Zohidjon Xolov. Qisqa hikoyalar qiroli

Jahon adabiyoti – bitmas-tuganmas xazina. Undan foydalanish, boyliklarini o‘zlashtirish – yuksak fazilat. Yillar o‘tgani sari bu noyob xazinaning salmog‘i oshib, osori-atiqalari ko‘payib boraveradi. Mashhur amerikalik hikoyanavis adib O’Henrining ijodiyoti ana shu xazinada alohida fusun va tarovatga egadir. Uning favqulloda noyob iste’dodi, hajviyot bobidagi betakror qobiliyati hali-hanuz yirik-yirik adabiy kechalarda, xalqaro simpoziumlarda e’tirof etiladi.

Asli ismi Uilyam Sidney Porter bo‘lgan yozuvchining ijodi qanchalar optimistik ruh, ko‘tarinki kayfiyat bilan yo‘g‘rilgan bo‘lmasin, turmush tarzi bir tekis kechmadi. Beshafqat hayot uni kulib emas, kuldirib yashashga majbur qildi.

Uilyam 1862 yili 11 sentyabrda Shimoliy Karolina shtatiga qarashli Grinsboro shahrida dunyoga keldi. Porterning otasi o‘z davrining bilimdon shifokorlaridan biri bo‘lgan. Bo‘lajak adibning bolaligi va o‘smirligi “Janub qayta qurishi” yillariga to‘g‘ri keldi. Shundoq ham iqtisodiy bo‘hronlar, qiyinchiliklar orasida ulg‘ayayotgan bolakay mehribon volidasidan juda erta ayriladi.

Boshlang‘ich ta’limni xususiy maktabda olgach, otasidan dorishunoslikning nozik sir-asrorini o‘rgandi va 17 yoshida faoliyatini dorixonada oddiy xizmatchi vazifasidan boshladi. Garchi u ertaroq amaliyotga kirishgan bo‘lsa-da, kasbiga doir diplomni olish uchun kechroq o‘qishga kirdi. Porter ana shu kezlari ko‘plab dori-darmon xarid qilgani kelgan odamlar bilan suhbatlashar, shu orqali o‘zicha sinchkovlik bilan dunyoni o‘rganardi.

Undan keyin O’Henri ko‘plab ijodkorlar qatori o‘z vatanini tark etib, darbadarlik qismatiga rozi bo‘ldi. 1882 yilda Texas shtati Ostin shahridagi Yerga egalik qilish bosh­qarmasiga qarashli bankda oldiga katta orzularni qo‘yib, hisobchi sifatida ikki yil faoliyat yuritdi. Biroq xayolparastlik, shoirtabiatlik uning chinakam soha vakili bo‘lishiga xalaqit berib, ko‘p o‘tmay u bankning kamomad bo‘lishida ayblanadi. Porter fermerlar, yer egalaridan tushgan mablag‘ni 1894 yilda o‘zi asos solgan «Rolling Stoun» deb nomlangan hajviy kundalik jurnalga sarflab yuboradi. Jurnal sahifalarida ocherklar, latifalar, she’rlar, hikoyalar, karikaturalar bosilgani uchun ommani tezda jalb qilib olardi. Bir yilcha emin-erkin chiqib turgandan so‘ng, bank inqirozga uchray boshlagach, bunga asosiy sababchi sifatida O’Henri ko‘rsatiladi.

U garov evaziga Xyustonga ko‘chib kelib, «Deyli post» gazetasida jurnalist va ijodkor sifatida ishlab qarzlarini to‘lashga kirishadi. Ammo qancha tirishmasin, kelishilgan muddat ichida kerakli mablag‘ni jamg‘ara olmaydi. Suddan chaqiruv qog‘ozi kelgach, o‘ziga nisbatan tartib posbonlari tomonidan, albatta, qattiq jazo belgilanishini sezgan O’Henri oilasi bilan avval Yangi Orleanga, so‘ng Gondurasga qochadi, lekin yarim yil o‘tib, uyiga qaytadi. Musofirlikda og‘ir xastalik tufayli suyukli turmush o‘rtog‘idan ajralishi uning taqdirga tan berishiga sabab bo‘ladi. Vatanga qaytgach, qo‘lga tushadi. O‘ttiz olti bahorni qarshilagan qirchillama yoshida aybiga iqror bo‘lgan Porter sud hukmiga ko‘ra 4 yil (1898-1901y.) muddatga ozodlikdan mahrum qilinadi. Jazoni Ohayo shtatidagi Kolumbus qamoqxonasida o‘taydi.

