Ibrohim G‘afurov. Zamon va tarjima

Terminlar har qanday ilm, har qanday hodisaning, aloqa-kommunikatsiyalarning o‘zagidir. Tilshunoslar va tarjimonlar yaxshi biladilarki, har qanday terminlar ortida hayot va hayot ortida terminlar qad rostlab turadi. Ularning milliy til maydoniga kirib kelishi, ifodalaydigan ma’nolar doirasi, til ichida qanchalar o‘zlashishi tarjimonlar va semiotiklarning diqqat-e’tiborida turadi. Bugungi o‘zbek tili rang-barang xalqaro terminlar bilan boyib borayotganligi ushbu hujjatlardan ham ravshan ko‘rinadi. Bu til mangu harakatdagi, inson irodasiga bog‘liq bo‘lmagan voqelik ekanligini yana bir karra isbotlaydi. Hujjatlardan ma’lum bo‘ladiki, iqtisodiy sharoit, erkin bozor ehtiyoji Rieltorlik faoliyati to‘g‘risidagi qonun yaratilishini talab qildi. Rieltorlik hodisasi ko‘pchilik qatori biz ziyolilarga ham yangilik bo‘lib tuyuldi. V.K.Myullerning e’tiborli lug‘atiga murojaat qilib, “rieltor” tushunchasining ma’nosini o‘zim uchun aniqlab oldim. Lug‘atga ko‘ra, u “ko‘chmas mulk agenti” mazmunida qo‘llanadi. Qonunda “agent” “vositachi”, deb olingan. Shu bilan birga bu termin erkin bozor amaliyoti taqozosiga ko‘ra, yana boshqa ma’nolar bilan ham boyitilgan. Rieltor terminidan kelib chiqadigan bunday konnotat ma’nolar Myullerda va boshqa lug‘atlarda qayd etilmagan. Hayot sharoitidan kelib chiqqan holda termin tashiydigan ma’nolar doirasi kengaygan. O‘zbek tilida bozor va, ayniqsa, chorva bozori muomalalarida “dallol” tushunchasi tarixan qo‘llab kelingan. U kelib chiqishiga ko‘ra “dalil”, “dalolat” degan so‘zlarimizga o‘zakdosh. Dallol — bozor sharoitida ikki o‘rtadagi muomalani asosli dalil va dalolatlar keltirib kelishtiruvchi, savdo-sotiqqa yordam beruvchi vositachi. Lekin shunday bo‘lsa ham, “dallol” tushunchasi “rieltor” tushunchasiga muodil, ya’ni haqiqiy ekvivalent bo‘lolmaydi. Uning ma’no doirasi va qo‘llanish doirasi erkin bozor uchun torlik va, shu bilan birga, “eskilik” qiladi. Shularni nazarda tutgan holda qonun tuzuvchilar yangi qonunni yangi tushuncha asosiga qurganlar. Hozirgi matbuotimizni sinchiklab o‘qilsa, yuzlab shunday iqtisodiy-ma’rifiy, biznesologiya termin-tushunchalariga duch kelinadi. Albatta, tarjimonlar yangi tushunchalarning ijtimoiy sharoitdagi bu harakatidan xabardor bo‘lishlari va o‘z faoliyatlaridan ularni yaxshi tushungan holda qo‘llashlari ayni muddaodir.

