Hamidjon Homidiy. Sarkor

Men atoqli navoiyshunos Aziz Qayumov ijodini o‘rganib, uning tadqiqotlaridan fayz topib yuraman. Ustoz mening nomzodlik, doktorlik dissertatsiyalarimga opponentlik qilgan. Men Aziz Qayumov bilan dildan suhbatlashish, u kishining ijodiy jarayoni bilan oshno bo‘lishni juda-juda istar edim. Shukrkim, muallim bilan bir piyola choy ustida suhbatlashish nasib etdi.

– Dadam adabiyot muhibi edilar, – deydi Aziz Qayumov ajdodlari haqida so‘zlab. – Bobom Abduqayum Mirzo xattot bo‘lganlar. “Ajab us-salotin” asarida bu haqda qisman ma’lumot bor. U kishi ko‘chirgan ba’zi kitoblar toshbosmada nashr qilingan. Bobomning dadalari Abdurahim Mirzo Qo‘qon xoni saroyida kotib bo‘lgan. Bir tomondan, ana shu an’ana, ikkinchi tomondan esa, birinchi sinfdan o‘ninchi sinfgacha menga dars bergan o‘qituvchim Hamzaxon Abbosov (mashhur kinorejissyor Shuhrat Abbosovning amakisi) mening qalbimda adabiyotga zavq uyg‘otgan. U kishi mening dastlabki she’rlarimni Qo‘qon shahar gazetasida bostirgan. Men she’r, hikoya, hatto dramalar ham yozganman. Keyinchalik xonadonimizga tez-tez kelib yurgan taniqli shoir Charxiy domla mening she’rlarimni tahrir qilib, Farg‘ona viloyati gazetalarida e’lon qildilar. Mana bu misralar hamon yodimda:

Dilim mag‘rur o‘lkamning obodidan,
Yorug‘dir yo‘lim baxt bunyodidan.
Terib g‘uncha gullar ko‘ngil shodidan,
Ochildi bu ta’bim Vatan yodidan.
Xush ilhondur, xush ilhonlar.

Charxiy domla bilan u kishining umri oxirigacha ustoz-shogird edik. U kishi menga aruz qoidalarini o‘rgatgan, she’riyat nazariyasidan saboq bergan. Demak, badiiy-ilmiy ijodda mening dastlabki ustozlarim Hamzaxon Abbosov va Charxiydir.

Bir voqea mening oyoqqa turishimga, ijodda, hayotda balog‘atga yetishimga asosiy turtki bo‘lgan. Ikkinchi jahon urushining ayni qizg‘in paytlarida Fazliddin qori degan hofiz mehnat frontidan qaytdi. Charxiy domla uni o‘z himoyalariga olib, qo‘shiq qilish uchun she’rlaridan berardilar. 1944 yilda Qo‘qonga kelgan o‘sha davrning ziyoli va mas’ul kishilari ishtirokida shahar bog‘ida bo‘lib o‘tgan musiqali kechada Fazliddin qori Charxiy g‘azallariga bastalangan qo‘shiqlarni ijro etish asnosida mening she’rim asosidagi ashulani ham aytdi. Shu sabab Qo‘qon neft texnikumining ikkinchi kursida o‘qishimga qaramay, meni Toshkentga chaqirtirib olishdi. O‘rta Osiyo Davlat universitetiga o‘qishga kirdim.

Universitetning Sharq fakultetidagi o‘qishim davomida Yozuvchilar uyushmasidagi yig‘ilishlar, anjumanlarga qatnashib yurardim. Yoshlikdan yozuvchi bo‘lish niyatida yurgan menga – yosh yigitchaga davr olatasirlari, adabiyot ahli atrofida aylangan qora bulutlar qattiq ta’sir etdi.

Universitetni imtiyozli diplom bilan tugatgan Aziz Qayumov “Ismat Buxoriy ijodi” mavzusida diplom ishi yozgan. U butun faoliyatini qalbiga adabiyot mehrini jo qilgan Qo‘qon adabiy muhitini tadqiq etishga safarbar etdi. Natijada XVIII asr oxiri hamda XIX asr o‘rtalarida Qo‘qon xonligidagi madaniy, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy hayot, adabiy muhit mavzusi tadqiqi uning nomzodlik hamda doktorlik dissertatsiyalarining yuzaga kelishiga asos bo‘ldi. Ana shu uzluksiz izlanishlar keyinchalik “Qo‘qon adabiy muhiti” degan fundamental risolaning yuzaga kelishida poydevor vazifasini o‘tadi.

