shu jonajon qishlog‘isiz tasavvur eta olmadi. Qarang, qanchalik mo‘l-ko‘l boylik sohibi bo‘lgani holda oddiy mujikdek yashashni xush ko‘rdi. Qishloqlarga moddiy jihatdan ko‘mak berishni bir zum ham unutmadi. Boylikdan voz kechdi. Harbiy harakatlarda artilleriya zobiti sifatida jang olib bordi.

Buyuklar har jihatdan mukammal bo‘lishini tarixdagi yuzlab misollar orqali dalillash mumkin.

Bir kuni deng, Tolstoy janoblari qizi Tatyananing kuyovi M.Suxotinga biror narsa hadya qilgisi kelib qoldi. O‘ylab-o‘ylab, o‘z qo‘li bilan etik tikadi. Uni kuyoviga sovg‘a sifatida taqdim etadi.

Kuyov esa hech o‘ylab-netib o‘tirmasdan etikni kitob javonidagi Lev Tolstoy kitoblari yoniga qo‘yadi. Keyin esa: “Graf L.N.Tolstoyning so‘nggi asari” deb yozilgan qog‘ozni etikka yopishtirib qo‘ydi.

Ulug‘ yozuvchi taniqli shoir A.Fetga ham etik tikib berganligi moziy manbalaridan ma’lum. Lekin shoir etiklarni kitob javoniga qo‘ymasdan maza qilib kiyib yurgan ekan.

TOLSTOY DAHRIYMI Yo DINDOR?

Yozuvchilik asl tadqiqotchilik emasmi? Adibning “Hojimurod”, “Sevastopol hikoyalari”, “Kazaklar”, “Dekabristlar” asarlarini o‘qigan kitobxon yozuvchi inson qalbining nechog‘lik ich-ichidan yoritib berganini ko‘radi, his etadi.

Buyuk yozuvchi “Iqrornoma” asarida esa hayotga inson nega keladi, nima uchun yashaydi, umuman olganda umr kechirishning ma’nosi nimalarda ekanligini tadqiq etadi.

Kitobning bosh qismidayoq dinga munosabatini yashirib o‘tirmaydi. “Esimda, o‘n bir yoshda edim. Volodenka M. degan gimnaziya talabasi (allaqachon olamdan ko‘z yumib ketgan) yakshanba kuni biznikiga kelib, gimnaziyada kashf etilgan bir gapni katta yangilik sifatida gapirib berardi. Kashfiyot shundan iborat ediki, Xudo yo‘q va bu borada bizga o‘rgatilayotgan jamiki narsalar behuda ekan (Bu 1838 yilda bo‘lgan). Esimda, akalarim bu yangilikka qiziqib qoldilar va meni maslahatga chaqirdilar. Yana shu narsa esimdaki, biz hammamiz ancha hayajonga tushib, bu yangilikni g‘aroyib va juda g‘aroyib va bo‘lishi mumkin gaplar tarzida baholadik”.

Qiziq, dastlab Xudo haqida gap ketganda, bepisand qo‘l siltagan, bu xususda tushunchalar ibtidoiy bo‘lgan ulug‘ adib umrining keyingi yillarida hayoti haqidagi mulohazalari butunlay ostin-ustun bo‘lib ketdi. Boshqa din ruhida tarbiyalangan yozuvchi endilikda islom dini, Olloh-Taolo haqida ham o‘ylay boshlaydi!

Bu o‘zgarish, inson xarakteri va e’tiqodiga tub o‘zgarish qanday paydo bo‘ldi? Ehtimol, daholar hayot mag‘zini, ilohiyotni butun vujudi bilan his qiladilar, salkam bashoratchiga aylanib qoladilar, shekilli. Aks holda yashashdan butunlay ko‘ngli qolib, o‘zini o‘ldirmoqchi bo‘lgan buyuk ijodkor umr daftarining so‘nggi sahifalarini qoralayotganida “qanday yashamog‘im kerak?” degan og‘riqli savolni o‘rtaga tashlamagan bo‘lardi. Xulosa esa siz uchun notabiiy: go‘yo o‘ris emas, balki O‘rta Osiyoda yashayotgan musulmonniki kabi: “Xudoning qonun-lariga amal qilib” yashamoqni afzal ko‘rgandir.