XX asrda tarjima sohalarida qilingan rang-barang ishlar tarix bo‘lib qoldi. Bu asr o‘zbek tarjimonlarining aksariyati badiiy ijodkorlik bilan shug‘ullanuvchi adib, shoir, dramaturg, jurnalist tarjimonlar edi. XX asrning boshida Mahmudxo‘ja Behbudiy bizning ma’rifiy-madaniy dasturimiz sifatida O‘zbekiston yoshlari to‘rt tilni bilmaklari lozim. Bu bizning dunyo zamonaviy madaniyati va ilm-fanini egallashimizga, dunyoda o‘z o‘rnimizga ega bo‘lishimizga, ilg‘or millatlar qatoridan o‘rin olishimizga xizmat qiladi, degan g‘oyani ko‘tarib chiqdi va butun kuch-g‘ayrati bilan shu olijanob g‘oyani amalga oshirishga intildi. Bu g‘oya hamon kun tartibida turibdi. XX asr madaniyatida yorqin iz qoldirgan bizning adib va shoir tarjimonlarimiz Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Oybek, G‘afur G‘ulom, Uyg‘un, Usmon Nosir, Abdulla Qahhor, Maqsud Shayxzoda, Mirtemir, Zulfiya, Sidqiy Xondayliqiy, Mirkarim Osim, Mirzakalon Ismoiliy, Ramz Bobojon, Hamid G‘ulom, Vahob Ro‘zmetov, Sanjar Siddiq, Nabi va Abdurahmon Alimuhammedov Behbudiyning idealiga javob beradigan to‘rt tilli tarjimonlar ham edilar. Bu ulug‘ namoyandalar izidan faqat tarjima ijodi bilan shug‘ullanuvchi Odil Rahimiy, Odil Sharopov, Rustam Abdurahmonov, Mirziyod Mirzoidov, Qodir Mirmuhamedov, Lola Tojiyeva, Miad Hakimov, Yo‘ldosh Shamsharov, Kibriyo Qahhorova, Xolida Ahrorova singari qator-qator professional tarjimonlar ham yetishib chiqdilar. Ular dunyo adabiyoti ulkan namoyandalarining asarlarini bilimdonlik bilan o‘zbek tiliga o‘girdilar, o‘zbek o‘quvchilarining dunyo adabiyotlarini bilish yo‘lidagi tashnaligini baholi imkon qondirishga muyassar bo‘ldilar.

Biz juda kam tilga olamiz. O‘tgan asrda O‘zbekistonda Sharq tillaridan o‘zbek tiliga tarjima qiluvchi ulkan olim, ulamo tarjimonlar otryadi maydonga chiqib, arabshunos, urdushunos, forsshunos, turkshunos allomalar Ubaydulla Karimov, Abdufattoh Rasulov, Abduqodir Murodov, Sodiq Mirzayev, Abdusodiq Irisov, Abdulla Nosirov, Shoislom Shomuhamedov, Asomiddin O‘rinboyev, Bo‘riboy Ahmedov, Chustiy, Xurshid, Anisiy, Muinzoda, Ubaydulla Uvatov, Ashraf Ahmedov singari fozil tarjimonlar asrlar qa’rida bizga sirlarini ochmay yotgan Farg‘oniy, Xorazmiy, Forobiy, Zamaxshariy, Ibn Sino, Beruniy, Xayyom, Hofiz, Sa’diy asarlari bilan XX asrda o‘z ona tilimizda tanishish imkonini berdilar. Ularning tarjimalari yuksak ma’noda ilmiy tadqiqot darajasiga ko‘tarildi. Biz o‘z mumtoz allomalarimizning ilm va g‘oyalar dunyolari bilan yaqindan tanishishga muyassar bo‘ldik. Bular har qancha tahsinga loyiq, ulug‘vor tarjima va tadqiqot ishlari edi. Bu avlod fayzi va ilmu kamolidan bahramand bo‘lgan Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Ozod Sharafiddinov singari adabiyotimizning iqtidorli namoyandalari Yevropaning mumtoz asarlarini she’riyatning e’joziy tili va maftunkor usuli bilan o‘zbek tiliga o‘girdilar. Bu asarlar o‘zbek tilining behad boyishiga, dunyo adabiyotining rang-barang usullarini o‘zlashtirishlariga ta’sir ko‘rsatdi. Tarjima ta’sirida insonga qarashlar va inson tasviri ma’lum darajada yangilandi.

XX asrda “Qur’on” va hadislarning o‘zbek tiliga yangi tarjimalari yuzaga chiqdi. Abdulaziz Mansur, Alouddin Mansur, Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Oltinxon To‘ra, Shamsiddin Boboxonov tarjimalari tarixiy tafsirlar darajasidan ancha yuksakka ko‘tarildi va ma’nolar tarjimasi, degan izoh bilan nashr etildi. E’tiqodiy bo‘shliqning o‘rni to‘lganday bo‘ldi. Shu kabi namoyandalar va ularning tarjimalari XX asr O‘zbekiston tarjimonlik maktabining asosiy xususiyatlarini belgilab berdilar. Ular o‘tmish asarlarning tarjimalariga bamisli entsiklopedist olimlar kabi yondoshdilar. Asarlarga keng miqyosdagi ilmiy izohlar yaratdilar. Ularning tarjimalari muhabbat, fidokorlik, bilimdonlik va mas’uliyatning oliy samaralari kabi maydonga chiqdi. XX asr O‘zbekiston madaniyati va ilm-fanining tag zaminini fundamental boyitdi va mustahkamladi.