Uilyamni ozodlikda siylamagan taqdir, “temir panjara” orasida uning eng kerakli kasb egasi bo‘lishini ta’minlaydi. Ta’bir joiz bo‘lsa, aytish mumkinki, o‘sha muhit uni qayta tarbiyalaydi, boshqa Porterga aylantiradi.

Yoshlik chog‘i tibbiyot ilmini o‘rgangani unga qo‘l kelib qoldi. Uilyam Sidney mahbuslarni davolash bo‘limida ishladi, bo‘sh vaqtida esa azbaroyi zerikkanidan kichik-kichik hikoyalar yozishni mashq qila boshlaydi. Asarlarini maromiga keltirgach, uzoq fursat davomida munosib taxallus izlab yuradi. O‘ylab-o‘ylab, irlandlar familiyasiga o‘xshash nomni topadi, bu – o‘sha mashhur “O’Henri” edi! Biroq bu taxallus qanday kelib chiqqan, nimalarni anglatishi haqida u tayinli gap aytmagan. Bu borada qator adabiyotshunoslar turli taxminlarni o‘rtaga tashlaydi. Ayrimlar Uilyam “Henri” so‘zini gazetadagi dunyo xabarlari uchun ajratilgan kolonkadan olgan, eng oddiy harf sifatida atayin “O”ni tanlagan, deyishsa, bir guruh olimlar bu taxallus fransiyalik mashhur dorishunos Oliver Henri nomining qisqartmasi deyishadi. Mahalliy yozuvchilardan biri Gay Devenportning fikricha, “O’Henri” hech qanday xorijiy kishining ismi-sharifi emas, u o‘zi yashagan qamoqxona nomi “Ohayo Penitentiyari”ning qisqartmasi bo‘lishi kerak. Uning qamoqda ijod qilgan birinchi “Dik Svistunga Rojdestvo sovg‘asi” hikoyasi xuddi shu taxallus ostida 1899 yili “Mak Klyur jurnali” (Mc Clure’s Magazine)da chop etilgandi.

Jazo muddatini o‘tab, ozodlikka chiqqach, Uilyam sakkiz oy Pittsburgda yashadi. Keyin Nyu-Yorkka ko‘chib o‘tdi. Porter ketma-ket salmoqli hikoyalar yoza boshladi. Shu orqali u nom qozondi, muxlislar ort­tirdi, eng muhimi, bir umr ortidan quvgan pul endilikda uni quva boshladi.

Uning birinchi hikoyalar to‘plami 1904 yilda “Karamlar va qirollar” (Cabbages and Kings) nomi bilan nashr etildi. Xuddi Edgar Po, B.Gart va Mark Tven singari chinakam amerikaliklar ruhini, tashvishlariyu kamchiliklarini, jamiyatni bir chekkasidan yemirayotgan illatlarni, aholining boylik, shuhrat, mansabu unvon ilinjidagi turmush tarzini achchiq kesatiqlar, kulgili iztiroblar, kinoyalar orqali mahorat bilan ochib bergan adibning kitobi tezda qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketdi.

Shundan so‘ng O’Henrining to‘plamlari birin-ketin dunyo yuzini ko‘ra boshladi. 1906 yilda «To‘rt million» (The four million), 1907 yilda «So‘nmas chiroq» (The trimmed Lamp), «G‘arb yuragi» (Heart of the West), 1908 yilda «Shahar ovozi» (The Voice of the City), «Olijanob o‘g‘ri» (The Gentle Grafter), 1909 yilda «Taqdir yo‘llari» (Roads of Destiny), «Saylanma» (Options) va 1910 yilda «Ishbilarmonlar» (Strictly Business) hamda «Girdoblar» (Whirligigs) nomli kitoblari dunyo adabiyoti ixlosmandlari qalbiga yo‘l topa oldi.

