Hasan Qudratullayev. Bobur va mo‘g‘ul qavmlari

“Boburnoma”ga ishlangan miniaturalardan. XVI asr

Olimlar orasida Zahiriddin Muhammad Boburning ona tomonidan mo‘g‘ul qavmiga mansubligi to‘g‘risida turli-tuman fikr-mulohazalar mavjud. Hatto Boburiylarning Hindistondagi hukumronlik davri g‘arbda “Buyuk mo‘g‘ullar imperiyasi” (“Imperiya velikix mongolov”) deb atalishi bunga yorqin misol. Keyingi paytda “boburiylar sulolasi” atamasi ilmiy muomalaga kiritilganiga qaramay, ba’zi tadqiqotlarda hamon “buyuk mo‘g‘ullar” ifodasi ishlatib kelinmoqda. Shuning uchun bu borada ayrim aniqliklar kiritishga ehtiyoj bor.

Zahiriddin Bobur o‘zining “Boburnoma” asarida otasi Umar Shayx haqida ma’lumot berar ekan, ona avlodi tomonidan mo‘g‘ullarga mansubligini alohida ta’kidlagan. U “Umar Shayx xotinlari” rukni ostida yozadi: “Qutlug‘ Nigorxonim edi, Yunusxonning ikkinchi qizi, Sulton Mahmudxon, Sulton Ahmadxonning egachisi edi. Yunusxon Chingizxonning ikkinchi o‘g‘li Chig‘atoyxonning naslidindur”. Ko‘rganimizdek, Bobur Qutlug‘ Nigorxonimning to‘ng‘ich o‘g‘li yoki Chingizxonning ham nabirasi hisoblangan.

Zahiriddin Bobur ota tomonidan temuriylar xonadoniga mansubligi aniq. U otasi Umar Shayx avlodi haqida yozadi: “Sulton Abusaid Mirzoning to‘rtunchi o‘g‘li edi… Sulton Abusaid mirzo Sulton Muhammad mirzoning o‘g‘li edi. Sulton Muhammad mirzo Mironshoh mirzoning o‘g‘li edi. Mironshoh mirzo Temurbekning uchinchi o‘g‘li edi”.

Zahiriddin Bobur o‘z qo‘l ostidagi kishilarga millati, qavmi va elatidan qat’i nazar, odamga pok insoniy xislati, sadoqati va saltanatni asrashdagi fidoyiligiga qarab munosabatda bo‘lar edi. “Boburnoma”da muallif biron shaxsning qaysi millat yoki elatga mansubligi haqida so‘zlar ekan, eng avvalo, uning insoniy fazilatlariga e’tiborni qaratadi. Shu jihatdan, uning mo‘g‘ul bek va askarlariga, ularning muhoraba maydonidagi sifat va kamchiliklariga bergan bahosi muhim.

Zahiriddin Bobur 12 yoshga kirganda otasi Umar Shayx to‘satdan vafot etib, Andijon taxtiga yosh shahzoda o‘tiradi, “Boburnoma”da ta’kidlanishicha, Bobur saltanat yuritishda Umar Shayxning juda ko‘p beklarini o‘z xizmatida qoldirgan. Ularning bir qismi onasi Qutlug‘ Nigorxonimning qarindosh-urug‘lari bo‘lib, mo‘g‘ul qavmiga mansub kishilar edi. Bobur otasi Umar Shayxga nisbatan ehtirom yuzasidan ularga katta ishonch bildirgan. Asarda tilga olingan Boburning tog‘alari Ali Do‘st, uning o‘g‘li Muhammad Do‘st, Mir Fiyos hamda Qanbar Ali mo‘g‘ul va boshqalarni ko‘rsatish mumkin.

“Boburnoma”dagi ma’lumotlar shundan dalolat beradiki: Bobur onasi tomonidan bo‘lgan bu beklarga qanchalik yaxshilik qilmasin, ular hamisha saltanatning tanazzulga yuz tutishini istab ish ko‘rgan va unga xiyonat qilganlar. Bobur ularning sotqinligi, mansab va boylik yo‘lida har qanday qabihlikdan qaytmasliklarini alohida ta’kidlaydi.