Tavba, “hayotimda o‘lim mahv etolmaydigan qanday ma’no bor?” deya na’ra tortadi buyuk adib. Yana sizni hayratga solib quyidagicha javob qaytaradi: “Haqning jamoliga erishish, jannat”.

Biz o‘zimizni musulmon, deb bilamiz. Ammo, ko‘plarimiz ro‘za tutish, namoz o‘qish, oxirat, Olloh-Taolo haqida kam o‘ylaymiz. Gohida imon, e’tiqodni ham unutib qo‘yamiz. Buni qarangki, bundan ancha yillar ilgari umr kechirgan ulug‘ rus adibi butun hayotining mazmunini islom diniga amal qilishda deb bilgani bizga alam qiladi, ham hasad olovini sachratadi.

Uzoqdan dalil izlamay, Lev Tolstoyning bir necha maktublarini o‘qib chiqdim va hayratim battar oshdi. Uning Vakilovaga yozgan maktubini o‘qiganimda, adib dunyoqarashi va tushunchalari benihoya cheksiz-chegarasiz ekanligi, Sharq xalqlari diniga hurmati beqiyosligini yana bir karra anglab yetdim.

Bu maktubda Vakilova degan bir ayol farzandlari islom diniga sajda, e’tiqod qilmoqchi bo‘lganligi haqida so‘z yuritadi. Tolstoy xatga javobida quyidagilarni yozadi: “Endi Muhammad dinining masihiylikdan yuqori qo‘yilayotgani masalasi (ayniqsa, sizning o‘g‘illaringiz ko‘rsatayotgan olijanob sabablarga) kelsak, men bunday o‘tishga jon-dilim bilan xayrixohman. Aytsam, g‘alati bo‘ladi, lekin, hamma narsadan masihiy g‘oyalarni va chin ma’nosida masihiylik ta’limotini yuqori qo‘yadigan menday bir odam ham Muhammad dini o‘zining tashqi ko‘rinishi bilan cherkov masihiyligidan qiyoslab bo‘lmaydigan darajada baland turadi deb bilaman. Shunday ekan, odam oldida cherkov dini yo Muhammad dinini tanlash masalasi ko‘ndalang bo‘lsa, har qanday ongli odam ikkilanib o‘tirmaydi va hammasi Muhammad dinini tanlaydi. Boshqacha bo‘lishi mumkin emas. Chunki cherkov dini troitsa (uchlik) gunoh yuvish, yashirin topinishlar, Xudo-ning onalari, avliyolar va ularning suratlari… singari qiyin va tushunar-siz ibodatlardan, marosimlardan iborat ilohiyotdir. Islomda esa bu narsa yo‘q. U yakka Xudoning bitta yo‘lini va u yuborgan payg‘ambar-larnigina tan oladi”.

Yo Qudratingdan, o‘zi o‘ris bo‘la turib, islom dinini ko‘klarga ko‘targanini aytmaysizmi, bu ayrim musulmonman, deb ko‘kragiga urib yurganlarga-da saboq bo‘lishi kerak emasmi?

Shu ulug‘ adib nasroniylik dinidan voz kechib yuborganligini aytmay-sizmi? Ha, shu islom dinini deb! Qiziq-da…

Tolstoy boboning nevara-chevaralari hali-hanuz o‘z bobolarining bunday qaroriga hayronu lol. Hatto yaqin yillardagina Yasnaya Polyanadagi uy-muzey direktori, adibning chevarasi Vladimir Tolstoy o‘z bobosining cherkovdan chetlashtirilishi to‘g‘risidagi qarorning bekor qilinishini iltimos qiladi. Ammo bu murojaat inobatga olingani yo‘q.

Ha, Lev Tolstoy 1901 yil fevrali-da Muqaddas sinod qarori bilan cherkovdan mosuvo qilingan edi. Endi bu qarorning bekor qilishning nima keragi bor ekan?

Shu boisdan bo‘lsa kerakki, Moskva Patriarxati tashqi cherkov aloqalari bo‘limi raisining o‘rinbosari Vsevolod Chaplinning ta’kidlashicha, cherkovdan chiqish buyuk yozuvchining dil amri bilan yuz bergan edi.

