Nazar Eshonqul. Jorj Oruell

Sho‘ro mafkurachilari 80-yillar o‘rtalarigacha nomini eshitsa cho‘chib tushadigan, hatto o‘limidan qariyb 40 yildan oshiq vaqt o‘tgach ham asarlari chop etilishiga ruxsat berilmagan Jorj Oruell o‘zi kim?

Jorj Oruell ingliz yozuvchisi, publitsisti, jamoat arbobi. Mashhur asarlari: «Molxona» qissasi, «1984» romani, esse va adabiy maqolalar. O‘z asarida kommunistik dunyoqarash va kommunistik tuzumni masxara qilgani uchun barcha kommunistik davlatlarda asarlari taqiqlangan.

Taqiqlangan! G‘alati qiyos. Butun boshli davlat, uning ulkan ideologiya mashinasi bitta yozuvchidan qo‘rqqan. Yolg‘on shu darajada mo‘rtki, bir og‘iz haqiqatga qulab tushadi. Vaholanki, bu yolg‘on yillar davomida qad ko‘targan bo‘ladi. Sho‘ro tuzumi yarim asr Orueldan qo‘rqib yashadi.

Dunyoga Jorj Oruell taxallusi bilan tanilgan angliyalik jurnalist Erim Bleyr to 1936 yilgacha jo‘shqin sotsialist, o‘z tili bilan aytganda, demokratik sotsialist edi. Hatto shu e’tiqodi uchun mustamlaka Birmadagi kelajagi porloq amaldorlik mansabidan ham voz kechdi va butun dunyoga demokratik sotsializm­ni yoyish haqidagi g‘oyalar bilan yashadi.

U bu paytda sotsializmning eng yaqin do‘sti, tarafdori va kurashchisi edi. Xo‘sh, 1936 yili Ispaniyaga sotsialistlar tarafdori bo‘lib borgan Bleyrning dunyoqarashida qanday o‘zgarish yuz berdi? U Ispaniyada nimani ko‘rdi? Nimaga duch keldi? Nega u Ispaniyadan so‘ng sotsializmning yorqin dushmaniga aylandi? Umrining oxirigacha bu tuzum boshida turganlarni ham, tuzumni ham masxara qilib o‘tdi?

Molxona yoki hayvonlar saltanatini ochlik, kasallik, o‘lim qamrab oladi. Biroq eng fojialisi qo‘rquv dahshati edi. Napoleon va uning jazo otryadi bu saltanat fuqarolarini ruhan sindirdi, ma’nan yo‘q qildi, rasman ozod, ma’nan qullik boshlandi. O‘zboshimchalik, diktatura hayotni izdan chiqardi. Napoleon qo‘rquv va o‘lim ramziga aylandi. Hayvonlar ertayu kech ishlar, lekin biri ikki bo‘lmasdi, qashshoqlikdan boshlari chiqmasdi. Ertangi kunga umid so‘ndi. Maxsus koloniyalarda Napoleon tarbiya­sini olgan hayvonlarning bolalari o‘z ota-onalarini o‘ldirishdan tap tortmaydigan jallodlarga aylandilar.

Albatta, o‘quvchi bu obraz va ramzlarda kim yoki qaysi tuzum timsollashganini darrov sezadi. Shu sababli sho‘ro mafkurachilari bu yozuvchi asarlarini 80-yillar oxirigacha taqiqladilar. Oruell asarlari 80-yillar oxirlaridagina tarjima qilina boshlandi, sho‘ro tu­zumini fosh qilishda o‘sib kelayotgan ozodlikni ang­lash jarayoniga xizmat qildi.

Oruelning ushbu asari faqat Gitler va Stalin yaratgan tuzum va uning fojiasi haqida deb bo‘lmaydi, asar, umuman, totalitarizm va qullik psixologiyasi haqida. 1945 yili mazkur asar e’lon qilinishi bilan adabiyotshunos Artur Kestler: «Yangi Svift» paydo bo‘ldi», – deb yozgandi. Aynan shu Kestler 1950 yili Oruell qabri ustida shunday degan: «Kelajakdagi adabiyotshunoslar Oruell o‘z ijodida Svift va Kafkani birlashtirganini tan oladilar».

Sho‘ro mafkurachilarini cho‘chitib yuborgan «Molxona» yoki yumshoqroq tarjima qilganda «Hayvonlar saltanati» qissasida nima bor ediki, kommunistlarni talvasaga soldi? Asarda ochiqchasiga sho‘rolar rahbariya­ti va mafkurasi ustidan kulingandi.

Egasi aroqxo‘r bo‘lib qolgan fermadagi hayvonlar tenglik, adolat talab etib inqilob qilishadi. Inqilobning bosh ilhomchisi «Mayor» laqabli isqirt cho‘chqa.

Mayorning shogirdlari va izdoshlari bo‘lgan cho‘chqalar boshchiligida fermada inqilob sodir etiladi. Inqilobchilar shiorlari juda ohanrabo va maftunkor. Savodsiz hayvonlar dastlabki harflarni «tenglik, birodarlik, adolat» so‘zini yozish bilan o‘rganishadi va bu ishoralar ularning hayot mazmuniga aylanadi. Omi va sodda hayvonlar haqiqatan ham tenglik kelganiga, endi hayvonlarga hech kim xo‘jayinlik qilmasligiga, olamshumul ozodlikka erishganliklariga ishonadilar. Hayvonlar o‘z davlat tizimini, bayrog‘ini, gerbi va kitoblarini yaratishadi. Bu ulug‘ ishda ularga qo‘ng‘ir cho‘chqa – Napoleon boshchilik qiladi. Napoleon tezda atrofiga maxfiy xizmat, jazolash guruhini to‘p­laydi.

Hayvonlar o‘zlarini ezib kelgan odamlar ustidan dastlabki g‘alabaga erishadilar.

Dohiy va yo‘lboshchilari Mayorning mavzoleyi, haykali ochiladi.

O‘z atrofida jazo guruhini tashkil etib olgan Napoleon tezda o‘zini fermaning dohiysi deb tanitadi. Dohiy Napoleon o‘z xo‘jalari yashaydigan uyni qarorgoh qiladi, hayvonlari esa o‘sha eski molxonada yashashda davom etadi. Napoleon hokimiyatini mustahkamlab olgach so‘z erkinligi, fikr erkinligini taqiqlaydi va barcha hayvonlar uchun faqat o‘zi fikrlaydi, o‘zi so‘raydi, o‘zi javob beradi. Fermada to‘liq Napoleon diktaturasi o‘rnatilib, barcha hayvonlar unga hamdu sano o‘qiy boshlashadi.

Fermada har kuni ideologik mashina – Napoleonning buyukligini ta’kidlab, tasdiqlab turuvchi kinolavhalar – o‘ziga xos matbuot ishlab turadi. Napoleon bilan kelishmagan barcha hayvonlar ta’qib va qatl qilinadi. Ferma qatli om va qo‘rquv saltanatiga aylanadi.

Orueldan 2 ta katta nasriy asar, totalitarizm­ni fosh etuvchi jo‘shqin publitsistika va esselar meros bo‘lib qoldi.

Nazar Eshonqul