1499–1500 yilgi voqealar. Bobur Ahmad Tanbal bilan Andijon hokimiyati uchun kurash olib borayotgan payt. Ali Do‘st va Qanbar Alilar Boburga Shayboniyxon bilan sulh tuzishni taklif etadilar. Bobur ularning hurmati bois (“Chun ikki ulug‘ bek bu ikki mardak edi, agar bularning so‘ziga quloq solmay sulh bo‘lmasa, o‘zga ehtimollari ham bor edi, zarurat bo‘ldi, bu yo‘sinliq sulh bo‘ldi…”) sulhga imzo chekadi. Lekin hayal o‘tmay ma’lum bo‘ladiki, Boburning bu suyangan beklari Ahmad Tanbal bilan kelishib, uning himoyasiga o‘tib, Boburga bo‘ysunmay, o‘zboshimcha boshqaruvga kirishadilar: “Andijong‘a kelgandan so‘ng Ali Do‘stning atvori tamom o‘zgacha bo‘ldi… O‘g‘li Muhammad Do‘st xud podshohona bunyodlar qo‘ydi. Suhbat va shilon va devon va dastgoh barchani salotin dasturi bila boshladi. Bu otaliq, o‘g‘ulliq Tanbalg‘a orqalanib, mundoq harakatlar bunyod qildilar”.

Ushbu matndan so‘ng Bobur o‘zining siyosiy va iqtisodiy holati juda ayanchli, nozik ekanligini, bu mo‘g‘ul qavmidan bo‘lgan qarindoshlariga “hech nima deb bo‘lmasligini” alohida ta’kidlab “bu otaliq, o‘g‘ulliqtin ul muddatda g‘alati xorliqlar tortildi”, deydi.

Bobur shu kezlarda umrining eng mushkul damlarini, xo‘rliklar bilan sug‘orilgan kunlari, bedor tunlardan iborat hafta, oylarni boshidan kechirar, taqdir uni imtihonidan o‘tkazar edi. Hali ancha yosh bo‘lishiga qaramasdan yurt boshqarishda yuksak uquvi borligi, ziyrak, tiyra tafakkuridan cho‘chigan g‘animlari, hatto do‘stlari, qarindosh-urug‘lari undan xavfsirar edilar. Ularga qarshi kurash esa oson kechmasdi. “Boburnoma”dan tashqari u o‘z dardi, tashvishu ichki olamini g‘azallari, qit’a va ruboiylarida ham aniq bayon etgan. Ehtimol, tog‘alari, ularning Bobur bilan tengdosh o‘g‘illari tomonidan o‘tkazilgan zug‘umlar, xiyonatlar bois, shoir sukut hukmron hujrada bu ruboiyni yaratgandir:

Bobur necha bu dahr meni zor aylar,
Sabrimni kamu g‘amimni bisyor aylar.
To dahrdurur budur aning rasmikim,
Ayirib kishini azizidan xor aylar.

“Boburnoma”ni mutolaa qilgan o‘quvchi shunga guvoh bo‘ladiki, bu shaxslar butun umrlari davomida Boburga xiyonat qilib keladilar. Bobur Samarqanddan Andijonga qaytayotganida isitma kasalidan aziyat chekadi, yotib qoladi. Andijonga undan oldin yetib kelgan Ali Do‘st uning o‘lim to‘shagida yotganligi, qazosi yaqinlashganini aytib, shahar darvozasini g‘animlarga ochib beradi. Yoki Movarounnahrdagi juda ko‘p janglarda ham shu xiyonatni takrorlagan bu “tag‘oyilar” shaharni Bobur g‘animlariga topshirishadi.