Qodir Mirmuhamedov dunyo adabiyotining shoh asarlarini o‘zbeklarga tanitishda hammadan ortiqroq fidokorlik bilan ter to‘kdi. Yevropa badiiy qal’alarini o‘zbek co‘zi bilan ishg‘ol qildi. Biz ma’lum bir tarixiy va ijtimoiy sharoitda dunyo adabiyoti namunalarini vositali til orqali tarjima qilib keldik. Vositali til orqali tarjimalar ham o‘ziga xos bir maktab bo‘ldi, tajribalar to‘plandi. Lekin qanday bo‘lmasin, bunda vosita tilning hidi kelib turadi va bundan aslo qutulib bo‘lmaydi. Bunda asliyatning obrazli dunyosi, ruhi, milliy koloriti, adib yoki shoirning ovozi, uslubini qayta bino qilishda jiddiy qiyinchiliklarni yengib o‘tishga to‘g‘ri keladi. Lekin bularni oxirigacha yengib bo‘lmaydi. Albatta, asarning o‘zagi o‘quvchiga yetib boradi, ammo asliyatning barkamol badiiy xususiyatlari va o‘ziga xos koloritini ifodalashda vositachining yo‘rig‘iga yo‘rg‘alashdan boshqa iloj qolmaydi. Keyingi o‘n yillarda asliyatdan tarjima qilishning bir qator yorqin tajribalari ko‘zga tashlanyapti. Shoir Shavkat Rahmon Federiko Garsiya Lorkani asliyatdan tarjima qilish uchun bir necha yil vaqtini sarflab ispanchani o‘rgandi va romantik shoirni muhabbat bilan o‘zbekchalashtirdi. Bahodir Ermatovning frantsuz adabiyotidan qilayotgan tarjimalari o‘zining go‘zal jozibasi bilan ajralib turadi. Taniqli shoir Jamol Kamol Shekcpirning bir qator asarlarini ingliz tilidan tarjima qilib, ajoyib samaralarga erishdi. Jaloliddin Rumiy, Farididdin Attor singari Sharq adabiyotining ulkan namoyandalari asarlarini fors tilidan o‘zbek tiliga muvaffaqiyat bilan o‘girdi. Mirzaali Akbarov nemis adabiyotidan va chunonchi, Herman Hesse asarlarini go‘zal aniqlikda va ehtiros bilan tarjima qildi. Nemis tilining bilimdon yetuk mutaxassisi Xurram Rahimov nemis shoirlari va shoiralari asarlari namunalarini maftunkor fikr va hissiyot shalolalarini ruhini saqlab bizga tanitdi. Xuddi shuningdek, Amir Fayzulloning hind va urdu tilidan amalga oshirayotgan katta miqyosdagi tarjimalari, adabiyotshunos olim va muallim Asil Rashidovning Chingiz Aytmatov asarlarini o‘zbekchalashtirishi, shoir Mirpo‘lat Mirzoning Rossiya shoirlari asarlarini tarjima qilib antologiyalar tuzayotgani, Begoyim Xolbekovaning ingliz shoirlarini zamonaviy o‘zbek tilida talqin etishga intilayotgani, turk, fors, arab, xitoy, yapon adabiyotlaridan ilk asliyatdan tarjimalar Ubaydulla Karimov, Shoislom Shomuhamedov, Chustiy, Cho‘lponlarning bu ulug‘ maydonlarga solgan yo‘llari uzilib qolmaganligini, qo‘yilayotgan qadamlarda yangi bir shukuh izlari muhrlanayotganligini ko‘ramiz.

Ammo shularga qaramasdan XX asrning salmoqli tarjima an’analarini, tarjimashunoslikda esa ulkan olim G‘aybulla Salomov an’analarini XXI asrda kim davom ettiradi va qanday davom ettiradi, degan savol hozir ham kun tartibidan tushgan emas.