Shu sohadagi dastlabki yirik tadqiqot hisoblangan ushbu risolani yaratishda muallif, bir tomondan, o‘zigacha bo‘lgan sharqshunos, tarixshunos, elshunos olimlarning ilmiy tadqiqotlariga, ikkinchi tomondan esa, Fazliyning “Majmuai shoiron”, Qori Rahmatulloh Vozehning “Tuhfat ul-ahbob fi tazkirat ul-ashob”, “Tazkirat ush-shuaroi Hashmat”, Hakimxon To‘raning “Muntaxab ut-tavorix”, Imomali Qunduziyning “Tavorixi manzuma”, Mirzaolim Ho‘qandiy binni Mirzarahim Toshkandiyning “Ansob us-salotin va tavorixi xavoqin”, Mushrif Isfarangiyning “Shohnomai nusratpayom” singari ko‘plab o‘zbek va fors tillaridagi qo‘lyozma manbalarga tayangan. Ayni paytda ham tarixiy sharoit, ham adabiy jarayonni izchil yoritishda Po‘latxon domullo Qayumiyning “Qo‘qon tarixi va adabiyoti” dastxat asari, zamon shoirlarining bevosita badiiy ijodidan, devonidan ham bir manba sifatida istifoda etgan. Natijada keng qamrovli ijodkor XVIII asrning oxiridan XIX asr o‘rtalarigacha bo‘lgan davrdagi Qo‘qon xonligi hududidagi ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hayot, qo‘shni davlatlar bilan savdo-sotiq munosabatlari, davlat tuzilishi, idora usullari, yuqori va quyi davlat boshqaruv tizimlarini atroflicha tekshirgan, tahlil qilib, yaxlit, zarur ilmiy xulosalarga kelgan. Bu olimning XX asr o‘rtalaridagi dastlabki serqirra kashfiyoti edi. Tadqiqotchi o‘rganilayotgan davrda Qo‘qon xonligi hududida o‘ziga xos bir adabiy muhit paydo bo‘lganligi va uni Amirning o‘zi boshqarganligini uqtirar ekan, madaniy-adabiy hayotning barcha jabhalarini butun ziddiyatlari bilan izchil, o‘zaro mutanosiblikda o‘rganadi, juda ko‘p dalillarni ilk bor ilmiy iste’molga jalb etadi. Uch qismdan iborat mazkur risolada shoir Akmaldan tortib Mirzaolim Mushrifgacha bo‘lgan o‘ndan ziyod shoirlarning hayoti, faoliyati va ijodiy merosi ancha batafsil, tadrijiylikda tahlil qilingan. Kitobda davr adabiyotining janrlar tarkibi, mavzu doirasi, obrazlar silsilasi, yetakchi g‘oyaviy-badiiy xususiyatlari ham ilmiy-nazariy tahlil qilingan. Bu risola birinchi bor tadqiq doirasiga tortilganligi, ko‘p masalalar ilmiy jamoatchilik e’tiboriga muhim adabiy hodisa sifatida havola etilganligi bilan ham qadrlidir. Keyinchalik Ma’dan, Nodira, Uvaysiy, Hoziq kabi ijodkorlar haqida ustoz rahbarliklarida maxsus tadqiqotlar yozildi va doktorlik dissertatsiyalari yoqlandi, alohida monog­rafiyalar yaratildi.

Xullas, “Qo‘qon adabiy muhiti” kitobi o‘z vaqtida ilmiy va adabiy tilimizda katta hodisa, o‘zbek ilm-fanida faqat dastxat manbalar asosida yozilgan birinchi zalvorli tadqiqot bo‘ldi.

– Siz Qo‘qon adabiy muhitini har jihatdan mukammal o‘rganib, Hoziq, Maxmur, Nodiralar haqida birinchi bo‘lib alohida kitoblar ham yaratdingiz, asarlarini chop ettirdingiz. Lekin o‘tgan asrning 70-yillariga kelib Navoiy ijodini astoydil tadqiq etishga kirishib ketdingiz. Bu ma’naviy ehtiyojmidi yoki biron bir sabab bormidi?

– Kunlardan bir kun uyimga ukam, adabiyotshunos olim Lazizxon (Olloh uning oxiratini obod qilgan bo‘lsin) kirib keldi va suhbat orasida: “Nashriyot uchun “Buyuk kishilar hayoti” ruknida Alisher Navoiy haqida kitob yozib berishingiz kerak”, – dedi. “Bu taklifingiz ma’qul. Lekin nashriyotning o‘zi menga bu haqda murojaat qilishi kerak-ku”, – deb qo‘shib qo‘ydim.