Zahiriddin Bobur Ali Do‘st va uning o‘g‘li Muhammad Do‘st, Qanbar Alilar siymosida munofiq shaxslarni ko‘radi. Shu bilan mo‘g‘ul qavmiga ma’lum darajada munosabatini bildirgan muallif, ularning vafotiga oid ma’lumotni keltirar ekan, Olloh irodasi bilan yomonga jazo kelishini ta’kidlaydi. Aslida tog‘alari vafotiga oid bu satrlarda achinish, oddiy insoniy kuyunish o‘rnini nafrat so‘zlari egallaydi. Bu matnda Boburning shaxs ruhiyatini tahlil etishi, yomon hech kimga vafo qilmasligi va oxiri jazo topishini ifoda etgan. “Bir-ikki yildan so‘ng Ali Do‘stning iligiga qort chiqib o‘ldi. Muhammad Do‘st o‘zbakka kirib edi. Filjumla yomon emas edi. Andin ham ko‘rnamaklik qilib, qochib, Andijonning ko‘h poyalariga borib, yog‘iliqlar va fitnalar angiz qildi. Oxir o‘zbak iligiga tushti. Ko‘zlarini ko‘r qildilar. “Ko‘zlarini tuz tutti”ning bu ma’nisi bor emish”.

Biz “Boburnoma”da muallifning fikrlarini tahlil etar ekanmiz, ko‘pincha buyuk adib ko‘nglida aytolmay qolgan, nasr imkoniyati cheklanib bildirmagan fikrlarni shoir asarlarini varaqlab, anglashga harakat qildik. Quyidagi ruboiy go‘yo atayin Ali Do‘st, Muhammad Do‘stlarga – aslida do‘st ismida qolib, dushmanlikni shior aylagan xoinlarga nisbatan aytilgandek. Bu satrlar Boburning temir irodasidan darak beradi. Turmushdan ma’lum: yomon jazosini topgunicha necha-necha yaxshilarni ruhan qiynaydi, sindiradi, beozor ko‘ngillarga nish uradi. Qur’oni Karim, Hadisi Sharifda ham mo‘minning sabrli bo‘lishi, sabr istalgan natijaga beshak yetkazishi ta’kidlangan. Biroq sabr etish, chidam metin irodani tilaydi. Olloh uni har kimga ham nasib etavermaydi. “Boburnoma”dagi behisob dalillar muallifning o‘ta sabrli ekanligi, shu tufayli komil musulmon sifatida umrguzaronlik qilganligini ko‘rsatadi. U hech vaqt o‘ch olish payiga tushmagan, g‘animlarni Olloh hukmiga havola etgan. Yuqoridagi misoldek, ular o‘z qilmishlariga yarasha jazoga mustahiq bo‘lganlar. Quyidagi ruboiy esa buyuk Boburning hayot falsafasi, umr mantiqi sifatida hamon jaranglab turibdi:

 Har kimki vafo qilsa, vafo topqusidur,
 Har kimki jafo qilsa, jafo topqusidur.
 Yaxshi kishi ko‘rmagay yamonlig‘ hargiz,
 Har kimki yamon bo‘lsa, jazo topqusidur.

“Boburnoma”ning juda ko‘p o‘rinlarida muallif mo‘g‘ulcha tartib, qoida, davlatchilik nizomi haqida fikr yuritgan. Ularning barchasida Bobur bu xususiyatlar o‘ziga nisbatan na urug‘-aymoq, na nasab jihatidan mansub ekanligini bildirmaydi. Aksincha, fikrlarini mutlaqo begona xalq va elat haqida hikoya qilgandek bayon etadi. U bunday paytda, odatda, “mo‘g‘ul dasturi yuila…”, mo‘g‘ul cherikikim…”, “mo‘g‘ul odati bila…” va boshqa iboralarni qo‘llaydi. Ya’ni “mo‘g‘ul” so‘zi uchinchi shaxs sifatida kelib, birinchi shaxs “Boburnoma” muallifidan ayrim holda o‘z ifodasini topgan. Bobur mo‘g‘ul urf-odati, tartibi haqida fikr yuritar ekan, uning hikoya uslubi Hindiston, Afg‘oniston, Jaloloboddagi xalqlar (Movarounnahr qavmlaridan uzoq) hayotiga oid tasvirlardan farq qilmaydi. “Tonglasi kichik xon dodam (ya’ni mo‘g‘ul avlodidan bobosi – Q.H.) manga mo‘g‘ulcha rasmliq bosh-oyoq va qo‘rini egarlik xossa otini inoyat qildi. Maftulluq mo‘g‘uli bo‘rk va sochma tikkan xitoyi atlas to‘n va xitoyi qo‘r, burung‘i rasmliq toshi chinoti bila xitoyini so‘l sari, yana uch-to‘rt nima xotun kishining yoqosig‘a osar anbardan xaritasidek nimalar osibturlar, o‘ng sarida ham ushmundoq uch-to‘rt nima osibturlar”.