Evropa va xususan Angliyada Injil tarjimalari muttasil suratda yangilanib, ingliz tilining davr xususiyatlariga muvofiqlashtirib boriladi. Hozirgi zamon kishisining bu qadim ilohiy matnlarni qabul qilish va tushunish qobiliyati va imkoniyati ilmiy jihatdan hisobga olinib, yangi tarjimalarga zamon talablari nuqtai nazaridan yondashiladi. Tarjima jarayoni doimiy o‘zgarishdagi va doimiy yangilanishdagi, doimiy izlanishdagi jarayon.

An’analarni kim davom ettiradi? Tarjima va tarjimashunoslik sohalariga kim novatorlik olib kiradi? Keyingi o‘n yil ichida Jahon tillari universitetining Tarjimonlik fakulteti bir yarim mingdan ortiqroq referentlar va mutaxassis tarjimonlarni yetishtirdi. Ular Yevropa, Amerika, Rossiya, Sharq mamlakatlarida xalqaro turli tashkilotlar, diplomatik xizmatlar, oliy o‘quv yurtlarida muvaffaqiyat bilan ish olib bormoqdalar. O‘zbekiston davlatining tarjimaga tobora ortib borayotgan kundalik ehtiyojlarini qondirishga intilmoqdalar. Universitet o‘quv bazasini kuchaytirish uchun rang-barang darsliklar, qo‘llanmalar, lug‘atlar nashr etishga katta e’tibor qaratmoqda. Shavkat Bo‘tayev va Abbos Irisqulovning 70 ming so‘z, iborani o‘z ichiga olgan inglizcha-o‘zbekcha, o‘zbekcha-inglizcha salmoqli lug‘ati, A.Ismoilov, G.Boqiyeva, O.Mo‘minov, N.Qambarov singari zahmatkash olimlarning darsliklari talabalarga kechayu kunduz bilim egallashlarida sodiq hamroh va madadkor bo‘lmoqda. Abduzuhur Abduazizov singari jonkuyar olimlarning Reformatskiy va Arakinlar izidan borib yaratgan tilshunoslik va fonetikaga doir jiddiy darsliklari yangi davr talablariga ilm xazinalariga kirib borishlarida g‘oyat qo‘l kelmoqda. Bu yerda alohida hurmat-e’tibor bilan tilga olib o‘tish lozimdirki, mukarram olimimiz Qudratxon Musayevning “Tarjima nazariyasi asoslari” darsligi va ayniqsa uning 240 bosma taboqdan iborat uch jildli inglizcha-ruscha-o‘zbekcha iqtisodiy terminlari lug‘ati — yangi lug‘atlar va yangi darsliklar avlodini yuzaga keltirish yo‘lidagi chuqur tahsinga sazovor yirik ishlardir. Aslida hamkasbimiz bu lug‘atini o‘n tomdan iborat qilib tuzgan va ulkan ijodiy jasorat ko‘rsatgan edi.

Xorijiy tillar mutaxassislarini tayyorlashda o‘quv ta’lim dasturlari ichiga yangilanishlar olib kirish muhim ahamiyat kasb etadi. XX asrning oltmishinchi yillardan e’tiboran dunyoda kulturologiya, semiotika, biznesologiya, diplomatiya sohalarini o‘rganish va tarjimonlik faoliyatiga ularni tadbiq etish aktual masalalar qatoridan mustahkam joy oldi. Tarjimonlik va tarjimashunoslikni kulturologiya va semiotika bilan chambarchas bog‘lab o‘rganish zaruratini ta’kidlayotgan olimlar ham anchagina. Bular bejiz emas, albatta.

Nima uchun tarjimonlik fakultetining talabalari semiotika va kulturologiya, diplomatiya asoslarini chuqur o‘rganmasliklari kerak? Axir, bu fanlar ularning kelajak faoliyatida muvaffaqiyatli ish ko‘rishining to‘g‘ridan-to‘g‘ri garovi emasmi? Cir emaski, tarjima jarayonlarida biz amaliyotchilar psixolingvistika, paralingvistika, ekstralingvistika singari lingvistik tarmoqlarda olib borilayotgan tadqiqotlarning natijalaridan va tavsiyalaridan xabardor bo‘lishini istaymiz. Busiz dunyo adabiyotini originalga mos saviyada tarjima qilish mumkin emas. Necha yuzlab tovushlarning tovlanishlari, necha minglab rang-barang harakatlarning nomlanishlari, bayonlari, necha-necha imo-ishoralar, rang-bo‘ylarning o‘ziga xosliklarini haqqoniy tarjima etish uchun psixolingvistika yoki paralingvistikaning yutuqlardan foydalanmay bo‘ladimi?