Shu boisdan anafema (xristian dinida dinga xilof ish qilgan kishiga la’nat o‘qib, uni xristian dinidan chiqarishni, cherkovdan chetlatishni anglatadi)dan ulug‘ adibni soqit qilish masalasi hamon ochiqligicha qolmoqda.

TOLSTOYNING QIZI OTASIGA TORTGANMI?

Mashhur kishilarning farzandlari ham qaysidir jihatdan otalariga o‘xshab ketishi tabiiy. Misol uchun, Lev Tolstoyning qizi Aleksandra Lvovna qay tarafdan otasiga tortgandi? U otasi haqida bekorga quyidagi so‘zlarni aytmagandir? “Otam bilan qalbimiz juda yaqin edi, ochiq gaplashardik, bir-birimizni anglardik”.

Ehtimol, shu sababli ham Lev Tolstoyga kotiba bo‘lib ishlagandir? Balki shuning uchun ham buyuk adib 1910 yili 22 iyunda ijodiga merosxo‘rlik huquqini shu jonidan aziz qiziga bermaganmikin?

Buni qarangki, hatto xarakteri ham otasiga tortib ketganga o‘xshaydi. Aks holda, ming azobda otasining kitobini chiqarib, tushgan pullarga ming gektar yer xarid qilib, ularni dehqonlarga tekinga bo‘lib bermagan bo‘lardi-ku!

Tavba, hattoki o‘z onasi Sofya Andreevnani ham unchalik xush ko‘rmasdi. Sababi otasi bilan onasi o‘rtasidagi aloqani durust, deb bo‘lmasdi. Otasini nihoyatda yaxshi ko‘rganligi uchun ham onasining bu xatti-harakatini ma’qullay olmasdi.

Aleksandra Lvovnaning keyingi taqdiri dastlab maqtaydigan darajada bo‘lmadi. Hatto uni qamoqqa ham olishdi. Keyin esa…

So‘ngra Lunacharskiyning ko‘magi bilan Yaponiyaga ketib qoladi. U yerdan Amerika Qo‘shma Shtatlariga jo‘nab ketadi. Taqdir taqozosi bilan xorijda bir umr o‘z vatanini qo‘msab yashaydi. O‘z yurtiga qaytish orzusi bilan hayot kechiradi. Afsus… Shaffof orzulari chilparchin bo‘ladi.

Amerikadagilar ham unga ko‘zlari uchib turgani yo‘q edi. Dastlabki paytlarda ishlari orqaga keta boshladi. Chikagoda, San-Frantsiskoda ish axtaraverib tinkasi quridi. Rossiyada juda boy-badavlat kishining qizi bo‘lgani holda Amerikada kamxarjlik-da umr kechirdi. Lekin… Aleksandra Lvovnaning otasiga mehri cheksiz edi. Otasining xarakteri, kuchli hamda zaif jihatlarini besh qo‘lday yaxshi bilar edi. Shu boisdan bo‘lsa kerakki, 1953 yilda “Otam” deb nomlangan kitob yaratdi. Bu asari Nyu-Yorkda nashr qilindi.

Buyuk shaxslarning farzandlari ham bir xil bo‘lavermas ekan-da. Lev Tolstoyning Sergey degan o‘g‘li bor edi. U otasining qo‘lyozma-larini sariq chaqaga ham olmasdi. Ularni qayoqqadir uloqtirib yuborgan edi. Qizi Aleksandra Lvovna bo‘lsa, otasining asarlarini ko‘z qorachig‘idek asrar, ularga alohida hurmat bilan qarar edi.

Gapning ochig‘ini aytganda, Tolstoyning o‘g‘li otasi asarlarining qadriga yetmaydigan kishi bo‘lib o‘sgani bilan qizlari ancha bama’ni, otasining hurmat-izzatini o‘rniga qo‘yadigan insonlar bo‘lib yetishgandi.