Matnga e’tibor beraylik. Mo‘g‘ul urf-odati, kiyim-kechagi va uning xillarini Bobur mutlaqo o‘ziga begona holda tasvirlamoqda. Ularning ayrimlarini cheriklar bo‘yniga osadigan xaritalarga o‘xshatish bundan yaqqol guvohlik beradi. Mo‘g‘ullar kiygan kiyimlari ham Bobur uchun yangilik, tomosha. Shu misol ham Boburning temuriyzodalarga mansubligi, mo‘g‘ul qavmiga uzoq qarindoshligi shartli ekanligini bildirmoqda.

Ushbu da’voimizni tasdiqlash uchun “Boburnoma”dagi yana bir-ikki misolga murojaat etamiz. 1506 yil voqealari. Zahiriddin Boburni otasi Husayn Boyqaro vafotidan so‘ng Hirotga da’vat etgan Badiuzzamon Mirzo qabul marosimini tashkil etadi. Ushbu marosimni uzoqdan-uzoq tasvirlagan Bobur Mirzoning uyi, unda mehmonlarning joylanishi, diplomatik munosabat va harakatlar, kiyim-kechak, to‘shaklarning xili, rangida mo‘g‘ulcha “dastur” alomatlarini ko‘radi va bu unga xush ko‘rinmaydi. Bobur shu manzarani tasvirlar ekan, “burunlar bizning ota-og‘a Chingiz to‘rasini g‘arib rioyat qilurlar edi, majlisda va devonda, to‘y va oshda, o‘turmoqda va qo‘pmoqda xilofi to‘ra ish qilmaslar edi”, deydi. Bunda Boburning “burunlar” so‘zini ishlatishi mo‘g‘ullar saltanati davrining o‘tganligi, endi davlatchilik ishida, rasm-rusum va muomalada “temuriylar dasturi” bo‘yicha ish tutish rasm bo‘lgani, mo‘g‘ullar odatiga oz bo‘lsa-da, Badiuzzamondek taqlid qilish o‘rinsiz ekanligiga ishora qilinmoqda. Faqat bu emas, Bobur shoh sifatida Chingizxon amr bergan qonun va tartibning temuriylar saltanatida amal qilishi yot bir hodisa deb biladi, Chingizxonni “yomon ish qilg‘on ota” qatoriga qo‘shadi. Bemalol aytish mumkinki, bu satrlar – Boburning mo‘g‘ullar siyosati, – davlatchiligiga e’tirozi, ochiq munosabatidir: “Chingizxonning to‘rasi nassi qati’ emasturkim, albatta kishi aning bila amal qilg‘ay. Har kimdin yaxshi qoida qolg‘on bo‘lsa, aning bila amal qilmoq kerak, agar ota yomon ish qilg‘on bo‘lsa, yaxshi ish bila badal qilmoq kerak”.

Zahiriddin Boburning mo‘g‘ul qavmiga munosabatini uning mo‘g‘ul askarlari harakati va axloqiga bergan bahosidan ham bilish mumkin. Boburning Shayboniyxonga qarshi kurashi uchun mo‘g‘ul cheriklari yordamga yuboriladi. “Boburnoma”da o‘qiymiz: “Mo‘g‘ul cherikikim, ko‘makka kelib edi, urushqa xud toqatlari yo‘q edi. Urushmoqni qo‘yub, bizning elni o‘q talab, ottin tushira kirishdilar. Bir bu emas, hamisha badbaxt mo‘g‘ulning odati ushmundoqtur. Bossa ham o‘lja olur, bostursa ham o‘z elini talab, tushurib o‘lja olur”.