Uni butun sayyorada munaqqidlar hech ikkilanmay “qisqa hikoyalar qiroli” deb atay boshladi. Porterga tegishli bo‘lgan hajman kichik, ma’no jihatidan salmoqli asarlarni ayrim tanqidchilar hatto ba’zi mashhur romanlardan ustun qo‘ygan chog‘lar ham bo‘lgan. Haqiqatan ham, O’Henrining ko‘plab hikoyalarida ko‘tarilgan mavzular dolzarbligi va butun insoniyatga birdek aloqadorligi bilan yuksak pog‘onalarda turadi.

Jennings o‘zining “O’Henri bilan Zulmat oralab” asarida adibning boshdan o‘tkazgan qiyinchiliklariyu shodon kunlari, qamoqxonada kechgan mashaqqatli yillari, borliq va yo‘qlik to‘g‘risidagi qarashlari, orzularini, adabiy maqsadiyu oldiga qo‘ygan niyatlarini atroflicha bayon etgan.

Uyg‘oq qalbi hamisha odamlar ichiga tortib, asarlarida xalqona ruh ufurib turuvchi adibning qahramonlari rang-barang: millionerlar, kovboylar, chayqovchi-firibgarlar, ruhoniylar, kir yuvuvchilar, bezorilar, sarmoyadorlar, siyosatchilar, adiblar, artistlar, rassomlar, ishchi-muhandislar, o‘t o‘chiruvchilar va hokazo. U hikoyalarida ana shu qahramonlarning holatiga tushar, bir lahza bo‘lsa-da, ular bilan birga yashardi. Shu sababli ham O’Henrining asarlarida ortiqcha pafoslarga berilish, bo‘rttirma, yuzaki metaforalarni uchratmaymiz. Balki haqqoniy iste’dodni, real turmush chig‘iriqlari asnosida sinovlarda toblangan tajriba maktabi mahsulini his qilamiz.

O’Henri inson ruhiyatining kuchli bilimdoni ekanini “Co‘nggi yaproq”, “Olijanob o‘g‘ri” hikoyalari orqali yuksak pardalarda ifodalay olgandi. Katta hayot bo‘sag‘asida turgan ikki talaba qizning (“Co‘nggi yaproq”) jamiyat bilan bevosita bog‘liq va ayro holda tushkun kayfiyatga berilishi, omadsiz qari rassomning “so‘nggi shoh asari” tufayli yana optimistik hayotga qaytishi zamirida O’Henrining adib sifatidagi portretini chizish mumkin. U chuqur ruhiy holatlarni shu darajada ustalik bilan qalamga oladiki, natijada o‘quvchining kayfiyatiga, kayfiyati orqali yuragiga qo‘l soladi. Hikoyani mutolaa qilishga kirishgan odam yakunda voqealar rivoji qay darajada yechim topishini bashorat qilolmaydi. Shu tomondan ham Uilyam Porterning matematik qobiliyatiga qoyil qolmay iloj yo‘q. Uni shu nuqtai nazardan “hikoyanavislik matematikasi asoschisi” deyish mumkin.

To‘g‘ri, O’Henri qisqa hikoyachilik bobida birinchi ijodkor emas, undan oldin Tomas Beyli Oldrich (1836-1907 y.) nom qozongan, ma’lum shuhratga erishgandi. Uilyamning Tomasning mo‘jizakor hikoyalariga bolaligidanoq mehri tushgan va dastlab unga taqlidan hikoyalar mashq qilgan, biroq yillar o‘tib, shakllangach, bu yo‘nalishda tom ma’noda birinchi raqamli yozuvchi bo‘ldi. Agar T.Oldrich jahon adabiyotining nasrchilik yo‘nalishiga hajm jihatidan qisqalikni olib kirgan bo‘lsa, O’Henri o‘sha “qisqalik”­ka chinakam jon bag‘ishladi, ommaviylashtirib, barhayot qildi.