To‘ng‘ich qizi Tatyana Lvovnani oling. Aleksandra Lvovnadan yigirma yosh katta edi. Turmush o‘rtog‘ini Suxotin deya atashardi. Eng muhimi, otasi singari kundalik tutishni yaxshi ko‘rardi. Bu kundaliklarida otasi va oiladagi boshqa farzandlar, onasi nima ishlar bilan mashg‘ul bo‘lganligini kunma-kun yozib borishdan sirayam erinmasdi. Buning ustiga, rasm chizishni o‘lguday xush ko‘rardi. U kundaliklarida otasi haqida quyidagilarni yozgan: “Dadam, oyim va Tanya xolam yaxshi yashashni kim qanday tushunishi, insonning olijanobligiga boylik keltiradigan zarar haqida munozara boshlashdi. Dadam juda chiroyli gapirdi. Oyim bizni uxlash uchun jo‘natdi. Men va Mashaga qo‘shilib, Tanya xolam ham keta boshlagan edi, dadam yo‘ldan qaytardi. Biz yana chamasi bir soatcha munozarada qatnashdik. Umrimizning asosiy qismi Fifi Dolgorukayaga o‘xshab intilish bilan o‘tib ketyapti, allaqanday bezaklar uchun eng yaxshi his-tuyg‘ularimizni boy beryapmiz, dedi dadam”. Men bu fikrga batamom qo‘shilishimni yashirmadim. Biroq yaxshi yashashni xohlashimni, masalan, yangi ko‘ylak yoki shlyapa va’da qilganlari zahoti sevinchdan sakrab ketishimni men ham aytdim. “Unday bo‘lsa, – dedi dadam, –istagan ko‘ylaklaringni kiyib yuraver. Shopengauerdan (Shumaxerni u kishi shunday deb aytardi) kovushlarni olaver. Kolya Kislinskiyga nozlanaver, biroq boshingga joylashib olgan havoyi fikr ertami-kechmi o‘z ishini qiladi”.

Juda ko‘p narsalarni so‘rab olishim kerak edi-yu, ko‘z yoshlarim gapirishga yo‘l bermadi”.

Benazir adib qanchalik dono va odamoxun, faylasuf bo‘lganligini yuqoridagi so‘zlar, Tolstoy haqidagi fikrlar tasdiqlab turibdi.

Yuqorida yozuvchining yana bir qizi Aleksandra ne azoblar bilan chiqargan kitoblari puliga ming gektar yer sotib olib, dehqonlarga tekindan-tekinga ulashib yuborganligini aytib o‘tdik. Tolstoy boboning o‘zi qizlaridan ming chandon qo‘li ochiq, saxiy bir inson edi. Bir kuni deng terlab-pishib pichan o‘radi. O‘zi tinmay o‘rib ketaveradi. Qizi yig‘ib boraveradi.

Ancha kun shu tarzda tinimsiz ishlaydi. Bir necha arava pichan g‘amlaydi. Ana shu pichanlarni buyuk adib nima qiladi? Ularni yaqindagina eri olamdan o‘tgan, qarovchisi yo‘q bir ayolga eltib beradi. Agar biror odam hozir shu ishni qilsa, ko‘pchilik hech ikkilanmay: “Miyasi aynib qolgan” deb ochiqchasiga ta’na qiladi.

Tavba, bir kuni Lev Nikolayevich beva xotin uchun yana pichan o‘rayotgan edi. Birdaniga oyog‘i jarohatlanib qoldi. Bir necha oygacha azob tortdi. Hatto harorati ko‘tarilib ketdi. Bunday misollar oz emas.

O‘g‘illardan ko‘ra qizlar ota-onaga mehribon bo‘lishadi, degan gaplar rost ekan. Lev Tolstoyning qizi Tatyana Lvovna ham otasi haqida gapirganida shunday jo‘shib ketdiki, asti qo‘yavering. Qizi ham otasining xatti-harakatlari, o‘ziga xos fe’l-atvorini ko‘rib ulg‘ayadi va otasi singari go‘zal fazilatlar egasi bo‘lib yetishadi. Mana, uning yozganlari: “Hayotimdagi birdan-bir madadkorim, hamma dardimga malhamim – birgina dadam. Men u kishiga oz quvonch baxsh etayotganimdan juda-juda qiynalaman.