Haqiqatan ham, ko‘p o‘tmay o‘sha nashriyotning bosh muharriri, taniqli shoir Barot Boyqobilov xonadonimga kelib, “Alisher Navoiy” nomli asar yozib berishni iltimos qildi. O‘sha kunlari men Sochiga istirohat uchun jo‘nash taraddudida edim. Bertels va boshqa olimlarning Navoiy haqidagi kitobini, 5 jildlik xrestomatiyaning 2-jildini o‘zim bilan olib ketdim. Bu orada ayrim masalalar bo‘yicha maslahat so‘rab navoiyshunos Suyuma G‘aniyevaga murojaat ham qildim. Ustozlarning tadqiqotlari, shoir asarlarining aslini ko‘plab mutolaa qilish jarayonida “Alisher Navoiy” nomli kitob yuzaga keldi. Nazarimda ilmiy-publitsistik, badiiy mohiyatdagi bu asar keng kitobxonlar tomonidan iliq kutib olindi.

Ana shu jarayonda menda Navoiy ijodiy merosini yangidan mukammal o‘rganib, kengroq jiddiy tahlil qilish ehtiyoji sezildi. Nazarimda Navoiy ijodi asoslarning asosiday tuyulaveradi menga. Uning asarlarida tasvirlanmagan, aks etmagan biron bir mavzu, hayotiy masala qolmaganday. Natijada “Xamsa” dostonlarini qayta boshdan sinchik­lab o‘qib-o‘rganib chiqdim. Muallif ijodiy niyatining har bir dostondagi botiniy jihatlarini ilg‘ashga intildim, ko‘p mushohadalar yuritdim. Oxir-oqibatda besh dostonga bag‘ishlangan maxsus ilmiy-ommabop risolalar vujudga keldi. Mening Navoiy merosiga yuz burishimda O‘zbekiston xalq shoiri Barot Boyqobilovning o‘rni katta. Shuning uchun ham bu shoir ijodini alohida ardoqlayman. Hatto uning asarlarini alohida tahlil qilgim ham keladi. Nazarimda uning ijodi alohida monografik tizimda tadqiq etishga arziydi.

Darhaqiqat, “Xamsa”ga bag‘ishlangan risolalarida Aziz Qayumov har bir doston, ular tarkibidagi hamd va na’tlar, hikoyalarning ancha batafsil, izchil talqin va tahlillarini yaratishga muvaffaq bo‘lgan. Mazkur kitoblarni mutolaa qilgan o‘quvchi buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy dostonlarining ko‘p qirrali tub mohiyatini tushunib yetadi, uning san’atkorlik sehri bilan oshno bo‘ladi. Navoiy ijodiga bo‘lgan ana shu mehr, dilbastalik “Lison ut-tayr” dostoni, nasriy asarlari haqida ko‘plab tadqiqotlar yaratishga sabab bo‘ldi. Akademik Aziz Qayumov bir qancha navoiyshunoslarga ham rahbarlik qilib kelmoqda. Bundan tashqari, ustoz Navoiy asarlarini rus tiliga tarjima qilish va rusiyzabon o‘quvchilar orasida targ‘ib etishga ham katta ulush qo‘shib kelmoqda.

– Aslida badiiy, ilmiy ijod uyqu hisobiga, ko‘p holatlarda sog‘lik hisobiga bajariladi, – deydi ustoz. – Ijod uchun tom ma’nodagi shart-sharoit hamma uchun ham hamisha muhayyo bo‘lavermaydi. Insonda ijod dardi bo‘lmog‘i lozim.

Men ustozning idoralarida, shuningdek, ijodxonalarida bo‘lganimda buning shohidi bo‘lganman. U kishi hamisha Navoiy ijodi bo‘yicha nimadir yozayotgan, shoir asarlarining o‘zga tillarga tarjimasi ustida bosh qotirayotgan, G‘afur G‘ulom, Oybek singari adiblarning ijod sehri xususida mushohada yuritayotgan, ko‘p hollarda esa, ustoz adabiyot tarixining muhim muammolariga doir yoki hozirgi adabiy jarayonning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan ilmiy risolalarni tahrir qilayotgan, o‘qiyotgan bo‘ladi.