Mana bu misolga e’tibor beraylik. Bobur Farg‘ona, Andijonda Ahmad Tanbal bilan urushib yurgan paytida ham mo‘g‘ullar, hatto uning xizmatida bo‘lgan, onasi qoshida bo‘lgan mo‘g‘ullar unga qarshi harakatlar zohir etadilar, bunda “hamisha yomonliq va buzuqchilik mo‘g‘ul ulusidin bo‘la kelgandur”. Boburning ular haqida bunday xulosaga kelishiga asos bor, bu birinchi navbatda ularning bosqinchilik va talon-toroj etish qonlarida borligi bois amalga oshirilishini Bobur qayta-qayta takrorlagan. Bu matndagi yana bir jihat muhim: hali 20 yoshdan oshmagan Bobur bilan ular besh marta urushganlar, Bobur ta’kidlashicha, bu urushlar uning mo‘g‘ullar bilan dushmanona munosabati bois emas, mulkgirlikka ularning da’voi zaminida amalga oshirilgan. “Mening onam qoshiga ming besh yuz, ikki mingga yovuq mo‘g‘ul ulusidin bor edi. Yana Hisordin Hamza Sulton va Mahdiy Sulton va Muhammad Dug‘lat alar bila ushmuncha chog‘liq mo‘g‘ul kelib edi. Hamisha yomonliq va buzuqchiliq mo‘g‘ul ulusidin bo‘la kelgandur. Ushbu tarixqacha besh navbat mening bila yog‘iqtilar. Andoq emaskim, mening bila bemunosabatliq jihatidin yog‘iqmish bo‘lg‘aylar”.

Ta’kidlaganimizdek, Zahiriddin Bobur ona tomonidan Chingizxon avlodiga mansubligini o‘zi ta’kidlasa ham, na qavm jihatidan, na xarakter va ulus jihatidan, na sarkardalik va lashkarboshilik bobida uning mo‘g‘ullarga daxli yo‘qligi, ular Bobur tabiatiga mos kelmasligiga “Boburnoma”da ko‘p misollar bor. Yuqoridagi bir qator dalillar uning mo‘g‘ullar harakatlaridan or qilishi, ularning urf-odatidan tortib, urush uslubi, turish-turmushi uning uchun begonaligini bildirganligini ko‘rdik. Bunday misollarni yana istagancha keltirish mumkin. Ular orqali Bobur o‘zining temuriy shahzodalarga bevosita daxldorligini yana bir karra isbotlaydi. Bobur ochiqdan-ochiq otasi turkiy qabilaga mansubligini, sharoit taqozosi bois Yunusxon avlodiga aralashganini alohida ta’kidlaydi.

Aslida onasining nasabi, Yunusxonning asli kelib chiqishi ham turkistonlik qipchoq beklariga mansubligini ochiq aytgan Bobur yana bir karra mo‘g‘ul qavmi unga begonaligini, u bor vujudi bilan temuriyzodalarga mansubligini bildirgan: “Yunusxonning onasi turkistonliq qipchoq beklaridan Temurbek rioyat qilg‘on Shayx Nuriddinbekning qizi yo nabirasi bo‘lur”.

Xullas, Zahiriddin Bobur shaxsiyati va nasl-nasabini mo‘g‘ullar qavmiga nisbatan berish ham ma’naviy, ham siyosiy jihatdan asossizdir. U butun umr davomida Amir Temur saltanatini tiklash uchun kurashdi. Temuriyzoda sifatida shu qavm shuhratini himoya etib, o‘ziga munosib, sharafli haykal qo‘ydi, qisqa, ammo barakali umrini Vatan manfaatlariga bag‘ishlab o‘tdi.

Hasan Qudratillayev,
filologiya fanlari doktori.

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 2-son