Shunday kun keladiki, dadam olamdan o‘tadi, degan fikr meni qattiq azoblaydi. Bisotimdagi barcha diniy tushuncha, aql-idrok, mantiqqa tayanib, bu zaruratni tushunib yetishga harakat qilaman. Bu uncha qo‘rqinchli emas, noxush bo‘lgani bilan tabiiy hol deb o‘zimga o‘zim uqtiraman. Meni qiynoqqa solayotgan va ayni paytda quvontirayotgan bir narsa bor. Dadam men haqimda juda yuqori fikrda. Meni ovozi bor, yozish, rasm solish qobiliyatiga ega, deb o‘ylaydi”.

Bu ayol buyuk shaxsning qizi ekanligini juda yaxshi bilar, ana shu nomga munosib bo‘lishga intilar edi. Otasining ishonchini qozonishdan ham ulug‘ baxt yo‘q, deb hisoblardi o‘ziga-o‘zi.

Qiziq, Tolstoyning ikkinchi qizi Tatyana Lvovna-Suxotina ham onasi emas, balki otasiga ko‘proq yon bosishni xush ko‘radi. Shu sababli bo‘lsa kerak, kundaliklarida: “Men oyimga uzundan-uzoq maktub yozib, oilada hukmini o‘tkazishga intilishlari ma’nisiz ekanini yotig‘i bilan tushuntirishga harakat qildim”.

Ha, Tolstoyning qizlari ko‘p jihatdan otasiga, aslida juda boy, lekin kambag‘al bo‘lishga intilgan otasiga tortib ketishgan edi.

BUYuKLIK VA BAXTSIZLIK YoNMA-YoNMI?

Ulug‘ insonlarning shaxsiy hayoti, oilaviy mojarolari, ayniqsa, o‘zi sevgan ayoli bilan turmushi haqidagi tafsilotlar ham nechog‘lik qiziqarli, ayni paytda fojiali hodisalarga boy ekanligi sir emas. Buni Tolstoy hayotining qora va xushnud kunlari misolida ko‘rish mumkin.

Tolstoy oilaviy hayotda baxtli edimi? Bu savolga Deyl Karnegidan ko‘ra yaxshiroq javob topolgan kishi yo‘q: “Muhabbatni mahv etish uchun jahannam munkirlari o‘ylab topgan barcha makr-hiylalar orasida eng osoni, nishonga bexato uradigani – xarxashadir. Chaqsa tirik qo‘ymaydigan ko‘zoynakli ilonday xarxasha qilaverish hamisha kishini zaharlaydi, o‘ldiradi”.

Bu achchiq haqiqatni Lev Tolstoyning rafiqasi juda kech tushundi. “Otangizning boshiga men yetdim” degandi u o‘limi oldidan qizlariga. Ikkala qiz ham nima deyishlarini bilmay, onalari boshida yum-yum yig‘lashgan, chunki u haq gapni aytayotgan edi. Padari buzrukvorlarini adoqsiz ishvayu itoblari, ko‘z ochirmaydigan ta’nalari, xarxashayu mashmashalari bilan onalari adoi tamom qilganini ular yaxshi bilishardi. Bir qarashda hech nimadan kam-ko‘sti yo‘q Tolstoy va uning rafiqasi dunyodagi eng baxtli insonlarday edilar. Tolstoy barcha zamonlarning eng mashhur adib-laridan biri…

Tolstoy va uning rafiqasi shon-shuhratdan tashqari, katta mol-mulkka ham ega edilar. Serfarzand edilar. Aslida bitta oila uchun bundan ortiq nima kerak? Dastlab ular shu qadar baxtiyor edilarki, totuv hayotlariga ko‘lanka tashlaydigan narsaning o‘zi yo‘qday edi. Shuning uchun ba’zan yonma-yon ibodat qilib, mehru muruvvatingni bundan keyin ham bizdan ayama, deb xudodan iltijo qilishardi”. Oxir-oqibat nima bo‘ldi? Ular chindan ham umr bo‘yi baxtli bo‘lib yashashgandir? Yo‘q, unday bo‘lsa koshki edi…