Ana shunday! Akademik Aziz Qayumov adabiyotshunosligimizning har bir jabhasida sarkor bo‘lib kelmoqda. U kishining rahbarligida yigirmadan ziyod yoshlar mumtoz adabiyotimizning dolzarb masalalari, matnshunoslik, hozirgi adabiy jarayonga doir masalalar bo‘yicha doktorlik, nomzodlik dissertatsiyalarini himoya qilganlar. Domlaning bag‘ri kengligi-yu zahmatkashligi, barchaga birday mehribonligi-yu o‘ta mehnatsevarligi o‘ziga xos ibratdir. U kishining asarlari hamisha yoshlarni sabot va matonatli bo‘lishga, samimiylikka, mehribonlikka va adolatpeshalikka undayveradi.

Keyingi yillarda ustoz ijodiy ishlar bilan yanada jiddiy shug‘ullanmoqda. U bisotidagi ilmiy va badiiy asarlarni yig‘ib bir necha jildlik mukammal nashr tayyorladi. “Mumtoz so‘z” nashriyoti ulardan 10 jildini chop etdi.

Ustozning dalolatlari va qo‘llab-quvvatlashlari tufayli Nizomiy “Xamsa”si o‘zbek tiliga to‘la tarjima qilindi. O‘zi “Panj ganj”ning har bir dostoni haqida maxsus risola yaratdi. Bu tadqiqotning qimmati shundaki, uni o‘qigan kitobxon Nizomiy Ganjaviyning hayoti, ijodiy merosi, san’atkorlik mahorati haqida yaxlit mukammal tasavvurga ega bo‘ladi, shoir dostonlarining tub mohiyatini tugal anglab yetadi.

Bundan tashqari, ushbu risolada Sharq xamsanavisligining asl manbalari, Nizomiy dahosining umumbashariy ahamiyati, Sanoiyning “Daqiqat- ul hayot” masnaviysi, Attorning “Ilohiynoma”si bo‘yicha ham teran, mutlaqo yangi fikr-mulohazalar ilmiy asoslangan holda izhor etilgan.

Olim X-XII asrlarda Huroson va Movarounnahr xalqlari adabiyotining jahoniy shuhrati, turkiy va forsiy tillardagi she’riyatning mushtarak jihatlari xususida to‘lqinlanib gapirdi, istiqboldagi ish rejalari, iqtidorli navoiyshunoslarning tadqiqot ishlari haqida ijobiy fikr­lar bildirdi.

– Nizomiy dahosi bo‘sh yerda paydo bo‘lmagan, – deydi atoqli olim. – Bu davrga kelib fors adabiyoti jahondagi eng peshqadam adabiyot darajasiga yetgan edi, ko‘plab ishqiy-sarguzasht, ijtimoiy-falsafiy, axloqiy-ta’limiy asarlar vujudga kelgandi. Abulqosim Firdavsiy, Faxriddin Gurgoniy, Hakim Sanoiyning dostonlari yaratilgan edi. Ana shu xamsanavislik ildizlarini qidirish-o‘rganish jarayonida “G‘azna adabiy muhiti” degan risola ham insho etildi. Nazarimda bu masala hali jiddiy tadqiqotlarni talab qiladi. Bizning bu boradagi mulohazalarimiz dastlabki kuzatishlar sifatida qabul qilinmog‘i lozim. Sizlarga ko‘pdan beri qalbimda asrab kelayotgan istaklarimni niyati xayr sifatida izhor etmoqchiman: poytaxtimizda buyuk o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy muzeyi bo‘lishini chin qalbimdan istardim.

Nazarimda istiqlol sharofati bilan O‘rta asr turkiy va forsiy adabiyotni bir-biridan ajratmay yaxlit o‘rganib, fundamental tadqiqotlar yaratish uchun barcha shart-sharoit muhayyo bo‘ldi.

Biz endi yanada g‘ayrat bilan ishlashimiz kerak. Ajdodlarimiz bizga qoldirgan meros – bebaho. Biz shu merosning munosib egalari bo‘lmog‘imiz kerak.

Sharq yulduzi jurnali, 2015 yil, 4-son

Hamidjon Homidiy. Filologiya fanlari doktori, professor. 1935 yilda tug‘ilgan. Toshkent davlat pedagogika institutining (hozirgi TDPU) tarix-filologiya fakultetini tamomlagan. “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan. Olimning “Tasavvuf allomalari”, ”Avesto” fayzlari”, “Firdavsiy va o‘zbek adabiyoti” kabi o‘ttizdan ziyod kitoblari chop etilgan.