Gustav Flober “Muqaddas Antoniyning vasvasasi” degan o‘tkir romanida bir malikaning ustiga ilgan libosini tasvirlab, undagi yuz ellikdan ortiq detalning nomini aytib chiqadi. Joys, Bekket, Prust zamonaviy Angliya, Yevropa, Amerika, Sharq adiblarining asarlari — ulkan insoniy-ijtimoiy yo‘nalishga egaligi, ayni paytda ular mislsiz imo-ishoralar, mislsiz xatti-harakatlar, mislsiz ohanglar, tovushlar, shovqinlar, mislsiz kiyim-kechaklar, mislsiz emotsionalliklarning tili bilan yaratilgan. Biz tarjimada bu badiiy tasvirdagi mislsizlikni o‘zlashtirishimizga to‘g‘ri keladi. Tilimizni shunga o‘rgatishimiz va moslashtirgimiz keladi. Til o‘zi mislsiz imkoniyat — bunga hamma vaqt imkoniyat beradi. Navoiy bu tilning imkonini o‘z zamonida xo‘b topib aytgan edi “Muhakamat ul-lug‘atayn”da: “…turk alfozig‘a dag‘i mulohazani lozim ko‘ruldi — olame nazarg‘a keldi o‘n sakkiz ming olamdan ortuq, anda zebu ziynat; va sipehre tab’g‘a ma’lum bo‘ldi, to‘qquz falakdin ortuq, anda fazlu rif’at; va maxzane uchradi — durlari kavokib gavharlaridin raxshandaroq…”.

Hozirgi zamon semiotikasi mana shu o‘n sakkiz ming olamning sirini belgili qilamiz, deb jonini jabborga berib igna bilan quduq qaziydi. O‘n sakkiz ming olamning ichiga birozgina tarjimaviy tahlil bilan bir kirsak.

O‘z sohasida layoqat bilan ishlay oladigan tarjimon mutaxassislar tayyorlanib hayotga yo‘llanma olayotgani holda bizning orzuimiz va bizning idealimiz bo‘lgan ijodkor tarjimonlar kam chiqayotgani hammamizni o‘ylantiradi. Buni ko‘proq badiiy tarjima ishining nihoyatda mashaqqatli jarayon ekanligidan ko‘ramiz. Buning ustiga moddiy manfaatdorlik zamonida badiiy tarjimadan keladigan moddiy      manfaat juda oz darajada. U badiiy tarjimaga sarf qilingan og‘ir mehnatning hajmi va sarf qilingan qimmatli vaqtlarning o‘rnini qoplamaydi. Yoshlar esa moddiy manfaatdorlik bo‘lmagan yerga bormaydilar hisob. Zero, ular o‘z qasrlarini tiklashlari kerak. Faqat ma’naviy-ijodiy, ma’rifiy manfaatlarni boshqa hamma narsalardan ustun qo‘yuvchi nodir entuziactlargina bu sohaga jur’at bilan qadam qo‘yadilar. Yurtboshimiz Islom Karimov iborasi bilan aytganda, “ma’naviy jasoratga” shunday fidokorlik yo‘lini tanlagan kishilargina ko‘proq sazovor bo‘ladilar. Ma’naviy jasoratga hamma ham qodir bo‘lavermaydi, lekin u o‘lmasdir. Madaniyat tariximizda buning misollari oz emas.