Deyl Karnegi butun aybni Tolstoyning xotini Sofya Andreevnada deb biladi. Shu boisdan ayol kishi buyuk kishilarni xarob qilishi mumkinligi haqidagi mulohazalarni shunday ifoda etadi: “Sofya Andreevna dabdabayu hashamatga juda o‘ch, Tolstoy esa bunday narsalarni ko‘rarga ko‘zi yo‘q edi. Sofya Andreevna shon-shuhrat, martaba istagi bilan kuyib yonar, Tolstoy uchun bularning sariq chaqalik ahamiyati yo‘q edi. Sofya Andreevna pul, mol-davlat ortidan quvar, Tolstoy esa daholikni tan olmas, xususiy mulkka ega bo‘lish gunoh, deb bilardi. Noshirlarga asarlarni qalam haqisiz nashr etish huquqini bergani uchun xotini uni tinimsiz egovlar, qarg‘ar, janjal-lashar, erining kitoblari uchun haq talab qilardi.

Tolstoy andak e’tiroz bildirsa, jazavasi tutib yerda dumalar, bu kunimdan o‘lganim yaxshi, deb afyun ichib o‘zimni o‘ldiraman yoki o‘zimni quduqqa tashlayman deb qo‘rqitardi”.

Ayol kishi qanchalik janjalkash bo‘lsa, erkakning sho‘ri. Bunday diydiyolar oxir-oqibat Tolstoylar oilasi qo‘rg‘onini ham nuratdi. Ular bir-biridan bezib qolishdi. Ayniqsa, Lev Tolstoy xotinidan qutulish uchun dunyoning narigi chetiga bo‘lsayam qochishga tayyor edi. Shunday bo‘ldi ham. Oxiri boshi oqqan tomonga jo‘nab qoldi.

To‘g‘rirog‘i, ayoli emas, balki Tolstoy undan bezor bo‘lgan edi. Shu sababli Sofya Andreevnadan qochib qutulishdan o‘zga chora qolmagan edi. 1910 yilning qahraton kunlaridan birida uyidan chiqib ketdi. Buyuk adib uyidan bosh olib chiqib ketayotib, temir yo‘l bekatida zotiljam kasalligiga chalindi va dunyoni abdul-abad tark etdi. Buni qarangki, umrining so‘nggida, shunday vasiyat qildi: “Xotinimni yonimga kiritmanglar!”

Tavba, qirq sakkiz yil bir yostiqqa bosh qo‘ygan umr yo‘ldoshidan shunchalik bezor bo‘lish mumkinmi? Nahotki, buyuklik va baxtsizlik kabi tushunchalar ko‘p hollarda yonma-yon yursa, degan alamli o‘y yurakni timdalaydi.

Aslini olganda Lev Nikolayevich faqatgina Sofya Andreevnaga ko‘ngil qo‘yganmi? Boshqa ko‘pgina ulug‘lar singari u ham juda ko‘p qizlarni yurak-yurakdan sevib qolgandi! Uning ham xushtorlari ozmuncha emasdi! Yaxshisi, bu haqdagi fikrlarni Tolstoyning so‘zlari orqali dalillay qolaylik: “Bolaligimda Sonechka Koloshinaga oshiqu beqaror bo‘lgandim. Shundan keyinroq Zinaida Molostovaga ishqim tushdi. Bu muhabbat jismu jonimni qamrab olgandi. Hoynahoy Zinaida bu haqda biron narsa bilmagan ham. Yillar o‘tib, bekatdagi kazak ayol o‘ziga rom etdi. Vaqt o‘tib buni “Kazaklar” nomli qissamda tasvirlaganman. So‘ng kiborlar doirasining guli bo‘lgan Shervatova-Uvarova aqlu hushimni o‘g‘irladi. U ham sevgimdan bexabar edi. Men hamisha tortinchoq bo‘lganman. Bora-bora haqiqiy, asl muhabbat ham nasib etdi. Sevgim sohibasi Valeriya Arseneva edi. Uylanib olishimga bir bahya qoldi. “Oilaviy baxt”ni o‘qigandirsiz. Unga yozgan ishqiy maktublarni jamlasak katta bir bog‘lam bo‘ladi”.