Keyinroq adabiyotga kirib kelgan, dunyo tan olgan qator mahalliy va xorijiy adiblarga O’Henrining hikoyachilik maktabi katta saboq berdi. Uning lo‘nda qilib, “bir jumla”ga sig‘dirilgan asarlaridan ilhomlanib, ko‘plab nosirlar qalam tebratdi, yangi natijalarga erishdi. Xususan, Sh.Anderson, T.Drayzer, B.Gext, G‘.G‘ulom, A.Qahhor va boshqalar nomini sanab o‘tishning o‘zi kifoya qiladi.

Uilyam: “Bo‘ldi, bas, shu vaqt­ga qadar tanti bo‘lganim yetar! Peromning hikoya yozish bobida ancha tajribasi oshdi, endi bir yil ichida romanga ham harakat qilsam bo‘ladi”, – deb jurnalistlarga o‘z istagini bayon qilgandi. Lekin unga kelajak avlodga roman ham, qissa ham yozib qoldirish baxti nasib etmadi.

O’Henri umrining so‘nggi yillarini Nyu-York shahrida jismoniy og‘riqlar, azob-uqubatlar ichida o‘tkazdi. 1910 yilning 5 iyun kuni adibning yuragi urishdan to‘xtadi, uni jigar tsirrozi hamda diabet (modda almashinuvining buzilishi natijasida yuzaga keladigan va siydikning ko‘payishi bilan kechadigan kasalliklar nomi) xastaligi yorug‘ olamdan olib ketdi.

Ulug‘ adib vafotidan so‘ng, uning 1895-1896 yillar ichida Xyuston shahri (Texas)dagi “Pochta” gazetasida e’lon qilingan feletonlari, fabulalari (xomaki, maromiga yetmagan hikoyalari), qaydlari, yumor bilan yo‘g‘rilgan qisqa-qisqa fikrlari “Postskriptumlar” (tamomlangan xat oxiriga yoziladigan qo‘shimcha gap oldidan qo‘yiladigan «R.S.» ishorasi) nomi bilan to‘plam holida bosildi. Uilyam Porter hammasi bo‘lib 273 ta hikoya yozdi, barcha janrdagi asarlari yig‘ilib 18 tomni tashkil qiladi.

1918 yilda amerikalik yozuvchining porloq xotirasini omma orasida targ‘ib qilish va uning takrorlanmas ijodiyotining bardavom bo‘lishini ta’minlash maqsadida O’Henri nomidagi mukofot ta’sis etildi va 1919 yilda birinchi marta o‘z egalariga topshirildi. Dunyoning ko‘plab adiblari bunday mukofot borligini bilishmaydi, chunki u tor doirada – Amerika va Kanada jurnallarida asarlari chop etilgan amerikalik va kanadalik “qisqa hikoya” ustalariga beriladi. G‘oliblarning eng sara asarlari jamlangan “O’Henri mukofotiga sazovor hikoyalar” nomli to‘plam chop etilishi yo‘lga qo‘yilgan. Turli yillarda bu mukofotni Trumen Kapote, Uilyam Folkner, Flanneri O‘Konnor, Jon Apdayk, Vudi Allen, Stiven King va boshqalar qo‘lga kiritishgan.

O‘tgan asrning 20-yillaridan to 50-yillariga qadar garchi xorijda ommalashib ketgan bo‘lsa-da, amerikalik yozuvchilarning aksariyati O’Henriga e’tibor berishmadi. 1950-yillardan boshlab esa O’Henri uslubida yozuvchi adiblarning safi AQShda ham sezilarli darajada kengayib ketdi. Bunda Uilyam Sidney Porterning hikoya yozish texnikasidagi yupatuvchanlik ruhini ifodalash, aylana fabula, ya’ni ikki tomonlama ma’no yuklash san’ati, timsollarni niqoblar ortida aks ettirish mahorati, so‘z o‘yini, muammoni qo‘yish va to‘laqonli xulosaga kelish hamda yashirin iqtiboslar ishlatish tajribasi muhim omil bo‘ldi.

Zohidjon Xolov
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.