Nimasini aytaylikki, tarjima dastlab juda oson bir ish bo‘lib ko‘rinadi. Lekin uning hamma qiyinchiligi ichida. So‘z azaldan yozuvchi va shoirgagina bo‘ysunadi. Tarjimon tilda yozuvchiga teng yozuvchi, shoirga teng shoir bo‘lgandagina, asliyat tarjimasi asliyatga tenglashadi. Lev Tolstoyning “Za chto?” deb nomlangan o‘tkir hikoyasini o‘qigansiz. XIX asrning o‘ttizinchi yillaridagi polyak ozodlik harakati va uni mustabid Nikolay Palkin qanday shafqatsizlik bilan bostirgani va bu polyak yoshlari taqdirida qanday adoqsiz fojialarga sabab bo‘lgani hikoya qilinadi. Asar voqealariga batafsil to‘xtalib o‘tirilmaganda ham, bugungi mavzuimiz taqozosiga ko‘ra, loaqal uning nomi qanday tarjima qilinganligini andak ko‘rib o‘taylik. Tarixnavis adib va tarjimon Mirkarim Osim asarning nomi ustida ko‘p fikrlagan va nihoyat uni “Gunohimiz nima?”, deb tarjima qilishga qaror qilgan. Agar “Gunohimiz nima?”ni qayta rus tiliga o‘girsak, tamomila boshqacha ma’nodagi jumlalar hosil bo‘ladi. Bu yerda Tolstoyning nazaricha ayb va gunohdan ham mislsiz kattaroq bir narsa borki, uning butun olamshumul azobi “Za chto?”ning oldida va qolgani uning orqasidadir. Shuning uchun Tolstoyning “Za chto?”sining o‘zbekchaga tarjimasi behad oson va shuningdek, behad qiyin. Shunisi ham borki, uni asarning kontekstidan ajratib tarjima qilib bo‘lmaydi, faqat asar kontekstidagina uning ma’nosi ochiladi. Besh tovushdan iborat bu so‘zni yigirmadan ortiq yo‘lda o‘zbekchalashtirish mumkin. Ular ichida “Nega axir?” degan varianti asliyatga, Tolstoyning kuzatgan niyatiga ham ma’no, ham intonatsiya, ham ifodaviy moslikda eng muvofiq variant bo‘lishi mumkin. Mirkarim Osimning yuksak adiblik salohiyati, uning bexato til madaniyatini hisobga olganda, ehtimol, bu variantni ham nazarda tutganligini taxminlash mumkin.

Guldek umri va orzulari Sibir surgunlarida xazon bo‘lgan, yosh bolalaridan ayrilgan, eri va o‘zi mangu baxtsizlik girdobiga tashlangan Albina hikoya so‘ngida “nega axir?”, “nima uchun?”, deb faryod chekadi. Shu besh harfdan iborat undovda zulm va adolatsizlikka, insonni tahqirlashga qarshi poyonsiz bir aybnoma yangrab yer yuzini qoplab olganday bo‘lib turadi. Bunday hollarda o‘zbek albatta “gunohimiz nima?”, deb nola chekkan bo‘lardi. Rostdanam bu nido o‘zbekcha eshitiladi, yigirma besh variant tarjima ichida eng muvofig‘i kabi qabul qilinadi. Buni tarjimon topgan, bu uning kashfiyoti. Faqat Tolstoy jumlasida o‘qning qarsillagan faryodi eshitilsa, tarjimon jumlasida ezilgan nola eshitiladi. Bu mahkumlik, giriftorlikni yanada kuchaytiradi. Agar gustohlik deyilmasa, Tolstoy jumlasini “Dod!” deb tarjima qilish ayni muddao va ayni muodillik bo‘lur edi va bunda Tolstoydan ko‘ra ham ixchamlikka erishilardi. Ammo “Dod!”ning rus tiliga tarjimasi yo‘q. Uni faqat Tolstoychasiga “Za chto?” debgina tarjima qilish mumkin. Ko‘ryapsizmi, bir kod ortidan qanchadan-qancha semantik variantlar kelib chiqadi va ular tahlilida faqat semiotik tahlilgina samarali natijalarga olib boradi. Ana endi Navoiyga qaytaylik. Navoiy turkiy tilning ichki ummonlariga chuqur kirib borganda, u ko‘z o‘ngimda “o‘n sakkiz ming olam” ochildi, “to‘qqiz falak” namoyon bo‘ldi deyarkan, bu shoirona ta’rif baayni til hodisalariga nisbatan mubolag‘a, bo‘rttirish emas, balki til — azal hayot, azal sir va azal poyonsizlik ekanligini odamlar tasavvuriga keltiradi.

Turkiy tillarning ulug‘ tarmog‘i bo‘lgan o‘zbek tili Navoiyning e’jozona ta’rifidan kelib chiqsak, har qanday tarjima va har qanday ifodaga qodirdir. Bu tilning rang-barang hodisalari haqida muhokama yuritganda, hamma vaqt uning o‘n sakkiz ming olami ichida turganligimizni va tilni to‘qqiz falakning ruhi boshqarishini unutmasak, til ham o‘z olamlarini bizga saxovat bilan ochib boradi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2011 yil 8-sonidan olindi.