Buni qarang, shuncha qizni sevib qolish bir kishi uchun ko‘pmi yoki oz? Nahotki muhabbat deganlari shu qadar beqaror tuyg‘u bo‘lsa? Ammo, oxir-oqibat sevmagan kishi bilan turmush qurib, baxtli bo‘lolmaslik qismati ulug‘ adibni oilaviy hayotda xoru-zor qildi, beadad azobladi. Deyl Karnegi Tolstoyning fojiasi uchun ko‘pincha uning ayoli Sofya Andreevnani qoralaydi, unga ayovsiz ta’na-dashnom beradi. Yana bir tadqiqotchi Ruslan Kireev bo‘lsa, aslida katta fojianing bosh aybdori Lev Tolstoyning o‘zi, degan fikrni zo‘r berib ilgari surmoqchi bo‘ladi.

Ammo, nima bo‘lganda ham, oilaviy janjallar, kelishmovchiliklar butun boshli oila qasrini kunpayakun qilgani rost!

SIR OChAR MAKTUBLAR

Tolstoy hayoti, xarakteri, ijodi, kimlarni sevishi, yomon ko‘rishi yoki qaysi ijodkorlarga xayrixoh ekan-ligini uning bir talay maktublari orqali bilib olsa bo‘ladi.

Mana, Sofya Andreevnaga yozgan maktublaridan bir ko‘chirma: “1910 yil 28 oktyabr.

Xonadonimni tark etib ketishim seni albatta xafa qiladi. Bundan afsusdaman. Ammo, meni tushungin, boshqa ilojim yo‘q. Uydagi hayotim chidab bo‘lmas darajaga yetdi. Talay sabablardan tashqari, gap shundaki, atrofimda ochlik, qashshoqlik hukm surib turgan bir paytda mening mazkur – to‘q-to‘kin hayot kechirishim mumkin emas. Shuning uchun men bu hayotdan kechib, qolgan umrimni bir xilvat – faqir go‘shada o‘tkazishga axd qildim.

Mening qayerda yashayotganligimni bilsang ham so‘roqlab borma, iltimos”. Bu ko‘ngildan to‘kilgan tuyg‘ular, dardli so‘zlar shundan dalolat berardiki, Tolstoy uydagi hayotidan unchalik qoniqqan emas. Bundan tashqari, jamiyatdagi chirkin illatlar: qashshoqlik, kishilar hayotidagi bitmas-tuganmas kemtiklar adibning yuragini beadad ezib yuborgan, uni hayajonga solgan. Boshqalarning dardi, tashvishiga sherik holda yashash… buni his qilish, bunday olijanoblikka erishish uchun buyuk qalb kerak. Tolstoy ana shunday inson edi.

Buyuk adib kuchli mahorat sohibi, shu bilan birga o‘ta kamtar inson edi. Uning kamsuqumligini turli kishilarga yozgan maktublaridan yaxshi ilg‘ab olish mumkin. Xususan, barcha tahririyatlarga 1908 yilda yozgan maktubi ulug‘ yozuvchining shu xislatini yaqqolroq namoyon qiladi: “Bir voqeani eslayman. Bundan o‘ttiz besh yillar muqaddam Pushkinga haykal qo‘yilishi munosabati bilan uning tavallud kunini nishonlash arafasida aziz Turgenev uyimga kelib, shu bayramda ishtirok etishimni so‘radi. Turgenev men uchun qanchalik aziz va qimmatli bo‘lmasin, buning ustiga Pushkinni nechog‘lik ulug‘ shoir deb bilmayin (hamon shunday deb bilaman), men anjumanda qatnashish-dan bosh tortdim. Aniq sezdim: Turgenevni ranjitdim, ammo, o‘shandayoq bunaqangi dabdabalar menga notabiiy tuyular, mening qalb ehtiyojlarimga javob bermas edi. Endi kelib-kelib bu kun boshimga tushar ekan, bu hol men uchun azob emasmi?”

Lev Tolstoy o‘zining 80 yillik yubileyi o‘tkazilishiga doir tadbirlar to‘xtatilishini so‘rab yozmagan joyi, nufuzli odami qolmadi. 1908 yil 28 avgustda uning yubileyini o‘tkazish uchun Peterburgda qo‘mita tashkil etilgandi. Professor Kovalevskiy raisligida tuzilgan bu qo‘mita ulug‘ adib yubileyini nishonlashga taraddud ishlarini qizg‘in boshlab yubordi. Ammo, bundan xafa bo‘lgan Lev Tolstoy shu qo‘mitaning a’zosi Mixail Aleksandrovich Staxovichga maktub yozdi.

Hozirgi paytda ba’zi o‘rtamiyona adib yoki shoirlar ham o‘zining 50 yoki 60 yillik yubileylarini nishonlash uchun yelib-yugurib yurishlarini o‘ylaganimda Lev Tolstoyning yuqori-dagi xatti-harakati o‘ta kamtarlikdek tuyulishi mumkin. Lekin, nima bo‘lganda ham, Lev Tolstoy bunday dabdabalar bilan oddiy xalqning ko‘ziga balo-qazoday ko‘rinib qolish-dan hadiksirab turganligi rost.

Ulug‘ adiblardan biri I.S. Turge-nevning Lev Tolstoyga yozgan maktubi ikki buyuk ijodkorning nechog‘lik bir-biriga aziz va qadrdon ekanligidan dalolat beradi. “Aziz va qadrli Lev Nikolayeevich. Uzoq vaqt sizga maktub yozmadim. Chunki, to‘g‘risini aytsam, o‘lim to‘shagida yotgan edim, hozir ham shunday. Men tuzalmayman – bu to‘g‘rida o‘ylash ham ortiqcha. Sizga xat yozishdan maqsadim esa, aslini olganda, men sizning zamondoshingiz bo‘lganimdan qanday xursand ekanligimni aytishdir hamda Sizga so‘nggi samimiy iltimosimni izhor etmoqchiman. Jon do‘stim, adabiy faoliyatga qayting! Axir bu tuhfa sizga u yoqdan-ku, barcha narsalar ham o‘sha yoqdan. Eh, agar mening iltimosim sizga ta’sir etadi, deb o‘ylay olsam, naqadar baxtli bo‘lgan bo‘lardim. Men-ku, tugagan odamman –doktorlar mening dardimni qanday deb atashni ham bilmaydilar… Na yurib bo‘ladi, na yeyish mumkin, na uxlab bo‘ladi, nimasini aytay. Hatto bularning birini aytishning o‘zi ham azoblidir! Mening do‘stim, rus yerining ulug‘ yozuvchisi, mening iltimosimni inobatga oling!” Bu iltijoli so‘zlar ulug‘ yozuvchi S.I.Turgenevning o‘z qo‘li bilan yozilgan so‘nggi maktubidir. Qarang, ikki do‘st hayotining oxirgi kunlarida ham bir-birlariga qanchalik mehribon bo‘lganlar.

Bu fikrni qancha ko‘p takrorlasak, shunchalik oz: ulug‘ odamlar nihoyatda kamtar bo‘lishadi. Buyuk yozuvchilarning hayotiga daxldor quyidagi voqea hatto latifaga aylanib ketganligining o‘ziyoq fikrimizni dalillaydi.

Bu voqea yigirmanchi asrning boshlarida bo‘lib o‘tgan. Moskvada nashr etilayotgan jurnalning rahbari oddiyroq bazm tashkil etadi. Tabiiyki, u yerda jurnal xodimlari muharrirni rosa maqtashdi. Ijodkorlar qittak-qittak olishdi ham. Xullasi kalom, bazm qizigandan qizib ketdi.

Hash-pash deguncha oradan biror soatlar o‘tib ketdi. Shundan so‘ng jurnal muharriri tushmagur qandaydir xayol bilan qabuliga biror kishi kelgan yoki kelmaganligini surishtira boshlaydi. – Hech kim kelgani yo‘q, – dedi kotiba. Ammo po‘stinga o‘ranib olgan qandaydir chol sizni anchadan beri kutib o‘tiribdi.

– Kutsa kutaversin, – deya muharrir davradoshlari bilan kayfu safo qilishda davom etadi.

Yana bir soatdan keyin kayfdan yuzi qip-qizil bo‘lib ketgan muharrir qabulxonaga chiqdi-yu, rangi quv oqarib ketdi.

U yerda Lev Tolstoy o‘tirardi.

Mana sizga kamtarlikning yuksak cho‘qqisi. Jahonga mashhur shoh asarlar yaratgan ulug‘ yozuvchi ana shunday odam edi.

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2008 yil, 1-son